OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Temir Qurbon. O'lim sharpasi (hikoya)

Umarshayx mirzo Sayxun bo‘yiga bemurod cho‘kkaladi. U to‘lin oy jilvalanayotgan sokin daryo jozibasidan ko‘ngil chigilini yozmoqchimidi yo yotlar qolib, o‘z qarindoshlari yovga aylanganidan ozurda dil dostonini beozor suvlarga aytmoqchimidi? Buni o‘zi ham bilmaydi. O’rgimchak to‘ridek har tomondan qisib kelayotgan yog‘iy halqasi uni bir qadar faromush qilgan edi.
Shundoqqina Axsi qo‘rg‘oniga bosh urib oqayotgan Sayxun chindan-da go‘zal edi. Ayniqsa, to‘lin oyning sohir nurlari uni yanada sehrli qilib ko‘rsatardi. Atrofda bo‘layotgan voqealarga bee’tibor Sayxun shoshilmasdan, bir maromda oqar, tun sukunatini buzgisi kelmaganday shovullashni ham o‘ziga ep ko‘rmasdi.
Umarshayx mirzo bilan birga kelgan o‘n-o‘n besh chog‘li mulozim va beklar bir-birlariga so‘z qotmas, damini ichiga yutgancha uni uzoqdan kuzatishardi. Egar-jabduqlaridan ozod bo‘lgan otlar ham erkinlik nashidasini surish o‘rniga egalari kabi atrof-javonibga sergak boqishardi.
So‘ngsiz o‘ylar ummoniga g‘arq bo‘lgan Umarshayx mirzo sokinlik hukmron suv sathida jimirlayotgan nurlar raqsini hayrat to‘la nigohi bilan tomosha qilarkan, yigirma-o‘ttiz qadamlar chamasi quyirokda tizza bo‘yi keladigan o‘tlarning shitirlagani eshitildi. Ichki bir hadik bilan ortiga o‘girilgan edi, xizmatiga shay turgan mulozimlariga ko‘zi tushdi. Uning xavotiri hali butkul arimay, shitirlash yana tak­rorlandi. Sal fursat o‘tib, Sayxunning yalang qirg‘og‘ida suv ichayotgan ohu ko‘rindi. Uning tim qora ko‘zlari Umarshayx mirzoga suyukli kenja xotini Qorako‘zbegimni eslatdi. U na o‘rnidan turishni va na boshqa bir harakat qilishni bilmay, ohuning suv ichishini tomosha qilardi. Ohu esa serrayib turgan mulozimlarga ham, unga ham e’tibor bermay, chanqog‘ini qondirardi. Ehtimol, ohu o‘ziga tahdid qilishi mumkin bo‘lgan xavfni sezgandir-u, lekin saratonning jon olg‘uchi issig‘iga dosh berolmay, daryo bo‘yiga kelgandir.
Qiziq, nega u yolg‘iz, to‘dadan ajralib bir o‘zi kelgan? Unday desa, Umarshayx mirzo yolg‘iz emasmi? Ayniqsa, hamma qarindoshlari birlashib, bir o‘ziga hamla qilishayotgan-da... Shuning uchunmi, mirzo hatto mulozimu qo‘rchilari qurshovida ham o‘zini yolg‘iz sezardi. Ehtimol, tabiatning bu tilsiz jonivori ham o‘z to‘dadagilari bilan til topisha olmagandir...
Ohu suv ichib bo‘lib ham boshini ko‘tarmadi. Suv yuzida jimirlayotgan rang­lar jilvasiga bir muddat tikilib turdi-da, keyin quralay ko‘zlarini to‘lin oyga qadadi. Xuddi oy bilan so‘ylashayotganday va so‘zlarini tasdiqlayotganday boshini silkitib-silkitib qo‘ydi. So‘ngra loyga botib qolgan old oyoqlarini yalab, yela ketdi.
Ohu o‘zidan uzoqlashgan sayin Umarshayx mirzoda uni tutib olish ishtiyoqi ortdi. U o‘ylab ham o‘tirmay, duch kelgan birinchi otga yaydoq mindi-yu, ohuni quva boshladi. Ta’qibni sezgan ohu boshini burib qaragan edi, uning tim qora ko‘zlari yana Qorako‘zbegimni eslatdi. Nima qilib bo‘lsa ham, uni tutib olish qasdida Umarshayx mirzo otiga paydar-pay qamchi bosdi. Ammo sezgir ohu undan oldinroq harakatini qilib dasht sari yuzlandi. Shamolday yelib borayotgan ohudan ortda qolmay, izma-iz kelayotgan mirzoning oti xunuk irillagan tovushdan hurkib ilkis to‘xtadi. O’zini o‘nglab ololmagan mirzo ot ustidan uchib tushdi. Old oyoqlarini osmon bo‘yi ko‘targan ot ham muvozanatini yo‘qotib, uning ustiga quladi. Og‘riqning zo‘ridan dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib, sherdek o‘kirib yubordi...
Tahlikali tunni hali o‘n sakkizga ham to‘lmagan Qorako‘zbegim bilan o‘tkazgan Umarshayx mirzo o‘z ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Xayriyat, tushi ekan. U hali ham temirchining bosqonidek ko‘tarilib tushayotgan serjun ko‘kragiga tuflab, yoniga o‘girilib qaradi. Mirzoning ehtirosli erkalashlaridan toliqqan Qorako‘zbegim hech narsadan bexabar shirin uyquda edi. U begimning tim qora ko‘zlariga soya tashlab turgan qalin kipriklariga mehr bilan nigoh tashlarkan, yana o‘sha bexosiyat tush esiga tushdi. Tavba, tush ham shunchalik aniq-tiniq bo‘ladimi? Axir, u suvlarning oy nurida jimirlashini, hurkovich ohuning tim qora ko‘zlarini xuddi o‘ngidagidek ko‘rib, o‘t-o‘lanlarning shitirlashini, xunuk irillagan tovushni o‘z quloqlari bilan eshitdi-ku...
Umarshayx mirzo zarbining zo‘ridan ne-ne bahodir yigitlar yer o‘pgan zabardast qo‘llari bilan serjun ko‘ksini g‘ijimlarkan, rahmatli otasi Sulton Abusaid mirzoning (alloh undan rozi bo‘lsin!) ovozi quloqlari ostida jaranglab ketdi: “O’g‘lim, tushda yaydoq ot ko‘rsang, ehtiyot chorasini ko‘rmoq lozim. Illo, u o‘lim sharpasidir...”.
Umarshayx mirzo to‘shakda o‘tirgancha tushini yana bir bor boshdan-oxir eslab ko‘rdi-da, shaxt bilan o‘rnidan turdi. Havo dim bo‘lgani uchun odatdagidan yengilroq kiyindi va sarmast uyquda yotgan Qorako‘zbegimni yolg‘iz qoldirib haramdan chiqdi. Eshik oldida turgan qo‘rchilarga e’tibor ham bermay, saroyning kunchiqar qismiga qarab yurdi.
Necha yildan buyon sadoqat bilan xizmat qilayotgan oftobachi mirzoning tashrifini intiqlik bilan kutayotgan edi. Umarshayx mirzo mushk-anbarlar qo‘shilib maxsus tayyorlangan suvda rohatlanib cho‘milarkan, bir zumga bo‘lsa-da, xayolini band qilgan badbin o‘ylar girdobidan xalos bo‘ldi. Lekin bu oniy lahzalar uzoqqa cho‘zilmadi. Paxtaday momiq sochiqqa artayotgan yuzlarini ko‘zguga solgan mirzo negadir unda o‘zini emas, balki qanchalik go‘zal bo‘lsa, shunchalik qahri qattiq Fotima sulton og‘ani ko‘rgandek bo‘ldi. Ehtimol, uni qiynayotganlarning boshida aynan Fotima sulton og‘a turgandir. Unda endigina bir muchalga to‘lgan Bobur mirzoning holi ne kechadi?! Ota-bobolari unga ishonib topshirgan saltanatning-chi?
Saodatli kunlari tugab, qabohatli tunlar yaqinlashayotganini ich-ichidan his qilgan Umarshayx mirzo mashvarat chaqirgani esiga tushib shoshildi.
Tong otishiga hali ancha bo‘lsa-da, mashvaratxona eshigi oldida gurunglashib turgan saroy a’yonlari ko‘rindi. Mirzo ularning uyqusizlikdan kirtaygan ko‘zlariga, horg‘inlik muhr bosgan yuzlariga qarab, bu tun saroy ahlining uxlamaganiga amin bo‘ldi. O’zi tunni qizi tenggi Qorako‘zbegim bilan o‘tkazganini eslab, ichidan g‘ijinib qo‘ydi.
Umarshayx mirzo tanobiy xona to‘riga qo‘yilgan naqshinkor kursiga o‘tirarkan, beklarga qo‘li bilan o‘tirishga ishorat qoldi. An’anaga ko‘ra, har kim o‘z mavqeiga qarab joylashdi. A’yonlarning o‘tirishini kutgan Umarshayx mirzo bir muddat nigohlarini bo‘shliqqa qadab turdi-da, keyin mashvaratga yig‘ilganlarning har birini zimdan kuzata boshladi.
Eshik og‘a Hofiz Muhammadbek do‘ldoy mirzoning ma’noli qarashlariga tob berolmay, rapidadek keng yuzida zo‘rg‘a ko‘rinadigan bit ko‘zlarini oyog‘i ostidagi qip-qizil cho‘g‘dek turkman gilamlariga tikdi. Ko‘rinishidan bekka ham o‘xshamaydigan, doimo faqir odamlardek odmi kiyinib yuradigan Xoja Husaynbekning rangpargina yuzidan mirzo hech qanday ma’no uqib ololmadi.
Saroyda eng yuqori martaba va mavqega ega bo‘lgan shayx Mazidbek esa hali u qaramasdan oldinroq mudom yoshlanib turadigan ko‘zlarini chetga olib qochdi. Uning ravish-raftorini ko‘rgan mirzoning yuragini sovuq o‘ylar shirillatib o‘tdi. 
Nahotki, tug‘ishgan birodaridan ortiq ishongan odamlari, bor davlatini bo‘lib bergan beklari, sodiqlikka qasam ichgan ahli umarosi eng qiyin pallada unga xiyonat qilsa?! Nahotki, tushida ayon bo‘lgan o‘lim sharpasi mana shu tanobiy xonada kezib yuribdi?! Uning har bir so‘zini amri vojib deb biluvchi bu beklardan qay biri mirzoni mavh etishi mumkin? Bir emas, ikki marta yovlashgan Ali Mazidbekmi?! Yo qanchalik mardona bo‘lsa, shunchalik fitnaga o‘ch Hasan Yoqubbekmi?!
Sadoqati zohir Qosimbek qavchindan gumon qilish gustohlikkina emas, aqli ko‘tohlik ham bo‘lur edi. Shuning uchun ham mirzo undan sakratgan nigohini Boboquli Bobo Alibekka qadadi. Yo‘q, garchand, ro‘za tutmasa-da, benamoz yursa-da, unga har qachon va har qaerda ishonsa bo‘ladi.
Og‘a-ini Ali Do‘st va Mirg‘iyos bugun hammadan ko‘ra xotirjamroq ko‘rinardi. Eh­timol, sirtiga suv yuqtirmay o‘tirgan ana shu mo‘g‘ul amirzodalari unga pand berishni mo‘ljallashayotgandir? Axir, xotin tomonidan mirzoga urug‘ sanalgan og‘a-inilarning har ikkalasi ham xulq-atvoriyu sovuq qiliqlari bilan hammaga otning qashqasidek ma’lum-ku. Ayniqsa, munofiqligu fitnakorlikda ularning oldiga tushadigan odam zoti yo‘q. Unday desa, kurakda turmaydigan be’mani ishlarini bilsa-da, padari buzrukvori zamonidagidek har ikkalasining hurmatini joyiga qo‘yib kelyapti-ku.
Poygakdan joy olgan Ali Darvesh bilan Qanbar Alidan mirzoning ko‘ngli to‘q. Ali Darvesh ilgari otasi Sulton Abusaid mirzo xizmatida bo‘lgan, keyin Umarshayx mirzo xizmatiga o‘tgan, sodiq beklardan ekanini bir necha bor isbotlagan. Qanbar Ali mo‘g‘ullardan bo‘lib, Axtachidan edi. Qaynotasi Yunusxon qoshida oftobachalik qilib, keyin beklik rutbasiga erishgan. Bunday odamdan yomonlik chiqishini mirzo xayoliga ham keltirolmasdi.
Ammo ko‘ngli sezib turibdi: fitna ehtimoldan xoli emas. Unga suiqasd qilmoqni diliga tukkanlar ham shu yerda, ro‘parasida o‘tirishibdi. Lekin kim bo‘lishi mumkin? Ehtimol, ular ko‘pchilikdir...
Umarshayx mirzo ikkinchi bor, faqat bu gal oldingisidan tezkor, yig‘ilganlarni ko‘zdan kechira boshladi. Nigohi, nogahon Ali Mazidbekda to‘xtaganda, ehtimol, buni kutmagandir, beixtiyor tipirchilab qoldi. Go‘shtdor burni, keng peshonasida reza-reza ter ko‘rindi. Qozonday katta sallasi ostidan do‘ng peshonasi orqali ko‘zlariga tushayotgan sho‘r tomchilarni artishga ham holi bo‘lmay o‘tirgan o‘rniga singib ketdi.
Xavotirga tushgan shayx Mazidbek nigohi bilan dalda berish uchun Ali Mazidbekdan ko‘zini uzmasdi. Biroq, u og‘ir jinoyat ustida qo‘lga tushgan odamdek boshini ko‘tarolmas, nafaqat ro‘parasida o‘tirgan shayx Mazidbekka qarashga, hatto chuqurroq nafas olishga ham hadiksirardi.
Oraga tushgan uzoq jimlikni bartaraf etish hamda shoshilinch ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni kelishib olish uchun Umarshayx mirzo zabardast mushtumiga qisqa yo‘talib oldi-da, beklarga yuzlandi:
– Xo‘jand suyining janub jonibidan cherik tortgan Sulton Ahmad mirzo va shimol tarafidan bostirib kelayotgan Sulton Mahmudxon qo‘shinlari kun sayin poytaxtga yaqinlashayotgani sizga ayondir. Hozirgina Isfara ham yog‘iy ilkiga o‘tgani haqida xabar oldik. Endi Marg‘ilondan chopar kelishiga ilhaqmiz. Agar Marg‘ilon ham yovga taslim bo‘lsa, Andijon qo‘rg‘oni xavf ostida qoladi.
Hamma birdek sukutga cho‘mdi. Faqat birinchi vazir darajasidagi eshikog‘a Hofiz Muhammadbek do‘ldoygina so‘z qotishga jazm etdi:
– Hazrati oliylari, ehtimol, tag‘in boshqa chopar yuborurmiz?
Umarshayx mirzo eshik og‘aning so‘zlarini eshitmagandek unga javob qilmadi. Nafsilamrini aytganda, yangi chopar yuborgandan ne naf? Uniyam yo yo‘lda dushmanlar ushlab olishadi, yo o‘zi yog‘iy tomonga o‘tib ketadi.
– Ertalabgacha kutamiz. Agar Marg‘ilondan biror xabar bo‘lmasa, unda... unda “qanotli choparlar”ni yuboramiz. Mashvarat tamom. Hammaga ijozat.
A’yonlar ozodlik tekkan maktab bolalaridek “gur” etib o‘rinlaridan qo‘z­g‘alishdi-yu, keyin nima qilishlarini bilmay tek turaverishdi. Odatda, mashvarat tugagach, tanobiy xonani birinchi bo‘lib Umarshayx mirzo tark etar, so‘ngra boshqa beklar chiqishardi. Hozir esa mirzo naqshinkor kursidan qo‘zg‘almas, o‘z xayollariga shunchalik berilib ketgandiki, hatto atrofi javonibida nimalar bo‘layotganini ham ilg‘amas edi.
Noiloj qolgan a’yonlar oldin eshik og‘a Hofiz Muhammadbek do‘ldoyga, keyin shayx Mazidbekka savol nazari bilan qarashdi. Eshik og‘a bir muddat taraddudlanib turgach, to‘rda o‘tirgan Umarshayx mirzoga ta’zim bajo keltirib, orqasi bilan eshik tomonga tisarildi. Shayx Mazidbekning unga taassub qilgani boshqalarga ham dalda bo‘ldi-yu, hamma birin-ketin mashvaratxonani tark etdi.
Umarshayx mirzo xayolot dengiziga shunchalar sho‘ng‘igan ediki, a’yonlar qachon chiqib ketishganini ham sezmay qoldi. Nigohini bo‘shliqdan uzib, eron va turkman gilamlari ustiga osib qo‘yilgan turli yarog‘-aslahalar, sevimli mashg‘uloti bo‘lgan shikorlardan esdalik bo‘lib qolgan har xil mo‘ynalarga qadarkan, daf’atan uni so‘ngsiz vahima chulg‘adi. Nazarida, devorga ilig‘liq kamon o‘qlari uni nishonga olayotgandek, o‘tkir tig‘li nayzalar ko‘ksiga sanchilayotgandek tuyuldi. Hadik to‘la nigohini qaerga yashirishni bilmay oyog‘i ostiga tikildi. Naqshu nigorlari har tusda tovlanib turgan cho‘g‘dek gilam uni yana xayolot ummoniga g‘arq qildi...
O’shanda Umarshayx o‘ttiz yoshli qarchig‘ay yigit edi. Necha bor jang qilib, taxtu yurt talashib, talofat ko‘rgan bo‘lsa-da, tavbasiga tayanmagan juvonbaxt mirzo yana akasiga qarshi jangga kirgandi. Qaynog‘asining madadiga tayangan Umarshayx mirzoning bu gal Samarqand taxtini egallashiga ishonchi komil edi. O’zining o‘n besh ming askariga qo‘shilgan Sulton Mahmudning o‘ttiz ming kishilik qo‘shiniga akasi Sulton Ahmadning dosh berishi amri mahol...
Uch tomondan baravar safar boshlagan cherik Shohruhiyada to‘qnashishi lozim edi. Ammo mag‘lubiyat muqarrar ekanini bilgan Sulton Ahmad piri murshidi Xoja Ahrorga odam yuborgan ekan. Behuda qon to‘kilishini sezgan fuqaro va akobirlar pushtipanohi hazrati eshon shoshilinch yo‘lga chiqqanlar. Zamonning a’jubasi bo‘lgan Ka’bai maqsudning kelishidan xabar topgan xon ham, mirzolar ham yurak yutib qonli jangga kirisholmadilar.
Ilohiy sirlar orifi hazrati Xoja Ubaydulloh o‘shanda yana bir bor karomat ko‘rsatgan edilar. Muxoraba maydoniga yetib kelgan Xoja Ahror Sulton Mah­mudxonni ham, aka-uka mirzolarni ham qoshiga chorladi. Ular yetib kelganda muborak yoshlari saksondan oshgan, qordan yaralganday boshdan-oyoq oppoq libosga burkangan hazrati eshon yerga to‘shalgan chog‘roqqina bir gilam ustida tasbeh o‘girib o‘tirardilar.
Karomati bisyor eshon janoblari avval Sulton Mahmudxonni, so‘ngra urishqoq aka-ukalarni gilamga taklif qildi. Tabiiyki, o‘shanda ular nimalar bo‘layotganini anglamayotgan edilar. Eshon hazratlari ularning sarosima to‘la ko‘zlariga bir-bir boqib shunday degandilar:
– Nechun shu kichik bir gilamga sig‘ishgan odamlar necha minglab gilam to‘shalsa joylashadigan kenglikka sig‘maydi. Basharti, uchovingiz bir gilamga sig‘ishib o‘tira olsangiz, behuda qon to‘kmoklik nechun?!
Sulton Mahmudxon hazratning bu jo‘yali savoliga ne deb javob qilishni bilmasdi. Sulton Ahmad murshidi komili eshon hazratlarining karomatlariga ichida tahsin o‘qib o‘tirsa-da, qilgan ishidan mulzam edi. Umarshayx mirzo boshini egib sukut saqlashdan o‘zga chora topolmadi.
Umarshayx mirzoni birda eshon hazratlari, boshqa safar esa, qaynotasi Yunusxon ne-ne muqarrar mag‘lubiyatlardan asrab qolgan edi. Afsuski, endi har ikkisi orada yo‘q – oxirat safarida... 
O’zini ojizu notavon sezgan Umarshayx mirzoning yuragi siqildi. Nazarida keng-mo‘l tanobiy xona ham torlik qilayotganday, ko‘kragidan zildek yuk bosib, nafas olishi qiyinlashdi. Yana bir oz o‘tirsa, shift bosib qoladigandek ilkis irg‘ib turdi.
Umarshayx mirzo chorpaxil gavdasiga qaraganda yengilroq qadam tashlab tash­qariga chiqdi. Past bo‘yi va qo‘ba yuziga mos tegirma soqollik iyagini qashlay turib ko‘zlari nogahon miltirayotgan yulduzga tushdi. U bir ko‘zga tashlanar, bir yana yo‘qlikka yuz tutardi. Negadir hozirgi holatini ana shu bemajol va benajot yulduzga mengzab, ko‘ngli buzildi. G’ayrishuuriy tarzda xotirada yana o‘sha bexosiyat tush jonlandi: tim qora ko‘zli ohuni yaqindagina nikohiga olgan Qorako‘zbegimga, yaydoq otni esa bosh xotini Fotima Sulton og‘aga qiyos qildi. Bu o‘xshatishdan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. Axir, yaydoq ot o‘lim sharpasi-ku!
Ehtimol, unga tomirida mo‘g‘ul qoni oqayotgan Fotima Sulton og‘a choh qaziyotgandir. Axir, ko‘z ochib ko‘rgani bo‘lsa-da, Bobur mirzodek valiahdning onasi Qutlug‘ Nigorxonimning saroydagi mavqei nafsoniyatiga tegayotgani kundek ayon-ku! Ehtimol, u zimdan Umarshayx mirzoga qo‘shib Bobur mirzoni ham mahv etish va o‘g‘li Jahongir mirzoni taxtga o‘tqazish rejasini tuzatayotgandir. Agar o‘n yoshli go‘dak podshoh deb e’lon qilinsa, davlat tizgini onasi Fotima Sulton og‘a qo‘lida bo‘ladi-da...
Umarshayx mirzo vahimali xayollarini unutish uchun Axsikat qo‘rg‘onining baland devorlariga qaradi. Ularga yog‘iyning ilki yetmasligidan mamnunlik tuydi. Ayniqsa, ko‘kka bo‘y cho‘zgan bu salobatli devorlar orti tubsiz jarliklardan iborat ekanligi hadik to‘la ko‘ngliga taskin berdi. Uzoqni ko‘zlab qo‘rg‘onning dashtga tutash shimol tomonidan ham ikki-uch jarlik kovlatgani yaxshi bo‘lgan ekan. Mana endi hamma tomondan berk qo‘rg‘on devoriga tarmashgan yog‘iy uchun bu jarliklar ochiq mozor bo‘lajak, inshoolloh…
Umarshayx mirzo baland devorlarga boqib ko‘ngli o‘sgancha qo‘rg‘onning g‘arbiy javonibiga qarab yurdi...

* * *

 Ayni shu damda shayx Mazidbek endigina oyoqqa turgan bemordek bo‘shashib qolgan Ali Mazidbekning qo‘ltig‘idan olib, uni qo‘rg‘onning kunchiqar tomoniga boshlayotgan edi. Bu darvozaxonaga olib boradigan yo‘lak bo‘lib, u yerda hech zog‘ ko‘rinmasdi.
– Namuncha shalviramasangiz, – norozi ohangda to‘ng‘illadi shayx Mazidbek. – Ro‘zani buzib qo‘yib, muxtasibning qo‘liga tushib qolgan mo‘mindek ko‘zingiz javdiragani-javdiragan. Sal bo‘lmasa, mirzo janoblari sezib qolishi hech gap emas edi.
– Aytishga oson, – o‘zini oqlashga urindi Ali Mazidbek. – Axir, biz o‘z valine’matimizga qarshi bosh ko‘taryapmiz. Buni bandayam, xudoyam kechirmaydi.
– Bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i sinib bo‘ldi, – xotirjam qo‘l siltadi shayx Mazidbek. – Endi tuyamijozlik qilishingizdan hech bir naf yo‘q. Hatto valine’matingizga borib iqror bo‘lsangiz ham baribir boshingiz ketishi tayin.
– Men iqror bo‘laylik deyotganim yo‘q, – darhol e’tiroz bildirdi Ali Mazidbek. – Sir ochilib qolsa-chi! Unda nima bo‘ladi. Ana shundan xavotirdaman.
Ali Mazidbek ovozida qanchalik hadigu xavotir bo‘lsa, shayx Mazidbekda shunchalik xotirjamlik hukmron edi.
– Xudo xohlasa, sir ochilmag‘ay. Avvali xudo, ammo kamina ham vaqtida tadorigini ko‘rib qo‘yganman.
– Qanday qilib?!
– Avvalambor, mening qo‘rg‘onimda sizni ko‘rganlar allaqachon Sayxundagi baliqlarga yem bo‘lgan. Soniyan, biz mirzoni qatl etmaymiz. U o‘z ajali bilan o‘ladi.
– O’z ajali bilan o‘ladi? – Ali Mazidbekning hayronligi ortdi. – Qachon Azroil kelib, jonini oladi deb kutib o‘tirsak, Sulton Ahmad mirzo bilan Sulton Mahmudxon ikkimizning ham boshimizni silamas.
– Borakallo, – mamnun jilmaydi shayx Mazidbek. – Shuni yaxshi bilarkansiz, nechun munchalar sarosimaga tushasiz. Hech nima bo‘lmagandek bemalol yuravering. Faqat menga va’da qilgan oltinlarni berishni unutmasangiz bas...
Bir hafta burun yarim tunda Shayx Mazidbek shahar chekkasidagi qo‘rg‘oniga Ali Mazidbekni chaqirtirgandi. Xavf-xatar haddan ortiq bo‘lsa-da, u beknikiga yolg‘iz borishni ma’qul ko‘rgandi. Qolaversa, Shayx Mazidbek ham shuni tayin qilgan ekan. Ikkalasi xufiya uchrashib, Sulton Ahmad mirzo bilan Sulton Mahmudxonning takliflarini maslahatlashmoqchi, ma’qul bo‘lsa, aniq bir reja tuzib olishmoqchi edi. Ular tonggacha mubohasa qilib, oqibat Umarshayx mirzoni oradan ko‘tarish bilan o‘z maqsadlariga yetishga kelishib olishdi. Faqat Umarshayx mirzoni ko‘rarga ko‘zi, otarga o‘qi bo‘lmagan Ali Mazidbek negadir, bu ishda qancha xarajat bo‘lsa ko‘tarishni, ammo o‘zi shaxsan ishtirok etmaslikni lozim ko‘rdi.
Hozir o‘sha suhbatni eslagan shayx Mazidbek Ali Mazidbekning murdanikidek oqarib ketgan yuzini ko‘rib kulgisini tiyolmadi.
– Birov o‘laman desa, siz kuladirsiz, – badtar achchiqlandi Ali Mazidbek.
– Asabni asrang, birodar, asabni, – istehzoli iljaydi shayx Mazidbek. – O’ladigan axir siz emas, Umarshayx mirzo-ku.
– Sekin so‘zlang, – qo‘rqib ketdi Ali Mazidbek, – devorning ham qulog‘i bor-a...
– Xavotir olmang, hamma beklar biz tomonda. Sizdan keyin eshikog‘adan tortib Bobo Aligacha har biri bilan alohida gaplashdim. Ularga ham bizning reja ma’qul bo‘ldi.
Nafsilamrini aytganda, shayx Mazidbek beklarni ko‘ndirishi oson bo‘lmadi. Boshda Sulton Ahmadning odamiga o‘zi ham rad javobini bergandi. Ammo goh Sulton Mahmud, goh Sulton Ahmad yuborgan odamlar kelaverib, ming turli va’dalar beraverib, holi-joniga qo‘yishmadi.
Shayx Mazidbek Umarshayx mirzo davrida ko‘ngli tusagan neki bo‘lsa, boriga erishib, davru davron surib yursa-da, botinan uni yoqtirmasdi. Shuning uchun takliflarga rozi bo‘lgisi kelar, ammo oqibatini o‘ylab ikkilanardi. Axir, nima bo‘lganda ham xoinlar begona emas: biri xonga jondek jigar, ikkinchisi qaynog‘a. Ertaga ular suiqasd ishtirokchilarini, hech bo‘lmasa el ko‘ziga, qatl etmasligiga kim kafolat bera oladi?!
Shayx Mazidbek ko‘nglidan kechgan shubhayu gumonlarni takror etib, boshqa beklar ham boshda oyoq tirab turib olishdi. Ammo u kim bilan qanday muomala qilishni yaxshi bilardi. Kimga mirzoning sarxush payti yetkazgan ozorini, kimga botiniy dushmanligini eslatib, axiyri, aytganiga ko‘ndirdi. Kajbahslik qilganlari ham Umarshayx mirzoning kuni bitganini, agar biror tasodif bilan yana taxtda qolsa-da, shu badfe’lligi-yu, urishqoqligi omon bo‘lsa, bir vaqtlar Yunusxonga taqdim qilib yuborganidek, butun Farg‘onani bo‘lak-bo‘laklab boshqalarga in’om etib yuborishini aytganda, shayx Mazidbek tomonga o‘tishdan o‘zga chora topa olishmadi.
Hamon nimadir Ali Mazidbekka tinchlik bermasdi.
– Ma’qul, bek janoblari. Ammo o‘ylangan rejani qanday amalga oshirurmiz. Boz ustiga, o‘zimiz chetda qolurmiz? 
Shayx Mazidbek yuziga tantanavor tus berib, shodon ishshaydi.
– Bir hafta ichinda Marg‘ilon bilan Qo‘qonga necha bor chopar yuborishdi. Yana deng, eng uchqur otlarda, eng tezkor choparlar. Ammo ulardan nechtasi qaytib keldi? Buni hech o‘ylab ko‘rmadingizmi, bek? – Ali Mazidbekning diqqati ortdi. Shayx Mazidbek endi unga e’tibor qilmasdan davom etdi. – Yo‘lga o‘z odamlarimizdan qo‘yib qo‘yganman. Agar choparlar xushxabar olib kelayotgan bo‘lishsa, gumdon qilishadi. Aksi bo‘lsa, o‘tkazib yuborishadi. To‘rt oyoqli jonivorlarni minib ketgan ikki oyoqli xabarchilar qaytib kelmagach, mirzoyingiz “qanotli choparlar”ini yuborishga majbur bo‘ladi...
– Buni yaxshi o‘ylabsiz, – dedi Ali Mazidbek, sal tinchlanib. – Lekin suiqasdga bu tadbirning nima aloqasi bor?
– Bo‘lganda qandoq, – jonlanib ketdi shayx Mazidbek. – Bilasiz, kabutarxona jarlik labiga qurilgan. Ishongan odamlarimga kabutarxona ostini qulashiga bir bahya qolgunga qadar kovlab, tomidagi yog‘ochlarni arralab qo‘yishni buyurganman. Mirzo janoblari kabutarlarni o‘z qo‘llari bilan uchirishni yoqtirishlari sizga ayon. Agar omadimiz kelib, bu gal ham mirzo kabutarxona tomiga chiqsalar, tom qulab tushadi. Uning zilday gavdasini ko‘tarolmagan omonatgina kabutarxona kuchli zarbdan pastga ag‘anashi turgan gap.
– Salohiyatingizga sallamno. Lekin...
– Hech qanday lekin-pekini yo‘q, – uning gapini cho‘rt bo‘ldi shayx Mazidbek. – Kabutar boquvchi ham odam ekanini, uning ham siznikidek og‘zi borligini unutmang. Qolaversa, bu olamda oltindek sariq iblisga sotilmaydigan bani odamning o‘zi yo‘q. Xudo xohlasa, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Mana endi o‘ylagan rejamizning ipidan-ignasigacha xabardorsiz. Harqalay, bir oz bo‘lsa ham o‘pkangiz bosilgandir.
– Bek janoblari, men quyonyurak emasman. Biroq bu tuzluqqa tupurish bo‘lmasmi? Xavotirim shundan, xolos.
– E, Ali Mazidbek, – yana uning ko‘zlarida istehzo uchqunladi, – hali shu yurak bilan Xonzodabegimdek sherning urg‘ochisiga egalik qilmoqchimisiz?
– Bek janoblari, haddingizdan oshmang, – Ali Mazidbekning qo‘llari beixtiyor kamariga osilgan yaroqqa yugurdi.
– Bo‘pti, bo‘pti, – shayx Mazidbek qaltis hazili zilga aylanib ketishini sezib bir oz yon berdi. – Tong ham oqarib qoldi. Borib saharlik qilaylik. Hademay mirzo hazratlari yo‘qlab qoladilar...

* * *

Kun choshgohdan oshgunga qadar sabr qilgan Umarshayx mirzoning oxiri toqati toq bo‘ldi. Ammo na Marg‘ilon va na Qo‘qondan chopar keldi. Noiloj qolgan mirzo so‘nggi chorani qo‘llab, “qanotli choparlar”ini yuborishga jazm etdi.
Umarshayx mirzo o‘n-o‘n besh chog‘li mulozim va beklari bilan janubiy darvozadan chiqqanda quyosh zaminni zabtiga olib bo‘lgan edi. Mirzoning negadir tixirlik qilayotgan otiga qamchi bosish uchun ko‘tarilgan qo‘li havoda muallaq qoldi. Nahotki, tushi o‘ngidan kelsa?! Nahotki, hali qirchillama qirqqa ham to‘lmay bu foniy dunyoni tark etsa?! Ehtimol, ostidagi arg‘umog‘i ham o‘sha tushida ayon bo‘lgan o‘lim sharpasidir va uni muqarrar o‘lim sari olib ketayotgandir...
Otliqlar jar labiga yetib kelishganda kabutarlarning bezovtaligi yanada ortdi. O’zi shunday ham ular kechadan buyon suvga ham, donga ham qaramas, yuz berishi mumkin bo‘lgan qandaydir xavf-xatarni sezgandek, o‘zlarini kabutarxona devoriga urishar, tashqariga chiqish yo‘llarini izlashardi. Kabutar boquvchi ham nimadandir bezovtalanib, oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab, o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi.
Haliyam tinimsiz xayollarini bir joyga yig‘olmagan Umarshayx mirzo Mar­g‘ilonga uchadigan kabutarning boshini silagancha kabutarxona tomiga ko‘tarildi. U zalvorli qadamlari zo‘ridan g‘ichirlab turgan zinadan yuqorilagani sayin shayx Mazidbekdan tortib kabutar boquvchisigacha hamma boshi egilib, yerdan ko‘zlarini uzolmay turishdi. Faqatgina Qosimbek qavchingina bu holdan hayratda edi. Nega ular bu qadar bezovta? Bu yerda qanday siru asror bo‘lishi mumkin?!
Qosimbek qavchin savollariga javob topguncha nimadir qarsillab sindi-yu, qo‘llariga kabutar ushlagan Umarshayx mirzo ko‘z ochib-yumguncha kabutarxona ichiga qulab tushdi. Qosimbek o‘rnidan qo‘zg‘alishga ulgurmay, jar labiga o‘rnatilgan kabutarxona pastga qarab indi. Tagi nuragan qirg‘oq ham unga qo‘shilib jar tubiga quladi. Sarosimada qolgan Qosimbek sher na’rasiga monand hayqiriqni baralla eshitdi-da, boshini sarakladi. Umarshayx mirzo kabutarxona ichida yotganicha pastga qularkan, xayolida rahmatli otasi aytgan so‘zlarning oxiri bot-bot takrorlanardi: “O’lim sharpasi... O’lim sharpasi...”.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.