Ikki dugona sovuqqina xayrlashishdi. Saodat Qumrini katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yib ortiga qaytdi.
Keyingi kunlarda bo‘lib o‘tgan voqealardan ko‘ngli biroz g‘ashlandi, o‘rtog‘ining ham shunday qilishidan umidvor bo‘ldimi, ko‘nglini xotirjam qilib ketgisi keldimi, harnechuk Qumri yo‘l-yo‘lakay orqasiga o‘girilib qaradi.
Biroq Saodat bunday qilmadi, o‘girilmadi. Uni kuzatib ketayotgan Qumrining nazarida esa dugonasining nozik yelkalari go‘yo og‘ir yuk ko‘targanday bukilgannamo ko‘rindi va ayni chog‘da negadir u yanada kuchliroqday tuyulib ketdi. Yelkasiga yuk ortgan sari kuchliroq ko‘rinadi shekilli odam.
Saodat esa noxush narsalarni tezroq unutmoqchiday shaxdam yurib ketdi.
Har doim ham deb bo‘lmaydi-yu, ammo ba’zida bir-birlariga shunaqa achchiq-tiziq qilib turishar, biroq ko‘p o‘tmay hech narsa bo‘lmaganday yana inoqlashib ketishardi.
Bu gal unday bo‘lmadi. Bir safar Qumri Saodatga “Hadeb xafa bo‘laverasanmi” deganida, uning “Agar sendan xafa bo‘lmay qo‘ysam, qo‘rqqin” deya javob berganini esladi. Nima qilsin endi, qo‘rqsinmi? O‘zi kishilar ko‘pincha mana shunaqa safarlarga chiqqanlarida bir-birlarini yaxshiroq bilib olisharkan. Shu choqqacha bildim deganlari behuda ekan.
Xullas, atrofdagilar oralaridan qil o‘tmaydi deb yurishgan dugonalarning orasidan mana endi ola mushuk ham bemalol o‘tib ketyapti.
“Nima, biroz oshirib yubordimmi”, – o‘yladi Qumri, – eh, nega odamlar doim birovlarning ishlaridan qiyiq axtarib yurisharkan, o‘zlariga kelganda-ku ko‘z yumib qo‘ya qolishadi. Yana ilgarigidek bo‘lib ketisharmikin, e, bo‘lmaganda-chi, yo‘g‘-e, uni yo‘qotib qo‘yishni istamaydi, qadrdoni axir!”
Aslida-ku hammasi arzimagan narsadan boshlandi, qaytib kelsin-chi, bir gap bo‘lar.
O‘y-xayollar og‘ushida bekatgacha qanday borganini sezmay ham qoldi. Biron mashinaga o‘tirib tezroq uyiga yetib olsaydi.
Biroq uyiga kelganda ham uni sog‘inib qolgan yaqinlarining mehribonchiliklari tatimadi.
“Ha, bolam, serxayol bo‘lib qolibsanmi?” deya onasining bergan savoliga ham miyig‘ida kulib qo‘yaqoldi. Kecha uyiga qanday shoshilgan bo‘lsa, endi oromgohga qaytishga ham shunday oshiqa boshladi.
Yoz faslining so‘nggi oyi.
Oqshom chog‘i ayvonda o‘z o‘rniga cho‘zilarkan, o‘y-xayollar uni yana olib qochdi.
Shu o‘qishga tasodifan kirib qolgan bo‘lsa-da, hozir afsuslanmaydi. Orzusidagiday bo‘lmasa ham hartugul tuzuk. Qolaversa, Saodatni ham shu o‘quv dargohida uchratgan. Tanishgan paytlarini esladi. Qumri o‘qishga kirish uchun hujjatlarini kech topshirgan. U kelganida abiturientlar allaqachon bir-birlari bilan tanishishga ulgurishgan, qizlar ham ikki-uchtasi birga yuradigan bo‘lishgandi. Biror davraga suqilib kirish g‘ururini poymol qiladiganday, parishon yurgan kunlarining birida yangi qiz kelib qoldi. Eshikdan kiraverishda Qumrini uchratib yoniga kelgan, salomlashishgach “Siz ham shu guruhdanmi?” deb so‘ragan edi. Shu-shu bo‘ldi-yu ikkalovi birga yuradigan, hech ajralmaydigan bo‘lishdi, dunyoqarashlari yaqin ekan.
Ba’zan o‘qishga, ishlashga bo‘yin yon bermaydigan paytlar bo‘ladi. Saodatda esa o‘qishu ishlashga doim hafsala topiladi. O‘zi o‘rtoqlariga yordamlashadi, jamoat ishlariga-ku boshi bilan sho‘ng‘iydi. Qiziq, unda bunday shijoat qaydan?
Shularni o‘ylab yotarkan, u bilan g‘ijillashganiga hozir o‘zi izza bo‘lib ketdi. Lekin uning gina saqlash odati yo‘q-ku, axir barcha olijanob xislatlar unga xos-ku, deya o‘zicha kulimsirab qo‘ydi. Ertalab barvaqt turib yo‘lga otlanishni rejalashtirib, ayvon shiftiga in qurib olgan ko‘rshapalaklarning qorong‘u tushishi bilan tepasida charx urishlaridan g‘ashlanib uyquga ketdi.
Ertalab yo‘lga tushib, oromgohga yetib keldi. Bolalarni dalada deb o‘ylagandi. Biroq ularning haligacha shu yerda to‘planib turishganini ko‘rib taajjubga tushdi.
“Uyga qaytishga ruxsat berishdimikan?” – xayoliga kelgan narsa shu bo‘ldi.
Ammo, u yanglishgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, kecha kechqurun Saodatning biroz tobi qochganday bo‘libdi. Uni farzandlarini ko‘rgani kelgan ota-onalarning mashinalarida uyiga kuzatishibdi. Ertalab esa shahardan qizning kasalxonada og‘ir ahvolda yotgani haqida xabar qilishibdi.
Qumrining tizzalari bukilib ketganday, tomog‘iga bir nima tiqilganday bo‘ldi. Hech aqliga sig‘dirolmas, axir tuppa-tuzuk edi-ku, deya ajablanardi.
Nahotki undan butkul ajralib qolsam?! Tuyqus xayoliga urilgan o‘ydan Qumri cho‘chib tushdi. Ko‘z yoshlarini arta-arta shaharga otlanarkan, lablari beixtiyor pichirlar edi:
– Meni kechir.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.