OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zokir Xudoyshukur. Uzilmagan qarz (hikoya)

Xoliyor ovchining, uch-to‘rtta ovchi jo‘rasini hisobga olmaganda, do‘sti yo‘q hisob. Uning do‘sti — tog‘u tosh, hayvon, giyoh va o‘t-o‘lan. Qirq yilga yaqin ovda yolg‘iz yuraverganidan odamlardan uzoqlashib, tabiatga yaqinlashdi. Ba’zida o‘zini borliqning tanho egasidek tutishi shundan.
U yana ovga chiqmoqchi. Farzandlari, kampiri “Bo‘ldi endi, to‘xtating, qarib qoldingiz”, deb qarshilik qildi. Qaerda deysiz, ovchi qarigani bilan qaysar fe’li qarimac ekan-da:
— Ular mening “qoramdan” cho‘chiydi, — dedi egardan tushgici kelmay.
— Qarigan arslon tulkiga yem bo‘ladi, — dedi kampiri ecki hazilkashligini qo‘ymay.
— Meni qariganga chiqaryapsanmi, kampir?! Hali eh-he...
Ovchi bilganidan qolmadi. Qo‘shotar miltig‘i, tuzoq va yemakni orqalab jo‘nadi-ketdi.
...Toqqa ko‘tarilmoqda. Ilonizi yo‘lning oxiri ko‘rinmaydi. Oldinlari bu yo‘lni darrov bosib o‘tardi. Bugun yo‘l unmay qoldi. Nima bo‘ldi o‘zi? Yoki kampiri aytganidek qariyaptimikin? Buning ustiga ko‘ngli alag‘da. Birpas dam olmasa bo‘lmaydi, shekilli. U shu xayollar bilan har gal ko‘raverib, qadrdon bo‘lib qolgan xarsang ustiga chiqib cho‘zildi. Xayollari yana uzoqlarga uloqdi...
Yigirma yoshida otadan ovchilikni oldi. O‘ziga yarasha marosim bo‘lgandi o‘shanda. Otasining besh-o‘nta ovchi jo‘ralari kelishdi. Ular yigitni o‘rtaga olib, rosa nasihat qilishdi.
— Bolam, ovchining do‘sti — miltiq, yori — miltiq, — dedi ota boshini sarak-sarak qilib. — Uyi — tog‘u tosh, dala-qir. Bilgani — ov. Ammo “ov”, degani, jonivorlarni bo‘lar-bo‘lmas o‘ldirish emas. Unda bu jallodlik bo‘lib qoladi. Ovchi — tabiat farzandi. Shuning uchun bularning hisobini olishi, tabiat uyg‘unligiga putur yetkazmasligi kerak. Bu yil qaysi hayvon ko‘p, qaysi kamyob — hammasini bilishing zarur. Agar shuni bilmasang, ovchilik qilmaganing ma’qul. Haqiqiy ovchi tabiat jallodi emas, tabiat qo‘riqchisi bo‘ladi, bolam...
— Jo‘raqul mergan to‘g‘ri aytdi, — dedi Qarg‘a mergan laqabli ovchi. U ovchilar bilan bahslashib, qarg‘aning ko‘zidan otgani uchun shu laqabni olgan. — Tabiat muvozanati ovchi zimmasida. Buni fahmlash uchun o‘tkir aql kerak. Esimda: bir yili qish qattiq keldi. O‘shanda bilgan-bilmagan ov qildi. Hayvonu qush kamaydi, tog‘ huvillab qoldi. Ayiq tog‘ni tashlab ketibdi, degan gap chiqdi buning ustiga. Eshitishimcha, ayiq hayvonlar piri emish. Agar u tog‘ni tark etsa, bilginki, hayvonu qush barisi tog‘ni tashlab ketadi.
Ovchilarning ko‘ngliga xavotir tushib, jonliq so‘yib, toqqa borishadi. Maqsad — ayiq ko‘nglini ovlash bo‘lgan. Qurbonlikni belgilangan joyda qoldirishadi. Ammo bir necha kun o‘tsa-da, ayiq kelmaydi. Chunki u odamlardan norozi bo‘lgan. Keyin nima bo‘ldi, deng? Bir necha yil tog‘u daralarda ovga arzirli hayvonu qush ko‘rinmadi hisob. Faqat qarg‘ayu quzg‘un, tulkiyu to‘ng‘izlar kezib yurdi. Yillar o‘tib, bari iziga tushgan. Shuning uchun, bolam, ovchi otishdan oldin hisob yuritishni, qahr qilishdan oldin mehr qo‘yishni bilsin ekan...
Ovchilar nasihat qilib, bilganlarini o‘rgatishdi. Shundan so‘ng asosiy marosim boshlandi. Otaning “Senga ovchilikni berdim”, deyishi bilan ish bitmaydi. Merganlardan biri qirg‘iyni xonaga olib kirdi. So‘ng yigitga: “Uning ko‘ziga tikil!”, deyishdi. Agar qaysi taraf birinchi bo‘lib ko‘zini olib qochsa, mag‘lub hisoblanadi. Qirg‘iy yutqazsa, yigit ovchilikka munosib. Xudo ko‘rsatmasin, yigit mag‘lub bo‘lsa, ota har qancha urinmasin, merganlar uni ovchi, deb tan olishmaydi. Ular rozilik bermagach, ovchilik qilishdan ma’ni yo‘q. Ko‘pning duosini olmagan ovchini o‘rda yo qirda to‘ng‘izmi-bo‘rimi tilkalab ketsa, ajab emas.
Yigit qirg‘iy bilan bahs boshladi. U qirg‘iy ko‘zlarida tog‘u toshlarni, daralarni va ularda o‘rmalagan har bir jonlini ko‘rgandek bo‘ldi. “Nahotki, jonivorning ko‘zi shunchalik tubsiz va sirli bo‘lsa”, deb o‘yladi. Buning ustiga o‘zida kuch tuygandek. Nazarida, qushning o‘tkir ko‘zi o‘ziga ko‘chganu, sinchiklab tikilsa, uzoqlarda qimirlagan jonivorni-da ko‘radigandek.
Nihoyat, qirg‘iy ko‘zini olib qochdi. Davradagilar yigitni olqishladi. Uni safiga qabul qilishdi...
Ovchi xarsangga tayanib, o‘rnidan turdi. O‘zini ellik yil oldingidek kuchli va o‘ktam his etmoqda. Shu dadillik bilan ildam yurdi. Kechga yaqin tog‘ning narigi tomonidagi archa yog‘ochidan qurilgan kulbasiga yetib oldi. Toliqqani uchun ul-bul yegach, uxlashga tutindi.
Tun yarmidan oqqanda bo‘rining “uv-v”lashidan uyg‘onib ketdi. Ovoz shu yaqin atrofdan kelmoqda. Qo‘li miltiqqa yugurdi. So‘ng kulba darchasidan yon-atrofga tikildi. Garchi zimiston kecha bo‘lsa-da, uning o‘tkir ko‘zlari ikki yuz qadam naridagi bahaybat bo‘rini ilg‘adi. Nimagadir jonivor tanishdek ko‘rinmoqda. Uni qachon, qaerda ko‘rgan edi?!
Ha, esladi: bunga besh yilcha bo‘ldi. U paytlarda jonivor hozirgidek haybatli emas, kichikroqmidi-yov. O‘ cho‘chigani uchun shunday ko‘rindimi?..
    O‘shanda ovdan qaytayotgandi. Bo‘rilarning ochiqqan, ovga chiqqan payti ekan. Uch-to‘rttasi atrofidan o‘rab keldi. Odam qo‘rqmadi. Miltiqqa o‘qni joylab, ularning hujum qilishini kutdi. Yirtqichlar ikkilandi, shekilli, bunga jur’at qilishmadi. Buni sezgan odam dadillandi. Kutilmaganda yosh ona bo‘ri tashabbusni qo‘lga olib, o‘tkir tishlarini ko‘rsatib, yaqinlashdi. Boshqalari bundan ruhlanib, xalqani siqib kelaverdi. Odam ona bo‘rining peshonasini nishonga oldi, tepkini bosdi. Bir zumdan so‘ng bo‘ri yiqildi, boshqalari qochdi. Faqat yosh bo‘ri, balki juftidir, ha, jufti edi, qochmadi. Qonga belangan jasad atrofida aylanib chopaverdi, chopaverdi. Ahyon-ahyon odamga qarab qo‘yib, yana chopardi. Bu hol ko‘p takrorlanganidan odam hisobdan yanglishib ketdi.
Ovchi unga bazo‘r qaradi, bo‘ri ham o‘tkir ko‘zlarini qadadi. Ikkisi ham bir-birining ko‘nglida kechayotgan gaplarni uqmoqda.
— Juftimni o‘ldirding, — dedi bo‘ri.
— O‘zimni himoya qildim, majbur bo‘ldim, — dedi odam.
— Uchta bolam bor, qanday boqaman?..
— Bilmayman...
— Qasd olaman, seni tilkalayman!..
— Bilganingni qil...
Odam yoshli ko‘zini olib qochdi. U shundan keyin bu ishidan afsus chekib yurdi. Buning ustiga ishlari ham orqaga ketdi. “Bo‘rining uvoli tutdimikan”, deb o‘ylardi u. Ketma-ket kelgan ko‘ngilsizliklar ovchini gangitib qo‘ydi. Ovi ham yurishmay qoldi. Qo‘shnisi bilan “sen-men”ga borgani hammasidan oshib tushdi. U noinsof “Merganning uyida qurol bor, o‘zim ko‘rdim”, deb yozib beribdi. Ovchi bundan bexabar.
Ish sudga oshirildi. Brokonerlikda ayblanib, bir yil o‘tirib chiqdi.
... Bo‘ri kulbaga yaqin keldi. Ko‘zlar yana to‘qnashdi.
— Meni tanidingmi? — bo‘rining ko‘zidan allaqanday o‘t chaqnardi.
— Tanidim! Shuncha yil qaerda eding? — odam uning ko‘zidagi bu o‘tdan taajjubda edi.
— Seni ko‘zdan qochirganim yo‘q, doim kuzatib yurdim, sen payqamading.
— Bolalaring tirikmi?..
— O‘sha yili qish qattiq keldi. Ikkitasi nobud bo‘ldi, birini zo‘rg‘a asrab qoldim.
— Hozir u qaerda?..
— Shu yerda! Uni qasoskor qilib tarbiyaladim. Seni yaxshi taniydi.
— Bilaman, bo‘rining qasdi qattiq! Shahdingdan qaytish niyating yo‘q! Lekin bir narsani hech tushunmadim. Nega shu paytgacha indamasdan, endi shu ishni qilmoqchisan?
— Sababi bor...
— Nima qilmoqchisan?..
— Bilmayman! Hali ko‘zing o‘tkir, qo‘llaring kuchli, baquvvat! Kuchdan qolishingni kutsam kerak...
 Bo‘ri beixtiyor ortga chekindi. Odam cho‘kkalab qoldi. U bo‘rining ovga chiqqanligini tushundi. Ko‘ngliga vahima oraladi. So‘ng: “He, ovchi bo‘lmay o‘l, shuncha yil ov qilib, hech narsadan cho‘chimading, endi kelib-kelib qari yirtqichdan cho‘chiysanmi”, deb qaddini rostladi.
Peshingacha uning ovi baroridan keldi: o‘ntacha kaklik, quyon, tustovuq otdi. Lekin ko‘ngli notinch. Bir — uyga qaytsammi, degan o‘yga bordi. Bu safar ham qaysarligi ustun keldi, qaytmaydigan bo‘ldi. Shu o‘ylar bilan tosho‘choq yacashga tutindi. Uch-to‘rtta toshni qaladi. Nariroqda turgan toshga qo‘l uzatdi. Xayol bilan tosh tagiga qo‘l yugurtganini bilmay qoldi. Barmog‘i “jiz” etdi. Hushyor tortgan ovchi toshni ko‘tarib qaradi va zahar boylagan “qora qurt”ni ko‘rdi. Ha, bu juda zaharli hashorat. Har qanday jonivorni o‘ldiradi, odam nima bo‘libdi. Ovchi bir zum shoshib qoldi. Tezda chorasini ko‘rmasa, halok bo‘lishi mumkin. Shartta pichoqni qinidan chiqarib, o‘rgimchak chaqqan joyni tilib yubordi. Bu bilan qanoatlanmasdan, kulbasida saqlab qo‘ygan giyohlardan malham tayyorladi. Shundan so‘ng ko‘ngli bir oz xotirjam tortgandek bo‘ldi.
O‘ziga kelgan ovchi yana ovga chiqdi. Bu safar u yirik tog‘ echkisining ortiga tushdi. Unga pisib yaqinlashdi. Mo‘ljalga yaqinlashgach, qulayroq yerga joylashdi. Qo‘shotarni o‘qlab, nishonga oldi. Qancha urinmasin, avvalgidek ko‘rolmadi. “Qaridimmi, yo o‘rgimchak zahri ta’sir qildimi”, deb o‘zicha ming‘irladi. Mo‘ljalni tusmollab otdi. Hushyor jonivor chap berib, toshdan-toshga sakrab, cho‘qqi tomon chopqillab ketdi. Ovchining birinchi marta o‘qi tegmadi, birinchi marta o‘zini g‘arib his etdi.
Qaysar chol chekinmadi. Xuddi tog‘ echkisi kabi toshdan-toshga o‘tib, unga ergashdi. Hech toymaydigan oyog‘i toydi. Muvozanatni tutolmadi, gursillab toshlar ustiga yiqildi. Beli “jizillab” ketdi. So‘ngra emaklay-emaklay pastga qaytib tushdi. Og‘riq zo‘raydi. Yana emaklay boshladi, kulbaga hali ancha bor. U sudralib borar ekan, “tanish” bo‘rining paydo bo‘lganini sezmay qoldi. Yalt etib unga qaradi. Bo‘rining ko‘zlaridagi o‘t alangadek bo‘lib ko‘rindi.
— Shuni kutayotganmiding, — odam ma’yuslandi.
— Besh yil kutdim buni, — bo‘rining harakatlari jonlanib qolgandi.
— Nima qilmoqchisan?
— Tilka-pora qilaman!..
— Osongina jon beradi, deb o‘ylaysanmi?!
— Endi avvalgidek shashting yo‘q, ovchi! Zahar taningni yemirmoqda.
— Qaydan bilding?
— Soyangdek yuribman, bilaman-da...
Bo‘ri tashlanmoqchi bo‘lgandek qaddini rostladi. Odam buni payqab, miltiqqa qo‘l cho‘zdi. Ikkisi-da bir-birining ko‘ziga boqib turibdi.
— Kelaver, kim yutarkan...
— O‘lsam ham qaytmayman...
— Nahotki, shu arzimas qasosni, deb o‘limni bo‘yningga olsang?
— Arzimagan ish emas bu! Sen uchun arzimasdir, lekin men uchun umrim mazmuniga aylangan.
— Qo‘rqayapti, dema, o‘ylab ko‘rmaysanmi?
— Bu so‘nggi ovni qanchalik kutganimni bilmaysan-da sen...
— Rosti, men ham so‘nggi ovga chiqayotganimni sezgandim. Ammo sen bilan to‘qnashib, sen bilan olishishimni bilmagandim, bo‘ri!
— Odam bolasi ko‘kda uchgan yulduz sirini topadi-yu, oyog‘i tagida turgan o‘lim sharpasini sezmaydi, payqamaydi. Orzu istaklarga o‘chligi uning ichki sezgisini zararlagan, ishdan chiqargan.
Bo‘ri ortga burildi. Bo‘ynini ko‘kka cho‘zib, uzoq-uzoq uvladi. Uning “uv-v”lashini ko‘p narsaga yo‘yish mumkin edi. Avvalo, yirtqich qasos onlari yaqinlashganini his etmoqda. Ovchi bu o‘ydan yengil seskanib qo‘ydi. Kulbaga kirgach, qo‘shotar va pichoqni ko‘zdan kechirib, o‘ziga qulayroq joyga qo‘ydi. Chunki har dam g‘animat. Qasoskor bo‘ri kutilmaganda yana paydo bo‘lishi va tashlanib qolishi mumkin. Ammo bir narsa tushunarsiz. Nega yerda cho‘zilib yotganida tashlanmadi? U yana nimani kutayapti, nega qasosni cho‘zadi?!
Uzoq o‘yladi. Nihoyat, sababini topgandek bo‘ldi. Bo‘ri bolasining qasos olishiga imkon bermoqchi. Buning uchun ovchining yanada holdan toyishini kutmoqda. Bu o‘ylar ovchini ruhan cho‘ktirdi. Buning ustiga o‘rgimchak zahridan to‘la xalos bo‘lmagan, shekilli, oz-ozdan holdan toyib bormoqda. Ayniqsa, tun yarmidan oqqanda butun a’zoi badanida og‘riq turdi. Ana, endi hammasi tamom, deb o‘yladi u. Biroq shu holida ham bo‘ri bilan bo‘ladigan to‘qnashuv haqida o‘ylashdan to‘xtamadi.
Tongda o‘rnidan behol qo‘zg‘aldi. Tanasida qattiq og‘riq bor. Tashqaridan kelayotgan bo‘ri “uv-v”lashi so‘nggi ovga — hayot-mamot janggiga chaqiriqdek bo‘lib tuyuldi. Ovchi o‘rnidan turdi, kulbadan chiqdi. Axir, shuncha yillik ovchi bo‘la turib, bu chaqiriqni qabul qilmaslik uyat! Kulbadan ellik qadamcha narida turgan ikkita bo‘rini ko‘rdi — biri qari, ammo juda tajribali va ayyor, ikkinchisi navqiron va shijoatli.
Ikki qariyaning ko‘zlari yana to‘qnashdi.
— Holing shu ekan-ku, — dedi bo‘ri.
— Ha, juda yomonman, — dedi odam.
— Nihoyat, qasos onlari yaqin...
— Kim bilan kurashaman? Ikkalang tashlanasanmi?
— Yo‘q! Aslida seni o‘zim tilka-pora qilishim kerak edi. Ammo bu imkonni bolamga beraman. Chunki u mendan kam azob chekmadi. Onasi yo‘qligi uchun necha bor o‘lim bilan yuzlashdi. Ha, u urushadi!
— Tajribali qariyaga qarshi navqiron bo‘ri tusharkan-da?
— Bu cizlarning aqidangiz. U bizga to‘g‘ri kelmaydi. Kim ko‘proq haqli bo‘lsa, o‘sha qasos oladi! Bolam mendan ko‘ra haqliroq....
Jang boshlandi. Yosh bo‘ri abjirlik bilan sakradi, chol chap berdi. Yana sakradi. Bu safar odam pichoq bilan uning oyog‘ini tilib yubordi. Yirtqich ayanchli ovozda yaqinlashdi-da, odamning chap qo‘liga chang soldi. Odam og‘riqdan ingrandi va pichoq bilan yana jarohat yetkazdi. Ikki tomon ham holdan toymoqda. Ularni sokinlik bilan kuzatib turgan qari bo‘ri ko‘kka qarab “uv-vv”ladi. Keyin o‘tkir ko‘zlarini odamga qadadi, odam-da unga qarab turardi.
— Qiyin bo‘ldimi, — dedi bo‘ri.
— Bolang abjir ekan, — dedi odam.
— Hali ancha g‘o‘r ekan, bilinib qoldi...
— Endi nima qilamiz?
— Bugunga yetadi. Ertaga men bilan olishasan!
— Unda qoida buzilarkan-da?
— Qoidani odamlarning o‘zlari to‘qib olgan. Uning bizga aloqasi yo‘q...
Ota-bola bo‘rilar chopqillab ketishdi. Ovchi zo‘rg‘a kulbaga kirdi. Yana bir kun kutadi, yana bir kun yashaydi.
Tongda paydo bo‘lgan bo‘rilar yana “uv-v”lab, ovchini jangga chorladi. Ruhan va jismonan toliqqan ovchi kulbadan zo‘rg‘a chiqdi. Ikki juft ko‘z yana to‘qnashdi.
— Bugun hammasiga chek qo‘yamiz, — dedi bo‘ri.
— Ha, shunday qilamiz, — dedi odam.
— Aytadigan gaping yo‘qmi?
— Bor! Tabiatdan qarzim bor, shuni aytmoqchiman, xolos!
— Qarzing ko‘proq mendan, bolamdan, shunday emasmi?!
— Shunday, bo‘ri, shunday!..
— Qoning bilan yuvasan buni!..
Bo‘ri tashlandi, ovchi zo‘rg‘a chap berdi. Ikkinchi hamlada odamning qorniga o‘tkir tishlarini botirdi. Ovchi og‘riqdan g‘ujanak bo‘lib qoldi. Shu holida ham pichoqni mahkam tutib, yirtqichning yana hujum qilishini kutmoqda. Bo‘ri yugurib kelib sakradi-yu, odamning bo‘g‘ziga chang soldi, ovchi esa pichoqni bo‘rining tomog‘iga sanchdi. Ikkisi ham yiqildi. Zum o‘tmasdan ko‘p bor to‘qnashgan ikki juft ko‘z xira tortdi...
Yolg‘iz qolgan yosh bo‘ri “uv-v” tortib tog‘u daralarni titratdi, so‘ng ko‘zdan yo‘qoldi. Shu orada otasining hayallab qolganidan xavotir olgan katta o‘g‘li yetib kelib, hammasidan voqif bo‘ldi. Mayyitni ulovga ortib, qishloqqa enib bordi. Ovchini so‘nggi manzilga yaxshi xotiralar bilan kuzatishdi.
Janoza oldidan katta o‘g‘il mojaro qildi: “Otam bir umr qo‘shotar miltiqni qo‘lidan qo‘ymadi. Shuning uchun miltiqni birga ko‘mamiz”.
— Bo‘lmaydi, — dedi mulla. — Unda janozani o‘qimayman!
— O‘qiysan, — deb o‘g‘il unga zug‘mkor ko‘z tikib. Mulla noiloj rozi bo‘ldi. “Kimdan qarzi bor”, deyilganda hech kimdan sado chiqmadi. Shunda kimdir “Ovchining odamlardan qarzi yo‘q, qarzi bo‘lsa faqat jonivorlardan bo‘lishi mumkin”, dedi. O‘g‘il o‘ylanib qoldi. U “Otamning tabiatdan qarzi bo‘lsa, demak, men ham ovchi bo‘lishim va bu qarzni uzishim kerak. Ovchi uchun qo‘shotar kerak bo‘ladi”, degan o‘yga bordi. Keyin miltiqni ko‘mish fikridan qaytdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.