Mardiboy boboni kichkinaligimdan tog‘amning hamsoyasi bo‘lgani uchun o‘g‘illari bilan o‘ynagani bir-ikki kun qolib ketganimda ko‘p ko‘rganman. Jikkakkina, doim katak ishtonda qishin-yozin yalang kovush kiyib yuradigan, boz ustiga qora eshagini faqat yaydoq — egar-abzalsiz minuvchi chaqqon, abjir, lekin negadir ovozi xirildoq, tez-tez tomog‘ini qirib tupuradigan odati bor edi. Aytishlaricha, qishloqning yagona suv tegirmonini shu odam bir umr yurgizgan, tegirmonning gard-changlari bu odamni xirildoq qilib qo‘ygan emish. Kolxozlashtirishning og‘ir yillarida bu kishi bug‘doy o‘rimida chunon jonbozlik ko‘rsatgan, aytishlaricha, yigirma kishi bir yoq, Mardiboy bobo bir yoq bo‘lib marra o‘ynaganda, chol g‘olib kelar ekan. Tuman kattalari va rais uning mehnatini taqdirlab, kechqurun bir tandir non bilan siylar ekan. U kishi doim ishtahasi karnay yurganidan nonni suvga botirib paqqos tushirar va kechasi oyning yorug‘ida tag‘in shuncha maydonni qo‘ldan chiqararkan. Keyinchalik omonlik zamonlarda u kishi haqida bir latifa tarqalgan. Akam o‘zi kichkina bo‘lgani bilan g‘ilmindidan naqd elliktani ko‘rdim demas ekan. Yupqaga sutli atala o‘ralishini, so‘ng kuydirilgan saryoqqa bulab tovoqqa joylanishi, manaman degan polvon ham uning atigi besh donasini yeb kekirib yuborishini nazarda tutsak, bu hayron qolarli darajadagi ochofatlik ekanini tasavvur qilsangiz bo‘ladi.
Qishloq o‘rtasidagi otam zamonida qurilgan tegirmonni ko‘p bora bolalik zavqi bilan tomosha qilganmiz. Kirar joyida yigirma-o‘ttiz qop to‘la bug‘doyi bilan turardi. Mardiboy bobo bir o‘zi bu qoplarni eshakdan tushirib, navbati bilan bir qop bug‘doy sig‘adigan tepadagi yog‘och idishga ko‘tarib o‘zi to‘kib qo‘yardi. Vallohu a’lam, bu idishdagi bug‘doy yarim kun yo bir kunda tosh o‘rtasidagi teshikka donalab bir maromda tushib turar, atrofidan xuddi suv sachragandek un otilib turar, tegirmonchi hech qachon birovning qopi tugamay, boshqasining qopini aralashtirmas emish. Yetti botmondan bir kilosi tegirmonchining haqi emish. Bir botmonni o‘n olti kiloligini bilgach bu haq juda kam emasmikan, deb o‘ylab qo‘yar ekan.
Bir safar otam mol orqasidan toqqa ketaman, qo‘lim bo‘shamaydi, degani uchun o‘zim boboga bug‘doy torttirib kelganman. Otam gap o‘rgatgan: kimning ulisan, deb so‘raydi, palonchining uliman, deysan. Bug‘doying bir sintirmi, deydi, sen ha, de. Baribir chol o‘zining o‘lchagich xaltasida o‘lchab oladi. Bir sintirdan kam bo‘lsa kam ekan-ku, deydi. Ko‘p bo‘lsa ortiq ekan, deb aytadi. So‘ng qachon kelayin deb so‘ra, aytgan vaqtida bor, bo‘lmasa jahli chiqadi, qoplar qalashib ketdi, deb.
Men otam aytganiday qilganman va shunda jikkak, qop-qora, ko‘rimsiz, qoshu ko‘zi, og‘zi-burni, qulog‘igacha oppoq gard bo‘lib ketgan cholning yuz kilolik yukni ko‘rdim demay o‘zi ko‘tarib tushirib, ertasi kuni mixday qilib ortib berib, arqon bilan eshagimning ayili ustidan ovurtmoq qilib boylab, meni qopning ustiga ko‘tarib o‘tqazib qo‘yganini ko‘rib qoyil qolganman.
Odamlar tegirmonchining aks fe’lidan cho‘chishardi, ayni paytda halolligi uchun shu barobar hurmat ham qilishar, shu bois o‘rniga boshqa odam bo‘lsin, deyishga botinolmas edilar.
Tegirmonning tepa tomonidan katta ariqda zilol suv shiddat bilan yog‘och novdan sharqirab tushib turar, u tegirmon toshini pastdagi katta yog‘och parrakka zarb bilan urib yurgizib turardi. Natijada tegirmondan gusirlab, gohida g‘alati shiyqilloq ovoz ancha nariga ham baralla eshitilib turardi.
Biz yosh bolalar bu payti shu tegirmon pastidagi soydan qo‘lda baliq ovlardik. Gohida tosh ostidan suvilon chiqib hammamiz har yoqqa tiraqaylab qochib qolardik. Biz bir gal shu tegirmon yaqinidagi sharqiroq soy suvi hayallab o‘tadigan hovuzsimon joyda bir chelak baliq tutdik. So‘ng cho‘mildik. Suvdan chiqsak, chelakning yonida tegirmonchining o‘g‘li turibdi. U avval, balig‘ingni suvga to‘kib yuboraman, deb do‘q urdi. Yigit maktabni allaqachon bitirgan, Kattaqo‘rg‘ondami, Samarqanddami o‘qish o‘qir, biroq otasiga o‘xshagan qop-qora, yana yarashmagan tarzda xo‘ppasemiz edi.
Biz nima qilishimizni bilmay gunohkorlarday dildirab turaverdik. Yana shuncha baliqqa achinardim. Bilasiz, buloq suvidagi gulmohi baliq uncha katta bo‘lmaydi. Bir chelak baliqni tog‘amning xotini Suymali yangam sariyog‘da juda mazali qilib pishirib berishidan umidvor edim.
Xayriyatki, yigit biz kutgan ishni qilmadi. Chelakdan baliqlarning eng kattasini olib boshini og‘ziga tiqdi. Keyin uni yana qo‘liga olib:
— Shuni men tiriklay yeya olaman, garov o‘ynaysizlarmi? — deb so‘radi.
Biz bir-birimizga qarab oldik. Chunki kissamizda bir tiyin ham yo‘q edi.
— Kambag‘al, qashshoqlar, — dedi u va baliqni boshidan tutib bir pas tipirchilatib turdi-da, yana og‘ziga tiqdi. Ko‘zlari xonasidan chiqquday bo‘lib tasrayib, qizarib-bo‘zarib ketdi, lekin baribir kuchana-kuchana uni yutib yubordi. So‘ng ko‘ylagini ko‘tarib qornini qashlab-qashlab qo‘yib: — Haliyam o‘lmadi, ko‘ryapsizlarmi, dirkillayapti, — dedi. Ortiga burilib keta boshladi.
— Akang qarag‘aydi ko‘rdinglarmi, — dedi bir mahal to‘xtab, otasiga o‘xshagan xirildoq ovozda. — Shaharda bo‘lganimda hozir garovda ellik so‘m yutib olardim, senlardan ikki dunyodayam odam chiqmaydi.
Akavoy ketganiga xursand bo‘lib biz tegirmon tomonga o‘tdik. Tegirmonning tepasidagi suv sachragan joylardan guldirgan o‘sib yotardi. Guldirgan deganimiz siz taniydigan malinaga o‘xshash mayda mevali tikanakli o‘simlik. Tikanlari qo‘lingga tegsa darhol qonatadi, kiyimingga ilashsa yirtib yuboradi.
Tegirmonchi borida birov bu yerga yaqinlashmaydi. Baribir bizga o‘xshagan beboshlar guldirganning pishganini terib yeb ketishibdi, bizga qolgani achchiqlari, hali bo‘zarmaganlari ekan. Tog‘amning menga tengqur o‘g‘li qo‘li bilan nuqib:
— Mardiboy bobo shu devorga g‘ilmindi urgan, — dedi.
Ha, darvoqe, biz g‘ilmindi haqida latifa boshlab boshqa yoqqa qarab o‘tlab ketuvdik. Uzr.
Xullas, tegirmonchining kampiri Omongul momo cholining buyurtmasiga ko‘ra kechki ovqatga seratala g‘ilmindi pishiribdi. Kechasi fonus ko‘tarib, moyligina ovqatni chuqur tovoqqa bostirib kelsa, choli allaqachon tahoratini olib, ochqab, yer tepib o‘tiribdi. Choli ovqatning cho‘g‘i pastligidan xavotirlanib:
— Nechta? — deb so‘rabdi.
— Bolalaringizam o‘zingizday juqmaxo‘r, o‘ttizta qoldi, — debdi kampiri.
Chol kampirini bo‘ralatib so‘kib, endi urishga chog‘langan ekan, boboyning bu fe’lini bilgan kampir shosha-pisha suvdan kechib o‘tib qorasini o‘chiribdi. Chol jahl bilan tovoqni tegirmonning devoriga uribdi. Shundan sal o‘tib tegirmonga unini olgani kelgan Ko‘mak muallim tegirmonchining fonus yorug‘ida g‘ilmindini xas-xashaklarini terib-terib paqqos tushirayotganini ko‘ribdi…
Kun keldi, shu chol ham qaridi, to‘zdi. Qulog‘i eshitmay, ko‘zi ko‘rmay qoldi. Eshik oralab ba’zan kampiri yetovida, ba’zan o‘zi devor paypaslab chiqadigan bo‘ldi. Bu kuni ham yo‘q bo‘lib to‘shakka mixlanib qoldi. Kampiri Omongul momo hali g‘altakday, men deganni bir cho‘qishda qochiradigan norg‘ul, tetik edi. Hazrat G‘afur G‘ulom “otalar o‘zi shunday mo‘rt keladi”, deganda Mardiboy tegirmonchini ham nazarda tutmaganmikan?
Chol yotib qolishidan oldin yer, bog‘ va uyini taqsimlab vasiyat qildi. U hosildor toklarni kichigiga qoldirdi. Bu katta o‘g‘ilga yoqmadi. Kap-katta boshiga janjal ko‘tarib urush chiqardi. Bir gal o‘g‘li otasi tahoratga ko‘tarib chiqqan mis oftobasini qo‘lidan tortib olib boshiga tushirganini ham ko‘rdik. Ha, biz bolalik, murg‘ak ko‘zimiz bilan ko‘rib dodlab yubordik. Cholning boshidan qon otilar edi. So‘ngra u qonga bo‘yalgan ko‘yi, yonboshiga munkib tushdi. Xirildoq ovozda o‘g‘lini so‘kdi. O‘g‘li o‘ljasini qizg‘angan itdek bizga ham o‘shqirdi. Qo‘liga tosh olib bizga irg‘ita boshladi. Eslasam yuragim orqaga tortadi, agar shu toshlardan birortasi tegib ketguday bo‘lsa, aniqki, til tortmay o‘lar edik, astag‘furulloh. So‘ng opalarimizning pichirlab qilgan o‘shaklaridan shuni bildikki, tegirmonchining ellikni qoralagan o‘sha mirg‘azab o‘g‘li oraga tushgan onasi va o‘zining kampiriniyam o‘laksa qilib uribdi. Vo darig‘! Chol baribir turshak holida o‘jar ekan, bog‘ni senga bermayman, deyaveribdi. O‘g‘li yana uribdi, yana, yana… Oxiri tegirmonchi johil o‘g‘lining tayog‘idan o‘ldi-ketdi. Ta’ziyasi kuni “otam”lab tovush berib turdi…
Tegirmon egasiz qoldi. Oxiri maslahat bilan Mardiboy boboning bo‘ynisa o‘rtog‘i Yolg‘osh bobo unga qarab turdi. U chol ham qazo qilgach, tegirmonga o‘g‘illari egalik qilishdi.
Mazlumning, musofirning va ota-onaning duosi uchun Olloh huzurida parda yo‘q emish. Keksalar bu dunyo qaytar dunyo, uning ham egasi bor, deganida bizning o‘jar, to‘xtam va sabr bilmas miyamiz qabul qilmas ekan. Keyin bildik, dunyoning qanday qaytishini…
Mardiboy boboning katta o‘g‘li Chindali aka avval bo‘limning, keyin kolxozning hisob-kitob bug‘alteri bo‘lib ishlab yurar edi. Keyin yerlar fermerlarga bo‘lib berilgach, u ishsiz qoldi. Chamasi pensiyasiga ham yaqin qolgan edi. Ishdan bo‘shagan yili uyining oldidagi tomorqasiga to‘ldirib ko‘knori ekdi. Ko‘knorining gulini ko‘rganmisiz? Qirmizi rangda tovlanuvchi bunday nafis gul olamda yo‘q. So‘ng u ichidan boshoq chiqarib bo‘lgach, gullar birin-ketin uzilib tusha beradi. Boshoq qotib, sarg‘ayib pishmasdan burun ustomon nashafurushlar uni tig‘ bilan kesib sutini tashqariga chiqaradilar, sut qotgach pichoq bilan qirib oladilar, idishga yig‘adilar, to‘playdilar, sotadilar, uni yana bir ustomon kukun holatiga keltiradi. Shu kukun dunyoni ofatga yetaklaydi, qanchadan-qancha odamlarning yostig‘ini quritadi.
Men shu tog‘oraday qishloqda bunday palid ish bilan shug‘ullanib baraka topgan odamni ko‘rmadim. Kimdir qamaldi, kimdir bor-budidan ayrildi, ammo shu kasofat narsa Chindali akani boyitdi. Boshqalar melisaga tushdi, tushgani tushmaganlarni chaqib berdi. Chindali akayam melisaga qatnadi. Biroq yo zori, yo zo‘ri ustun keldi chog‘i, ishqilib tinchitdi. Hademay yaltillagan “Jiguli” sotib oldi. “Jiguli” uyida qantarilgan otday turaverdi, minmadi. Gap chiqdiki, Chindali aka bu mashinaga sig‘mapti, kattarog‘idan olarkan. O‘sha mahallar “Volga” urf edi, eng obro‘li mashina hisoblanardi. Chindali aka “Volga” opti deyishdi. “Volga”si qurmag‘ur raisdayam yo‘q edi. Lekin bu mashinani ham na o‘zi, na farzandlari mindi — ko‘pkariga tayyorlangan tulporday turaverdi.
Kunlarning birida o‘g‘illari palonchining to‘yi bugun, nikohiga so‘rayapti, minib boraylik, deb so‘rashibdi, ota bermabdi. O‘rtada janjal chiqibdi, ikki o‘g‘il otadan kalitni tortib olib rulga o‘tirgan ekan, jahlga mingan ota katta suruq tayoqni olib kelib, mashinaning old oynasiga uraverib sindirib tashlabdi, ustiga shisha sachrab qon bo‘lgan yigitlar tushib otani do‘pposlay ketishibdi. G‘azab ustida biri temir bilan, biri tayoq bilan uraverishibdi. Oxiri boshi majaqlanib, miyasi, ko‘zlari otilib chiqib ketibdi.
Ertasi kuni o‘g‘illar “otam”lab hassa suyanib yig‘lashdi. Kuygan farzandlar singari to qirqi — marosimi o‘tguncha ustlaridan to‘nu belbog‘, do‘ppi tushmadi.
Undan keyin ham ko‘p suvlar oqdi. Na bo‘lg‘ay, shu suvlar Mardiboy boboning tegirmonini ham yurgizib turdi. Tegirmon yonidan o‘tib qolsam, o‘sha o‘jar chol esimga tushadi. Shu devorda o‘sha cholning barmoq izlari, nafasi qolgan. Ko‘hna yog‘och eshikni ochib ichkari bo‘ylasang, namchil un va yana allanarsalarning yoqimli hidi dimog‘ingga uriladi.
Ilgari bu tegirmon qulf ko‘rmagan. Hozir esa kalladay qulf osig‘lik turadi. Egasi kimligi ham noma’lum. Lekin tegirmon avvalgiday mustahkam, hech narsa uni o‘zgartirmadi.
Tegirmonning tepasi qabriston. Tegirmonga yaqin joyda Mardiboy bobo yotibdi. O‘g‘li undan chetroqda… Joy kam. Keyingilari undam ham nariga qo‘yiladi…