OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alijon Jo‘rayev. Hayo (hikoya)

Chirmanda sadosi olis-olislarga qadar taralardi. Zumrad opaning xushovozidan huzurlangan ayollar qo‘shiq sehriga mahliyo bo‘lib qolgandilar.

Tog‘da toychoq kishnaydi-yo,
Ot bo‘ldim deb yor-yor,
Uyda kelin yig‘laydi-yo,
Yot bo‘ldim deb yor-yor...

Zebo atlas ko‘ylakda bir chiroyi ming bo‘lib ketgan so‘lim kokillarini ro‘moli bilan tang‘ib, qayrilma kipriklari ko‘z yoshlariga cho‘milib, qirmiz yanog‘i yal-yal tovlanib, o‘n ikki kunlik to‘lin oy misoli edi. Atrofida dugonalar gurungi avjida.
— Voy Zebo, chehrangni ochib o‘tirsang-chi! — dedi shaddod qizlardan biri.
— Senga gapirish oson, onamni ko‘zim qiymayapti. Bir o‘zlari endi nima qiladilar? — «hiq-hiq» yig‘ladi Zebo ko‘z yoshlari ko‘ksiga tomib.
— Avval boshda rozilik bermagin edi.
— Hoy qizjonlar, bolamni yupatish o‘rniga yig‘latyapsizlarmi? — hovlidagi bir to‘p xotin ichidan ajralib xonaga kirgan Zarnigor opa andak hazil aralash qizlarga tanbeh bergandek bo‘ldi. So‘ngra kelinlik libosida lov-lov yonib o‘tirgan qizining yoniga cho‘kkaladi.
— Zebo, ona qizim, yolg‘izim, ko‘zmunchog‘im. — Zarnigor opa qizini bag‘riga olib peshonasidan ohista o‘pdi. — Hadeb yig‘layverma, bolam. Tushadigan joying — o‘z uying.
— Bu uyim-chi, nega oyijon...
— Hamma qizning boshida bor savdo bu, jonim bolam. Kuyovimni ko‘rib, qalbim isidi.
Zeboning ikki yuzi tag‘in loladek qizardi.
— Xolalaring seni ko‘rishmoqchi?
— Kerakmas, uyalaman.
— Uyalmaginda endi...
Birozdan so‘ng Zeboning ikki xolasi ichkariga kirdi.
— Sen singlim, shu qizingni uzatmay turganingda, Komilim armiyadan kelardi... — o‘pkaladi singlisidan Zulxumor opa. — Senga o‘g‘limni nimasi yoqmadi?
— Taqdirda, opa.
— Taqdir-taqdir. Ushlab olganing shu gap. Hovlingni sovchilarning qadami teshib yuboray deganda ham ko‘nmaganding-ku! Qirqiga chidab, qirq biriga chidamadingmi? Bolangni o‘zim kelin qilaman, degan niyatim bor edi. Mana ko‘r, — kamzuli cho‘ntagidan bir hovuch tilla taqinchoqlarni chiqardi Zulxumor, — shularning bari Zebo qizimniki edi-ya... ha xolaginang bo‘ylaringga tasadduq. — Qaboqlari yig‘idan qizargan Zulxumor opa Zeboni bag‘riga bosdi. U tilida singlisidan o‘pkalasa-da, Zeboning baxti ochilganidan baribir xursandligi bilinib turardi.
— Bo‘ldi-da opa, — qovog‘ini salgina uyib gapirdi Zarnigor.
— Voy singiljonim-ey. Men nima ham qila olardim, ko‘nglim shunaqa bo‘lsa...
To‘yxonadagi mehmonlarga kun o‘tishi naqadar cho‘zilgan bo‘lsa, Zeboning xayolida vaqt shoshardi. Birozdan so‘ng mashina signallari tor ko‘chani tutdi. Zebo nikoh marosimiga olib ketgani kuyov kelganini eshitib, yuragi qush inidagi polapondek tipirchilab, hansiragan ko‘yi, qalbini boyagidan-da battar xijolatlik qoplab, xonaga ko‘milib oldi. Keyingi voqealar esa uning ko‘z o‘ngidan yashindek tez o‘ta boshladi. Nikoh uyidagi tantana, so‘ngra shahar ko‘chalari bo‘ylab sayr va nihoyat...

* * *

— Adhamjon o‘g‘li Komiljon, siz Abdukarim qizlari Zeboxonni shar’iy nikohingizga oldingizmi?
— Oldim.
To‘r pardali yopinchiq ichra o‘tirgan Zeboning vujudida minglab qumursqalar o‘rmalagandek bo‘ldi.
— Abdukarim qizlari Zeboxon...
Zebo nomus iskanjasida titrar, qaltirar, tomog‘i quruqsab, burun kataklari kengayib, bilinar-bilinmas hansirardi. Uning quloqlari keyingi gaplarni eshitmadi, aniqrog‘i, ilg‘ash ahvolida emasdi. Faqatgina yon tomonida dugonasining chimchilashi va bilagida yengil og‘riq turganidan so‘ng bildiki, o‘zini o‘nglab olishi lozim.
— Roziman, — bu sas qanchalik ohista aytilgan bo‘lsa-da, hamma eshitdi.
Duo o‘qildi. Fotiha qilindi. Kuyov mashinadan joy olganlaridan so‘ng kelinning qulog‘iga:
— Ko‘p ham siqilmang, hali ko‘rasiz, sizni baxtli qilaman, — deya aytishga ulgurdi.
«Ovozi biram yoqimli, — xayollandi bir oy avval onasidan «to‘ying bo‘ladi» degan xabarni eshitgandan beri yuragiga qil ham sig‘may qolgan Zebo, — xuddi nay navosiga o‘xshaydi-ya!»
Mashina magnitofonidan hofizning diltortar qo‘shig‘i mayin taralardi. Boya yo‘lga tushganlarida ham shu qo‘shiq yangragandi.
«Sevgi, bu nima o‘zi, nahotki sehri shu qadar jozibali, bir og‘iz shirin kalom, yana yoningdagi xasmi-haloling tillaridan ko‘ngil to‘qligiyu, dil ishonchi bilan aytilsa?». Zebo sekin-asta yurak yutib kuyovga termuldi. «Qanday o‘ktam yigit, — botiniy xayolidan o‘zi ham uyalib ketdi, — Xudojon, baxtimdan aylanay».
Ayni damlarda qiz bo‘lib hali biror yigitga qo‘lini ushlatmagan kelinchak va yigirma besh yoshga kirib, besh yil universitetda tahsil olgan, ne-ne hurliqo qizlar bilan to‘qnash kelsa-da, odob devorini yiqitmagan kuyov o‘rtasiga farishtalar bir ilohiy nurdan muhabbat, mehr va vafo urug‘ini sochardilar... Bir payt Zebo nozik barmoqlarini tutgan qo‘llar taftini sezdi, his qildi, ularda ham titroq bor edi. Xijolatdan qo‘llarini tortib oldi.
— Meni kechiring!
«Kechiring, – yana xayolladi Zebo, — buncha mayin, xokisor eshitilmasa bu so‘z». Zebo ko‘nglining tub-tubidan erkalab kelayotgan tuyg‘ular ichra, xayolot dunyosi baxt manzili sari tortqilayotgan fikrlardan chalg‘ishga urinar, ammo, buning uddasidan chiqolmay qolgandi. Agar ayni damda «dunyodagi eng yoqimli so‘z qaysi?» deb so‘rashsa, Zebo yonidagi yo‘ldoshining og‘zini poylar, intiqlik bilan kutardi. Kutishdan charchamasdi. Yo‘q, u yoriga shu so‘zni takrorlang, deb qistalang qilishdan yiroq edi. «Taqdirimdan aylanay!», deb suyundi, so‘ng ko‘zlari yoshlandiyu, kulgichi ikki yonga yoyildi Zeboning...
Kelin-kuyov nikoh marosimidan qaytib kelganlarida boyadan beri ko‘ngli qizidan xavotirda turgan Zarnigor opa ichkariga o‘zini urdi. Bir on o‘tib qarshisida Zebo paydo bo‘ldi. Chehrasi ochiq. Lekin nigohini onasidan olib qochardi. Zebo onasini mahkam quchoqlab, yuzu ko‘zlaridan yutoqib-yutoqib o‘pdi.
— Hamma-hammasi uchun rahmat oyi, mendan rozi bo‘ling, mehribonim...
Zarnigor opa qizining ruhiyatidagi o‘zgarishdan lol qoldi. «Hamma-hammasi uchun, dedimi?» Tabassum bilan Zeboga tikildi u. Zebo onasining ta’qibidan uy ichiga tomon qochdi...
Mana o‘sha voqeaga ham besh yildan oshdi. Bu orada Mirzohid va Zebo ikki farzandli bo‘ldilar. O‘g‘illari Komron, qizlari Gulhayo bamisoli ikki qanotlari. Yaqinda mashina olishdi. Mirzohid yoz faslining o‘rtasida ota-onasi va qaynota-qaynonasini olib, Nanay tog‘iga sayohatga olib chiqdi. Uzoqdan viqor bilan Ko‘ksaroy ko‘zga tashlanardi. Mirzohid yana evini qildi. «Sizga va dadamga rahmat, oyijon!» deya dil izhorini bildirdi. Zulxumor opa hayrat, quvonchdan lol bo‘lib qoldi. Kuyovining boshidan mehr bilan silarkan yuragining tub-tubidan: «Umringizdan baraka toping, bolam!» degan tilak otildi. Zebo qaynona-qaynotasi kelishiga achchiqqina mastava tayyorlab turardi.
— Dadajon, oyijon, charchamadingizmi? — dedi u o‘sha iboyu, o‘sha andisha bilan, qaynonasining maxsisini yechib, kaftiga iliq suv quyar ekan.
— Rahmat, ona qizim, ilohim imon boyi bo‘ling, Xudoyo ikki dunyo kamlik va zorlik ko‘rmanglar.
Bu chinakam baxt edi. Sof o‘zbekona hayo va andisha keltirgan baxt.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.