Rassom Qo‘ziboyning nazarida, olamdagi insonlarning hammasi ham yaxshi, pok va samimiydir, lekin... ularning orasida qandaydir odambashara yosumanlar borki, shular buzg‘unchilik qiladi: kishilar orasiga nifoq soladi, aloqalarini uzadi, g‘iybatchilik qiladilar va o‘zlari bu qiliqlaridan xursand bo‘lib yuradilar. Qo‘ziboy sodda edi; yoshi o‘ttizdan o‘tgan bo‘lsa ham, uzog‘i yili Leningrad rassomchilik akademiyasini bitirib keldi. Urush yillarida ota-onasidan ayrilib, yetim bolalar uyida tarbiya topdi, u yerda shaytonga chap bergan muttaham bilan ham, yotoqdagi choyshabu odeyallarni o‘g‘irlab, xufiya pullaydigan o‘g‘ri bilan ham, kechasi el yotgach, devor osha hamsoyalarning chorbog‘iga tushib, o‘rada sabzisi bormi, qazilmay qolgan kartoshkasi bormi — kanop qopda orqalab chiqib, bankning qorovuliga sotadigan yaramas bilan ham hamtovoq bo‘lishiga qaramay, o‘zining bolalarcha sodlaligi va ko‘ngilchanligi saqlanib qolgan yigit edi. Ana shuning uchun u odamlarning fe’l-atvorlari har xil bo‘lishini ham, nihoyat, kishilar orasiga nifoq soluvchi «yosuman»lardan biri — ular mavqeidagi farq, yashash sharoitidagi farq ekanini ham tushunmas edi.
Rassomlar soyuzidan kech chiqqan Qo‘ziboy yo‘lda havaskor rassom do‘stini uchratib, uning mashqlarini ko‘rgani uyiga kirdi; do‘stinikidan soat o‘n birlarda chikdi. U kam ichar edi, shu sababli bir stakan «oq stolovoy» ham ta’sir qildi, piyoda yo‘lga tutttdi. Ikki xonali kvartirasiga yetib kelgunicha allavaqt bo‘lib qoldi. Qo‘ng‘iroqni bosdi. Xotini Afruza eshikni ochdiyu, yosh qizlarday quvonch bilan:
— Suyunchi berasiz! To‘xtang! — dedi.
Qo‘ziboy gangib, zal tomonga alang-jalang qaradd u yerda hech kimni ko‘rmay, xotinini o‘pmoqchi bo‘ldi. Afruza tislanib:
— Voy, uyat bo‘ladi! — dedi.
Qo‘ziboy eshikni yopdi-yu, uning orqasida bekinib turgan yoshlik do‘sti Xudoyorni ko‘rdi.
— Xudoyor?! E-e! Xudoyor! — u poyafzallarga qoqilib, barvasta, girdig‘undan kelgan do‘stini quchoqlay ketdi. Ko‘tarib, yerga qo‘ydi. Aftiga tikilib, yana: — Xudoyor! Bu senmisan, do‘stim! — dedi.
Xudoyor miyig‘ida iljayib turardi.
Zalga o‘tdilar. Qo‘ziboy u yerda ham bir kishini uchratdi: u do‘stining o‘zidek jussador xotini Norbibi edi.
— E, Norbibi! Keling, kelin! Salom! — dedi u quvonchdan baqirib.
O’tirib so‘rashdilar. Qo‘ziboy sevinchdan entika-entika mehmonlarning hol-ahvolini so‘radi. Xudoyor xotini o‘tirgan divan chetidan joy olib, charchagan kishidek stol qirrasiga o‘mgagini tirab oldi:
— Mana, — dedi o‘zini o‘nglab Xudoyor. — Uyinggayam kep qoldik! Norbibi qo‘yarda-qo‘ymay shaharga oboring, jo‘rangizning uyini bir ko‘ray, dedi, olib keldim. Hozir otpuskadaman.
— Do‘stim, qachon keldilaring! Hozirmi?
— Ha, hozir poezddan tushdigu to‘g‘ri bu yoqqa kelaverdik.
— Juda yaxshi bo‘pti-da, boshimiz osmonga yetdi! Afruz, Afruza, qaerdasan? — Qo‘ziboy oshxona yoqqa qarab, gazning big‘illab yonayotganini eshitdi. — Ha, choy qo‘yyapti! — dedi va stolga ko‘z tashlab, unda bir pachka shokoladdan bo‘lak narsani ko‘rmadi: noqulay o‘tirib qolgandek qimirlab, qoshlarini chimirdi, sekin o‘rnidan turdi: axir, o‘zi xotini bilan qishloqqa borib, Xudoyorlarning uyiga kirib qolgudek bo‘lsa, dasturxonlari shunaqa bo‘larmidi?! — Hozir, hozir! — deya u shoshib oshxonaga o‘tdi. — Afruz, Afruz... hm, bu qanday bo‘ldi endi?
Choynakka quruq choy solayotgan xotini unga kulimsirab qaradi:
— Nima, nima bo‘ldi?
— Hm, — Qo‘ziboy cho‘ntaklariga qo‘lini tiqib, turgan yerida bir aylandi, tomog‘ini qirib, o‘qraydi: — Bu, stolda hech vaqo yo‘q-ku? Nima qildik endi?
— Nima qilardik, hech narsa, — dedi xotini tushunmay.
— Yo‘q, yo‘q, axir... o‘zing bilasan-ku, biz borganda, ular qo‘ygani joy topisholmasdi, bor narsalarni oldimizga to‘kib tashlardi.
Afruza bir oz o‘yladi-da, siniq kuldi:
— Nima qipti, ularda bor, bizda yo‘q, bo‘lganda qo‘yardik.
Qo‘ziboy boshini orqaga qildi:
— Gaping to‘g‘ri! — dedi ta’kidlab. — Ularda bor, bizda esa yo‘q. Afruza, aqllisan-da! Shunga aqlim yetmay, hayron bo‘lib turgan edim.
Afruza choyni damlab, gazga qo‘ydi. Qo‘ziboy ildam odimlab zalga qaytdi-da, yana chikdi:
— Afruza, — deya shivirlab uning yoniga keldi: — Non ham yo‘qmi?
— Nonning suvi qochib qolgan ekan, — dedi Afruza. — Qo‘shnining moliga berib chiqqan edim. O’zlari ham kech kelishdi, hozir magazinlar berk.
— Ha, — Qo‘ziboy shunday deb qishloqqa borib qolgan vaqtlarida bularning uyiga qachon kirmasin, hatto tongotar mahalda ham yo‘qni yo‘ndirishlarini esladi: — Hm, lekin... bulardan uyatga qoldik-da!
— Nega unday deysiz, axir o‘zingizning jo‘rangiz-ku! — dedi Afruza. — Men ulardan so‘radim, qornimiz to‘q, restoranda ovqatlandik deyishdi o‘zlari.
— O, restoranda! — Qo‘ziboy qotib kuldi, yana zalga o‘tdi. — Xush kelibsan, do‘stim. Xudoyor, kelinjon! Mana bu boshqa gap! Lekin, Xudoyor, men seni tanqid qilishim kerak, senda feodallik bor, ha, bo‘yningga ol! Kelinni hech qachon birga olib yurmagansan.
— Mana, endi boshladik-da, — dedi Xudoyor.
Norbibi xuddi eridek horg‘in ko‘rinar, uyning faqir jihozlariga o‘ychan qarar, shokolad pachkasini barmog‘ida turtib-turtib qo‘yardi.
Afruza choy keltirgach, Qo‘ziboy uni piyolalarga qo‘yib, mehmonlarga uzatdi:
— Marhamat! Marhamat! E, sizlarni qarang-a! — O’ o‘ylanib, Xudoyordan so‘radi: — Xudoy, qorin qalay? Afruza aytdi, to‘q emish. Sizniki-chi, kelin, to‘qmi?
— Xudoga shukur, to‘q! — dedi Norbibi va Qo‘ziboy kelinning so‘z tarzida qandaydir bepisandlik va kishini tahqirlovchi ohangni uqdi.
— Yo‘q, yo‘q! — deya irg‘ib o‘rnidan turib ketdi:
— Yo‘q, bekorginani aytibsizlar! E, Afruza, shularni gapiga ishondingmi? Axir... Ha-ha-ha! Axir, poezdda restoran qachon bekiladi? Bular yolg‘on gapirishyapti!
Qo‘ziboy oshxonaga chikdi. Orqasidan kelgan Afruzaning bilagidan ushladi: — Pul bormi?
— Hozir nima topila qoladi? — dedi Afruza.
Qo‘ziboy o‘ylanib qoldi:
— To‘g‘ri! — dedi. — Lekin... Biron narsa qilish kerak-da!
— Bir quti chuchvara bor, shuni qaynataymi?
— O, yaxshi, yaxshi! Juda aqlli xotinsan-da, Afruzam! Bitta o‘pay!
— Unday bo‘lsa, siz... biron shisha aroq topib keling!
Qo‘ziboyning ko‘zlari charaqlab ochilib ketdi:
— Qoyil! Axir, bular aroqsiz o‘tiradimi?!
Qo‘ziboy koridorga chiqqanda, ortidan Xudoyor yetib keldi:
— Qaerga ketyapsan?
Qo‘ziboy endi o‘z axdidan mamnun bo‘lib:
— Yo‘q-yo‘q! — dedi, — sizlar mehmon!.. O’tiraturinglar, hozir, darvoqe, mehmonning ixtiyori mezbonda!
Xudoyor ichkariga qaytdi, xotiniga ma’nodor tikilib qo‘ydi. Afruza choynakni Xudoyorning oldiga surib, oshxonaga chiqdi, u kuymalanib, taqir-tuqir qilar ekan, Xudoyor xo‘rsinib manglayini siladi. Norbibi bo‘lsa, eriga qattiq tikilib turdi-da, piqillab kula boshladi.
— Nimaga kulasan? — dedi Xudoyor do‘q qilib.
Norbibi yana qattiqroq kuldi.
— Ha, endi... bular mehmon kutib o‘rganishmagan-da, — dedi Xudoyor. — Shaharlik...
— Shaharlik, — Norbibi xaxolab yubordi, so‘ng boshini egib: — Sho‘rim qursin! — dedi. — Hoy, meni shu niyatda bu yoqqa op keldingizmi? Ochdan o‘ldirasizmi meni? Yo‘lga chiqayotganda shunaqa bo‘lishini aytmaysizmiki, yegiligimni olib kelardim.
— Bo‘ldi! — Xudoyor esnab, to‘ng‘illadi: — Restoranda ovqatlanding-ku?
— Restoran emish, — dedi Norbibi. — Tirnoqcha go‘sht bilan ikki dona kartoshka ham ovqat bo‘ptimi. — U yana uyni ko‘zdan kechirib, kuldi.
Xudoyor unga do‘q urmoqchi bo‘lib, ilkis qaradi-da:
— Bas, ovozingni o‘chir, — dedi. — Ertalab ketamiz!
Afruza mehmonlardan yana xabar oldi... Bu vaqtda Qo‘ziboy past ko‘chada mashina kutib turardi. Bir taksi kelib to‘xtadi. Qo‘ziboy mashinaga o‘tirib, shoferga iltijo qildi:
— Do‘stim, menga yarimta aroq kerak bo‘lib qoldi... uyga aziz mehmon kep qoldi. Tushunasiz-ku? — dedi.
Shofyor aroq sotadigan cholning yoniga oborib qo‘yishini aytdi.
— Lekin qaytib kelmayman, zakaz bilan ketyapman, — dedi shofer.
Qo‘ziboy shunga ham xursand bo‘ldi.
Uyda mehmonlarning suhbati davom etardi:
— Boshqa yerdayam uylari bormi bularning? Yo shumi?
— Bilmadim, — dedi Xudoyor. — Har holda bo‘lsa kerak. Shaharliklarning hovlisiyam, kvartirasiyam bo‘ladi.
Norbibi bosh irg‘ab qo‘ydi.
Chuchvarani qozonga solgan Afruza qaytib kirdi.
— Afruzaxon, — dedi Norbibi. — Ertaga uchastkalaringizgayam olib borasizlarmi? Yo qishloqqa shu yerdan ketaveramizmi?
Afruza tushunmadi:
— Qanaqa uchastka? — dedi va kuldi. — Uchastkaga deysizmi? Uchastkamiz yo‘q. Uchastkani nima qilamiz? Bu yer yaxshi!
Er-xotin zimdan bir-birlariga qarashdi.
— Shu-shu, — deya chaynaldi Norbibi. — Bor bisotlaring shumi?
— Ha, shu! — dedi Afruza. — Bo‘ladi-da!
— Uff...
Qo‘ziboy keldi. U Xudoyorni majbur qilib, bir-ikki piyola ichirdi, o‘zi ham ichdi... Norbibi yana o‘zini tuta olmadi:
— Qo‘ziboy aka, mashinaga pul yig‘yapsizlarmi deyman?
— Mashinaga?! — Qo‘ziboy kulib yubordi. — Mashinaga hojat yo‘q. Ana, ko‘chada tramvay, trolleybus bor, bo‘ladi-da. Mashina sizlarga kerak. Olsalaring bo‘ladi...
Norbibi rangi o‘zgarib choydan ho‘pladi. O’ringa yotishgach, eriga:
— O’lguday xasis ekan-ku bular! — dedi.
— Bilmadim, — dedi Xudoyor.
Ular suyanchig‘i yozib qo‘yilgan divanda yotishar edi.
— Ertalab gum bo‘lamiz bu yerdan! — dedi Norbibi. — Endi bildim! Qani, bular qishloqqa borgach, uyga oborib ko‘ring-chi, o‘zim bilaman! Qo‘ying-e, odamgarchilik ham shu bo‘ptimi. Bular borganda, o‘zimni qo‘yishga joy topolmasdim!.. Bularning esa parvoyiga
kelmaydi-ya?
Ertalab mehmonlarni Qo‘ziboy uyg‘otdi-da, shoshib:
— Yuringlar, masterskoyga kiramiz, — dedi.
Hozir oftob chiqib turibdi. Rasmlar yaxshi ko‘rinadi.
Er-xotinga mezbonning bu «odobsizligi» yoqmmadi. Ular eran-qaran o‘rinlaridan turishdi. Yuvindilar. Qo‘ziboy ularni ustaxonaga olib kirdi.
Mehmonlar ichkariga qadam bosishlari bilan bo‘yoqlar hidi dimoqlariga urildi, bu yerdan tezroq chiqib ketish niyatida, ostonada to‘xtashdi.
Qo‘ziboy har xil ramkadagi rasmlarni o‘ngladi, so‘ng har biriga izoh berib:
— Birinchi taassurot qalay! — dedi.
Xudoyor ham, Norbibi ham bu rasmlarda o‘z qishloqlari, uning manzaralari va odamlarini yaqqol ko‘rishdi. So‘ng rassomdan bularning narxini so‘rashdi. Qo‘ziboy gangib qoldi, dudmal javob berdi. Qaytib chiqdilar.
— Endi ketamiz! — dedi Xudoyor. — Bozorda ishimiz bor, keyin qishloqqa qaytamiz.
— Muncha tez?! — dedi Qo‘ziboy. — Shaharda qurilish ko‘p, ko‘rish kerak.
— Yangi muzey, kinoteatr! — qo‘shimcha qildi Afruza.
— Bizlar qishloqi, kelin, — dedi Norbibi. — Qurilish ko‘p ekan, ko‘rdik, kinoni televizorda ko‘ramiz.
Xudoyor o‘ylanib, tushuntirdi:
— To‘ychig‘imiz bor, bir-ikki yuz metr gazmol olishimiz kerak. Bugun yakshanba, vaqt o‘tmasin!
— Choy ichinglar...
— Mana, issiq non olib keldim, — dedi Afruza. — Qaymoq bor.
Chiqdilar. Qo‘ziboy qishloqqa borgan mahallari do‘stlarining to katta yo‘lgacha uzatib qo‘yishlarini esladi:
— Bo‘lmasam, ishlaringiz bitgach, bu yerga qaytib kelinglar... — dedi. — Vokzalga olib chiqib qo‘yaman!
Xudoyor kulimsiradi:
— Imkoni bo‘lsa kelamiz.
Norbibi kuldi:
— Bu yil ertaroq boringlar, kutamiz. Qora kamarga chiqamiz, qo‘y so‘yamiz, tandir kabob qilamiz!
Qo‘ziboy sergaklanib, do‘stiga qaradi:
— Bo‘pti! — dedi. — Afruza, bu yil albatta boramiz-a? Bir maza qilaylik! Kolbasa jonga tegdi?!
— Bo‘tggi, bo‘pti! — dedi Afruza.
Mehmonlar xususiy mashinaga o‘tirib jo‘nadilar.
Qaytib kelishmadi...
Avji bahor kunlarining birida Qo‘ziboy bilan Afruza tog‘ etagidagi qishloqlariga borishdi... Afruzaning tarjimai holi Qo‘ziboynikiga o‘xshash edi: u ham urush yillarida ota-onasiz qolib, yetim bolalar uyida tarbiya topgan, shuning uchun ba’zi rasm-rusmni bilmay o‘sgan edi.
Qo‘ziboy tanish shoferning uyida mehmon bo‘ldi, ertasiga Xudoyorga telefon qildi:
— Salom, Xudoyor! Biz keldik! Do‘stim, Qora kamarga chiqamizmi? — dedi.
Xudoyor sukut qildi, so‘ng:
— Qo‘ziboy, xafa bo‘lmang, vaqtim yo‘q. Agar mol kerak bo‘lsa, beraman, olib borib so‘yinglar! — dedi.
Qo‘ziboy allanechuk bo‘lib ketdi:
— Mol... hm, biz nima qilamiz molni? — dedi. — Bizga... yarim kilo go‘sht ham yetadi, do‘stim! Sizlar bilan borsak, boshqacha bo‘lardi-da.
— Men chiqolmayman, xotinim ham, — dedi Xudoyor.
— A, hm... unda qachon vaqtingiz bo‘ladi, biz ko‘p turamiz bu yerda!
— Biz.. vaqtimiz bo‘lmasa kerak...
Qo‘ziboy gangib, trubkani joyiga qo‘ydi. Ko‘chaga chiqib, xotini yoniga keldi:
— Ketdik, — dedi.
Afruza jilmaydi.
— Gaplashdim, — dedi Qo‘ziboy u yoq-bu yoqqa alanglab qarab. — Gaplashdim... Lekin... menimcha, Afruza, Xudoyorni kimdir buzibdi. Ha-ha. Meni unga yomonlagan birov, seniyam... Ha, yomon odamlar, yosumanlar bor hayotda!
Shukur Xolmirzayev. Yosuman (hikoya)
1969