— Tez-tez normani bajaramizu ketamiz, — dedi Nozik dugonasi Sanamga dalda bergan bo‘lib.
— Menga bekorga ishonyapsan, — dedi Sanam iljayib. — Men umrimda...
— Voy, uzum uzish ham gap bo‘ptimi? Uzum uzish mehnatmas, rohat-ku!
— Ko‘ramiz, — kulimsiradi Sanam...
— Agar bilsang, seni ataylab hasharga olib chiqayapman. Ko‘rsin, ko‘zi pishsin, deyapman. Erta bir kun qishlog‘imizga kelin bo‘lib qolsang, dovdirab yurma, deyman-da.
— E, hecham-da, men o‘qiyman. Toshkentda o‘qiyman...
— Sanamjon, pastroqqa tushing!..
Dugonalar shu taxlit hazil-huzul bilan uzumzorga yetib kelganlarini sezmay qolishdi. Kun issiq. Xotin-xalaj allaqachon ishga kirishgan, uzumzor chekkasida — bir uyum yashiklar oldida hisobchi Bozor qirriq daftariga allanimalarni yozib o‘tirardi. Qizlarning shovuriga bosh ko‘tarib o‘rnidan turdi.
— Ha, Nozik, hasharchi boshlab keldingmi, deyman. Namuncha kech?...
— Kechmas, darsdan chiqiboq kelyapmiz, — dedi Nozik, keyin qo‘shimcha qildi. — Bu hasharchi emas, mehmon...
Kun issig‘iga qaramay egniga chakmon, oyog‘iga kirza etik kiyib olgan Bozor hisobchi Sanamga sinovchan qarab olib, to‘ng‘illadi.
— Sattor akaning qizi-ku, qanaqa mehmon bo‘lsin.
— Men uchun baribir mehmon! — shartakilik qildi Nozik, keyin o‘ziga va dugonasiga yashiklar ajrata boshladi.
— Aytib qo‘yay, mehmonim bor deb, gap sotish yo‘q. Bugun ikki norma bajarasan!
— Voy, nima uchun?
— Kecha kelmaganing uchun!
Nozik bir pas jim qoldi-da, keyin Bozor qirriq bilan gap talashish befoydaligi esiga tushdimi, darhol murosaga keldi.
— Bo‘pti, ikki norma bajarganim bo‘lsin.
Dugonalar to‘rttadan yashikni ko‘tarib, uzumzor tomon borisharkan, hisobchi ularni to‘xtatdi.
— Ha, yo‘l bo‘lsin?
— Uzum uzishga, — ajablanib tikildi Nozik.
— Ikkalang bitta joydan tushmaysizlar. Chala uzib ketasizlar... Salomat!
Bozor qirriq uzumzorga qarab baqirdi.
— Huv-v, — ovoz keldi tok qatorlari orasidan.
— Beri kel.
Hayal o‘tmay, uzumzordan og‘zi-burnini oppoq ro‘mol bilan tang‘igan, qo‘llariga yengcha kiygan, uzun xalati chang-chung bir xotin chiqib keldi:
— Nima deysiz?
— Manavi qizlardan birini yoningga ol. Gulbahor ikkinchisini olsin.
— Ay-y, tog‘a, qo‘ying shu hasharchilaringizni. Kishiga dardisar bo‘ladi. Uni qil, buni qil, deyaverib, ishdan qolaman, — dedi ayol.
— Aytganimni qil! — po‘pisa qildi hisobchi.
— Uff, qo‘ymas ekansiz-da. Bo‘pti, yuringlar.
Dugonasini-ku bilmadi-ya, ammo Sanam Salomat opaga bas kelguncha bo‘lari bo‘ldi. Ayol xuddi robotdek uzumlarni shart-shurt uzardi-da, oldidagi yashiklarni hash-pash deguncha to‘ldirib tashlardi.
— Yashik!.. — derdi so‘ng qizchaga baqirib.
Sanam esa borgan sari uzoqda qolib ketayotgan yashiklarni xuddi chumoli iniga bug‘doy tashigandek ayolga yetkazib berishga tinimsiz urinardi. Uzum bilan liq to‘la yashiklarni olib chiqib, traktorga ortish esa yigitlarning ishi.
— Imillagan qiz ekansan-da, — deya lahza o‘tmay Sanamni koyiy boshladi Salomat opa. — Kimning qizisan o‘zi?
— Sattor tog‘ani.
— Ey, shaharda o‘qiydigan anavi olifta Nusratning singlisimisan?
— Ha, — deya biroz zardaliroq javob qildi qiz.
Chunki akasini olifta degani unga yoqmagandi.
Ayol katta-katta uzum boshlarini tokqaychi bilan chirt-chirt kesarkan, bir muddat jim bo‘lib qoldi. Keyin yumshoqroq ohangda dedi:
— Bu yerda nima qilib yuribsan? Nozik hasharga opkelgandir-da?
Sanam indamadi. Salomat birpas o‘tib, yana gap qotdi.
— Akangni uylantirmayapsizlarmi?
— Endi uylantirsak kerak.
— Kimga?
— Shahardan. Akamning o‘zi topgan, — deya yolg‘onladi qiz.
Birdan Salomatning ovozi hazinlashib qolganidan uning akasiga nisbatan qandaydir iliq tuyg‘ulari borligini ziyrak qizcha allaqachon sezib ulgurgandi.
— Siz akamni taniysizmi? — dedi Sanam undan allanarsalarni bilgisi kelib.
Salomat uzoq vaqt jim bo‘lib qoldi.
— Akang bilan sinfdosh edik, — dedi so‘ng ovozi bilinar-bilinmas titrab.
— Yo‘g‘-e?..
Bu gap qizchaning og‘zidan beixtiyor chiqib ketdi.
— Nega hayron bo‘lyapsan?
— Men sizni ka-atta xotinsiz, deb o‘ylabman.
— Ey qiz, meni xotin dema. Hali turmushga chiqmaganman.
Shu bilan ikkalasi ham ancha payt jim bo‘lib qolishdi. Ammo shu suhbatdan so‘ng Salomat uni jerkimay qo‘ydi. Qizchaning nazarida, sal mehribonroq ham bo‘lib qoldimi-ey.
Oxiri qiz yurak yutib, ko‘nglida aylanayotgan savolni berdi:
— Akamni sevarmidingiz?
Salomat sharaqlab kulib yubordi:
— Voy, seni-ey, hali mushtdekginacan-ku, shunday gaplarni ham bilasanmi?
Uning gapidan qizchaning yuzi lavlagidek qizarib ketdi.
— Bilaman-da, — dedi so‘ng yuzini ters burib. — Akamni qishloqdagi ko‘p qizlar yaxshi ko‘rgan, — deya qo‘shib qo‘ydi so‘ng.
— Ammo men o‘sha olifta akangni sirayam yaxshi ko‘rmaganman.
— Aldamang.
— Seni aldab nima zaril?
— Unda nega akamdan bunchalik jahlingiz chiqib gapiryapsiz?
— Voy-voy, manavi qizni qaranglar. Kimning jahli chiqibdi akangdan? Oliftaligini aytsam, jahlim chiqqan bo‘ladimi?!
Salomat oldidagi bo‘sh yashikni to‘nkarib, ustiga o‘tirib oldi-da, ikki qo‘lini iyagiga tirab, Sanamni masxara qila boshladi:
— Qani, yana gapiraver-chi, gapir, mahmadona.
— Ey, boring-ey!..
Qizcha achchiqlanib, yashiklarni sudragancha nari ketdi. So‘ng «Siz qilgan ishni men qilolmaymanmi?» degandek, novdalar orasidan mo‘ralab turgan katta-katta uzum boshlarini tortqilay boshladi.
— Unday qilib uzma! — dedi Salomat o‘rnidan turib, unga yaqinlasharkan. — Bayonshirinning bandi qattiq bo‘ladi. Uzum donalari sitilib ketsa, ketadiki, bandi uzilmaydi. Buni faqat tokqaychi bilan mana bunday qilib uzish kerak...
Salomat qo‘lidagi tokqaychi bilan Sanam ushlab turgan uzum boshini shartillatib kesdi.
— Husayni, kishmishlarni bemalol qo‘ling bilan uzaver. Ularning bandi mo‘rt. Novdalari ham tez sinib ketadi. Sovuqqa bardoshsiz. Shuning uchun yertokdagi husayniyu kishmishlar qishda tuproq bilan ko‘miladi. Bayonshirinni ko‘mmasa ham bo‘ladi. Novdasi qattiq. Mana, qaragin, po‘stiyam qalin. Lekin shinnisi zo‘r bo‘ladi. Uyda onam faqat shundan shinni qiladi.
— Nega aynan shunisidan?
— Sersuv, shirasi baland. Lekin mayiz qilib bo‘lmaydi.
— Nega?
— Turishi suv. Oftobda quritsang, faqat po‘sti qoladi, xolos.
— Faqat shinni qilish uchun ekiladimi?
— Yo‘q, buning musallasi zo‘r bo‘ladi, deyishadi. Frantsiyada bizning bayonshirinning musallasi juda yuqori baholanarkan.
— Siz qaerdan bilasiz? Frantsiyaga bormagansiz-ku...
— Bilaman-da. Gazeta o‘qib turish kerak, bilmasvoy.
— Men bilmasvoy emasman. Sinfkomman.
Xullas, o‘sha kuni Sanam Salomatdan uzumchilik haqida ancha narsalarni bilib oldi. Qizchani hayron qoldirgan narsa — ishi og‘ir bo‘lsa-da, Salomat uzumchilikka rosa qiziqar ekan.
— Qachondir shu uzumchilik sohasida fermerlik tashkil qilaman, — deb qo‘ydi ohista va qat’iy ohangda.
Tushlikka rosa kech chiqishdi. Salomat opa «Shuni bo‘laylik, shuni bo‘laylik», deb bir talay yashiklarni tashladi. Horib-charchab tushlikka chiqishganda, xotin-xalaj ancha naridagi behizorda nonushta qilib o‘tirgan ekan.
— Muncha qolib ketdinglar? — deyishdi ularni choyga chaqirib.
— Tugataylik, deb qiziqib ketibmiz.
— O‘zing-ku, mayli, manavi qizchani ham holdan toydiribsan, — dedi yana o‘sha ayol.
— Hechqisi yo‘q, chiniqadi, — deya Sanamning yelkasiga qo‘l tashladi Salomat.
— Tez kelaqolinglar. Hozir Bozor qirriq «Turinglar!» deya baqirishga tushadi.
Ikkalasi chelakdagi suvdan bir-biriga quyib yuvina boshlashdi. Ro‘mollarini yechgan Salomatni ko‘rib, Sanam anqayib qoldi. Boya ro‘dapo xalat kiyib olib, yuz-ko‘zini o‘rab olgani bois uni katta xotin deb o‘ylagan ekan. Hozir esa qora shirindan kelgan, tutash qoshlari, lo‘ppi yuzidagi kulgichlari o‘ziga nihoyatda yarashib turgan ko‘hlik bir qizni ko‘rdiyu boyagi fikri uchun uyalib ketdi.
— Ha, nega buncha tikilib qolding? — dedi Salomat jilmaygancha.
— Men sizni katta xotin deb o‘ylabman.
— Yo‘q, men kichkina xotinman.
Salomat shunday dedi-da, sharaqlab kulib yubordi. «Kulsa, yanayam chiroyli bo‘lib ketarkan», deya o‘yladi qizcha.
— Ha, qaqillamay ket, — dedi bir ayol ularning ortidan kelib, yuz-qo‘lini yuvarkan. — Yigitlar sening ana shu qaqillashingga shaydo.
— Ey, opa, shunday deysiz-u, lekin bir yigitni hech shaydo qilolmayapman-da, — deya Salomat ayolga hazil qilarkan, ko‘z qiri bilan Sanamga qarab qo‘ydi.
Qizcha buni darrov sezdi.
Yuvinib bo‘lishgach, oldinma-keyin behizor tomonga yurishdi.
— Salomatjon, ma, manavi kishmishlarni ham yuvib kel. Zo‘ridan topib chiqdim, — dedi bir xotin ular dasturxon atrofiga o‘tirar-o‘tirmas.
— Meni kutib turgan ekansiz-da...
Salomat shunday deya sharaqlab kulgancha o‘rnidan dast turdi-da, anhor tomon keta boshladi.
— Ma, sen manavi chelakchaga suv to‘ldirib kel, — deya Sanamga ham ish topdi boyagi ayol.
Qizcha chelakchani salanglatib Salomatning orqasidan yugurdi.
Salomat ikki tomoni tik beton qirg‘oqli kanalga qiyalatib tusharkan, qayrilib ortiga qaradi.
— Chelagingni menga beraqol, — dedi so‘ng Sanamga qo‘l cho‘zib.
— Yo‘q, o‘zim... — deya rad etdi qiz uning ortidan toyg‘ana-toyg‘ana pastga tushib borarkan.
— Ehtiyot bo‘l unda. Suvga chelakni birdan botirma. Tezob suv tortib ketishi mumkin.
— Bilaman.
Sanam shunday deyishga dedi-yu, ammo uning gapiga parvo qilmadi. Toshdan-toshga urilib, ko‘pirib-pishqirib oqayotgan suvga shartta chelak tiqdi. Shu payt qo‘lidan shunday qudratli bir kuch siltab tortdiyu, hash-pash deguncha o‘zini to‘lqin o‘rovida ko‘rdi. Shiddat bilan oqayotgan suv qizni xuddi xas kabi oqizib keta boshladi. Qizcha oyoq-qo‘lini jon talvasasida tipirchilatarkan, qirg‘oqda nimalardir deb baqirayotgan Salomatning yuzini lip etib bir ko‘rdiyu so‘ng nigohlari hech narcani ko‘rmay qoldi. Bir payt hushiga kelsa, qirg‘oqda yotibdi. Tepasida Salomat opasi. Yig‘lagan, shekilli, ko‘zlari shishib ketibdi.
— O‘zingga keldingmi? — dedi hovliqib, u ko‘zini ochishi bilan.
— Menga nima bo‘ldi?
— Dard bo‘ldi, balo bo‘ldi!.. Senga aytdim, chelakni menga ber, deb. Oliftalik qilding. Akangga o‘xshab olifta ekansan.
Salomat uni urisharkan, ko‘zlaridan tinmay yosh quyilardi:
— Haliyam xudo bir asradi. Yana yigirma metr oqsang, girdobga tushib ketarding.
Sanam o‘rnidan turmoqchi bo‘lgandi, boshiga pichoq sanchilgandek bo‘lib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. «Voh», deya boshini paypasladi. Qo‘liga shilimshiq bir narsa ilashdi: qon.
— Boshim yorildimi? — dedi ovozi titrab.
— Bosh yorilsa — bo‘rk ichida, qo‘l sinsa — yeng ichida. Tirik qolganingga shukur qil!
Salomat shunday dedi-da, xalatining etagidan sharillatib yirtib olib, uning boshini bog‘lay boshladi.
— Meni suvdan siz olib chiqdingizmi? — deya hayratdan ko‘zlari katta-katta ochildi qizchaning.
— Yo‘q, katta xolang.
— Nega olib chiqdingiz?
— Nima qilishim kerak edi? Oqishingni tomosha qilib o‘tirishim kerakmidi?
— Qo‘rqmadingizmi?
Salomat bir muddat qizchaga tikilib turdi.
— Sening o‘lib qolishingdan qo‘rqdim, — dedi so‘ng uning boshidan ohista quchib...
Sanam o‘zim yuraman, deya qanchalik oyoq tiramasin, Salomat uni qo‘yarda-qo‘ymay yelkasiga opichlab oldi.
— Bu yog‘iga o‘zing yur, — dedi u xotinlar qorasi ko‘ringach. — Bir-ikki kun endi maktabga ham borma.
— Xo‘p.
Shu payt ularga ko‘zi tushgan Nozik va bir-ikki xotin ular tomon hovliqib kela boshlashdi.
— Salomat opa! — dedi hovliqib Sanam. Qiz yalt etib ortiga qaradi.
— Nima deysan? — dedi hayron bo‘lib.
— Siz juda-juda yaxshi qizsiz.
Salomat jilmaygancha unga asta qo‘l siltab qo‘ydi.
— Sizni, albatta, yanga qilamiz, — dedi qizcha pichirlab.
Ammo katta-katta, erkakcha qadam tashlab ketayotgan bog‘bon qiz buni eshitmadi.