OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Odamning kuchlisi (esse)

1

1986 yilning kuzi edi. Universitetni tugatganmiz. O’sha kezlarda matbuotda biror asaring chop etilsa tezda tilga tushar eding. Kaminaning “Yoshlik” jurnalining 8-sonida biryo‘la ikki hikoyasi bosilib bosar-tusarimni bilmay anchayin havolanib yurgan kunlarim. Kursdoshim Nazar Eshonqulning 10-sonda “Urush odamlari” degan qissasi chiqqan, yana bir qadrdonim Hoshimjon Mirzaahmedovning “Nevarakulcha” rukni ostida ikkitagina bolalarbop she’ri ham e’lon qilingandiki, biz boshqalardan ham ko‘ra Toshkentda qolib ishlashga ko‘proq haqdor sezardik o‘zimizni. Borib o‘z viloyatlarimizdan “bizda ish o‘rni yo‘q” mazmunida “otkaz” xat ham opkelib junalistika fakultetiga topshirganmiz. Dekanat bo‘lsa, kunda-kunora surishtiradi. Aslini olganda buning ham sababi bor: bir guruh kursdoshlar fakultetimizdagi bilimi sayoz domlalar, xususan dekan ustidan shikoyat qilib uncha-munchamas, Markazqo‘mning g‘oyaviy kotibi huzuriga-da kirib chiqqanmiz. Jangariligimiz samarasi o‘laroq ikki karra dekan almashgan. Uchinchisi – rus kishi ham azbaroyi o‘zining bor-yo‘qligini sezdirmaygina pusib-qimtinib ishlardi. Aks holda hujumlarimiz samarali ketayotganidan chandon ilhom olib yurgan edikkim, “o‘zga millat vakilining o‘zbek jurnalistikasi o‘quv dargohiga ne daxli bor” mazmunida navbatdagi hamlaga o‘tib qolish shashti ham mavjud edi. Shikoyatimiz ro‘yxatlarida tilga olingan domlalarning bizda “tishi” bor edi, albatta. Shu bois biz bosh suqqan tahririyat yoxud idoralarda avvaldan xabardor qilingan ta’rifu tavsiflarni eshitib “astag‘furulloh” deya yoqa ushlab, so‘ppayib chiqar edik.
Sirasini aytganda o‘sha sharttakilik, betgachoparliklarimizning hech kimga foydasi bo‘lmadi.
O’sha domlalardan kim bor, kim yo‘q, dunyo o‘tkinchi ekan, borlari haliyam o‘sha-o‘sha – fakultetni to‘ldirib yangi talabalarga o‘sha ohangda saboq berib yotishibdi. Ko‘z ko‘zga tushganda bir oz qimtinasan. Kim bilsin, ba’zi birlari o‘shal davrlarni eslamaydiyam. Jurnalistika fakultetlari Respublikamiz Oliy o‘quv dargohlarida bir necha chandon oshib o‘qitguvchi kadrlarga tag‘in ham ehtiyoj oshdikim... bu yog‘ini qo‘yaberasiz endi.
Siz cho‘chimang, gap aylanib Abdusaid akaga ulanadi bari bir.
Ha, darvoqe, biz “poezdga osilib kelgan” qishloqliklarga ertadir-kechdir, bari bir omad kulib boqdi. Kechagi talabalar uzun-qisqa bo‘lib “Sovet O’zbekistoni”, “Yosh leninchi”, “Lenin uchquni” gazetalari, “Guliston”, “Yoshlik” singari jurnallarning eshigidan bo‘ylaymiz. Bor tahririyatlar ham shular-da. Hozirgiday yomg‘irdan so‘nggi qo‘ziqorin kabi gazetalar uyilib ketmagan-da. 60-70 so‘mlik maoshga qanoat qilib ishlamoqchimiz. Lekin ish qayda? 
Kech tushyapti. Hozirgi O’zA va jurnallar joylashgan binoning 11-qavatida muharrirning sariq eshikli, sariq stol-stullar, buni qarangki, telefon apparati ham sap-sariq kabinetida tayoq yeb mulzam tortgan boladay tumshayib o‘tiribman. Katta oynadan birin-ketin yonayotgan shahar chiroqlari miltillab ko‘rinadi. Indamayman. Nima ham deyman? Aka bo‘lsa, o‘ziga bir piyola choy quydi, grafinda qolgan suvni gullarga quydi, so‘ng kissasidan “Rodopi” sigaretini chiqarib tutatdi. Cheka-cheka mendan nazarini uzib mashinkalangan, bir chekkasi bo‘yalgan qo‘lyozmani tahrir qila boshladi. Bu menga “battar bo‘l” deganday tuyuldi. Lekin ikki ko‘zim muharrirning tahrir qilayotgan qo‘lida. U bir hikoyani deyarli qaytadan yozib chiqayotgan edi. Tavba, birovning asarini qanday tuzatib tayyor holga keltirishar ekan? O’zim ne ahvoldaman-u, xayolim shu yoqqa ketadi. Akaning xati ham juda chiroyli. Darvoqe, shu qo‘llar bilan kaminaning hikoyalarini ham chunon bo‘yab-bejab tashlagan ediki, dabdurustdan qotib qolganman.
Yana bir xayol men bunaqa birovning asarini bo‘yab tashlayolmayman-ku, deb o‘ylayman. Aka bo‘lsa, ko‘rinib turibdi, hikoyaning ichiga kirib, balki sho‘ng‘ib ketgan, mening o‘tirganimniyam deyarli unutgan edi. Sigaretidan uchib tushgan kukunlarni “puf” deb uchirib yuboradi-da, tag‘in ishlaydi.
Chamasi osmonda yulduzlar ham paydo bo‘ldi.
Shu payt eshik shaxd ochilib, qorachadan kelgan, shlyapali, uzun qora plash kiygan, tikqomat bir kishi kirdi-da darhol kulib:
– E, ustozlar, sizlarda uy, vatan degan narsa yo‘qmi? Yo bugun ishxonada qoladigan kuningizmi? E, qoyil-e, – deb yubordi.
Muharrir qo‘lyozmani darhol chetga surib o‘rnidan turdi. Yangi kishi bilan kulib so‘zlasha ketdi. Choy qo‘yishga tutindi. Men ularning hazil-huzuliga, birovlarni laqab bilan atab sirli gaplashishlariga hayron bo‘lib boqaman.
Kishi menga e’tibor bermadi. Bir fursatdan keyin muharrir mening munday o‘tirganimga ko‘zi tushib, endi eslaganday:
– Bu yigit Qo‘shrabotdan. Nurotaning havosini simirib katta bo‘lgan. O’qigan bo‘lsangiz sakkizinchi sonda “Kunsuluvning sirli xatlari” degan hikoyasi bosiluvdi.
– E, ha, bo‘ldi-bo‘ldi, – dedi u odam eslab qolib.
– Ismi Sobir, – dedi muharrir, – tortsa odam bo‘ladi, qalami bor.
So‘ng menga yuzlanib:
– Abdusaid akani tanigandirsiz? – dedi.
– Ha, tanidim, – dedim. O’zim ham Abdusaid Ko‘chimov emasmikan, deya tusmol qila boshlagan edim. Yaqindagina u kishining “Yoshlik”da chiqqan “O’g‘il” degan hikoyasini o‘qigan edim. Hikoyaga “Besabab oyoqqa tikan kirmas” degan maqol epigraf qilib olingan edi.
O’zi Urgutdan, ayni zamonda “Sharq yulduzi” jurnalining mas’ul kotibi ekan. Darhol meni o‘ziga yaqin oldi. Nimalar degani aniq esimda yo‘q, ammo ko‘ngling to‘q bo‘lsin, bola, biz qarab turmaymiz, yordam beramiz, deganga o‘xshash bir o‘ktam yaqinlikni tuydim. Akam yana bittaga ko‘payganday edi.
Rosti ham keyin shunday bo‘lib qoldi.
Aka gap orasida bu yigitning ishini Omon akaga kirib hal qildim, lekin propiskasini eplayolmayapti, dedi.
– Ie, – dedi Abdusaid aka, – shundaychikinam bo‘lamo? E ukkag‘ar-e, buni qarang.
Keyin birdan sergak tortib, ko‘zini pirpiratgansimon bir jiddiy narsani eslaganday:
– Qaerga qo‘ymoqchisiz? – deb so‘radi.
– Bir qo‘shrabotlik akamiz uyimga qo‘yib beraman deb, o‘n oy bo‘ldi, aldab yuribdi, uch yuz so‘m berganman, – dedim bu odamga kimning ustidan bo‘lsayam shikoyat qilaversa bo‘ladigan kabi. Chindan ham yangi akaga bir xaloskorday qarab o‘rnimdan turib qo‘l qovushtirib turdim.
Abdusaid aka muharrirning sariq telefonini oldiga surib oldi-da raqam terdi. Kim bilandir o‘sha baland pardada hazil-huzul aralash gaplasha ketdi. SUMning yonidagi uchastkovoy melisa, Baxtiyor aka degan odam Abdusaid akaning qo‘shnisi ekan. Ha yo‘q, be yo‘q, uchastkovoyning bo‘yniga mening propiskamni yuklab qo‘ydi.
Muammo bu qadar tez hal bo‘lganidan shoshib qolgan edim. Qo‘shrabotlik og‘amiz pasportni berdi-yu, pulni bermay yana bir muddat sarson qildi, yugura-yugura, yalina-yalina oxiri oldim. So‘ng Baxtiyor akaga chopdim. Borasola necha pulga qilib berasiz, deb ham so‘ramasdan uch yuz so‘mni pasportga qistirib, Abdusaid aka jo‘natganini aytib uzatdim.
Mayor “ketdik” deya mo‘‘jaz idorasining yonida turgan yashil “Moskvich”ga o‘tirib o‘t oldirdi. Hozirgi “Mirobod” bozori tomondan o‘tib borib to‘rt qavatli g‘ishtin yotoqxonalar atrofida to‘xtadik. Mayor bir o‘rta yashar rus ayoliga uchradi. Pasportni berdi. Chamasi pulni olib qoldi. Men u ayolning ko‘rtsatmasi bilan komendant nomiga ariza yozdim. Rus ayol Baxtiyor akadan to‘rt-besh so‘m umidvor bo‘ldi. Nimalarnidir bahona qilgan bo‘ldi, biroq melisa o‘rischalab kulib ayolni ko‘zing yaxshi, qobog‘ing yaxshi deya alqadi, sening ustingdan ham ish qo‘zg‘asam nima qilasan, deya yolg‘on po‘pisa ham qildi. Shundan so‘ng ayol ojizona rozi bo‘ldi-da pasportni olib qoldi. Aniq eslayolmayman, chamasi ertasi kuni propiskaga muhr urilgan pasportimni qo‘lga oldim. Propiskaga qo‘yilganim haqida ma’lumotnoma ham berishdi.

2

Shuytib akang qarag‘ay “Yoshlik” jurnali xodimi ham bo‘ldim. 
1986 yilning 3 noyabri edi. Mehnat daftarchamga shu yil, shu sana, so‘ngra “uchyotchik pisem” nomli ish turi yozilgan. Shu-shu “Yoshlik” jurnalining sodiq xodimiga aylandim. 
O’shanda Abdusaid aka tez orada hozirgi bolalar gazetasi, u vaqtdagi “Lenin uchquni” gazetasiga bosh muharrir bo‘ldi. Ustoz-ustozlab borib turaman. Buni qarangki, u kishiyam odamni “ustoz” deb uyaltiradi.
– Gazetamizning tiraji bir milliondan oshdi, ustoz. Mashhur bo‘laman desangiz bizga hikoyalar bering, “Yoshlik” o‘z yo‘liga, – dedi bir kuni.
Qoralab qo‘ygan bir-ikkita hikoyalarimni olib bordim. Aka kichikroq hajmdagi bir hikoyamni bosib yubordi. Tag‘in rasmim bilan. Keyingisi katta hikoya edi, mavzusi yoshlarga bog‘liq bo‘lsayam yozilish usuli kattalarga mos edi. Uch yo to‘rt sonda bo‘linib bu hikoyam ham chiqdi. Juda xursand bo‘ldim. Qator-qator xatlar ham oldim. Bolalarning qaysi mazmun, qaysi yo‘sinda bo‘lmasin, har qalay munosabat bildirib atay xat yozishi bari bir yoqimli-da. Keyin yana bir hikoyamni e’lon qilishdi. “Alla” degan hikoyam “Saodat” jurnalida chiqdi. Bu jurnalning ham adadi chandon katta ediki, odamlar bosib o‘qishardi. Mahmud Sa’diydek tanqidchi “mana shu hikoyang bizga ma’qul, aslida haqiqiy asar shunday bo‘ladi: ham ruh, ham gap-so‘z o‘ta milliy; koloritga yopishib ham olmagansan, orqada odam taqdiri bor, qo‘shiq ham bor, bu yo‘lda ketsang baloday yozuvchi bo‘lasan”, deganini eslayman.
Abdusaid akaning odamshavandaligi, bag‘ri kengligiga qarang: men hadeganda bostirib borib, falon o‘rtog‘im ishsiz yuribdi, ishga olmasangiz bo‘lmaydi, deb tirg‘aladigan ham bo‘ldim. Dastlab xokisor shoir do‘stim, chustlik Hoshimjon Mirzaahmedovni ishga oling, deb yetaklab bordim. Oldi. Korrekturaga. Hoshimjon mehnat ta’tiliga chiquvdi, o‘rniga bir oy ishlab tursin, deb yana bir kursdoshim Mamatqul Ismoilov (Muhammad Ismoil)ni oboruvdim, uniyam oldi. Keyin Navoiy viloyat gazetasida ishlab yurgan do‘stim – kursdoshim Vafo Fayzulloh. Buniyam oldi. Bu orada M.Ismoil va V.Fayzulloh uylanib olgan, biri Xovosga, biri Navoiyga “xotinini ko‘rgani” ketib bir haftalab yo‘q bo‘lib ketishadi. Abdusaid aka birovlar orqali bizdan so‘ratdirib qoladi: shunaqa bir xodimimiz bo‘lardi, sizgayam tanish, mabodo daragini bilmadingizmi?
Bularning ichida, albatta, Hoshimjondan ko‘ra tartib-intizomlisi yo‘q edi.
U o‘ta kamtar, kamsuqum, odobli ham ko‘nglimiz bir-biriga bop tushgan edimi, birinchi kursdanoq inoqlashib ketib, birinchi semestr tugashi bilan qiyin-qistovi bilan Chust tog‘larining qo‘ynida joylashgan G’ova qishlog‘iga borganmiz. Tog‘larga chiqib binafsha, chuchmoma, nomini biz bilmaydigan sariq, siyohrang gullar terganmiz, zilol ariq suvlarida non bo‘ktirib yeganmiz. Hay-hay u kunlar! Sadag‘ang ketay u kunlar!

3

Hoshimjonning katta akasi Muhiddinjon aka kolxozda shofyor, undan kichigi – Bahromjon aka qishloq sartaroshi ekan. Kolxoz tomorqaga kichikroq yer ajratarkanu akalari shu yerga kartoshka ekib oz-moz tirikchilik qilisharkan. Otasi Eshonjon amaki Hoshimjon o‘qishga kirar kezda vafot etgan ekan. Men onasi deb o‘ylaganman, o‘zi ham “oyi” deb atagan bir mehribon ayol asli opasi ekan, juda chuchuk tilli, Hoshimjonga qo‘shib bizniyam bolasidek alqagan. Keyin ham bir gal shu ayol Muhiddinjon aka bilan Toshkentga kelgan edi.
E-e, bu Hoshimjon deganingiz jussasi kichik bo‘lsa-da, dardga mustahkam ekan. O’shanda u onam ham yo‘q, g‘irt yetimman, jo‘ralar, deb yozg‘irishni ep ko‘rmagan ekan... Akalarini ham bunday kamtar bo‘lganlari bilan kartoshkadan xo‘b daromad qiladigan boy odamlar qilib tushuntirgan. Ko‘rdik: G’ovasoy bo‘yidagi sinch-guvalali kichik-kichik pastqam uylar. Boy emas, kambag‘al edi ular. Lekin qanoatli, sog‘lom, kamtar: biz paqir mehmonlar uchun jonini ham berib yuboradigan odamlar edi.
Uchinchi kursda edi shekilli, Hoshimjon bir dardga chalindi. Qon quyish instituti klinikasida oylab yotib davolanadigan bo‘ldi. O’zi aytmagani uchun bu kasallikning ma’nosini tushunmas edik. Bir gal uni ko‘rishga borsak (orada paxta terimiga ketib ancha vaqt ko‘rishmagan edik) yigit chunonam semirib ketibdi, hadeganda taniyolmay qoldik, sochlari ham jingalak tortib, shokila-shokila bo‘lib yelkasiga tushibdi. (O’zi u paytlar soch o‘stirish moda edi-ku). Biz uning guldirak kulgusidan taniy oldik, xolos. Xuddi ertakdagidek sehrgar kampir unga qo‘lini bir sermab boshqa odamga aylantirib qo‘ygandek go‘yo... Odatda u g‘ayir sochini kaltaroq oldirar, shunda ham orqaga tarab yurardi. To kasal bo‘lgunicha, albatta. Faqat ko‘zlari o‘sha-o‘sha. U bilan ko‘rishganda fe’lidan kelib chiqib odamni bir zum ham o‘ylashga qo‘ymas edi: kuldiraverardi, kuldiraverardi. Qayoqdan qaynab chiqar ekan bu gaplar – hayron qolarding. O’shandayam bir guruh kursdoshlar uning huzuridan dumalab qolguncha qota-qota kulib chiqdik. Tashqariga chiqqanda negadir yig‘lagim keldi. Buning dardi yomon, aytmayapti, deb o‘yladim. Kursdoshim Sanobarga shu gapni aytib yorilsam, uyam xo‘rsinib qo‘ydi. “Men tentak u tez orada sog‘ayadi-ku, deb gul ovoppan, o‘zi kursdoshlar pul yig‘ib dori olsak bo‘larmidi”, dedi. Ha-ya, shu narsa nega xayolimizga kelmapti-ya. Yo‘q, Hoshimjon bizning bundoq homiyligimizga yo‘l qo‘ymadi. Negadir shunday qildi. “Hammasi yaxshi, yaqinda o‘zim chiqib boraman, urinmanglar”, dedi.
Chiqdiyam. Lekin har olti oyda kamida bir oy yotib davolanadigan bo‘ldi. Kursimizdan qoldi. Quyi bosqichdagi Mamadali Eronovlarning guruhida o‘qiy boshladi. Keyin picha ozdi. Soch esa jingalakligicha qoldi. Bilsak, bemorxonada qon quyish asnosi garmon dorilar beraverarkan, u odamni shishirib yuborarkan.
Men ijara kvartirasidan quvilganman. Vafo Navoiyga ketib qolgan. Hoshimjon ikkov kvartira izlay-izlay Olimpiya shaharchasidan bir uy topdik. Abdurahmon aka degan kishi edi. To‘lov muhlati kelsa, kirib olib ezmalanaverardi. Bir gapning tayini yo‘q, nuqul ezmalanadi. Qorong‘u tushadi, yotar bo‘ladi, o‘n-o‘n besh choynak choy ham ichilib ketadi, akam ketmaydi – bir zaylda, biz takror-takror eshitgan sarguzashtlarni, mayishatlarini gapiraveradi, gapiraveradi – hech to‘xtamaydi. Har-har zamonda:
– Sizlarda ota-ona bormi? Pulni qattan olasanlar? Jurnalist bo‘lsalaring ko‘p to‘lashadimi? – degan “ma’nodor” savollar ham berib qo‘yadiki, Hoshimjon bilan ikkimiz bir-birimizga qarab qolamiz-da, hamma gaplarning o‘zak mag‘zini tushunib olamiz: darvoqe, bugun birinchi chislo-ku!..
O’zi yoshi borsa, ellikdadir – nega muncha kalovlanadi?
Xotini, bir qizi bilan ro‘paradagi eshikda turishadi.
– Voy adasi, shu bollardan kvartir haqi so‘rash muncha qiyinmi: to‘la, bo‘lmasa chiqib ket – tamom. Ezmalanishlarini-chi...
– Men bularga tushuntirvomman-de. Yosh bollar, buning ustiga qishloqdan kelishgan. Ota-onalariyam bormi-yo‘qmi...
Shunday deya Abdurahmon akamiz qari odamlardek inqillay-sinqillay turadi va:
– Ertaga tag‘in bir xavar olarman, a, bollar... – deb qo‘yadi.
Ketgach qotib-qotib kulamiz.
Bulturgi yili paxta mavsumida bo‘lgan voqeaga xayolim ketadi. 7 noyabr edi. Bayram. Abduqayum Abdurahmonov degan domla bizga rahbar. Qaerdandir qo‘shni “Abay” sovxozidanmi, aroq opkelib ichishimizgayam shaxsan ruxsat beradi. Kichkina emasmiz, uchinchi bosqichdamiz. Ammo me’yoridan ko‘proq otib qo‘yibmiz. Hoshimjon bilan paxtazor chetida qorong‘ulikda bu hayotni baland pardalarda tinimsiz so‘kib ketayotibmiz, yigit birdan she’riy yo‘singa o‘tib oldi-ku. Yesenin usulida, mayin, ammo dardchil she’rlar. O’ziga xos bo‘lmagan qo‘l silkishlar, oyoq tepkilari (g‘o‘zami, kesakmi – zarb bilan tepib yuboradi) sinfoniyasida o‘qiyverdi. Onasi haqidayam bir-ikki she’r o‘qidi. Birida mazmunan “bu gal borganimda qabringdan o‘sibdi qizg‘aldoqlar” degan ma’noni uqib tek qotib qoldim. U esa endi yig‘lab o‘qimoqqa tushdi. O’qib bo‘lib baralla ho‘ngrab yubordi. Men uni quchoqlab olganman, o‘zimniyam to‘xtatolmayapman. Emranishib, bir-birimizni suyashib tursak, qaerdandir tentiraklab Vafo kelib qoldi.
– Hoy, nima gap, jo‘ralar? Nima bo‘ldi sizlarga o‘zi? 
Shunda hayron qoldim: Hoshimjon harbiylardek tez yig‘ishtirinib, o‘zini tutib oldi. Kuldi. Ha, kuldi. Latifa ayta boshladi...
Men esa uning yetimligidan tamom voqif bo‘lib, shoirligigayam tahsinlar ayta boshlagan, qo‘shilib ho‘ngray boshlagandim. Endi esa dabdurustdan uning latifalariga kulishni eplayolmay hiqichoq tutgan odamday nuqul hiqillar edim.
Vafo bo‘lsa Hoshimjonning navbatdagi latifalariga yovvoyilarday “vah-hay, vah-hay” deya qo‘llarini qo‘poldan-qo‘pol ko‘tarib portlab kulardi-yu:
– Lekin, jo‘ralar, bir narsani aytmayapsizlar-da, – deb o‘pkalar edi...

4

Abdurahmon akamizning xotinini Hoshimjon “shustriy xonim” deb atardi. Albatta, orqadan. O’zimiz uchun. Erining chaynalishiga qarama-qarshi o‘laroq xonim tezda maqsadga ko‘chib masalaga oydinlik kiritib qo‘yaqolardi.
Aka chiqib ketgach, Hoshimjon:
– Odamga botadiyam demaydi, ikkalamizniyam yetimga chiqarib qo‘ydimi bu singlingni... – dedi so‘kinib. Bundan: “men-ku g‘irt yetimman, gaplari sizga botmadimi?” degan ma’noni uqdim.

5

Hoshimjon “Lenin uchquni”ga, Abdusaid Ko‘chimovning qo‘liga endi ishga o‘tgan mahallar. Shu kunlarda biz azbaroyi qo‘limiz kaltaligidan, Abdurahmon akaday ezma-ziqnaning kvartirasiga ortiq pul yetkazolmay, do‘stimiz Muhammad Ismoilning undovi bilan Qoraqamishning bir chetidagi ishchilar yotoqxonasiga ko‘chib o‘tdik. Bitta sektsiyada 5-6 kishi turamiz. Muhammad Ismoil bir xonani to‘liq egallagan. Kechasi bilan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gapirinib ijod qiladi. Biz ishdan qaytgach, A.Axmatova, M.Svetaeva, V.Xlebnikov, B.Pasternakdan qisqa-yuluq lektsiyalar eshitamiz shoirdan, gapini asoslash uchun bizga tushuniksiz uzuq-uzuq ruscha she’rlardan o‘qib qoladi. Men aytayotgan narsalar asli adabiyot bo‘ladi, demoqchi bo‘ladi. O’zi yaqinda uylangan, xotini Xovosda, ishlamaydiyam, bir oy-ikki oyda uyiga borib men falon joyda ishlayapman, deydi. Bir gal bu “rost gap”ni tasdiqlatish uchun meniyam opketgan, akasi Ahmad akaga, onasi – hoji onaga “shundoq, jigit “Lenin uchquni”da ishlayotir” deb shubhalarini tarqatib kelganman. Ahmad aka ishonqiramay:
– Hay bilmadim-da, Sobirboy, buning ishlashi... – deb yelka qisgan.
Ko‘p o‘tmay ishlagan va tez orada ishlari yurishib hammamizni changda qoldirib ketgan. Deganim, bungayam, yuqorida tilga olganim – Abdusaid aka sababchi.

6

Bularni Abdusaid aka ishga oldi. Keyinchalik ham qanoti ostida himoya qildi. Qaerda bo‘lsayam suyab yurdi, erkalik qilsa ayadi, gunoh qilsa – kechirdi. Aka shu darajada sinchilmi yo bag‘oyat ko‘ngli kengligidanmi, hechqursa menga: “Ey, Sobirboy, opkelgan odaming munday ekan-ku, avval aytmab eding” deb yuzimga solmagan. Chippa-chin ishongan. Holbuki men akaning ishonchini qozonib, bir narsani do‘ndirib ham qo‘ymaganman, aksincha o‘zimni hamon qarzdor deb bilar edim.
Shunaqa qarzdorlik hissini Hoshimjon ham o‘ylab yurar ekan, bir kuni yorildi:
– Ustoz, bir choyxonaga chaqirib mehmon qilaylik akalarni. Nima deysiz?
Xo‘p dedim-u, o‘yladim: o‘sha mahallarda ichimlik topish muammoga aylanib qolgan edi. Hamxonamiz, Chilonzorda uchastkovoy bo‘lib ishlaydigan, yuridik institutning kechki bo‘limida o‘qiydigan olmaliqlik Erkindan bu masalani hal qilishni so‘radik. Shu yigit ham ichimlik muammosini hal qilolmasa deng. Ikki kun orqasidan yurib, boshlig‘iga kirib, u kishi birovlarga telefon qilib, nihoyat, ikki dona aroq topdik. Nabiev parkining orqasida, G’ani A’zamov yashaydigan mahallada bir arzon choyxona bor ekan. Gaplashib kelib akalarni: Abdusaid aka bilan muharrirni chorladik. Osh qildik, haligilarni qo‘ydik. Yetmay qoldi, albatta. G’aribona dasturxon bo‘ldi-da. Abdusaid aka shundayam bekorga ovora bo‘lganimizni, shusiz ham bizni yaxshi ko‘rishini aytdi. Oshdan chiqib bekatga borib kechki avtobusda o‘zining Qo‘yliq tomondagi uyiga ketdi. Taksiga o‘tiring, ikki-uch so‘m to‘lab yuboramiz desak, unamadi. Ha, akaning Qo‘yliqdagi ikki xonali uyiga otasi Ko‘chim bobo qazo qilganda fotihaga borgan edim. O’sha kungi g‘arib bazmda M.Ismoil, Hoshimjon, Erkin, Komil Jumaevlar – hamxonalar jam edi. Tabiiyki, boyagi narsa tomog‘imizga urvoq ham bo‘lmay o‘tib ketgandi. Hurmatli mehmonlarni-ku kuzatdik, endi o‘zimiz bir narsa tashkil qilishimiz zarur edi. Shunda Muhammadjondan tashabbus chiqdi. Yaqin oradagi Chig‘atoydagi lo‘li mahallada vino bo‘larmish. Ichkilikka qattiq turilgan davr ekanmi, lo‘li xolalar ham u yoq bu yoqlarga qaranib, boloxonadagi pichanlar ichidan vino opchiqib berishgani yodimda.
Besh norg‘ul Nabiev parkining qorong‘u burchagida vinolarni “cherez gorlo” oshqozonga bo‘shatdik. Keyin birdaniga ochilib, baxtli odamlarga aylandik. Vuzgorodokdagi yotoqxonalarga, tanish qizlar yoniga bormoqchi bo‘ldik: mardmiz. Ammo cho‘ntak deganimiz qurib bo‘lgan ekan, avtobusda ketishga ham chaqalarimiz qolmapti. Alkashlarday g‘ing‘ir-g‘o‘ng‘ir, kim ashula aytgan, kim she’r – bir-birimizga suykala-suykala Qoraqamishning narigi cheti, botqoq qamishzor yonidagi yotoqxonaga sudralib yetib bordik.
Botqoq suv yonidaligidanmi, aksar podvallari suvga to‘lib ketganidanmi, yotoqxonada pashsha ko‘p edi, kechasi deyarli uxlatmas, uxlasak ham ertalab, kaltak yeganday yuzimiz momataloq ko‘karib uyg‘onardik.
Hoshimjon bilan anchagacha gurunglashib yotdik. Uyam bir chechildi. Sochning jingalaklashgani mavzusiga kelganda bir rost gapni aytdi.
O’tgan gal biz borgan palatasida olti kishi yotganini, o‘shalardan bir oy ichida faqat bir o‘zi tirik qolganini so‘zladi. Shunda ham umidsizlikka tushmay “chort” deb qo‘ydi.
– Nahotki?! – deb yuboribman.
– Shundoq kulib gaplashib o‘tiraveradi, kun bo‘yi qarta o‘ynaymiz, kechasi birdan og‘irlashib qoladiyu, qaytib kelmaydi: o‘sha yoqdan mo‘rgga oborib tashlashgan bo‘ladi. Achinamiz, ertasi kuni uning qiliqlarini eslaymiz. O’zimizni ovutamiz. Biroq... bir kun o‘tib, tag‘in birimiz... Yashashning qizig‘i qolmadi, ustoz...
Men unga dalda bermoqchi bo‘laman-u, nima deyishni bilmayman. Qaytanga, aksincha, o‘zi bizni ovutadi, bu qiyinchiliklar o‘tib, hali katta ijodkorlar bo‘lishimizni bashorat qiladi.
– O’zi, ustoz, bu qanaqa kasallik?
– Oqqon.
– Oqqon?
– Ha, qon raki, ustoz...
So‘ng orqasidan bir latifa aytib yuboradi-da, avval o‘zi portlab kulib yuboradi, ixtiyorsiz biz ham qo‘shilamiz.

7

Komil “Guliston” jurnaliga o‘tdi. Hoshimjon “Lenin uchquni”ga, Erkinimiz – melisa. Muhammadjonimiz kechasi bilan qo‘ng‘izday g‘o‘ng-g‘o‘ng qilib, choy ichib, ijod qilib yuradi-yuradi-da, tongdan shomgacha po‘rillab uxlaydi. Yashash sharoitimiz talabalarnikidan tuzukmas. Boz ustiga, – bunday voqealar tez-tez bo‘lib turadi, – mehmon kelib qolsa – urdi Xudo. Kimnidir yo‘qlab kelgan mehmonga ham boshqalarga nimadir yegizishing kerak. Qiyinligi shunda.
Hoshimjonning yo‘qlaydiganlari bor. Ular ham o‘ziga o‘xshagan beozor odamlar. Uyidagilari uning kasalligini bilishmaydiyam. Shunchaki, o‘zining tabiati va irodasidan kelib chiqib aytmagan, yashirgan, xolos.
Dard ustiga chipqondek Qashqadaryodan Norqobil Jalil kelib bizga qo‘shilib oldi. Cho‘ntagida hemiri yo‘q, ish kerak, pul kerak, yana xotinidan ajrashgan – bo‘ydoq, uylanishi ham kerak, uy kerak: o‘zimiz qatori. Ko‘rpa-to‘shagiyam yo‘q. Kechasi o‘larday pashshaga talanamiz – uyqu yo‘q. Yotar vaqti yotoqxonadagilarning ko‘pchiligi pashshadan qutulish ilinjida ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib tepa tuynuk orqali tomga, shig‘irlagan shag‘al toshlar ustiga chiqib yotadigan bo‘ldi. Bu odat mengayam yuqdi. Tom usti salqin, ko‘rpaga o‘ranib burkanasanu qotib uxlayverasan, pashsha kirolmaydi. Quyosh chiqib kun qiziganda tuynukdan ko‘rpangni ko‘tarib pastga – o‘z kulbangga tushib borasan. Hoshimjon bunaqa ko‘rpa ko‘tarib yurishlarga hafsala qilmas edi. Shu boisdandir, u pashshaga ko‘proq talandi va oqibat kasali qayta qo‘zidi. Bu safar hozirgi Qatortol ko‘chasidagi Qon quyish instituti filialida yotdi. Idoramizga juda yaqin joyda bo‘lgani uchun kuniga, kunora kiraman. Olim aka degan bir berahm davolovchi vrachi bor ekan, dori-ukollarni bermaydi. Bir jurnalist akamizning tanishi ekan, unga telefon qildirdik, bari bir foydasi bo‘lmadi. Oxiri, Hoshimjon bexabar, men uyidagilarga xabar berdim. Muhiddinjon aka bilan opasi kuyib-pishib, yig‘lab-siqtab kelib qolishdi. Do‘xtir bilan rasamadini keltirib gaplashishibdi chog‘i, keyin davolashni ham boshlab yuborishdi. Hoshimjonning opasi menga:
– O’zingiz ko‘z-quloq bo‘lib turing, ukajon! – deb iltimos qildi.
Hoshimjon tag‘in shishib ketdi. Akalari tez-tez xabar oladigan bo‘lishdi. Do‘xtir ularga “bu-tuzalmaydigan kasallik” debdi, xavotirga tushib qolishdi. Muhiddinjon aka bir kuni Hoshimjonni kasalxonadan olib chiqib Chustga – o‘zining qishlog‘iga olib ketdi. Bir oydan ko‘proq u yoqda qolib ketdi. O’rniga Muhammadjon korrektor bo‘lib ishlab turdi.
Hoshimjon keldi. Ancha tetik, bardam. Sababini so‘rasam, akalari tog‘dagi qirg‘iz ovchilarga iltimos qilib sug‘ur ottirib kelib Hoshimjonga yegizishibdi. Zo‘r narsa ekan, foydasini aniq bildim, dedi do‘stim. Shu-shu kasalxonaga qaytib bormadi. Biroq o‘ng oyog‘ini avaylab bosib bir yonga jijja engashib qadam tashlaydigan bo‘lib qoldi. Endi tag‘in Qoraqamishdagi yotoqxonada pashshaga yem bo‘lib yashamasligimiz kerak edi. Kvartira topish payidan bo‘ldik. Bu safar ham Abdusaid aka jonimizga oro kirdi. Idorasidagi Ra’no degan ayolning Yunusobodda bir bo‘sh kvartirasi bor ekan, odam qo‘yish niyatida emish. Xullas, Abdusaid akaning daldasi bilan shu yoqqa uzun-qisqa bo‘lib ko‘chib keldik. M.Ismoil, K.Jumaev, N.Jalil, Hoshimjon, kamina.
O’sha – it yotish mirza turishu, har qalay kosa-tovog‘imiz joyida, issiq ovqat qilamiz, vaqtida yeb-ichamiz, yuvinamiz. Eng muhimi – pashshadan qutulganmiz.
O’ylab qarasam, har birimiz bu yerdan mustaqil bo‘lib chiqib ketibmiz. Muhammadjon – kechgacha uyquni uradigan shoir birinchi bo‘lib uy oldi. Xotini, bolasini ko‘chirib kelib kirib yashay boshladi. Komil uylandi. Keyin Hoshimjon. Undan keyin – Erkin. Ikki kun o‘tgach men...
Bu shohona kulbamizga ham Abdusaid aka bir keldi. Hoshimjonga akalari oltita kaklik jo‘natishibdi. Akani chaqiramiz, bularni oshga bosamiz, dedik. Endi, Abdusaid aka bizni har kuni shunaqa kaklik-pakliklar yeb yotadi, deb o‘ylamagan chiqar, har nechuk, maosh olib odamday yashayotganimizni ko‘rib xursand bo‘ldi.
– Hoshimjon, bu “kakibak-kakibak” deb sayraydi-ya?
– Ha, ustoz, “kakibak” deydi.
– Hozir bu jonivor birdan qanot bog‘lab “kakibak” devorsa-ya!
Kulishamiz.
Ishxonada ko‘rsak ham Abdusaid aka birdan sho‘tanoqligi tutib, “qanotlarini” yoyadi-da:
– Kakibak-kakibak, – deb yuboradi birdan baland ovozda.
Begonalar ko‘rsa nima deb o‘ylarkin, deya alang-jalang atrofga qarab qo‘yamiz.
Demoqchi bo‘lganim – aka mudom shogirdlarini o‘zidan uzoqlashtirib yubormaydi, yaxshilik qilib charchamaydi. Bepisand bo‘lishni xayoligayam keltirmaydi.
Yozuvchilar uyushmasida, Vazirlar Mahkamasida, Radioda, Prezident devonida, so‘ng Teleradiokompaniyada mas’ul lavozimlarda ishlab yurganida ham bunga qayta-qayta guvoh bo‘ldim.

8

Sakson to‘qqizinchi yilning iyuni edi. Hoshimjon uylandi. Qishlog‘idan – Ra’noxon degan iboli, aqlli, odobli, ko‘hlikkina qizga. To‘yga biz bilan qo‘shilishib Abdusaid aka, G’affor akalar ham bordi. Chust tomonlarda bazm degani ixchamroq bo‘lar ekan. O’rtani o‘rab turadigan bir qator stol, uning orqasidan bir qator stul qo‘yilarkanu yengil yeguliklar tortilib, asosan yoshlar o‘yin-kulgu qilisharkan. Shunda ham to‘y egalari Toshkentdan kelgan hurmatli mehmonlar uchun boshqacha ziyofat uyushtirishgan. Akalar so‘zga chiqib Hoshimjonning sha’niga iliq tabriklar izhor etishgan.
Farg‘ona voqealari yaqinda bo‘lib o‘tgan edi. Abdusaid aka sheriklari bilan o‘sha yerlik tanishlari hamrohligida voqea joylarini ko‘rish uchun jo‘nab ketishgan.

9

Aka radioqo‘mitada rahbar bo‘lganida Hoshimjon va yana bir qancha shogirdlari ustozning izidan borishgan. Teleradiokompaniya risligida esa yana o‘shalar gurillab televideniega o‘tib olishgan.
Aytdim-ku, ustoz birovga mehri tushib qolsa qanoti ostida tutib yurishni istar edi. Chamasi unga yordami tegayotganidan dastavval o‘zi mamnun bo‘lar edi.
Saidazim Mardiev, Minhojiddin Mirzo, Hoshimjon Mirzaahmedov, Muhammad Ismoillar endi televidenieda faoliyat yuritishdi. Aytish joizki, murakkab, o‘ziga xos muhitga ega, minglab ishchi, texnik xodimu jurnalist, shoir-yozuvchiyu keksa-yoshni birlashtirgan ulkan idorada bosh bo‘lish oson emasdi. Chamasi bunday joyda rahbarni guruhbozlik, manfaatlar to‘qnashuvi, har xil ig‘vo, kazo-kazolarning bosimi ham qiynab yuboradi. Bularning barisiga irodasini ishga solib dosh berishgina yetarli emas-ku. Tashabbus bilan ko‘rsatuvlarni yangilash, har xil loyihalarni joriy etish, islohotlar o‘tkazish, muhimi ko‘rsatuvlar sifatini yaxshilash, odamlar ko‘rib, zavqlanib “barakalla” deydigan darajaga olib chiqish vazifasi turibdi. Yana eng muhimi – televidenie davlat siyosatining oynasi. Nojoiz, bo‘lar-bo‘lmas gaplar, saviyasi past ko‘rsatuvlar, siyosiy savodsizlik, noxolis tanqid, keraksiz maqtov, xonandalarning ekran talashishlari... Bularning bari rahbardan nafaqat hushyorlik, kerak paytda cho‘rtkesarlikni, masalani darhol bir tomonga, lekin xolisona, adolat yuzasidan hal qilishni talab etmaydimi?.. Shunday, akada favqulodda hushyorlik, favqulodda jasorat, g‘ayratni ko‘rar edim.
Akaning bir gal noliganini eshitganman: 
– Bilasizmi, uka, men bunday idoradan yana ikki-uchtasini birlashtirib bersayam eplayman, kuch topaman. Chunki muhtaram Prezidentimiz bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turibdi. Men bu borada hech qachon ikkilanmayman. Biroq o‘zing ishongan odamlaring goh pulga sotilib, goh mansab bermaganing uchun tinimsiz ig‘vo uyushtirishi odamni ezadi. Ilgari hatto yuragim qaerda joylashganini o‘ylamas edim, endi bo‘lsa shu qurg‘ur sanchadigan bo‘ldi...
Men buni oz bo‘lsa-da his qilar edim. Jurnalni qo‘y, qachongacha obuna, pul deb yugurasan, televideniega kel, deya taklif qilganida ham oyog‘im tortmagan. Qaydam, balki Xudo o‘nglagandir...
A. Ko‘chimov Prezident devonida mas’ul lavozimda ishlayotganida ham gazetalarga turli mavzularda maqolalar tashkil qilganini bilaman. Ijodkorlarning faoliyatini kuchaytirish, kengaytirishni o‘ylar edi. Yozuvchilarning publitsistik chiqishlariga ko‘p e’tibor berganini ko‘rganman. Shaxsan o‘zimga ham ma’naviyat mavzularida maqola yozishni tavsiya etgan, ayni mahalda yozilajak maqolaning ruhi, yo‘nalishi, nimalarga urg‘u berishni ham tushuntirgan edi. O’sha maqolalar markaziy gazetalarda chop etilgan, sir emaski, keyin o‘zimning ham ko‘nglim to‘lgan edi.

10

Abdusaid aka hozir faoliyat yuritayotgan “Xabar” gazetasida ham ijodiy muhit hukmron. O’zi erinmasdan materiallarni kompyuterga solib, o‘qib, tuzatib, ifoda – berilish shakllarini xodimlarga batafsil uqtirib o‘tiradi. Muhimi – ijod qilyapti. Axir, ijodkordan nima qoladi – yaxshi so‘z, ezgu fikr, qaynoq dard – shular singdirilgan chin asarlar.
2003 yilmidi “Baland tog‘lar” degan saylanmasi chiqdi. Juda go‘zal qissa va hikoyalari bor. Qahramon holatlarini harakatlantiruvchi chiziq, gap-so‘zlar tabiiyligini topadi. Juda topadi. “Oq kaptarlar oroli”, “Baland tog‘lar ostida” qissalari, “Boychechak” hikoyasida bu fazilat yorqin namoyon bo‘lgan.
Ikki-uch yil burun chiroyli bir she’riy to‘plamini chop ettirdi. Ishq-muhabbatga to‘la haroratli she’rlar.
To‘xtovsiz esselar yozyapti. P.Qodirov. O.Yoqubov, Q.Yo‘ldoshev, A.Jumaevlar haqida ajoyib, kerak bo‘lsa, badiiy qissadan kam bo‘lmagan esselar yozdi. Ustoz Odil aka haqidagisini biz jurnalda berdik. Yozuvchining shu darajada tafakkuri uyg‘onganki, tavba, bu uzun lavha, uzun so‘zlar – suhbatlarni qanday esida saqlab qoldi ekan, deb hayratga tushasan.

11

Chamamda 1988 yil edi, o‘sha vaqtdagi Ittifoqning markaziy nashri bo‘lmish “Pravda” gazetasida bir tanqidiy maqola chop etildi. Ayniqsa, yozuvchilar orasida tez shov-shuv bo‘lib ketdi. Unda O’zbekiston matbuotida bu Respublika Rossiya tarkibiga kuch bilan qo‘shib olingan mazmunidagi millatchilik ruhidagi maqolalar ko‘payib ketdi deyilib, nuqul bolalar gazetasi bo‘lmish “Lenin uchquni” gazetasidan misollar olingan. Esimda, uchta maqolani sharhlagan, biri tarixchi M.Hasanovning maqolasi, boshqa ikkoviyam shu gazetalardan olingan. Bosh muharrir – A.Ko‘chimov! Bu, birinchi navbatda muharrirga qaratilgan siyosiy zarba edi.
Holbuki, qaysi gazetani, jurnalni olib qaramang, bu xil mazmundagi jangovar ruhli maqolani topish mumkin edi. Surishtirsak, maqola muallifi ukrainalik bir g‘alamis jurnalist ekan. Boshqa matbuotda ham shu mazmundagi materiallar berilayotgan edi deyapmiz-u, aslini olganda bari bir vaziyat qaltis edi. Chunki sho‘ro mafkurasining tishi har qanday odamning boshini “chirt” uzib tashlashi, siyosiy bir bo‘ron qo‘psa, uncha-munchalarni osmonu falakka ko‘tarib, so‘ng yerga qapishtirib tashlashi mumkin edi. “Paxta ishi”ning qama-qamalari bunga misol. Hali bundoq xurujlarning hidi atrofimizda anqib turardi.
Shunda o‘zbek ziyolilari, ayniqsa, yozuvchilar bir oyoqqa qalqqaniga guvoh bo‘lganman.
Eslasang yuraging o‘rtanadi!..
Odamlar naqadar mustaqil yashashga muhtoj ekan.
Biz ham qarab turmay SSSR davlat rahbari M.Gorbachyovga, “Pravda”ning bosh muharririga, yana allakimlarga bu maqola tuhmat, bo‘htonligi haqida bir talay nusxalarda shoshilinch telegrammalar yozib Moskvaga jo‘natganmiz.
Shunda ko‘rganman: Abdusaid akani yoqtirmay, ortidan zimdan g‘alamislik qilib yuruvchi ba’zi ijodkorlar ham telegrammaga qo‘l qo‘ygan. Balki uyalganidandir, balki bu zarba bugun Ko‘chimovga tushayapti, ertaga menga yoki boshqasiga ham tushishi mumkin-ku. Tek qarab turish kerakmi, deya insof nuqtai nazaridan qaragani uchundir. Harqalay shunday bo‘lgan edi. Adashmasam yuz ellikdan ziyod shoir-yozuvchi qo‘l qo‘ygan. Oqsoqollar o‘zlari alohida telegramma jo‘natishgan. O’zimizning hukumatga ham xat yozganlarini eslayapman...
Na bo‘lg‘ay, qo‘pgan bo‘ron ziyolilar, ijodkorlarning vijdonini qo‘zg‘atgani uchundir balki, har nechuk katta talafot solmay, ya’ni Abdusaid akani “uchirmay” o‘tdi. Ammo o‘shanda akaning yuragidan nimalar o‘tganini, qaysi mahkamalarga chaqirishganiyu ne dashnomlar eshitgani menga qorong‘u. Aka bunday nolishlarni yoqtirmaydigan, qiyin vaziyatlarda ham kulguga burib yuboradigan odam.
Muharrir ishda qoldi.
Endi ehtiyotkor, hushyor bo‘lgandir dersiz?
Qayda! Yana shunday maqolalar qator-qator ketaverdi. Aksincha, boshqa gazetalar bolalar gazetasidan ulgu ola boshlashdi. Shunda ko‘p yozuvchilar, shoirlar, ziyolilar misolida, davlatimiz, tilimiz, hududimiz mustaqilligini yoqlab chiqqan elning bir parchasini ko‘rgan bo‘lsam, Abdusaid Ko‘chimov timsolida egallab turgan vazifasidan bir lahzada uchib ketishdan cho‘chimay el dardini o‘zidan baland qo‘ya olgan mard muharrirni ko‘rganman.
Axir, vaqti kelib, bari bir haq qaror topar ekan-ku!

12

Ittifoqo bir gal tushlikda choy ichib o‘tiribmiz. Aka Hoshimjonning vafot etganini eshitib juda afsuslandi. Eslab o‘ylanib qoldi. Hoshimjonning oshqozonida yara bor ekan, shu ochilib, operatsiya qilishga to‘g‘ri kepti. Keyin qon to‘xtamagan. Shu... 45 yoshga ham kirib-kirmay ke-etdi chin dunyoga.
Aka farzandlarini so‘radi. Xabar olib turinglar dedi. Juda toza yigit edi-da, dedi tag‘in.
Yaqinda u haqda “O’zbekiston ovozi” gazetasida maqola berganimni aytdim. So‘ng dastavval kaminani “propiska”ga qo‘yib berganini, hikoyalarimni chop etib meni mashhur qilgani, Hoshimjon, Muhammadjonlarni oborganimda ishga olganini eslatmoqchi bo‘ldim.
– Shunaqa bo‘luvdimi, – dedi u kishi xiyol ochilganday bo‘lib. – Esimda yo‘q.
– Nahotki?
– Balki. Yaxshi odam yaxshi odamni opkeladi-ku deb o‘ylagandirman-da. To‘g‘risi – esimda yo‘q.
Men u vaqtlar Abdusaid akaning xayolidan ko‘tarilib ketganiga ishonmayman. Shunchaki...
Shunchaki, qilgan yaxshiligini pesh qilishni, birovlarga o‘xshab “men falonchiga munday yordam qilgan edim, endi nazarga ilmadi, yaxshilikka javob shu ekan-da”, deya yozg‘irishni yomon ko‘radi, xolos.
Bu – ba’zi odamlarninggina qo‘lidan keladi.
Rostini aytsam – ruhan, qalban kuchli odamlar shunday qila oladilar!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.