OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ayratli Sher. O‘zimdan chiqqan balo (hajviya)

Zimdan kuzatsam, birin-ketin uylanib, bo‘yniga olaxo‘rjin tushayotgan jo‘ralarim tamoman boshqa odamga aylanib qolishyapti. Ulfatlarga ortiqcha qo‘shilish yo‘q, kechqurunlari ko‘chaga chiqish cheklangan, qadrdonlarning yaxshi kunlariga sherik bo‘lish uchun nari borsa bir soatcha vaqt topiladi. 
Ana shunday kamnamo bo‘lib qolayotgan og‘aynilarga bir-ikki pisanda qilgan edim, ularning hammasi bir xilda javob qaytarishib, gapni qisqa qilishdi: 
— Sen hozirdan katta gapirma. Hali uylangin, o‘shanda ko‘ramiz! 
Shu sabab bo‘ldi-yu, vaqti kelib uylansam, turmush o‘rtog‘im bilan bu borada alohida kelishib, iloji bo‘lsa oilaviy kuchga ega bo‘lgan «shartnoma» tuzib qo‘yishni ko‘nglimga tugdim. Dang‘illatib to‘y qilib, kelin bolani eson-omon «ostonasi tillodan» deb ta’riflanadigan hujrachamizga olib kirganimdan keyin, nikohning birinchi kechasi xayolimda pishitib qo‘ygan shartnomamning bandlari bilan ne xayollar og‘ushida qalt-qalt titrayotgan yostiqdoshimga tanishtira boshladim. Oilaviy munosabatlarimiz mutlaqo «demokratik tamoyillar»ga asoslanishi, ro‘zg‘orda er-xotinning teng huquqliligi, mabodo kimda biror yerga, aytaylik, uchrashuvga, konsertga, choyxonaga, oshnalarnikiga, xullas, mumkin bo‘lgan joylarga borish ehtiyoji tug‘ilsa, o‘zaro e’tiroz bildirmaslik, bo‘lar-bo‘lmasga rashk qilmaslik, dimog‘-firoqqa izn bermaslik shartnomamizning asosiy mazmunini tashkil etar edi. 
— Siz nima desangiz shu, — dedi xotinim shartlar bilan tanishgach. 
Uning naq o‘zimbop ekanligidan, ayni vaqtda erga itoatkorligidan birda xursand bo‘lsam, birda g‘ururlandim. Xullas, xotinimning taklifiga binoan shartnomaga «Istisnolar, tasodiflar, favqulodda holatlar» degan yangi bandlarni kiritdik. Chillamiz chiqquncha, odatlarimizga rioya qilib, shartnomaga ehtiyoj sezmadik. Kelishuvimizga ko‘ra, bu «hujjat» qirq kun chilla saqlaganimizdan so‘ng rasman amalga kirdi. 
Avvaliga rosa maza bo‘ldi. Ishonsangiz, qirq kun ichida «uyqizi» bo‘lib qolgan ekanmiz, nuxtasini uzgan novvosday, ketma-ket oshnalar bilan ulfatchilik qildik. Bugun tug‘ilgan kun, ertaga gap, indinga «yuv-yuv», uning ertasiga «bosh og‘riq», undan keyin yana bir balo o‘ylab topiladi... 
Ammo o‘n-o‘n besh kundan keyin bunaqa maza-bemaza ko‘ngilxushliklar jonga tegdi chog‘i, hamma jo‘ralar o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, choyxonadagi oshxo‘rliklar keskin kamaydi. Boz ustiga, yotib yeganga tog‘ ham chidamas, degandek, nazarimda, ko‘pchilik davradoshlarimizning cho‘ntaklarida shamol o‘ynay boshladi. 
Biroq, aksiga olib, xotinimning yurishlari tobora ko‘payadigan bo‘lib qoldi. Hali u yoqqa, hali bu yoqqa. Har ketganda kun kech bo‘lmaguncha qaytay demaydi. Ishdan g‘ijimlangan gazetadek bo‘lib qaytganimda na osh-ovqatning tayini bor, na uydagi saranjomlikning. Bu ham yetmagandek, topgan-tutganimning deyarli hammasi xotinimning «bordi-keldi»siga ketadigan bo‘ldi. Alam qiladigani, o‘zim o‘ylab topgan shartnoma meni emas, ko‘proq xotinimning foydasiga ishlayotgandi. Pora yegan boshliqday tilim qisiq, xumori tutgan chilimkashdek boshimni qayerga urishni bilmay qoldim... 
Ishxonamda yumushlar bilan o‘ralashib, bu mojarolarni picha unutgandek edim, telefon jiringladi. Ko‘tarsam, xotinim. 
— Begim, o‘zingizmi? 
«Obbo, — deyman o‘zimga o‘zim, — «begim-begim»lab jonimni olmasa go‘rgaydi...» Asabim qo‘zisa-da, qo‘rslik qilmadim. Xotinim maqsadga ko‘chdi:
— Bugun qizlar bilan dugonam Lolaxonni ko‘rgani tug‘ruqxonaga bormoqchiydik. Baraka topgur, o‘g‘il tug‘ibdi... 
— Lolaxoningiz o‘tgan oy tug‘uvdi shekilli, — dedim o‘zimni bazo‘r tutib. — Inkubatormi, nima balo?
— Nega unaqa deysiz, begim, — xotinim xotirjam davom etdi. Uning beparvoligiyu, o‘zimning bo‘shangligim birday jahlimni qo‘zg‘ardi. — O‘tgan oy A’loxon tug‘uvdi, qiz. Ozroq pul bersangiz, devdim... 
Endi chidolmadim, dilimdagini tilimga chiqardim: 
— Xonim, dugonalaringiz ham, yurishlaringiz ham jonimga tegdi! Qachon biz ham odamlarga o‘xshab xotirjam yashaymiz? 
— Men nima qilay, begim? Axir, o‘zingiz... 
Xotinim nima demoqchiligini ilg‘ab, gapini cho‘rt kesdim: 
— Gap tamom! Hech qayerga chiqmaysiz. Uyga borganimda ovqat tayyor bo‘lsin, men hech narsani bilmayman! 
Jahl bilan go‘shakni taraqlatib qo‘ydim. Kechqurun bo‘shashgancha uyga qaytdim. Hech qayerga qarab bo‘lmaydi, hamma narsa ostin-ustun, qozon suvda, xotinimning o‘zi yo‘q. Xunobim oshib, bunaqangi betayin shartnomani o‘ylab topgan kunimga la’nat aytib, o‘zimga o‘zim yemak tayyorladim. Bir mahal qarasam, nonushta qiladigan xontaxtamiz ustida bir parcha qog‘oz turibdi. Darrov o‘qishga tushdim: «Begim, shartnomangiz shartlarini siz unutgan bo‘lsangiz ham, men unutganim yo‘q. Gapingizda turing endi. Ha, aytganday, boya Mutavali Sotvoldi qassobnikiga «sabzi to‘g‘rar»ga aytib ketuvdi. Bemalol boravering, ozroq ichib kelsangiz ham mayli, e’tirozim yo‘q. Axir, o‘rtada shartnoma bor...»
Ichim qizib, ko‘chaga chiqdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.