OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zoyir Mamajonov. Eringizga gap yo‘q (hajviya)

G‘ulomov avval soatiga, so‘ng atrofga qaradi. Bino yonidagi maydonchada turgan yashil «Jiguli»ni ko‘rib: «Shu, o‘zi. Mendan oldin kelibdi-da», degan gap ko‘nglidan kechdi. Mashinadan tushib lanj kayfiyatda qo‘sh tabaqali, oynavand eshik yoniga bordi. Ichkariga zimdan tikilib turganida, chiqib kelayotgan kotibaga ko‘zi tushdi.
— Abdievni ko‘rmadingizmi, opa?
— Kimni dedingiz? Lunjlari osilgan, gavdasi qo‘pol qora yigitmi? — Kotiba ikkinchi qavatga ishora qildi. — Shu yerda yuruvdi. Kecha eshitdim. G‘ulomovning o‘rnini tortib oluvdi, endi qaytarib beryapti, deyishdi.
— Kecha eshitdingiz? Kecha ham shu yerdamidi Abdiev?
— Ha, shu yerda edi... Bir iltimosim bor edi. Xo‘jayinimni ishga oling. Bilasiz, qo‘l ostingizda ishlagan. Sizdan keyin shtati qisqardi.
— Bu yog‘i bo‘laversin-chi, ko‘ramiz. Eringizga gap yo‘q. Kattaning oldida odam bormi, opa?
— Bor. Nimanidir hal qilishayotir. Abdievingiz tunov kuni tog‘dan kelgan ikki kishi bilan kelib o‘tirdi. Xaltalarini burchakka qo‘ydi. Sug‘ur moyi olib kelibdi. Hidi biram badbo‘y, biram badbo‘y...
— Katta qabul qildimi?
Ayol bosh chayqadi.
— Qabul qilmadi. Ishdan chiqqach, yo‘lakda gapga tutmoqchi bo‘lishdi. Katta gapni cho‘rt kesdi. «Bu masalani qonun hal qiladi. Men hal qilolmayman», dedi. Tog‘liklar xaltalarini orqalashgancha ketishdi. Abdievingiz ularga ergashdi.
Kotiba ketdi. Zinapoyadan yana oyoq tovushi eshitildi. G‘ulomov shoshib o‘zini chetga oldi. Ko‘ngli g‘ashlandi: «Eh, Abdiev, Abdiev! Nonko‘r!»
Jamoa bir vaqtlar uni «Gapi sassiq! Ko‘ngli ko‘mirdan ham qora! Odamlarni bir-biriga sotadigan buzg‘unchi! Nafsi yomon, o‘lguday ta’magir. G‘araz, piching uyasi!» deb ishdan haydashni talab qilgandi. O‘shanda Abdiev gangib qoldi.
«Yoshlik qildim, — deb ko‘ziga yosh oldi u. — Meni kechiringlar. Xatolarimni tushundim oxirgi marta imkon beringlar. O‘tinaman...»
Abdievga hammadan ko‘proq G‘ulomovning rahmi keldi. So‘nggi marta sinab ko‘rishga jamoani ko‘ndirdi. Bola bir yanglishdi, uni haydasak o‘zimizning sha’nimizga ham past-baland gaplar yuqtirgan bo‘lamiz, dedi. Jamoa bundan keyin biror gap chiqsa o‘zingiz javob berasiz, deb G‘ulomovning zimmasiga mas’uliyat yukladi. O‘shanda u sog‘ boshiga saqich yopishtirganligini bilmagandi. Endi esa pushaymon.
Shu Abdiev deganlariga dastlab qanday duchor bo‘lganligini xotirlaganida, G‘ulomovning ko‘z o‘ngida uning tog‘lik kal tog‘asi jonlanadi. U o‘zini dunyoda yagona bag‘ri keng, ko‘ngli ochiq qilib ko‘rsatib jiyanining o‘rtasiga tushib kelgan edi. Qanday qilib uyiga bosh suqdi, aqlini oldi, G‘ulomov buni sezmay ham qoldi. O‘shanda u G‘ulomovning yuzidan cho‘lpillatib o‘pdi. Qo‘lidagi savatni ochib:
— Otangiz betob ekanlar, aytmaysiz ham, katta, — dedi. — Mana bu ozroq na’matak bilan shotut mayizi. Bir ko‘rsinlar otangiz! Dard deganni qilichday shirpillatib kesadi. Sug‘urning moyi kerakmi, olqorning talqonimi — bemalol aytavering!
Bir kiyik bolani so‘yib keldim. Buyam bizga dehqonchilik-da, katta!
So‘ng, mehmon G‘ulomovga qaysidir davrada birga o‘tirishganini eslatdi.
— Haligacha ta’rifingizni qilib turamiz. Kiroyi inson G‘ulomovdek bo‘lsa, deb yuramiz. Sizdagi kamtarlik, sizdagi insongarchilik, sizdagi oqibat, to‘g‘risi, ko‘p odamlarda yo‘q, G‘ulomov aka... kechirasiz, katta!
Gurung qizib, dunyoda gap qolmadi hisob. Mehmon tog‘ jonivorlari-yu, ko‘katlarigacha — hamma-hammasining turfa xosiyatini sanab chiqdi. Gap omadi kelib o‘rmonchilar o‘rtasida ham nizolar bo‘lib turishidan, masalan, tog‘a-jiyan bo‘lgan duppa-durust ikki yaqin qarindosh qorovullik talashib bir-birining ustidan yozayotganligidan, eng yomoni, ularga o‘chakishib boshqalari ham kavla-kavla qilayotganlaridan nolidi. Bu mavzu G‘ulomovni iyitdi. Bir ig‘vogarni qanday tinchitganligini hikoya qilib berdi.
— Bir mahal deng, ustimdan imzosiz xat tushdi. Tekshirishda fakt tasdiqlanmadi. So‘ng ochiq imzo bilan yana shikoyat yozildi. Bu safar ham tasdiqlanmadi. Komissiya shikoyatini qisti-basga oldi. «Tavba qildim, meni ishga solganlar o‘zlarini panaga olib qochishdi, yakkalanib qoldim», deb o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shab ketdi...
Mehmon tavoze bilan G‘ulomovning gapini bo‘lib uning yelkasiga qoqdi.
— Surobini boplab keltiribsiz, katta. He, bu odamlarmi, bo‘sh kelsangiz, tepkilashib bosib o‘tib ketishadi. Ishga olayotganingizda bilmasangiz-da! Odam yanglishadi! Birovning qaydaligi peshonasiga yozib qo‘yilmagan-da!.. Bizning bir jiyan bor, G‘ulomov aka... kechirasiz, katta! Qo‘y deysiz, qo‘y. Terisiga somon tiqsangiz ham miq etmaydi. Hozirgi ishlayotgan joyidagi boshliq to‘nka bir odam. Ammo sizday oqil, sizday nufuzli odamning tarbiyasi ostida ishlasa yaxshi bo‘lardi-da...
Mehmonning jiyani ertasigayoq ishga olindi. Shundan keyin G‘ulomov tez-tez har xil ziyofatlarga chaqiriladigan bo‘ldi. Uyidan esa tog‘ ne’matlarining hidi arimay qoldi. Qorabuloq chashmasi atrofidagi tandirxo‘rlikning ta’mi hali-hali og‘zida.
Abdiev ishni yaxshi boshladi. G‘ulomovning unga ishonchi, ixlosi kuchaydi. Hech qancha vaqt o‘tmay mansab pillapoyasidan ko‘tarilib, o‘rinbosarlik maqomiga erishdi. Huzuriga kirganlarga Abdiev nima desa shu, Abdievga uchrashinglar, deyishga odatlandi. Qaerga borsa, Abdiev yonida. Odamlar ularning yakka holda yurishini tasavvur ham qilolmaydigan bo‘lib qolishdi. Tasodifan G‘ulomovni yakka ko‘rsalar undan e, nechuk, ukangiz qani, deb so‘rashardi. Abdiev boshliqning oila a’zolari bilan ham inoqlashib ketdi. Bir oyog‘i o‘zining uyida bo‘lsa, bir oyog‘i G‘ulomovnikida! Qisqasi Abdievga ishonib, uni o‘z ukasiday ko‘ra boshladi. Abdiev esa asta-sekin fe’li o‘zgara boshladi. Qarasaki, G‘ulomovning e’tibori baland. Uni e’tirof etmaydigan, undan o‘tinib biror nima iltimos qilmaydigan odam kam.
Qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin, bu e’tiborni Abdiev o‘ziniki qilgisi keldi va ishni boshlab yubordi.
Odam ba’zan o‘zining g‘animini o‘zi tarbiyalab yetishtirar ekan! Balki, azaldan shundaydir?! Tekshir-tekshir boshlandi. G‘ulomov sha’niga past-baland gaplar urchidi. Shu vaziyat barobarida Abdiev ham o‘zgarib bordi. G‘ulomov bilan sovuq muomala qilishga o‘tdi. Zarur bo‘lmasa G‘ulomovning kabinetiga kirmaydi. Chaqirtirganida esa ancha kutdirib kiradi, o‘tirmasdanoq istehzo bilan, «chaqirtirgan ekansiz», deydi. Bu ham mayli, Abdiev yig‘ilishlarda bemalol stolni urib gapira boshladi, G‘ulomovning so‘zini bir-ikki kesib ham tashladi. Orqavarotdan bir-ikki kishi kattaga bunchalik sapchish yaxshi emas, deb unga nasihat qilishdi.
— Katta bo‘lib qaerni gullatayapti? — debdi u. — Tez kunda bu yerdan nasibasi ko‘tariladi. Ozgina qoldi!
G‘ulomov bir marta Abdiev bilan yuzma-yuz, oshkora gaplashishga urinib ko‘rdi. Gapni rejadan boshladi.
— Reja bu yil chiqmaydimi deyman? Siz nima deysiz?
Abdiev zo‘rma-zo‘raki esnab:
— Ha, bu yil reja chiqmaydi, — dedi.
— Sabab?
— Sababi ishni yaxshi tashkil eta olmayapmiz.
G‘ulomov, qanchalik jahli chiqmasin, o‘zini bosishga harakat qildi. Abdiev bor gap shumi, degan ma’noda zardali qarab indamay ketmoqchi edi, uni to‘xtatdi.
— Birodar, sizdan iltimos, shikoyat yozganda ochiq imzo bilan yozavering! Tekshiruvchi kelganda men bir gaz cho‘kaman, faktlar tasdiqlanmaganida siz bir gaz cho‘kasiz.
Abdiev zaharxandalik bilan kuldi.
— Bu maslahatingiz noo‘rin, o‘rtoq G‘ulomov! O‘z oyog‘ingga o‘zing bolta ur, demoqchisiz-da! Ha, shunday demoqchisiz! Nomim arizachi degan qora ro‘yxatga tirkalishini, keyin bir umr o‘smay yurishimni istayapsiz! Kechirasiz, o‘rtoq G‘ulomov! Men nonni qulog‘imga emas, og‘zimga yeb yurgan odamman. Ha, aytib qo‘yay, mana bu stolni nikohlab olganingiz yo‘q. Tegirmon ham navbati bilan, aka!
G‘ulomov nafasini ichiga yutdi.
Ertasiga tuman boshliqlaridan biri G‘ulomovni juda noxush qabul qildi.
— Men shaxsan kattaning nomidan gapiryapman, o‘rtoq G‘ulomov, — dedi u. — Xo‘sh so‘zlasinlar-chi, sizlarning janjalingizdan boshqa ish qurib ketganmi bizga? Ariza yozing, bo‘shaysiz, o‘troq G‘ulomov! Boshqa yo‘l yo‘q. Tushungan odamsiz. Ko‘ryapsiz, ustingizdan tinimsiz yozilyapti. Ertaga keskinroq chora ko‘rishimizga to‘g‘ri kelmasin tag‘in...
G‘ulomovning arizasi o‘sha kuniyoq qanoatlantirildi, uning o‘rniga Abdiev tayinlandi.
...Ana shu voqealarni eslab, o‘yga botib, aylanib yurgan G‘ulomovni kimdir chaqirgandek bo‘ldi. U burilib qarab peshvoz kelayotgan qo‘shni tashkilot boshlig‘ini ko‘rdi.
— Bo‘ladi, G‘ulomov aka, shunaqasi ham bo‘lib turadi, — dedi tanishi G‘ulomovni quchib. — Haqiqat egiladi, ammo sinmaydi deydilar-ku! Abdiev o‘rningizga o‘tirgani bilan ishni eplay olmadi-ku! Ishkal chiqaraverib hammani tashvishga qo‘ydi, xolos. — U ikkinchi qavatga barmog‘ini nuqib davom etdi. — Yangi kattamizning ob’ektivligini qarang! Vaziyatni o‘rganib, Abdievning dumini tugdi. Qo‘shib yozib rejani qoyillatgan ekan, hali qamalmasa go‘rgaydi. G‘ulomov aka!
G‘ulomovni ikkinchi qavatga chaqirishdi. Zinapoyadan ko‘tarilayotganida Abdievga duch keldi.
— O, G‘ulomov akamiz..., muborak bo‘lsin, buyursin, buyursin. Bir otamlashamiz-da endi! Birga shamollashga toblari qalay?
G‘ulomov ko‘zlarini olib qochdi. Yuzini chetga burdi.
Ichkarida G‘ulomovni boshliqlikka qayta tiklashga qaror qilindi. Undan dag‘dag‘a bilan ariza yozdirib olgan rahbar ham bu qarorni ma’qulladi. Hatto so‘z olib:
— Zimmangizga yangi va mas’uliyatli vazifa yuklanayotganligini unutmang. Biz sizni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz! — dedi.
G‘ulomovni kotiba ham tabrikladi.
— Tabriklayman G‘ulomov uka!
— Rahmat opa, rahmat!
— Bizning xo‘jayin esdan chiqmadimi? Kechalari uxlamay omadingizni tiladi, bechora.
G‘ulomov taqqa to‘xtab:
— Borsin, opa, borsin, — dedi. — Esimdan chiqmaydi. Eringizga gap yo‘q.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.