OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Shomurodov. Nikoh uzugi (hikoya)

...To‘rtinchi qavatdagi uyning derazasidan mo‘ralagan tonggi quyoshning zarrin nurlari yotoqda miriqib uxlayotgan Valijonning betini beozor qizdirdi. Valijon erinibgina ko‘zlarini ochdi. So‘ng nimadir esiga tushgandek seskanib ketdi va o‘rnidan uchib turgancha stolda soatga qaradi. Soat millari  rosa yetti yarimni ko‘rsatardi. 
Valijon noz uyquda yotgan xotiniga razm solarkan:
– Tamom, kechikdim, – deya pichirladi beixtiyor. – Buning uxlashini-chi.
— Kechasi bilan uyqu bermaganingizdan keyin uxlayman-da, – degan ovozi keldi Oypopukning.
Valijon shosha-pisha kiyinib, dahlizga chiqdi. Oyoq kiyimini kiyayotgan mahal ichkaridan xotinining:
– Valijon aka, – deb chaqirgani eshitildi.
– Nima?
– Valijon aka.
– Gapiraqol, – deb baqirdi bu safar Valijon asabiylashib.
– Nega baqirasiz? – dedi muloyim ohangda dahliz ostonasida paydo bo‘lgan Oypopuk eriga hayron boqib. – Choy-poy ichmaysizmi?
– Yarim soatda ishxonada bo‘lmasam, ish pachava!
Valijon deyarli chopib chiqib ketdi.
                                     *  *  *                
Valijon avtobusning orqa o‘rindiqlaridan biriga o‘tirib olgancha ketib borayotgan edi. Shu payt tirband yo‘lovchilar orasidan bir juvon chiqib keldiyu, Valijonning naq biqinida turib oldi. Juvon yigitga avvaldan taniydiganday qattiq tikildi. Noqulay ahvolga tushgan Valijon uni eslolmadi, ammo har ehtimolga qarshi so‘radi: 
– Kechirasiz, meni kimgadir o‘xshatyapsizmi, xola?
Juvon g‘azab bilan hammaga eshittirguday tarzda o‘shqirdi:
– Xotin kishiga joy bersang o‘lasanmi?! 
Yo‘lovchilarning bir qismi yalt etib shu tomonga qarashdi.
Valijon yer yorilmaydiyu, yerga kirib ketmadi. U shosha-pisha o‘rnidan turib, ayolga joy berarkan, xijolat aralash:
— Marhamat... marhamat... — deya oldi. 
Tik turib olgan Valijonga shopmo‘ylov, bahaybat, ellik yoshlardagi, ko‘zlari atrofga olazarak boqayotgan yo‘lovchi qapishib turardi. Valijon bir-ikki marta uning gavdasini sal nari surgan bo‘ldi. Ammo xo‘mrayib olgan shopmo‘ylov atay qilayotganday battar unga tiqilgani tiqilgan edi. 
“Bungayam joy kerakka o‘xshaydi, — degan o‘y o‘tdi Valijonning ko‘nglidan. — Xuddi men yeb, u quruq qolganday o‘qrayishini...”
Valijon parvo qilmaslikka urinib,  oynadan tashqarini kuzatib ketaverdi. Ammo yo‘lovchi hadeb og‘irligini solavergach, tutqichni ushlagan qo‘llari tolib ketgan yigit axiyri chiday olmay bir amallab boshini orqaga burdi-da:
— Sal o‘zingizni ushlab turing, amaki, — dedi. 
Ammo “amaki” gap ta’sir qilmaydiganlar xilidan ekan, shekilli, Valijonga yeb qo‘yguday bo‘lib tikilarkan, palag‘da ovozda vishilladi:
— Bu avtobus, katta xolangning mashinasi emas. Yoqmasa, ana, taksida ket, uka!
Battar dili xira tortgan Valijon noiloj tishini tishiga bosdi.
Yigit shu alfozda bir amallab zarur bekatga qadar yetib keldi va yo‘lovchilar orasidan arang sirg‘alib o‘tib, avtobusdan tushib qoldi. U oyoq izlari qolgan poyabzaliga, g‘ijim bo‘lgan shimiga ham qaramasdan ishxonasi tomon yugurdi.
Qancha harakat qilmasin, Valijon ishga besh daqiqa kechikib keldi. Yigitning baxtiga bugun nimagadir boshliq shaxsan o‘zi xodimlarning vaqtida ishga yetib kelishini tekshirib chiqmabdi.
Ha, g‘alati odam-da bu Akobir aka. O‘rni kelsa-kelmasa:
— Mehnatning asosi — tartib-intizom! — deb takrorlashni xush ko‘radigan bu rahbar kunda-kunora darvoza yonida semiz daftarni ko‘tarib olgan kadrlar bo‘limi boshlig‘i Hanifa opa bilan turib olar va kimning qachon ishga kelganini belgilab qolardi.
Bunday kunlari ishga kech qolgan xodimning boshida kaltak sinardi. Akobir aka kabinetiga kelasola barcha o‘rinbosariyu bo‘lim boshliqlarini hamda kechikkan xodimlarni chaqirib, darhol o‘zi “pyatiminutka” deb atagan yig‘ilishni boshlar va odatda kamida bir yarim-ikki soat davom etadigan bu yig‘inda hamma boshini quyi eggancha intizom mehnatning asosi ekanligi haqidagi eski, siyqasi chiqqan, deyarli yod bo‘lib ketgan ma’ruzani tinglardi. Rahbar yig‘ilishni o‘zi ochar, o‘zi davom ettirar va, tabiiyki, o‘zi yakunlarkan, ishga kechikib kelgan xodimlarga hayfsan e’lon qilishni taklif etar va bu taklifini bir ovozdan ma’qullatib olgach, mamnuniyat ila majlis bayonnomasini erinmay yozib o‘tirgan Hanifa opaga qarata:
— Majlis qarorini albatta protokolga kiritib qo‘ying, — deb ta’kidlashni unutmasdi. 
Xodimlarning ko‘pchiligi ishga kechikishdan emas, rahbarning mana shu ma’ruzasini eshitmaslik uchunoq vaqtidan burunoq o‘z xonalariga yetib kelardilar. 
Shu bilan... tamom edi. Ya’ni Akobir aka xodimlar kun bo‘yi nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishi bilan unchalik qiziqmas, to‘g‘rirog‘i, rahbarning o‘zi kun bo‘yi davom etadigan qandaydir bosh-keti yo‘q yig‘inlardan beri kelmasdi. 
Injiq rahbarning “e’tibori”dan qutulib qolganidan mamnun bo‘lgan Valijon o‘rganib qolgan odati bo‘yicha barmog‘idagi nikoh uzugini aylantirib o‘ynamoqchi bo‘ldi. Ammo to‘satdan yigitning rangi dokaday oqarib ketdi. U shoshib barmog‘iga qaradi. Ha, uzuk yo‘q edi! 
Yuzini sovuq ter bosgan Valijon nimagadir kissalarini titkiladi, g‘ijimlangan pullariniyu dastro‘molini ham stolga olib, har birini birma-bir paypaslab chiqdi. Keyin “Balki shu yerga tushgandir” degan o‘yda polga to‘shalgan kulrang kigizga cho‘kka tushgancha emaklab uzukni izlashga tushdi.
Uzuk yo‘q edi.
Valijonning ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi. 
Xonaga kirib kelgan Ramazon hamkasbini mana shunday ahvolda ko‘rdiyu, qo‘rqib ketdi.
– Nima gap, Valijon? – deb so‘radi u jon holatda. 
Valijon Ramazonning savolini eshitmaganday unga garang ahvolda tikildi. So‘ng:
– Uzuk... – deya pichirladi majolsiz tarzda.
– Qanaqa uzuk? — dedi Ramazon hayron bo‘lib.
Valijon javob o‘rniga nikoh uzugi o‘rni muzday bo‘lib turgan barmog‘ini ko‘rsatdi.
– Ha, tushunarli... Yo‘qolmasidan avval shu yerda edimi? – deb so‘radi Ramazon.
Valijon unsiz bosh irg‘adi.
– Shungayam ota go‘ri qozixonami? – dedi Ramazon. – Yo‘qolgan bo‘lsa topiladi. Topilmasa, ana, marhamat, bozor to‘la uzuk.
– Nimalar deyapsan? — dedi Valijon. – Axir u xotinimdan sovg‘a-ku. Unaqasini qaerdan topaman?
– Pul bo‘lsa changalda sho‘rva, – dedi Ramazon.
– Baribir unaqasini topolmayman-da, – Valijon chuqur xo‘rsindi. – Xotinim bilsa yaxshi bo‘lmaydi. Keyin, o‘zing bilasan, bor pulni to‘yga sovurib bo‘lganman.
– Nima, uylanganingga uch oy bo‘lmay turib, xotiningdan qo‘rqib qoldingmi, a? – quvlik bilan so‘radi Ramazon.
– Nega qo‘rqar ekanman? Men uni hurmat qilaman, xolos.
– Yashavor, Valijon! – dedi Ramazon kulimsirab. – Biz erkaklar ayollarni albatta hurmat qilishimiz kerak.
– Ko‘p gapirmay, uzukni topishimga yordam bersang yaxshi bo‘lardi, – dedi Valijon jiddiy ohangda.
Ramazon bir muddat o‘ylanib turgach: 
–  Qarz ol, – dedi.
– Kimdan?
– Mendan emas, albatta. Ishxonada birortasidan.
– Be, qo‘ysang-chi, – dedi Valijon. – Bitta uylangulik holi bor ekan-ku deyishmaydimi? O‘zimiznikilardan so‘rolmayman. 
– To‘g‘ri aytasan, – dedi Ramazon boshini qashlab. – Unda boshqa yo‘li bor. Faqat aytganimni qilasan, maylimi?
Valijonning ko‘nglida umid chiroqlari yondi.
– Sen ayt, aytaver, – dedi u. – Uzuk topilsa bo‘lgani.
– Bo‘lmasa, ikkalamiz bir joyga borib kelamiz.  
– Qayoqqa?
– Yur, – dedi Ramazon eshik tomon yo‘nalib.
– Ish-chi? – dedi Valijon stoliga ko‘z tashlab.
– Senga ish kerakmi, uzukmi? 
Valijon shoshib Ramazonga ergashdi.

*  *  *
Ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatiga ko‘tarilgach, Ramazon to‘g‘ridagi eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Bir muddat o‘tgach ichkaridan ayol kishining:
– Kim? – degan ovozi eshitildi.
Eshik xiyol ochilib boshyalang, shuning uchun sochlariga oralagan oq shundoq ko‘rinib turgan  keksaroq ayol ko‘rindi.
– Sizlarga kim kerak? 
— Assalomu alaykum, — degach Ramazon sherigiga ishora qildi: – Ishimiz tushib keluvdik oldingizga. 
Ayolning ovozi yumshadi.
– Nega haykal bo‘p turibsizlar, ichkariga kiringlar, — dedi u xijolat tortgandek. – Men sizlarni soliqchilarmi deb o‘ylabman.
Ikkovlon ayolning ortidan ichkariga kirishdi.
– Bu yerda kunduzi sizlarga o‘xshagan ishi tushib kelgan hojattalablarni qabul qilaman, – deya izoh bergan bo‘ldi ayol mehmonlarga. – O‘zim dachada yashayman. Qani, o‘tiringlar. 
Ramazon bilan Valijon xona chetidagi stol yonidagi ikkita stulga o‘tirishdi.
– Shaharning manaman degan kishilari mening oldimga kelishadi. Men sizlarga aytsam, bir paytlar katta-katta ishlarda ishlaganman. Lekin ichi kir, ko‘rolmas bir-ikkita kazzob kimsalar uyushtirgan tuhmat kasriga qolib, ishdan bo‘shashga majbur bo‘lganman. Mana endi, pensiyaga chiqqach ham odamlarga nafim tegsin deb savob ish bilan shug‘ullanyapman. O‘tgan kuni bir juvonning qimmatbaho taqinchog‘ini topib berdim. Ayol bechoraning yig‘layverib, ko‘zlari shishib ketgan ekan. Undan: “Taqinchog‘ingni o‘zingdan boshqa yana kim taqardi?” deb so‘raganimni bilaman, zip etgancha uyimdan chiqib ketib yuborsa bo‘ladimi. Oradan biron soatlar o‘tib, oldimga qaytib keldi. Ha, egachi, nima bo‘ldi, xayrniyam nasiya qilib ketdingiz-u desam, nima deydi denglar. Sizga ming rahmat, opajon, taqinchog‘imni topib berdingiz. Uni qizim tushmagur o‘rtoqlarimga bir maqtanayin deb maktabiga taqib ketgan ekan, deydi-ya. – Ayol picha tin olgach, yana gapida davom etdi. – Hozir odamlar shunaqa parishon bo‘lib qolishgan...  Xo‘sh, sizlar qanaqa ish bo‘yicha keldingiz? – U mehmonlarga savol nazari bilan qaradi. 
Ramazon “o‘zing gapir” deganday sherigini turtdi. Ayol:
– Shoshmang, – dedi, – o‘zim aytaman. Sizlar mol yo‘qotgansizlar.
– Mol emas, – dedi Valijon hayron bo‘lib. – Uzuk... nikoh uzugi.
– Jim bo‘l, – dedi ayol stolga kosada suv keltirib qo‘yarkan.– Uzuk mol bo‘lmay nima? Aytdim-ku shaharning kazo-kazolari menga kelishadi deb.  
Ayol kosadagi  suvga sinchiklab tikildi. Valijon ham unga qo‘shilib kosaga ko‘z tashladi, biroq unda suvdan bo‘lak hech narsani ko‘rmagach, hayron bo‘lib Ramazonga qaradi.
– Ana! – deb birdan qichqirib yubordi ayol yigitlarning  kapalagini uchirib.
– Qani? – dedi Valijon shosha-pisha kosani qo‘liga olarkan.
Ayol undan kosani qaytarib oldi va suvga diqqat bilan tikilishda davom etdi.
– Hisob-kitobli yerda ishlarkansan, – dedi u Valijonning ko‘zlariga tikilib. – Qo‘ling har oyda pul ko‘rarkan, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – tan oldi  Valijon.  
Kutilmaganda ayolning avzoyi buzilib:
– Latta! – deya baqirdi. – Nima qilib uzukni yo‘qotib yuribsan! 
Valijon ayolning dashnomidan cho‘chib, tili aylanmay qoldi.
– Men... men bilganim yo‘q, – dedi u duduqlanib. – Kechagina o‘zimda edi. Ishga kelib bildim yo‘qligini..
Ayol yengil tin oldi.
– Voy sodda-ey, – dedi u endi kulimsirab. – Uzukni yo‘lda yo‘qotibsan-ku.
– Qaydam...
Ayol yana kosadagi suvga razm soldi.
– Ishga ko‘pchilik orasida kelibsan.
– Ha, avtobusda odam ko‘p edi, – dedi Valijon ayolning topqirligidan hayratini yashirolmay.
– U yerda kimdir senga yomon nazar bilan qaraganmidi?
Valijon nimanidir eslashga urinib peshonasini qashladi.
– Bor edi, – dedi u nimadir esiga tushganday. – Avtobusda, shundoq biqinimda bir odam bekatimgacha menga xo‘mrayib qarab keldi.
Ayol uzukni allaqachon topib berganday mag‘rur yo‘talib qo‘ydi.
– Odam bolasiyam shunchalik sodda bo‘ladimi? – dedi ayol o‘rnidan turarkan. – Xo‘mraysa jim ketaverdingmi? Bor, endi uni izlab top. Gumonim o‘shandan. O‘g‘ri hozir sen tushib qolgan bekatda sherigi bilan avtobus kutib o‘tiribdi.
Valijon shoshib o‘rnidan turasola eshikka qarab yurdi.
– To‘xta! – dedi ayol uning ortidan. – Xizmat haqqi-chi?
Valijon xijolat bo‘lib ortga qaytdi va kissasidan bir dona ming so‘mlik chiqarib, stolga tashladi.
Ayolning beti tirishdi.
– Hoy yigitcha, – dedi u qat’iy ohangda. – Men senga tilanchimanmi? Ziqnalik qilmasdan tashla.
Valijon hamkasbiga qaradi. Afti burishib ketgan Ramazon g‘oyat norozi tarzda kissasidan ikkita ming so‘mlik chiqarib, stolga uloqtirdi.

                                 *  *  *
Ramazon bekatga qadar Valijonga ergashib keldi. So‘ng negadir yuragi  dov bermay:
– Balki izlashni bas qilarmiz, – dedi. – O‘g‘rini topganimiz bilan ikki dunyodayam bo‘yniga olmaydi. Chunki senda uni o‘g‘ri demoqqa asos yo‘q. Bekorchi gap-so‘zlarni nima keragi bor?
– Qo‘rqayapsanmi? – piching qildi Valijon. – Seni ushlab turganim yo‘q. Istamasang ketaver. Ana men tushgan bekat. 
Valijonning qadamlari tezlashdi. Ramazon noiloj uning ortidan yurdi.
Bekatda odam gavjum edi. Valijon yo‘lovchilarga diqqat bilan nazar solib chiqdi. Yo‘lovchilardan biri uning harakatiga hayron qolib, barmog‘ini peshonasiga niqtab aylantirib qo‘ydi. 
Valijon birdan yelkasiga kattakon sumka osib olgan, o‘ziga taksida ketishni maslahat bergan o‘sha shopmo‘ylov yo‘lovchini va uning yonida turgan aynan o‘sha, uning joyini tortib olgan ayolni ko‘rdi! Ha, yigit adashishi mumkin emas edi. Ikkalovchi chekkaroqda turib, past ovozda nimanidir gaplashishar edi. 
“Demak, bular sherik ekan! — degan qarorga bordi Valijon. — Biri chalg‘itib turadi, ikkinchisi...”
Valijon shoshib ularning yoniga yaqin bordi va erkakka o‘qrayib qararkan:
– Qalaysanlar, o‘g‘rilar? – dedi.  
Shopmo‘ylov avval shoshib qoldi, so‘ng qahr bilar:
– Nimalar deyapsan? – dedi. — Mastmisan, nima balo!
– O‘zini go‘llikka olishini ko‘ryapsanmi buning? – dedi Valijon janjal ko‘tarilishidan cho‘chib turgan hamkasbiga qarab. So‘ng yana shopmo‘ylovga o‘girildi: – Uzukni qaerga gumdon qilding?
– Qanaqa uzuk? – dedi hamon gap nima haqidaligini anglay olmayotgan yo‘lovchi. – Sen meni kimgadir o‘xshatyapsan shekilli?
– Shekilli emas, – dedi Valijon yo‘lovchining yoqasidan olib. – Aniq sen olgansan. Ko‘zlaring bejo edi. Chiqar uzukni. Yaxshilikcha chiqarsang milisaga aytib o‘tirmayman. Bo‘lmasa qamatib yuboraman sheriging bilan qo‘shib!
Shopmo‘ylov bo‘sh kelmadi.
— Bor, qo‘lingdan kelganini qil! Agar milisa chaqir¬sang, tuhmat qilganing uchun avval o‘zingni qamata¬man!
Shu paytga qadar nima bo‘layotganini tushunol¬mayotganday bularga angrayib qarab turgan ayol to‘satdan chinqirib yubordi va dod solgancha  Valijonning yuziga chang soldi. 
— Odamlar! Ushlanglar tuhmatchini! Qip-qizil jinni-ku bu!
Valijon to o‘ziga kelib olgunicha ayolning o‘tkir tirnoqlari bo‘ynini tilib o‘tdi. 
Shopmo‘ylov ham tek turmadi. Nogahon u bo‘layotgan tomoshani hayron kuzatib turgan Ramazonning yuziga musht tushirdi. O‘ziyam gurziday musht ekan, bo‘shashibgina turgan Ramazon ikki qadam nariga uchib ketdi. 
Ayol kishi bilan teng kelib bo‘larmidi!
Valijon noiloj ortga chekindi.
Bekatdagi yo‘lovchilar bularni qiziqish bilan kuzatib turishardi.
Shopmo‘ylov  boks ilmidan xabari bormi yo ko‘cha janglari hadisini olganmi, ishqilib, tuyqus chaqqonlik bilan Valijonning qorniga ikki marta tepib  qulatdi.
So‘ng shundoq yonidan o‘tib borayotgan taksi mashina¬sini to‘xtatdi. Shopmo‘ylov bilan ayol xuddi kelishganday chaqqonlik bilan mashinaga chiqishdi. 
Mashina siltanib olg‘a intildi. 
Sharmanda bo‘lgan Valijon ixrab o‘rnidan turdi. 
Ramazonning ahvoli ham unikidan yaxshiroq emasdi. Ikkovlon chekkaroqqa o‘tishdi. 
– Bosqinchilar! – deya pishilladi Valijon. – Borib milisaga ariza berish kerak.
– Tentak bo‘lma. Bir kami uzuk qolib, endi melisaga qatnash qoluvdi, — dedi Ramazon to‘ng‘illab. 
– Uzukni shular o‘g‘irlagani aniq... 
– E, o‘sha uzugingniyam!.. – dag‘dag‘a qildi Ramazon asabiylashib. – Hammasiga o‘zing aybdorsan. Ketsa ketar bitta uzuk. Erkak degan ham xotinidan shuncha qo‘rqadimi?
Valijonning ko‘zlari pirpiradi. 
– Men xotinimdan qo‘rqmayman, – dedi u ohista. 
– Sen yaxshi odamsan, Valijon, – deya hamkasbini yupatishga urindi Ramazon. – Lekin o‘lgudek soddasan. Folbinning gapi esingdami, u seni “soddasan” dedi. Sen bo‘lsang, uning gaplariga laqqa ishonib o‘tribsan. Axir sen barmog‘ingdagi uzukni oldirib qo‘yib, sezmay qoladigan darajada ahmoq emassan-ku.
Valijon bo‘sh kelmadi.
– Unda meni nega uning oldiga yetaklab bording? 
– Men ham senga o‘xshab soddadirman-da, – iljaydi Ramazon. – Endi bundoq, hozir sen bilan boshqa joyga boramiz.
– Qayoqqa? Yana folbingami?
– Borganda bilasan. Yuraver, qo‘rqma, bu gal  hech kim do‘pposlamaydi. Qarz olib turamiz, qarz.

*  *  *
Ramazon ulkan, naqshinkor yog‘och darvozaning qo‘ng‘irog‘ini bosgach, eshikni bir mo‘ysafid ochdi.
– Kelinglar, – dedi u tavoze bilan. 
Ikkovlon qariyaga salom berib, uning ortidan hovliga kirishdi. Sirtidan oddiygina ko‘ringan hovlining ichkarisidagi hashamat Valijonni hayratga soldi. Ramazon esa ilgariyam bu yerga kelib-ketib yurgandek e’tibor qilmadi.
Qariya baxmal ko‘rpacha to‘shalgan so‘riga chiqib o‘tirib, fotiha qildi va hol-ahvol so‘rashgach,  mehmon¬larga choy uzatdi.
– Ishlaring yaxshimi? – dedi u Ramazonga. –  Bundoq kelay ham demaysan? 
– Ish ko‘p,  – dedi Ramazon piyolani qo‘liga olib. 
Qariya do‘ppisini olib, tepakal boshini qashladi.
– Xo‘sh, inim, bizga nima xizmat? – dedi u choy ho‘plarkan. 
– Bir iltimos bilan keluvdik oldingizga. – Ramazon Valijonga ishora qildi. – Do‘stimga picha pul kerak bo‘lib qoluvdi. O‘zi  yaqinda uylanib, borini sochib bo‘lgan. Shunga bir yordam qilib yuborsangiz. Agar iloji bo‘lsa, albatta.  
Qariya Ramazonning gapiga tushunmaganday hayron bo‘ldi.
– Bu nima deganing, inim? – dedi u do‘ppisini qaytadan kiyib. – Qani, sen menga ayt-chi, bu dargohdan kimningdir norizo bo‘lib qaytganini hech ko‘rganmisan?
Ramazon qovun tushirib qo‘yganday, o‘zini noqulay his qildi.
– Yo‘g‘-e. Sizning qanaqa odamligingizni hamma biladi. Shu do‘stimizgayam o‘sha saxiyligingizni ko‘rsatsangiz, devdim, xolos.
– Qancha? – dedi qariya boyadan beri odob saqlab jimgina o‘tirgan Valijonga ko‘z tashlab. 
Ramazon “gapir” degandek uni sekin turtadi.
– Yuz ming, – dedi  Valijon ming xijolat bilan eshitilar-eshitilmas ovozda.
– Yuz ming sal ko‘plik qilmasmikin? – deb so‘radi  qariya ovozini sekinlashtirib. — Yo biznes-plan aniqmi? 
— Yuz ming so‘m, aka, – darhol izoh berdi Ramazon. – O‘zimizning pulda.
Qariya Ramazonga “Kimni olib kelding?” degan ma’noda o‘qrayib qarab qo‘ydi va hafsalasi pir bo‘lganday piyoladagi choy tagini nariga sochdi. 
– Olimboy! – deya ovoz berdi chol ichkariga qarab . – Olimchik!
Uy ichkarisidan:
– Labbay, buvajon! – degan ovoz eshitildi. 
So‘ng uydan qiltiriqqina o‘spirin chiqib keldi.
U mehmonlarga odob bilan salom berib, buvasiga yuzlandi.
– Mana bu amakilaringga yordam berishimiz kerak, – dedi qariya mehmonlarga ishora qilib. – Buvingga ayt, yuz ming olib bersin.
– “Ko‘k”idanmi, buva?
– So‘mda, – deb yubordi Valijon shosha-pisha.
Bola ichkariga kirib, bir zumda qaytib chiqdi va bir tutam yirik pul chiqarib, birpasda sanab ham berdi. 
– Mana, buva,  – deya u qariyaga qo‘lidagini tutqazdi.
Qariya pulni olib, Valijonga uzatdi.   
– Ah, esim qursin, – dedi u birdan nevarasiga qarab. – Qari cholning xotirasi chatoq-da. Olimboy, bu oldi-berdingning sharti qanaqa edi?
Bola hafsala bilan  ko‘rpachaga chordona qurib o‘tirdi.
– Hozir tushuntiraman. – U mehmonlarga bir-bir ko‘z yugurtirdi. – Qo‘lingizda yuz ming so‘m pul. Buvam guvohlikka o‘tadilar. To‘g‘rimi, buva? –– Qariya tasdiq ma’nosida bosh tebratdi. – Muddati o‘n besh kun.   Yigirma foiz ustamasi bilan shu yerda sanab olaman.   
Valijonni titroq bosdi. Ovozi qaltirab: 
– Qancha?.. – dedi.  – Sal kamaytirishning iloji yo‘qmi?  
Valijon o‘tinch to‘la nigohini qariyaga qaratdi. Chol “undan so‘ranglar” degan ma’noda bolaga ishora qildi. 
– Men bitta gapiraman, – dedi bola kattalarga xos qat’iy ohangda. – Yoqmasa, ana, katta ko‘cha...

Ikkovlon qariya bilan xayr-xo‘sh qilgach,  tashqa¬riga chiqishdi. Valijon suyunishini ham, kuyishini ham bilmay arosatda qolgandi.
Yo‘lni to‘g‘ri bozor tomon solishdi. Zargarlik do‘konida Valijon oynavand rastalarga ko‘z yugurtirib, aynan o‘zining nikoh uzugiga o‘xshash uzukni uzoq qidirdi. 
Sabri chidamagan Ramazon:
– Nima, senikidaqa uzuk dunyoda bitta ekanmi? – dedi to‘ng‘illab.  – Bittasini tanlasang-chi. 
 Valijon axiyri bir uzukni tanladi. Ammo ko‘ngli unchalik to‘lmayotgani nigohidan sezilib turardi. Qolaversa, bolakaydan olgan qarzi ham uzukka yetmaydi. U Ramazonga jovdirab qaradi. 
Cho‘ntagidan so‘nggi pullarini chiqargan Ramazon:
– Jin ursin! – dedi xuddi jonini sug‘urib berayotganday. –  Bilib qo‘y, bu pul meniki emas, xotin akaniki. Bir narsa buyurgandi. Bir kun aldarman, ikki kun. Lekin uchinchi kuni pul qo‘limda bo‘lishi shart! 
Valijon shosha-pisha bosh irg‘adi. 
Baribir, bir olam ishlar yig‘ilib qolgan ekan. Shu sababli Valijon bilan Ramazon yumush vaqti tugagan¬dan keyin ham qolib, ikki soatcha ishlashga majbur bo‘lishdi. 
Axiyri hammasi tugadi.
Ikkovlon shoshib ko‘chaga chiqishdi. 
Valijon bu safar yo‘lovchi kam, o‘rindiqlar deyarli bo‘sh avtobusda qaytdi. Shunday bo‘lsa ham yo‘l bo‘yi uzuk taqilgan qo‘lini mahkam musht qilib tugib keldi. 
Mana, qadrdon uy. Qadrdon eshik. Qadrdon eshik qo‘ng‘irog‘i.
Oypopuk yayrab-yashnab eshikni ocharkan, o‘pkalagan ohangda dedi:
— Voy, namuncha kechikdingiz? Xavotirga tushdim... 
– Mana, keldim-ku, – deya jilmayishga urindi Valijon.
– Sizga nima bo‘ldi? –Oypopuk erining charchoqdan kirtayib qolgan ko‘zlariga diqqat bilan tikildi.
– Ish ko‘payib ketdi, – o‘zini oqlashga urindi Valijon.
– Ishingiz erta tugardi...
– Ishdan keyin ham ishlashga to‘g‘ri keldi.
To‘satdan Oypopuk erining qo‘liga qaragancha dong qotib qoldi. 
Kelinchak ichida nimadir “cho‘rt” etib uzilganday eriga garangsib, karaxt ahvolda, o‘z ko‘zlariga ishonmayotganday tikildi. 
Oypopuk banogoh “oh” tortib yubordi va erining qo‘lidagi uzukka ishora qilarkan:
— Demak, yana bitta oilangiz bor ekan-da... —  deya behol shivirladi rangi quv o‘chib. 
— Ha, bumi? — beparvo ohangda gapirishga urindi Valijon. — Bu o‘zing sovg‘a qilgan uzuk-ku.  
Oypopuk hamon karaxt ahvolda xalati cho‘ntagini timirskilab, nihoyat tilla nikoh uzugini chiqardi va ohista pichirladi:
— O‘zim sovg‘a qilganni kecha kechasi hazillashay deb olib qo‘ygandim. Mana u. Barmog‘ingizdagi boshqa...
Valijon jon-jahdi bilan izoh berishga chog‘landi. Ammo Oypopuk to‘satdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi va ikkala kafti bilan yuzini berkitgancha ichkariga chopib kirib ketish oldidan temir eshikni erining yuziga qarsillatib yopdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.