Oftob endi ko‘tarilib, kechagi yomg‘irdan reza-reza ter bosgan dehqon yuziday ho‘l bo‘lib ketgan zaminni zarrin ro‘molchasi bilan artayotgan paytda Ruqiya momo kundalik odatini takrorlab cholining haqiga tilovat qildi, titroq qo‘llari bilan yuziga fotiha tortdi. Qishning qahratoniyu yozning jaziramasi tufayli taxtalari yorilib, kepagi chiqib borayotgan o‘rindiqqa o‘tirgancha eri Shodiqul bobodan xotira bo‘lib qolgan hassani suyab, xayolga cho‘mdi.
— Eh, chol, — dedi xuddi Shodiqul boboning qo‘llarini siypalaganday mehr bilan hassani silab qo‘yarkan. — Urushda dushmanning o‘qidan omon qolgan joningiz Gulasalning nabirasining bitta gapini kutib, ilinib turgan ekanda-a? Eh! — Chuqur «uh» tortdi momo.
* * *
O‘ng qo‘li janggohlarda qolib ketgan, bir oyog‘i snaryad parchasidan oqsoq bo‘lib qolgan Shodiqul uyga kirib kelganida onasi o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Axir, o‘g‘lidan bir yildan oshiq na xat, na xabar bo‘lmadi. Onaizorning ko‘ngliga ham oshkora, ham o‘g‘rincha kirib olgan shubha-gumonlar bir zum bo‘lsa ham tinchlik bermas, umid kurtagi qishloqqa kunda, kun ora o‘t qo‘yib ketayotgan «qora xat»lar alangasida bir pasda kulga aylanishi hech gap emasdi:
— Dunyoning kemtikligi shuning bilan to‘lgan bo‘lsin-da, ilohim... Oyog‘ing ham, qo‘ling ham o‘zimman, bolajonim. Qoshimda tursang bo‘ldi, — dedi o‘sha kuni onaizor, ko‘z yoshlardan sel bo‘lgan yonoqlarini yengiga artgancha.
Onaning ko‘nglida dunyoning kemtikligi o‘g‘lining tirik qaytishi bilan to‘lsa to‘lgandir, ammo Shodiqulning Gulasal turmushga chiqib, hijron seli o‘pirib ketgan dilidagi kemtik o‘rnini hech narsa to‘ldirolmadi. Urushdan qaytganidan bir necha kun o‘tib Gulasal bilan nigohlari to‘qnashganda shimol o‘rmonlarining birida fashist o‘qlaridan jon taslim qilgan askarlar orasida Davronning jasadini ko‘rgach, «Gulasal endi menga qoldi», degan bir shaytoniy niyatdan aldamchi malham topgan yarasiga kimdir cho‘g‘ bo‘lib turgan qilichni jazillatib bosganday ingrab yubordi. Biroq bu ingroqni uni eshitmagan va hatto his qilmagan Gulasalning savoli bosib ketdi:
— U yoqlarda dadasini ko‘rmadingizmi?
Umid bilan qanot qoqqan savolga Shodiqulning “yo‘q”, degan javobi o‘qdek botdi. Aslida bu o‘qqa savol emas, Gulasalning yuragi nishon bo‘lgandi. O‘sha payt ongu shuurida Davronning ko‘zi ochiq yotgan jasadi, so‘ng esa dushman hamlasidan jonini omon saqlash maqsadida qochishgani va boshlari ustidan o‘ljasini quvayotgan qarchig‘ayday uchib o‘tgan samolyot tashlagan bombadan may itlarning parcha-parcha bo‘lib ketgani jonlanib, «ha» deyishga chog‘langan tilning nima uchun «Yo‘q, ko‘rmadim» deya javob qaytarganini Shodiqulning o‘zi ham anglab yetolmay qoldi.
— Men birovning nikohidagi ayolman, — dedi u bir kun «menga turmushga chiq», deb Gulasaldan qo‘lini so‘ragan Shodiqulga.
— Davron endi qaytib kelmaydi. Urush tugadi. Kelganida shu vaqtgacha kelardi.
— Keladi. Ko‘nglim sezayapti.
— Kelmaydi, Gulasal. U ko‘z o‘ngimda parcha-parcha bo‘lib ketdi.
— Yolg‘on! Siz mening qo‘limni so‘rash uchun shunday deyapsiz.
— O‘shanda, so‘raganingda aytolmagandim. Gaplarim rost. Davronni kutib, umringni xazon qilma.
— Kelmasa ham kutaman. Kutaveraman. Erim uchun yashamasam, Umidim uchun yashayman...
Hayot sahrosida qanchadan-qancha giyoh unib, qanchadan-qancha chechaklar xazon bo‘lib ketdi. Ammo Shodiqul Gulasalni unutolmadi. Mo‘ylovi sabza ura boshlagan chog‘da ko‘z ochgan ishq chechagi Ruqiyaga uylanib bir etak farzand ko‘rishganida ham, ularni ulg‘aytirib, nabiralarning bobosi bo‘lganida ham xazon bo‘lmadi. Toki, kunlardan bir kun Gulasal momoning kenja nabirasi Shodiqul boboga: «Siz urushda o‘liklarning tagiga berkinib, tirik qolgan ekansiz-a?», deguniga qadar bahor gullariday yashnab turaverdi.
— Senga bu gapni kim aytdi? — so‘radi bunday savolni sira kutmagan bobo titragancha.
— Katta enam aytdi...
* * *
Ruqiya momo o‘rnidan turib og‘ir-og‘ir qadamlar tashlagancha uy sari yurdi. O‘n qadamcha yurgach, ortiga o‘girilib qaradi. «Eh, chol, men bilan bir yostiqqa bosh qo‘yibsizu, boshqa dunyoda yashabsiz-a?!»
— Nima deyapsiz, ena? — ko‘zlarini ishqalab uydan chiqib kelgan nabirasi «menga gapiryapti», degan o‘y bilan momodan so‘radi.
— Bobongning hassasi singan ekan, bolam.
— Hechqisi yo‘q, — dedi nabira esnoq tortgancha. — Ustaga sozlatamiz.
— Meniki ham sindi, bolam.
— Sizning hassangiz yo‘q-ku?
— Bor ekan, bolam, bor ekan. O‘zim ham bilmay yurgan ekanman. Bu hassani hech qanday usta tuzatolmaydi, — dedi momo boshini sarak-sarak qilgancha, keyin eshitilar-eshitilmas pichirladi:
— Endi qaddimni qanday tutib yuraman...