OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O'nar. Bibisora (qissa)

Ularda dard va iztirob ne qilar,
Ular faqat kishnab yurgan yilqilar.
O‘ljas SULAYMON

Maktab hovlisi katta tanaffusda o‘yinqaroq bolalarga to‘lib ketadi. Ayniqsa pochtachi qo‘nish aka kelsa xudo urdi – keyingi soatga bir guruh bola kechikib kiradi. Chunki pochtachi opkelgan xatlarni egalariga ulashguncha ko‘p vaqt ketadi. Keyin esa qo‘nish aka chetiga obunachining familiyasi yozilgan gazetalarni tarqatadi. Kimga xat kelgan bo‘lsa, xat egasi viqor bilan davradan chiqadi, shartta konvertning gardishini yirtadi-da, chetga o‘tib o‘qiy boshlaydi. Armiyadagi akasi xatga qo‘shib surat yuborgan bo‘lsa-chi, uniyam deyarli hammaga ko‘rsatib maqtanishga ulguradi. Akasi posang askar kiyimida, shapkasini do‘ndirib tushgan bo‘lsa, unda ko‘ring qiziqni. Kechagina shu maktab hovlisida loy oralab, lanka tepib, muallimdan dakki eshitib yurgan bola sal o‘tib Moskvadami, Leningraddami yoxud chet elda xizmat qilayotgan bo‘lsa, albatta rasmini jo‘natadi. Ukasi rasmni xo‘p maqtanib o‘rtoqlariga, sinfdosh qizlarga ko‘rsatib bo‘lgach uyidagi ko‘rinarlik joyga osib qo‘yadi. Akang qarag‘ay mana armiyada, polvon yigit, yefreytor bo‘pti, hademay serjant unvoni olarmish, komandirlari rahmat aytibdi – halol xizmat qilyapsan deb, tunov kuni ota-onasigayam o‘rischalab mashinkalangan qog‘ozda o‘g‘lingiz Sovet Armiyasi safida sidqidildan xizmat qilyapti, shunday intizomli yigitni tarbiyalaganingiz uchun sizlarga rahmat va hokazo, deb maktub yo‘llabdi. Bundan ota-ona bir gaz o‘sadi. Qolganini o‘zlari to‘qib-bichishadi: o‘g‘limiz mana, maktabdayam durust o‘qigan edi, lekin institutda domlalar pul ilinjida yomon baho bilan yiqitib yuborishuvdi, ana, haqiqat bor ekan, o‘ris kamandir maqtab yotibdi, xizmati tugasayam yubormaymiz, bunday odam davlatga kerak, zarur bo‘lsa o‘zimiz o‘qitamiz, uy beramiz, eng chiroyli qizga uylantiramiz, bola-chaqali bo‘ladi, bir quchoq nevarali bo‘lgach kelib ko‘rasizlar, polkovnik bo‘lgandan keyin o‘zi qaytib boradi qishlog‘ingizga. Va yana ko‘p gaplar. Bir parcha qog‘oz bo‘lsa, yana u o‘rischa yozilgan bo‘lsa, kim tushunib, kim surushtirib yotibdi qolgan gaplarni.
Boz ustiga armiyadagi yigit sening akang bo‘lsa har qancha kerilsang arziydi. Top-toza ofitser kiyimida qirchillab yurgan, rang-ro‘yi ham oqarib-tozargan, qo‘l ostida qancha askar chest berib buysunib turgan bo‘lsa, rus jononlari, ha-ha, bir-biridan o‘tib tushgan oqbilak o‘ris qizlar unga havas qilib ketma-ket sevgi izhor qilib yotgan bo‘lsa, po‘rim yigit kechalari bularning qaysi biri tuzuk, qaysisi xotinlikka yaraydi deb o‘zicha o‘ylab yotsa. Bunday yigitga havas qilmay bo‘ladimi?
Axir u qizlar dunyoning suluvlari. Bizning qishloqdagilarga o‘xshab qo‘li kosov, sochi supurgi, kiyimidan tezak isi anqib yotmaydi-da. Eh, qo‘yaversang-chi!..
Bu galgi katta tanaffusda pochtachi o‘ziyam yuztadan ortiq xat tarqatdi. Garchi akam armiya yoshiga yetmagan bo‘lsayam menga-da xat tegdi. Xat amakim Sulton akaga edi. Men uni maktabdan qaytishda uyiga tashlab o‘tishim kerak edi.
Sinfxonaga kirib xatni ochib o‘qimoqchi bo‘ldim. Kimdanligini bilolmadim. Tagiga Tanyami, deb aji-buji imzo qo‘yilgan edi. Orqasini o‘girsam «O‘z qo‘liga tegsin!» degan yozuv. Lekin juda qalin konvert. O‘ylab-o‘ylab topdim: bo‘lg‘usi yangam To‘lg‘anoydan. Akam uni sevadi. Xatlar yozadi, xatlar oladi. Kitoblardagiday sevishib yotadi. Bari bir konvertni ochishga urunib ko‘rdim. Ochilmadi. Yangam birov ochib o‘qishidan cho‘chib konvertni obdon yelimlab tashlabdi.
Sulton amakim chavandoz. Armiyadan kelib o‘qishga kirmadi, kondagi shaxtada ishladi, keyin shofyorlikka o‘qib samosval hayday boshladi. Lekin ko‘pkari joni dili. Keyingi vaqtlarda tanilib qoldi. O‘zining oti bo‘lmasa ham biopunktning ayg‘irlaridan minadi. Amakim bir gal qo‘rg‘ondan ishdan qaytayotganda mashinasiga ikkita qiz o‘tirgan, ular jumabozorlik qizlar ekan, biri chavandozni tanirkan, «siz Sulton polvon bo‘lasiz, taniymiz», debdi. Amakim shundan so‘ng haligi qizga oshiqu beqaror. O‘shanda u qizni uyigacha oborib qo‘ygan. Keyin borishga uyalib nuqul xat yozadi, yangam ham shundoq: qalin-qalin maktublar yo‘llaydi. Maktubni amakimga oborib bersam suyunchisiga uch so‘m pul beradi. Uch so‘m katta pul. O‘rtoqlarimga maqtanib Jo‘lliboy akaning do‘konidan bir hafta kartoshkali pirashka olib yeyman. Amakimning sevgisi ham bor bo‘lsin!
Geometriya darsida xatni latta papkamga endi berkitib turgan edimki, pochtachi sinfga kirib keldi, hoy, Jonibekov, senga yana bitta xat bor, haligi chegachi cholga berib qo‘yarsan, deb menga tag‘in bir konvert berdi. Konvert odatdagidan kattaroq, sarg‘ish-mallarang, orqasi ham qalin malla rangda so‘rg‘ichlangan edi. Xatning quvonarli joyidan ko‘ra ajablanarlisi ko‘proq edi. Sababi u cholni men kimsasiz deb o‘ylardim. Avval Boliqul bobonikida bir oycha yotib yurdi. Keyin biznikiga kelib bobom bilan oshna tutinib qoldi-yu, shu yerda tanda qo‘yib qoldi. Bobom sodda odam, yumshoqko‘ngil bo‘lgani uchun har narsani gapiraveradi. Haligi chol esa quloqchinli qora telpagini ko‘zigacha bostirib chaqchaygancha eshitib o‘tiraveradi. Cholning ko‘rinishi allambalo. Yelkasiga xurjun tashlab oladi. Telpakli uzun qora plashini hecham yechmaydi. qishning izg‘irinli kunlarida mototsiklchilarnikiga o‘xshash katta ko‘zoynak taqib oladi. Qosh-ko‘zini sovuqdan saqlasa kerak-da. Cholni O‘shdanmi, Jo‘shdanmi, bir yoqdan kelgan deyishardi. Albatta, u yurtlarni biz bilmaymiz. Shuning uchun chet ellik deb o‘ylaymiz.
Qalin qora soqoli har zamonda ko‘rinib qoladigan, kir bosib-yaltirab ketgan ola ko‘ylagining yoqalarigacha to‘sib turadi. Ustki mo‘ylovi ham o‘sib og‘zigacha tushgan. Tag‘in burqsitib chilim ham chekadiki, bu hol uni battar ajnabiylashtirib ko‘rsatadi.
Cholning xurjunida bir belbog‘ qora yaltiroq ko‘mir, uni puflab yondiradigan naysimon mis asbob, chinni idishlarni yamaydigan mayda tunuka va yelimlar yuradi. U har bir choynakni chegalar ekan, buni alohida marosimga aylantirardi. Hovliga chiqib kichkina o‘ra qazdirar, unga bir hovuch ko‘mir tashlab, yana payraha, yog‘och o‘tin opkeltirar, moslashib o‘tirishi uchun o‘rindiq ham talab qilardi. Ayni zamonda Xitoy chinnilari arzanda edimi, topilmasdi chog‘i, singan chinnilarni odamlar Ishtixondagi mo‘ltoni yoxud Kattaqo‘rg‘ondagi arab do‘konlariga olib jo‘nab kechqurun qir oshib qaytib kelishardi. Otam bir zamonlar armiyada Vladivostokda xizmat qilib xitoylardan katta sariq chinni choynak sotib olib kelgan ekan. Hadeganda choyi ado bo‘lavermaydigan choynakni bobom ko‘p qadrlar edi. Ne tongki, katta enam bir gal o‘choq boshida choynakning tumshug‘ini oftobaga urib olib, tumshuq ikkiga bo‘linib tushgan, shunda ham temir choynakdan obro‘li, afzal bo‘lganidan bobom uni ishlatishni qo‘ymas edi. Kunlarning birida mana bu chol keldiyu choynagimiz temir yamoq bilan bo‘lsayam tuzalib, bobomning ko‘ngli joyiga tushdi... Shundan beri anovi cholning oldida go‘yo muttahamdaymiz. Uyimizning to‘riga o‘tqazib qo‘ydik.
O‘sha kuni maktabdan chiqib amakimnikiga o‘tdim. Amakim ko‘pkariga ketibdi, uyidagilarga xat borligini bildirmadim. Kechqurun tag‘in borsam, endi ko‘pkaridan qaytib baland poshnali etigini ayvondagi ustunga suyanib olib yechayotgan, terlab-sasib ketgan paytavalarini chorpoyaga qarab otayotgan ekan. Maktabda rosa qoloqligi uchun o‘qimay qo‘ygan ukasi Suyundikka terga pishib ketgan, ustidan butunlay bug‘ ko‘tarilayotgan katta qora otning jilovini ushlatib qo‘ydi-da:
– Egarini ochib, jobuvini tashla, to‘xtatmay yurgizib tur, ikki soatdan keyin joyiga opkelib boyla, bir satil choyni sovitib ichir, – dedi-da, menga o‘girilib: 
– Ha, dabba, o‘qishing zo‘rmi, Mardi muallim «besh» qo‘yayaptimi? – dedi.
Men o‘qishim a’lo ekanini, mana, ikkinchi sinfga o‘tganimdan keyin sinfkom bo‘lganimni ham aytib maqtandim.
– O‘, malades, – dedi amakim. Guppi fufaykasining ko‘krak kissasidan bir siqim buklanib ketgan pul chiqardi. Orasidan bir so‘m olib menga uzatdi:
– Ma, yana yaxshi o‘qi, bizlar odam bo‘lmadik, uka.
– Sizga xat bor, aka, – dedim.
Ajabsinib qaradi-da:
– Armiya jo‘ralardanmikan? – dedi menga.
– Yo‘q, Tanya chechamdan, – dedim men ham tap tortmay. Eshikni lang ochib qarab turgan enasiga bir yalt etib qaradi-da:
– Keliningiz xat yozipti, – dedi. – Ana, tezroq obbermasangiz uyingizga kevoladi.
– Ay, sen beti qora, Tanya nimasi tag‘in? – dedi enasi ayvonda yalangoyoq beriroq yurib.
– Tanya-da, o‘ris-da yangi topganim, – dedi amakim hingir-hingir kulib.
– Qamchini ber, qani, – dedi enasi.
– Mana, deb qo‘liga tutqazdi amakim.
– Agar To‘lg‘anoydan boshqasiga ko‘zingni olaytirsang, mana, ko‘rasan, mana, – deya go‘ppi fufayka ustidan savalay ketdi enasi.
Amakim rosa tayoq yegan boladay u yoqdan bu yoqqa voy-voy deb dumalab qochar edi.
Bu urish hazil urish ekanligini men ham bilib turardim. Amakim shunaqa eshgirib otasi bilan ham, onasi bilan ham hazil qilishni yaxshi ko‘rardi.
Amakim tayoqdan bo‘shagach:
– O‘h-o‘h, qani, Tanyaxonning xatini ber bu yoqqa, – - dedi menga.
Uyga kirib moychiroqning yorug‘iga tutib o‘qiy boshladi. Amakimning duv qizarib bo‘g‘riqib ketganini ko‘rdim.
– Tovushingni chiqarib o‘qi, menam eshitay, – dedi onasi.
Amakim xatdan ko‘zini uzdi-da, eshitmaganday menga bir oz jiddiy qarab turdi. So‘ng enasiga:
– O‘rischani tushunmaysiz-da, – dedi.
– Ey, beti qora, kosov bilan solaman hozir, ha-a, – dedi ona.
Amakim e’tibor bermay olti betlik xatni oxirigacha o‘qib chiqdi. So‘ng beixtiyor uni yaxshilab qatladi-da qo‘yin cho‘ntagiga tiqdi.
– Hayit qachon? – dedi o‘shanday parishon holda.
– Olti kundan keyin, – dedi onasi.
– Olti kundan keyin Suyundik bilan yangangnikiga hayitlik yuborasizlar, – dedi menga amakim.
– Indamasak, o‘zing o‘zingga to‘y ham qilib yuborarsan? – dedi iddao bilan onasi, xuddi ota-ona bo‘lib bizlar nima qilib yuribmiz, deganday. Ammo amakim bu gapgayam parvo qilmadi.
– Malades, uka, – dedi menga tag‘in.
O‘rnimdan turib eshikka borayotgan edim:
– Shoshma, – dedi.
Yostiqqa yonboshlagan ko‘yi ko‘krak cho‘ntagiga tag‘in qo‘l yuborib, besh so‘m chiqardi.
– Bunisi suyunchi, – dedi.
Onasi birdaniga qizg‘anchiqligi tutib:
– O‘zi ko‘pkarida besh so‘mlik jalov olganmiding? – dedi to‘rsayib.
– Bir to‘ylik sovrin oldim, bo‘ldima? – dedi onasiga o‘zini arazlaganday ko‘rsatib va tag‘in hiring-hiring kuldi: – Tanya keliningiz zo‘r-da, poychalari shildinglab bir xizmatingizni qilsin hali!
Ona endi gap Tanya emas, To‘lg‘anoy haqida ketayotganini tushundi, shundayam o‘g‘liga yolg‘ondakam po‘pisa qilib qo‘ydi.

* * *

Suyundik akam bilan yangamnikiga hayitlik oboradigan kunimiz kun garchi quyoshli bo‘lsa-da, kechga borib ayoz tushdi. Yangamning qishlog‘iga yetti-sakkiz chaqirim bor edi. Katta gaza – qishloq chegarasidan o‘tayotganimizda quyosh botib borayotgan edi. Eshakka holva va boshqa mevalar solingan xurjunni ortganmiz, amakim bir ho‘kizcha ham yetaklatib qo‘ydi. Qishloqqa o‘rgangan ho‘kiz qishloqdan chiqaverishda sira yetovga yurmay qo‘ydi. Ho‘kizning ipini egarga bog‘lab eshakka o‘tirib olganman. Sovuq urib ketayozdi. Ayniqsa qo‘nji kalta botinkamda oyog‘im qotib qoldi. Ho‘kiz har torxoshovlik qilib siltanganda eshak ham munkib ketar, yiqilmoqdan beri bo‘lardi. Suyundik akam bo‘g‘ilib ho‘kizni so‘kar, tayoq bilan ayamay boshiga solardi. Yanga bo‘lmishning uyiga yetganimizda qop-qorong‘i tun edi. Dahlizdan jikkakkina bir sariq chol chiqib hay-haylashimizga qaramay bizning yuz-ko‘zimizga un surib tashladi. Udum shu emish. Bo‘lajak kelin-kuyovning hayoti oqliklarga burkansin emish.
Garchi hayitlik keltirgan dastyorlar bo‘lsak ham qudalar maqomida ekanmiz. quda bobo-cholning oldimizga kelib o‘tirib kattalar bilan hangoma qilganday jiddiysifat o‘tirishi, sergo‘sht kulchatoy tortilgani, va eng muhimi, so‘poq, kattakon shishali «Portveyn» vinosi keltirilib suzilgani buning yaqqol timsoli edi. Suyundik akamga tengqur bir qo‘shni yigit keldi, u o‘zidan bir necha yosh kichik uy egasi Norcha degan yigitga bemalol hazil qilar, qo‘lidan vinoni tortib olib dadil piyolalarga quyar, ora-chura Samarqanddagi allaqanday texnikumda o‘qib yurgan chog‘idagi qizlar bilan muomalalarini maroq bilan hikoya qilib qolardi. Albatta, quloqni bekitib turishning iloji yo‘q, qaytanga men uchun juda qiziq edi bu gaplar. Suyundik akam boshidan bunaqa shirin sarguzashtlar o‘tkazmaganidanmi, uquvsizligidanmi, har qalay bir oz mahliyo bo‘lar va vinoning kuchi zo‘rlik qilib, bari bir maqtangisi kelib nuqul akasi bilan tog‘da kaklik, olqor, to‘ng‘iz oviga chiqqanidagi gaplarni so‘zlardi. qo‘shni bir mahal tashqariga chiqdi-da, uchta pati yulingan qushni ko‘tarib kirdi.
– Ey, quda, – dedi, – sizga o‘xshab toqqa chiqmasak ham shu yerning ovi yetadi bizga. Mana bugun ertalab otamning yigirma sakkiz miltig‘iga bir kartonni sochmaga to‘ldirib o‘rigimiz ostidagi zag‘chalarga qaratib bitta qo‘yib edim, o‘n oltitasi joyida qoldi. Mana ov, mana ov. Go‘shti kakliknikiday shirin. Opam tushda beshtasini qovurmaga bosdi. qolgani turibdi. Mana, Norcha, opangga ayt, qovursin.
Yigitning o‘tkiri o‘tkir bo‘ladi-da. Unga termulib tamshanib o‘tirishdan boshqa ilojimiz qolmadi.

Quda bobo ham o‘zimiz qatori oddiy, kambag‘al odam ekan. U kishi yaqin oradagi bemorxonada ko‘mir yoquvchi, kampiri ham o‘sha yerda oshpaz ekan. Vinodan ikki piyola sipqorib, go‘sht, kartoshka, piyoz, oq yog‘, karam, makaron, guruch ulushi borligi, shu narsalar uyiga tekin kelishidan g‘ururlanib, o‘zi ham ora-sira uyiga ko‘mir o‘marib kelishidan maqtandi. Ko‘mir obdon qizargan pechkaning yonida mulgib-mulgib, oxiri uxlab qolibman. Tursam, tong yorishib ketibdi. Uy sigaret va vino hididan sasib ketgan. Suyundik akam fufaykasini boshiga tortib qotib uxlab yotibdi. Narida Norcha, uyam chalqancha tushib xirillab uxlayapti. Deraza pardasini tortib qarasam, chol jegdasining o‘ngirini belidagi qizil belboqqa qistirgan ko‘yi tashqarida qor kurab yotibdi. Orqasida qalin oq jun ro‘molni tang‘ib o‘rab olgan qiz cho‘kir supurgida qorni supurib yuribdi. Chamasi quda bobo odamlar turguncha hojatxonaga yo‘l ochayotgan edi. Batartib, yangi kalish kiyib olgan xushbichim shu qiz hoynahoy yangam bo‘lsa kerak. Muzlagan deraza oynasini nafasim bilan eritdim-da o‘sha «tirqish»dan yangamni tomosha qilib turaverdim. U oldidagi supani hafsala bilan supurardi. Goh-gohi sovqotgan qo‘llarini kuh-kuhlab isitib olardi-da, tag‘in engashib supura ketardi. Yuzi to‘lin oydek oppoq, qomati bejirim, o‘rim sochi jun ro‘molning tagidan toshib tushib turibdi. Amakim bekorga oshiq bo‘lmagan ekan-da. Hademay shu qiz to‘y bo‘ladi. Amakimning og‘ushiga tushadi. Hazillashishadi, o‘pishishadi. So‘ng to‘shakda o‘yin qilishadi. Shunday nozikkina, suluvgina qiz-a!
Etim jimirlab, ichim shuvillab ketdi.
Hojat qistab qoldi...

* * *

Ko‘klamning bulutli, ammo yog‘insiz bir kunida to‘y bo‘ldi. Mastura momo gulxan yonida lapar aytib, childirma chalib hamma xotinlarni o‘ynatdi. Kelin-kuyovga salom soldirdi. Darvoqe, u zamonlarda yengil mashinalar kamyob edi. Bo‘lsayam bizning qishloqqacha dovon osha yetib kelolmas edi. Loygarchilikda yuk mashina ham yurolmasdi. Kelinni Mustafo akaning «Zil»ida avval dovongacha, undan berisiga kuyov bo‘lmishning ko‘pkari jo‘ralaridan birining saman qashqasiga mingashtirib kelibdi. Kelganda amakim kelinni o‘zi otdan ko‘tarib tushirdi. Shunda yangamning oq, qalin poshnali tuflisi otning yag‘riniga tegib uchib ketdi. Sho‘tanoq bolalar tuflini opqochishdi. Amakim kelinni ko‘tarib turaverdi. Rosa o‘sal bo‘ldi. Xotin-xalaj, qizlar, bizlar chuvillashdik. Kelin, chamasi yig‘lab yubordi. Amakim noiloj uni yerga qo‘ydi. Yangam oyog‘i sovqotgan laylakday oppoq paypoqli oyog‘i uchini yerga tiragancha engashib turardi. Sho‘tanoq bolalar oxiri tuflini keltirib berishdi. Amakim juda izza bo‘ldi. Otaqul baxshi unga tanbeh berdi:
– Sultonboy, polvon deganam shunday bo‘lama? Kelinni dast ko‘tarib olmaydimi odam! Bir uloqcha solmog‘i yo‘qdir o‘zi!
Yegani bir tuyir non, ichgani bir kosa sho‘rva, odamlar ham erta kunni kech qilib uy-uyiga tarqashdi.
Ertasi kuni quyosh charaqlab chiqdi. Oftob chiqdi olamga, yugurib bordim xolamga, deganlari singari uch-to‘rt qaynlar, besh-olti qaynsingillar yanga ko‘rishga shoshdik. Hali yuz ochar bo‘lmagan, kelin chimildiqda ekan. Choshgohda dugonasi va kayvonilardan birining yetovida kelin o‘choqboshiga qarab yurdi. Oppoq libos, oq poyafzal, boshida ham oq harir ro‘mol, uning tagida iroqi gulli oq do‘ppi ostidan ko‘p o‘rimli qo‘ng‘ir sochlar sollana tushib turibdi. qishlog‘imizda bunday go‘zal kiyingan qizni hech kim ko‘rmagan. Chunki asli yangamning o‘zi go‘zal. Judayam go‘zal.
Yanganing yuzini namoz yoshiga yetmagan o‘g‘il bola ochishi kerak ekan. Albatta, namoz o‘qish yoshiga yetgan bo‘lsam-da, bu yumushga birinchi galda men talabgor edim. Chunki yangamning uyiga hayitlik oborganman, yangamning xusnixatlarida bitilgan sevgi maktublarini pochtachidan birinchi men opkelganman, amakimning xatlariniyam pochtachiga o‘zim oborganman. Xo‘sh, bu mishig‘i oqqanlarning ichida mana shunday muhim vazifalarga qo‘l urgan mardlar bormikan? Albatta yo‘q.
Talabgor ekanimni bildirdim. Xotinlar ko‘nmadi. Biroq qarab o‘tirganim yo‘q. O‘choqdagi qozonda turgan cho‘michga birinchi bo‘lib chang soldim. Xotinlarning uni o‘chdi. Bilaman, moyli cho‘mich bilan kelinning yuzi ochiladi. Cho‘michni paranjiga tekizsang bas, u yog‘ini xotinlar eplashadi. Ha, shunday.
Yangamning oydek yuzi yaltirab ko‘rindi. Surma qo‘ygan ko‘zlari oqi oqqa, qorasi qoraga ajralib, quralay bo‘lib turardi. qalam tekizilgan qoshlari ham ibodan yana egilibroq ketgan, o‘zi ham boshini tag‘in quyi solintirgan edi. Bunday tiniq chehrali suluv hech yerda yo‘q. Hech yerda! O‘sha suluv mening yangam. O‘zimning yangam!
Yangam ko‘zining osti bilan bir oz suzilib qarab kulib qo‘ydi. Bu menga xayrixohligi, balki yaxshi ko‘rishi edi. Ichimda bir narsalar to‘lg‘onib ketdi. Uqdimki, yangam siz yaxshi bolasiz, dedi. Eshittirmay pichirlab aytdi. Eshittirsa uyat bo‘ladi. Halitdan qaynisini suyib erkalayapti degan, ko‘cha-kuyda tarqaladi.
Xotinlarning undovi bilan yangam yarim cho‘mich moyni o‘choqdagi yonib turgan olov ustidan quydi. Shunday qilsa kelin moyli oyoq bo‘lar emish. Bu uyga kelin baraka opkelar emish. Odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya. Axir shunday go‘zal ayol xizmatingizni qilaman deb eshigingizga keldi, ostonangizdan uch bor tavof oldi, har birimizga egilib salom berdi – yetmaydimi? Uni xijolat qilib, uyaltirib har irimga duch qilaverasiz.

* * *

To‘yning to‘ppasi to‘rt kun. Ya’nikim to‘rt kungacha to‘yxonaning ovqati uzilmaydi. Zerikkan, bekorchi borki, tong otgach bu yoqqa sekin tomoq qirib kirib kelaveradi.
– Hay, Jonibekip, kelin moyli oyoq bo‘lsin! Opkelaver nishxo‘rdingdan, bizga bo‘laveradi.
Amakimnikida kalla-pocha qozonga osilgan kuni bo‘yinsalari shunday deb keladi.
Bir haftadan so‘ng kuyovning teng-to‘shlari keladi.
– Tarvuzing yorildi, iliging quridi, qulog‘ingdan oy ko‘rinyapti. Hay, bachchag‘ar, endi ko‘pkariga yaramaysan. Xotining bilan ko‘pkari o‘ynayberasan. Tamom bo‘lding, tamom. Ovqat-povqat ham yeb tur. Qani, topgan-tutganingni opkel, biz ham sherik bo‘laylik.

* * *

O‘sha kunlarda qishloqqa endigina elektr kelgan edi. Uyam pastki ovuldagi Po‘lat tog‘aning motorxonasiga qo‘yilgan katta dvijokdan odamlarning uyiga tortilgan simlar bo‘lib, kechqurun uch soat yonardi. Po‘lat tog‘ayam uch so‘m, besh so‘m yoxud «Portveyn»ning mudgori, to shom qorong‘usi cho‘kib odamlar betoqat bo‘la boshlagandagina motorxona yoniga eshagini boylardi-da, avval bitta «Belomor» sigaretni obdon oxirigacha so‘rib, kayfini surib, keyin bemalol motorxona darvozasini ochib qo‘yib timirskilana-timirskilana motorning uchidagi parragi yoniga kanop arqonni xo‘p o‘rab olardi-da, oyog‘ini tiragan ko‘yi tortib yuborardi. Motor shu yurganda yursa-yurdi, bo‘lmasa to‘rt-besh uchqun chiqarib «pat» etib o‘chib qolardi. So‘ng arqonni o‘ray ketardi va boshqatdan oyoq tirab tortib qolar edi. Shundan so‘nggina qishloq chiroqlari cho‘g‘day limillab turardi-da, motor ovozi kuchaygach, charog‘on bo‘lib ketardi. Kechqurun qirlarga chiqib qishloq etagidagi soy ichiga joylashgan motorxonaga ko‘z tikib o‘tirgan yoshu keksaning Po‘lat tog‘aga insof tilab termulib o‘tirishi, motor yurib, chiroq yongach qichqirib quvnashlarini ko‘rsangiz edi. Bu bir olam quvonch, bir olam sog‘inch, yana bir nimalar edi-da. qishloqqa elektr kelishi bilan Jiyanboy muallim shahardan «Rassvet» degan televizor sotib olib kelgandi. Mol-hollarni joylab bo‘lgach, biz bolalar kattalarga qo‘shilib domlaning uyiga urib kirib borardik. Aksar o‘rischa ko‘rsatuvlardan biror ma’no uqmasak ham tirik odamlarning ekranda yurishi, qo‘shiq aytishi, xokkey o‘ynashi, gapirishini tomosha qilish g‘oyat maroqli edi. Ko‘p o‘tmay tog‘ qorovuli Isoqul aka ham «Kvarts» degan kichkina televizor sotib oldi. Shundan so‘ng qishloq odamlari ikkiga bo‘linib televizor ko‘rishga kirishib ketishdi. Sulton amakim katta chavandoz bo‘lishiga qaramay to‘rtinchi yo beshinchi bo‘lib televizor oldi. Shundan keyingina bolalarni jerkib beruvchi muallim va tog‘ qorovulining minnatlaridan qutuldik.
Endi chiroqning yonishini ham amakimnikida kutib oladigan bo‘ldim. Yangam menga eriga o‘xshab «dabba bola» deb ot qo‘ygan edi, bu ot menga yoqmadi. Asli bobomning kichik ukasi qora otam o‘ylab topgan bu laqabni. Qora otamni qora degan ham, akasini Malla deguvchilar ham yangalari bo‘lgan. Ular qaynilarining ismini aytolmagani uchun laqab qo‘yishgan. qishloqda shu – agar bexosdan kelinchak qaynisining ismini aytib yuborsa, qoldi baloga – xuddi ulkan bir jinoyat sodir etgandek qarashadi unga. Akamning oti – «Zo‘r qora», ukamniki «Toshbaqa», meniki «Dabba». Og‘ir, tengqurlarimga nisbatan gavdali bo‘lganim uchun shu nomni qo‘yishgandir. Ammo yangam ham hadeganda «dabba»lay ketgani boshida sira yoqmadi. Shunday chiroyli ayol biror chiroyli ism topsa bo‘larmidi? Bari bir keyin-keyin qulog‘im o‘rgandi. Bora-bora yangam bilan hazillashadigan ham bo‘ldim. Yangam meni qitiqlar edi, men uning badanidan chimchilab qochib ketar edim. Meni tutib olib qitiqlayotganda bir ajoyib atir va badan hidi dimog‘imga urilar ediki, to‘satdan entikib ketardim.
Shu uyga, aniqrog‘i, To‘lg‘anoy yangamga tamoman o‘rganib qoldim. Yangam ham boshqa qaynlari bilan emas, men bilan gaplashishni yaxshi ko‘rardi. Ba’zan oq chamadonini ochib amakimning maktublarini, yana allaqaysi joylardagi dugonalaridan olgan xatlarini o‘qirdi. Men uchun bu xatlar juda sirli, hammasida sevgi-muhabbat tuyg‘ulari yashirin edi. Yangam xatlarni ovoz chiqarib o‘qir ekan, men uning oppoq bo‘yniga, baldog‘i kattakon sariq isirg‘asiga, chiroyli engagi, burni, labi, yonog‘i, entikishlari, kiyimi, antiqa atir bo‘ylari – bari-bariga termulib to‘ymas, hayajonlanar edim. Katta enam bir mahallar oynani ochib:
– Hey, dabba, uying bormi sening? Chechangga juda yopishding-qolding, uyat emasmi? Bor, jo‘na. – deb qolardi. Ayb ish qilganday sekin o‘rnimdan turib jo‘nay boshlasam, yangam:
– Ena, qo‘ying, bir pasil o‘tirsin, yaxshi bola-da bu, – desa, enamga qarab turardim, u esa:
– Bo‘ldi-bo‘ldi, moliga qarasin borib, onasiyam izillab izlab yurgandir, – derdi jerkib.
Bu yerda qolib ketishim, albatta, onamga, amakimgayam yoqmasdi. Nima qilay, judayam o‘rganib qolgan edim. Chunki bu dunyoda birgina chiroyli ayol bor edi, u ham nuqul sevgidan so‘zlab odamni ilhomlantirar, bu jozibali tuyg‘uga kishini asir etar edi.
Odat bo‘lib qoldi: kechqurun ham televizor ko‘rgani kelaman. Amakim hash-pash deguncha ovqatini yeb bo‘lib bir oz televizor ko‘rib o‘tirib mudray boshlaydi. Katta enam darrov:
– To‘lg‘anoy, bunga joy sobber, toza tinkasi quribdi, – derdi odatdagiday jerkinsib.
Yangam irg‘ib o‘rnidan turib narigi kelin-kuyovning uyiga kirib ketardi-da, shu bilan o‘ziyam g‘oyib bo‘lardi. Menga esa endi bu yerda o‘tirish toza azobga aylanardi. Chunki boshqalar ham qachon uyiga daf bo‘larkin shu bola deyotgandek bo‘laverardi.
Biz amakilarning uylari bir qator uzunasiga solingan edi. Uyidan chiqqanni bir-biri bilib, ko‘rib turaverardi. Bir gal kechki payt amakim bilan yangam uylariga kirib ketishgach, odatdagiday begonasiray boshladim va sekin turib jo‘nadim. Hojat bahona uyning orqasiga o‘tdim. Yangam bilan amakimning tovushlari orqa darchadan eshitilib turardi. Nazarimda ichki deraza ochiq, faqat tashqi yog‘och qopqa ojizgina yopilgan edi. Amakim shivirlab bir narsalar der, yangam beg‘ubor ovozda qiqir-qiqir kulardi. Keyin yangam kulgidan to‘xtab arazlagansimon:
– Boring-e, – degani va aftidan, amakimning yalang‘och badaniga shapatilagani eshitildi.
Titrab ketdim.
Jimib qolishdi.
Tuyqus ayol kishining seskanganday tovushi chiqdi. 
So‘ng cho‘zib «voy-y!» dedi. Jahlgami, g‘azabgami o‘xshagan bir nima qornimdan biqinimgacha o‘rmalab chiqdi. Seskanganday tiniq ovoz takrorlandi. Endi ingrayotganday edi. Amakim yangamni nimadir qilyapti, ammo ayamayotgan edi. Birdan uni yomon ko‘rib ketdim. Odamzot shunday ajoyib ayolga shafqatsizlik qilishi mumkinmi? Hayvon, yirtqich insonning ishi bu!
Odam badanining nafas va ko‘rpa tovushiga qo‘shilib ishqalangani, nafaslarning tezlashishi, dunyoning eng bokira ayoli birdaniga o‘ziga qo‘tosday tashlanayotgan erkakning quloqlari tubiga beixtiyor cho‘zib «joni-im!» deb yuborishi aqlga sig‘mas hodisa edi. Tushunib bo‘lmas edi. Kechirib ham bo‘lmas edi.
Muzlab ketdim.
Ishtonimni ho‘llab qo‘ymaslik uchun nariroqqa chopib ketdim.
Bu gaplarni birovga aytib bo‘lmasdi. Tushuntirish ham qiyin. Yangam ayniqsa, men uchun yomon ish qilgan edi. Shundoq iymanib turgani bilan bari bir uyatsiz xotin ekan-da, degan qarorga keldim. Uch kungacha bu yerga qadam bosmadim. To‘rtinchi kuni amakilar yangi kelinchakni birin-ketin nonga chaqira boshladilar. Chillasi chiqqach, yaqin qarindoshlar nonga chaqirish odat emish.
Yangam bizning bo‘sag‘adan uch karra tavof olib uyga kirgach, menga kulib qo‘ydi. Boshqalar oldida iymanib o‘tirdi. So‘rashib bo‘lib bir oz kirishimli bo‘lgach, menga yuzlanib:
– Bu asal bola biznikiga bormay qo‘ydi. Xafaman. Yangasini yomon ko‘radimi yo? – dedi juda tiniq ovozda entikib kulib.
Negadir dilimdagi g‘ubor birdaniga tarqadi. Xayriyat, dedim ichimda. Yangam amakimni emas, meni yaxshi ko‘radi deb o‘zimni o‘zim ishontirgim keldi.
Orada yangam ota-onasinikiga ham borib «choy ichdi» bo‘lib keldi qudag‘aylar yetovida. Ancha yuzi ochilib, hamma bilan baralla ko‘rishadigan bo‘lib ketdi.
Yangam ham menga o‘xshab haligi chegachi cholni yoqtirmas ekan.
– Bizning qishloqqayam borgan, – dedi u. – Odamlarnikida chegachilik qilib yurar, pochtaxonaga ko‘p qatnar edi. Aytishlaricha kimlardandir unga o‘rischa xat kelarmish. Boshqacha konvertlarda. Buyam xat jo‘natarmish – o‘shanday konvertlarda. Pochtachilar buning xatini alohida olib tumanga oborib berisharmish. Juda g‘alati chol, indamaydi, nuqul gap eshitadi, birovga el bo‘lmaydi. Shpionmi deyman-da.
Shpion chol amakimning uyida ham uch-to‘rt kun yashadi. To‘yda singan bir-ikki piyola, choynaklarni yamagan emish. So‘ng yana biznikiga qaytib keldi. Bora-bora sezdimki, bobom ham uni yoqtirmayroq qoldi. O‘z ishiga unnab cholni xoli tashlab ketadigan bo‘ldi.
Bobom juda mehribon odam. Meni ortiqcha yaxshi ko‘radi. Mana, maktabga borayotgan bo‘lsam ham qaytganimcha sog‘inib qoladi. Ikkinchi sinfda o‘qishimga qaramay «qani, bulbulni ko‘ray-chi!» deydi. Endi uyalaman. Bobom bo‘lsa erkalab, chaqaloqday qilib «oh-oh, ulimning bulbulidan-a!» deyaveradi.
Orada kanikul boshlandi. Sulton amakimga yangi uy boshlashdi.
Ovul-hamsoyaning hashari bilan hademay devor tikka bo‘lib, eshikboshi ham qo‘yildi. Guvala, loy tashishlarda biz ham qatnashdik. Hammasidan ko‘ra turg‘azilgan devor ichi, biz bolalar uchun chinakam o‘yin maydoniga aylandi. Issiq kunlarning birida Jumabozordan yangamning singlisi Bibisora mehmonga keldi.
U men bilan tengqur ekan. Bir siyog‘i yangamgayam o‘xshaydi. Yuzi lo‘ppi, shahloko‘z. Ammo juda og‘ir, bosiq qiz. Yangamga o‘xshab har ikki gapning birida sharaqlab kulavermaydi. Biz tengqurlar bilan uni bekinmachoq o‘ynashga zo‘rg‘a ko‘ndirdik. Bora-bora bizga ham el bo‘ldi. Yangi uyning devorlari, guvalalar uyumi, hojatxona, uy orqasidagi quyuq teraklar ortiga – duch kelgan joyga berkinardik. Topgan odam marraga birinchi kelib tupurishi, agar undan o‘zib marraga qarab chopsa qo‘lidan tutib to‘xtatib ham qolishi mumkin edi. Bibisora o‘zi bosiq bo‘lgani bilan bizga o‘xshab keta kiyib olganidanmi, juda ildam ekan. Har gal biz o‘g‘il bolalarni dog‘da qoldirardi. Shuytib u bizga jo‘ra bo‘ldi-qoldi. O‘yin asnosida bir-ikki marta uning oppoq, yumshoq qo‘llaridan ham tutdim. Negadir yana ushlagim kelardi. Uch-to‘rt kun turgach u uyiga ketdi. Shunda biz uni qo‘msab qoldik. Yangamdan singlingiz yana keladimi, deb so‘radim. Yangam ma’noli kuldi. Keyinroq keladi dedi. Uni rostakamiga sog‘inayotgan edim. Yangamdan ularning adresini, o‘qiyotgan maktabining nomeri va sinfini so‘radim.
– Akangizga boja bo‘lmoqchimisiz, dabba? – dedi yangam va entikib-entikib kuldi. Men bu so‘zni tushunmadim, lekin uyat gap bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
Bibisoraga xat yozdim. Necha baholarga o‘qishi, uyida necha kishi ekani, kanikulda nimalar qilayotganini so‘radim. Undan ham javob keldi. Uyam xuddi shunaqa savollar bergan edi. Javob yozdim. Keyingisida rasm so‘radim. Yaxshi rasmim yo‘q, keyin jo‘natarman debdi. Bir gal yangam oq chamadonini ochib xatlarini o‘qiyotgan paytda Bibisoraning rasmini ko‘rib qoldim va bildirmay qo‘ynimga tiqdim. Bibisora opasi – yangam bilan bir-biriga suyanishib tushgan. Sochlarining orasidan bejirim parq ochib, ikki o‘rim qilib ko‘ksiga tashlab olgan. Egnida atlas, yengi kalta ko‘ylak. Yangam ham shunday kiyingan. Men bu rasmni papkaga solib, panada yoki hech kim yo‘g‘ida xo‘b tomosha qilar edim. Keyingi yozgan xatimda beixtiyor, o‘g‘irlaganim esimda yo‘q, rasmga zo‘r tushibsan, deb yozdim. Negadir seni yaxshi ko‘rib qoldim, deb yozgim keldi. Uyaldim. Buning o‘rniga «J+B=S» deb yozib qo‘ydim va kimdir ko‘rib qoladiganday tezda konvertni yelimlab yopishtirdim. Pochtachi qo‘nish akaga berishdan oldin konvertning yelimlangan joyiga «O‘z qo‘liga tegsin!» deb katta harflarda yozib qo‘ydim.
Ertasi kuni jo‘ralarim bilan kelayotgan edim, gazaning ustida chegachi cholga ko‘zim tushdi. Kun issiq bo‘lishiga qaramay u odaticha qora plashiga o‘ralib, bo‘yi barobar zarang hassasiga suyanib olgan edi. Biz bu so‘xtasi sovuq odamga salom berishgayam cho‘chirdik. U bo‘lsa ko‘zini chaqchaytgan ko‘yi menga tikilib turardi. Yonidan o‘tayotsam, oldimni to‘sdi. Jo‘ralarim tiraqaylab qochib qolishdi. Men ham qora soqol cholni aylanib o‘tib qochmoqchi edim, u epchillik bilan qo‘limdan ushlab qoldi.
– Ha, go‘rso‘xta, – dedi. – Senga sevishni kim qo‘yibdi, svoloch! – Shunday deya u cho‘ntagidan men Bibisoraga yozgan xatni chiqardi. – Rasm qani? 
Ichim o‘tib ketdi. Qaltiray-qaltiray papkamdagi kitob ichidagi rasmni olib berdim. Chol uni yulqib oldi-da, mendan ko‘z uzmagan ko‘yi xat bilan qo‘shib tilka-pora qilib tashladi.
So‘ng uni mayda-chuyda qilib chang yo‘lga sochib yubordi. U hamon bilagimdan siqib ushlab turardi. Yuzini yuzimga yaqin olib keldi. Ko‘zlari chaqnab ko‘kimtir tus oldi. Soqollariga nimadir mayda narsalar yopishib turardi. Burnimga uning og‘zidan qo‘lansa bir hid urildi.
– Qisib yur, bo‘lmasa qamoqda chiritaman!
Shunday deb u suyakdangina iborat qo‘lini bilagimdan bo‘shatdi. Uni shapaloqqa mo‘ljal qilib orqasiga tislantirdi. Yo‘q, xayriyat, urmadi. Ammo esxonam chiqib ketdi.
Bir-ikki kungacha qilayotgan ishimni ham bilmay yurdim. Ko‘z oldimda uning ko‘kimtir ko‘zi yaltirab turar, hadeb yuzimga qo‘lansa hidli nafasi urilardi.
Hammasi mayliku-ya, u meni sevishganga chiqarib bobom, otam, onam, akam, yangam va amakilarim oldida sharmanda qilsa-chi? Yoki eldan burun aytgan bo‘lsa-chi?
Shu kunlarda chol biznikida yotmadi. qaerdaligi noma’lum. Bobom ham kun bo‘yi pastdagi olmazor chorbog‘ ostida o‘t o‘radi. Tushda qizil belbog‘ida bir belbog‘ chuchuk olma olib keladi. Bu olmalarni bobomning o‘zi ekkan. Sap-sariq, oltinday yaltillab turibdi bu olmalar – juda sersuv, karsillaydi. O‘ta shirin. Dimoqni qitiqlaguvchi muattar hidi bor. Olma daraxtlari yovvoyiday shoxlab, bo‘yi ham teraknikidan baland bo‘lib ketgan. Muzbuloqdan oqib kelayotgan tegirmon ariqqa tap-tap olmalar tushadi. Tilladay yaltiroq olmalar...
Cholning qilig‘i hech esimdan chiqmay qoldi. Uni eslaganim zahoti tanamda titroq tura boshlardi. Endi Bibisorani ham eslashga cho‘chiyman. Chunki o‘sha zahoti shpion chol ko‘z oldimda gavdalanadi.
Kunlarning birida Bibisora yana keldi. Endi amakimning uyiga bolor ko‘tarishgan, ustini yopishga yantoq, xashak, xari, xodalar keltirib hovliga uyib tashlashgan edi. Usta Omon kattakon poyteshasini olib u yog‘och bilan bu yog‘ochni juftlab, moslab kesish, yo‘nish bilan mashg‘ul edi. Bibisora avval mendan uyalib, yotsirab turdi. Keyin beixtiyor pochchasining yangi uyini ko‘rgisi keldimi, tom oldidagi yog‘ochlarni aylanib o‘tib ichkariga bo‘yladi. Men ham orqasidan bordim. Shumligim to‘tib orqa rom o‘rnidan ichkariga oshib tushdim-da, uning ro‘parasidan chiqib «pah» deb qo‘rqitdim. «Voy o‘lmasam, opajon!» dediyu darhol qizargan yuzini ro‘moli bilan bekitdi. Orqasiga tislana turib shahloga monand ko‘zini norozi bo‘lganday suzdi va «tavba qildim» dedi ohista. Turib qoldim. Borib «kechirasan» demoqchi bo‘ldim. Xat yozib ham chakki qilibman, o‘zi kelarkan-ku. Har qalay «seni sevaman» demovdim-ku. Shpion chol meni yo‘ldan qaytardi-ku.
Chol shu zahoti ro‘paramda paydo bo‘ldi. Ko‘zini o‘qday qadab chap qo‘li bilan o‘ng yuzimga charsillatib bir shapaloq urdi. Yuzim yonib ketdi o‘ziyam. Bir pas ko‘z oldim qorong‘ulashdi. Nimagadir butun tanam qiziy boshladi. Go‘yo ayb ustida qo‘lga tushgan jinoyatchi holida edim. Oyoq-qo‘lim qaltiray boshladi. Shapaloqning zarbidan emas, holimning zabunligidan xo‘rligim kelib ho‘ngrab yig‘lab yubordim. O‘tirib olib ko‘p yig‘ladim. Ko‘zlarim achishib ketdi. Borib uydagilarga aytib bersam-chi? Otam uyda yo‘q, akamning bu odamga kuchi yetmaydi. Bobomga aytsammikan? Bobom «go‘dakni nega urding, ey, ot tepkur» deydi. Xezlanib keladi. Urmoqchi bo‘ladi, shunda chol meni ayblab qolsa-chi. Birovning qiziga ko‘z olaytiryapti, xat yozyapti, desa-chi. Bundan ortiq uyat, alam qiladigan joyi bormi tag‘in. Motorxonani tomosha qiladigan qirga chiqib, uzala tushib o‘zimni bosib olmoqchi edim. Qirga chiqdim. Atrofda hech kim yo‘q. Tavba, bo‘kirib yig‘lasang ham birov nima bo‘ldi, deb so‘ramaydi-ya? Uzala tushib oldim, endi yig‘lagim kelmayotgan edi. Chakkam haliyam qizib jonsizday bo‘lib turibdi. Tevarakka qarasam, o‘ng ko‘zim jimir-jimir qiladi, qovog‘im xaltaday osilganga o‘xshaydi. Turib, hayron bo‘lib, uzoqlarga, Oqzov tomonlarga qaradim. Bir qora odam ketayotganday tuyuldi. O‘ng ko‘zimni barmoqlarim bilan berkitib, chap ko‘zimda qaradim. Chol yelkasi bir oz bukchaygan ko‘yi shuvoq, butalar oralab bir maromda ketib borardi. qozonbuloq, Tokli, qizil olma, Kiyikli, Oq zov, Parandoz, Besh barmoq, o‘h-ho‘, undan narisida yana yurtlar bormikan yo dunyoning oxiri o‘sha yerlarmikan? Mening bola nazarimda yer sharining oxirgi chegarasi ko‘rinib-ko‘rinmayotgan o‘sha ko‘kimtir tog‘lar edi.
Anovi mening ko‘nglimni vayron qilgan, yorug‘ xayollar surishga, shahloko‘z Bibisora bilan suhbat qurishimga, xat yozishimga monelik qiluvchi, mudom qo‘l ko‘tarib yo‘limni to‘sib qo‘rqituvchi qora plashli shpion so‘xtasi sovuq chol o‘sha tog‘lar cho‘qqisidan yiqilib o‘lsin, Parandoz cho‘qqidan qulab ketsin, parcha-parcha bo‘lgan go‘shtini, quzg‘un, kalxatlar yesin!

* * *

Kechqurun molayirishdan sigir, tanalarni ayirib qaytdim. Onam nega buncha shishib ketgansan, birov urdimi, deb tergadi. Hech narsa bo‘lgani yo‘q, betimga cho‘p tegdi, dedim. Onam yuzimni ushlab ko‘rdi, kim urgan bo‘lsayam iloyo qo‘li sinsin, dedi. Hech kim urmadi, desam ham, barmog‘ining izlari turibdi-ku, dedi. Bari bir aytmadim.
Yotarda onam har kuni ertak aytar edi.
Bu gal ertakdan so‘ng uxlamay, anovi shpion chol yana biznikiga keladimi, deb so‘radim.
– Bu Azroilday so‘ramay keladigan chol, – dedi onam. – Cholni kelgan kuniyoq taniganman. Urushdan keyingi o‘roq-mashoq yili u Saritoy tog‘amni o‘roq bilan so‘yib ketgan.
– Nega so‘yadi?
– Negalini hech kim bilmaydi. Bu odam maktabda dars berar edi. Saritoy tog‘am savodli edi. Rayondan gazet, kitob opkelib o‘qir edi. Bir kuni yoz payti tog‘am uyining oldidagi supada gazet o‘qib o‘tirsa bu odam o‘roq ko‘tarib kelib qolgan. Keling mallim, deb o‘rnidan turayotsa, o‘roqni bir siltab qorniga tiqib tortib yuborgan. Tog‘am ichak-chavog‘i osilib qolib ketgan. qizlari, bizlar, yangam chuvlab qola berganmiz. Bu sovuqbashara shunday plashini yechib maykachan bo‘lib olib toqqa qarab qochgan.
– Hech kim o‘ch olmadimi?
– Bilmadim. Birov daragini topolmagan bo‘lsa kerak. Bizlar yosh edik-da.

* * *

Shu bo‘yi chol qishloqda qorasini ko‘rsatmadi. Men ham endi Bibisoraga xat yozmadim. Endi o‘ylar edimki, xat yozsam yoki uchrashsam chol bir yoqdan qora kalxatday uchib keladi. Yo‘limni to‘sadi.
Balki endi o‘roq ko‘tarib kelar...

* * *

Yoz o‘tdi. Yangamning bo‘yida bor emish. Uning oqish-sariqdan kelgan yuzlari qizarib, to‘lishdi. Semirdi. Bilak va ko‘kraklari bo‘liq bo‘ldi. Oyoqlari ham.
Yangam oyday edi. Oydek to‘lin edi.

* * *

Qishga borib tug‘di. Bir bo‘larli o‘g‘il tuqqan emish: novcha, ko‘zlari ko‘kish. Kimgayam o‘xshardi, amakimga-da: polvon bo‘lsa, ko‘zi ko‘k emas, mallatob. Lekin hazilning uyini kuydiradi. Onasi bilan ham sensirashib, turtishib, jo‘rttaga urishib ketaveradi. Bunda xotin bo‘lsa baliqday. qishloqning azobli mehnatidan cho‘chimaydi. qaytamga kunday, oyday ochilaveradi.
Mening dunyoda yagona yangam!
Amakim u bilan qanday baxtli!

* * *

Men bir oz ulg‘aydim. Pioner bo‘ldim, so‘ng komsomolga yaqinlashdim. Bibisora ham bo‘y yetgan qizlarday ochildi. Endi biz bir-birimizga boshqacha qaray boshladik. Bu boshqacha tuyg‘u edi. Biz go‘dak emasdik, bir-birimizni sizlardik.
Yangam bir etak bola tug‘ib tashladi. Hammasi o‘g‘il. Hammasi oppoq, polvon bolakaylar. Faqat kattasi novcha, oriq, qora, ko‘k ko‘z. Boshqaning bolasidan ajralib turadi.
Yangam endi turmush tashvishlariga ko‘mildi. Shaddodligi ham susaydi. Biz bilan avvalgiday hazillashib o‘tirishga vaqti ham yo‘q edi. Balki xohishi ham yo‘qdir. Ammo singlisi Bibisorani menga oberishga va’da qilgan. Bibisora esa yangamning avvalgi ko‘rishiga o‘xshab tobora bo‘y yetar, tobora go‘zallashib borardi. Ammo biz endi bir-birimizga avvalgidek bolalarcha tirg‘alishdan iymanar edik. Yangamning ikki og‘iz va’dasi xuddi bizni unashtirib qo‘ygandek edi. Chunki bizni taniganlar allaqachon oshiq-ma’shuqqa chiqarib ulgurgan, gap-so‘z qilib yuborishgandi. Shu bois unga xat yozmayotgan bo‘lsam ham har kuni yozayotgan, ko‘rishmasam ham har kuni pana-pastqamlarda uchrashayotgan, quchoqlashayotgan va bo‘sa... olayotgan edim.
Biroq unga aytar so‘zlarim ko‘p. Chegachi cholni u hali bilmaydi. Bu sirli odam haqida gapirgim keladi. Chol esa shu bo‘yi gumdon bo‘ldi. qaniydi zovdan tushib ketgan bo‘lsa.

* * *

Bir zamonlar, tog‘ ortidagi tojiklar bilan bizning qishloqdagilar bordi-keldi qilmaslaridan burun o‘sha yoqlik ovchilar tong chog‘i Parandoz cho‘qqisida yaltiragan qora narsani ko‘rib qolishibdi. O‘shshayib katta soyga turtib chiqqan cho‘qqi uchida telpakdan kattaroq bir narsa tong shafaqida jivir-jivir tovlanar emish. Biri- yombi, tozi oltin bo‘lagi desa, biri – tosh shirasi – mo‘miyo, kiyik ham yetolmaydigan qoyada qotib turib qolgan deydi; yozda u erib, soyga tomchilaganda kiyik, olqorlar soy toshlari ustidan uni yalab yeydilar. Chunki umr bo‘yi tog‘-toshda sakrab hayot kechiruvchi bu beozor jonivorlar ko‘pincha oyog‘ini, toshga urib lat yeydi, sinadi. Savqi tabiiy ravishda shu mo‘miyo malham ekanini biladilar va talpinib undan rizqlanadilar, shunday qilib o‘zlarining jarohatiga o‘zlari malham qo‘yadilar. O‘q tegib yarador bo‘lsa ham qochib qutulib ketib, so‘ngra tuzalib oyoqqa turib ketguvchi olqorlarning sog‘ayish sababi ham shundan. Buni ovchilar yaxshi bilishadi. Qochdi demak, endi u mo‘miyo bor joyga yetib oladi, o‘sha yoqlardan poylash lozim deyishadi. Hushyor jonivor esa o‘ta hid bilgich, odam isini ham, mo‘miyo isini ham tez payqaydi: endi cho‘qqilar atrofida tag‘in ovchiga o‘lja bo‘lishni xohlarmidi deysiz – qochadi-ketadi-da.
Xullas, ovchilar maslahatni bir joyga qo‘yib, zovga cho‘qqining tepa tomonidan bir kishining beliga arqon bog‘lab tushirishni kelishining olishadi. Arqonlarni bir-biriga bog‘lab, Parda ismli bir bo‘z yigitni tushirib, o‘zlari naryoqda arqonning bir uchini mahkam tortib turishadi. Yigit cho‘qqining yombi yaltirab turgan labiga yetay deganda shunaqa qattiq shamol turadiki, muallaq qolgan yigit beixtiyor yon tomonga surilib ketadi. O‘z og‘irligi bilan bosib turgan arqon ham sirpanadi, shu sirpanishda davom etaveradi, qoyaning qirrali toshlari arqonni kesib ketadi, bora-bora u yengil iplarda ilinib qoladi hamda qoyaning bir chetiga yetganda chars uziladi va yigit pastga qarab voy-hoylagancha tushib ketadi. Pastga, boya ular maslahat qilgan joyga Pardaning bir necha burda go‘shti va kiyimlarining bir parchasigina uchib tushadi. qolgan tana qismi Parandozning arra tishiday cho‘qqilarida osilib qolib ketadi. Shundan beri u yoqqa kishilar ko‘p ham talpinmay qo‘yishgan. Yombini yoki mo‘miyoni ko‘radilar, tamshanadilar, ammo u beozor tog‘ jonivorining daxlsiz rizqi ekaniga iqror bo‘ladilar.
Bir bo‘z yigitning bevaqt ajali ularning ochko‘zligiga barham bergan bo‘lsa ajabmas. Aytib bo‘lmaydi: vaqt-zamoni kelib bir uddaburon uchar bu cho‘qqilarga vertolyotda kelib hamla qilishi ham mumkin-da. Axir texnika taraqqiyoti nimalarga olib kelmayapti.
Mana, necha yil o‘tdi, chegachi chol o‘sha yoqlarga ketdi, daf bo‘ldi. Biroq o‘siq qoshlari va yuzidagi battar qora mo‘ylari orasidan o‘qday qadalib boquvchi ko‘k ko‘zlari hamon esimga tushadi, tuyqus seskanib ketaman. U mening bolalik tuyg‘ularimning yo‘lini kesib chiqdi, go‘yo sen bola emassan, o‘ynab-kulishga haqqing yo‘q, deganday bo‘ldi.
Bu dunyosi uncha ham keng emas ekan.
O‘sha cho‘qqi, Parandoz – dunyoning bir chekkasi. Chol esa cho‘qqidan oshib nariga ketgan. qani edi u chindam ham yer sharining oxirgi chegarasi bo‘lsa-yu, cho‘qqidan naryoqqa ovchi yigitday parcha-parcha bo‘lib tushib ketgan bo‘lsa...

* * *

Yettinchi sinfga o‘tayotganimda biz turgan joylar torlik qilib, pastdagi qishloqqa ko‘chib tushdik. Maktab olisligini hisobga olmaganda bu yerlar keng, yaylov ko‘p, serbuloq-suv ham yetarli, hammadan ham mol boqib kun ko‘ruvchi otamga o‘ng‘ay edi. Maktabdan kelgach, biz bemalol otamga yordamchilik qila olardik. Eng muhimi, biz Bibisoraning qishlog‘iga yaqin joyga ko‘chgandik. Bir uy, bir dahliz qurdik. Sakkizinchi sinfga o‘tganimda tag‘in bir uy va g‘allaxona, molxona soldik. Keyingi yil kanikulda o‘tinxona va yana bir uy qursak, el qatori yashay boshlaymiz, hech kim bizni kambag‘al demaydi.
Fizkulturadan bizga tarix o‘qituvchimiz, otamning oshnasi Saypi muallim dars o‘tardi. U har bahorda sel yuvib ketuvchi sayxonlikdagi stadion deb ataluvchi maydonchamizda oltmish metrga poyga yugurtirishnigina bilardi. Maktabimiz futbol, voleybol tugul bir turnikka ham yolchimagan edi. Yugurishga o‘ng‘ay joy ham umumiy mashina yo‘li, har zamon patirlab biror traktor yoki mototsikl changitib o‘tib qolardi. Traktorni esa to ko‘zdan pana bo‘lguncha quvib boramiz, ichimizdan birda-yarim sho‘tanoqlarimiz telyashkasiga osilib olar, traktorchi payqab qolib, taktorini to‘xtatib so‘kib tushirguncha tushmas edik. Tushgandan keyin ham qo‘ymay telyashkasiga tosh otib qarsillatib urar edik. Nima zaril ekan – hayronman. Sho‘xlikmikan yo texnika kamligidan havasakmikan? Tavba.
Xullas, Saypi muallim qadami bilan hoppoylab oltmish hoppoy sanab, u boshigayam, bu boshigayam yalpoq qayroq tosh bilan o‘yib bir chiziq tortardi. Komanda berishdan oldin uqtirardi: «boshing yetsin, keting qaytsin! Tushundingmi?» Albatta, bu gapni qiz bolalarga aytardi. qiz sho‘rliklar ro‘moli yechilib, kalishini poyi tushib qolib, so‘ng imillab orqasiga qaytib, ro‘molini boshqatdan peshonasiga tang‘ib o‘rab, otilib ketgan kalish poyini topib, uchi yirtiq paypog‘ini qo‘li bilan qoqib, artib, keyin poyabzalini kiyib, ustidan kulgan o‘g‘il bolalarni qarg‘ay-qarg‘ay bemalol yurib kelardi. Muallim bari bir ularga «to‘rt» va «besh» baho qo‘yib nariga haydab yuborardi-da, so‘ng o‘rniga o‘g‘il bolalarni safga tizardi.
Bu safar o‘n ikki nafar o‘quvchiga xuddi bir bolaga uqtirgandek komanda berardi: «Qara, hoy bola, bu chiziq i nargi chiziq, orasi oltmish metr, start beriladi – uchasan, narigi chiziqqa boshing yetsin, orting qaytsin. Butun dunyo sportida shu qoida – qaerga borsang baraver. Birov bir narsa desa – noma’qulning nonini jepti! Xo‘pmi, hammaga tushunarli, a? Ketdik: vnimanie! Na start! Marsh!
Ichimizda birgina Zoyir «to‘rt» baho olardi. qolganlarniki – «besh». Chunki uning qishin-yozin kiyadigan ketasi tamom ayrilib ketgan, tez yugurganda oyog‘ining ostiga qayrilib tushib surinib ketar, yugurganda ham poyabzalining ichiga havo kirib «hap-hap-hap» etgan tovush chiqarar, biz bu tovush qaeringdan chiqyapti, deb qotib kulardik.
Abduraim bilan Rajab bu tashvishdan xoli edi. Chunki ular qishda ham bir narsa kiymasdilar, bemalol yalangoyoq qor, loy kechib kelaverishardi. Chamasi kambag‘alchilik yo otasining ziqnaligi ustun kelib oyoqlar tuyoqqa aylanib bo‘lgandi, vallohu a’lam.

* * *

Shahardan Faxriddin degan fizkultura o‘qituvchisi keldi-yu bu yumushlarga barham berildi: «tuyoqdorlar» qanday ko‘rinishda bo‘lsa-da poyabzal kiyadigan bo‘ldi –o‘quvchi qishda yalangoyoq o‘qishga kelishi kodeksga muvofiq emas. Ikkinchi yangilik – Saypi muallim jismoniy tarbiya darsidan ozod eitilib, tarixchiligiga kuni qoldi.
Qorachadan kelgan, xushbichim bu fizkultura o‘qituvchisi o‘ta qattiqqo‘l edi. Berilgan vazifani bajarolmasang jazolardi. Masalan, temirday qattiq qo‘li bilan bilagingdan mahkam qisib o‘ziga tortib, ko‘zini tik qadab turaverardi. Temir qo‘li bilakni o‘yib ketardi. Ikkinchi jazosi – bosh kiyimni yechtirib qo‘yib, boshqa barmog‘ini ikkinchi qo‘li barmog‘iga tirab turib rogatka qilib urish edi. O‘ylashimcha boshga gurzi tushsa, bundan ko‘ra yengilroq bo‘lardi, chunki uning barmog‘i oddiy barmoq emas, mundayroq boltga o‘xshab tegardi va o‘sha zahoti shishib chiqardi. qizlarni esa iyagidan qo‘li bilan ko‘tarib, o‘ziga qaratib olardi, iyagiga barmog‘ini tirab ko‘zini chaqchaytirib turaversa – shuning o‘zi og‘ir gap edi, birinchidan, qizning nozik iyagi ko‘karib chiqadi – og‘riq ham bor-da, ikkinchidan, nigoh masalasi ancha vahimali edi – ko‘ziga ko‘zi tushgach beixtiyor ho‘ngrab yig‘lab yuborardi.
Ammo maktabimizda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘z kuchimiz bilan voleybol maydonchasi qurdik: soy toshlarini terib maydonni tozaladik, ikkita ustunga yer kovlab, uni o‘rnatdik, setka tortdik, maydon chetiga mayda toshlar terib chiqdik. Bir chekkaga turnik o‘rnatdik.
Ba’zan kechki paytlarda shu tor maydonda futbol ham o‘ynardik. Biroq to‘p hadeganda soyga tushib ketar, toshqin soy uni oqizib ketardi. Ikki bola yugurib, uning ortidan quvar, xoda bilan urib suvdan tashqariga chiqarolmagach, bir chaqirim pastdagi tegirmonning yonidagi qisilchangdan suv kechib tutib kelishardi. Bungacha futbolchilarimiz koptokni suvga tepib yuborgan chempionni so‘kish bilan andarmon bo‘lib turar, u bo‘lsa o‘zini oqlash uchun boshqani aybdor qilib baqirib yotardi. Bu tor maydonda «aut» qilmaslikning esa sira iloji yo‘q edi.
Nima bo‘lganda ham Faxriddin muallimning turnik o‘rnatish siyosatini ijobiy baholash mumkin edi, sababi biz o‘g‘il bolalar turnikda tortilish u yoqda tursin, chirpirak bo‘lib aylanish mashqini ham o‘zlashtirib oldik. Darsdan keyin ham galma-galdan turnikka osilganimiz osilgan edi. Domla bu yumushga qizlarni ham safarbar etib ulgurdi. Tabiiyki, umrida bir narsaga osilib ko‘rmagan qizlar turnika yaqinlashgisi ham kelmasdi. Domla ularga qat’iy komanda berib chaqirar, o‘zi belidan ko‘tarib turnikka yetkazib qo‘yar va «tortil» deb zo‘rlar edi.
Bu ishlarga qizlar qarshi edi. Hatto ota-onalar, ba’zan muallimlar ham aralashib ko‘rishdi. «Qizlarimizning putini ko‘tarib gimnastikachi qilmoqchimisan, maktabni bitirsa erga tegadi, o‘qishgayam, hech joyga bormaydi. Bularni buytib sharmanda qilma!»
Faxriddin muallim rus tilidan dars beruvchi Ahmad muallimnikida yotib yurardi. Ahmad muallim bir kuni o‘qituvchilarga aytibdiki, bu yigit markazdan maxsus jo‘natilgan, qishloqlarda sportni rivojlantirish, ular ichidan zo‘r chempion yetishtirib berish uning asosiy vazifasi, topshiriq bilan kelgan.
Rostdan ham maktabimizda xokkeydan boshqa yot o‘yin turlarining hammasini o‘rgana boshladik. Qizlar ham lozimlarini yechib brija, keta kiyishardi, yugurganda yelpinib xalaqit bermasligi uchun durracha va ro‘mollarini yechib yalangbosh bo‘ladigan odatlar chiqarishdi.
Qish o‘tsa, tuman markazida o‘tadigan o‘quvchilar spartakiadasiga ham qatnashadigan bo‘ldik.
Qishda sinf xonalarda dars o‘tilardi. Voleybol, futbol, gandbol, basketbol va boshqa sport turlarining qoidasi, nazariyasi o‘qitilar, yozdirilar, yodlatilar edi. Daftarlar to‘lib ketardi. Yozilgan qoidalarni yodlash shart, bo‘lmasa jazo qattiq.
Ayni vaqtda tosh ko‘tarish, o‘tirib turish, qo‘lga tayanib gavdada yotib turish kabi mashqlar ham sinfda bajarilardi. Yotib turish ayniqsa qiyin edi. Maktab pol bo‘lmaganidan partalar o‘rtasidagi yo‘lak loy, tupuk-shilimshiq joy, shu yerga kafting bilan tayanishing kerak edi, charchasang ham domla ustingda turib «davay» deyaverar, oxiri qo‘ling tolib yuzing, ko‘kraging bilan shu bulg‘anch joyga yotib ham qolarding. Ammo muallim boshingda turib olib «dvadtsat odin, davay, yehyo cheto‘re raza» deb baqiraverardi.
Ahmad muallimning uyiga ikki xotin va bir chol janjal ko‘tarib boribdi: qizlarimizni tinch qo‘yadimi bu yo qishloqdan izini quritaylikmi?.. Muallim yana o‘rtaga tushibdi: bu o‘zi yaxshi yigit, niyati yaxshi, hukumat bobodan shunday-shunday topshiriqlar olib kelgan, qishlog‘imizning nomini elga ko‘rsatmoqchi. Yana bir yangilikni sizlar bilmas ekansizlar, aytib qo‘yay: bola asli qishlog‘imizga jiyan ekan. Saritoy boboning haligi burun qochib ketgan ayoli bor-ku, o‘shaning o‘g‘li emish. Momoy uch yil oldin o‘lipti, bolasigayam tog‘alaringni top, deb vasiyat qipti. Bu, endi, tog‘alarining ichida bir oz erkalik qilsa, kechiringlar-da. Pedagog o‘g‘il-qizlaringizni tarbiyalab odam qilishi kerak. qiziq ekansilar. Mana, bizga o‘xshab mundayroq o‘qitsa, bolalar ruschani o‘rganmasa, mayli, qattiq turganning enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatish kerak ekan-da, a? Bunday bo‘lmaydi-da, qo‘yinglar endi...
Odamlar qarindoshlik tuyg‘ulari bilan bir oz yumshab, shunda ham qizlarimizni putini ko‘tarib turnikka osiltirmasin, deya shart qo‘yib ortga qaytishibdi.
Biroq Faxriddin muallim bari bir shashtidan qaytgani yo‘q. Ayniqsa u men bilan o‘chakishadi. Yerga qo‘l bilan tayanib turishni boshida eplayolmasdim. Keyin yigirma, elliktaga chiqardim. Boshqalar yigirmataga yetkaza olmasa ham menga yetmishta qilasan, dedi. Yetmishtaga ham yetkazdim. Bari bir u menga iliq gapirmadi. qishning o‘rtasida u qaerdandir yigirma to‘rt kilolik tosh topib keldi. Avval o‘zi ko‘tarib ko‘rsatdi. Yengil narsani ko‘targanday uch marta havolatib ko‘tardi. Partadoshim Abdushukur beixtiyor «o‘ho‘, mallim, polvon ekansiz, nechtaga oborasiz?» deb qoldi.
Muallim qovog‘ini uydi.
– Yigirmadan oshadi, – deb qo‘ydi so‘ng to‘ng‘illagansimon.
Tosh nihoyatda og‘ir, joyidan qo‘zg‘atishning o‘zi amri mahol edi. qish bo‘yi hadisini olgach, ko‘pchiligimiz uni uch martadan oshirib ko‘taradigan bo‘ldik. Men mayisha-mayisha yigirmaga yetkazdim. Mayishganim menga dakki olib kelardi. So‘ng mayishmay o‘ng qo‘limda o‘ttizga yetkazadigan bo‘ldim. Chap qo‘lda o‘ntadan oshirolmasdim. Muallim shu tomonimga yopishib oldi. Xuddi boshqa qiladigan ishi yo‘qday men bilan o‘chakishar, sira buning sababini tushunolmasdim.
Ko‘klam chiqdi. Darslar ichida eng muhimi fizkultura bo‘lib qoldi. qizlar ham og‘ir jismoniy mashqlarga o‘rganib qolishdi. Futbol o‘ynamas, kurash tushmas, tosh ko‘tarmas edilar, xolos, boshqa hammasini bajarishga majbur edilar Bahordagi tuman spartakiadasida biz yaxshi qatnashdik. Yugurishda, uzunlikka sakrashda kamina birinchi o‘rinni oldim. Futbolda ishimiz yurishmadi, maydon katta, qoidadagidek to‘qson metr, tor joyda g‘uj o‘ynab, koptokni suvga tushirib yuborishdan cho‘chib qisqa masofaga tepib o‘rganganimiz pand berdi chog‘i, hech qaysimiz uzoqqa tepib, bir-birimizga oshirolmaymiz. Darvoza ham katta, darvozabonimiz uzoqdan kelgan to‘pni ham o‘tkazib yuboradi – kichkina darvozaga o‘rganib qolgan-da. Uchta maktab bilan o‘ynagan bo‘lsak, uchovidayam yirik hisobda yutqazdik: yuguramiz – befoyda. Har gal o‘yindan keyin haqimizni olamiz: Faxriddin muallim bo‘ralatib o‘rischalab so‘kadi. Nima deyapti – tushunmaymiz. Odam bo‘lmaysizlar, deyotgan chiqar-da. Yanayam aytib bo‘lmaydi, shahar ko‘rgan, o‘rischa ta’lim olgan.
Qizlarimiz voleyboldan uchinchi, biz ikkinchi o‘rinni oldik. Birinchini ham olardig-u, hakam ularga ochiqdan-ochiq yon bosdi. O‘qituvchimiz bir oz qizishdi, hakam bilan talashdi, foydasi bo‘lmagach, tag‘in bizdan o‘chini oldi – ruschalab baqirdi.
O‘ninchi sinf qizlaridan To‘ti opa deganimiz ham turnikda mashq bajarishdan uchinchi o‘rinni egalladi. U hamma mashqlarni risoladagidek bajardi, biroq formasi yo‘qligi, qishloqcha kiyingani, aqalli ro‘molini ham yechmagani uning ochkosini tushirib yubordi. Shundoq ham muallim To‘ti opani maktab turnigiga belidan ushlab chiqarib qo‘ygani, oyoqlarining yumshoq joylaridan ushlab turnikda aylantirgani, keyin yana ko‘tarib tushirib qo‘yib, o‘rischa maqtashi gap bo‘lib ketgan edi.
Ko‘p o‘tmay muallimning Ahmad akanikidan maktab qorovuli Isrofil bobonikiga ko‘chib o‘tgani bu gap-so‘zlarni yana ko‘paytirdi. Chunki To‘ti opa – Isrofil boboning kenja qizi. Garchi maktabda uncha a’loga o‘qimasa ham juda chiroyli, durkun qiz. Uncha-muncha a’loga o‘qiydigan katta yigitlar ham unga suqlanishar, xatlar ham yozishardi. Aytishlaricha, u bu sinfdoshlariga parvo qilmaydi, Toshkentda irrigatsiya institutida o‘qiydigan tuman markazidagi yigit bilan ahd-paymoni bor emish, qiz maktabni tugatgan zahoti bunga uylanarmish, keyin To‘ti opani medtexnikumda o‘qitib do‘xtir qilarmish. Ana orzu, ana baxt! Odamlar hali o‘quvchiligidayoq kelajak istiqbolini ta’minlab qo‘ya oladilar.
Kuyov bo‘lmish ham goho qishloqqa kelib, maktab atrofida o‘ralashib yurarmish. Kech tushgach To‘ti opa bilan bekitiqcha shivirlashib ketarmish. Toshkentga borib favvoralar bo‘yida guldor ko‘ylak, klyosh shim, uzun sochlarda o‘rtoqlari bilan tushgan, pastiga «Toshkent-1974» deb chiroyli yozilgan suratini yuborarmish.
Faxriddin muallim To‘ti opalarnikiga ko‘chib o‘tgach bu mish-mishlarning shoviri kamaydi. U To‘ti opaga kelgan xatlarni yirtib tashlarmish, yigitga yozilgan xatlar ham yetib bormasmish.
Va, kunlar o‘tdi – To‘ti opa Faxriddin muallimni sevib qopti, degan gap chiqdi. Rostdan ham muallim endi fizkultura darslarida To‘ti opani ko‘p ayaydigan, avvalgiday murakkab mashqlarni bajartirmaydigan bo‘pti. Har qalay bu gap bekorga emasdir. Do‘ppiday qishloq, hamma bir-birini biladi – sir yotadimi bu yerda?
Men tuman gazetasiga bo‘lib o‘tgan spartakiada hamda unda maktabimiz sportchi yoshlarining muvaffaqiyatlarini bir-bir sanab, maqola qilib xatda jo‘natib yubordim. Unda To‘ti opaning ham mohir gimnastikachi ekani, tumanda faxrli uchinchi o‘rin sohibasi bo‘lgani tilga olingan edi.
To‘rt kun o‘tib, maktabda butkul shov-shuv ko‘tarildi, «Jonibekip, yozuvchi bo‘p ket-e», «Ilg‘or chorvador»da maqolang chiqibdimi? Yugur, qo‘nish pochtachi hali shu yerda, xat tarqatyapti».
Otilib chiqib do‘konning yonidagi pochtachi ot bog‘laydigan stolbaga qarab chopdim. Odatdagidek qo‘nish aka ikki ko‘zi posilka va gazetaga liq to‘la xurjunini butini orasiga qisgancha kirlanib, sho‘r bosib, rangi unniqqan do‘ppisini ko‘zigacha bostirib terlagan ko‘yi bir dasta xatni egalari yoki qarindoshlariga tarqatmoqda. U sodda bo‘lsayam juda sezgir odam. Uzoqdan meni payqadi-yu xat o‘qishdan to‘xtadi.
– O‘h, bo‘lamning bolasi, molodes. Jo‘rnalis bo‘ladi bu. Beri kel.
Shunday deb u xurjunidan menga ikkita «Ilg‘or chorvador» gazetasini olib uzatdi. Yana qaytib oldi-da:
– Mana bu yerda, oxirgi bet. Ana, «Jonibekov», senmi shu? Ha, bo‘lamning bolasi, yana yoz! – dedi va tag‘in guvillagan o‘quvchilar qurshovida maktublarni birin-ketin o‘qiy ketdi.
Maqola gazetada bir qarich joyni egallagan, bu juda katta degani edi. Mening birinchi maqolam. Chiqadimi, chiqmaydimi deb yozib yuborsam, chiqarishibdi azamatlar. Ilgari «Gulxan» jurnaliga ikki marta she’r jo‘natganimda, ular hali pishiq emasligi, ko‘p o‘qib, o‘z ustimda ishlashim zarurligi haqida yozib javob jo‘natishgandi. Chiroyli, rangli qog‘ozdagi maktub edi. Negadir shunda ham juda sevinganman. Bu gal esa naq gazetaning o‘zida, he yo‘q, be yo‘q, bosib chiqarishibdi-ya. Demak, tanish-bilishchilik qilishmas ekan, egasini bilmasayam chiqaraverisharkan. qoyil!
So‘z, gap tuzilishi, sarlavha ham garchi o‘zimniki bo‘lmasa-da, ma’nosi o‘sha-o‘sha edi.
Keyingi algebra darsimizda deyarli dars bo‘lgani yo‘q, o‘qituvchi ham qiziqib ketib, avval bizning maqolani, keyin gazetaning u yoq-bu yog‘ini ag‘darib obdon sinchkovlik bilan o‘qib chiqdi.
– Ha, ana, bizdan ham chiqar ekan-a, – dedi.
Bolalardan dam-badam gazetani tortib olaman. O‘zim yozgan narsamni qayta-qayta o‘qiyman. Harflar bir-biriga urilib jimirlashib ketadi. Shunda ko‘zim yoshlanayotganini sezib qolaman.
Dars so‘nggida sinfga direktor kirib keldi. U meni turg‘izib qo‘yib bir oz maqtadi. Maktabdan tashqari bo‘sh vaqtlarida she’r ham yozarkan, mana, rayonimizning gazetida she’ri chiqibdi, bilasizlarmi bu qanday gazet-juda katta gazet, u yerda uncha-muncha narsani chiqazishmaydi obdon surishtiradi-kimning bolasi, otasi sudlanganmi, qaysi maktabda o‘qiydi, «besh»i ko‘pmi, «to‘rt»imi, xulqi, intizomi qanday – bari-barini so‘rab, bilib, undan so‘nggina she’rini chiqarishadi. Shunday ekan, biz bu bolaning xulqi, odobi, o‘qishi bilan tinmay shug‘ullanishimiz zarur. Shunday emasmi, domla?
– Shunday-shunday.
– O‘zi sizdiki nima predmet?
– Algebra.
– Ha, darvoqe, algebra. Bu bolaning o‘zlashtirishi qanday o‘zi?
– Tuzuk. Masalalarga bir oz kuchi yetmaydi, lekin tarbiyalasa bo‘ladi.
– Fizkulturasi qanday ekan?
– Unisini bilmadik, direktor bobo. Mana, she’r yozishiniyam sizdan eshitdik. Maqolasini o‘qidik.
– Ie, bu maqola deyiladimi, she’r emasmi?
– Maqola-da bu, domla.
– Mayli, bizga bari bir. Muhimi – chiqibdi. Fizkulturasini qanday dedingiz?
– Buniyam o‘qituvchisi bilsa kerak-da.
– Ha-ha, bilmappiz, yangi mallim o‘tsa kerak-da. Endi bildik, to‘g‘ri-to‘g‘ri. Turnik qanday, turnik, – deya menga iyak qoqdi direktor.
– Turnik yaxshi, baland.
Bolalar duv kulib yuborishdi.
U turnikda yaxshi mashq bajarasanmi, deb so‘ramoqchi edi, buni bilardim. Lekin – savolga yarasha javob-da.
Direktor savod masalasida andak badxatroq. Lekin «xulqi yaxshi» edi. Shuning uchun va aynan chalasavodligi uchun ataylab rayon maorif bo‘limi mudiri kelib tayinlab ketgan uni. Chunki shungacha ikki-uch direktor qo‘yilganda nuqul ustidan yozishma boshlanib ketavergan, birini ikkinchisi, ikkinchisini uchinchisi yozib badnom qilib, ishdan oldirib tashlayvergan. Bu odamning dovdirligi, savodsizligi maorifgayam qo‘l kelgan: mana, battar bo‘linglar, degani bu.
Jonibekovning muxbirligi og‘izga tushdi. Maktabda ona tili, adabiyot o‘qituvchilarim kerilishdi: bolani biz tarbiyalayapmiz-da, o‘qityapmiz, yozdiryapmiz, insholarini tekshirayapmiz, topshirib «besh»ini qo‘yib beryapmiz, natijada muxbirlik darajasiga ko‘tardik. Mana, butun rayonga tanildi.
Kamina bir parcha informatsiya yozib shu alfoz shov-shuv ko‘taribman, mabodo Toshkentdagi biror gazetada maqolam chiqib ketsa, bilmadim, nima bo‘ladi. Onam burun senga o‘xshagan savodi borlar odamlarga ariza yozib berib hojatini chiqarardi, masalan, Saritoy tog‘am o‘n bir odamni qamoqdan opqoganman deb aytganini eshitganman. Sen undan oshib tushding, dedi. Bobom ham alqadi: yozg‘ich ulim, baraka top!
Mening yozg‘ichligim faqat bir kishiga – Faxriddin muallimga yoqmadi. Maqtov, olqishlar bir oz pasanda bo‘lgach, u meni maktab koridorida to‘xtatdi va tashqariga opchiqdi.
– Yozibsan, yaxshi, – dedi. – Lekin bilib qo‘y: bundan bu yog‘iga To‘ti opangga til tekkizma, naq qo‘lingni sindirib tashlayman.
Faxriddin muallimga so‘z berdim. To‘ti opani yozaman deb ko‘zim ham uchib turgani yo‘q. Lekin bu odam nega hadeb men bilan o‘chakishadi: shunisiga qotaman. U tuman Navro‘z bayramidagi tosh ko‘tarish musobaqasiga meni ataylab qatnashtirmadi. O‘zi kattalar o‘rtasidagi tosh ko‘tarishda qatnashib yutqazib keldi. O‘quvchilar bahsida albatta sovrin olishim mumkin edi. Boz ustiga maktabdagi tosh ko‘tarishda ham nuqul menga ellikdan oshirsang, oltmishdan oshirsang baho qo‘yaman, deb qiynayveradi. Kurash tushishga uquvim yo‘qligini bilgach, nuqul katta sinf bolalari bilan kurashtiradigan bo‘ldi. Tosh ko‘tarib yurganim bois raqibimning beliga kuchim yetsa bas edi, agar u tog‘ bo‘lsa ham yerdan ozod ko‘tarib qulatardim. Muvozanatdan chiqarib chalish yoki oyoq tirab to‘satdan yelkadan oshirib tashlash usullarini hech qo‘llay olmasdim.
– Priyom ishlatolmaysan, bahoying «bir», – derdi u ko‘zini lo‘q qilib.
Bolalar, sinfdoshlarim muallimning adolatsizligini bilishsa-da, piching qilib kulishardi. Ayniqsa, qizlar.
Bir kuni muallimning ko‘ziga tik boqdim:
– Iltimos, o‘zimning bahoyimni qo‘ying, sizga o‘xshab fizkulturachi bo‘lmoqchi emasman!
– Shundaymi?
– Shunday!
– Unda janobi oliylarining bahosi «bir!»
– Qo‘ying o‘sha «bir»ni. Ustingizdan rayonga ariza yozaman.
– Undan nariga – Moskvaga yoz, bildingmi? Kimsan o‘zi san: o‘qituvchiga, aziz ustozingga gap qaytarasan! Mana shu shapaloqdan bitta tushadi – o‘lasan-qolasan!
Qochishni mo‘ljallab, orqaga bir oz tislandim-da:
– O‘qituvchining o‘quvchini urishga haqqi yo‘q, – dedim.
– Ko‘ramiz. Senga o‘xshagan betarbiya, maraz, svolochlarni ko‘zini joyiga keltirib qo‘yish uchun qamchi bilan savalash kerak!
Shunday deb u men tomon xezlanib, lekin urishni mo‘ljallamay – qo‘lini orqaga qilib keldi-da:
– Tupurdim-sengayam, urug‘-aymog‘ingayam, – dedi basharasini jiyirib.
Urug‘-aymog‘im bunga nima yomonlik qilgan ekan – tushunmadim. Buni o‘ylab ham o‘tirmay shartta direktorning xonasiga kirdim.
Direktor «Prima» sigaretini buruqsitgancha nimalarningdir cho‘tini tashlab o‘tirardi.
– Mallim, – dedim hovliqib, – men bu maktabda o‘qimayman. Boshqa maktabga o‘taman, ruxsat berasizmi, yo‘qmi – ertadan boshlab kelmayman.
Direktor:
– I, – dedi-da qotdi-qoldi.
– Ariza yoz desangiz yozaman.
– I, – dedi yana bir marta direktor.
– Faxriddin mallim meni qo‘ymayapti. Endi o‘qimayman bu yerda.
– Jonibekovsanmi? – dedi direktor bir oz o‘ziga kelib. – Ha, jo‘ra, nima gap, buncha pishqirasan?
– Fizkultura mallim qiynayapti. O‘qimayman bu yerda.
– Sen bir narsani tushun: uni hukumat bobo, ya’nikim partiya jo‘natgan – shu yerning aholisini hammasini ta’lim-tarbiya qilib, munosib kadr chiqarasan deb. Bunday deganing nimasi – go‘rgayam bormaysan.
– Unda rayonga yozaman, – dedim tap tortmay.
– I, – dedi-da yana qotdi direktor.
Turdi, turdi-da, papirosini oxirigacha simirib bichogini yerga tashlab, osti qalin bog‘ichli botinkasi bilan obdon ezg‘iladi.
– Jonibekipsan-a sen? Bilaman, yozishni eplaysan. Sen bizga keraksan. Lekin u o‘qituvchi bilan o‘ynashma: tayinlangan kadr.
– Bo‘lmasa aytib qo‘ying, meni qiynamasin.
– I, – dedi direktor. – Markazdan, – deya barmog‘ini osmonga nuqidi, – ha, markazdan kelgan yetuk domulloga bir narsa deb bo‘ladimi? qiziq bolayakansan-ku, jo‘ra.
Shartta chiqdim-da, sinfdan papkamni olib qo‘ltig‘imga qisib uyga ketdim. Hech kimga aytmay ikki varaq daftar qog‘oziga fizkultura o‘qituvchisi Faxriddin qurbonov ustidan shikoyat yozdim. Rayonga. Kechqurun pochtachi qo‘nish akaning uyiga borib, bir konvert sotib oldimu ustidagi adresini o‘ziga yozdirib qo‘liga tutqazdim.
Direktorga ham endi bu maktabda o‘qimayman, degan mazmunda ariza berdim. Domla odatdagiday «i» harfiga urg‘u berib qotib qolaverdi. qaytib maktabga bormadim.
Uch kun o‘tdimi, to‘rt kunmi, direktor meni, ota-onamni chaqirtiribdi. Otamning qo‘li tegmaganidan eshakka mindirib onamni olib bordim. O‘qituvchilar xonasida sinf rahbarim Ulash aka, zavuch Hotam muallim, direktor va direktorning yonida fizkultura domlam mung‘ayib o‘tirishibdi. 
– Checha, – deya gap boshladi direktor, – bu bolangiz bizda tuzukkina o‘qiyotib edi, keyingi vaqtda aynidi. Gazetada she’ri chiqdi – aynidi-qoldi. Bu ukamiz Paxriddin shahardan kelgan. Oliy ma’lumotli. Gandbolmi yo voleyboldanmi, a, – deya fizkulturachiga qaradi direktor, – ha, gandboldan chempion bo‘lib medal olgan polvonlardan o‘zi. Bizga kerak odam. O‘g‘il-qizlarimizdan sportchi chiqaraman, deb jon kuydiryapti. Ulingiz, manovi bo‘lsa shunday katta domulla bilan tirashadi. Ay, kim qo‘yibdi tirashishni bunga, kitobini o‘qisin, odam bo‘lsin.
Onam menga mo‘ltirab qaradi. Juda xafa edi. Bechorani majlisga chaqirishning o‘ziyoq uni tamom qilgandi.
– Mallimjon, kechiring, men buni urishib qo‘yaman, – deya oldi zo‘rg‘a.
Yo‘lda onam bilan shunga kelishgan edik. Boshqa gap gapirib o‘tirmang, degandim.
– Masala hal, – dedi direktor, – ota-ona buni tarbiya qilolmagan, biz epini qilolmadik, ulingiz haydaladi maktabdan. qaerga borsa borib o‘qiyversin.
– O‘zi nima qildi bolam? – deyishga jur’at qildi onam. – Ayting-chi, nima qildi, qaerga borib o‘qisin?! – Shunday deya onam bechora yum-yum yig‘layverdi.
– Yig‘lamang, – dedim onamga. – Qaytanga yaxshi bo‘ldi. Jumabozorning maktabiga borib o‘qiyman. U yerda o‘qituvchilar yaxshi o‘qitadi ekan. Hammasi oliy ma’lumotli. Maktabni bitirganlarning ham hammasi o‘qishga kirar ekan. Yig‘lashingizga arzimaydi. Jumabozorning maktabi endi bizga yaqin-ku. Hecham yig‘lamang, ketdik.
Yo‘lda onam yig‘lay-yig‘lay menga arz qilib ketdi:
– Shu jallodning bolasiminan qasdlashasanmi? Otasi Saritoy tog‘amni so‘yib qochgan, uch kundan keyin Guloy chechamni otga o‘ngarib opqochib ketgan bo‘lsa, Guloydan tug‘ilgan bu bola tag‘in kelib qishloqda bilgan noma’qulchiligini qilib yurgan bo‘lsa, bandasi bularminan teng kelolmaydi, bolam. Nega sen qasdlashding?
– Men hali uning kovushini to‘g‘rilab qo‘yaman, – dedim negadir. Ammo otasining qilgan ishlaridan qo‘rqib, titroq bosdi.
– Seni bir narsa qilib qo‘yadi, shunisidan qo‘rqaman.
– Nurmat, Shermat tog‘alar Saritoy tog‘aning bolalari-ku. Shular o‘ch olsa bo‘ladi-ku.
– Qo‘y ularni. Murg‘ak go‘dakka o‘xshaydi.
– Ana xolos. Bu dunyoda qotil bo‘lish kerak ekan-ku. Ko‘rasiz, hali sovet hukumat bundaylarni jazolaydi. Bugun-erta jazolaydi.
Uyda bobom ham meni koyidi.
– Bularminan teng bo‘laman deya ko‘rma. qo‘li qon, bolam. Senga ziyoni tegadi. Bizning qo‘limizdan nima keladi? Xudo ko‘rsatmasin, otasi qilgan qiliqlarni qilsa butun yurtni xaromga botiradi.
– Men uning ustidan yozganman. Hademay komissiya kelib tekshiradi.
Uyda bobom ham meni koyidi.
– I, – dedi bobom direktorga o‘xshab. – Tinch yur, yozma buni, nega Azroilga tegishasan, jonim bolam. Bekor qipsan, endi hammamizni xonavayron qiladi.

* * *

Maktabni komissiya bosdi. Men shikoyatda Faxriddin muallimni axloqan buzuq, o‘z o‘quvchisi To‘ti Isrofilova bilan buzuq ishlarni amalga oshirgan deb ham yozgan edim. Ikkita melisa ham kepti. Ular muallimdan tushuntirish xati opti. To‘ti opa men muallimni sevaman depti. Biroq otasi men ko‘p narsani bilib yurippan, qo‘rqib indamayotuvdim depti. To‘ti opaning onasi kelib qizining homiladorligini aytibdi. Bu juda katta gap bo‘lib ketdi. Boz ustiga melisani ko‘rib himoyachi topilganidan boshqa ota-onalar ham mening bolamniyam urar ekan, deb yozib berishibdi.
Bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon.
Akang qarag‘ay jinoyatchidan qahramonga aylandim. Muallimni melisa opketadigan bo‘ldi. Men ham shu atrofda g‘olibona aylanishib yurar edim. Pochtachi qo‘nish aka kelib meni so‘rabdi. Bordim. Bir kaptansa tutqazib qo‘l qo‘y dedi. qo‘l qo‘ydim. qo‘ynidan olti so‘mu yigirma tiyin chiqarib berdi. Gazetadan pul kelibdi. Gonorar deyisharkan buni.
– Menga qara, bo‘lamning bolasi, – dedi u to‘satdan. qizig‘ar o‘ttiz yildan beri xat, pensiya, gazet-jo‘rnallaringdi tashiyman. Birov bir og‘iz rahmat demaydi. Sen yoz. Maqta, xo‘pmi? Gazetada chiqsin. Mana, besh so‘m. Ikki vinoning puli-da. Ol. Osh bo‘lsin. Halol pulim.
Pulni olmaganimga qo‘ymadi. Uni olgach nima deb maqtashni o‘ylab qoldim.
Pochtachining oldiga direktor kelib qoldi.
– Tog‘amning bolasi, – dedi uyam menga qarab. – Otasining otasi tus tog‘am-da mening. qo‘nish, bu bola anovi iflosni yomon bopladi-da. Yomonam bopladi. qutuladigan bo‘ldig-e shu marazdan. Toza jonga tegib yuruvdi. Birov bir narsa deyolmaydi. Shu qildi hamma ishni. Ha, molodes, jo‘ra. O‘zing bo‘ladigan bolasan-da. Dokumentlaringam qoladi. Endi shu maktabda o‘qiyverasan. Obbo tog‘amdi uli-ya.
Ichimda shayton qo‘zg‘olib «jiyan»ga gap qaytardim:
– Muallim, endi men sizning maktabingizda o‘qimayman, Jumabozorga qatnayman, otam direktori bilan gaplashib keldi.
– Noma’qulning nonini yebsan. Otangga o‘zim aytaman. Bu nimasi, bu yerda hammasi og‘a-ini, qarindosh, begona joyda pishirib qo‘yibdimi senga?!
– Bari bir u yoqda o‘qiyman, ko‘rasiz.
Ko‘z oldimga Bibisora keldi. Balki bir sinfda o‘qirmiz. Mayli, bir sinfda o‘qimasak ham tanaffuslarda ko‘rishsak, ikki og‘iz gaplashsak. Juda bo‘lmaganda quralay ko‘zlarini suzib kulib o‘tib ketsa ham mayli. Eh-h.
Melisalar Faxriddin muallimni sayxonlikdagi «Uazik» mashinasi tomon olib tushishdi. Domla xafa edi, biroq ko‘zi yonardi. To‘daga qo‘shilib men ham pastga tushdim. Muallim mashinaga minaturib to‘xtadi. Menga qaradi. Melisaga bir narsa deb shivirladi-da, men tomon yurdi. Orqaga tislangan edim, qo‘rqma, urmayman, dedi. Kelib engashdi.
– Chavandoz akang bor-a, Sulton degan? Sherali degan o‘g‘li bor-a? O‘sha bizning uka bo‘ladi. Tushunasanmi bunaqa gaplarga? Bu qishloqda bizning urug‘larimiz bor. Hali ular otilib chiqadi. Bizni izlab topadi. Yangangga, chavandozga tayinlab qo‘y, ukamizni yaxshilab boqishsin, o‘rtoq Jonibekov!
Uning ko‘zlaridan yashin sachragandek bo‘ldi.
Mashinaga chiqayotib ortiga, aniqrog‘i menga tag‘in tikildi. Chamamda bo‘rining ko‘zlari shunaqa bo‘lsa kerak. g‘ijinib «Jonibekov!» dedi yana, tishlarining orasidan tupuk sachradi.
Ketdi. qaytib qorasini ko‘rsatmadi.

* * *

Yangamning endi kelin bo‘lib tushgan chog‘larini eslayman: hurkakkina, qalin qo‘ng‘ir sochlari to‘pig‘ini o‘padi, yuzi oppoq – suluvlarning suluvi, ko‘zlarining oqi oq, qorasi qora – tip-tiniq, kiyim-liboslari ham – hamma narsasi go‘zal, entikib so‘zlashlari-da bo‘lakcha edi. Mening g‘o‘r va dag‘al bolaligim yangam tufayligina ma’nolarga qorishdi. Go‘zal inson, bokira ayol qanday bo‘lishini yangam timsolida ko‘rib, maftun bo‘ldim. Yangam men uchun bo‘y ko‘rsatib turgan jonli xilqat, bitmas-tuganmas orzular manbai edi.
Anvoyi atirlari bo‘yi shundoq dimog‘imni qitiqlab o‘tdi. Avval sharaqlab so‘ngra entika-entika hayajonlanib kulganlari ko‘z oldimga keldi.
Mana bu iflos, ko‘lankaning, qo‘lansaning farzandi nimalar deyapti? Nimaga meni, bizni haqorat qilyapti? Shunday deyishga haqqi bormi o‘zi? Butun bir qishloqni bulg‘anchga botirib ketaveradimi? Otasining qilgani, qilganiga yarasha jazolanmagani yetmaganday bolasi ham najasini begunoh bolalar, pok qizlar og‘ziga tiqib, ustidan xohlagancha kulib ketaversinmi?
Nahot, nahot mening To‘lg‘anoy yangamning etagiga it tekkan bo‘lsa? Itdan battar qora chol... maraz, yana qanday so‘z bor ekan, ta’riflab bo‘lmaydi. Nahotki o‘sha shu sassiq chol uchun hammaning eshigi, uyi, hatto bokira quchog‘i ham ochiq bo‘lsa?! Buni tushunib bo‘lmaydi. O‘g‘li-chi, o‘g‘li? Nega undan ham hamma qo‘rqadi? Shermat, Nurmat tog‘amlar nega uning qorniga o‘roq urib yorib tashlashmadi? Mana men – sening otangning qotilining o‘g‘liman deb ko‘krak kerib yolg‘iz keldi-ku bu! Yolg‘iz o‘zi boshqa ishlarni ham qildi-ku!
Otasi-chi? Otangizning jallodiman, onangizni otga o‘ngarib opqochib ketgan ham o‘zimman. qaridim, lekin tap tortmay, qo‘rqmay yana keldim, qani, qo‘lingdan nima keladi, demadimi? Bechora, g‘urursiz, lattachaynar tog‘alarga bu ham kammi? Nomusini, orini himoya qila olmaydimi? Maktab direktori-chi? O‘l munday yaltoqlanmay. Avval Faxriddinning tovonini o‘par edi. Endi u ketar bo‘lgach, men tog‘asining o‘g‘liga aylanib qolibman.
Xo‘sh, Faxriddin nima ishlar qildi? Hammasi ko‘zingizning o‘ngida sodir bo‘layotgan edi-ku, direktor bobo? Hammasi siz boshqarayotgan, siz rahbar bo‘lgan ulug‘ dargoh ichida bo‘ldi-ku. Isrofil bobo sizning ishchingiz emasmi? qizi To‘ti opaning kimdan kam joyi bor edi – u sizning o‘quvchingiz, kerak bo‘lsa, bir mard erkakning baxtini ochadigan gulday qiz edi-ku. Yoki men kimman? O‘gaymidim? It, to‘ng‘iz g‘ajiganda dumog‘ingiz chog‘ bo‘lib qarab turasiz, qo‘l qovushtirasiz. Endi dunyo o‘zgarib it haydalsa, tog‘am deysiz?
Endi meni bu maktabda arqon bilan ham bog‘lab ushlab tura olmaysiz. Yelkamning chuquri ko‘rsin! Jumabozorga borib o‘qiyman, Jumabozorga! U yerda qanday muallimlar borligini bilasizmi: madaniyatli, bilimli, muhimi – g‘ururli! Yana bir zot bor u yerda. Buni sizga aytib o‘tirmayman. Aytganimda ham tushunmaysiz. Umuman, tushunishgayam arzimaysiz, domla!

* * *

Uch kun o‘tib, hali maktabdan hujjatlarimni ham olib ulgurmagan edim. Bibisoradan maktub keldi.
«Salom Jahongir! Sog‘liklaringiz yaxshimi? O‘qishlar qalay? Bilaman, «besh»ga o‘qiysiz.
Xat ham yozmaysiz. Juda bo‘lmasa 8 martda tabriklab turardingiz. Arazmisiz? Mayli, o‘pkalamayin, o‘pkalashga haqqim ham yo‘q.
Bizlardan so‘rasangiz, yaxshi. O‘qishlar ham yomon emas. Fanlar ancha murakkablashib ketdi. O‘qituvchilar talabchan.
Otam to‘rt oydan beri kasal. Do‘xtirlar insult deyishdi. qon bosimidan bo‘larmish. qimirlamay yotadi. Akam armiyada. Ukam juda dangasa. Dars tayyorlamaydi. Onam balnisaning oshpazligidan bo‘shamaydi. Kech keladi. Otamga o‘zim qarab o‘tiribman.
Ba’zan siqilaman. Sizni ham o‘ylayman, nima qilayotgan bo‘lsa deb.
Tepa qishloqqayam borib turibsizmi? To‘lg‘anoy yangangizni yaxshi ko‘rardingiz. Hazillashib yurganlaringiz esimga tushyapti. Ko‘rib turibsizmi? Otam yotib qolgandan beri bir martagina keldi. Bolalari ko‘payib qo‘li tegmay qolgandir-da. Biroq pochcham har zamonda kelib turadi. Katta o‘g‘li – ko‘k ko‘z jiyan rosa to‘polonchi emish. Ko‘rsangiz, mening nomimdan o‘pib qo‘ying, iltimos. Sog‘indim. Tayinlab ham qo‘ying: ko‘p to‘polon qilmasin, onasini qiynamasin.
Aytmoqchi, siz muxbir ekansiz-a? Bilmas ekanman. Bugungi «Ilg‘or chorvador»da qo‘nish pochtachini maqtab chiqibsiz. Men ham taniyman u odamni. Balnisaning orqasidagi pochtaxonaga kirib turadi.
Avvalroq ham bir maqolangiz chiqqan ekan. 48-maktab bolalari rayonda yutib chiqdi, deb yozibsiz. Kechroq olib o‘qidim. Fizkultura muallimlaringizni ham maqtabsiz. qoyil, endi fizkulturadan nuqul «besh» olayotgan bo‘lsangiz kerak.
Darvoqe, bizning maktabgayam yangi fizkultura ustozi kelibdi. Uning ham ismi Faxriddin ekan. Shahardan kelgan deyishdi... qora plash kiyib yurarmish...
Shu bilan sog‘inchlik salom xatim tamom. Xayr. Ko‘rishguncha.
Bibi. 19.. y. 14 aprel».

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.