OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O'nar. Dunyo shunday tururmi? (qissa)

Oilada baxtli bo‘lmagan inson hech qachon baxtli bo‘lolmaydi.
Lev TOLSTOY

Uch kun o‘tdi. Dili xufton bo‘la boshladi. Shu kungacha u ajab qildim, xo‘b qildim deb yurgan edi. Ammo kunlar o‘tib hayot bu qadar rutubatli, qop-qorong‘i bo‘lib qolishini sira o‘ylab ko‘rmagan ekan.
Oshxonaga borib muzlatgichni ochdi. Piyolada bitta chaqilgan tuxum bor ekan. O‘shani qovurib yegisi keldi. Lekin bitta kam-da. Muzlatgichning dekchalarini qaray-qaray tag‘in bitta tuxum topib oldi. Ikkovini qo‘shib qovursa, baharnav, nonushta degulik bo‘ladi. Tuz topila qoldi-yu, ammo yog‘ degan isqot qaygo‘rda  ekan? Yog‘ning idishi — bakalashka bo‘shab qolgan. Boshqa idishlarga ovqatdan ortganini quyib qo‘yarmidi xotini, qaysi biriga  quyib qo‘yardi — hech topolmadi. Oxiri bakalashkaning tubidagi besh-o‘n tomchi yog‘ni tovaga yalingandek sirqitib, ikkita tuxumni tutatib, kuydirib amallab pishirib yedi.
O‘zi tuxum degani tuzuk ovqat. Shu narsaning boriga shukr: oshqozonni qiynamaydi, yumshoq, tez hazm bo‘ladi. Oshga o‘xshagan og‘ir ovqat yesang kun bo‘yi qorning do‘mbira bo‘lib yuradi. Ayniqsa kechqurungi osh obdon qiynaydi kishini. Shaharda payshanba kuni   dahmaza bilan osh damlash rasm. To‘yib uxlaganingdan keyin qurmag‘ur xo‘p qiynaydi-da. Kechasi bir uyda bir  o‘zing uxlasang ekan... Adabiyot gazetasining tunov kungi sonida katta bir shoir nahor oshni madhiya qipti. Nima emish, o‘zbek o‘g‘lonlari tun bo‘yi xotini bilan oshiq-ma’shuq o‘ynab chiqadi, shu bois ertalabdan juda ketadi-da osh...
E, sadag‘ang ketay hukumat, shuncha kiftini keltirib gap topishganini qarang. Bundan keyin kechasi orom olib ertalabdan qattiq ovqatga tayyor bo‘lmagan oshqozonni ko‘pam qiynamanglar, deb ko‘ring-chi. Umumiy odatga aylanib qolgan. Har qanday ziyoli, ministr, undan kattasi ham  azonlab nima kerak ekan-a, deydi-yu,  o‘zi to‘y yo marosim qilsa nahorga mo‘ljallab qo‘l qovushtirib turaveradi. Demak, bu odatni biz istamaganimiz holda aslida xohlab turamiz.
Shirinqul tuxumning tagidagi yog‘larni ham nonga surkar ekan, darvoqe, bugun payshanba-ya, deb  qo‘ydi. Lekin unga payshanba, jumalarning ahamiyati qolmagan. Uch kundirki, bo‘ydoqlik alamini tortyapti. Bunchalikka boraman deb o‘ylamagan edi. Jahl chiqsa aql ketadi deganlari rost ko‘rinadi. Mana endi hammayoq huvillab yotibdi. Uch xonadan iborat uyining ham hayhotdek ekanini ko‘rib ajablanib qo‘ydi.
Vannaga kirib paypog‘i, maykasini sovunlab yuvdi. Ko‘ylagining yoqasi va kir bo‘lgan yenglarinigina yuvib qo‘ymoqchi edi, boshqa joylari  ham ho‘l bo‘lganini ko‘rib to‘liq yuvib tashlay qoldi. Shuyam qiyin ish ekanmi, Mag‘firatga qolsa bu kirlar vannada naqd bir oy yotardi. Ha, bir oy!..
Bir oy emas-u, bir haftalab yotardi-da. Negadir shu tobda uning bir oz ko‘ngli yumshadi. "Bekor "taloq" debman. Nega aytdim shuni? Shunchalikka borish shartmidi?!"
Vannaxonadagi usti latta bilan yopilgan tog‘orani ochib qaradi. Bir talay paypoqlar, o‘g‘lining yuvilmagan ishton-maykalari, Mag‘firatning ham xalati yotibdi. Allanechuk bo‘lib ketdi. G‘ayrati qo‘zib ularniyam yuvib-chayib tashladi. O‘g‘lining axlat-siydiklaridan dog‘ bo‘lib ketgan ishtonlaridan jirkanmaganiga o‘ziyam hayron qoldi. Lekin harchand urinmasin, bu dog‘larni  ketkiza olmadi. Xotini ularni temir tog‘oraga solib, poroshok qo‘shib qaynatarmidi, ishqilib bir narsalar qilardi-da. Endi-i...
Shunda birdan ko‘ziga ikki yashar o‘g‘li ko‘rinib ketdi. U ko‘k yelim tuvakka o‘tirib olgancha ko‘zlari qizarib: — Dada, man titoppan, — degandi kuchana turib. Kuchanib bo‘lgach, o‘rnidan turib: — Ana, —  degan va burnini jiyirib: — Vaqxay, — degandi. Shirinqul o‘g‘lining qilig‘iga qota-qota kulgan edi. Kulib-kulib xotiniga buni aytib bergan, tuvakni birinchi marta o‘zi hojatxonaga to‘kib, chayib kelgan edi.
Endi o‘sha kunlar juda shirin. Endi o‘sha kunlar arzanda. O‘sha kunlar judayam uzoq...
Issiqqa tobi yo‘q. Suv issiq, vanna issiq, buning ustiga kun ham issiq. Terlab-tepchib ketdi. Badanidan, qo‘ltig‘idan hid taralayotganini sezib bir cho‘milib oldi. Artinib bo‘lgach devordagi soatga qaradi: hali yettiyam bo‘lmapti. Kunlar uzun. Ishga borishga erta. Soat 9 da borishing  kerag-u, ammo el qatori 10-11 da borsayam hech kim hech narsa demaydi. Nashriyotlarning ishi hozir shunaqa: o‘zini o‘zi boqsa bo‘ldi, kitob chiqar, sot, foydasini ko‘r, yasha. Minba’d davlatning puliga sherik bo‘lako‘rma. O‘z kuningni o‘zing ko‘r!
Ikki yil burun kattalarning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish maqsadida markaziy gazetada bir maqola chiqargan edi. Nima palakat bosdiyu shu maqola o‘zining zarariga xizmat qildi. Kattalardan biri shu maqoladan siyosiy xato topibdi. Bu odam zamondan orqada ekan-ku, deganmish. Shundan so‘ng birlashma direktori uni chaqirib: "Ehtiyot bo‘lmaysanmi, kim senga maqola yoz deb  edi, endi ishing masalasi ko‘rilishi mumkin", dedi. Shirinqulning a’zoi badani titrab ketdi. Axir maqola boshdan-oyoq maqtovdan iborat edi-ku. Ba’zi bir shaxsiy mulohazalar ham bor edi, xolos. O‘shanda birlashma direktori uni chaqirib olib: "Yaxshi ish qipsan, pusib yuravermay faolroq bo‘lish kerak, bunaqa maqolalarni ko‘proq yoz, qo‘lingdan keladi. Men keyin sizlarni qariqiz qilib ushlab o‘tiravermay o‘stirayin, shogirdlarim falon-falon ishlarga ko‘tarildi, deyin. Tushunding-a?" degan edi. Bu gaplar aniq esida. O‘shanda Shirinqul direktorga faol bo‘lishga va’da bergan edi. Ustozim mening qadrimga yetadi deb quvongandi. Ammo... ish teskarisiga ketdi.
Shundan ikki hafta o‘tmay direktor yana chaqirib olib: "Uka, shu vazifangni topshirmasang bo‘lmaydi chog‘i, qo‘yishmayapti",— dedi. Shirinqul dabdurustdan nima deyishini ham bilmay qoldi. Shalvirab,  ichidan zil ketib turgan edi, direktor: "O‘zi san bola, qilichning damiga qo‘l urishni yaxshi ko‘rarkansan-da, a?" dedi. Shirinqul yalt etib ustoziga qaradi, "Tushunmayapman, ustoz, o‘shanda o‘zingiz chaqirib,  "barakalla, yaxshi maqola yozibsan", degandingiz-ku, dedi yurak yutib ham bir oz qizishib. Ustoz shunday degani esidan chiqqan ekanmi yo  eslagisi kelmadimi, har nechuk hovridan tushmadi. Keyin bari bir yigit bekorga nobud bo‘lyapti, deb achindimi: "O‘rinbosaring kim,  anovi jipiriqmi?" dedi. Shirinqul direktor kimni nazarda tutayotganini anglayolmay qoldi. Keyin muddaoni tushunib yerga qaragan ko‘yi: "Jipiriq emas-ku"  dedi. "Jipiriq-da, jipiriq. Bosh muharrirlikni u senday eplayolmaydi", dedi. Shundagina direktor, hey, bola, aslida seni yomon ko‘rmayman, degan ma’noda gapirayotganini tushundi.  Shirinqul direktor shundoq ham yaxshi taniydigan o‘rinbosari Avazni ortiqcha himoya qilish lozim emas degan qarorga keldi. Direktor shu ma’noning davomi o‘laroq: "Mayli, jipiriq bo‘lmasa juda yaxshi. O‘shani sening o‘rningga qo‘yib turamiz-da, bu gaplar bosti-bosti bo‘lgandan so‘ng, bir-ikki oydan keyin tag‘in joy almashib olasizlar", dedi.
Shirinqul noiloj "xo‘p" dedi. Ammo nega ishlar bu qadar teskari ketganiga dabdurustdan ko‘nikolmagani uchun tamom shalvirab qoldi. Idorada ham o‘tirolmay uyiga ketdi. To‘yib-to‘yib ichdi. Ishga chiqmay qo‘ydi. Oxiri bir kun kechasi o‘rinbosarining uyiga telefon qilib: "Do‘stim, o‘zingiz bu yog‘iga jilovni qo‘lga olasiz, direktorga men sizni aytdim, boshqa munosib odam yo‘q dedim", dedi. Va o‘tirib arizani yozdi. Xotini telefondagi gapini eshitib turgan ekan, "nima gaplar bo‘lyapti o‘zi, dadasi, hech bunaqa bir o‘zingiz ichib yotmasdingiz-ku?" dedi suykalib. "Hech gap yo‘q", dedi unga sir boy bermay. “Avaz akaga nima deganingizniyam tushundim, hech bunaqa ahvolda ko‘rmaganman sizni, menga ayting hech bo‘lmasa?" deb turib oldi.
Shirinqul oshxonaga o‘tdi-da yarim bo‘shagan shishani olib ikki piyolaga quydi.
— Ichasanmi? — dedi xotiniga.
— Yo‘q, — dedi u.
Qarasa eri ikki piyolani ham birin-ketin sipqorib yuboradi.
— Mana buni kamaytirib bering, mayli, — dedi. So‘ng eri bilan  cho‘qishtirib aftini burishtira-burishtira yarim piyola aroqni ichib yubordi.
Eri bo‘lgan gaplarni birma-bir aytib berdi. Xotini bu ish nohaq ekanini bilib kimlarnidir qarg‘adi, yozg‘irdi. Lekin o‘ylamang, kimdan kammiz, uy, o‘g‘il, qiz, yeyish-ichish, yegulik pul — hammasi bor, bir kunimiz amallab o‘tar, dedi.
Er shu gaplarni eshitishini bilardi. Lekin xotin kishi erkakday hamdard bo‘lolmaydi-da. Ko‘p o‘tmay yor-birodarlar, hamkasblar, hamqishloqlar — barisi eshitdi. Shirinqulga bu gap-so‘zlar xuddi shov-shuvday tuyulaverdi. Qishlog‘ida ba’zilar "o‘zi keyingi paytlarda juda kerilib ketuvdi, to‘y-po‘ylargayam kelmaydi, cho‘ntakda pul, tagida moshin, qo‘sha-qo‘sha uy, qo‘sha-qo‘sha xotin edi, barining oxiri bor-ku, mana, Xudo uribdi  endi" deyishgacha boribdi. Shirinqul bu gaplar kimdan chiqishini biladi. Ishi yurishganda kelib yaltoqlanadigan, yurishmaganda bir tiyinga ham olmaydigan bir-ikkita odamlar bor, o‘shalar aytgan. Ular nima sababdan aynan shu gaplarni chiqarayotganini, ertaga yana qanday gaplar to‘qishi mumkinligini ham u taxmin qila oladi. Mayli, qandini ursin, ulargayam bir kun tegdi-da. Juda qiynalib ketishgandi...

*  *  *

Keyingi uch-to‘rt oy o‘tishi juda qiyin kechdi. Avaz kamtar, savodli, insofli yigit. Uni o‘zi zo‘rlab kabinetiga o‘tqazdi. O‘zingiz o‘tiring, menga noqulay deydi u. Siz o‘tiring, qoida shunday, hali ishlar izga tushsa balki tag‘in joy almasharmiz, faqat xizmat mashinasidan foydalanib tursam bo‘ldi, dedi. "E, o‘zingizni mashinangiz, o‘zingizni shofyoringiz-ku, — dedi Avaz. — Bizga kim qo‘yibdi”. Biroq bu hol ikki oygina davom etdi. Axir tokaygacha boshliq minadigan mashinani o‘rinbosar minib yuradi? Avazga bu yoqavermadi, kabinetni berdingmi, mashinani ham ber demasayam xodimlarga aytibdi. Shirinqul ulardan eshitdi. Avvaliga xafayam bo‘lmadi. Keyin bora-bora hamma imtiyozlar qo‘ldan ketdi-ku, degan o‘y uning ich-etini yeya boshladi. O‘sha kunlari faqat xotini hamdard bo‘ldi. U kechqurun Mag‘firatni yoniga chaqirardi-da, bir-ikki piyola ichirib, qolganini o‘zi davom ettirardi. Biroq ish, turmush haqida lom-mim demasdi. Irodasi kuchli ekaniga garchand ishonsa-da, negadir suyangani aroq bo‘lib qoldi. U uncha-muncha to‘ylargayam aytilmas, o‘rniga Avaz aytilardi. Avaz ham o‘z navbatida siz boring, deb turardi. Shirinqul, yo‘q, siz aytilgansiz, o‘zingiz boring derdi. Bir-ikki safar bordi ham, tanish-bilish, hamkasblar nima bo‘ldi o‘zi, hozir qaerdasiz, deyavergach uyalib bormaydigan bo‘ldi. Bir safar hatto lavozimda ishlaydigan bir odam hammaning ko‘z oldida to‘yxat tarqatib, ataylab Shirinqulni chetlab o‘tdi. Shirinqulni juda yaxshi tanirdi, biroq beting-ko‘zing demay ochiqchasiga aynan faqat uni tashlab, boshqalarga  ko‘z oldida taklifnoma ulashgani g‘alati bo‘ldi. Alami qo‘zidi-yu, indamadi. Gazetalarga bir-ikki marta maqola berib ko‘rdi. Chiqmadi. Birlashma direktori ham bir majlisda Shirinqulni tepib o‘tibdi. Kallasi ishlasa, g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lsa, shunday qilarmidi, mana, ishdan oldik, ko‘chada qoldi, debdi. Ammo Shirinqul bilan ko‘rishganda bir oz shoshma, gap-so‘zlar bosilsin, esimda turibsan, deb qo‘yardi. Ammo ulfatchilik qilishdan o‘zini opqochmasdi. O‘shanda tag‘in yaqin qoldi, deb va’da berardi.
Shirinqul bu gaplarning ma’nosini rahbarining qo‘rqoqligida deb tushunardi. Haqiqatan ham shunday edi. Rahbar o‘zini saqlash uchun ham u yoqni, ham bu yoqni ham rozi qilishi, ikkovining oldida ham yuzi yorug‘ bo‘lishini xohlardi. Shirinqul ham falon majlisda kaminani yomonlabsiz, deb o‘pkalab o‘tirmadi. Ustozining qo‘li uzunligini bilgani uchun bir kuni bari bir o‘zi suyaydi deb o‘ylardi.
Oradan ikki yil o‘tdi hamki, biror o‘zgarish bo‘lmadi. Endi Shirinqul vaziyatga ko‘nikdi, ammo umidini uzmadi.
Odamzot garchi tilida o‘zini obdon xokisor, begunoh ko‘rsatsa-da, aslida ich-ichdan qadr topishni istaydi. Shuning uchun ham pastga urish, haqoratlarga dosh berolmaydi. Uning fitrati shunday tuzilgan.
Yaqin jigarlari va Mag‘firatgina yostiqdoshining dardini yangilamaslikka harakat qilishardi.
Lekin kunlar kelib o‘rtada urush chiqqanda Mag‘firat ham bari bir yuziga  soldi. "Xudo o‘zi sizni urib qo‘ygan!" deb yubordi.
Bu gapni eshitib Shirinqul manglayidan gurzi yegandek o‘tirib qoldi. So‘ng bu nakaut holatidan o‘zini o‘nglab olmoqchidek sekin turib narigi uyga kirib ketdi. "Xudo urganini u qayoqdan biladi? Birovdan kam qilib qo‘ygani yo‘q-ku oilasini! Xudo urib nima qilibdi, ayrilsa mansabidan ayrildi, yana nima bo‘ldi? Yo bu xotin Ollohning hukmiga sherikmi: kimni urdi,  kimni qo‘lladi, bilib turadimi? Mana shu Xudo urgan er uniyam, bollariniyam boqyapti, uyidagilarga foydasi tegyapti. Qolaversa, Mag‘firatning akasi biznes qilaman deganda 500 dollar beruvdi, uch yildan beri bir so‘m ham qaytarmadi-ku!"
Sekin xotinining oldiga qaytib chiqdi-da:
— Sen Xudoning oldidan kelgan qozimisan? — dedi baqirib. — Meni urganini qaerdan bilding?
Biroq Mag‘firat ham shashtidan tushay demasdi. Nimalardir deyotgan edi, eri shartta gapini  bo‘ldi:
— Akangga ayt, Xudo urgan odamning pulini qaytarib bersin!
— Nima, nima deding? — dedi xotini sensirab, — Tilim qisiq joyini bilasan, a?
— Sensirama! — dedi er uni urib yuborishdan zo‘rg‘a o‘zini tiyib.
— Sensirayman, iflos, bizning kambag‘al¬ligimizni betimizga solding-a, qarzdorsan deding-a!  Dunyo shuytib turaveramakan? 
Xotini shu bilan ham qarab turmay yig‘lagan ko‘yi unga yaqinlashib kela boshladi.
Urishdan boshqa iloji yo‘q edi.
Birinchi qattiq shapaloqdanoq xotin engashib qoldi. Yuzini changallab:
— O‘l! — dedi.So‘ng boshiga ustma-ust mushtlar tushdi. Yiqildi, yiqilgach tepkilar boshlandi. Shu bilan hushidan ketdi. Er bu bilan ham tinchimadi. Oshxonadan pichoqni olib kelib so‘yib tashlamoqchi bo‘ldi.
— Taloq! Uch taloqsan! — dedi bo‘g‘ilib. Lekin bunga qanoat qilmay nimta-nimta qilib tashlamoqchi edi. Boyadan beri katta farzandi uning oyog‘iga yopishib:
— Dada, dadajon! — deya yalinib yurganini sezmabdi.
— Urmang, urmang! — deganini endi eshitdi. — Dada, oyim o‘lib qoladi!.. — dedi qizi o‘krab yig‘larkan.
Kichkinasi, o‘g‘li esa onasining bag‘riga osilgancha chirqiramoqda. Dadasiga begona odamga qaraganday umidsiz tikilib:
— Aya. Aya! — derdi.
Shirinqul shu zumda farzandlariniyam yomon ko‘rib ketdi.  Tepib ularni ikki yoqqa uloqtirib tashlagisi keldi. Qo‘lida pichoq, pochasiga qizi tirmashgan, xotiniga yaqinlashib kelganida o‘g‘li qo‘rqqanidan shu qadar qattiq chinqirdiki,  otasi bir zum to‘xtab o‘g‘liga qarab qoldi. O‘g‘lining rangi ko‘karib ketgan edi. U bir muddat yig‘idan to‘xtab o‘rnidan turdi, otasiga bechoralarcha, norasidalarcha, ojizlarcha termulib qoldi. Qattiq qo‘rqqanidan bo‘lsa kerak, siyib yubordi. To‘shamchi  ho‘l bo‘ldi.
Shirinqul birdan to‘xtadi. Orqasiga qaytdi. Oshxonaga pichoqni tashladi.  Bu ishlarning oqibati haqida o‘ylay boshladi. Iziga qaytib yana farzandlariga termuldi. O‘g‘li yig‘layverib charchaganidan hiqillab qolgan edi. Qizi yonoqlaridan shashqator yosh oqarkan:
— Dada, urmaysiz-a, urma-ang! — dedi.
Shirinqulning birdan yuragi hapqirdi. 
Yerda ingrab, cho‘zilib yotgan xotini, yig‘lab charchagan, siydikka botib turgan o‘g‘li, qizining yalinchoqlik bilan termulib turishi...
"Bu hayot, bu g‘urbatu janjallar shu bolalarning ko‘z yoshiga arziydimi o‘zi?! Eh, la’nat!.."

*  *  *

O‘zi nima bo‘lgan edi?
Shirinqul kundalik tutishni odat qilgan. O‘sha kunlari uning ko‘ziga ko‘p narsa mayda ko‘rinarmidi yo o‘zi anchayin maydalashib ketgan edimi, xotini bilan ham tez-tez aytishib qoladigan bo‘ldi. Og‘ir tabiatli odamning bir jahli qo‘zimasin, juda tushishi qiyin bo‘ladi. Ko‘pincha u o‘zini bosishga kuch topadi. Kuch topganda, misol uchun, kundaligiga bunday deb yozib qo‘yardi:
"Bugun erta turdim. Stadionga chiqib badantarbiya qilib keldim. Afsuski, issiq suv yo‘q ikki kundan beri. Suv isitdim. Kechqurun ovqat  yeyilgan idishlar yuvilmay qalashib yotibdi oshxonada. Asabim qo‘zidi. Qizimga sen ham opangga o‘xshab yalqovsan, dedim. Opasiga bundan oshirib zahrimni sochmoqchi edim, zo‘rg‘a o‘zimni tiydim. "Men agar ertaroq o‘lib ketsam bir oy emas, bir necha kunlarning ichida ro‘zg‘orning dabdalasini chiqarasan, bollarniyam devona qilib yuborasan, hammasi dangasaligingdan, besaranjomligingdan", deb urishmoqchi edim. Mayli, shu gapni aytmay qo‘yaqolay.
Ammo, o‘lay agar, xotinim chindan ham juda yalqov. Hatto qiziga biror ishni tayinlab qo‘yishgayam erinadi. Buning uchun ham til, jag‘, ovozlarni ishga solish kerak-da. Shu darajada dangasa. Mabodo bir hafta issiq suv kelmay qolsa shuncha vaqt kir yuvilmaydi, bundan ko‘ra o‘g‘liga yangi ishtonlar sotib olib kiydirishga tayyor. O‘zi ham qo‘ltig‘i sasib yuvinmay yuraveradi. Kechasi yuvinishdan jirkanib men bilan yotmaydi. To‘g‘rirog‘i, suv isitib, tashvish qilib yuvinishga u juda erinadi. Bu o‘limdan ham yomon ish. Noshukur bir banda-da. Besaranjomlik, sarishtasizlik va erinchoqlikning ham naqadar katta kulfat ekanini chuqurroq anglayapman.
“Agar boshidayoq bu narsa o‘ta muhim ekanini anglaganimda, Mag‘firatga emas, xunukroq bo‘lsayam g‘ayratliroq, uddaburonroq bir qizga uylanardim.
Shu narsa doim mening kayfiyatimni tushiradi, xafa qiladi. Xonimga esa negadir doim bari bir. Dunyoni suv bosgani bilan ishi yo‘q. Men mudom o‘ylaymanki, bu illatlarning borligi, voz kechmasligi sog‘lom farzandlarning otasiga, ro‘zg‘orni to‘kin-to‘kis qilib qo‘ygan, baloday pul topib kelayotgan, aql-hushi joyida er uchun ham  borib turgan noshukurlik. Boshqa nima deb tushunish mumkin?
Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin!"
Shirinqul ko‘pincha kimdandir pand yeb qolsa, o‘sha zahoti shunday demabman, bundoq deb javob qilsam yoki bunday deb tuzlasam bo‘lardi-ku, deb afsus qilib qoladi. Ammo har doim ham kechikadi. Birov bilan el bo‘lishi oson, lekin urishmoqchi bo‘lsa, tezda qizishmaydi, bir qizishsa hovridan tushishi qiyin. Qizishsa qizishganiga, qizishmasa — bungayam vaqtida javob qilolmagani uchun pushaymon bo‘ladi.
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Shimining cho‘ntagi yirtilgani uchun xotiniga tikib ber deb divanning ustiga tashlab qo‘ygan edi. Tabiiyki, Mag‘firat darhol tika qolmadi. Ertasi kuni ham, undan keyingi kuni ham shim mehmonxonadagi divan ustida osilgancha yotaverdi.
Shirinqulning bir kiyimga o‘rganib qoladigan odati bor: bir kiysa tamom — hadeb o‘shani kiyaveradi. Uchinchi kuni qarasa, shim divanda yo‘q, taxmonda ekan, olib qayish taqib kiyib oldi. Lekin yirtiq tikilmagan ekan:  u ishxonaning, mashinaning  kalitlarini doim o‘ng cho‘ntagiga soladi. Cho‘ntakdan kalitlar diringlab yerga to‘kilib ketdi. Yechdi va tursikchang bo‘lib igna, ip olib xotinining ko‘zi oldida o‘zi tika boshladi.
— Narigi shimingizni kiyib turaqoling, bugun tikib qo‘ymoqchiydim, — dedi u.
— Yo‘q, o‘zimam tikib qo‘yaveraman, bir yil kutadigan ish emas bu, bir  minutdan ko‘p vaqt ketmaydi.
Xotini ne qilarini bilmay turdi, turdi-da nari ketdi. Chindan ham cho‘ntak tikish nima degan gap — Shirinqul tikib, ipini tugun qilib tishi bilan chirt etib uzdi-da shimini kiyib oldi. Tamom-vassalom. Ammo unga alam qildi. Alam qilsa ayb topadigan, tirnoq tagidan kir topadigan odati bor. Vannaga kirib bir necha kundan beri yotgan kirlarni ko‘rdi. Avval ham ko‘rgan edi, e’tibor qilmagan edi. Ammo bu safar tutaqdi. Kirlarni olib xotinining basharasiga otmoqchi edi, xotini kichkina xonaga kirib o‘g‘li bilan ko‘rpaga burkanib olibdi.
— Manovlarni necha oydan keyin yuvasan? — dedi deyarli o‘shqirib va xotinining yuziga uloqtirdi.
Xotini janjal bo‘lishini sezdi. Rangi gezarib ketdi. O‘g‘li uyqusirab turib yig‘lay boshladi. Mag‘firat o‘tirgan ko‘yi:
— Shuni siz yuvmaysiz-ku, o‘zim yuvaman, — dedi chaqchayib. — Bir kun tursa osmon uzilib tushadimi?
— Bir kun tursa, bir hafta tursayam xursand bo‘laman. Shimning teshigi uchun bir oy kutaman-ku. Devorga turtsangam javob  qiladi, sen qanaqa iflossan, doim kir-chirning ichida yotishni yaxshi ko‘rasan?
Xotini ham eri jahl qilganda xo‘p deyaqolmaydi¬ganlar xilidan: yiqilgan tomonidan turmaydi.
— Urishmoqchimisiz, qo‘rqitmoqchimisiz? — deya turib keldi.
— Men sen bilan urisholmayman, o‘ldirib so‘yib tashlayqolaman — shunisi osonroq.
— O‘zi seni Xudo urib qo‘ydi-ku!..
Xotini bu gapni ming‘irlab, tushunarsiz qilib, engashib, ko‘rpalarni yig‘ishtirayotgan kishi bo‘lib aytdi. Ammo eri jon qulog‘i bilan aniq-tiniq eshitdi.
— Nima deyapsan, it?! Eshittirib gapir, manqamisan?  Sensirading-a! Xudo seni urgan, deding-a? 
Mag‘firatning bu gapi kaltak yeyishga arzigulik og‘ir ekanini yaxshi bilardi. Shuning barobarida ming‘irlab, ishga ovungan kishi bo‘lib aytgani boz bepisandligidan dalolat berib turganini ham yaxshi his qilardi. Lekin aytar so‘zidan qaytmadi: og‘ir kaltakni ataylab o‘ziga sotib oldi.
So‘ng voqealar yuqorida bayon etganimiz kabi yakun topdi. Mag‘firat akamga bergan pulingni minnat qilding-a, iflos, qarz edi, berardi-ku, dedi.
Biroq yostiqdoshing, farzandlaringning onasi bo‘laturib sensirash, iflos deyish uchun ham odamda ancha-muncha surbetlik kerak. Bu shundoqqina og‘izdan sirg‘alib chiqib ketadigan qo‘shiq emas-ku...

*  *  *

Shirinqul ishxonada bir ko‘rindi-yu, biror soatdan keyin zaril ishi bor odamdek shoshilib chiqib ketdi. Ko‘ngliga bir yupanch izlar edi. Bir yaxshi kursdosh o‘rtog‘i xotini, qaynonasi bilan janjallashib yurganida oraga tushgan, ularni yarashtiraman, deb beburd bo‘lgan edi. O‘rtog‘ining qaynonasi va xotini Shirinqulni ham bulg‘anch so‘zlar bilan qarg‘ab, quvib solishgan edi. O‘zi dunyoda xotin kishi bilan janjallashishdan og‘iri yo‘q ekan.
Shirinqul o‘sha o‘rtog‘i — Mirzani topib maslahat soldi. Bo‘lgan voqeani xo‘rsina-xo‘rsina qisqa gapirib berdi. Avvaliga o‘rtog‘i kelin duppa-durust, yuvvosh edi-ku, undan ham shunaqa gaplar chiqadimi, deb hayron bo‘ldi. So‘ng bular holva, qaynona bilan jang qilsang og‘ir bo‘lar ekan, deb qaynonasini qaysi usullar bilan mot qilganini aytib berdi. Uning qaynonasi shaharlik, obdon shallaqi edi. U Mirzaga duo ichirib, ishidan haydatib, uyini o‘zining nomiga rasmiylashtirib kafangado qilmoqchi bo‘ldi. Xotini, hatto kichkina bolalarigacha unga qarshi qilib qo‘ydi. O‘rtog‘ining  mashinasi, bir uyi ham qaynonasining nomida edi. Ularni qaytadan qay yo‘llar bilandir o‘ziga rasmiylashtirguncha qarib ketibdi. Ularning maqsadi hovli va mashinaga egalik qilib erni haydab yuborish edi. Xotini esa o‘ynash orttirib, o‘shalar bilan yallo qilib yurmoqchi bo‘lgan.
Naqadar vijdonsizlik, noinsoflik!
Biroq Mirza ularga bas keldi. Shuning uddasidan chiqdi. Qaynonasi hatto buning joyiga egalik qilishga to‘liq ishongani uchun o‘zining uyini ham sotib yuborgan ekan. Orada  uylarning narxi oshib ketib, nihoyat bir xonalik kvartira sotib olishibdi shaharning qay burchagidan. O‘g‘li, kelini, uchta nevarasi bilan o‘sha uyda yashayotganmish. Namoz o‘qirmish. Hozir mulla mingan eshakday bo‘lib qolgan, biznikiga kelsayam avval ruxsat so‘rab, keyin keladi, qovog‘imni uyganim zahoti zing‘illab jo‘nab qoladi, deb kuldi Mirza.
U Shirinqulga bir-ikki kun bizning Qoraqamishdagi bo‘sh uyimizda yashab turolmaysanmi, deya taklif qildi. Taklif ma’qul bo‘ldi-yu, lekin aynan mavridi emasdi.
— Vaziyatga qarab ko‘raman, zarur bo‘lsa seni toparman, — dedi Shirinqul.
— O‘g‘ling bor, qizing bor — iloji boricha yarashib ol, hali bari bir yarashishga majbur bo‘lasizlar, — dedi Mirza.
Shirinqul bunday tang vaziyatda qanday qilib yarashish mumkinligini tasavvur qilolmadi. Misol hech narsa bo‘lmaganday, bozor-o‘char qilib yegulik ko‘tarib borsang, xotining kechirim so‘ramasayam iliq bir qarash qilsa, hammasi izga tushib ketishiga ishonsa bo‘ladi.
Shirinqul bolalariga mayda-chuyda ko‘tarib borarkan, ich-ichidan iliq vaziyat yuz berishiga iqror edi. Shunday ham bo‘ldi. Eshikni uzoq taqillatgandan so‘ng oxiri qizi ochdi. U dadasining qo‘lidan shokolad, konfetlarni olib rahmat aytdi, lekin har doimgidek: "Assalomu alaykum, dadajon!" deya yuzidan o‘pib qo‘ymadi.
Xotin esa o‘sha yotgancha ko‘rpaga burkanib olgandi. O‘g‘li oshxonada o‘tirib olib kosadan qo‘li bilan nimadir olib yeyapti. Xudo bilsin, bular kun bo‘yi och o‘tirgan chiqar.
Shirinqul o‘zi ovqatga o‘ch emas. Boz ustiga tomog‘idan ham hech narsa o‘tmaydi. Muzlatgichdan aroq olib bir piyola ichib yubormoqchi edi, ammo bu sabil ham joyida yo‘q. Televizor qo‘ydi. Odatda Moskva kanallarini ko‘radi. Yo‘q, Moskva kanallari ham nuqul bemaza ko‘rsatuvlarga o‘tib opti. Ma’nosiz, bachkana, yalang‘och, reklama.
Xotinining ko‘rpasini ochib bir qaramoqchi bo‘ldi. Juda qattiq urdim-a, deb o‘zidan xafa bo‘ldi. Biroq g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Urishgan odam urishganday bo‘lsin, xotini oyog‘iga bosh urib yalinib kelsin, kechirim so‘rasin qayta-qayta.
O‘zi-i shu xotin yomon emas. Faqat bir pog‘ona past tushib, bir oz muloyim gapirsang ishni ham qiladi, o‘zigayam oro beradi, bolalarigayam yaxshi qaraydi. Ters gapirsang yelkasi tirishadi-qoladi: o‘laqolsa yo‘rig‘ingga yurmaydi. Axir nima qilish kerak, unga moslashib yashayverish kerakmi? E, astag‘furulloh, buningam iloji yo‘q-da.
Asli bu xotin yeb-ichishga, yaltir-yulturga, hashamgayam uncha qiziqmaydi. Puling ham, zeb-ziynating ham kerak emas, goh-gohida eriga falonchi bunday narsa opti, ular bunday to‘y qipti, deb qo‘yadi, xolos. Bu bilan o‘shalar yaxshi yashayapti, boy ekan, biz undoq emasmiz degan iddaoni pesh qilmoqchimi yo ularga havasi kelyaptimi — sira tushunib bo‘lmaydi.
Shirinqul:
— Ko‘rasan, biz hali ulardan o‘tib ketamiz. Bizning kelajak oldinda. Yaltirab, tovlanib ko‘zni qamashtirib yotipti, — deb qo‘yadi.
Bu bilan xotiniga kayfiyat ulashmoqchi bo‘ladi. Xotini bo‘lsa "hm-m"  deya og‘ir xo‘rsinib qo‘yaqoladi.
Odam degani kuladigan narsaga kulsa, yig‘laydiganiga yig‘lasa. Cho‘ntagida hemiri yo‘q, it ham eslamaydigan ovloq bir qishloqdan kelib begona yurtda obro‘ topyapsan, ul-bul qo‘lingga kiryapti, uy, bolalar, mashina — bular xursand bo‘lishga arzimaydimi? Hammasiga devorday bulk etmay qarab turaverish kerakmi?
Aslida janjalni xotini ham xohlamaydi. Eri-ku, umuman. Ammo buyam bir fe’l-da.
Shirinqul yechinib, o‘rniga cho‘zildi. Hali erta. Uyquyam kelmaydi. Bolalari ham haliveri uxlaydiganga o‘xshamaydi. U yoqqa ag‘darilib, bu yoqqa ag‘darilib yotaverdi, yotaverdi, oxiri, pinakka ketdi.
Bir payt ustidagi ko‘rpani birov siltab tortib yubordi. Chalajon uyquda ekan. Seskanib ketdi. Chiroq yoqilgan. Tepasida birov turibdi. Xotini! Chap ko‘zi ko‘karib shishib, qovoqlari osilib qopti. Shirinqul irg‘ib o‘rnidan turdi. Shundagina “yomon uribman-a", deb kechirim so‘ramoqchi, xotinini boshidan silamoqchi bo‘ldi. Biroq xotini birdan tiz cho‘kdi-da:
— Meni urgan qo‘llaring sinib tushsin, iloyim, — deb qo‘llarini teskari qilib, kaftlarining orqasi bilan yuziga fotiha tortib yubordi.
Shirinqulning yana jini qo‘zidi.
Xotiniga o‘qrayib qaradi.
— Olaygan ko‘zlaring ham oqib tushsin, — deya tag‘in duoibad qildi xotini.
Shirinqul:
— Ie! — deya,  yana davomi bormi, degandek o‘qrayib qarab turaverdi.
— Bunchalik iflos, marazligingni bilmasdim, — dedi xotini.
— Shuncha yildan beri iflos er bilan birga yashab kelgan ekansan-da!
— Oilamizning kambag‘alligini yuzimga solding, akamga bergan pulingni minnat qilding-a! Akam uy-joyini, molini, xotinini sotib bo‘lsayam qarzidan qutuladi, qutuladi sening o‘sha harom pulingdan.
"Hamma gap bu yoqda ekan-ku, — deb o‘yladi Shirinqul.— Nozik joyi shu ekan-da. Ammo men hech qachon buni gapirmaganman. Bugun bundan battar gaplar bo‘ldi. Gap avzoiga shunchaki qo‘shib aytgandim. Tili qisiq  joyingniyam eslatay degandim. Lekin o‘sha pulning ikki yuzidan kechdim, olgan uyingizga to‘yona,  qolgan uch yuzini bering deganman. Ammo uch yildan beri yo‘q-ku shuyam!”
Shirinqul mansabdan tushganiga endi bu yog‘iga yashashim qiyinroq bo‘ladi, deb kimda qancha puli borligini o‘zicha xomcho‘t qilib yurardi. Tabiiyki, qaynog‘asidan uch yuz dollarni  undirishniyam o‘ylab qo‘ygandi. Demak, bu gap minnat ekan, pisanda ekan. Mana bu bilan  sening aka-ukalaringniyam boqib yotibman, demadi-ku.
"Harom pulingdan" degani nimasi? Men uni birovdan tortib yo o‘ldirib oldimmi? Birov eshigingni taqillatib pulimni ber deb kelyaptimi? Nega harom bo‘larkan?"
Xotinining yuziga zingil solibroq qaradi.
Bu yuzdan shashqator yosh quyilardi.
— Minnat qilding-a, iflos!..
— Ha, minnat qildim! — dedi Shirinqul sekingina, boshqa gap befoydaligini sezib. — Akangga aytsang, jo‘ra, o‘sha pul besh yuz dollar edi, ikki yuzidan kechdim, qolganini ber devdim, o‘ylab qarasam, kechmabman, besh yuz dollar qilib ertagayoq xotinini, uyini, mol-holini sotib mening qo‘limga opkelib bersin, xo‘pmi, jonim. Shunday bo‘lsin!..
U og‘zidan chiqayotgan gaplariga bu qadar ko‘p zahar solinganiga o‘ziyam hayron qoldi. Biroq bu safar rostdan ham minnat qildi.
— Iflo-o-os-s! — deya xotini yuzini ikki qo‘li bilan to‘sib, engashib, ho‘ngrab yubordi.
— Kim iflos! — o‘shqirdi er.
— Sen, se-en! — deya u yerni qayta-qayta mushtladi.
— Uch taloqsan! Eshitdingmi, uch taloq! Hoziroq jo‘na! Bollarniyam olib ket bu uydan!
— Voy-y, — deya xotini quloqlarini berkitdi. Ustidan sovuq suv quyib yuborilgandek birdan seskanib, yig‘idan to‘xtadi. Ko‘zlari qonga to‘lib turgan eriga bir zum tek qarab turdi-da: — Og‘zingizga qarab gapiring! — dedi.
U tamom yig‘idan to‘xtagan go‘yo ko‘zlarining shishganiyam joyiga kelgandek edi. Erga bu holat ta’sir qilmadi.  U jahl otiga minib bo‘lgan edi. 
Tumbochka ustidagi sigaretdan olib bemalol tutatar ekan:
— Uch taloq-da, uch taloq! — dedi go‘yo g‘oyat muloyimlik bilan. — Ketmasangiz qorningizni pichoq bilan yorib, ichaklaringizni boshingizga shlyapa qilamiz. Shunaqa o‘yin o‘ynagimiz kelyapti.
Erga oqilona, faylasufona o‘gitlar, past tushishu kechirim so‘rashdan ko‘ra mana shu surbetlik yo‘li ma’qul ko‘rinib qolgan edi. Rost-da, ikki dunyo bir qadam ko‘rinib turgan paytda tag‘in qanday yo‘l tutsin?
— Voh, iflos! — dedi xotini tag‘in. 
Yana quloqlarini berkitdi. U endi boyagi mayda-chuyda haqoratlariga, betga choparliklariga qarshi undan-da ming karra zalvorli qarg‘ish, hayotni tamom teskari qilib yuboruvchi qudratli so‘z borligiga, o‘sha so‘z aynan o‘ziga qarata o‘qdek otilganiga endi tamoman iqror bo‘layotgan, biroq bunga ko‘nikolmayotgan, hozirning o‘zidayoq shuning yolg‘on bo‘lib chiqishini yuragi zirqirab istamoqda edi. Afsuski, unday emas. Olloh taolo odamzotga ko‘rish uchun ko‘z, yeyish uchun og‘iz, yurish uchun oyoq, ish bajarmoqqa bir juft qo‘l, gapirmoqqa til, uni boshqarishga aql hamda shuning barobarida shu suyaksiz til barpo etgan so‘zni eshitmoqqa bir juft quloq ham berib qo‘yibdi. Bu uzun yoki qisqa hayotda odamning quloqlari nelarni eshitmaydi? Og‘ir so‘zlardan-da og‘irrog‘i ne? Ayriliqmi, o‘limmi, betoblikmi? Ha, hammasiyam og‘ir. Ammo Mag‘firat va Shirinqul uchun eng og‘ir so‘z bugun aytib bo‘lindi.  Bu — hukm! Bu  aytgan odam uchun ham malham emas — jazo! Eshituvchi uchun ham jazo! Chunki odamzot o‘z juftidan  o‘lmay-yitmay ajrashib ketishi mumkinmi? Bu so‘zni ikkilanmay tilga olish, uni o‘qdek uchirib yuborish ham osonmi?
Ha, oson ekan. Oppa-oson ekan!
Endi tamom. Hammasi tugadi.

*  *  *

Shirinqul diniy yo‘riqlarda ham ancha-muncha kitob o‘qigan, bir vaqtlar bilimdon bir kishining uyiga qatnab arabiy xat-savod chiqargan, ahli sunna val-jamoat aqoidini umuman olganda o‘zlashtirgan edi. Talay yillar amal ham qildi. Nomdor diniy arboblarning ba’zilari, mullalar nafs yo‘lida pulga uchib, diniy oqimlarga qo‘shilib badnom bo‘la boshlagach, ko‘ngli sovib tashlab qo‘ygan edi. Oilada boshlang‘ich  to‘g‘ri ilmni olmasa qiyin ekan.
"Olloh uchun halol narsalarning eng yoqimsizi taloqdir" degan hadisni eslab qolgan edi. 
Halol bo‘lsa-da Ollohgayam yoqmaydi bu so‘z!
Shirinqulga negadir shu holatidayam bu so‘z hazilga o‘xshab tuyuldi. Ayni paytda rostdan ham aytib yuborganiga iqror bo‘lib turardi.

Tonglar otdi, kunlar botdi—o‘lmagan qul boshda borini ko‘raverarkan. Shirinqul o‘tgan gaplarning bari ro‘yo bo‘lishini, tushida ko‘rgan bo‘lib chiqishini, ertalab yonida yotgan xotinini erkalab, yuzlaridan o‘pib, Xudoga shukur-ey, tushim ekan-ku deyishni xohlardi.
Afsuski, bu tush emas edi. Bo‘lar ish bo‘lib, g‘isht qolipdan ko‘chgan edi.
Mag‘firat ham ko‘zi ko‘kargancha bir og‘iz gapirmas, goh oshxonaga, goh vanna tomonga ehtiyoj uchungina chiqib kelar, farzandlarigayam churq etmas, ular oldiga borib erkalansalar, bobillab urishib berar, “anovi Azroil dadangga bor”, deb baqirardi. Bolalar ham qon bo‘lib ketishdi.
Bola degani qayg‘uni ko‘tarolmaydi. Tezroq ovungisi, quvonadigan ermaklar topishni xush ko‘radi. Biroq bu uyning devorlari, to‘shagiyu idishlari ham xo‘mrayar, qovoq uyar, xullas, farishtasi quvilib bo‘lgan edi.
Uchinchi kuni Mag‘firat qizini oraga elchi qilib Qipchoqqa ketishini bildirdi.O‘sha qo‘rg‘onda akasi turadi. Ota-onasi esa G‘allaorolning toqqa tutash Asalli qishlog‘ida yashashadi.
Akasinikiga borsa yaxshi ekan, to‘rt-besh kunda bezor bo‘lib qaytib keladi...
Qaytib kelarmikin?..
Mayli, tavbasiga tayansin, bari bir qaytib keladi. Chunki to‘rt bolali akasining uyiga necha kun mehmon bo‘lishi mumkin? Yangasiyam yoqtirmay qoladi. Hozirgi zamonda birovning o‘ligini birov ko‘tarib yurishi og‘ir.
Shirinqul ham qizini elchi qilib so‘ratdi:
— Mashinada shohbekatgacha  oborib qo‘yaymi, yo‘l puli qancha beray?
— Pul kerakmasakan,  o‘zimiz ketaverarkanmiz, — dedi qizi.
Oradan biror soat o‘tib yo‘lga tayyor bo‘lgan Mag‘firat ostonada turib orqasiga, endi er maqomidan mahrum bo‘lgan Shirinqulga bir martagina qarab qo‘ydi. Bu qarashdan Shirinqul hech qanday ma’no uqmadi. Keyinchalik ham bu nigoh ko‘z o‘ngida muhrlanib, ko‘p bora o‘zi qidirgan narsani topmoqchi bo‘ldi. Masalan, bir oz shashtidan tushish, qaytadan birga yashash ehtiyoji yoki shunga o‘xshagan bir narsalar. Juda bo‘lmaganda "shu ish chakki bo‘ldi, nomard ekansan!" degan kabi qarg‘ish bo‘lsayam mayli edi, keyinchalik shuni o‘ylab yurar eding. Yo‘q, unday ham bo‘lmadi. Juda mavhum bir qarash.
Xotini o‘g‘lini ko‘tarib olgani uchun unga hech narsa deyolmadi. Qiziga termulgan edi, u qo‘lidagi yuklarini yerga qo‘yib, yig‘lab yubordi va  otasining bo‘ynidan quchib yig‘larkan:
— Biz endi qaytib kelmas ekanmiz, dadajo-on!.. — dedi, sira ayrilgisi kelmay.
— Qizim, yig‘lama, tez kunda... — deb gap boshlagan edi, xotini:
— Maqsuda! — deb o‘shqirib berdi. Qizi ho‘ng-ho‘ng yig‘lagancha burilib eshikdan chiqdi.
Eshik qarsillab yopildi.
Bu  — battar bo‘l, degani bo‘lsa kerak.
Shirinqul uyining balkoni tomonga o‘tdi. Qizi orqasiga o‘girilib-o‘girilib qarar, chamasi dadasini ko‘rmayotgan edi. Bolkonning derazasini ochdi. Qizi qo‘llaridagi kiyim solingan yelim xaltalarni yerga qo‘yib, qo‘llarini silkidi. Darhol yuklarni ko‘targancha onasining orqasidan ergashib chopib ketdi.
Shungayam uch kun o‘tdi. Uy hayhotday huvilladi-qoldi. Na bo‘lg‘ay, Shirinqulimiz ayriliq degani hayotning o‘zidan ham achchiq ekanini angladi.
Ishga borib kelib ovunib yurmoqchi bo‘ldi. Biroq mana shu kichkina uy u qaytib kelgach, naq yutib yuboraman, derdi. Har bir uyning farishtasi bo‘larmish deb eshitgan. O‘sha farishta endi bu uyda yo‘q, bo‘lsayam yalmog‘izroq birortasi kelib o‘rnashib olganu  u Shirinqulni botinan qarg‘ar edi...
Do‘st-o‘rtoqlariga, telefon qilib turuvchi qarindoshlariga xotinim  qaynotamnikida, ko‘klam havosi, bir o‘ynab kelsin deb jo‘natdim, derdi.
Ishxonasida Avazga dardini yordi.
Uyam avval chakki ish bo‘lganini ta’kidladi, so‘ng do‘stining ko‘nglini ko‘tarish uchunmi:
— Yanga unaqa badjahlmas, bilaman-ku. Yana bir hafta sabr qiling, meni aytdi deysiz, bollarini yetaklab kulib qaytib keladi, — dedi.
Chamasi shunday bo‘lishiga Avaz ishonar edi.
— Birovning uyida sig‘indi bo‘lib yuraverish hazilmi? — deb qo‘ydi u.
— Aslida shunday. Lekin taloq masalasi bor-da, — dedi Shirinqul.
— Menimcha buning ham yo‘l-yo‘rig‘i bor, — dedi u iyagini qashlab turib. — Urishqoqroq bir hamsoyam bor, xotinini ermakka taloq qo‘yadi. Xotiniyam ketib qolaveradi, qaytib kelaveradi — o‘rganib qolgan. Bir kuni mahalla oqsoqoli chiqib bu og‘ir gap, uka,  taloqdan keyin xotin harom bo‘lib qoladi. Xastimomda tanishlarim bor, yuring, ulardan yo‘l-yo‘riq oling, deb diniy idoraga oboribdi. Qo‘shni ular bilan til topishib, o‘ttiz mingmi, qanchadir jarima to‘lab taloqni bekor qildirib o‘ziga fatvo yozdirib opti. Xudo biladi, undan keyin ham necha marta bu so‘zni aytgan chiqar, lekin birov unday-munday gap qilsa o‘sha spravka bilan basharasiga uradi...
Shirinqul bir kitobda o‘qigani bor: o‘rtaga taloq tushgandan keyin xotin boshqa kishiga turmushga chiqishi kerak. U bilan rostmanasiga yashashi, halol turmushni niyat qilishi kerak. Mabodo ularning oilasi buzilib, o‘sha xotin yana taloq olsagina avvalgi eri bilan qaytadan nikohdan o‘tishi mumkin.
Avazning gapi esa... yangilik!
Biror hafta o‘tgach, qaynog‘asi Bolibek kelib qoldi. Avvaliga u sir boy bermadi.  Qozog‘istonga yangi chiqqan pomidorlardan o‘tkazmoqchimish. Chorsuga olti yashik opkelsa, tala-tala bo‘lib ketganini gapirdi. Lekin Qipchoqda, hatto Guliston atrofidayam pomidor tanqisligi, buning sababi qish payti teplitsalarga gaz berilmayotganini tushuntirib, agar mo‘mayroq pul bo‘lsa Chinoz va Yangiyo‘ldan ikki-uch "Kamaz" pomidor olsa bo‘lishini, buning uchun kattaroq pul kerakligini ta’kidladi.
Shirinqul uning gap avzoidan yana pul so‘ramoqchi ekanini, bu gal ko‘proq pul topib ber, demoqchiligini anglab turardi.
— Buncha pul bir odamda bor, lekin juda foyizni katta qo‘yvoryapti, — dedi Bolibek.
Shirinqul gapning davomi sifatida u odam kim, qancha foyiz qo‘yayotganini so‘ramoqchi bo‘ldi. O‘zicha u kishi menga tanishdir, o‘rtaga tushib garov bo‘lishim kerakdir deb o‘ylab, tilini tishlab turgan edi, Bolibek birdan:
— Mag‘firat bilan oralaringda biron gap o‘tganmi? — deb so‘rab qoldi.
Shirinqul:
— Yo‘q, — dedi negadir. Beixtiyor aytilgan bu so‘zning oqibati qanchaga tushishi mumkinligini o‘ylab tek qotdi. Chamasi hozir Bolibek: "Men hammasidan xabardorman, ikkalang ham pushaymonsan, gap-so‘zni ko‘paytirmay yarashib olmoqchi bo‘lsanglar, mana, men kafil, o‘zim to‘g‘irlayman, lekin sen anovi odamdan qarz oberasan" deb shart qo‘ymoqchi edi.
— Tinchlikmi o‘zi? — dedi Bolibek.
Gapni uzoqdan olishini qara, deya xayolidan o‘tkazdi Shirinqul sergak tortib.
— O‘zi biron narsa dedimi? — deb so‘radi bir oz o‘zini qo‘lga olib.
— Urishli bo‘lganga o‘xshaysizlar. Mag‘firat borganidan beri meni ezadi. Kuyovingizning pulini qaytarib bering deydi. Men aytaman: kuyov o‘lar-qolar joyda emas-ku, o‘zi qistalang qilmayapti-ku. Yo‘q,  o‘laman sattor qaytib bering, deydi nuqul. Shu-u... shunaqa narsalarni xotin kishiga bildirib o‘tirish shartmidi, kuyov?
Bu gap bilan qaynog‘asi izza qilmoqchi ekanini payqab:
— Ikki oyga deb olgan narsangizga qancha vaqt o‘tdi? — dedi qarshi hujumga shaylanib.
— Ikki yildan oshdimi deyman, — dedi qaynog‘a yer ostidan qarab, jingalak sochlarini tez-tez qashlarkan.
— Uch yildan oshdi, — dedi Shirinqul bamaylixotir. U endi o‘zini bosib tashabbusni qo‘lga ola boshladi. — Siz qaynog‘amsiz. Oilangizning ahvolini bilaman. Qishloqdagilar ham o‘ziga yarasha qo‘l uchida yashaydi. Pensiya bilan ikkita mol nimayam bo‘lardi. Cho‘lga kelib uysiz, kvartirada yashab yurdingiz. Oborotga deb pul so‘radingiz. Avval ikki yuz, keyin uch yuz. Savdo-sotiqdan foydalanib uy olganingizni eshitdimu xursand bo‘ldim. Mag‘firatga o‘sha avvalgi ikki yuzidan kechdim — bizdan uyiga to‘yona deb aytdim. Azbaroyi xursand bo‘lganimdan. Lekin shundan kechmasam qaytarib berarmidingiz-yo‘qmi — unisini bilmadim.
— Qaytarardim, qaytaraman... uch yuz... shu... 
—  Boshqa odam bo‘lganida bo‘yningizga qancha ilib tashlardi, bilasizmi?
— Endi ahvolni o‘zing ko‘rib turibsan, birda unday bo‘lsa, birda bunday. Ikki marta qarzga tovar berib tamom oborotimdan ayrilib qoldim, o‘zing bilasan.
— Biznes doim bir xil bo‘lmaydi, buni tushunaman. Lekin hayotda labz degan narsayam bor. Bu — shunchaki, oddiy gap emas...
— Sen muhtoj bo‘lib qoldingmi? Orada yap-yangi "Jiguli"yam olding-ku?
— Buning sizga ahamiyati yo‘q, shekilli. Mag‘firatga so‘ra akangdan, mashinaga pul kerak, deganman. Siz bermadingiz, qorangizniyam ko‘rsatmay qochib yurdingiz.
— Qochmadim. Singlimdan, jiyanlarimdan qochamanmi?
— Bilmadim, kimdan...
— Shirinqul, — dedi gavdasini tiklab, o‘nglab olarkan Bolibek, — juda kerak bo‘layotgan bo‘lsa bor-ku, molimni, uyimni, xotinimni  sotib bo‘lsayam, ertaga opkelib berib ketaman. Lekin odam unday bo‘lmaydi-da, uka...
Shirinqulning miyasida "chirs" etib o‘t chaqnaganday bo‘ldi. Mag‘firat hamma gapni dasturxon qipti-da, deb o‘yladi. "Molimni, uyimni, xotinimniyam"... deyapti-ku. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini bosgan kishi bo‘ldi. Jahlini bildirmadi-yu, miyig‘ida kinoya bilan:
— Qanday bo‘ladi odam? — dedi.
— Minnatli oshni it ichmaydi, degani to‘g‘ri ekan, — dedi Bolibek, chetga burilib. — Shuni vaqtida qaytarayin deb edim, bo‘lmadi-da. — U shunday deb xontaxtani beixtiyor kafti bilan "taq" etib urdi. Boshini chayqadi.
Shirinqul o‘rnidan turdi. Xolodilnikdan aroq va gazaklar opkelib qo‘ydi. Qaynog‘asi yig‘lamasa ham yig‘lamoqdan beri bo‘lib, boshini egib o‘tirardi.
— Kimingdan bo‘lsayam qarz bo‘lma ekan. Pulning bari bir minnati bo‘larkan. — Shunday deb, Bolibek aroq shishani o‘z oldiga tortdi. Piyolalarga to‘ldirib-to‘ldirib quydi hamda mezbonning takallufiniyam kutmasdan sipqorib yubordi.
— Jigaringizga zarari yo‘qmi? — dedi Shirinqul unga hayron bo‘lib qarab.
— He, enasini... shu jigarningam, — dedi qaynog‘asi aroqning achchiqligidan ko‘zlarini yumib gazak hidlarkan.
— Qarang-da, — dedi Shirinqul va bundan bir oycha burun qaynog‘asining sariq kasal bilan og‘riganini esladi. Menga nima, deganday o‘zi ham ichib yubordi. Icharkan, ichidan zil ketib Mag‘firat akasiga kuyovingiz pulni minnat qildi, shuni nima qilib bo‘lsayam qutuling, deb uqtirganini tushundi.
Demak, Bolibek shuning uchun, kuyovining oldidan bir o‘tib qo‘yish uchun kelgan ekanmi? Yana biror gapi bor-ov. Singlisi to‘g‘risida nima derkin: nega urding, bir singil bo‘lsa o‘zim boqib olardim, o‘lasi qilib urguncha ket uydan deb haydab yubor edi.
Bolibek bunday demadi. Ehtimol Mag‘firat erim urdi demagandir. Urdi desa, akasi ham nega uradi, sen nima deding, deb surishtirmaydimi?
— Aka, — dedi Shirinqul bir oz bo‘shashib. — Mana, ko‘rib turibsiz, ishim avvalgiday emas. U-bu harakat qilay desam, odamlar avvalgiday  muomala qilmay qo‘ydi. Mansabing borida odam qatori ko‘rarkan, tushganingda shartta yuzini o‘girib olarkan. Shuning uchun borini mayda chaynab turibmiz. Qarzni qistamoqchiyam emasdim. Lekin majburman. Oilamizam tinch bo‘lmay qoldi. Qaytarsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Qaytaraman, lekin sal shoshmay turasan. Mana bu pamildorini bir yoqlik qilvolay, qo‘shib ber desang qo‘shibam beraman, — dedi Bolibek, tag‘in o‘zining piyolasiga to‘ldirib  aroq quyarkan.
— Besh yuzni-ya, qancha kutay? — deb so‘radi Shirinqul masalaga oydinlik kiritib qo‘yish uchun.
— Besh yuzmi yo...
— Qancha bermoqchisiz o‘zi?
— Uch yuzingni...  nariginiyam kechmovdingmi yo?
— Qancha bera olasiz?
— Hozir hech narsaning tayini yo‘q, lekin pamildoridan mo‘ljalim katta... Shoshiltirmay tursang bo‘ldi.
— Xo‘p, qancha vaqt?
Bolibek bu qadar qistovni kutmagan edi. Piyolani labiga tekizdi-da, to‘xtab qoldi. Keyin chetga qarab "kif" dediyu piyolani bo‘shatib, to‘nkarib  tashladi.
— Dunyo shunday turaveradimi! — dedi u lablarini tishlab, alam bilan. Ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Negadir shu tobda kuyoviga bir umid, bir umidsizlik bilan termuldi. Tavba, deya hayratlandi Shirinqul: odam ham shunaqa o‘xshaydimi? Yig‘laganda, ayniqsa, pastki labi pastga tortib, tepa labi titrashi, burnining uchi qizarib qolishi, ko‘zlari yoshga to‘lganda nima demoqchi ligini bilib bo‘lmasligi — bir xil.  Qaynog‘asi yoshini tezda artib tashladi-da, sochiqni dasturxonga tap etkazib urib: — Bor budimni, boya aytgan narsalarimni sotamanu qutulaman, bo‘ldimi? — dedi. — Shu minnatingni toza pesh qilding. Xotiningniyam balki shu narsa uchun qo‘ygandirsan?                   
Shirinqul nima deyishini bilmay qoldi.
— Bu butunlay boshqa masala, — dedi oxiri. — Singlingizning aqli bo‘lsa o‘zi tushuntirib aytar.
— Odamning boshiga bir ish tushsa qaytib yana tushaverarkan, — dedi Bolibek, o‘zini bosib olib. — Eshitgan bo‘lsang mening onam Piskentda tug‘ilgan. Bir paytlar, ko‘chirma  zamonida kelib shu yerda yashagan. Onamning  otasi yaqinda o‘ldi. Nurmat tentak — yaxshi bilasan. Birinchi xotini  bizning katta enamiz — onamning onasi bo‘lgan. Undan keyin ham bu odam yetti marta uylangan, to‘rtta xotinini urib o‘ldirgan. Katta enamizam tayoqdan o‘lgan. Qo‘lida chaqalog‘i,  ketmon  dasta bilan ko‘chada bo‘kirtirib urib yotganida bir aravakash  kelib qutqarib olgan. Piskentning markazidagi balnisaga zo‘rg‘a yetib borgan enamiz, o‘sha yerda uzilgan. Do‘xtirlar jigari ezilib  ketgan deyishgan. O‘likka egayam topilmagan. Shunday zayil,  beshafqat ekan katta otamiz. Bir kunlari kelib, zamon sal susayganda chaqaloqni onamning yangasi izlab kelib aravakashnikidan topgan. Qiz qilib o‘stirib erga bergan. Taqdirning hazilini ko‘r,  onam ham otamdan bot-bot kaltak yeb turadi. Mana, qizi ham...
«Obbo, — dedi Shirinqul o‘ziga o‘zi, — buniyam aytibdi-da. Mayli-da, boshqasini gapirgandan keyin bu qolarmidi? Endi farqi nima?»
Bolibek yozdayam yechmaydigan kamzulini yelkasiga ildi.
— Yarim oqshomda qaerga borasiz? — dedi Shirinqul.
— Boraman-da, boradigan joylarim bor, — dedi Bolibek iddao ohangida.
Shirinqul ketmang, qoling, deb aytsa bo‘lardi. Lekin indamadi. Qaytanga "o‘zingiz bilasiz" deb qo‘yaqoldi. Xayoliga kelgan narsa shu bo‘ldiki, bu turishda qaynog‘am bilan yana aytishib qolishim mumkin, ketavergani ma’qul. Lekin Mag‘firat, bolalari haqida bir narsalarni bilgisi keldi. Qandoq so‘raydi, nima deb so‘raydi?

*  *  *

Bu dunyoning odam ko‘nikadigan va umuman ko‘nikolmaydigan qismatlari bor. Odam o‘limga, ayriliqqa ham sekin-asta ko‘nikadi, nihoyat yaqin odami  qaytib kelmasligiga ham iqror bo‘ladi. So‘ng bu dard soviydi.
Tiriklarning savdosi esa boshqa.
Shirinqul  ayriliqqa sira ko‘nikolmadi. 
Avval hamma erkaklar singari  e, bu bo‘lmasa boshqasi, ikki marta uylanish faqat mening chekimga tushibdimi, dedi o‘zicha. O‘ylab qarasa, voz kecholmas ekan. Gap-so‘zlarni ko‘z o‘ngida gavdalantirib bir g‘ijinadi, bir oz soviganday bo‘ladi. Ammo Mag‘firatdan, biri-biridan shirin bo‘lib o‘sayotgan bolalaridan kechib yuborish...
Vaqt hakam. Hamma narsaga o‘sha sovuqqon hakam barham beradi. Lekin...
Bir gal ishxonasiga juda zamonaviy kiyingan, o‘ta chiroyli qiz kelib men falon shoirning qizi bo‘laman, biroq dadamni tanimayman, u onamni chaqaloqligimda qo‘yib yuborgan ekan, mabodo o‘sha shoir sizning nashriyotlaringizga kelmaydimi, men otamni ko‘rishni juda xohlayman, deb ko‘z yosh qilgan edi. Zingil solib qarasa, ko‘zi, qoshlari, yuz tuzilishi xuddi o‘sha odamniki. Vo, ajabo! Kunlarning birida shoirning o‘zi ham kelib qoldi. Shoir tabiatan xushfe’l va hazilkash edi, lekin kinoya, istehzo bilan o‘yib oladigan odati bor edi.  Sochlari oqarib ketgan shoirga negadir bu yangilik bo‘lib tuyulmadi.
— E, qaysi birini izlayman bularning, bo‘lsa bordir. Qaysi instituda o‘qir ekan, dedingiz? Madaniyatda. U yerda nuqul jalablar o‘qiydi-ku, qo‘ying-e, shuni ko‘rmay qo‘yaqolay, — dedi qo‘l siltab.
— Juda bo‘lmasa telefoningizni qoldiring, o‘zi sizni topib olar.
Shoir dunyoda ayol kishidek xiyonatchi bo‘lmasligi, ulardan nihoyatda ehtiyot bo‘lish shartligini uqtira boshladi. Shu gaplardan keyin xotinini mudom uyda qoldirib eshikning sirtidan qulflab yurishini, bo‘lmasa begona erkak kelib qolib biror kor-hol ro‘y berishi mumkinligini, o‘zi umuman bularni ko‘chaga chiqarib bo‘lmasligini, mabodo chiqar bo‘lsa albatta avtobus yo tramvayda begona erkaklarga dumba yo ko‘kragini ezdirib yurishini tashvish bilan gapirdi.
— Ja-a unchalikmasdir-ov.
— Shunchalik bo‘lmasa beshinchi marta uylanarmidim, uka. Hammasi shunaqa bularning. Hozirgi uydagisiyam noiloj, ko‘chaga chiqolmaydi. Shundayam, aniq bilaman, derazani ko‘cha tomonga ochib begona yigitlar bilan ko‘z urishtiradi, gap tashlaydi.
— E, aka, dovruqli shoirsiz-a. Yoppasiga ayblab  bo‘larkanmi ayollarni? Anavi qiz bo‘lsa, xuddi quyib qo‘yganday o‘zingiz.
— Be, — deya tag‘in qo‘l siltadi shoir, — madaniyatda kimlar o‘qishi, kimlar o‘qitishini bilaman-ku...

*  *  *

Har nechuk Shirinqul hayotga boshqacharoq ko‘z bilan qaraydi. Shoir haqida "shizik u" degan tarifni eshitgan.
Endi bir munosib ayolni topib uylanishi kerak.
Xo‘sh, kimga?

*  *  *

Bahor o‘rtasi. Qishloq, tog‘-dasht tugul shahar ham yashnab ketgan. Gullamagan daraxt qolmadi. Odamzotu tabiatda kayfiyat  a’lo. Bu kunlarda bayram qilmagan, shodlanmagan kishining o‘zi nomard.
Idoradagilar har yili ko‘klam chiqish arafasida Chimyonga bir kunlik sayohat uyushtirib, u yerda chang‘i, chanalarda uchib,  maza qilib, qor va qish bilan xayrlashib kelishardi. Bu yil qish yomon kelmadi. Besh-olti marta bo‘liq qor yog‘di. Ammo Avazning e’tiborsizligi tufayli bu gal qor bilan xayrlashish nasib qilmadi.
Shirinqul tashabbus ko‘rsatib, bu safar Chorvoqqa, lola sayliga boramiz, dedi va o‘zi tanishlari orqali kichik "Otayo‘l" avtobusi topdi.Toshkent-Xo‘jakent poezdiga o‘tirib borishsayam bo‘ladi-ku, lekin o‘z idish-tovog‘ing, hamrohlaring bilan xohlagan joyda to‘xtab, xohlagan narsangni pishirib yeyishga nima yetsin.
Kechasi bilan sharros yomg‘ir quyib chiqdi. Safar oldidan ham yomg‘ir chelaklab yog‘ayotgan edi. Nashriyot binosi oldida turgan avtobusga birin-ketin hammalari yetib kelishdi. Odatda har safar oshpazlik qiluvchi ombor mudiri Mahkam akayam do‘ppisining ustiga katta salafan qo‘ndirgancha yetib keldi.
Chirchiqdan o‘tib G‘azalkentning yo‘liga chiqqanlarida yomg‘ir siyraklashib, tog‘ taraf yorishib kela boshladi. Go‘yo endi tong otayotganday edi. Osmon qoq yarmidan qora parda yirtilganday bir tomoni oqarib qolgandi. Go‘zal bir manzara.
Shirinqulning bahri-dili ochildi. Sherigi  bilan kayfiyatini o‘rtoqlashmoqchi bo‘lib unga qarasa, kompyuterda ishlaydigan buxorolik Nazira ekan.
— Nazira, qaragin, tog‘ qanday ajoyib!
Qiz Shirinqulga ajablanib qarab qo‘ydi.
— Bu havoda zap qo‘ziqorinlar chiqadi-da. Umringda hech qo‘ziqorin terganmisan?
— Yo‘q, — dedi Nazira, — biz tomonda qo‘ziqorin o‘smaydi. — Negadir u tag‘in hayron qaradi. 
— O‘zi qo‘ziqorin o‘sib o‘tirmaydi, — dedi Shirinqul. — Sudralishni yoqtirmasa kerak-da. Momoqaldiroqdan so‘ng lop etib yerning betiga chiqadi-qo‘yadi.
Nazira yoyilib kuldi. Bu  hijob o‘ranib  yurguvchi qizga kulgu shunday yarashar ekanki, sherigi ham bir zum lol bo‘lib tikilib qoldi.
Qiz birdan:
— Shirinqul aka, sizga "san"sirash yarasharkan, — dedi.
— Yo‘g‘-e, "san" dedimmi sizni, uzr, — dedi Shirinqul noqulay ahvolga tushib.
— "San" deng, iltimos, — dedi Nazira.
— "San", bo‘ldimi?
— Yo‘q, bundan keyin ham doim "san" deng.
— Xo‘p-xo‘p, yana san.
Nazira yana chehrasi biram ochilib kuldiki, Shirinqul bu qizga buncha kulgu yarashmasa deb qo‘ydi va ichidan nimadir zil ketganday bo‘ldi.
Hademay tog‘ni yarim-yorti quyosh nurlari yorita boshladi. Tog‘ yonbag‘irlarida yengil tuman suzib yurar, havo juda musaffo edi. Odamning ko‘ngli ham  jillaqursa shu havoga o‘xshasa ekan — har yomg‘irda bir tozalanib  turardi. Lekin aynan hozir avtobus-dagilarning kayfiyati chandon a’lo edi. Ular bir-birlarini turtib manzara, daryo, daraxt, suvlar, gullarni ko‘rsatishar, kadrlar bo‘limi noziri, xo‘ppa semiz Mashhura opa dunyo bilan ishi yo‘q, o‘zicha bir mumtoz qo‘shiqni qoshlarini uchirib chayqala-chayqala xirgoyi qilardi.
Rassom Nodir garchi qo‘shiq eshitilmayotgan bo‘lsa-da, opaga qarab:
— Ha, do‘st, juft bo‘lsin! — derdi.
— Kollektivimiz yaxshi-ya? — dedi Nazira.
— Kollektivmi, ha, bo‘ladi, — dedi Shirinqul. — Akang qarag‘ay shakllantirgan-da buni. Qarang, har xil  razmer, har turli shakllardan bor. Xullas, importniy-da.
—    Ajoyibsiz-da, Shirinqul aka. Baribir yana "siz"ladingiz.
—    Qo‘pollashma, kim "siz" dedi, seni. Haqorat ham  evi bilan-da.
—    "Qarang" dedingiz-ku.
—    “Qara” so‘zini yo‘q qilib, baqrayib qara, vot manzara, hammayoq dabdala. Qalay?
Nazira avtobusning oynasi tomon o‘girilib, engashgancha bulk-bulk kular edi. So‘ng qizarib ketgan ko‘zlarini Shirinqulga qarab yarim ochib:
— Zo‘r talantsiz-ku, voy ichagim uzilopti, — dedi  tag‘in engashib.
Shirinqul orasta qoshlar, katta va qora ko‘zlar, tabiiy qayrilma kipriklar, bo‘yalmagan lablarning ham bu qadar chiroyli bo‘lishini bilmagan ekan. Beixtiyor Nazira, uning qanday bu yerga ishga kelganini eslab ketdi. Mashhura opa yarim shtatga olaylik, juda odobli, epchil, uddaburon degandi. Yana yetimmi, o‘gay onaning qo‘lidami, nimadir degandi.
— Nazira, xohlasang borganda ikkalamiz qo‘ziqorin teramiz, mana bu tekinxo‘rlarga nonushta tayyorlaymiz, xo‘pmi?
— Xo‘p-xo‘p, — dedi Nazira, — tekinxo‘rlarmi bular?
U Shirinquldan tag‘in qiziq bir gap kutdi.
— Qo‘ziqorin yerdan chiqqandan keyin hammaga tekin-da, — dedi u. — Hali u jonivor bor bo‘lsa, — deya qo‘shimcha qilib qo‘ydi va bu safar Naziraga ataylab sinchiklab tikildi. Nazira yuzini oyna tomonga o‘girdi.
Avtobus Chorvoq qishlog‘ining kunbetkay yonbag‘ridan chiqib tik qiyalikka yetmasdan to‘xtadi. Bu yog‘iga yurish qiyin edi. Shu joy ham   ma’qul: o‘t-o‘lan, daraxtlar, atrof tog‘, sal  tikroq yurib pastga qarasang — sayxonlik. Biroq hammayoq ho‘l. Asfaltdan oshib bir oz yursang bo‘ldi — pochang tizzangacha ho‘l bo‘lib ketadi. Quyoshning shu’lasida shudringlar yaltiraydi. Ariqdan to‘lib loyqa sel oqyapti. Uni kechib o‘tishing mahol. Haydovchiyam, yoshu keksayam bu paytda dastyor yoki qo‘riqchi bo‘lishni xohlamasdi: har kim o‘zini har yoqqa urgan, namgarchilik, gullar,  suvlar, qushlar — hammasi olam-olam quvonchdan iborat edi.
Shirinqul  daraxtzorga kirib besh-o‘nta zamburug‘ topib chiqdi. Baldog‘i bilan uzib olgani uchun xuddi gullarday qilib Naziraga tortiq qildi.
— Ibi, qo‘ziqoriningiz shumi? — dedi Nazira.
— Bu zamburug‘, qo‘ziqorin bujur, hunukroq narsa. Qo‘ziqorinning zaharlisi bo‘lmaydi, shuning uchun xavfsiramay paqqos tushiraversa bo‘ladi,  — dedi Shirinqul bilimdonlik bilan.
Qo‘lidagilarni yelim paketga joylarkan:
— Aslida qo‘ziqorinni bunaqa daraxtzordan topish qiyin, anavinday yalanglik bo‘lsa, — deb narigi betkayni ko‘rsatdi.
Bir zumda har kim xohlagan tomoniga uloqib gum bo‘lgan edi. Shirinqul Nazirani o‘sha o‘zi ko‘rsatgan tomonga boshlab ketdi.
— Bu yerlarda ilon-pilon bo‘lmaydimi? — deya hadiksirab so‘radi Nazira.
— Ilonlar uyg‘onishiga hali bor, — dedi Shirinqul tag‘in bilag‘onlik bilan, xuddi yoshligidan bu jondorlar bilan oshna-og‘ayni bo‘lib o‘sgandek, — Huv, may oyining oxirlariga kelib bu yerlarni oralasang, shundoq oldingdan "vish-sh!" deb boshini ko‘tarib kelaveradi. — Nazira shu zahoti "Voy!" deb baqirib yubordi. Shirinqul hech narsa bo‘lmagandek davom etdi: — Qochsang qochib qolding, bo‘lmasa "tap" etib otiladi-da, bo‘yningga arqondek o‘ralib olib bo‘g‘averadi, bo‘g‘averadi. O‘sha vaqtda cho‘ntagingda lezviyami, o‘tkirroq pichoqmi bo‘lgani ma’qul-da, ayni xirillatib bo‘g‘ayotganda qoq belidan bo‘lib tashlasang dog‘da qoladi. Ikkinchi marta senga yaqinlashmaydi, lekin shundayam o‘lmaydi — ikkovi ikki  tomonga sudralib juftakni rostlab qolishadi. Bir xillarining tili bor, gapiradi, egilib qo‘li ko‘ksida "kechirasiz" deb...
— Obbo, bo‘ldi-ey, tog‘a, lof ham evi bilan-da, — dedi kulib Nazira. Shirinqul esa jiddiy edi.
— Ko‘rganimni aytyapman-da, jiyan.
Nazira bu jiddiylikni  ko‘rib yana hazilga yo‘ymoqchi bo‘lib kulib Shirinqulga qarab turaverdi.
— Va-a! — deb baqiradiganlariyam bor-da, o‘shalardan Xudo asrasin.
Bu safar Naziraning o‘takasi yorilayozdi.
— Yuragimni yorib o‘ldirasiz-ku, — dedi yanib.
Bu Shirinqulga xush yoqardi.
Shirinqul shimi ho‘l bo‘lib ketaverganidan tuflisini yechib pochasini tizzasigacha sirib oldi. Naziraga  ham shuni maslahat berdi. U oldiniga unamadi, keyin engashib krasovkasini yechdi va uni Shirinqul yelim  xaltasiga solib ko‘tarib oldi.
— Pochangni ko‘tarib ol, bo‘lmasa o‘lasan shamollab.
— Shundaychasi yaxshi, — dedi Nazira uyalayotganini yashirib. Ammo sal o‘tmay trikosi shalabbo bo‘lib osilib qolgach, o‘zi tizzasigacha sirib olishga majbur bo‘ldi.
Oyoqlari oppoq, bejirim edi. U shu holatidan xijolatda edi. Boshqalardan uzoqlashib ovloqqa kelib qolmadikmi deb atrofga olazarak qarab qo‘ydi.
Pastdagi yassi tosh ustida Mashhura opa va yana kimdir o‘tirib olib qo‘llarini og‘izlariga karnay qilishgancha nimadir deb qichqirishardi. Nima deyotganlarini na eshitib, na tushunib bo‘ladi.
— Xavotir olmanglar, Nazirani bus-butun qaytarib opkelaman, — deya qichqirdi Shirinqul.
— Ibi, nomusga o‘ldirasiz-ku siz, — dedi Nazira, hovliqqannamo, bu nima deganingiz degan kabi.
— Va’da berib qo‘ygan yaxshi-da. Kim bilsin, shu masalada xavotir olishayotgandir-da.
Idishlarini to‘latguncha zamburug‘ terishdi-yu, qo‘ziqorin degani irimigayam yo‘q ekan. Qo‘ziqorin zavqi bilan Chorvoq suv omborining tepasiga kelib qolishibdi. Kattakon dengiz quyida yaltirab, adirlardan adirlarga yonlab o‘tib, chayqalib, yastanib yotibdi.
— Ana manzara, mana dengiz, O‘zbekistonning haqiqiy dengizi, — dedi hayratlanib yerga o‘tirarkan Shirinqul.
— Rostdan ham dengiz-a, go‘zalligini qarang, — dedi Nazira ham. — Ibi-i, shuncha katta ekan-a!
— Biz yoz  paytlari bu yerlarga kelib cho‘milib turamiz, — dedi Shirinqul. —Shaharda orttirgan kirlarni shu suvga kelib tashlab ketamiz.
Nazira anqayib qarab qo‘ydi. Boyagiday hazilmi yo chinmi degan ma’no bor edi bu qarashda.
— Yozda maniyam opkeling, — dedi beixtiyor.
Shirinqul kutilmagan bu taklifga ishonqiramay:
— Cho‘milasanmi? — deb so‘radi.
— Yo‘g‘-e, shunday-da, — deb qo‘ydi Nazira.
— Nima qipti, sendaylar ham cho‘milaveradi kiyim-piyimi bilan. Kun issiq, bir oz yurganingdan keyin o‘z-o‘zidan qurib ketadi.
Shirinqul Naziraning lo‘ppi yuziga, quloqlarini  yopib turgan qalin, jingalakka moyil qora sochlariga, so‘ngra yomg‘irdan keyingi shabnamda oppoqligi tag‘in ham yaltirab bo‘rtib turgan  oyoqlari, boldirlariga suqlanib turmuldi. Nazira hayratlar dunyosiga  o‘zini topshirib hamon hapriqar edi.
— Nazira, — deya uning xayolini bo‘ldi Shirinqul. — Institutni tugatdingmi?
— Qaysi institutni?
— Islom institutiga kirdim devdingmi?
— Yo‘q, kirolmadim-ku.
— Kirmay turib dahmazang shunchami?
— Qanaqa dahmaza?
— Aytaman-da. O‘zi qiz narsa o‘qib ham nima qilardi, ertaga bir etak bolaga o‘ralashib qolasan, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri.
— To‘g‘ri bo‘lsa...
— Bir etak bolali bo‘lish uchun avval erga tegish kerak-ku.
— Ha, darvoqe... Nazira, seni Mashhura opa o‘gay onaning qo‘lida katta bo‘lgan degandi. To‘g‘rimi shu gap?
— Ha. Lekin hech eslagim kelmaydi. Man bu yoqqa kelib xuddi qamoqdan  qutulgandekman.
Nazira  kasallikdan vafot etgan onasi, so‘ng otasi boshqaga uylanib o‘gay onaning qo‘lida qolgani, u xotin qizga it kunini solganini istar-istamas aytib berdi. Toshkentga bir otin oyisinikiga kelib diniy ta’lim ola boshlagani, kunlardan bir kun otin oyining eri diniy oqimga qo‘shilganlikda ayblanib qamalib ketgandan so‘ng taqdir taqozosi bilan Mashhura opanikiga ijara izlab kelib o‘sha yerda turib qolganini ham so‘zladi.
— Sening taqdiring ham menikiday yengil emas ekan, — dedi Shirinqul og‘ir homuza tortib.
— Nimaga? — dedi Nazira Shirinqul tomonga o‘girilib qararkan.
— Nechaga kirding? — dedi Shirinqul savolga savol bilan.
— Yigirma birga kiraman endi.
— Sening qismating yengilligi shundaki, sen hali boshlamagansan.
— Tushunmadim?
— Turmush qiyinchiligini.
— Boshimdan o‘tkazmagan bo‘lsam ham his qilaman, Shirinqul aka.
Nazira bu bilan boshingizdan o‘tganini aytavering, men tushunaman demoqchi edi.
— Men turmushni boshladim, quvonchu tashvishlarini ko‘rdim va tugatib ham bo‘ldim, — dedi Shirinqul voqeani bir boshdan aytib o‘tirishni xohlamay.
— Ishxonadagi  xotinlardan oilangiz tinch emas deb eshitgan edim, — dedi Nazira.
Shirinqul og‘rindi. Mening oilam haqida bilisharkan-da, gapirib yurishar ekan-da, degan xayolga bordi. Odamning yuzini qora qiladigan birdan-bir belgi shu ekan-da, dedi.
Bari bir Naziraga o‘xshab xohlab-xohlamay o‘sha voqealarni uzuq-yuluq aytib berdi.
— Mastmidingiz? — deb so‘radi Nazira.
— Yo‘q, mast emas edim.
— Agar mast bo‘lganingizda taloq tushmasmidi deb o‘ylabman-da.
— Ha, xotinimni, qizim Maqsudani, o‘g‘lim Firdavsni o‘ylasam yuragim gumurib ketadi, Nazira. Hech boshqa hayotni tasavvur qilolmayman. Birovlar bo‘ladi, kalishni almashtirganday  almashtirib ketaveradi xotinni. Men bo‘lsam, garchi shunchalikka borsam ham voz kecholmayapman. Aslida o‘sha paytda ham voz kechmagan bo‘lsam kerak.
— Tabiatan rahmdil, bo‘sh fe’l bo‘lsangiz kerak-da. Bunday kezda erkak kishi uzil-kesil hal qilmasa qiyin.
Shirinqul "xo‘sh?" deganday qaddini to‘g‘irlab qizga qaradi.
— Umr juda qisqa, Shirinqul aka. Buni mendan yaxshi bilasiz. Sizga aql  o‘rgatolmayman, lekin endi ilojingiz yo‘q, bari bir boshqaga uylanasiz. Yangamulloyam boshqa er qiladi. Taloq masalasi og‘ir. Yursangiz yuraverasiz.
Shu payt ularning yoniga ikkita askar yigit kelib qoldi. Ko‘rinishidan qishloq yigitlari, ust-boshlariyam unniqib ketgan.
— Aka, chekishdan bormi? — dedi ulardan biri, sal xijolat bo‘lib.
— Men chekmayman, — dedi Shirinqul.
Askarlarning biri Naziraga qarab baqrayib qoldi. Qiz bechora darhol oyoqlarini bekitishga tushdi.
— Buyam chekmaydi, — dedi Shirinqul u yigitga, tezroq ket, degan ma’noda.
Yigitlar nariroq ketgach, biri orqasiga qarab bosh barmog‘ini ko‘rsatib "mixday" ishorasini qildi.
— Nazira, zo‘r emishsan, — dedi Shirinqul.
— Bu nima deganingiz?
— Anavi askar bola seni mixday ekan topgan qizingiz deb ko‘rsatyapti.
— Qo‘ysangiz-chi, yosh bolamisiz?
Shirinqulga bu gaplar go‘yo Naziraning o‘z xotinidek muomala qilayotganday bo‘lib tuyuldi. Ichida iyib ketgandek shirin va ayni paytda ko‘z oldini qorong‘ilashtirib yuboruvchi hadikli bir  tuyg‘u o‘tdi. O‘zini mastdek his qildi.
— Nazira, — dedi va nima demoqchiligini tag‘in bir eslab olmoqchidek to‘xtab qoldi. Nazira unga termulib turardi.  Unda hadik yo‘q, lekin Shirinqul talmovsiraydi.
— Bu gapni nega gapirayotganimni  tayin bir aniqlashtirib olganim yo‘q-ku, shundayam...
Nazira bu gapni bilardim deganday kumush dengizga qaradi. Ammo uning ham ko‘zlaridan ma’no yo‘qolgan edi.
— Nazira, — deya qizning e’tiborini o‘ziga jalb qildi yigit. — Agar xotinlikka qo‘lingni so‘rasam rozi bo‘larmiding?
Nazira bir seskanib tushdi. Oyoqlarini yig‘ishtirib g‘ujanak bo‘lib oldi. U mung‘ayib, juda kichrayib ketgandek tuyuldi. Shirinqulga boshqa qaramay qo‘ydi, bema’no, dengizga tikilib turaverdi.
Shirinqul ham dengizga qaradi. Ammo u yerda moviy kenglik va jimir-jimirdan boshqa hech narsa yo‘q edi.
— A, Nazira?
Yana o‘sha jimlik. Mazmunsiz nigoh.
— To‘g‘ri, bunga dabdurustdan "ha" degan javobni kutmayman. Shunday bo‘lganida balki seni yoqtirmay qolardim. Bari bir...
— Siz bu narsani anchadan beri o‘ylab yurarmidingiz?
— Nima desamakan?.. Gapning ochig‘i,  avval bir to‘xtamga kelolmaganman. Aytdim-ku... Sen  ham eshitding. Bugun shunday xayollar girdobidaman.
—    Shirinqul aka, boshqa narsalarni  gaplashaylik.
— Ha, to‘g‘ri, — deya o‘zini o‘nglab oldi. Shirinqul. — O‘zim ham qiynalib ketdim. Demak, bari bir umid ostonasidaman deb tasavvur qilaversam bo‘lar-da, to‘g‘rimi?
Nazira bu gal ham indamadi. U bir pasda ulg‘ayib qolgandek edi.
Boyagi askarlar ketgan tomonda pastga tushadigan zina va beton yo‘lak bor ekan. Yo‘lak bora-bora yo‘lni katta  asfaltga opchiqarkan.
—  Lola tersak yaxshi bo‘lardi, — dedi Nazira.
—  Lola toshli joylarda o‘sadi. Kel, yaxshisi, mana bu qiyalikdan tushamiz. Lolalar ham topiladi bu yoqda.
Shirinqul yo‘l-yo‘lakay  to‘rt dona lola topib  uzib Naziraga berdi. Naziraning bo‘lsa kayfiyati ko‘tarilmas yoki u hech narsani sezdirmas edi.
Shirinqul ertalab xayolidan kechgan — qiz dildorlik bersa labidan bir muchchi olaman degan niyatidan voz kechdi. Qiyada Naziraning qo‘lidan tutar, shunda issiq, judayam issiq taftni tuyar, lekin qiz sal tekisroq joyda darhol qo‘lini tortib olardi.
Asfalt yo‘lda uch nafar askar bolaning yelim chelaklarda zamburug‘ va qo‘ziqorin sotish uchun yo‘l bo‘yiga chiqib turganini ko‘rishdi.
Shirinqul askar bola bilan savdolashib bir chelak qo‘ziqorin sotib oldi.
Avtobus yonida allaqachon ko‘rpacha va odyollar to‘shalib joy hozirlangan. Mahkam aka o‘choqqa gurillatib olov yoqayotgan edi.
Mashhura opa bularni ko‘rib pichingga o‘tdi:
— Kelin-kuyovlarday ja-a xilvatlarda qolib, a?.. Bu yog‘i tinchlikmi ishqilib?
— Xotirjam bo‘ling, hammasi yaxshi, yosh bolamidim, — dedi Shirinqul.

*  *  *

Shirinqul idorada Naziraga ovunadigan bo‘lib qoldi. Kompyuter yoniga kelib ataylab kitoblar xatosini tepasida turib to‘g‘irlatar, ba’zan butun-butun matnlarni aytib turib yozdirardi. Shu sabab unga qanday yaqinlashib borayotganini ham o‘zi sezmay qoldi. Nazira ham bora-bora bunga ko‘nikdi. U Shirinqulga kitoblar berib turar, ushbu kitoblarda ko‘pincha ichkilik qoralanar edi. "Qiyomat alomatlari" degan kitobni o‘qib uning tepa sochi tikka bo‘lib ketdi. Ba’zida xuddi eriga qilgan kabi  "ichmasangiz bo‘lmaydimi shuni?" deya malomat qilib qolar, so‘ng otasining ichkilik tufayli butkul odamgarchilikdan ayrilganini misol qilib aytardi. Bular ma’qul, lekin yosh qizning, o‘zidan qariyb o‘n to‘rt yosh katta odamga "janob Haq subhonahu va taolo o‘z sharifi kalomida ta’kidlaganidek" deya amru ma’ruf aylab qolishi g‘alati edi.
— Bilaman, bu narsalarni o‘qiganman, — derdi yigit.
O‘sha tog‘ sayrida ham Shirinqulga "bir qultum ichsangiz, men bilan gaplashmaysiz" deya shart qo‘ygan edi. Shirinqul ham odobli bolalardek bu talabni bekamu ko‘st ado etdi.
Uy esa zimistondan zimiston edi. Pardalar, kiyim-kechak, supurgi, idish-tovoq, oshxona—bari, Mag‘firatning otini aytib chaqirgandek bo‘laverardi. O‘tgan qirq kun qirq yildan ham ziyoddek edi. Firdavsni erkalashni xush ko‘rardi. Ishdan kelib u bilan bir zum o‘ynasa hordig‘i chiqib ketardi. O‘g‘li nuqul u aytgan ishning teskarisini qilardi, bunga sari otaning zavqi oshaverar, ba’zan bolani jerkib bersa, u sira kechirmay qolardi, hatto ertasi kuni ham oyisiga ko‘rsatib "dadam mani uydi" deb yig‘lab yuboraverardi. Mana shu erkalik, erkalatishlar ham endi arzanda.
Shirinqul negadir yuragining tub-tubida bari bir Mag‘firat qaytib keladi deb ishonardi. Butunlay voz kechib ketishga irodasi yetmaydi yoki mendan boshqasi bilan yashashni tasavvur qilolmaydi  deb o‘ylardi. O‘zi ham undan boshqasi bilan yashayolmasam kerak derdi.
"Hozir akasinikidamikan. Bolalar bilan qanday sig‘ib yurgan ekan yo qishloqqa ketganmikan? Hozir o‘g‘lim nima sho‘xlik qilayotgan bo‘lsa, qizim-chi? Mag‘firat deraza oldiga borib meni o‘ylayotgan chiqar, kutayotganmikan? Yo birorta erkakni topib olganmikan? Tavba qildim, shunaqa bo‘lishi ham mumkinmi? Beva xotinning orqasidan yuradigan chiqadi bari bir. Qipchoqda bekorchi ko‘p. Ishsizlar ham, puldorlar ham ko‘p. Birorta puldori ko‘nglini topib o‘ynatib yurgan bo‘lsa-chi? O‘ynatib ham o‘ynashib... Yo‘q, bunday qilmasa kerak. U mendan boshqasi bilan to‘shakka kirolmaydi. O‘zim ham negadir undan boshqasi bilan yotolmasam kerak. Nega shunday? Duo qildirmaganmikan? Yo‘q, o‘zi shu narsa menga yoqmasa kerak. Talabalikda do‘stlarning qiziqtirishi bilan bir fohishaga duch bo‘lgandim. Ko‘p o‘tmay kasallikka chalindim. Yashirincha  davolanib tuzalgunimcha naq ona sutim og‘zimga kelgan, bor budimdan ayrilib qariyb yalang‘och qolganman. Shu bois kimki begona ayol bo‘lsa, kasal deb o‘ylayman. Iflos va sassiq tuyulaveradi. Faqat Nazira... U namozxon-da, toza. Lekin xotin bo‘la oladimi? Bosiq, ko‘p qiyinchilik ko‘rgan, lekin nimasidir yengil tuyuladi. U— Mag‘firat emas. Aksligi bo‘lsa ham Mag‘firatim yaxshi. Agar yaxshi kiyinib olsa qomati hammanikidan zo‘r. Ko‘ngli iysa hamma aytganingni bajaradi. Badani ham top-toza, o‘ziga qarab yursa bo‘ldi, o‘psang ham yoqimli hidi bor, eh, qani o‘sha Mag‘firat?! Endi yo‘q, yo‘q, yo‘q. Dahshat! Agar birov bilan yurib ketsa so‘yaman!
O‘liptimi, bolalariga mehribonchilik qilib, qarab akasinida yurgandir. Akasi sig‘dirarmikan? Qipchoq ham shaharday gap: bir eshikdan kirib chiqavergandan keyin yoqmay qolasan tez kunda. Ha, tug‘ishganingni ham yoqtirmay qolasan. Mana,  o‘zingdan qiyos, boshqalar ham shunday-da. Yo qishloqqa jo‘natib yubordimikan? Qishloqda esa tez gap bo‘lib ketadi. Ajrashipti degan gap ayolga, yaxshimi? Shuning uchun bu narsani yashirishga urinishadi, bir-ikki kun turib qolsa ham ajrashgan, deb qolganini to‘qib-bichib tashlashadi. Yo‘-o‘q, qishloqqa ketmagandir. Qipchoqqa bir borib poylab kelsammikan? Qanday qilib poylayman? Ko‘rib qoladi, ko‘rsa yalinib keldi deb o‘ylaydi. Shu-u, qaysarligi bor-da. Boshqa tomoni yaxshi. Bari bir boraman. Hamma ayb o‘zimda".

*  *  *

Odatdagiday uyni saranjom-sarishta qildi, yengil kiyimlarini yuvib dorga ildi. Ishga borib bir ikki kun kelolmayman, deb tayinlab kelmoqchi bo‘ldi. Ertaroq borgan ekan, Naziradan boshqa hech kim kelmabdi. Qiz har safargiday "Assalomu alaykum" deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib o‘rnidan turdi.
— Har kuni shunday erta kelasanmi?  — deb so‘radi Shirinqul.
— Ha, deyarli har kuni. Hech kim yo‘qligida oromida ishlayman.
—Bo‘lmasa xalaqit beribman-da?
— Nimaga unnoq deyopsiz?
— Balki  xalaqit bergandirman deb o‘yladim-da.
— Shirinqul aka...
Qiz yerga qarab turardi.
— Bir nima demoqchimiding, — dedi Shirinqul go‘yo e’tiborsizday. Ammo bir juda muhim gap aytmoqchiligini  angladi, negadir ich-ichidan "o‘sha so‘zni aytmasin-da" deb yalinganday bo‘ldi. 
— Kir kiymingiz bo‘lsa menga keltirib bersayiz, ovqatdan ham qiynalayotgandirsiz...
— Yo‘q, qiynalganim yo‘q. Qaytamga yaxshi, qursog‘imga loyiq narsa yeyapman. Kir yuvish bo‘lsa mening hobbim, fizkultura-da, maza. Bizning kirlarni ko‘tarib yursang Mashhura opa nima derkin?
— Bilmasam...
— Mavridi bo‘lganda bir tonna kir qilib uyib qo‘yarman, o‘shanda uyga borib yuvib berarsan balki.
Bu gapda ilmoqli fikr ham borligini o‘ylab:
— Balki birorta dugonangni hasharga oborarsan, — deb qo‘ydi.
— Tushimda siz oq ot minibsiz, xayrlik bo‘lsa kerak, — dedi Nazira.
— Egarlanganmidi ot? — deb so‘radi Shirinqul birdan hovliqib.
— Egarlangan edi...
— Asov emasakanmi, irg‘ishlab ustidan tushirib tashlamadimi akang qarag‘ayni?
— Ajoyibsiz-a...
Nazira Shirinquldagi shu ko‘tarinkilikni yoqtirardi. Shu bois u kuchli odam, har qanday dard va achchiq qismatni  shunday  baland ruh bilan yengib o‘ta oladi deb ishonardi.
— Bir hafta ish bilan ikki-uch kunga daf bo‘lmoqchiman, kelgunimcha idorada nazorat o‘rnatib turasan, xo‘pmi? Tag‘in o‘zing yigit-pigitlarga shilqimlik qilib yurma, xafa bo‘laman. Chunki sen yaxshi  qizsan, hadeb bunday shilqimlik qilish senga yarashmaydi.
Qiz garchi bular hazilligini bilsayam jo‘rttaga jiddiylashdi:
— Shilqimligimni ko‘rib edingizmi?
— Ko‘rmaganman, ko‘rmayin ham deyman-da.
—    Olloh asrasin! Qo‘ying, man munnoq hazillarni ko‘tarolmayman.
—Unda yaxshi, men seni kechirdim. 
Shirinqul "kechirasan, singlim, dilingni og‘ritib qo‘ydim" degani  edi bu, teskarisini gapirdi, xolos. Lekin Nazira bu hazilni mutlaqo tushunmadi.

*  *  *

Yo‘l bo‘yi "qanday kutib olarkin?" degan xayol uni tark etmadi. Bir gap bo‘lar, peshonada borini ko‘rarman, deb moshinasini bosib ketaverdi. Ko‘z o‘ngida o‘g‘li, qizi jonlandi. Sovg‘a olib bormasa noqulay bo‘lishini sezib do‘kondan har xil shiinliklar, Yangiyo‘l atrofida yo‘ldan ikki kilo qulupnay ham olvoldi. Yo‘l uzoq, xayol surib ketdi.  Mag‘firat bilan birinchi uchrashuv, uning tortinchoqligi, chiroyli ekani, o‘zi bo‘ldi, shunga uylanaman, deya tez qarorga kelgani...
Yangasi qurg‘ur yomon tarang qilar edi-da. Chaqirib berish uchun ham avval bir nimangni olib, keyin yana devor orqasidan poylab turardi. Mag‘firatning aql-farosati, bilimi o‘qigan qizlarnikidan  qolishmasdi. Birinchi safar devor orqasida turib gaplashgan, keyingisida esa "kelsangiz, kunduz kuni keling, kechasi uchrashuvga chiqmayman",  degan. Keyingilarida birmuncha moslashgan, ammo zinhor soy bo‘yidagi terakzor ichida uchrashishga rozi bo‘lmagan. Shirinqul sakkiz chaqirim keladigan qishlog‘idan odatda kechqurun, akasining mototsiklida kelardi uchrashuvga. Bir gal endi maktabga borayotgan singlisini olib kelgan, u yangasini bir ko‘ray deb xarxasha qilgan edi. Singlisi Mag‘firatning singlisi bilan o‘ynab ovunib qolganida birinchi marta uzoq gaplashgan va... qizning garchand qarshiligiga qaramay o‘pgan edi.
— Shu yoshga kirib nimaga uylanmay yuribsiz?
Yigit yigirma   oltiga  kirgan edi.
— Sizdayini topolmadim-da.
— Bizdan zo‘rlari shaharda ko‘p-ku, ham o‘qigan ular?
— Ayolning o‘qimagani yaxshi. O‘qisa eshganlab ketadi.
— Voy, nega eshganlaydi?
— Shahar ko‘rgan echkidan qo‘rq, degan gap bor-ku.
— Meni otam o‘qishga jo‘natmadi. Kirib ketardim. Eng a’lochi bo‘lmasamam bilimimga ishonardim.
— Balki kechkiga kirib o‘qirsiz, ko‘ramiz.
— O‘qitasizmi? Otamning qo‘li kaltalik qilmaganida-ku...
— Afsus qilmang, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz ham uncha oshib-toshib ketmaganmiz.
Yoz chiqqanda to‘y bo‘lgan. Shirinqul uni qattiqroq yaxshi ko‘rib qolgan edi. Bir yilcha har shanba qishloqqa qatnadi. Yo‘ldan bezor bo‘lib ketdi. Yaqin joy bo‘lsa ekan. Onasi ham negadir opket kelinni, kvartirada bo‘lsayam amallab yashab turarsizlar, demagan. Mag‘firat ham enamning xizmatini qilay, hadeganda shaharga qochib ketmay, derdi. Birinchi farzandi qiz bo‘ldi. Maqsuda emaklab, dasturxonning ag‘dar-to‘ntarini chiqaradigan bo‘lganda Shirinqul ularni shaharga olib ketdi.  Ikkinchi farzandga homilador bo‘lganida Xudo yarlaqab uyli bo‘lishdi. Xotinini o‘qishga kiritish haqidagi gaplar esidan ham chiqib ketdi. Bola bilan o‘qib bo‘larkanmi? Miyadagi bor bilimni shular qoqib qo‘liga berishdi.
Eshikni akasining qizi ochdi. Akasi uyida yo‘q ekan. Shirinqul "Mag‘firat opangni chaqir bo‘lmasam,” dedi. Ancha fursatdan keyin akasining xotini ko‘rinish berdi.
— Ha, kuyovto‘ra, nima gap?
— Keldik.
— Xotin, bola-chaqa endi kerak bo‘ldimi? Qilg‘ilikni qilib qo‘yib?..
— Uydami?
— Teshik kulcha yerda yotarmidi, erga berdik singiljonni...
— Yo‘g‘-e-e, hazillashmang.
— Sizga o‘xshagan bir boyvachcha topilib edi, berdik.
— Jiddiy gapiryapsizmi?
— Bo‘lmasa nima? Taloqni bergandan keyin u kimniki bo‘lardi, birovga berish kerak-da.
— Yanga, uyingizga kirsak bo‘ladimi?
— Yo‘q, bo‘lmaydi, endi yangi kuyov kiradi bu uyga.
— Hech bo‘lmasa bir og‘iz gaplashtirmaysizmi, ko‘rishtirmaysizmi?
Yangasining ko‘zlari pirpirab, yonoqlari uchib o‘shqirishga tayyorlandi.
— Jigit degan shunday bo‘lama? Ikki oy bolaning, xotinning ahvolidan xabar omayma? Endi mudgor bo‘g‘ani nesi?
— Yangajon... — Yanga eshikni qarsillatib yopdi. Ichkariga qarg‘anib kirib ketdi. "Jigit o‘lgur-ey buytib jurgancha" deganini eshitdi.
"Qaerda bo‘lishi mumkin? Hech bo‘lmasa qizim ham chiqmadi-ya. Nahotki yanga  aytganiday... Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Qizimni, o‘g‘limni birovga farzand qilib berib qo‘ymayman!" Kun bo‘yi shu joylarda tentiradi. Mashinasini yurgizdi, o‘chirdi; yurib qaradi, turib qaradi, istagani topilmadi. Qo‘rg‘on markazida kafelar ko‘payibdi. Har xil musiqalar yangrab, yosh-yalang kirib-chiqib turibdi. Kimlardir daraxt soyasida pivo simirmoqda. Shirinqul ham to‘yib-to‘yib pivo ichsammi deb o‘yladi. Ammo ichidan o‘tayotganini bu ham bosolmasligini bilib turardi. Asta, bemajol mashinaga o‘tirib o‘t oldirdi. Qo‘l telefonini olib Mag‘firatning akasinikiga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. Tag‘in boyagi qizcha olib oyisini chaqirgani ketdi. Foydasi bo‘lmagach, mashinaga gaz bosdi. Ilgari cho‘l qurilishi bo‘lgan idoraning oldidan o‘tdi. "Neksiya"lar qatorlashib turibdi. Bu yerda ham kafe ochilibdi. Ikkita qorindor kishi kabob bilan qo‘shib aroq ichib o‘tirishibdi. Shularga o‘xshaganlar Mag‘firatni ilintirdimikan, degan o‘yga bordi va birdan yuragi "shig‘" etib ketdi.
"Bular iflos odamlar: pul topadi, puliga maishat qiladi. Xotinbozlik qiladi. Bu — aniq. Xotin emas, o‘ynash kerak bularga. Mag‘firatga ko‘zi tushsa,  eridan ajrab kelib o‘tirganini bilsa, tinch qo‘ymaydi. Bir narsalar olib berib, yo xotin qilaman deb, mayishatini qiladi-da, so‘ng tuflab tashlaydi, keyin itmisan deb ham qaramaydi, so‘ng boshqasini ilintiradi. Mag‘firat ham shularga uchib... Uf-f, undoq emasdir-ov. Mag‘firat shunaqa ayolmidi? Yo‘q, unaqa emas".
Shu o‘y-xayol bilan katta ko‘chaga chiqib ketganini o‘zi ham sezmadi. Qayoqqa yursin: Toshkentgami, qishloqqami?" Ikkilanib, kalovlanib turganida Guliston tomondan bir "Neksiya" kelib sekin Qipchoq tomonga qayrildi. Bir meshqorin kishi, yonida xotini ham bor. Shirinqulga u Mag‘firatga o‘xshab ko‘rinib ketdi. "Mag‘firatmas" dedi u o‘ziga o‘zi. Mag‘firatmas, Mag‘firatmas!" Ishonqiramay uning orqasidan yurmoqchi bo‘ldi. Picha yurib fikridan qaytdi. "Neksiya" ham yurishi tezlashib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 
Bir qarorga kelib-kelmay qishloq tomonga haydadi. "Otasinikiga ketgandir" degan ilinji bor edi. Quyosh ham qizarib borayotgan ufq ortida o‘ylanib turib qolgan, go‘yo u ham bu holdan hayron, tog‘lar ortiga botib ketish esidan chiqib ketgandek edi. Qishloqqacha kam deganda yetmish chaqirim bor, yetguncha qorong‘i ham tushib qoladi. Qorong‘ida yurishni yoqtirmaydi, ko‘ziga bir balolar ko‘ringandek vahimaga tushaveradi, yo‘lda chiqqan odam  ham qop-qora devdek tuyulaveradi.
Qishloqda chiroq yo‘q, atrof zimiston edi. O‘zi shu: keyingi paytlarda qishloqda ikki yo uch soat chiroq berishadi-da, xufton bo‘lmasdan o‘chirib qo‘yishadi. Odamlar ham ko‘nikib qolgan bunga: moychiroqni yoqib,  hangoma qilib choyxo‘rlik qilib o‘tiriverishadi. Tosh va paxsa  bilan o‘ralgan tor yo‘lga birgina mashina sig‘adi. Yo‘lak tugab qishloqqa chiqqach, qiya yo‘ldan  o‘ng tomonga biror chaqirim yuriladi. Yon tarafi tosh devor bilan to‘silgan birinchi uy qaynotasiniki. Yog‘och to‘siqlar devor vazifasini o‘taydi. Dastavval vovullagan ko‘yi it yugurib keldi. Derazasidan yorug‘ tushib turgan uyning oldida gugurt yondi.  Kimdir oyog‘iga poyabzal kiydi chog‘i. Mashina yorug‘ining ro‘parasigacha keldi: qaynotasi. Oq ishton, ustidan uzun qora yaktak tashlab olgan, soqol qo‘yibdi,  mo‘ylovi oppoq. Boboy bo‘lish ham bir paslik ish ekan-da. Kuni kecha mirob, qishloq brigadiri bo‘lib shovqin solib yurardi. Hoynahoy nomozxon ham bo‘lib qolgan chiqar.
— Ha, kuyov, keling. Kuchukdan qo‘rqyapsizmi? Tushing-tushing.
Shirinqul biror narsani tusmol qilmoqchiday eshikni ochib tushdi. Qo‘rqqanday bo‘lib, xavfsirab ko‘rishdi.
— Bollarni opkelmadingizmi?  — dedi qaynotasi to‘siqlarni birin-ketin tushirib yo‘l ocharkan.
— Ie, — dedi Shirinqul beixtiyor va gapning davomini aytolmay bosh qashladi. Orqasiga qaytdi. Mashinaning yukxonasini ochib shahardan olgan mevalarni oldi.
Qaynotasi nuqul nevaralarining holini so‘radi.
Shirinqul "ha yaxshi, yaxshi”dan nariga o‘tolmadi.
Demak, Mag‘firat bu yoqlarga kelmapti-da. Qaynotasi  negadir gap qo‘shmay xomush, sirli-sirli tikilib o‘tirdi. Shirinqul bir-ikki piyola choy ichib uyga o‘tay, ularniyam ko‘rmaganimga ancha bo‘ldi, deb turib oldi. Qaynotasi "quruq og‘iz ketmang, juda bo‘lmasa to‘rtta tuxum qovursin", deb turib oldi. Shirinqul unamadi. "Kech bo‘lib qoldi" deb bahona qildi.
— Mayli bo‘lmasa,  quda-qudag‘aylarga salom deng, — dedi qaynotasi.
— Mayli, yaxshi o‘tiringizlar.
Qaynotasi ergashib kelgan nevaralarini boraveringlar uyga deb  haydab yubordi-da, kuyoviga kiftlashdi.
— Kampir bilan ikki-uch kundan beri qoboq— tumshuqlimiz, xijolat bo‘lmang, kuyov. Hayotda har narsa  bo‘pturadi. Ilgari yelkasi qichidi shekilli deb bir-ikki qamchi tashlab turardim, endi yarashmay qoldi. Lekin siz Mag‘firatni urmang, xo‘pmi? Men uni o‘g‘illarimdan ham, qizlarimdan ham yaxshi ko‘raman. Ursangiz men xapa bo‘laman, ko‘klam kunlari bir opkeling, mayopka qipketasizlar.
Shirinqul uyga borgach yangasiga to‘shak soldirdiyu dong qotib uxlab qoldi. Boshqalar ham uxlab qolishgan ekan.

*  *  *

Onasining kelinlari ichida Mag‘firatga alohida mehri bor. Qizim qatori ko‘raman deb ko‘p aytgan. Hatto to‘ydan keyin qancha yillar shaharga jo‘natmay turib olgan.
Ertalab o‘g‘li ariqdan yuz-qo‘llarini chayib kelgach:
— Tinchlikmi o‘zi? — deb so‘radi.
— Tinchlik, — dedi o‘g‘li.
— Rostdan tinchlikmi, bolam? — deya xavotirlanib yana so‘radi onasi.
— Tush-push ko‘ruvdingizmi? — dedi bunga javoban o‘g‘il.
— Tush bo‘lsa mayli edi, tushdan yomon gaplar yuripti, bolam. Biror gap  bo‘ldimi kelinminam?
— Nima gaplar eshitdingiz o‘zi?
— Ay, shu odamlar, xotinlar unday-munday gapirib yotishipti-da, elda gap jotoma? Ne qilding kelindi?
— Gartak aytishdik. Pichagina yuzini silab ham qo‘ydim. Bollarni olib bir oz aylanib kel dedim, aka-pakasinikida bir-ikki kun dam olib,  aylanib boradi-da, nima qiladi bir yerda diqqinafas bo‘lib.
— Bir narsani boshlamagan bo‘lsang-ku...
— Bunday keliningizdan ayrilib bo‘larmidi. Otam qaerda?
— Jarovuldagi katta bo‘lalaring qizini chiqarayotib ekan, o‘ta solib kelay, Shirinqul ketib qolmasin, deb tayinlab ketdi.
— Vaqtim ziqroq edi-da.
— Qaramasang bo‘lmaydi, qattiq tayinladi. Kecha quruq og‘iz, och qoringa yotib qopsan. Akangning qizlari pidina terib kelgan, hozir chechang pichak pishiraman deb xamir iylayapti. Hech qaerga ketmaysan.
Hovlidagi qo‘l yuvgichning oldidagi bir parcha oynaga qarab akasi soqol qirtishlab  yotipti.
— Uyga kirib choy-poy ichib tur, hozir boraman, — dedi u.
Ichiga yalpiz solib pishirilgan pichakni chalobga botirib ursang yo ichiga saryog‘ eritib tushirsang zap ketadi-da. Shirinqul juda ochqab ketganini turib-turib his qildi. Har gal kelganida onasi yupqa pishirib berardi. Hozir soy va ariq bo‘ylarida yalpiz ko‘pligi uchun nevaralarini ertalabdan uyg‘otib, qo‘liga chelak berib yugurtiribdi.
"Mehribongina enajonim! Ne ahvolda bo‘lsangizam meni o‘ylaysiz-a! Aslida nevaralaringiz, keliningiz bilan kelib uch-to‘rt kun yursam qanchalik dimog‘iyam chog‘ bo‘lardi. Afsus... Faqat ko‘p so‘roqqa tutavermang, iltimos. Shundoq ham ichginam ezilib ketayotir, ena!"

*  *  *

«O‘sha kuni ko‘p dakki eshitishimni bilardim uydagilardan. Otam, onam, ayniqsa akam obdon tuzlaydi deb o‘yladim. Ammo negadir hech biri menga do‘q ham urmadi, pisanda ham qilishmadi. Afsus va attang qilishdi, endi nima qilmoqchisan, deyishdi. Bundan ko‘ra tayoq olib urganlarida ming marta yaxshiroq bo‘lardi, qilig‘imga yarasha jazo olgan bo‘lardim. Faqat singlim «agar shu yangamni qaytib opkelmasangiz sizdan aka sifatida rozi emasman», dedi va yig‘ladi. Shunday g‘urbatli kayfiyatim bo‘lmaganida ikki-uch kun yurmoqchi edim. Qishlog‘im qanday ko‘rkam bo‘lib ketibdi. Havo, suv toza, atrof ko‘klam quyoshida  yashnab yotibdi. Osmon shu qadar tiniqki, quyosh chiqquncha yulduzlar ko‘rinib turadi.
Akam bir-iki kun turmaysanmi, gaplar bor, dedi. Men unamadim. Choy ichgandan keyin meni rayonga tashlab qo‘yasan, deb mashinaga o‘tirib oldi. Taloq masalasini hech qaysisi bilmas ekan. Lekin akam eshitibdi. Ayollar mish-mishni ko‘paytirib yuborishgan chog‘i.
—    Chindan "taloq" dedingmi? — deb so‘radi akam yo‘lda. Mening indamaganimni ko‘rib: — Bekor qipsan, attang,  — dedi boshini chayqab. — Aytib qo‘yay, bunday kelinni topish qiyin. Nimasi yomon, ayt-chi?
Yana indamadim.
— Hamma gap o‘zingda, uka. Menga shunday tuyulyapti. Ichib olib urgandirsan. Qishloqqa kelib jo‘ralaring bilan ko‘rishib qolsang ham rosa ichasan. Biz bilan, ota-ona bilan hangoma qilishni bilmaysan. Jo‘ra degani nima:  birpas o‘tirib ulfatchilik qilishga-da u. Keyin ustingdan kulib yuradi. Ota-onayam qariyapti. Endi ular senga xotin qidirmaydi. Bo‘lar ish bo‘lgan desang, men yugurishim kerak yana.
— Aka, bu masalada sizga yuk bo‘lmayman. To‘g‘ri, ko‘p ayb o‘zimda. Shuning uchun o‘zimning moyimga qovrilayapman. Bir oz vaqt o‘tsin endi. Keliningizningam, meningam ko‘zimiz joyiga kelar.
— Sen taloq degan narsani tushunmaysan, shekilli?
— Tushuninishga-ku tushunaman, lekin...
Bu narsani akam bilan sirlasholmayman.
Otamning, onamning oldidayam xuddi odam o‘ldirganday ahvolga tushdim. Onam ko‘p o‘pkaladi, otam qudalarimiz yaxshi odamlar, tezroq kelinni opketib, yarashinglar, men ularning ko‘ziga qanday qarayman, to‘y bor, ma’raka bor, dedi.
Akamni raysabesning oldiga tashladim-da, bu yog‘iga o‘zim keldim. Bug‘doyzor orasi qizg‘aldoqdan gilamday tovlanib yotibdi.  Ustiga yotib dumalaging keladi. Bultur shu yerlardan bolalar bilan yotib, turib, gullarni quchoqlab rasmga tushgan edik.
Qaytayotganda yana Qipchoqqa burildim. Qaynog‘amning ko‘chasiga qayrilgan joyda uning qizi bir to‘da  qizlar bilan ko‘chaga bo‘r bilan chizib  nimadir o‘ynayotgan ekan. Meni ko‘rib bir oz tek  turib qoldi. Mashinadan  tushgan edim, chopib uyiga ketib qoldi. Ammasini chaqirar deb eshigining tagida kutdim. Yana o‘sha ahvol: hech kim chiqmadi.
O‘ylab o‘yimning tagiga yetolmayman: o‘sha davangirday maishatxo‘rlardan bittasiga tegib ketdimikan? Mag‘firat-a?! Nahotki bu ish shu qadar oson bo‘lsa? Mumkin emas! U mendan boshqasi bilan ham yotishi mumkinmi? Yo‘q, sira tasavvurimga sig‘dirolmayman. Mendan butkul sovigan bo‘lsa-chi? Akasi, yangasi jerkiyverib, hech qayoqqa sig‘may qolib sabr-bardoshi tugagan bo‘lsa-chi. Shunday bo‘lishi ham mumkin-ku!..
Boshim shishib ketdi. Ishga borsammikan, bormasammikan?”

*  *  *

— Nazira, yana qanday tushlar ko‘ryapsan?
— Ko‘p tush ko‘raman, lekin ko‘pisi xayolimga  turmaydi.
— Shirinqul mavzusidagi tushlardan yo‘qmi?
Qiz hazilga bir zum to‘xtab, so‘ng qiyo qarab jilmayib qo‘yishiga o‘rtanadi Shirinqul. Odamzodning bunday go‘zal qiliqlari borligini o‘ylaydi. Sof, tip-tiniq bir tuyg‘ular ham bor bu dunyoda. Shirinqul bu qiz uchun suyanchiq, yupanchmi, xaloskormi — kim? Yo bo‘lajak qayliqmikan?
Hamma tashvishlariyu hozir yuragida kechirayotgan tuyg‘ularini jamlashtirib bir qarorga kelolmadi. Unda birgina niyat paydo bo‘ldi: shu qizning yonib turgan dudoqlaridan qonguncha o‘pish. Avval ko‘z oldi bir jimirlab ketdi, so‘ng nima bo‘lsa bo‘lar deb sekingina, deyarli shivirlab:
— Seni yaxshi ko‘rib ketdim, labingdan o‘pgim kelyapti, — dedi.
Qiz duv qizardi va ishini ham to‘xtatib teskari o‘girilib oldi. Yigit kursisini unga yaqinroq surib o‘tirdi. Qiz turib ketdi va derazaning oldiga borib tashqariga bema’no tikilib turaverdi. Yigit uning o‘rniga kompyuter qoshiga o‘tirib oldi-da, qizning ishini davom ettirib o‘zi tera boshladi. Qiz sekin, istar-istamas uning yoniga keldi va :
— Qo‘ying, o‘zim ishlayman, — dedi.
Shirinqul o‘rnidan qo‘zg‘alib qaqqayib turib qoldi.
— Xafa bo‘ldingmi? — dedi.
— Gap xafagarchilikda emas. Men sizni akamday ko‘raman. Munnoq gaplariz og‘ir botadi.
— Kechirasan, — dedi-da, yigit  xonadan chiqib ketdi.
Ketayotib o‘pishimni rad qilgani uchun ham bu qizni hurmat qilsa arziydi deb o‘yladi.
Shundan so‘ng ko‘p vaqt shu haqda o‘ylab yurdi. O‘zining unga bog‘lanib qolayotganini sezdi. Agar Mag‘firat bilan taqdirimiz teskari ketgan bo‘lsa faqat Naziraga og‘iz solaman, namoz o‘qing desa namozxon bo‘lib olaman, qaytanga toza yuraman, ulfatlardan voz kechaman, degan qarorga ham keldi. Ammo bu qaror muqim emas, istakning xulosasi edi, xolos. Xotin qo‘ygan, ikki bolali erkakka bokira bir qizning xotin bo‘lishi ham shunchaki gap emas. Boz ustiga turmush sir-asrorlarini bir boshdan tushuntirib, uqtirib borishing kerak. Shirinqul shu zahoti Nazirani qanday to‘y qilib opkelish, to‘yga nimalar sarflash, qaerda o‘tkazish keragu qancha mashina jalb qilish haqida ham o‘ylab qo‘ydi. U ich-ichidan Nazira menga rozi bo‘ladi deb ishondi.
Faqat Mag‘firat bilan kechgan hayoti, qizi va o‘g‘li haqida o‘ylaganida zil tortar,  bularni osonlikcha tashlab ketolmasligini yaxshi his qilardi. Ammo nimadir chora topish kerak-ku.
Ishdan kelgan zahoti "adajon" deya yugurib kelib bo‘yniga osilib oluvchi qizini esladi. Yuragi to‘liqib borayotganini his etdi. Negadir ilgaridan, deyarli talabalik davridan boshlab turmush haqida o‘ylaganida nuqul shu narsa ko‘z o‘ngida gavdalanardi: uying bo‘lsa, ishdan kelsang, kirganingda qizing qiyqirib yugurib kelsa, yuzingdan cho‘lpillatib o‘psa, so‘ng uni erkalatib mevalar, o‘yinchoq bersang, xotining ham uyni sarishtalab ovqat pishirib kutib o‘tirgan bo‘lsa, "yaxshi ishlab keldingizmi, charchamadingizmi" deb kutib olsa...
Hayotda ham xuddi shu orzu qilgani bo‘ldi. Xudo uy, xotin va erkalash uchun qiz berdi. O‘g‘il orzu qilgan edi, o‘g‘il ham berdi. Niyat qilgan ishi, mashina — hammasiga yetishdi.
Ammo nima jin tegdiyu...
Hammasini qaytadan boshlash og‘ir. Kvartirama-kvartira sarson-sargardon bo‘lib yurishlar, o‘qish, amallab ishga joylashib olish, bora-bora bir nimalik bo‘lish uchun tinimsiz harakatlar... hatto eslagisi ham kelmaydi. Eslaganda o‘rtoqlashadigan, sirlashadigan kiming bor o‘zi? Yaqin o‘rtoqlari, tez-tez kelib turuvchi qarindoshlarining ham oyog‘i uzildi. Oilang bo‘lmasa rostdan ham qarindoshlar  kelmay qo‘yar ekan. Do‘stlar ham oilaviy davralarga chaqirishdan tiyilib qolarkan.
Bu turishda oxiri moxovday bo‘lib qolaman shekilli, deb o‘yladi.

*  *  *

Nazira ertasi kundan boshlab yana undan mutlaqo xafa emasday tutdi o‘zini: avval qanday bo‘lsa shunday gaplashib ketdi. Xuddi hech narsa bo‘lmaganday. Qizning menda ko‘ngli bor, taklif qilsam uygayam boradi, deb o‘yladi Shirinqul.
Qiz ham bir-ikki kun qovog‘ini solib yursa yaxshi edimi? Shu tufayli bo‘lsa kerak, yigit qizni uyiga taklif qilishga jur’at topdi. Albatta, sababi ayon. Shirinqulning kir-pirlarini chayib berishi kerak.
Ish yo‘q kuni, shanbada choshgohga tomon kelar bo‘ldi Nazira. Shirinqul hammayoqni saranjom-sarishta qilib qo‘ydi. Qo‘shnilar nima deb o‘ylasharkin, ishqilib bironta talaba qarindoshlar kelib qolmasin deb sarosimaga tushardi. Nazira aytgan vaqtida, soat o‘n birlarda kirib keldi. Birorta dugona-pugonasini ham ergashtirmabdi. Ular boshqa xayolga bormasin deb cho‘chiganini aytdi. Nazira kirib birrov katta odamlar singari niyat qilib duo o‘qidi. So‘ng ketma-ket kekira boshladi.
— Sizda kinna bor, — dedi.
— Kinnasi nima ekan?
— Nazarlangansiz...
— Tavba, sendan boshqa kim ham nazar solardi?
— Yaxshi mullaga bir o‘qitib yuboring.
— Xo‘p, yaxshi mulla bormikan o‘zi? Balki o‘zing o‘qib qo‘yarsan?
— Duosini bilaman, lekin ayol kishiniki em bo‘larmikan?
— Ayolmas, qiz bolasan-ku, seniki em bo‘ladi.
Nazira "A’zu billahi minashshaytonir-rojiym, bismillahir rohmanir rohiym" dedi-da,  pichirlab bir nimalarni o‘qiy ketdi. Uch marta Shirinqulning yelkasiga qoqdi, boshini siqdi. Rostdan ham yigit yengil tortganday bo‘ldi. Negadir qiz endi esnay boshladi.
— Uyingizda duo-puo yo‘qmikan? — deb qo‘ydi.
— Dinda irim yo‘q deb eshitganman.
— Duo irim emas, — dedi qiz. — Birortasi yomonlik bilan duo qilib tashlab ketgan bo‘lishi mumkin-da.
— Mabodo folbin emasmisan?
— Alloh saqlasin. Fol ko‘rish jinu shaytonlarning ishi.
Qiz yenglarini shimardi-da vanna tomonga o‘tdi. Uy sohibidan tog‘ora qaerdaligini so‘radi. Shirinqul balkondan tog‘orani opkelib berdi. Hech kim poylamayaptimikan, degan o‘yda pastga bir qarab ham qo‘ydi.
— Xohlasang, kir moshin bor balkonda. Unga solsang ham bo‘ladi.
— Yo‘q, qo‘lda yuvaqolaman. Uni ishlatishniyam bilmayman.
— To‘g‘ri, men ham ishlatolmayman.
Shirinqul oshxonaga o‘tib bir nechta kartoshka va piyoz archidi.O‘zi bilgan ovqati — go‘sht bilan  kartoshkani qovurmoqchi edi. Piyozni to‘g‘rab bo‘lib go‘sht kesayotganida Nazira chiqib keldi.
— Nimaga ovora bo‘lyapsiz?
— Mehmonga ziyofat, — dedi Shirinqul.
— Shirinqul aka, qo‘ying, mening qornim to‘q, bir nima yemoqchi bo‘lsangiz o‘zim pishirib beraman.
— Endi mehmonni har tomonlama ekspluatatsiya qilib yubormaylik-da.
— Shu-u, vannangizda bir nima bor, — dedi Nazira Shirinqulning gapiga e’tibor bermay.
— Qayoqdan bilaqolding, fol ochmayman deding-ku?
— Vannangizning shiftiga o‘zingiz ham bir qarang-da.
Shirinqul beixtiyor o‘rnidan uchib turdi. Borib vannaning shiftiga razm soldi.
— Yo‘q-ku hech narsa.
— Anavi yondagi ikki kafel tutashgan joyni qarang.
— Nima ekan, gazetmi?
— O‘shani oling-da.
— O‘zing qo‘ymadingmi ishqilib.
— Ko‘ring-chi, bo‘yim yetarkanmi?
Shirinqul bir stul olib kelib ustiga chiqib qo‘l uzatgan edi, shundayam bo‘yi shiftga yetmadi. Tog‘orani kirdan bo‘shatib uniyam to‘nkarib stul ustiga qo‘yishga to‘g‘ri keldi.
Eski, sarg‘ayib ketgan gazeta parchasi kichkina qilib o‘ralgan, uning ustidan ip chatib tashlangan. Shirinuqul sekin ipni bo‘shatib yecha boshladi va Naziraga "ochsa bo‘laveradimi" deganday qarab qo‘ydi. Naziraning ikki ko‘zi topildiqda edi.
— Yerga qo‘yib oching, to‘kilib ketmasin yana.
Shirinqul sekin yerga o‘tirib, gazetani ham polga qo‘yib ocha boshladi. Tariqqa o‘xshagan nimadir mayda narsa, yana ozroq tuproq, ayol sochi bo‘lsa kerak, bir tutam chalkashib yotgan soch va bir-ikkita tirnoq bor edi.
— Obbo azamat-ey, ovora bo‘pti-da, — dedi Shirinqul sir boy bermay.
Nazira battar esnay boshladi.
— Xuddi shu, — dedi. — Duoi ba’d.
Aslida Shirinqul endi cho‘chiy boshlagan edi. Kim qilgan bo‘lishi mumkin? Tirnoq, soch, tuproq, tariq — bularning ma’nosi nima bo‘ldi? Es-xayoli xotinida edi. Jahl ustida o‘sha bir narsa qilgan bo‘lsa kerak.
— Kim qilgan bo‘lishi mumkin, Nazira?
— Dushmanlaringiz qilgan, kim qilardi.
— Kim ekan dushmanim?
—O‘zingizga ma’lum bo‘lsa kerak?
— Xotinim qildimikan?
— Yangamulloda bunday odat bormidi? Har qalay bu avvaldan qilingan bo‘lsa kerak: ishingiz ortga ketsin, oilangiz buzilsin deb qilingan.
Shirinqulning boshi qotdi, seskana boshladi, tag‘in kim qilgan bo‘lishi mumkin deb hammani bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tkazib chiqdi. Hech kimda to‘xtala olmadi.
— Buni nima qilish kerak? — dedi oxiri.
— Oqayotgan suvga oqizib yuboring.
— Bo‘ldimi shu bilan?
— So‘ng o‘zingizni bir o‘qitib tashlaysiz.
— Hozir oqayotgan suvni qayoqdan topaman?
— Keyin tashlab yuborasiz.
Nazira hafsala bilan kir yuvdi. So‘ng ularni balkondagi dorga birma-bir yoyib chiqdi. Endi oshxonaga o‘tib ovqatga unnadi. Shirinqul esa cho‘g‘ning ustida o‘tirganday o‘tirardi. Goh borib televizor ko‘radi, goh oshxonaga kiradi. Mana bu duo degan narsa ham dard ustiga chipqonday uni bezovta qilib qo‘ydi. Ora-sira shu qizdan ham bunaqa amallar chiqishi mumkin, deb ham o‘ylab qo‘yardi. Bunday vaqtda kimga ishonishingni ham bilmay qolasan.
Nazirani o‘zining xotini deb ham tasavvur qilib ko‘rdi. Balki shunday bo‘lgani tuzukdir. Hammasiga qo‘l siltash kerakdir. Bunday siqilib, ezilib yurgandan ko‘ra xotindan bir yo‘la voz kechgan ma’qul. Chunki oraga sovuqchilik tushib bo‘ldi, aytilar so‘z ham aytildi. Past tushib orqasidan ham bordi. Undan darak bo‘lmadi. Hoynahoy, boshqasiga turmushga chiqqandir.
Taqdirining bu qadar keskin o‘zgarib borayotganiga u tushunmasdi: na ko‘nikishni, na chora ko‘rishni bilardi.
Shu kabi Naziraga uylanishgayam yuragi dov  bermasdi. Ichidan nimadir shunga yo‘l qo‘ymay, izn bermay turardi. Beqaror bir yurak.
Oshxonadagi xontaxta yonida o‘tirib Naziraga  xayolchan tikilib qoldi. “Tog‘da ko‘rganimda oyoqlari juda bejirim, oppoq, yaltiroq edi, hozir boshqacharoqmi, qanaqadir suyaklari bo‘rtib turibdimi”. Xotinining oyog‘i juda chiroyli edi. Unaqa oyoq har qanday shaharlikman, posongman deganidayam  yo‘q, qo‘llari ham, yuzi ham, qomati ham chiroyli edi. Sochini bir turmak qilib  yurish unga qanday yarashardi.  O‘pganingda og‘zidan yoqimli hid chiqardi, badanini hidi ham o‘ziga tanish. U hid endi yostig‘idayam  qolmagan. "Hozir shu qiz Mag‘firat bo‘lib qolsayu yugurib borib quchoqlab olsang, to‘yguningcha o‘psang, yig‘lasang, yolborsang, endi xafa qilmaslikka so‘z berib oyog‘iga yiqilsang".
O‘pkasi to‘lib, ko‘zlariga g‘umburlab yosh to‘lib qoldi.
— Qaramang, uyga kirib o‘tirib turing, — dedi Nazira noqulay ahvolga tushib. Shirinqulning ko‘ziga ko‘zi tushgach esa bir xil bo‘lib ketdi. Yaqinroq kelib: — Yig‘layapsizmi? — dedi.
— Yo‘q, ko‘zimni piyoz achitgan bo‘lsa kerak.
— Aldayapsiz. Yangamullom esingizga tushdi. Farzandlaringiz shirin, yangamulloniyam juda yaxshi ko‘rasiz. Menga qarab eslab qoldingiz, kelmasam bo‘larkan.
"Tavba bu qiz avliyomi yo folbinmi — hamma narsani sezadi-ya".
Bu uydan ovqat hidi kelmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan edi. Qovurilgan go‘sht va yog‘ hidi boshqacha ekan. Nazira pishirgan taomning mazali ekani hididanoq sezilib turardi. U ovqatni tovoqdan kichikroq tarelkaga bug‘ini chiqarib opkelib qo‘ydi. So‘ng  choy damlab keldi.
— O‘tir, — dedi Shirinqul. O‘zining gap ohangiga e’tibor bersa, xuddi xotiniga buyruq bergan kabi juda tabiiy aytibdi shu gapni. Ammo qiz hadeganda o‘tiray demasdi. Oxiri o‘tirdi.
— Nima balo, ovqat sovisa mazasi qochadi, hech o‘tirging kelmaydi.
— Mana, o‘tirdim, boshlang.
Shirinqul kartoshkaning bir chetidan ushoqdan kattaroq qismini olib tashladi — irim qildi. So‘ng "bismillo" deb boshladi.
Qiz nimadir deb yuziga fotiha tortdi.
— Tushunmadim, nima deb duo qilding?
— Shu taom toatimga quvvat, iymonimga nur bo‘lsin deb so‘radim.
— Olloh sendan rozi bo‘lsin, — dedi Shirinqul jiddiy.
— Rahmat, aytganiningiz kelsin.
Nazira choy quyib uzatdi. Shirinqul uni yerga qo‘ymayoq og‘ziga olib ho‘plamoqchi edi, Nazira to‘xtadi:
— Bir-ikki tomchi to‘kib tashlang. Shunda mening duoim sizga o‘tmaydi.
Shirinqul hushyor tortdi.
— Shunaqa odat bormi?
— Aytaman-da, shunaqa gap bor: duo solingan choydan bir miqdorini ovqatdan ham pichasini olib tashlab yuborsangiz duoning ta’siri bo‘lmaydi, deb eshitganman.
Shirinqul shu irimga o‘zicha ishonardi.
Ishxonasida bir vaqtlar ustoz bo‘lgan odam irimchiroq edi: sira choyning birinchi piyolasini o‘zi ichmas, bir-ikki tomchi to‘kib yuborar, ovqatdan ham bir chimdim olib tashlashini ko‘p ko‘rgan. Shu narsa unga yuqqan. Ammo hadeb bunga amal qilavermaydi. Duo  masalasi kun tartibiga chiqqandan so‘ng shuni o‘ylab bir miqdorini qoshiq bilan olib tashlagan edi, Nazira sinchkovlik bilan kuzatib turgan ekan. Uyalib ketdi.
— Bay-bay, juda shirin bo‘pti ovqating, qo‘ling dard ko‘rmasin.
— Osh bo‘lsin.
— Ol o‘zing ham, lekin pichasini olib tashlab yubor.
— Nega?
— Chunki men seni duo qilib o‘zimga isitib olayotgan bo‘lmayin tag‘in.
— Shundoq ham o‘zingiz issiq odamsiz, duo shart emas.
Shirinqul buni dildorlik berish deb tushundi va ichida bir iyib qo‘ydi.
— Ajoyibsan-da, Nazira.
— Tuhmat qilmang, o‘zingiz ajoyibsiz.
— Ovqatdan ol, bo‘lmasa hozir...
— Urmasangiz kerak mehmonni?
— Uraman...
— Bo‘ldi, unda qochib ketaman.
Shunday deya qiz rostakamiga qoshiqni dasturxonning bir chetiga qo‘yib qo‘ydi.
Ammo uning jiddiy gapirayotgani yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
— Endi rostdan ham uraman.
— Ibi, aka, nima qilopsiz?
Shirinqul tezda xontaxtani chetlab o‘tib uni quchoqlab oldi.
— Ibi, baqiraman hozir.
— Avval urib bo‘lay,  keyin...
Qiz bola emasmi, titroq bosardi uni.
— Qo‘yib yuboring, ketaman.
— Ketmaysan, bir umr qolasan shu yerda.
Shirinqul o‘pmoqchi edi, qiz uning iyagiga tirsagini tirab turib oldi. Kuchi yetmagach, yigitning og‘zini bekitdi, shunda ham bo‘lmagach, o‘zining yuzini to‘sdi. Ammo kuchi yetmadi...
Avval yuzini u yon-bu yonga o‘girib olib qochdi. So‘ng charchadimi yo xatti-harakatlari befoydaligiga ko‘zi yetdimi, indamay qoldi. Bundan foydalangan yigit uni dast ko‘tarib uyidagi divanning ustiga olib borib yotqizdi. Chirmashib o‘paverdi. Oxiri charchadi.
Qiz:
— Endi nima bo‘ladi? — deb unga termuldi.
— Zo‘r bo‘ladi.
Kutilmaganda qiz uning yuzidan o‘zi o‘pich oldi.
Bu yigitga yana kuch berdi. Bosib o‘pib, so‘ng qizni yechintirishga tushdi.
— Voy akajon, voy, onajon, o‘zimni o‘ldiraman hozir...
Shirinqul es-hushini yig‘ib oldi. Bari bir hayajonda edi. Qizni anchagacha erkalab yotdi...

*  *  *

"Sinfdoshim Olqor kalta o‘tgan kuzda Toshkentga pul topish uchun kelib biznikida bir oydan ko‘proq turdi. Toza jonimga tegdi. Juda uyquchi, kunduzi mardikor bozoriga chiqib ketib, kechqurun o‘larday charchab keladi. Bir-ikkita non ko‘tarib kelsa deyman, buyam mayli, sira oyog‘ini yuvmaydi, sasigandan sasiydi-ey, odamning ko‘ngillari aynib ketadi. Xotinim jirkanib balkondan joy  solib beradi. Yigit kech turadi. Turgandan keyin xotinim balkonning hamma derazalarini ochib qo‘yib uyni shamollatadi. Bo‘lmasa uyda turib bo‘lmay qoladi. Ba’zan o‘zim sudrab uyg‘otaman. "Bizning tomonlarda xotinni begona erkak bilan qoldirmaydilar, er yo‘q uyga begonani kiritmaydilar, tur, jo‘na" deyman. Xafa bo‘ladi. Turib choy ham ichmay jo‘nab qoladi mardikor bozorga. Ichib olsa ayniydi. Ketib qolgan xotinini eslab yig‘laydi, sen baxtlisan, baxtlisan, deb ko‘zlari suzilib xotinimga qarayveradi. Oxirgi paytlarda  menga haydovchilik guvohnomasi oberasan, shopiringni bo‘shatib meni ishga olasan, degan talab qo‘ya boshladi. Bunisi endi toza oshib tushdi. Kelganda keldingmi, ketganda ketdingmi, demay qo‘ydim. Oxiri ketdi. Bir marta keldi-yu, ko‘zlari alang-jalang o‘g‘riga o‘xshab kirib-chiqib yurdi, boshqa qorasini ko‘rsatmadi.
U chaqaloqligida juda kichkina bo‘lgan, onasi telpakka solib katta qilgan ekan. Kuzda yantoq chopar mahali onasi yantoqning soyasiga yotqizib dastaga suyab qo‘yar ekan. Ana o‘ladi,  mana o‘ladi bilan katta bo‘lgan ekan. Katta bo‘lganidayam pakanaligicha qoldi. Shu bois biz uni "Olqor kalta" deb ketdik. U sinfimizning qoloq,  mishirig‘i oqqan, bo‘sh-bayov o‘quvchilaridan edi. Katta bo‘lganda esa ziqna, pishiq, o‘zidan boshqasini o‘ylamaydigan odamga aylandi. Hech joyda  o‘qimadi. Ish yo‘q. Uylandi. Xotini ketib qoldi.
Nazira aytgan Suluv folbinga borganimda Olqorning sifatlarini aytdi: o‘rtog‘ingiz, bo‘yi pak pakana, ko‘kko‘z, chaqqon yigit.  Shu qilgan duoni. Qaytarma qildirib tashlang...
Duokash mullaniyam Nazira aytdi: Shopoyizning ichkariroq mahallasida turadigan, tojik shevali, keksa bir chol ekan. Uch kun qatnab o‘qitdim. Ancha yengilman, boshimdan tuman ko‘tarilganday".

*  *  *

Nazira yigitning eng yaqin sirdoshi edi. Shirinqul garchi unga o‘z mahramiday, tortinmay muomala qilsa-da, negadir bari bir xotin bo‘lishini ko‘z oldiga keltirolmasdi. Qiz esa butunlay unga bog‘lanib qoldi. Aksiga olib Shirinqulda qizga nisbatan sevgi alomatlari ko‘rinmas edi. Naziraga do‘st, erkak jo‘raday gapiradigan bo‘lib qoldi. Qizga shunisi ham yoqib tushar, nazarida Shirinqul endi xotini bilan butunlay uzilishgan, rishtalarni qayta bog‘lashga harakat ham qilmasdi, bu kayfiyat qizda umid uchqunlarini yolqinlantirdi. U Shirinqulday odamga turmushga chiqishga mingdan-ming rozi,  balkim xohlar, xatti-harakatlari bilan bu xohishini sezdirib-sezdirib, yigitning turmushiga daxldorligini bildirib, u uchun kuyinib yurardi. Xohlar ediki, hayotning muhim nuqtalarida menga suyansa, shunda men ishonchini oqlab xizmat qilsam, keyin butunlay bog‘lanib qolib boshqalar haqida o‘ylamay qo‘ysa...
Qizning mo‘rt, notavon ko‘ngli shuni tilardi.

*  *  *

Nazira yigitning uyiga borib kir yuvib... kelganiga besh kun bo‘lgan edi. Shirinqul ishga otlanayotganida qo‘l telefoni jiringladi. Qarab turib qaynog‘asining uyidan bo‘layotganini nomeridan bildi. Tugmasini endi bosib qulog‘iga tutgan edi, o‘chib qoldi. O‘tirib kutdi. Kutaverdi. Tuflisini kiyib eshikdan chiqqanida uy telefoni bosib-bosib jiringlayverdi. Yuragi chidamay eshikni ochib kirib go‘shakni oldi. Hech kim indamadi. Endi qo‘yaman deb turganida, ingichka ovoz eshitilib qoldi:
— Adajon!.. Maqsu!..
— Allo, allo, qizim... gapir, nimaga gapirmaysan?
— Adajon, sizni sog‘indim...
— Menam sog‘indim,  Maqsuda, kelmaysanmi? Oying qani, chaqir.
Yana aloqa uzildi. Yarim soatcha ostonada betoqat kutdi. Boshqa telefon bo‘lmadi. Ertaga Navoiyga xizmat safariga jo‘nashi kerak. Yo‘lda tushib o‘tsammi Qipchoqqa, deb reja tuza boshladi. Mashinaga chiqqanida  Avaz telefon qildi:
— Ishga kelasizmi? Tezroq keling, gaplar bor.
Idora ostonasini qatlar-qatlamas Nazira ro‘para bo‘ldi.
— Avaz akaga kiring, mana bunday yangilik eshitasiz!
U qo‘lini "mixday" qilib ko‘rsatdi.
— Nahotki, nima gap?
— Kiring, o‘zlaridan eshitasiz.
Avaz uning qo‘lini har doimgidan bardam ushlab, siqib ko‘rishdi.
— O‘zi bu kreslo sizga atalgan, do‘stim! Bugundan boshlab o‘zingiz o‘tiring.
— Yo‘-yo‘, nima gap o‘zi?
— Xo‘jayinga avval ham ikki marta kirib: "Shirinqul har tomonlama ezilib yuribdi, oilasiyam bunday bo‘ldi, joyiga o‘tirsin" deb iltimos qilgan edim. Iltimosimni nihoyat, bugun qondirdi. Ariza berdim, qo‘l qo‘ydi.
— Noqulay-ku. O‘zingiz...
— Meni o‘ylamang. Ishlarga qo‘ldan kelgancha yordam beraman. Boshqa yaxshi taklif ham chiqib turgan edi, bu yer begona bo‘lmasin deb, sizni o‘ylab  unamagan edim. Birov, begona kelib qolmasin devdim. Mana, vaqti-soati bor ekan-da o‘zi. Bitta ariza yozib, xo‘jayinga o‘zingiz kirsangiz ham bo‘ladi. Bo‘lmasa men...
— Ishlayversangiz bo‘lardi-da, o‘rganib qoluvdim.
— Bu gap ortiqcha. O‘zimga noqulay bo‘lib yuruvdi, yelkamdan tog‘ qulaganday bo‘ldi. Siz bu yerga o‘rgangansiz.
Shirinqul bunday bo‘lishini hali-veri kutmagan edi. Avazning ertaroq keling deyishidan boshqa yangilik kutgandi, Mag‘firat unga telefon qilib biror narsa deganmikan, deb o‘ylagandi. Shu bois hozirgi yangilik yangilikday tuyulmadi: na quvondi,  na xafa bo‘ldi, qaytanga Avazning qarshisida bir oz xijolat chekdi.
Xonasiga kirib eshikni yopmasidan Nazira qushday uchib kirdi. Ko‘zlari porlab yigitning yuzidan "cho‘lp" etkazib o‘pib oldi. Uning xomushligini ko‘rib:
— Nima bo‘ldi o‘zi? — deb so‘radi.
— Hech nima.
— Qanaqasiga? Ertalabdan duv-duv gap-so‘z. Avaz aka ariza beribdi, direktor yana Shirinqul akani qo‘yibdi, deb. Unaqa bo‘lmadimi?
— Nima ahamiyati bor buning?
— Voy, sizga ahamiyati yo‘qmi? Men... anov kungi duoni oldirgandan keyingi omadingiz deb o‘ylab edim. Mana, ko‘rasiz, hali yana omadingiz chopadi. Meni aytdi deysiz.
— Tush ko‘rdingmi?
— Endi-da...
— Ko‘rgan bo‘lsang ayt.
Yigit qizning yuzidan sekingina o‘pib qo‘ydi.
— Ertalab qizim telefon qiluvdi, — dedi xo‘rsinib. — Nimagadir o‘chib qoldi.
— Ana, buyam omad.
— Shuning orqasidan bir yangilik eshitamanmi deb o‘ylagandim. Ish esa bo‘laveradi-da, bir kun undoq, bir kun bundoq — endi bir joyga hokim bo‘larmidik.
— Hali baxtli bo‘lib ketasiz.
— Shunday deb o‘ylaysanmi?
— Albatta.
— Koshkiydi...
Shirinqul qizining telefon qilgani xabaridan Nazira xafa yo xursandligini anglayolmadi. Qiz chiqib ketgach o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib qolaverdi.

*  *  *

Ertasi kuni ham,  undan keyingi kun ham Qipchoqdan telefon bo‘lmadi. Botinib o‘zi  ham sim qoqmadi. Hoynahoy Mag‘firat borganini eshitgan chiqar. Nahotki o‘zining qaerdaligini ham bildirib qo‘ygisi kelmasa. Ayol kishi ham shunaqa qattiqko‘ngil bo‘ladimi? Axir men erkak bo‘laturib bordim-ku, yo‘q, endi o‘zi izlasin, degan xayol uni qamrab, bo‘ysundirib oldi.
"Kechirib bo‘lmas gunohim nima: taloqmi, minnatmi? Munday  olganda ikkoviyam bir-biridan battar. Mag‘firatning "dunyo shundoq tururmi?" deb yig‘lashi, minnat qilganim uchun edi. Yurak ham xun bo‘lib ketdi. Nega shu gapni aytdim-a? Aytmasam bo‘lmas edimi? Mana, dunyosi huvillab qoldi.
Xudo urib birovga erga  chiqqan  bo‘lsa-ya...
Mag‘firatning shunday qilishiga kuchi yetarmikin? Yo‘-o‘q, hech ishongim kelmaydi. Birovlarga ermak... Mag‘firat-a?! Shirinqulning xotini shunday qilib yuribdi degan gaplar chiqib ketsa-ya?! Bundan ko‘ra o‘lib ketavergan ming marta yaxshi-ku! Nima qilish kerak? Yana borsammikan?.."

*  *  *

— Nazira, nima deb o‘ylaysan: borsammi, bormasammi?
— O‘zingiz bilasiz. Lekin bilib qo‘ying:  u xotin endi sizniki emas, boshqa birovga erga chiqishi kerak.
— Unchalikmasdir-ov. Hech yo‘l-yo‘rig‘i yo‘qmi?
— Aslida yo‘l yo‘q...
— To‘g‘riku-ya. O‘zim ham yaqinda "Taloq kitobi" degan kitobcha o‘qidim. Undan avval "Muxtasar" degan kitobda ko‘zim tushgan edi. Qur’ondayam bor. Tark etolmayman-da, nima qilay?
— Xotiningiz to‘g‘ri  yurganiga aniq ishonasizmi?..
— Unday dema, unday dema! U... Endi yurakni qon qilma-da sen ham.
— Deyman-da, shuncha vaqtdan beri...
— Mana, sen ham yuribsan-ku?
— ...mening yo‘rig‘im boshqa. Olloh nasib qilsa, hayotdan umidim ko‘p.
— Ishonasanmi?
— Bir narsa deyolmayman. Ammo...
— Ahd-paymon qilganing bordir?
— Rostini aytaymi?
— Ayt.
— Aytmayman...
— Mayli, aytmaganing tuzuk...

*  *  *
O‘rtanish, ishtibohu ikkilanishlar qurshovida yurganining uchinchi kuni idorasiga yon qo‘shnisi Farida telefon qildi.
— Oka, suyunchini cho‘zing!
— Ayting, suyunchi bermaganam nomard.
— Bolalaringiz...
— Rahmat! Qani, uyning oldida turishibdimi? Aylanay sizdan...
— Biznikida, voy...
— Mag‘firat-chi?
— Kelsangiz ko‘rasiz.
Bolalar allaqachon ko‘chaga chiqib o‘ynab yurishgan ekan. Maqsuda chopib kelib dadasining bo‘yniga osildi, hech qo‘yib yubormadi. Turib-turib yig‘lab yubordi. U o‘zini to‘xtatolmas, dadasining bo‘ynidan ham qo‘lini bo‘shatmas edi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, ena qizim. Endi hech qayoqqa ketmaysan, har kuni o‘zim o‘ynataman, har kuni...
Shunday  deya dadasi ham yig‘lab yubordi. Oyog‘iga kelib mushukday erkalanayotgan o‘g‘lini ham sezmadi. Kap-katta erkak, dunyoda eng zo‘r odam deb o‘ylaydigani dadasi bo‘lsa, buyam yig‘lab yotsa. Firdavs ham beixtiyor yig‘lashga tushdi. U birinchi marta dadasining yuzlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi, yuzini o‘girib yana yig‘ladi.
Faqat  Mag‘firatgina tusini o‘zgartirmadi. U bir nafas eriga qarab qoldi, ko‘zidagi yoshni  ko‘rib rahmi keldimi yo uning ham yig‘lagisi keldimi yuzini olib qochdi.
— Shirinqul aka, — dedi Farida eshilib, - qaytadan to‘y qilasiz endi, he, odam bo‘lmay keting...
— Mayli, mayli, bugunoq to‘y. Rashid kelsa chiqinglar,  to‘yni boshlaymiz-da.
Bolalarining rangi qorayib, kiyimlari ham to‘zib, rangi o‘chib ketgan edi. Mag‘firat ham qorayibdi. Ozibdi.  O‘zi kamqon edi. Ovqat kam yerdi. Birovniki o‘zingnikiday bo‘larmidi. Kiyimlari ham bir ahvolda. Almashtirib kiyishga ko‘proq opketmagan ekan-da. Mayli. Muhimi — keldi-ku. Xarobu xonavayron bo‘lib ketgan oila tag‘in tiklandi-ku! Xudoyimga shukr! Minglarcha shukr!
Mag‘firat vannaga kirib uzoq yuvindi. So‘ng bolalarini opkirib yuvintirdi. Shirinqul ularning chiqishini kutib o‘tirmay bozorga zing‘illadi. Rostdan ham bir to‘yga yetgulik narsa ko‘tarib kelib uyiga tashiyverdi. Tugab borayotganiga qaramay donasi tovuqnning tuxumiday keladigan qulupnaylar, tut, yangi chiqqan zardoliyu giloslar, pishgan, pishmagan qo‘y, tovuq go‘shtlari, turfa sharbatu  ichimliklar... O‘zi yigit hayotida birinchi marta shunday erib ketishi chiqar.
U bir talay hamqishloqlari, ishxonasi, bir necha qo‘shnilarini  ham mehmonga chaqirdi. Mag‘firat ham churq etmagan bo‘lsa-da, astoydil dasturxon tuzab ovqat pishirishidan yaqin soatlarda ob-havo o‘nglanib ketishidan umid  qilsa bo‘lardi. Ishxonasidan Avaz, Mashhura opa, yana uch kishi keldi. Nazira kelmadi. Kelmaganiyam tuzuk bo‘pti. Mashhura opa gap orasida bir-ikki marta Shirinqul bilan uni sal bo‘lmasa oshiq-ma’shuqqa chiqarib qo‘yayozdi. Avaz bir amallab gapni boshqa yoqqa burib vaziyatni o‘nglab yubordi. Qo‘shnisi Farida esa tamom Nazira bilan qiziqib qoldi. "Hijobli qiz emasmi?" deb so‘radi. Ikkalasi birpas shivirlashib qolishdi. Yaxshiyam shu topda Mag‘firat yo oshxonada, yo o‘g‘lini uxlatish bilan band edi. Avaz baland ovozda Shirinqulning qo‘shnisi Rashidga qadah so‘zini uzatib  yubordi. Rashid ham el qatori endi bu  oilada sira nizo, kelishmovchiliklar bo‘lmasligini, yangi kelin-kuyovlarday tinch-totuv yashashlari va "yoshlar" qo‘sha qarishini tiladi. O‘tirish alla mahalgacha davom etdi. Oxiri Avaz "asal oyi boshlangan" shu kunlarda yoshlarni ko‘p ham bezovta qilmaslik zarurligini uqtirib dasturxonga fotiha tortdi.
Mag‘firat yo‘lda charchab kelgani bir sari kel-ketdi, dasturxonga unnab charchab, ko‘zlari kirtayib qolgan edi.
— Kel, o‘tir, qolganini ertaga yig‘ishtirasan,  hech narsa  qilmaydi, — dedi Shirinqul. Ko‘p  ichilgan bo‘lsayam u hushyor edi. Mag‘firatga qarab  negadir bezovta bo‘lardi. Mag‘firat esa hamon churq etmay idishlarni oshxonaga tapshirdi.
— Qo‘y, bo‘ldi, — dedi Shirinqul yana.
Bu safar Mag‘firat o‘tirdi. U bari bir eriga  qaramas edi.
— Meni kechir, Mag‘firat, itlik qildim.
Xotini bunga javoban stolning gardishini tirnoqlab  ishqalab, ermak qilib o‘tirdi.
— Xudoga ming qatla shukr, kechirganingmi bu?
— Nima qilganim?
— Kelganing.
— O‘zingiz bordingiz shekilli...
— Men, to‘g‘risi, tavba qilib bordim.
— Minnatchi odamning tavbasi qaerga borardi. Buning ustiga og‘zingizni kappa ochib taloq qo‘ydingiz...
— Bundan chiqdi, kechirolmabsan-da. Prosta akangning uyiga sig‘magansan,a?
— Minnatdan boshqa gapingiz qomapti o‘zi?
— Men... minnat qilmayman. Tavba qildim... Qo‘y, bu gaplar meniyam ezadi, seniyam. Men bilan ozroq ich, xo‘p de.
Shirinqul o‘zini piyolasiga to‘ldirib, unikiga kamroq-kamroq to‘rt marta quydi. O‘pkasi to‘lib ketdi. Dunyo bir yorug‘lashib, bir qorong‘ulashdi. Yana yorishdi. Xotiniyam mo‘ltirab termuldi, ko‘zlarini g‘umburlab yosh qopladi. Xotini qizarib ketgan edi. U eriga tik qaradi. Erining ko‘zlaridan shashqator yosh quyilib ketdi. Bu uning o‘tinchi, yalinib-yolvorishi, tavbasi va umuman taqdir shu yergacha yetaklab olib kelguncha bo‘lgan dardining ko‘z yorishi edi.
Mag‘firat chidab turolmadi.
Kelib erining ustiga o‘zini tashlab baralla ho‘ngrab yubordi. Ko‘zidagi yoshini to‘xtatolmas, burni sho‘rqillar edi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, yig‘lama. Yig‘layverma deyman, yosh boladaysan-a.
Yigit o‘zicha shunday dediyu, hiqillab, ko‘kragi og‘rib qolguncha yig‘ladi. Ko‘zlar, yuzlar, burunlar qizarib, shishib ketgan edi. Nihoyat, Shirinqul xotinining yuzidagi yoshni artar ekan, yosh bolani o‘pganday o‘pib qo‘ydi va beixtiyor:
— Etagingni toza tutdingmi, Mag‘firat? — deb so‘radi.
Mag‘firat taxtaday qotib qoldi.So‘ng ko‘zlarini yumgancha boyagidan ham battar bo‘zlab yubordi. U tayoq yegan boladay bor ovozini qo‘yib yubordi va kuchsizgina qo‘llari bilan stolni alam bilan mushtladi.
— Qaytib oldim, Mag‘firat. Men tushundim.
— Shuncha iflos dedingizmi meni, shunchalikka boradi deb o‘yladingizma?
— Kechir meni, ma, pichoqni olib so‘yib tashla, bo‘ldi, ma!
Shu kecha osmon ham yig‘ladi. Go‘yo momoqaldiroqlar jo‘rligida inqillab, yo‘talib, ehtimol to‘yib yig‘ladi. Lekin bu ikkovlon tun yarmigacha yig‘iga to‘ymadi. Oxiri ko‘zlarining yoshi qurib bitdi. Bunga dovur savol ham, javob ham ho‘ng-ho‘ng bilan aytildi. Nihoyat ular kulishga o‘tdilar.
Shirinqul xotinini quchoqlab ko‘tarib oldi.
Mag‘firat hayotida birinchi marta badaniga erining qo‘li tekkanda indamay, aksincha, yoqtirib, kulib yotdi. Shirinqulning bunga sari g‘ayrati jo‘shib, kuchini ko‘rsatdi. Ushbu lahzaning totini tushida ham ko‘rmagan,  ertakda ham o‘qimagan edi. Shu bois ehtirosga to‘la bu fursatning uzoq davom etishini  xohlashardi.
Shirinqul ayol zotining bu qadar shirinligini endi bildi. Dunyodagi eng go‘zal ayol o‘ziniki ekan!..

*  *  *

Talabalikdan so‘ng o‘rtoqlari bilan arab alifbesi va namoz o‘rganamiz deb bir mullanikiga qatnagan edi. Abdulla qori der edi u  kishini. Har ikki kunda kechqurun, ishdan so‘ng uyiga borib ikki soatdan dars olishardi. Tajvid, muallimi soniy va undan so‘ng haftiyakka kirishib ketishdi. Shirinqul ilgari bunday saboq ko‘rmagani sababmi judayam qiziqib qoldi, go‘yo dunyoda javobi yo‘q savollarga islomda javoblar bor edi. Asosiy farqlar, sunnatlarni bilib oldi. Jamiyatda yuz bergan erkinliklar dinga ham ko‘chgan edi. Dastlabki ro‘za tutgan kunlarini yaxshi eslaydi. Ro‘zaning birinchi ham bo‘lgan gaplarni so‘zlab bera boshladi. Mulla esa, (hoynahoy hoji ota bo‘lsa kerak) engashgan ko‘yi bir qog‘ozga arab imlosida bir narsalarni yoza boshladi. Shirinqul, xuddi u odam buning gaplarini yozib olayotgandek oqizmay-tomizmay to‘g‘risini gapirib bera boshladi. Hoji ota yozishdan to‘xtadi hamki, mijoz to‘xtamadi. U chamasi g‘isht yengil ko‘chganiga tamom iqror bo‘lgan edi.
— Otingiz? — dedi mehribon odam. 
Aytdi.
— Kelin?
Aytdi.
Endi muhr bosish qolgan edi.
Ish xuddi o‘ylaganiday, ya’ni risoladagiday amalga oshdi. Shirinqul belgilangan tartibda  jarima to‘ladi va bajonidil, ko‘ngildan chiqarib "odamgarchilik" ham qildi. Hoji ota bu “odamgarchilik”ni tabassum bilan, mehribonlarcha qabul qildi.  Uzundan-uzoq duo qildi, oilasini, farzandlarining mo‘min-musulmon, iymonda sobit bo‘lishlarini, qo‘sha qarib, farzandlarining rohatini ko‘rib davru davron surishlarini tiladi. "Patta"ni qo‘liga olib shitob bilan mashinasiga qarab yurarkan, "odam degan bunday bo‘pti-da"deb qo‘ydi.
Ishxonaga o‘zida yo‘q xursand kirib keldi. Avaz unga kabinetini bo‘shatib qo‘yibdi. Qabulxonada Nazira. Uning yuzidan bir narsani uqish qiyin. Har doimgiday o‘rnidan turib "Assalom" dedi. Shirinqul ichkariga kirdi, ichkaridan Naziraga choy buyurdi. Kresloga cho‘kdi. Biram yoqimli, mayin ediki bu o‘rindiq...
— Yangamullom telefon qiluvdilar. Negadir mening ismimni so‘radilar... Siz sotkangizni o‘chirib qo‘yibsiz.
— E, parvo qilma. Mana buni qara, — deya u cho‘ntagidan to‘rt buklangan fatvo qog‘ozini chiqardi. — Nimaligini bilasanmi? Aytmoqchi, arabcha o‘qiy olasan-ku.
Nazira uni qo‘liga oldi. Tezda qaytardi-da:
— Fatvo ekan, yaxshi bo‘pti, — deya burilib chiqib ketdi.
Shirinqul uning orqasidan qabulxonaga chiqdi. Nazira ochiqchasiga tumshayib olgan edi.
— Xohlasang, — dedi Shirinqul va gapini davom ettirmay o‘ylanib qoldi.
— Bu yerga Mashhura opa o‘tqazdimi? — dedi birdan.
Nazira indamay turaverdi.
— Xohlasang, — dedi yana Shirinqul unga, — biror joydan kvartira topib senga sharoit qilib beraman.
— Gulya kasal ekan, Avaz aka shu yerda o‘tirib tur deb aytoptilar, — dedi Nazira zo‘rg‘a ovozi chiqib.
Boshliq nega bunday deyapti degan misol unga hayron qaradi. So‘ng qizning avvalgi savolga javob berayotganini parishon bo‘lib esladi.
— To‘g‘ri qipti, — dedi.
Negadir shu topda yuragi gumurib ketdi. "Endi hech xato qilmayman, toza yuraman" deb o‘ziga qasam ichdi. Kabinetiga o‘tib uyiga qo‘ng‘iroq qilib Mag‘firatdan suyunchi olmoqchi bo‘ldi. Hech kim telefonni ko‘tarmadi. Bir yoqqa chiqishgandir-da deb choy xo‘plashga tutindi.
Idoradan chiqishdan oldin uyiga tag‘in qo‘ng‘iroq qildi. Qizi oldi. Endi shirin qizim, asal qizim, nima oboray, deb erkalamoqchi edi, u: "Dada, tezroq keling, oyim turmayapti", dedi. "Uxlayaptimi?" — dedi u ko‘ngliga alag‘dalik tushib. "Turmayapti, Firdavs yig‘layapti", dedi qizi va hiqillashga tushdi. "Hozir boraman, qizim", deya shoshib go‘shakni qo‘ydi. Negadir bo‘g‘inlari bo‘shashib ketdi. Ichidan muzday bir narsa sirg‘alib tovonigacha tushdi. Shol bo‘lib qolmadimmi deb oyoqlarini qimirlatdi: ishlayapti. Lekin uvishgandek.
— Nazira, — dedi titroq tovushda.
Qiz eshikdan mo‘raladi.
— Televizor, choynak-poynaklarni tokdan sug‘urib qo‘y, men ketdim.
Nazira hayron bo‘ldi.
—    O‘chirilgan-ku hammasi. 
Lekin boshliq bunga ahamiyat bermadi. Kun asrga og‘ib, bolalar "dom"ning soyasida shovqin solib o‘ynashardi. Shirinqul jonsiz oyoqlari bilan uchinchi qavatga harsillab chiqdi.
Mag‘firat chalqanchasiga sochi to‘zg‘ib yotar, Firdavs uni yulqilayverib, yig‘layverib, oxiri charchab, onasining ko‘kragiga boshini qo‘ygancha uxlab yotardi. Qizi bo‘lsa eshik kesakisiga suyangan ko‘yi piqillab yig‘lardi.
Shirinqul shitob bilan borib xotinning yuzini ushladi: sovuq. Ko‘kragiga qulog‘ini tutdi: yurak urmayapti. Ko‘zlarini yirib ochib ko‘rdi: bema’no. Oyoq qo‘li endi chinakamiga ishlamay qoldi. O‘tirgan ko‘yi xotiniga tikilib qoldi. Bo‘ynida choyshab. Bir uchi karnizga bog‘langan, karnizning bir tomoni yulinib tushgan. "Uvv" deb yuzini changalladi. So‘ng tuyqus "E, Xudo!" deb baqirib yubordi. Qancha izillagani bilan ko‘ziga yosh kelmasdi. Firdavs uyg‘onib yig‘lay boshladi. Uning oyog‘i ostida, Mag‘firatning o‘ng qo‘li yonida bir qog‘oz yotardi. Shirinqul qog‘ozga darrov qo‘l cho‘zdiyu, uni o‘qishga botinmadi. Ko‘z qiri bilan: "Nazira", "Farida" degan ismlarga qaradi. So‘ngrog‘ida: "Dunyo shundoq tururmi?!" deyilgan, barisi shunday ayon va  kunday zulmatli edi.
Beholgina qog‘ozni turt bukladi va beholgina ko‘krak cho‘ntagiga tiqmoqchi bo‘ldi. Hadeganda kiravermadi. Bu cho‘ntagida to‘rt buklangan tag‘in bir qog‘oz bor edi: ikkovi bir joyga sig‘madi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.