OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Sheraliyev. Qirg‘iy qanotlari (hikoya)

Qo‘shnimiz Tursun akaning barmoqday-barmoqday uzum qiladigan husayni tokzori bor. Biroq u har doim hosilni qiyratadigan chumchug‘u maynalardan nolir, qanday bo‘lmasin, bu kushandalardan qutulish yo‘llarini axtarardi. Goh tokning har tomoniga tunuka qopqoqlar bilan to‘ldirilgan sim — «shaqildoq» tortsa, goh ko‘zni olib yaltiraydigan har xil tasmalar ilardi. Lekin barcha tadbiri bekor ketardi. «Tekinxo‘rlar» tokka battar yopirilavergach, Tursun aka qo‘shni qishloqdagi bir kishidan qandaydir qush olib keldi. Shundan keyin uning bu muammodan qiynalayotgani haqida eshitmadik. Bu qushni ko‘rganimda boshqa tengdoshlarim kabi unga oddiy ermak sifatida qaragan edim. Ayniqsa, vahimali, kalxatnikiga o‘xshab ketadigan qanotlari e’tiborimni tortardi. Bir marta o‘rtog‘im G‘anisher bilan bu qanotlardan «jangovar» kamonimiz uchun ajoyib tirgak chiqishi haqida ham gurunglashgandik.
* * *
Osmonda chug‘urlashib, bir gala qush uchdi. Qo‘limni soyabon qilgancha yuqoriga boqarkanman ularning harakatidan zavqlandim. O‘zim ham osmonda qushdek suzayotgan kabi rohatlanardim. Qushlar xuddi yerdan bir nima qidirayotgandek u yoqdan-bu yoqqa uchib o‘tar, ularning gala-gala bo‘lib ko‘chishi bir inda yashaydigan qovog‘arilar to‘dasiga juda-juda o‘xshab ketardi. Shu asno ularning ahil «jamoa»siga jussasi yirikroq qush yaqin keldi-yu, hammalari vahimali sayrashganicha har yoqqa tar-qalib keta boshladi. Qushlarning bu holini qoplondan qochgan kiyiklar suruviga o‘xshatdim. Bu manzaraga hayrat bilan boqar ekanman yonimga Fanisherning kelganini payqamay qolibman.
— Qirg‘iy! — dedi u meni cho‘chitib yuborib.
— Qirg‘iy?! — hayron bo‘ldim men.
U qo‘li bilan osmonni ko‘rsatdi.
— Hozirgi tomoshani boshlagan, anavi qush. O‘ziyam zo‘r-da, manaman degan chumchuq uni ko‘rganda tumtaraqay bo‘ladi.
— Ilgari u haqida eshitmagan ekanman.
— Bilmasang, bilib qo‘y, Tursun akaning joniga oro kirgan qushning nomi ham Qirg‘iy! Undan faqatgina chumchuq, maynalar emas, hatto qarg‘alar ham o‘lguday qo‘rqadi! Shunday bitta qo‘riqchim bo‘lganda, zap ish bo‘lardi-da! Uzumni qushlardan qo‘riqlab, ertadan kechgacha tokning tagida yotishga ham hojat qolmasdi!
— Nima, oyog‘iga ip bilan bog‘lab qo‘yasanmi? — dedim ensam qotib, — qochib ketadi-ku!
— Sen qirg‘iyning qanaqaligini haliyam tushunib olmadingmi, deyman, — ko‘kragini g‘oz qildi Fanisher, — hu-uv, hovliqma, uni qafasga solib qo‘ysang ham o‘sha yerga chumchuq zoti yo‘lamaydi. Ovozini bir bor eshitgan maynalar boshqa u yerga qaytib kelmaydi!
— Haqiqatdan ham juda zo‘r qush ekan, lekin uni tutishning o‘zi bo‘ladimi?!
— Ko‘rasan, — dedi Fanisher menga yuzlanib, — men, albatta, o‘sha qirg‘iyni tutaman!
 — Tavba, — battar ensam qotganini sezdirmasdan turolmadim men.
O‘shanda, unga garchi shunchaki «tutolmaysan» degan bo‘lsam-da, Fanisher buni shartlashishga yo‘ydi. «Albatta, tutaman!» degancha uyiga jo‘nab ketdi.
Oradan ikki kun o‘tib, Fanisher biznikiga keldi.
— Arqonlaringni berib tur, — dedi u hovliqib, — tez bo‘l, kechqurun qaytarib olib kelaman!
— Nima qilasan uni?
— E-e, jo‘ra, topdim o‘sha qirg‘iyning uyasini, — u yanada pastroq shivirladi, — bugun ishga kirishmoqchiman!
— Qaerda ekan uyasi?
— Daryo chetidagi jarda ekan. Arqon bilan tushib, uni tutaman.
O‘rtog‘imning fahm-farosatidan hafsalam pir bo‘ldi.
— E-e, qovoqkalla-ya, — kulgim qistadi, — shunday ziyrak qush uyasining tepa tomonidan birov arqon tashlab tushib keladiyu sezmaydimi?! Ho-ov, u sen jarning tepasidaligingni ini ichida turib eshitadi-ku! Qolaversa, u ham boshqa qushlarday uyasida kunduz kuni bo‘lmasa kerak.
Fanisher gapimni shartta bo‘ldi.
— Shunisini aytyapman-da! Kecha kun bo‘yi shuni kuzatdim. U uyasiga kechga yaqin qaytarkan. Ungacha daraginiyam solmadi!
— Shunday ekan, arqon-parqon deb kallangni nima uchun qotiryapsan, nima balo, uni kechasi tutmoqchimisan?
— Eshitsang-chi, avval, — uning ovozi balandladi. — Menga uning o‘zi emas, bolasi kerak! O‘zim boqib katta qilaman. Qaytaga yaxshi bo‘ladi, qo‘lga o‘rganadi!
— Bolasi borligini qaerdan bilasan? — ketma-ket savol berishda davom etdim.
— Bildim, o‘rtoq, bildim. U kechga yaqin polaponiga o‘lja olib keldi, — hovliqib ketdi jo‘ram.
Unga boshqa gap topib bera olmay qo‘limni hafsalasiz siltadim. Quduq dastagidan arqonni yechib, chelakni olib qoldim. Fanisher uni boshidan oxirigacha sinchiklab tekshirdi. Tortib-tortib ko‘rdi.
— Mahkam ekan, — dedi birozdan keyin.
Unga ergashdim. U uylaridan yana ikkita arqon topib chiqdi. Bu arqonlar biznikidan ham uzun va yo‘g‘on edi. Ularning hammasini bir-biriga ulab chiqdik. Zildek og‘ir arg‘amchini xurjunga joylab, ikkimiz ham eshakka mingashib oldik. Jar tepasiga yetib kelganimizdan so‘ng Fanisher peshonasiga shappatiladi.
— Kallam qursin, qoziq olishni unutibmiz-ku?!
Haqiqatan ham arqon olishga olib, eng kerakli narsalardan biri — qoziqni unutgan edik. Ikkimizning ham hafsalamiz pir bo‘ldi. Axir, baquvvatroq qoziq bo‘lmasa, arqonning o‘zi bilan nima ham qila olardik? G‘anisher picha o‘ylanib turgach, «men hozir kelaman» degancha jar usti bo‘ylab yugurib ketdi. Eshakning boshini bo‘sh qo‘yib, pastga qaradim. Jarning tubigacha bo‘lgan masofa ellik-oltmish qulochcha kelardi. Agar menga birov butun boshli o‘nta qirg‘iy polaponini va’da qilib, shu yerdan arqonga osilib tush, desa bajarishim gumon edi. Ichimda Fanisherning dovyurakligiga tan berdim.
Fanisher quyosh ufqqa tomon og‘a boshlaganda qaytib keldi.
— Tezroq arqonni bog‘lamasak bo‘lmaydi! — deb qo‘lidagi qoziqsimon uzunchoq temirga ishora qildi, — qoqishib yubor!
Men kulib yubordim.
— Nima bilan qoqasan buningni! — dedim.
O‘rtog‘im esankiragancha ozroq o‘ylanib turdi, keyin birdan chehrasi ochildi.
— Sen aylanma yo‘ldan pastga tushib bor, — dedi u menga yuzlanib, — jarning pastida temir-tersak tiqilib yotibdi!
Kapalagim uchib ketdi.
— O‘ylab gapirayapsanmi?! Shuncha yo‘lga kim borib keladi, agar o‘sha qirg‘iyning bolasi juda-a zarur bo‘lsa, o‘zing borib kel, menga keragi yo‘q!
— Nega buncha o‘zingni olib qochasan?! — o‘rtog‘imning qovog‘i uyildi. — Pastga tushib borsang, bo‘lgani. Temirni ip bilan tortib olaman! Qaytib chiqmasang ham bo‘ladi!
Ochig‘i, uning gaplari menga yoqib tushdi. Bunga sabab — birinchidan, bu yerga qaytib chiqishning hojati yo‘qligi bo‘lsa, ikkinchidan, jar pastida turib, arqondan osilib tushayotgan jo‘ramning harakatlarini bemalol tomosha qilishim mumkinligi. Uning gapiga rozi bo‘lib, aylanma yo‘ldan taxminan chorak soatlarda jar tagiga yetib bordim. Fanisher rost gapirgan ekan, bu yerdan katta-kichik temir-tersak bo‘laklarini topish unchalik qiyin emasdi. Qidirib kattakon temir parchasini topdim. So‘ngra jar tepasiga qarab baqirdim.
— Tashla-a, arqo-onni-i!!!
Ovozim jar bag‘ri bo‘ylab yoyilib ketdi. Uyasida tinchgina turgan har xil qushlar kovaklaridan tashqariga chiqib bezovta chug‘urlab ketishdi. Tepadan sariq tusli, ilonni eslatadigan yo‘g‘on arqon ko‘rindi. Temir bo‘lagini avval sim bilan qattiq chirmagach, osilib turgan arqonga ildirdim. «Tortib o-ol!» deya ovoz berganimdan so‘ng, arqon tepaga ko‘tarila boshladi. Sal o‘tmay tepadan tovush eshitildi. Bu tovush ham mening ovozim kabi aks-sado berdi. Butun jar bag‘rini qoziqqa urilayotgan temir tovushi tutib ketdi.
— Tushsang, tush-da endi! — qichqirdim.
Yuqoridan Fanisherning tetik ovozi keldi.
— Hozi-ir-e! — u o‘ziga ishonibgina qolmay, shu damda ham meni jerkiyotgandi. Bundan, albatta, xursand bo‘ldim. Ko‘nglimdagi bezovtalik barham topdi. Tepadan pastga tushib kelayotgan arg‘amchi — ip ko‘rindi. Uning uchi yerga yetib kelgach, tepadan Fanisherning ovozi keldi.
— Yaxshilab tort! Qo‘yib yuborma-a!
Aytganidek qildim. Arqonni tarang tortib, mahkam ushlab turdim. Fanisher ancha hayalladi. «Tusha olmaydi» o‘yladim ichimda, «Bu yerdan tushish uchun otning kallasiday yurak kerak!»
Biroq men adashgan ekanman. Jar tepasida o‘rtog‘imning oyog‘i ko‘rindi, keyin... butun tanasi! Men esa lol bo‘lib, uning har bir harakatini yuragimni hovuchlagancha kuzatardim. U xuddi tajribali alpinistlardek arqonni mahkam ushlagancha, oyoqlarini qushlar uya qilgan kovaklarga birin-ketin tiqib, pastga tusha boshladi. Fanisher besh quloch quyiga tushmasidan, bitta oyog‘ining tagidan mushtdek kesak o‘yilib ketdi. Qo‘rqib ketganimdan qichqirib yubordim.
— Ehtiyot bo‘-o‘l! He-ey!!!
Uning javobi bu safar meni ko‘p kuttirmadi.
— Jim bo‘lsang-chi! — dedi o‘rtog‘im qaltiroq ovozda.
 Bir pastda uya qarshisiga tushib keldi. Lekin arqon va in joylashgan kovak oralig‘i past tomondan bor-yo‘g‘i ikki qarichcha ko‘rinsa-da, aslida, ancha uzoq ekan. Fanisher uyaga qo‘l cho‘zdi, yetmadi. Keyin menga qo‘li bilan nimalarnidir ishora qildi. Tushunmasdan qarab turaverdim. U hech iloji bo‘lmagach, ovozini baralla qo‘yib baqirdi.
— Arqonni o‘ng tomonga tort!!!
Fanisherning ovozi jar qo‘ynida miltiq otilgani kabi «gumburlab» ketdi. Qushlar «chug‘ur-chug‘ur»ni avjiga ko‘tardi. Arqonni sekingina o‘ng tomonga tortdim. Tepadagi «alpinist» ham arqon bilan birga siljidi. Mo‘ljallangan joyigacha yetganidan so‘ng, u qo‘lini ko‘tarib «to‘xta» ishorasini qildi. Arqon qirg‘iy uyaning ustida to‘x-tagan edi. Fanisher oyoqlarini qulayroq joyga tirkab, cho‘ntagidan nimadir chiqardi. Yaxshilab qarab bildimki, bu oyna ekan. U oynani tikkaga kelgan quyosh nuriga to‘g‘rilab, aksini in ichiga yo‘naltirdi. So‘ng kovakka qo‘lini suqdi. Qushlarning suroni kuchaydi. Fanisher uya ichidan nimadir olib chiqdi va darrov pastga irg‘itdi. Bu qaysidir qushning suyak va patlari ekan. Shundagina men qanday yirtqich bilan o‘chakishayotganimizni his qildim. Tepaga qararkanman, o‘rtog‘imning qo‘lidagi mushtdek keladigan mallarang narsaga ko‘zim tushdi. Uning nimaligini bilish uchun yaxshiroq tikildim. Ishonasizmi?! Fanisherning qo‘lidagi qirg‘iyning bolasi edi! O‘rtog‘im bir muddat polaponga tikilib turdi. Keyin esa to‘satdan nimadir esiga tushib qolgan kabi shoshib-pishib pastga tusha boshladi. Biroq endi uning ishi ancha mushkullashgandi. Avval boshida polaponsiz ikki qo‘li bilan arqonni ushlab osongina pastlagan bo‘lsa, endi bir qo‘li bilan harakat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Fanisher besh-olti quloch pastroq tushar-tushmas, biz sodir bo‘lishidan qo‘rqib turgan hodisa ro‘y berdi. Baralla sayrayotgan qushlarning ovozi birdan o‘chib, hammasi uya-uyasiga kirib ketdi. Ularning yuraklarini «taka-puka» qilgancha bir qush jar bo‘ylab parvoz qildi. Uni qaerdadir ko‘rganday edim. Yodimga tushganidan keyin, dahshatdan qotib qoldim. “Ona qirg‘iy!!!” U Fanisherning qo‘lidagi bolasini ko‘rib, dahshatli ovoz chiqardi. Yo‘q, bu ovozni birovni qo‘rqitish uchun qilingan dag‘dag‘a, deb bo‘lmasdi. Uning tovushidan ko‘proq ayanchli faryodni anglash mumkin edi. Ona qush qanotini ikki-uch qoqib, Fanisherdan picha uzoqlashdi. Qo‘rquvli sayrashni eshitganim uchun uni ketyapti, deb o‘yladim. Lekin bu yirtqich men o‘ylaganchalik qo‘rqoq emas ekan. U tezlik bilan o‘rtog‘im tomonga uchdi. Shu holda Fanisherga borib urilsa, jo‘ramning turgan joyidan qulab ketishi aniq edi. Baqirib yuborardim-u... ovozim bo‘g‘zimga tiqilib qolgandi. Shu yerda do‘stimning kallasi ishlab ketdi. Va bu uning jonini saqlab qoldi. Ona qirg‘iy o‘ziga yaqinlashgan zahoti menga qarab «Ushla-a!» deb baqirdi-da, polaponni pastga irg‘itdi. U tomonga shitob bilan kelayotgan qirg‘iy yo‘nalishini o‘zgartirdi. Tipirchilab pastga tushib borayotgan bolasining ortidan sho‘ng‘idi. Polaponni ilib olish uchun chopmoqchiydim, orqasidan kelayotgan onasini ko‘rib, fikrimdan qaytdim. Undan keyin jo‘ram osilib turgan arqonning pastki uchini qo‘yib yuborish ham mumkin emasdi. Ona qirg‘iy pastga tomon o‘qday uchib, bolasi yerga tegay-tegay, deganda panjalari bilan ilib ketdi. Fanisher paytdan foydalanib, shosha-pisha pastga tusha boshladi. U endi avvalgidek oyoqlarini qush uyalariga tiqib o‘tirmasdan, balki arqonni bo‘sh qo‘ygancha pastlayotgandi. Ona qirg‘iy bolasini pan-jalari bilan mahkam siqqancha tepaga ko‘tarildi. Biroq o‘tkir panjalari bolasiga botib ketdi shekilli, polapon tipirchilay boshladi. Ona qirg‘iy jardan ancha yuqoriga ko‘tarilganidan so‘ng, polaponini yerga qo‘ymoqchi bo‘ldimi, jar labiga yaqinlashdi. Shunda kutilmagan hol ro‘y berdi. Bolasi panjasidan chiqib ketib pastga qulay boshladi. Ona qirg‘iy zudlik bilan uni tutib olishga intildi. Polapon yerga tushishiga o‘n qulochcha qolgan, Fanisherning yon tomonidan chirpirak bo‘lib kelardi. O‘rtog‘imning harakatlari tezlashdi. Ona qush bu safar bolasiga yetishga yetdi-yu, biroq yaxshiroq tutib qola olmadi. Polapon shitob bilan yerga kelib urildi. Ona qush dahshatli tarzda, etni junjiktiradigan darajada chinqirib yubordi. Ayanchli... chinqiriq... U mendan zarracha qo‘rqmay (balki meni ko‘rmagandir ham) yerparchin bo‘lib yotgan jigargo‘shasi yoniga qo‘ndi. Yerda cho‘zilib yotgan bolasini ko‘rib yana «chinqirdi». Uning bu tovushi avvalgilaridan ham qo‘rqinchli, ayanchli va... yurakni o‘rtab yuboradigan ohangda edi. Ruhimda paydo bo‘lgan noma’lum hayajon va mavhum tuyg‘uni anglayolmay garang edim. Ko‘pgina qushlaru hayvonlarni, hatto odamlarni ham vahimaga solib qo‘yadigan bu yirtqich qush shu lahzada ko‘zimga juda nochor, juda ojiz ko‘rindi. Ona qirg‘iy to‘satdan yuqoriga ko‘tarildi. Mening xayolimga kelgan birinchi xavotirli o‘y — Fanisher edi. Biroq qirg‘iy besh quloch yuqorida arqonni mahkam ushlagancha qotib turgan o‘rtog‘imga burilib ham qaramadi. U shu ketgancha tepaga ko‘tarilaverdi, ko‘tarilaverdi. Oxiri ko‘zga ko‘rinmay ketdi. «Nahot, uni endi hech ko‘rmasam», o‘yladim men. To‘g‘ri, bu qushni endi ko‘ramanmi-yo‘qmi, ahamiyati yo‘q. Lekin... lekin u menga o‘zim ham sezmagan holda biroz ... yo‘q, juda qadrdon bo‘lib qoldi.
Qotib qolgancha osmonga qarab turar ekanman uni yana ko‘rdim! O‘sha holatda. U osmonning ko‘z ilg‘amas nuqtasidan pastga tomon kamon o‘qidek shiddat bilan uchib kelardi. Endi xayolimga Fanisherning xavotiri ham kelmadi. «U nima qilmoqchi?!» deb o‘ylardim faqat. Ona qirg‘iy yerga yaqinlashgunga qadar tezlashsa tezlashdiki, zarracha to‘xtamoqqa harakat qilmadi. Mana, u jardan ham pastroqqa o‘tdi. Butun vujudim ko‘zga aylandi. Qirg‘iy Fanisherning ustiga emas, shundoq yonimdagi yapaloq toshning ustiga zarb bilan kelib urildi. U shubhasiz o‘lgan edi! Qo‘limdagi arqonni qo‘yib yubordim. Ona qirg‘iy toshga shunchalik qattiq urilgan ediki, qanotlari sinib, ikki yonga qayrilib ketgandi. Ko‘zlarimga yosh quyildi. Bilasizmi, bu qanotlar suvratida nimani ko‘rdim? Aytish qiyin-da...
Bu qanotlarda go‘daklik chog‘larim subhidamning yengil sovug‘idan panoh tilab talpinganim...mehrli quchoqni ko‘rdim! Bu qanotlarda kichkina oyoqchalarim charchab qolmasligi uchun meni doim ustiga ko‘tarib oladigan yelkalarni ko‘rdim! Ko‘ksimda nimadir og‘ridi. Bo‘g‘zimga ham tiqildi o‘sha og‘riq...
Butun shuurim muzlagancha qirg‘iyga tikilib turgan chog‘imda yonimga G‘anisher keldi. So‘ng mutlaqo beparvolik bilan shosha-pisha gapira ketdi:
— Hechqisi yo‘q, bu safar ovimiz baroridan kelmadi. Ammo men qirg‘iyni tutmagunimcha qo‘ymayman. Bu safar qiyin bo‘lmaydi. Axir, endi tajribamiz bor!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.