OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Jamilova. Hur qiz (hikoya)

— E voh, men nima qilib qo‘ydim-a? Nega bunday bo‘ldi?! 
Zarnigor yig‘lab yubordi. Uning yig‘isi achchiq alam va iztirobga qorishiq edi. Agar bolaligidagi allaqanday rivoyatlarga ishonib yurmaganda... boshqalar qatori kun kechirarmidi, hayotning barcha halovatlarini totib, mashaqqatlariga dosh berib, hech o‘ksimay, xullas bir ayol qanday umr o‘tkazsa, u ham shunday yasharmidi... Endi-chi, endi bunday bo‘lmadi. Niyatiga yetdi, lekin ko‘ngli farog‘at topmadi. Mana bu kun, yoshi bir joyga borganida boshi tashvishu malomatdan chiqmay qoldi. Hammasiga o‘zi aybdor, aslida. Faqat o‘zi!
O‘sha kezlarda Zarnigor juda uyatchan, chekka-chekkada xayol surib o‘tirishni xush ko‘radigan kichkina qizaloq edi. «Nasima, bu qizing toza odamovi chiqdi-ku, kecha yonidan o‘tib ketayotsam menga qaramadiyam» deya gina qildi bir kuni Shahri kampir. Nasima onasining gapidan so‘ng o‘ylanib qoldi. Qiz bola tortinchoqqina bo‘lgani yaxshiku-ya, lekin hech kimga qo‘shilmasa yomon-da. Nima qilsaykin-a?
«Ena, o‘zingiz shu qizimga ul-bul yumush buyurib, yo‘lga soling, nasihat qiling», deganidan so‘ng Shahri kampir qizaloqni tez-tez uyiga chaqiradigan bo‘ldi. Shu-shu Zarnigor onasidan uzoqlashdi, buvisinikida yashadi. Uka-singillari, ona-onasidan ko‘ra buvisini, tog‘asi va kelinoyisini ko‘proq yaxshi ko‘rardi u. Mehr ko‘zda, deganlari rost ekan. Qiz ota uyiga ahyon-ahyonda borar, ko‘pincha kelinoyisining uy yumushlarini bajarib, kechqurunlari buvisidan o‘gitu nasihatlarni eshitib o‘tirishni yoqtirardi. «Hur qiz» haqidagi rivoyatniyam xuddi shunday kunlarning birida eshitdi. So‘ng buvisini savolga tutdi:
— Nega hur qiz deyishadi? Ular... yaxshimi? Yoki yomonmi?
— Hur qizlarning uyi, bola-chaqasi bo‘lmaydi, ular bu dunyodan yolg‘iz o‘tishadi. Boshqalar tirikligida qilgan gunohlarining jabrini tortib, do‘zax azobini boshdan kechirayotganda hur qizlar jannatning bog‘larida gul terib yuradi. Parilar ularning xizmatida bo‘lishadi. Hech bir gunohlari yo‘q-da, shuning uchun jannatdagi rohatlardan yayrashadi. 
O‘sha kuni Zarnigor tush ko‘rdi. Tushida u hur qizga aylanib qolibdi. Farishtalar gilamga o‘tqazib osmonga ko‘tarilibdilar. Qarasa, buvisi aytib bergan manzara: yam-yashil o‘tloqzor, tip-tiniq buloqlar, xushbo‘y gullar, oppoq ko‘ylakli parilar... Hammasi Zarnigorga ta’zim qilib turganmish. Qiz bo‘lsa, nuqul kular emish!
Shu tushi ta’sir etganmi yo buvisining rivoyatini hadeb o‘ylayverganidanmi, Zarnigor «Men ham hur qiz bo‘laman!» degan niyatni diliga tugdi. Yillar o‘tsa-da, ko‘nglida saqlab, hech kimga bildirmadi. Bir kuni ularning qishlog‘ida yolg‘iz o‘zi yashaydigan Sarviniso kampir qazo qildi. Uning ma’rakasini qishloqdagilarning o‘zlari o‘tkazdi. Chunki marhumaning hech kimi yo‘q edi. O‘sha kunlarda Zarnigor buvisining gapiga kirib hovlidagi yumushlarga qarashib yurgandi. Ma’rakaga yig‘ilgan ayollarning gaplarini tasodifan eshitib qoldi. 
— Sarviniso hur ketdi, boyaqish. Beozor, begunoh edi, o‘ziyam. Bu qishloqqa adashib kelib qolganida kichkinagina edi, birovlarning yumushini qilib, birovlarning uyida yotib katta bo‘ldi. Hech kimi yo‘q deb bironta odam kelin qilishgayam oshiqmadi. Bu yoqda yigitlarimiz ham uylanay deya qolmadi. Keksalar shu ishga bosh qo‘shsa bo‘lardi-ya, «bu qizning ota-onasi qanaqa, nasl-nasabi qanday, bilmasak, tag‘in keyin baloga qolib yurmaylik» — deb cho‘chishdi-da. Keyin... keyin Sarvinisoning o‘ziyam shuni xohlamadi. Mana endi, behishtlarda o‘ynab yurgandir yayrab…
— Marhumaning ortidan yomon gapirib bo‘lmaydi-yu, lekin erga tegsa bo‘lardi, — dedi boshqa ayol sherigining gapini bo‘lib. — Mana, xotini o‘lgan Boqi muallim sovchi qo‘ygandi, rozi bo‘lmadi-ku. «Erga tegmayman» deb turib oldi. To‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, uy-joy, bola-chaqa qilmaslik gunoh deyilgan qadimgi kitoblarda...
Ayollarning ko‘pchiligi bu gapni bosh silkib ma’qullagan bo‘lishdi. O‘shanda Zarnigor ayni o‘n to‘qqizning ustida, goh ota uyiga borsa, onasi «senga sovchi keldi» degan gaplarni eshitib yurgan kunlar edi. Ma’rakadan qaytgach o‘ylanib qoldi. Qachondir u ham omonatini topshirsa, boshqalar uning ortidan shunaqa so‘zlarni aytib yurisharmikin? Yo‘q, hur qiz bo‘lish oson emas. Chidashi kerak. Hech narsani o‘ylamasligi lozim... Shu tarzda yillar o‘tar, bu orada Zarnigorning ikki singlisi turmushga chiqib, ukasi uylangandi. Onasi Zarnigorni «turmushga chiq» deb qistamas, sababi, taqdirning o‘zi qizga oila qurmasligi uchun imkon yaratayotganday edi. Uning tog‘asi va kelinoyisi o‘n yillarcha farzandsiz yashashdi. Sovxozda direktorlik qiladigan bu odamning el-yurt ichida obro‘yi katta, shu uchun ham davralarda unga farzandsizligini aytishga va bu borada maslahatlar berishga hech kim botinolmasdi. Lekin tog‘asi ich-ichidan siqilar, ko‘p ichadigan bo‘lib qolgandi. Bir kuni kech kuzakda, oshnalari bilan o‘tirib, rosa ichadi, so‘ng uyga kelmasdan mashinasini to‘ppa-to‘g‘ri dashtga haydaydi. Dalalarni aylanib bo‘lgach, mashinani to‘xtatib qo‘yib xayolga botadi, o‘tgan umrini o‘ylab kuyunadi. Shu ko‘yi, ichgan emasmi, uxlab qoladi. Ertalab uyg‘onsa, hammayoq oppoq, shu kuni havo sovib, tuni bilan qor yog‘ib chiqqandi. Tog‘asi shundan so‘ng ko‘p marotaba davolandi, do‘xtirlar «o‘pkangiz qattiq shamollagan» deb tashxis qo‘yishdi. Yil oxiriga kelib birdaniga vafot etdi. Kelinoyisi bir yilcha bular bilan birga yashadi, so‘ng ota-onasi kelib qizlarini olib ketishdi. «Mayli, borsin, baxtini topsin, shuncha yil xizmatimizda bo‘ldi, roziman, bundan keyin uni ushlab turishga haqqim yo‘q», — dedi buvisi yig‘lab-siqtab. Shundan so‘ng buvisi kattakon hovlida Zarnigor bilan qoldi...
Ko‘p o‘tmay farzandining dog‘ida kuygan onaizor qattiq kasalga chalindi. Ancha vaqt yotdi. Zarnigor uning yonidan jilmadi, tunu kun bemorning holidan xabar olib, uni parvarishladi. Jon berayotib bu mushtipar kampir Zarnigorni uzoq duo qildi. «Haliyam bo‘lsa kech emas, bolam, bitta-yarimta uchrasa turmush qur», deb nasihat qildi. «Xo‘p» dedi Zarnigor keksa ayolni yupatib.
Buvisining ma’rakalaridan so‘ng Zarnigorning katta ukasi hovliga ko‘chib kirdi. U bundan avvaliga juda quvondi. Hovli ichi katta bog‘, yonida tomorqa, mol-hol, hammasiga qarov kerak. Ilgarilari buvisi tomorqaga chetdan odam yollardi. Mol-holni Zarnigor eplardi. Boqqa qo‘shnilari Xudoyqul bobo qarardi. Mana endi, ukasi bu joylarni obod qiladi. Ayoli, bolalari bu yerda yashashsa, Zarnigor ham zerikmaydi. Hammasi birgalikda buvisining chirog‘ini yoqib o‘tirishadi. Zarnigor shuni o‘ylab quvonar, ukasining bolalariga qarashar, Rahimaxonni «kelinjon, kelinjon», deb alqardi. Kunlar osoyishta o‘tayotgandi, lekin...
Bir kuni Zarnigor (u ilgari buvisi yashagan xonani o‘ziga boshpana qilib olgandi) yarim tunda qiy-chuv, shovqindan uyg‘onib ketdi. Eshikni ochib tashqariga chiqdi. «Tinchlikmikin?» — deya ichkari uyga quloq tutdi. Kelini Rahimaxon xun bo‘lib yig‘lar, ukasi Salim esa nimalardir deb unga do‘q urardi. 
— Opangiz menga xo‘jayinchilik qiladigan bo‘lib qoldi. Kecha qozonga yog‘ solsam, bir cho‘michini olib idishga quydi. «Yog‘li ovqat bolalarga zarar» deydimi-ey! O‘tgan kuni «Kichkinangizning sovug‘i oshgan, asal yalatish kerak» deydi. Sabihaning tomog‘i og‘rigan kuni do‘xtir chaqirishga qo‘ymadi, «o‘zim isiriqning suvi bilan tuzataman» deb. U ishni qilsam, undoq deydilar, bu ishni qilsam bundoq... Nima mening aqlim yarimta ekanmi? Ayting!
— Mayda gapingni yig‘ishtir, opam ko‘p narsani biladi, — dedi Salim. — Qolaversa, yoshlari sendan ancha katta. Aytganini qilib, hurmatini joyiga qo‘y... 
— E, menga baqirmang, hurmatini joyiga qo‘ymay, bu uydan haydab chiqaryapmanmi? «Opa, opa» deb turibman-ku! Bolalarimni mendan sovutayapti, qachon qaramayin ikkisiyam «ammajon» deb o‘shaning uyiga kirgani-kirgan, men ovqatga chaqirsam ham kelishmaydi!
— Sen qarg‘ashdan nariga o‘tmasang... Bolalar yaxshi gapning gadosi, bildingmi? Opam shu ikkoviniyam o‘z bolalariday ko‘radi. 
— Er qilib, bola tug‘sin edi! Birovning bolalarini uyidan sovutib, olib o‘tirmay... Kim unga dunyodan yolg‘iz o‘tsin, dedi. 
— Bas qil!
Zarnigor quloqlarini bekitdi. «Voy, sho‘rim... Bu janjallar meni deb bo‘layotgan ekan-da! Endi nima qildim?!» o‘yladi u. Nahot, u keliniga, jiyanlariga yomonlikni ravo ko‘rsa? Axir shularga yaxshi bo‘lsin deb o‘sha kuni... Zarnigor buvisidan ko‘p narsa o‘rgandi. Uyni orasta tutish, ozoda bo‘lib yurish, shamollashlarni o‘t-o‘lanlar suvi bilan davolash... Bu farishtadek beozor ayol juda pazanda edi, u Zarnigorga shirin ovqatlar pishirishniyam o‘rgatgandi. Bilganlarini keliniga aytaman deb, mana endi... Gaplarim unga og‘ir botmayotganmikin, deb o‘ylamabdi-ya?!
Shu janjaldan so‘ng uydagi ahvol mushkullashdi. Rahimaxon qovoq solib yuradigan odat chiqardi. Bolalar ammanikiga kirsa, darrov chaqirib olardi. Hatto bir kuni kichkinasini «Sen kimning bolasisan, o‘zi? Qani uyga kir!» deb koyidi. Bir dasturxon atrofida o‘tirishlar ham barham topdi. Rahimaxon bir kosa ovqat bilan yarimta nonni Zarnigorning derazasi yoniga qo‘yib ketadigan bo‘ldi. Kun bo‘yi dehqonchilik ishlari bilan band bo‘lgan Salim bu holatlarni sezmas, balki... sezsa ham janjalga toqati yo‘qligi uchunmi, indamasdi.
Ukasining jim yurishi Zarnigorga og‘ir botdi. Axir u nima yomonlik qildi? Ularga mehr ko‘rsatsa, yumushlariga qarashsa... Nega Rahimaxon qildan qiyiq axtarib, uni yolg‘izlatib qo‘ydi? Nega? Endi u nima qiladi? Bunday yashash... azob-ku?! Yoshi ham qirq beshdan oshdi, axir. Qayoqqa boradi? Qayerdan qo‘nim topadi? Ukasini sal insofga chaqirsa, ahvol yaxshi tomonga o‘zgararmikin? Yo‘g‘-e, yana janjal chiqib, ikkisining o‘rtasiga sovuqchilik tushsa, Rahimaxon meni battar yomon ko‘rib qoladi-ku? Keyin... bu hovlidan ketishim kerak bo‘ladi. Lekin qayoqqa?!»
Zarnigor og‘ir «uh» tortdi. So‘ng uzoq xayolga cho‘mdi. Hur qiz bo‘laman deb... o‘z baxtiga o‘zi qarshi chiqdi u. Xom xayollarga berilmasdan hayotini izga solib olsa bo‘lardi-ku! Nega shunday qilmadi u?
Zarnigorning yuragini qorishiq bir iztirob egallab olgandi shu topda. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilib, chuqur xo‘rsindi. Alam bilan pichirladi:
— E, nima qilib qo‘ydim o‘zi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.