OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tog‘ay Murod. Er-xotin (hikoya)

Yo‘q, ular Anhor bo‘yida uchrashmadi. Uchrashuvda o‘ziniki qilib aytish uchun kitoblardan she’rlar ko‘chirib olmadi. O, men seni sevaman, sensiz yashay olmayman qabilidagi mavsumiy so‘zlarni so‘zlashmadi. Lablar topishganda qizning uzun tovoni yerdan sal ko‘tarilmadi. Yo‘q, yigit qizni bezorilardan qutqarib qolmadi...
Yaxshi shoir O’rolboy ko‘rpaga burkanib, ishqiy she’r bitdi. Misralarini farzandiday ardoqlab, voyaga yetkazdi. Beixtiyor o‘zining birinchi muhabbatini — sinfdoshi Xolbuvini esladi... Qorong‘ini quchoqlab, Xolbuvini bag‘riga bosganday bo‘ldi. Ko‘ngliga oqshomday ma’yuslik cho‘kdi. To‘shakdan imillab turib, timirskilanib borib chiroqni yoqdi. Birinchi kitobini varaqladi. She’rlari ko‘ziga juda bachkana ko‘rindi. Yuzlarini bujmaytirib, kitobni karavot ostiga otib yubordi...
Yo‘q, shoir avvalo o‘zining shoh asarini yaratishi lozim ekan. O’rolboy mana, o‘ttizga to‘libdiki, shoh asari haqida o‘ylab ham ko‘rmabdi. Buyuk asari qolib, ikkinchi darajali asarlari bilan ovora bo‘libdi...
U zo‘r pushaymon bilan o‘ziga qayliq izladi. Topdi: oddiy tikuvchi Barchinoy. U Barchinoy bilan soxta bo‘lsa-da, jilmayib gaplashib, shahar istirohat bog‘iga bordi. Yarim kilodan muzqaymoq yeyishdi. O’rolboy bo‘lajak kaylig‘ining ko‘zlariga tikilib... ko‘ngliga doir hech nimani his etmadi. «Hayotda juft bo‘lib yashash kerak ekan, ilojimiz qancha», dedi ichida. So‘ngra, o‘z gapini o‘zi ma’qullab, bosh irg‘adi. Barchinoy esa hatto uning shoirligiga ishonmadi: «Poeziya degani nafosat, joziba-ku, shoirning o‘tirishini qarang...»
Qiz, u meni pisand qilmayapti, degan xulosaga ham keldi. Shunday bo‘lsa-da, to‘yga rozilik berdi. Chunki uning ham yoshligi o‘tayotgan edi...
To‘y restoranda bo‘ldi.
Nihoyat, shoh asar yaratildi! Chaqaloqni derazadan ko‘rsatdilar. O’rolboy iljayib, o‘g‘liga termuldi: «Ana buyuk asar, ana! «Anna Karenina»! Yo‘q, «Xamsa»!
U buyuk asariga so‘nggi nuqtani qo‘ygan adibday yayrab, kerishdi.
O’rolboy yaxshi kunlarning birida kechasi uzoq o‘ti-rib she’r yozib, kech yotdi. Ertasiga tushda uyg‘ondi. Balkonga chiqdi. Havo juda sof, sayrbop... U o‘ylab, Vasiliy Shukshinning «Qizil bodrezak» filmini hali ko‘rmaganini esladi.
—    Kiyin, kinoga boramiz, — dedi Barchinoyga.
Barchinoy yangi moda bo‘lgan kamzul-shimini kiyib chiqdi.
O’rolboy qovog‘ini uyub, uf-f, deya tizzasiga urdi:
—    Barchinoy, men ayolimni atlas ko‘ylakda ko‘rishni xohlayman!
—    Shoirga qolsa-ku, ko‘p narsalarni xoxlaydi.
—    Ayol ayolday bo‘p yursa-da.
—    Yuring, kechikamiz.
—    Bormaysan, o‘zim boraman.
—    Ajab bo‘pti, obormasayiz obormang. 
—    Nimaga gapni aylantirasan? Men senga gapiryapman!
—    Voy, ja-a qiziqsiz-a, bir manda bormi shunaqa kiyim? Hamma madaniyatli xotinlar kiyishadi-yu...
—    Anovi atlaslar madaniyatga yot matomi? Qaysi mamlakatda shunaqa mato bor? Senlar noshukur: peshonangdagi madaniyatni ko‘rmaysanlar...
—    Siz doim shunaqasiz. Topgan gapingiz — o‘zbek atlasiga butun jahon xaridor, Samarqanddagi tarixiy binolar jahonda yo‘q. Unaqa-bunaqa...
—    Bas qil!
—    Ho-o, bas qilmasam qo‘liyizdan nima keladi...
—    Kelmaydimi, kelmaydimi?
O’rolboy shiddat bilan irg‘ib turib, angraygan Barchinoyning yuziga tarsakilab yubordi.
Barchinoy divanga uchib tushdi. Yuzlarini qo‘llari bilan yashirib yig‘ladi.
O’rolboy unga birpas angrayib qarab turdi-da, torgina ishxonasiga kirdi. Stulga o‘tirdi. Sochlariga barmoqlarini botirib, ko‘zlarini yumdi.
U ayol zotiga birinchi marta qo‘l ko‘tardi...
Barchinoy o‘pkasini bosolmay yig‘lab yotdi. Uxlayotgan o‘g‘li yig‘ladi. Toqati toq bo‘lib, o‘rnidan turdi. Yuzlarini yuvib artdi. Oynaga qarab, bir seskandi. Chap yonog‘i ko‘kargan edi. U alamidan lablarini burib yana yig‘ladi. O’g‘lini bag‘riga oldi. O’g‘li ovunib, muloyim lablari bilan uning ko‘kraklarini so‘ra boshlab edi... ko‘ngli yorishdi. Ko‘kargan joyining og‘rig‘i qolganday bo‘ldi. O’g‘lining siyrak sochlarini silab, peshonasidan o‘pdi: «O’g‘lim, o‘ylagan edim-a, ko‘ngilsiz turmush bo‘lmaydi deb. Mana, aytganim keldi».
Barchinoy derazadan osmonga qarab xayol surib o‘tirdi. O’g‘lini uxlatib o‘zi ham yotdi. Eri bosh qo‘yadigan yostiqni mushtlab-mushtlab qappaytirdi.  «Yolg‘iz o‘zi yotmaydi, baribir yonimga yotib, ovutish uchun bag‘riga bosadi, erkalatadi...»
U shunday xayol qila-qila teskari o‘girilib uxlab qoldi.
Ertalab tursa, yonida eri yo‘q. «Hatto yonimga kelib yotmadiyam. Meni ko‘rgisi yo‘q. Bo‘ldi, endi bo‘ldi. Ketamiz, o‘g‘lim, ketamiz. Ko‘ngilsiz turmush baribir turmush bo‘lmaydi», dedi.
O’kinch ham alam bilan orqasiga burilib qaradi: «Aqalli xonasidan chiqib, ko‘ngil uchun bir og‘iz ketma, demadi-ya. Kishloqiligiga bordi-da... Hech bo‘lmasa, o‘g‘li bilan xayrlashmadi-ya. Shunchalik joniga tekkan ekanman, shu kungacha bilmabman».
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Barchinoy eshikni istar-istamas ochdi. Ostonada O’rolboyning qishloqda yashaydigan tog‘asi bilan ikki notanish odam turdi.
Barchinoy zo‘rg‘a jilmayib, mehmonlarni ichkariga taklif etdi.
O’rolboy chiqdi. Mehmonlar o‘tirdi. So‘rashdilar.
—    Ertaga qurultoy ekan, shunga kelib edik. Bir
ko‘rib ketaylik deb... — dedi, tog‘asi.
 — Yaxshi, yaxshi, — dedi O’rolboy soxta jilmayib.
—    Ha-a, ishlar yaxshimi o‘zi, shoir? She’r planlari qalay bo‘layapti? She’r planlarini oshirib bajarayapsizmi? Mana, biz paxta planlarini yuz ellik
protsentta bajardik. Biz haqimizda ham she’r yozing
endi...
O’rolboyning tog‘asi dala ishlarini gapirayotib, dasturxon tuzayotgan Barchinoyning yuzidagi ko‘karig‘ni ko‘rdi.
—    E, yuzga nima bo‘ldi, kelin?
O’rolboyning yuragi shuv etib ketdi. Iris qog‘ozidagi  kuchukchaga tikilib, bir daqiqa nafas olmay qoldi.
Barchinoy jilmayib, ko‘karig‘ni siladi:
—    Hozir yangi uylarga manavunaqa linolium to‘shaladi. Bu o‘lgur yuvsa sirg‘anchiq bo‘lib qoladi. Kecha yuvayotib deng, sirg‘anib ketib, yuzim bilan tushsam bo‘ladimi...
—    Uh, chuq-chuq, ehtiyot bo‘ling-e, ish ado bo‘larmidi...
O’rolboy entikanidan nafasi titrab ketdi. Boshini yanada egib, qizardi. Barchinoy ham qizardi. Turayotib, mehmonlarni dasturxonga unnadi:
—    Olinglar, olib turinglar. O’rolboy aka, choydan quying.
O’rolboy shundagina o‘ziga keldi. Bo‘sh piyolalarga choy quyib, qani, olinglar, dedi.
Mehmonlar haligiday arzimagan falokatlardan kelib chiqadigan baxtsizliklar haqida eshitgan-bilganlarini gapirib o‘tirdilar.
Barchinoy ovqatni olib keldi. Dasturxonga bolgar konyagi bilan shampan vinosini qo‘ydi.
—    Manavilarni quying, O’rolboy aka.
O’rolboy qadahlarga konyak quydi. Tog‘asi boshi bilan Urolboyni ko‘rsatib, Barchinoydan so‘radi:
—    Shoir qalay, kelin?
—    Yaxshi, juda yaxshilar.
—    Agar sal yomonligi bo‘lsa aytabering, gapirishib qo‘yamiz?
—    Yo‘q, nega endi, yaxshilar. U kishini oyimlaram maqtaydilar...
O’rolboy yon-veriga alangladi. Mehmonlarning olishini kutib o‘tirmay, qadahdagi konyakni bir ko‘tarib ichib qo‘ydi. Barchinoy eriga tuzlangan bodring uzatdi. Eri konyakning zo‘rligidan ko‘zlarini yumib, bodringni oldi.
Mehmonlar o‘zoq o‘tirib, ularni qishloqqa taklif qilib ketdi.
O’rolboy mehmonlarni kuzatib qo‘yib, ishxonasiga kirdi. Yig‘ma karavotga chalqancha yotdi. Qo‘llarini chalishtirib, boshi ostiga qo‘ydi. O’tgan voqeani shoirona mushohadaladi... Yuzlarida tabassum o‘ynadi. Irg‘ib turib, derazadan tashqariga qaradi. Ikki kaftini bir-biriga zavq bilan ishqadi. Papiros chekaverib-chekaverib sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib, iljaydi. Orqasiga keskin burilib, mehmonxonaga kirdi. Barchinoy yo‘q. Eshik tarafga yurdi. Barchinoy eshik oldi-da qovog‘ini uyub, lablarini cho‘chchaytirib, aravachada o‘tirgan o‘g‘lini choyshabga o‘radi.
O’rolboy uning qo‘lini ushladi.
—    Qo‘y endi, odam qiziganda nimalar qilmaydi.
Barchinoy  uning yuziga qaramay,  qo‘lini  siltab tashladi.
—    Barchinoy, bilasan, shoir xalqining asabi yomon...
Barchinoy indamay, yana eshikka qo‘l cho‘zdi. Shunda, O’rolboy uning qo‘lidan ushlab, yana o‘ziga qaratdi-da, belidan mahkam quchoqlab... o‘zi ko‘kartirgan o‘sha yonoqlaridan o‘pdi. Lablarini Barchinoyning lablariga uzoq bosib turdi.
Barchinoy erining bo‘yniga osilib... yig‘lab yubordi. Uning ko‘zlaridan oqayotgan iliq yoshlar erining bo‘yniga tomdi...
Oqshom bir-biriga tikilib, yuzma-yuz o‘tirdilar.
O’rolboy mehmonlardan qolgan konyakdan bir qadah ichdi. Barchinoyga termuldi. Olis termuldi... Barchinoy ko‘zlarini olib qochdi. Ko‘zlari uchrashib, bir soniyacha tikilib qoldilar. O’rolboynnig qalbida ayoliga shunday iliq, ma’sum tuyg‘ular ko‘pirib toshdiki... Bu tuyg‘ular o‘sha sinfdoshining ko‘zlari bilan ko‘zlari uchrashganda... Ha-ha, o‘shanda shunday ko‘pirib toshgan edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.