Nazarmat ota keyingi paytlarda hayronu lol. Qay bir avtobusga chiqmasin, dik etib o‘rnidan turib joy berguvchi yosh-yalanglar anqoning urug‘i. Hammalari go‘yo uxlab qolganday qiyshayibgina o‘tirishadi.
«Yo, piray, yo o‘zimda biror gap bormikan, balki nogoh ko‘zboylagich xususiyati zohir bo‘lib, meni ko‘rgan yosh-yalanglar sehrlanib uxlab qolishayaptimi?», — shunday shubhali xayollar Nazarmat otani shifoxona tomon boshladi.
Mana, u shaharning eng mashhur ruhshunos shifokori qabulxonasida o‘tiribdi. Ko‘p o‘tmay, qabul qilishdi. Sochlari oppoq shifokor qo‘liga mittigina, yaltiroq bolg‘achasini oldi va u bilan Nazarmat otaning tizzalariga navbatma-navbat urdi, ko‘zi ro‘parasida u yoq-bu yoqqa o‘tkazdi, turli-tuman savollar berdi, so‘ng yoyilib iljaydi:
– Otaxon.... tekshirib ko‘rdim, sizda hech qanaqa gipnozchilik qobiliyati yo‘q. Kim aytdi o‘zi buni sizga? Yoki... hazillashayapsizmi?
Nazarmat ota bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi:
– Jamoat transportlariga chiqsam, o‘tirgan hamma yoshlar uxlab qolishadi. Keksalarga joy berish xayollariga ham kelmaydi. Kimdir birov sizga gipnozchilik qobiliyati bor dedi.
Shifokor qah-qah otib kulib yubordi:
– Obbo otaxon-e! Shunga ishonib o‘tiribsizmi? Qandaydir vitaminlar yetishmaydi, dedimi haydovchi? Toza bilag‘on odamni topibsiz! Vitamin emish! Bilasizmi, otaxon, ularda nima yetishmaydi?
Nazarmat ota yana ko‘zlarini pirpiratdi:
– Nima bo‘lishi mumkin... ha, balki... imtiyozli oylik yo‘l chiptalardir? – taxmin qildi u transport vositalarida ketayotgan, uni ko‘rgan zahoti uxlab qoladigan yoshlarda nima yetishmasligiga unchalik tushunmay, miyasiga kelgan fikrni aytishga shoshilib. – Yana bilmasam, do‘xturjon....
Shifokor jiddiylashdi:
– Eh, otam, otaginam! Hamma narsa yetarli, oylik imtiyozli chiptani ham yetarli chiqarib qo‘yishibdi, turli-tuman qilishib, ularga esa – vijdon yetishmaydi, vijdon! Mana shunaqa! Bo‘pti, boshqa xizmat bo‘lmasa, boraverishingiz mumkin, bir kun kelib, miyalari “vitaminga” to‘yinib, gipnozga berilmaydigan bo‘lib qolishar...
– Demak... hisobda turishim... – hamon ikkilanardi Nazarmat ota.
Shifokor endi jiddiylashdi:
– Otaxon! Shunday savollarni beraversangiz, men sizni gipnozchi deb emas, boshqa narsa deb ro‘yxatga olib qo‘yaman! Tushunayapsizmi? Boring tezroq kampirning huzuriga...
Nazarmat ota bekatga kelib to‘xtagan avtobusga yuragi po‘k-po‘k urib, og‘riyotgan oyoqlari tortib-tortmay ko‘tarildi, salonga ko‘z tashladi va yuzi birdan yorishib ketdi, shodon iljaydi: xayriyat-e! Bo‘lar ekan-ku!
Ha, avtobus deyarli bo‘sh edi. Unda-bunda o‘tirgan yo‘lovchilar bo‘sh turgan joylarning birortasini ham band qilmayotgan cholning nimadan bunchalik xursand bo‘lib jilmayayotganini sira tushuna olmasdilar.