— Sizni qattiqqo‘l, irodali yozuvchi deyishadi... shu to‘g‘rimi?
— To‘g‘rirog‘i, shunday bo‘lgim keladi.
— Kimnidir sevganmisiz, undan ayrilganmisiz... Kuyganmisiz?
— Ha..
— O’n sakkizga kirganlarga bir gap ayting...
«Saodat» redaktsiyasida bo‘lgan gap.
* * *
Eshik ochilib, rangpar juvon bosh sukdi.
— Mumkinmi?
— Marhamat, — dedim.
U xonaga kira solib, divan yonidagi kursiga o‘tira qoldi. Pardoz-andozning ham fahmiga yetmasligi ko‘rinib turar edi.
— Kechirasiz, vaqtingizni olaman. Said Ahmad akaga keluvdim, yo‘q ekanlar...
— Qulog‘im sizda, — dedim.
— Shukur aka, mening boshimga bir kulfat tushgan. Uni siz — yozuvchilar tushunmasangiz, boshqa birov tushunmaydi. Birovga aytmayman ham.
...Do‘konda ishlardim, laryokda. Bir yigit «Volga»da kelib tushardi-da, yuz so‘m tashlab, bitta «TU» olib ketardi. Qaytimini so‘ramasdi. O’shanda sigaret qirq so‘m... Men ham unga: «Qaytimini oling», demasdim.
U kelganda, o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim.
Kelishgan yigit edi. Kamgap. Faqat salom berardi-yu, sigaretni olgandan keyin bitta uh tortar edi.
Bir kuni yo‘lni yoqalab ketayotsam, orqamdan kelib to‘xtadi; moshinasini to‘xtatib, eshikni ochdi.
— Kiring, uyingizga oborib qo‘yaman, — dedi.
Ichkariga qanday kirib o‘tirganimni bilmayman. Ketdik.
— YO aylantiraymi? Daryoni tomosha qilasizmi? — deb qoldi.
— Mayli, — dedim.
Undan ajralgim yo‘q, hushim ham o‘zimda yo‘q edi.
Bir turong‘i tagiga borib tushdik. Bagajida ikkita yengil kreslo bor ekan, chiqarib qo‘ydi. Tag‘in — kichkina stol. Birpasda stolning ustini to‘ldirdi: yaxna et, konyak, limon, non — hamma narsa bor.
— Hozirligingizni ko‘rib chiqqan ekansiz-da? — dedim.
— Ha, — dedi u.
— Men kelmasligim mumkin edi-ku?
— Kelardingiz.
— Nega endi?
— Men ishonardim.
— Siz haq, — dedim. — Nega shunday bo‘ldi, a?
— Bilmayman.
Ichdik.
Ilgari ichgan bo‘lsam, pivo ichgandirman... Boshim aylanib, yig‘lay boshladim.
— Men sizni yaxshi ko‘raman.
— Bilaman, — dedi u.
— Siz-chi?
— Nimaga uh tortaman bo‘lmasam?
Men uning bo‘yniga osilib olganimni bilmay qoldim.
U meni quchdi.
Men erib ketdim...
...Shundan keyin bu turong‘i osti — bizning uchrashadigan-o‘tiradigan joyimiz bo‘lib qoldi.
U uylangan, ikkita bolasi bor ekan — ochiq aytdi.
— Lekin sizni yaxshi ko‘raman, — dedi.
Men nima deyin? Yana ko‘zyoshi qildim.
— Siz bilan uchrashish, sizni ko‘rish — men uchun baxt, — dedi u. — Men faqat shuning uchungina sizning do‘koningizga kirardim.
— Men sezardim, — dedim.
— Sizdan ayrilish — men uchun fojea.
— Men uchun ham.
Men unga o‘rganib qoldim: onamni, akamni aldash ham menga zavq berardi. «Tezroq tong otsa, tezroq laryokka borsam», der edim tunlari.
Shunday qilib, bir yil yurdik.
Uyimizga sovchilar kela boshladi. Ilgariyam kep turardi-yu, endi ko‘payib ketdi: axir, o‘n sakkizga chiqdim.
Siz hozir mening basharamga qarab, rahmingiz kelar...
O’shanda oqim oqqa, qizilim qizilga ayrilib, bi-ir ko‘hli bo‘lib ketgan edim.
Ko‘zguga qarab bilardim.
Endi o‘ylasam, o‘shandagi uchrashuvlar zavqi...
...odamning husnini ochib yuborarkan.
Bundan tashqari, har kuni yangi kiyim kiyishga harakat qilardim. Opamdan qolgan ko‘ylaklar bormi, onamning shol ro‘moli bormi...
Lekin bizning oilamiz o‘rtahol edi. Otam suvchilikda revmatizmga yo‘liqib, shuning zahmida ketgan, opam tserroz pechen...
Qisqasi, sovchilarning biriga akam rozilik beripti.
Men yig‘ladim.
— Pul yig‘ay, o‘qiyman. Teatr institutiga kiraman, — dedim.
— Kerak bo‘lsa, ering o‘qitib oladi, — dedi akam.
Yigit bilan uchrashdim.
— Na chora, — dedi u. — Ular haq...
— Axir, men sizni yaxshi ko‘raman-ku?
— Men ham...
— Lekin keyin ham... xohlasangiz, uchrashib turamiz.
— Yo‘q-yo‘q! — dedim. — Akam bilsa, o‘ldiradi.
— Akangiz shundoq ham sezganga o‘xshaydi...
— E, xudo!
U birdan uh tortib yubordi-da:
— Menga rahmingiz kelsin, bolalarimgayam, — dedi. — Ularni yetim qil... desangiz, hoziroq xotinimni qo‘yvoraman!
— Yo‘q, — dedim.
Meniyam yig‘lagim kelyapti.
Men uni quchoqlab oldim: ikki baxtsiz shunday o‘tirib, ajraldik.
...Erim bilan olti oycha yashadim. Baxtimga qobil, mo‘min chiqdi. U hatto, kechirasiz, mening ilgari... erkak bilan bo‘lganimniyam sezmaganday edi.
Lekin ko‘nglim baribir anavuni qo‘msardi...
Bu vaqtda laryokni tashlab, yaqinimizdagi klubda havaskorlar to‘garagida ishlardim: qizchalarga o‘yin o‘rgatardim.
Bir kuni sahnada o‘ynab ko‘rsatayotsam, zalda tanish birov ko‘rindi. Biz mashq qilayotganda, qorovul ham, kutubxonaga kelganlar ham zalga kirib o‘tirishardi.
Diqqat qilib qarasam...
...o‘sha.
Chiroqlarni yoqdim.
Ana shundan keyin nima ish qilganimni bilmayman: ansamblga aytib, dilxirojni chaldirdimmi, tanovarnimi —esimda yo‘q; shunday o‘ynabmanki, shogirdlarim o‘rganish o‘rniga tomosha qilishibdi.
Zalda chapak.
Nazarimda, bu raqsda hamma narsa bor edi: sog‘inch, o‘kinch, g‘am, alam...
Men o‘yin bilan Unga hasrat qilgan bo‘lishim kerak.
... Mashg‘ulot tugadi.
Tashqariga chiqsam, u «Volga»sida o‘tiribdi. Eshigi ochiq.
Yolg‘on aytsam, tepamda Xudo bor! Hech narsani ko‘rmay, sezmay borib...
...moshinaga kirib o‘tirdim.
Ketdik.
— Kelishimni bilarmidingiz?
— Ha, — dedi u.
— Men qiynalib ketdim.
— Men ham.
— Bolalaringiz tinchmi?
— Ularni eslatmang, qiynamang meni, — dedi u uh tortib.
Men unga suyanib qoldim.
U aqlli edi, katta bir qurilish tashkilotining boshlig‘i edi.
Ammo u ham mening ahvolimda edi.
Shunday qilib, sirimiz oshkor bo‘lib qoldi. Erim uydan chiqib ketdi.
Bir kuni men ham uyimizga qaytib bordim. Onam xo‘p yig‘ladi, akam ichib kelib, butun idish-tovoqlarni urib sindirdi.
Endi klubgayam bormay qo‘ydim.
...Xullas, o‘tgan kuni ayraportga chiqdim. «Boshim oqqan tomonga ketaman, — deb o‘yladim. — Toshkentga borsam, teatr institutini topaman, farroshlik qilaman...»
Ishonasizmi, marshrutlar yozilgan jadvalni ko‘zdan kechirib tursam, birov tirsagimdan ushladi...
...O’sha!
Yiqilib tushishimga sal qoldi.
— Yo‘l bo‘lsin? — dedi u.
Men yelkamni qisdim.
— Aylantirib kelaymi? Toshkentni tomosha qilasizmi?
— Ha..
Toshkentga keldik.
Shuni aytishim kerakki, qo‘nalg‘aga tushishimiz bilan u tijorat do‘koniga boshladi meni. Etik, plash olib berdi.
— Anavu xonaga kirib, kiyib chiqing, — dedi.
Kiyinib, bir boshqacha bo‘lib chiqdim.
— Bu — katta shahar. Odamlar bizga qarashadi. Mening tanish-bilishlarim ko‘p...
— Sizga munosib bo‘lib yurishga harakat qilaman, — dedim.
«O’zbekiston» mehmonxonasiga keldik. He, bu davdaska, bu chet elliklar... Bu deng, bashang kiyingan ayollaru erkaklar...
Men boshqa bir dunyoga tushib qoldim.
...Qisqasi, nomerga chiqdik. Uch xonali ekan. Shunaqa mebellarki, qarab turib to‘ymaysan! Qulayligini aytmaysizmi! Hatto oyoqni yuvadigan maxsus tosi ham bor ekan.
U kimgadir telefon qildi, o‘rischalab gaplashdi.
Sal o‘tmay bir apisanka aravachani g‘ildiratib kirdi, unda hamma narsa bor edi.
Bir nafasda «ochil dasturxon» ochilganday bo‘ldi.
— Sevgimiz uchun, — dedi u.
— Ha, — dedim. Ichdik.
Bir mahal deng, telefon o‘z-o‘zidan jiringlab ketdi. U dastakni olib eshitdi. Keyin: «Ya ijdu...» dedi.
— Kim u? — deb so‘radim. — Kelganingizni qanday bilishdi?
— Bilishardi.
So‘ng u bosib-bosib konyakdan quya boshladi. Men ham yutoqqan tuyaday ichaveribman.
Bir vaqt qarasam, boshqa xonada yotibman. Derazadan shahar chiroqlari ko‘rinayapti.
Qo‘shni xonada — zalda bo‘lsa — muzika, o‘yin-kulgi.
Bari o‘rischa.
«Nima qilay? — deb o‘yladim. — U yoqqa chiqsam...
...tanishlari ko‘rsa...
Uyat bo‘ladi-ku?»
Yotaverdim.
Bir zamon O’zi eshikni ochib kirdi: qulflab qo‘yganini shunda bildim.
— Uh, men sizni juda sevaman, — dedi.
— Men ham, — dedim.
— Xohlasangiz, ularning oldiga boshlab chiqaman. Ammo adresimga yaxshi gap bo‘lmaydi...
— Albatta, — dedim.
Yana uxlab qopman.
Uyg‘onsam, tong otgan: derazalar orti yorug‘, trolleybuslar yurayapti.
Bu xonadan, kechirasiz, haligi xonaga chiqsa bo‘larkan. Chiqib yuvindim.
Zal eshigi qiya ochiq ekan, qarasam...
... U divanda yotibdi: yonida ayol.
Dod deb yuborishimga oz qoldi.
Ammo o‘zimni tutdim: «Nima haqqim bor?.. O’z xotini bilan ham yotib turadi-ku?..» deb o‘yladim-da, xonaga kirib o‘tirdim.
O’tiribman. Och qoldim.
Bir palla uyg‘onishdi. Kulishib-kulishib yuvinishdi. Ichishdi. Keyin ayol ketdi chamasi, u eshikni ochib kirdi.
— Kechirasiz, — dedi. — Ochiqib qolgan bo‘lsangiz kerak. Marhamat.
Chiqsam, stol usti bir balo... Sigaret qoldiqlari, idish siniqlari...
— Siz meni unutdingiz-ku? — dedim.
— Yo‘q, — dedi u. — Har dam xayolim sizda bo‘ldi. Ammo...
— Anavuning quchog‘idan chiqolmadingiz?
— Ko‘ribsiz-da?
— Yuvinayotib ko‘zim tushdi.
— A-a.
— Mengayam jindak quying endi, — dedim.
— Jonim bilan! — So‘ng qadahni olib: — Siz uchun, — dedi.
— Siz uchun, — dedim.
Keyin tag‘in yig‘lab yuboribman. U meni ovutdi, erkaladi.
— Shunday bo‘p qoldi... Yordami tegib turadi... — Keyin yalinishga tushdi: — Meni ayang... Bunaqa bo‘lishini sira o‘ylamovdim...
Men Unga ishondim-u...
...endi bu xonadan ham chiqib, boshim oqqan tomonga ketgim kelib qoldi.
U sigaret uchun restoranga tushib ketganida, men ham o‘zimning eski kiyimlarimni kiyib, yo‘lakka chiqdim.
Zinalardan tushib ketdim.
Tashqarida qor...
* * *
— Gap shu, — dedi juvon. — Men endi nima qilay? Undan ajralishim mushkul.
— Shunaqa qilib yuravering, — dedim.
— Qiziqmisiz!
— Nima deyin bo‘lmasa?
— Siz yozuvchi-ku?
— Xo‘sh?
— Yozuvchi sifatida bizga qanday baho berasiz?
— Yozuvchi baho bermaydi.
— Xo‘p, odam sifatida baho bera olarsiz?
— Ha, — dedim. — Siz haqingizda gapirmayman. — Biroq U — g‘irt ablah ekan.
— Nima-a?
— Shayton ekan.
Juvon o‘rnidan sapchib turdi.
— O’zingiz ablah, o‘zingiz shayton, — dedi-da, eshikdan chiqib ketdi.
Shukur Xolmirzayev. «Uh» (hikoya)
1993