OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘lqin Hayit. Kampir osh (hikoya)

Hojar ona ayvon chekkasidagi taxta so‘rida muk tushgancha guruch tozalamoqda edi. Ichkari uydan chiqqan o‘g‘li-patila soch, ingichka mo‘ylovli Hosilmat:
— Yana oshmi, momoshka! qo‘ying, nima qilasiz... qizlar kuladi, — dedi.
— Tug‘ilgan kuningni eshitib, Asal dugonam bilan Mehrining tomog‘i tushadi, bolam. O‘shanga... aylanay, bir kapgir osh damlamoqchiman. Sanlar o‘zlaringni svet-pvet stollaringni qilaveringlar! — dedi Hojar ona muloyim ohangda.
— Svet-pvet emas, odamni sharmanda qilmang. O‘rtoqlarim eshitsa shu gaplaringizni, mani nervimga o‘ynashadi. Tak, chto momoshka, shvedcha stol, deng, xo‘pmi?
— Xo‘p, bolam, xo‘p, aylanay! Shvedcha bo‘lsa, shvedcha-da! Mani bilmaydi, deysanmi? Ana agarodimda shvet barq urib yotibdi. Har yili ekaman, bilasan-ku, aylanay. Shved deganingni... bu tom o‘lgur bolam, odam qarigandan keyin quloq ham tosh bitarkan!
 Hosilmat kampirning uyiga kirdi: o‘rtada xontaxta, atrofida quroqi ko‘rpachalar solingan.
— Momoshka?
— Labbay, bolam.
— Bularingiz bo‘lmaydi. Bu yerda ham shvedcha stol qilamiz. O‘rtoqlarim sizni ko‘raman, deb  kirib qolishlari mumkin. Chto, manavi amir zamonidan qolgan xontaxtayu, ammangizning qizi bergan ko‘rpachalaringizni cherdakka "fisht" qilaman!
— Hoy, aylanay, bolam! Undan ko‘ra, onangni o‘ldirib qo‘ya qol! 
— Voy-bo‘y momoshka, nervingiz ham bor-a. Sizga bir og‘iz gapirib ham bo‘lmaydi-ya!
— Mani onam, desang, tinchimni buzma, bolam!
— O‘rtoqlarim...
— Hoy, o‘sha o‘rtoqlaring tog‘ oshib kelmagandir. Ichida nemis-pemisi bormi!
— Nemis o‘rtog‘im yo‘q, hammasi mahalla bolalari!
— Mahalla bolalari bo‘lsa, burnining ostidan narini ko‘rishadi.
— Sinfdosh qizlar ham kelishadi.
— Mayli, kelishsin, bolam. Aybi yo‘q. Ana, Asalning o‘g‘li ham sinfdosh qizlarini chaqiribdi. Birov gapirdimi? Gapirgani yo‘q.
Hosilmat boshlarini qashib nari ketarkan, "Momoshkaga tushuntirish qiyin!" deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
Oradan bir soat o‘tib, Asal kampir bilan Mehri muallima keldi. Endi hol-ahvol so‘rashgan edilar hamki, bir gala yigit-qizlar chuldirashib ichkari kirishdi. Har uchchala kampir derazaga yopishdi.
— Voy o‘lmasam! — dedi Hojar ona ko‘rsatkich barmog‘ini lunjiga bosib. — Ana uni qaranglar. Sharmanda-a! Kindigi ochiq... kimning qizi ekan?
Mehri muallima ajin qo‘lini peshonasiga tiradi:
— Umi? U Sokina boyvuchchaning o‘rtancha qizi. Toshkentda o‘qiydi. Meditsinada. Jenski do‘xtir bo‘larmish.
— Do‘xtir bo‘lmay har balo bo‘lgur, atlas kiyib kelsa o‘larmidi?
Hojar ona tor shim kiygan qizni ko‘rsata turib:
— Vuy, sharmanda, sharmanda! — dedi ko‘zini yashirib.
Mehri muallima piqir kuldi.
— Afg‘ondan oshib kelganga o‘xshaysiz, Hojaroy, bugun ko‘ryapsizmi bu turqisovuqlarni?! Yevropacha kiyinamiz, yevropacha yashaymiz, deb urf-odatlarimizni rasvo qilishyapti.
— O‘sha Avro‘pani urf-odatlari yaxshi ekanmi shunchalik?
— Qaydam? — Mehri muallima labini burdi va Hojar onaning qo‘lidan pichoqni oldi. — Sabzini man to‘g‘rayman.
Asal kampir piyoz solingan kosani oldiga tortdi.
— Man piyozni artib turay bo‘lmasa!
Mehri muallima sabzini to‘g‘rab turib, so‘zida davom etdi:
— O‘sha Yevropa deganlarida ikki erkak nikohdan o‘tib yashasharmish.
Hojar ona ishonmadi:
— Bo‘ladigan gapni aytsangiz-chi!
Asal kampir gapga qo‘shildi:
— Kecha  radioda aytishdi. Bu narsani o‘zbeklar qoralaydi,  dedi.
 —  Ana ko‘rdingizmi? — Mehri muallimaning quyuq o‘sma qo‘yilgan qoshlari qaldirg‘och qanotlaridek pirpiradi. — Man bir narsani bilmasam gapirmayman!.. Ayoli yarim kechada kelsa, er urishsa, sudga berarmish. Xotin boshqani xohlasa, eriga "sen yoqmay qolding" deb uydan haydab yuborarmish. Ota minan o‘g‘il kelisholmay qolsa, uy-joyni sud orqali hal qilisharkan!.. Ana, sizga bir olam gap!
Hojar ona:
— Ko‘p ham unaqa emasdir! — dedi aftini burishtirib.
Mehri muallima:
— Sizni o‘shaqqa jo‘natish kerak, o‘shanda ko‘zingiz moshday ochiladi! — dedi shartta.
— Moshday ochiladigan bo‘lsa, borib kelaman! — hazillashdi Hojaroy.
Sabzi, piyoz to‘g‘ralib bo‘lgach, kampirlar oshxonaga chiqishdi. Sochini sariqqa bo‘yagan, qiltiriq qiz bilan yo‘g‘on bo‘yniga oltin zanjir taqqan yigit ichkariga bosh suqishdi. Sassiq aroq hidi anqidi.
— Salom, onalar! — hiqillab dedi yigit. — Nima ovqat?
— Osh, osh, bolam! -Hojar ona uning yelkasiga qoqdi.
Yigit qimmatbaho to‘q ko‘k ko‘ylagining yelkasiga, kampir qo‘li tekkan joyga g‘ijinib pufladi.
— Osh? — dedi keyin ijirg‘anib. — Kechasi jeludkaga og‘irlik qiladi.
Qiz o‘qchidi. Yigit uning qo‘ltig‘idan olib, ariq tomon boshladi.
Hojar ona yoqasini ushladi.
— Tovba, tovba! O‘zi yosh-u, ichib olganiga o‘laymi? E xudo, qaysi kunlarga yetib keldik?!
Qizning o‘qchigan ovozi, so‘ng qusqisining suvga sharillab ag‘darilgani eshitildi. "Hay, hay" degancha Hojar ona  ular tomonga oshiqdi. Yigit qizning sochi va boshidan ushlab turardi. Qiz o‘qchib-o‘qchib suvga qusar, qo‘lansa hid atrofga anqir edi.
Hojar ona yeng uchi bilan og‘zini yopib:
— Hoy, aylanay, qizim, suvga qusma, gunoh bo‘ladi! — dedi ko‘ngli ichikib.
Asal kampir tovush qildi:
— Yog‘ingiz qaerda?
Hojar ona ortiga qaytdi. Gaz plitasi yonidagi yog‘ idishni olarkan:
— Bizning zamonda suvga tupursak, xudorahmati otamiz xivich bilan quvlar edilar, — dedi kuyunib. — Kap-katta qiz, uyalmaydi, g‘arq etib suvga qusib o‘tiribdi-ya! Hay, attang!
Hosilmat ichkari kirdi.
— Ha, momoshkalar, qanaqa palov bo‘lyapti o‘zi?
Hojar ona jilmaydi:
— Kampir osh bo‘lyapti, bolam!
— Kampir osh? Xe...xe!
— Sengayam olib qo‘yamiz.
— O‘zlaring yenglar... bizdi oshqozon bunaqasini xohlamaydi.
Hojar ona piching qildi:
— Oshqozoningga shvedcha aroq yoqadi shekilli, bolam. Hay, ichib olibsan-a?
Hosilmat xixiladi:
— Ha, endi, momoshka, ellik gramm odamni o‘ldirarmidi?!
Chet el musiqa tovushi uyni larzaga keltirdi, tapir-tupur oyoq tovushlari, qiy-chuv eshitildi.
Hojar ona o‘g‘liga tanbeh berdi:
— Sekinroq, o‘g‘lim, sal pastroq... qo‘ni-qo‘shni degandek...
— Bir kecha chidashsa, osmon uzilib yerga tushmas, momoshka!
Asal kampir labini tishladi.
Hojar ona Hosilmatning ortidan:
— Osh pishib qoldi, o‘rtoqlaring xohlashsa, ayt, suzib beramiz.
— O‘zlaring yenglar, o‘zlaring? — qo‘l siltadi Hosilmat va ichkari kirib ketdi.
Mehri muallima uning ortidan borib derazadan ichkariga boqdi. Burni puchuq qiz nafis, uzunroq sigaret tutatdi.
— Staruxalaring nima pishiryapti?
— Osh! — javob qildi Hosilmat iljayib.
Qiz chaplangan aftini burishtirdi:
— Nu-da, Xosilmatchik, mama tvoya... zo‘r, kechasi osh yeyish... vey... jalka oshqozonlariga.
Hosilmat uning qo‘llaridan ushlab, o‘rtaga boshladi. qiz noz-karashma bilan unga suykaldi.
O‘rtadagi stol usti allaqachon bo‘shab qolgan, aroq, shampan, vino shishalari, tort qutilari tartibsiz sochilib yotardi. Xorij qo‘shiqchisi kuchayib, xirillab, baqirib kuylar, u har ovozini ko‘targanda, irg‘ishlab o‘ynayotgan dumboqqina qiz bilan ozg‘in yigit Hosilmat tomonga o‘qtin-o‘qtin qarab qo‘yishardi.
Qiz orqasini o‘girib irg‘ishlab o‘ynar ekan, boshini noz bilan qimirlatib, bo‘ynini burib, ko‘zlarini suzgancha yigitga boqar, u "xah" deb egilganda, uning ozg‘in ko‘ksiga oppoq yelkasini suykab-suykab olardi.
— Onasi osh qilayotgan emishmi? — nozlanib so‘radi qiz.
— Shunaqa deyishyapti! — sovuqqina javob qildi yigit.
— Undan ko‘ra, alaviya salat qilganlarida, oz-ozdan yer yedik.
— Otstaliy kampir u... buni tushunadi, deysanmi? Oshini qilaversin.
— Ve-e-ey! Osh? Kechasi-ya!
Mehri muallima pildirab ortiga qaytdi.
— Yoshlar buzilib ketgan, deyishganda, ishonmagan edim! — dedi u ichkari kirar-kirmas. — Hay-hay, bizlar bergan tarbiyadan "t" harfi ham qolmabdi. Maktabda bularga nima o‘rgatishyapti?!
— Burungi zamonda qizil to‘y chiqib, hammani aroqqa o‘rgatdi, — dedi Hojar ona hasratli ohangda. — Endi bu balo chiqdimi?! Bittasi ham o‘tirmaydi: ovqatini ham tik turgancha yeyishadi, "bismilloh" deyishadimi, yo‘qmi?..
Asal kampirning hasratidan o‘t chiqdi:
— Bular "bismilloh"ni ham, "omin"ni ham bilishmaydi.
Osh pishdi, qozonning qopqog‘i olinganda, oshxonada, hovlida xushbo‘y hid taraldi, it hurib, xo‘roz bir qichqirdi. Hojar ona go‘shtini ajratib olib, to‘g‘rab oshga bosdi-da, ikkita suyakni itning oldiga eltib tashladi, tovuqlarga esa, bir hovuch don sepdi. So‘ng katta chinni tovoqdagi oshni ko‘tarib uyga kirdi.
Hojar ona oshpaz cholini esladi.
— Osh pishdi, deguncha xudorahmati esimga tushadi. Pishirgan oshlarini yeb to‘ymas edik.
Mehri muallima:
— Bir umr elning to‘ylarida xizmat qilib o‘tdilar, Xudo rahmat qilgan bo‘lsin! — dedi bo‘rsildoq nonni avaylabgina ushatar ekan.
"Oling, oling" bilan oshni yedilar, ustidan bosib-bosib achchiq-achchiq choy ichdilar. Endi gurung qizigan paytda tor shim kiygan ikki qiz bir-birlariga suyanib, ichkari kirdi. Ularning rangi oqargan, ko‘zlarida nur yo‘q edi.
Hojar ona o‘rnidan turdi.
— Kelinglar, qizlarim! Bu yerga o‘tinglar!
— Charchab qoldik, boshimiz aylanib ketdi.
Mehri muallima ularning rang-ro‘yiga nazar solarkan:
— Ikkalangdayam animiya bor ekan, o‘zlaringga qarab yursanglar bo‘lmaydimi?! — dedi ularni tergagan bo‘lib.
Hojar ona kichkina taqsimchada osh keltirib qo‘ydi.
— Olinglar, ona qizim!
Qizlar bir-biriga qarashdi.
Mehri muallima Asal kampirga imo qildi:
— Bularga qoshiq bering!
— Ha-ya, esim qursin!
Bir zumda taqsimcha bo‘shadi. Qizlarning yuziga qon tepdi.
Xosilmat depsinib ichkari kirdi.
— Momoshka, qorin tatalab ketdi.
Hojar onaning ko‘zlari jovdiradi:
— Ozgina qirmoch qoldi, bolam, yeysanmi?
— Qirmochmi, irmochmi, nirmochmi, momoshka, farqi yo‘q, olib keling! Qorin... qorin quldirab odamni ezib yubordi!
Hojar ona bir taqsimcha qirmochni o‘g‘lining oldiga qo‘ydi. Hosilmat qoshiqni ochiqib og‘ziga tiqdi, so‘ng yutuqqancha qirt-qirt chaynay boshladi.
Uch yigit, besh qiz ichkari bosh suqdi.
Hosilmat qirmochni ularga manzirat qildi:
— Olinglar, qirmoch rangni toza qiladi, deb eshitganman...
Yigitlar uning yoniga cho‘kishdi.
Tor yubka kiygan to‘liqqina qiz:
— Men osh yeyman! — dedi shirakayf holda. 
Kampirlar bir-birlariga ma’noli boqib, o‘rnilaridan turishdi.
— Bo‘ling — dedi Hojar ona Asal kampirga imo qilib.
— Nima qilamiz endi? — hayron boqdi Mehri muallima.
— Nima qilardik, aylanay, — Hojar ona ostonada turgan rang-barang qimmatbaxo tuflilar orasidan eski kalishini topib apil-tapil oyog‘ini tiqdi. — Yordam berasizlar, kampir osh qilamiz!
Xo‘roz cho‘zib-cho‘zib qichqirdi, tun yarmidan oqqan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.