OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pirmat Shermuhamedov. Daholar uchrashuvi (parcha)

Odamlar ilm tufayli ezgulikka erishadilar.
Ular ilm va hunar tufayli yovuzlikdan xalos topadilar.
Shuning o‘zi eng katta foyda, eng katta boylikdir.
Abu Rayhon BERUNIY

1004 yil. Kuz kelib, ishkomlarda sharbatga to‘lgan husayni uzumlar oltinday tovlanadi. Jurjondan chiqqan karvon oradan o‘n ikki kun o‘tib, Gurganj darvozasi oldida paydo bo‘ldi. Bu har kuni Xorazm poytaxtiga kelib ketuvchi o‘nlab karvonlarning biri. Hatto soqoli to‘sdek tim qora, xushqomat, tuya junidan to‘qilgan chakmon kiyib olgan karvonboshi ham boshqa sarbonlardan deyarli farq qilmaydi. Mana, u oldinda borayotgan qo‘sh o‘rkachli tuya oldida gerdayib, sollana-sollana qadam tashlab bormoqda. Sahro oftobida qoraygan, garmselda to‘rlagan yuzida g‘urur alomatlari seziladi. Zero, u kechqurun karvonsaroyda hamkasblari bilan bo‘ladigan gurungni tasavvur etib, terisiga sig‘may kelayotir. Har qalay, aytsa aytgulik gaplari bor.
Safarning o‘ninchi kuni sarbon “mayi nob”dan ko‘proq no‘sh etib yuborgan shekilli, boshi g‘uvillab, ko‘zi yumilib ketaverganidan, karvonni o‘zi yaxshi bilgan sardobaga boshlab bora olmay qoldi. Ana shunda deng, karvonga eng so‘nggi damda qo‘shilgan Abu Rayhon ismli ulamo yigit yulduzlarga qarab, bir nimalarni pichir-pichir qildi-da, hech bir ikkilanmay sardoba bu yoqda, deya dadil yo‘l boshladi. Suv tugab, tashnalik azobini torta boshlagan karvon ahli cho‘kayotgan xasga yopishganday, Abu Rayhonning orqasidan ergashdi. Yigit qurg‘ur balo ekan. Bir tosh yo‘l yurilar-yurilmas, chindan-da sardobaning qubbasi ko‘rindi. Shu voqeadan keyin sarbon Abu Rayhonga chippa yopishdi, rosa avradi, o‘ziga yordamchi qilib olmoqchi bo‘ldi. Lekin ulamo yigit ko‘nmadi, Gurganjga borishim kerak, deb turib oldi. Shunday bo‘lsa ham u sarbonni xafa qilgisi kelmadi shekilli, bir shaldiroq xitoyi qog‘ozga yulduzlarning joylashish o‘rinlarini chizib ko‘rsatdi. Qaysi yulduz qay paytda osmonning qaysi nuqtasida turganida Jurjon qaysi tomonda bo‘lishi-yu, Gurganj qaysi tomonda bo‘lishini erinmasdan, hijjalab tushuntirdi. Bunday uzoq ma’ruzadan bir nimani anglab yetmasa ham, sarbon yulduzlar rasmi chizilgan qog‘ozni qo‘yniga joyladi. U bu qog‘oz bilan kechqurun hammaning og‘zini ochirib qo‘yib, o‘zini yulduzlar bilimdoni qilib ko‘rsatishni xayol qilar edi.
Karvonsaroy shovqin-suron bilan to‘lib-toshgan. Har qadamda tilanchilar, darveshlar, mashshoqlar, cho‘rilar, qullar, yelib-yugurib yuk tashiyotgan hammollar. Bir chekkada xizmatkorlar yuklari tushirilgan otlar, tuyalarni qoziqlarga bog‘lashadi. Ularga hozir yem yoki suv berib bo‘lmaydi, to teri qotgunga qadar bog‘log‘liq turgani ma’qul.
Karvonboshi sardobani topib bergan ulamo yigitni yana qiziqtirish niyatida “Hey, o‘g‘lon, boshlamasiga men senga yuz dinor beraman”, dedi sadafday tishlarini yaraqlatib kularkan.
Sarbon aytgan narximni birovlar eshitib qolmasin degan xavotirda bo‘lsa kerak, qo‘lyozma kitoblar bilan liq to‘la xurjunni paypaslayotgan Abu Rayhonning yoniga yaqinlashdi. Shu mahal karvonsaroyga o‘ynoqi qorabayirlarda bir guruh otliqlar kirib kelishdi. Ulardan biri farmonbardor ovozda dedi:
— Oralaringda Jurjondan kelgan Abu Rayhon Beruniy ismli odam bormu?
— Ijozatingiz bilan... — Abu Rayhon qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda bir qadam oldinga chiqdi. — Menman Abu Rayhon...
Suvoriy ham o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xursandligini izhor etdi. Uning ortidan boshqa suvoriylar ham ta’zim bajo aylashdi. Buni ko‘rgan sarbon o‘ziga yordamchi qilib olishni o‘ylagan yigit, kam deganda, shahzoda bo‘lsa kerak, degan tusmolga bordi.
— Bir haftadan buyon yo‘lingizga intizor edik, — dedi suvoriylardan biri.
Ikki suvoriy Abu Rayhonning xurjunini boshqa otga ortishdi. Uning o‘ziga esa o‘ynoqlab turgan samanni taklif etishdi. Abu Rayhon otliqlar qurshovida, aftidan, o‘ziga to‘q oilalar yashaydigan dahaga o‘tdi. Bu yerda unga atab alohida xona tayyorlab qo‘yilgan ekan.
Mulozimlar aziz mehmonlarga xizmat qilaverib o‘rganib qolishganmi, xona yog‘ tushsa yalaguday tozalangan, oppoq o‘rinlar to‘shab qo‘yilgan, xontaxtaga hozirgina pishirilgan, hali bug‘i chiqib turgan bir necha xil taom tortilgan. Abu Rayhon taomlardan totinib, ozroq sharob ichdi-da, so‘ng to‘shakka cho‘zildi...
Tuyqusdan uyg‘ongan Abu Rayhon avvaliga qaerda yotganini tushuna olmay, bir pas atrofga garangsib alangladi. Nihoyat, karvonsaroy va o‘zini kutib olgan mulozimlarni esladi. Shu payt eshikda tanish mulozim ko‘rindi.
Abu Rayhon saroyda bo‘ladigan kechki ziyofatga taklif etilibdi...
Alloma Gurganj amiri Ali ibn Ma’mun haqida ko‘p eshitgan. U saltanat tinchligi, el-yurt farovonligini saqlash niyatida qo‘shni mamlakatlar, jumladan G‘azna bilan ham aloqa o‘rnatish maqsadida o‘z elchilarini yuboribdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Sulton Mahmud G‘aznaviyning singlisiga uylanibdi1.
Saroy ichkarisida bamisoli falakka sochilgan yulduzlar singari chiroqlar porlab turardi. Har qadamda kumush favvoralar, qulf urib ochilib turgan anvoyi gullar...
Xorazmshoh ulkan va charog‘on bo‘lma o‘rtasidagi tilla taxtda o‘tiribdi. Biroq, shunchalik ko‘zni qamashtiradigan hashamatga qaramasdan, hukmdor oddiy kiyingan, faqat oppoq va uzun barmoqlarida olmos ko‘zli uzuklar yalt-yult qiladi. Belidagi oddiy belbog‘ida qimmatbaho dastasiga zumradlar o‘rnatilgan shamshir.
Taxtning o‘ng tomonida qalin labli, chag‘ir ko‘zlari o‘ynab turgan vazir o‘tirardi. Undan keyin darajasi va mavqeiga qarab, shariat peshvolari, devonbegi, sarkarda, shohning tog‘asi al-Hasan va boshqa arkoni davlat joy olgan. Har lahzada yangrab qolishi mumkin bo‘lgan Farmoni oliyni qog‘ozga tushirishga tayyor munshiy tilla siyohdonini ipga o‘tkazib, bo‘yniga osib olgan.
Xonaning chap tomonidan Chin, Hindiston, Xuroson va Bulg‘ordan tashrif buyurgan savdogarlar joy olishgan. Abu Rayhonni boshlab kelgan mulozim unga ishora bilan o‘shalar safiga borib qo‘shilishini bildirdi. Yangi kelgan mehmonga ko‘plar qiziqish bilan qarayotganlari mahal vazir bo‘g‘iq ovozda e’lon qildi:
— Oftobi olam, davlatimiz tayanchi, pushti panohimiz Ali ibn Ma’mun janobi oliylari Misr va Rum elchilarini qabul qiladilar.
Tilmochlar bilan kirib kelgan elchilar sovg‘a-salomlarini topshirishdan oldin tantanali nutqlar irod qila boshlashdi. Aytilayotgan zam-zamali qutlovlar shohning g‘ashiga tekkan shekilli, andak istehzo balqib turgan kulimsirashi bilan tilmochlarga “bas” degan ma’noda qo‘l siltab qo‘ya qoldi.
Aloha, behad cho‘zilgan qabul marosimi oyoqlay deganida shoh elchilarga javob berdi.
— Bu bo‘lma haddan ortiq mahobatli, — horg‘in qo‘l siltadi amir ilmu urfon ahliga qarab. — Yuringlar, boqqa chiqamiz. Zero, odam oyog‘i tufroqqa tegib turgandagina o‘zini bardam, tetik his eta oladi.
Suhbat bog‘da, sayr asnosida davom etdi. Shoh suhbatga qo‘shilmay, qo‘l qovushtirib turgan Abu Rayhonning oldiga kelib, dedi:
— Menga aytishlaricha, “Katta Sindhind” bilan tanish emishsan.
— Shundoq, davlatpanoh. Men ushbu risola bilan tanishman, ba’zi bir mulohaza va qaydlarimni qog‘ozga tushirib ham qo‘ydim.
— Rahmatli padarim “Katta Sindhind”ning Ibrohim al-Fazariy tomonidan arab tiliga o‘girilgan nusxasidan norozi edi. Bu tarjimadan mening ham ko‘nglim to‘lmadi. Endi “Katta Sindhind”ning mukammal tarjimasi sening zimmangga tushgay...
— Ijozat etsangiz, valiyne’mat, tarjima paytida kamina hindlarning ushbu risolasiga yunon olimlarining kuzatishlari, forslarning “Ziji shoh” kitobidan ayrim boblarni va o‘z shaxsiy kuzatuvlarimni ham qo‘shib, “Katta Sindhind”ni yana ham boyitsam.
Xorazmshoh kechagina Gurganjga kelgan Abu Rayhonning ishga tushishga oshiqayotganini ko‘rib, yengil jilmaydi.
— Biz, — dedi u, — ustoz Abu Nasr ibn Iroq bilan maslahat qilib, Gurganjda ulamolar davrasini tuzishni kelishib oldik. Kitoblarida aytilishicha, bir paytlar Afinada, Katda, Keshda, Samarqandda, Bag‘dodda ulamolar majlisi ishlab turgan. Bizning “Majlisi ulamo”miz ham Bag‘dod xalifasi al-Ma’munning “Baytul hikma”sidan kam bo‘lmag‘ay. Siz, Abu Rayhon, — dedi shoh so‘zini davom ettirib, — ulamolar majlisini boshqarasiz...
Ali ibn Ma’mun ilmu-urfon ahliga yana bir qur ko‘z yugurtirib chiqdi.
— Kamina mudom ilm ahli suhbatiga oshiqaman. Biroq, nadomatlar bo‘lg‘aykim, davlat yumushlari o‘z ixtiyorimga qo‘yib qo‘ymaydir. Mana, hozir ham sizlarni tark etmoqqa majburman.
Shu so‘zlarni aytib, shoh ildam yurib ketdiki, bahaybat gavdali qo‘riqchi unga bazo‘r yetib oldi.

* * *

Xorazmshoh saroyi ichkarisidagi bog‘da archa, sarv daraxtlari uncha soya tashlamasa-da, marmar hovuz bo‘yidagi besh yuz yillik gujum tanasining suvdagi aksi shafaqrang bulutlar aksi bilan aralashib, ajib bir manzara hosil qilgan edi. Hovuz yaqinidagi maydonchaga doira shaklida yong‘oq va eman og‘ochlaridan yasalgan uzun kursilar qo‘yilgan. Kursilar ustiga shoyi ko‘rpachalar yozilgan.
Ulamolar suhbatiga erta kelgan Abu Rayhon va Abu Sahl Masihiy darvoza tomonga qarab, salobatli vazir Ahmad as-Suhayliyni, uning o‘ng tarafida Abu Nasr ibn Iroqni, chap tarafida faqihlar libosida — oq ko‘ylak ustidan yashil, yengi kalta yupqa choponda, boshiga taylason2 yopingan, Bag‘dod va Basra ulamolariga o‘xshash juda jiddiy ko‘z qarashli yosh yigitni ko‘rdilar.
Vazir va uning hamrohlarini ilmlar bog‘ida yig‘ilganlar o‘rinlaridan turib kutib oldilar. Umumiy salom-alikdan so‘ng Ahmad Suhayliy yig‘in raisi Abu Rayhon Beruniyga katta sovg‘a berayotganday sevinib gapirdi:
— Abu Rayhon, buxorolik bul mehmonimiz bundan bir necha yillar avval, Sizning falsafaga oid o‘nta savolingizga “serzarda” o‘nta javob yozgan alloma Husayn ibn Sino Abu Alidur. Bag‘ringizga oling...
Vazir aytmasa ham, har ikki olim birinchi marta ko‘rishib turishgan bo‘lishlariga qaramay, qadrdon og‘aynilardek bir-birlariga quchoq ochib yaqinlashdilar.
— Bizning vazirimiz Abul Husayn Somoniylarning ulug‘ vaziri Muhammad Abu Abdulloh Jayhoniyga ilmiy izlanishlari, jug‘rofiy va riyoziy asarlari jihatidan teng kelolmasa-da, mag‘ribu mashriq ulamolariga g‘amxo‘rlik qilishda ul zotga tenglasha oladi.
Yosh ibn Sino Xorazm olimlarining faxri bo‘lmish Muhammad ibn Ahmad Beruniyga aql o‘rgatganday javob yozganiga bir oz xijolat tortdi, lekin bu o‘ng‘aysizlikni oradan ko‘tarish uchun samimiyat ila dedi:
— Birodarim Abu Rayhon, Somoniylarning ma’rifatpanoh vaziri Muhammad Jayhoniyni eslaganingizdan quvondim, ul zotning shuhrati Xorazmga ham yetib kelgan ekan-da!
— Albatta, — javob berdi Beruniy, — Muhammad Jayhoniyning jug‘rofiyaga doir o‘ttiz jildlik “Al-Masolik fi ma’rifat ul-mamolik”3 asarida Movarounnahr, Hindiston, Tibet, Xitoy, Xazar va Bulg‘or mamlakatlari tabiati, u yerlarda qanday xalqlar yashashi, ularning urf-odatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Urdun daryosidagi tegirmonlar shanba kunlari to‘xtab qolar va un torta olmas ekan, chunki daryo suvi shanba kuni kamayib ketar ekan...
Ibn Sino ishora bilan so‘zlamoqchi bo‘lib, qo‘lini xiyol ko‘tardi. Abu Rayhon buni sezib, jim qoldi:
— Siz, Abu Rayhon, — dedi ibn Sino, — “Osorul-boqiya” kitobingizda Muhammad Jayhoniyning bu fikriga shubha bildirgansiz. Lekin, uning ko‘pgina tilga olgan ma’lumotlarini rad etsangiz ham, o‘zini maqtagansiz.
— Husayn, buni eslaganingizdan xursandman. Aslida, Muhammad Jayhoniy vazirlik mavqeidan ilm uchun foydalanib, Arabistondan, Bulg‘or, Xazar, O‘risiyadan Buxoroga kelgan elchilarga, sayyohlarga izzat-hurmat ko‘rsatib, ularning suhbatlarini tinglab, yozib olgan ekanlar. U zamondoshlari bo‘lgan atoqli ulamolardan al-Kindiyning shogirdi Abu Zayd Balxiyning “Suvarul-aqolim”4, “Osmon va Olam kitobi” asarlaridan foydalanganini e’tirof etgan. Muhammad Jayhoniy Balxga xatlar yozib, Abu Zaydga sovg‘a-salomlar yuborib turgan. Abu Zaydning “Suvarul-aqolim” kitobidan kamina ham Yer kurrasining shaklini yasashda foydalanganman.
Aslida ibn Sino o‘zaro yozishmalar vaqtida qisman haq edi. U vaqtlari har ikkalasi ham yosh, g‘ururli bo‘lishgan. Oradan yillar o‘tib, har ikkalasi ulug‘ alloma bo‘lib yetishganlarida ancha vazmin tortdilar. Lekin har ikkisi ham biron bir jiddiy ilmiy masala ustida tortishib qolsalar, sira ham yon berishmasdi.
Beixtiyor ibn Sino yana avvalgi bahsli masalani o‘rtaga qo‘ydi.
— Abu Rayhon janoblari, Siz “Osorul-boqiya”da Muhammad Jayhoniyning Urdun5 daryosining suvi shanba kunlari kamayib qolishiga shubha bildirgan edingiz, aslida Jayhoniyning fikri to‘g‘ri edi. Tog‘ muzliklari kunduzi quyosh qattiq qizdirganidan kuchli eriydi va suv ko‘payadi. Kechga yaqin, quyosh botganida suv yana kamayadi...
Bu allomalarning yana bahsga kirishayotganlarini ko‘rib, ikkisiga ustozlik qilgan Abu Sahl Masihiy kulimsirab qo‘ydi. Shu choq “Majlisi ulamo” darvozasi ochilib, navkarlar qurshovida Xorazmshoh yana bir mehmonni boshlab kirib keldi. Shoh davraga yaqinlashganida qurolli navkarlar orqada qoldilar.
Ulamolar Xorazmshohni va yangi kelgan mehmonni o‘rinlaridan turib, ta’zim bilan kutib oldilar, hukmdorni duo qildilar.
— Hazrati oliylari yana yuz yillar omon, ilm va hunar ahliga soyabon bo‘lsinlar.
Xorazmshoh xiyol bosh egib, uch tarafga qarab, yengil ta’zim qildi.
— Ulamo, ahli ilm va hikmat, bugun ilmlar bog‘iga yana bir aziz mehmon — Sulton Mahmudning padari amir Nosiruddin ibn Sabuktegin xizmatida izzat va qadr topgan fuzalolardan biri — mashhur “Yatimat at-dahr fi mahosin ahl ul-asr”6 asarining muallifi Abu Mansur Abdumalik ibn-Muhammad as-Saolibiy janoblari tashrif buyurdilar. Bugun biz ikki aziz mehmon — Husayn ibn Sino va Abdumalik as-Saolibiy suhbatidan bahra olib, zavqlanajakmiz.
Ulamo va fuzalolar yangi mehmonlarga yana bir marta o‘rinlaridan turib, ta’zim bajo qildilar.
Suhbat boshlandi. Mehmon kamtarinlik bilan o‘zi haqida emas, Nishopurda va Buxoroda ko‘rgan, suhbatlashgan ajoyib ulamo va fuzalolar haqida so‘zlab, ularning asarlaridan namunalar keltirdi. Bu yerdagi ko‘p ulamolar kabi Abdumalik as-Saolibiy ham hayratlanarli darajada o‘tkir hofiza, xotira sohibi edi. Xorazmshoh yig‘ilganlarga ibn Sinoni faxrlanib tanishtirdi.
— Biz aziz mehmonimiz ibn Sinoning Buxoroda, Somoniylar saroyida to‘plangan ajoyib kutubxona haqidagi so‘zlarini eshitsak, degan orzuyimiz bor. Somoniylar hukmdori Nuh ibn Mansur tuzalmas dardga uchrab, hayotdan umidini uzib yotganida, yosh alloma ibn Sino haq taolo bergan iste’dodi bilan amirini sog‘aytirib yuborganligini ham eshitganmiz.
Ibn Sino yengil ta’zim qilib, so‘zini boshladi:
— Buxoro tinch edi... Buvahiy hukmdorlarining xoinligi tufayli Somoniylar davlati tanazzulga yuz tutdi, fisqu fasod kuchaydi, g‘alayonlar boshlandi. Buvahiylar, xususan, A’zud-ad-davla Bag‘dod xalifaligi poytaxtini egallab, xalifani mansabidan tushirib, so‘ngra uni o‘limga hukm etdi. Bu takabbur amir shayton so‘ziga uchib, aka-ukalarning kenjasi amir Ali Faxrud-davlani ham toju-taxtga sherik bo‘lmasin deb o‘ldirishga buyurgan ekan. Buni sezib qolgan Faxrud-davla Xorazm dengizi7 janubidagi Jurjon davlatidan, amir Qobusdan himoyat so‘ragan. Amir Qobus shahzoda Faxrud-davlani o‘z himoyasiga olgan. A’zud-ad-davla tez orada Jurjonga xat yuborib, “Biz bilan do‘stlikda yashashni istasang, Amir Faxrni hibsga olib, bizga yubor. Bu ishdan uyalsang, maxfiy yo‘l bilan unga zahar ber. Bu tilagimni bajo etsang, viloyatingni8 o‘zingga tortiq qilurman, aks holda toju taxtingdan ayrilgaysan”, deydi.
Shamsul-maoliy amir Qobus A’zud-ad-davlaning bu talabini rad qiladi: “Bizdan panoh so‘rab kelgan odamni tutib berish yoki o‘ldirish insonlik sha’niga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi.
Ibn Sino so‘zida davom etdi:
— Bu mardona ishi uchun amir Qobus ustiga Buvahiylar qo‘shin tortib bordilar. Shamsul-maoliy o‘z yurtini tark etib, Buxoroda, Somoniylar huzuridan panoh topdi. Kamina ul zot bilan Buxoroda tanishgan edim. Shamsul-maoliy bir necha marta Xorazmshohga ulamolar yig‘ini haqida faxr bilan gapirgan edi. To‘g‘risini aytay, bir men emas, Buxoro ulamolari ham Xorazmshohni ilm ahliga qilayotgan g‘amxo‘rligidan boxabar. Bunday g‘amxo‘rlik hatto G‘aznada ham bo‘lmasa kerak.
Ibn Sinoning so‘nggi so‘zlaridan Abul Abbos sergak tortdi.
O‘tirganlar bir ovozdan Xorazmshohga tahsinlar aytib, Haq taolodan unga ulug‘ nasiba-ne’matlar tiladilar.

__________
1 Muarrix ibn al-Asirning kitobida yozilishicha, Xorazmshoh Abul Abbos Ma’mun Sulton Mahmudning boshqa singlisi Qaljiga uylangan.
2 Taylason — uchburchak shaklidagi yelkaga tashlab yuriladigan ro‘mol.
3 “Yo‘llar va mamlakatlarni bilish kitobi”.
4 “Iqlimlarning suvratlari” — jug‘rofiyaga doir nodir asar.
5 Urdun — Iordaniya, daryo, shahar va mamlakat nomi.
6 “Zamona ahlining fazilatlari haqida yagona durdona”.
7 Xorazm dengizi — O‘rta asrlarda Kaspiy dengizi shunday atalgan.
8 Ya’ni Jurjon mamlakatini.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 6-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.