Ayolimiz aytadi, uyqungizda gapirib chiqasiz, deydi.
– Nimani gapirib chiqaman? – so‘rayman undan.
Ayolimiz tayin bir nima deyolmaydi. Bir unday deydi, bir bunday deydi.
Chin, men uchun kecha-da bir bo‘lib qoldi, kunduz-da bir bo‘lib qoldi. Ko‘zim ilindimi, bo‘ldi, tushimga bir nimalar kiradi. Uyqumda qaerlardadir nimalardir qilib yuraman. Tushimmi-o‘ngimmi, bilolmayman. Kunlar o‘ngimda qanday kechsa, uyqumda-da shunday kechadi. El bilan ko‘rishib-so‘rashaman, gaplashaman, talashib-tortishaman, qah-qah urib kulaman. Keyin... yig‘layman! Yig‘lab-yig‘lab... paxta teraman!
Yig‘lab ko‘zlarimni ochaman. Tevaragimga qarayman. Ko‘zlarimda yosh yo‘q bo‘ladi.
Ayolimiz bilan bolalarimiz pish-pish uxlab yotadi.
– Bosinqirayapti, o‘ng yonboshiga ag‘darilib yotsin, – deydi ayolimiz.
O‘ng yonboshimga burilib yotaman. Bu safar bir adirdan keta beraman, keta beraman. Adir oxiri ko‘rinmaydi. Olislarga qarayman. Olislar yo‘q. Zim-ziyo. Dalalarga qarayman. Dalalar-da yo‘q. Oyoqlarim ostiga qarayman. Yer-da yo‘q. Oyog‘imni mo‘ljallab bosib, yerni izlayman. Yerni topaman.
Zulmatdan qutulish uchun soyga qarab enaman. Oyog‘im yerga tegmaydi. Zim-ziyo xonada salanglab qoladi. Zulmatda uchib ketaman. Uchib keta beraman, keta beraman. Qaerga tushaman, o‘zim-da bilmayman. Qo‘nim yer topolmayman. Ana endi o‘ldim, deyman. Shunda, poyimda o‘rkach-o‘rkach qirlar, ulkan-ulkan toshlar qora beradi. Daraxtlar, suvlar rang beradi. Zo‘r berib daraxtlar uzra tushayin, deyman. Daraxt shoxlari tirnab tashlasa-da mayli, omon qolaman, deyman. Quchoqlarimni katta ochaman. Misoli suvda suzmishday, daraxtlar tomon talpinaman.
O‘nqir-cho‘nqir toshlarga “gurs” etib tushaman. Jonholatda to‘lg‘anaman. Tanam “zirq-zirq” etadi. Ko‘zlarim ochilib ketadi. Bir boshqa bo‘lib qolaman. Derazaga qarayman. Deraza oqarib kelayotgan bo‘ladi. Turib turolmayman, yotib yotolmayman. Bir tanim bu dunyoda, bir tanim o‘zga bir dunyoda yotganday bo‘ladi. Shunda... shunda bir nima shovillaydi. Sel bo‘lib sel bo‘lmaydi, musiqa bo‘lib musiqa bo‘lmaydi.
Bir vaqtlar kolxozimiz radiouzelchisi Qudratboy uyimiz devoriga maydagina radio osib qo‘ydi. Radio sahardan yotargacha gapirdi, ashula aytdi. Avval-avval zig‘ir moyday yoqdi. Keyin-keyin quloq-miyani yedi. Jonga tegdi. Bemahal qichqirar xo‘roz bo‘ldi-qoldi. Gapira beradi, ashula ayta beradi. Nomi ashula bo‘lsa bo‘ldi, ayta beradi! El-yurtga yoqadimi-yo‘qmi, baribir ayta beradi! Bolalar ovozini pasaytirib qo‘yaman deb, bir-ikki marta devordan tushirib yubordi. Radio palag‘da bo‘lib qoldi. Bor-e, dedim-da, omborxonaga otib yubordim. Shu bilan qulog‘im tinchidi-qoldi.
O‘g‘limiz omborxonani titkilabdi. Ana shu radioni topibdi. Binoyiday sozlabdi. Devorga osib qo‘yibdi. Bildim, ana shu radio shovullayapti!
O‘y-xayollarim uchdi-ketdi. “Dik” etib joyimdan turdim. Apil-tapil kiyindim. Selday shovullash ko‘nglimni ezib kela berdi. Shunday qayg‘uli shovullash, shunday ko‘ngilni vayron qiluvchi shovullash! Qaradim, ayolimiz sigir sog‘ayapti. Ayolimiz oldiga bordim.
– Ay, Oysuluv, biron katta-patta o‘libdimi deyman, eshitayapsanmi? – dedim.
– Kallai saharlab gapirgan gapini...
– Chin-da, qara, bundayin kuyni motamda chaladi.
– Ko‘p gapirmasin, mol sut bermay qo‘yadi.
– Bo‘lmasa, esi joyida odam kallai saharlab shunday kuy chaladimi?
– Radio har saharda shunday chaladi. Nafasini issiq qilsin.
– Qara, ko‘ngilni yer bilan yakson qiladi-ya...
Armiyadaligimda bizni Suzdal degan shaharga sayohatga olib borishgandi. Juda bir hashamdor qasrga olib kirishdi. Shunda, mungli aytib yig‘lash eshitgandim. Bir to‘da ayol dimog‘ida aytib yig‘lardi.
Bizni ergashtirib yurgan ayol tushuntirib berdi. Aytishicha, Pyotr I degan o‘ris podsho Rossiyada qayta qurish boshlabdi. Uning Lopuxina degan ayoli bor ekan. Shu ayoli hadeb podsholik ishiga aralasha beribdi, aralasha beribdi.
Shunda Pyotr I senmi hali erkaklar ishiga aralashadigan, debdi-da, ayolni Suzdaldagi o‘sha monastirga surgun qilibdi. Sochlarini tag-tugi bilan qirib tashlanglar, deya farmoyish beribdi.
Podsho farmoyishiga binoan, ayolning sochlarini pakki bilan qirib tashlabdilar! Suzdallik ayollar podsho ayoli holiga achinib, aytib-aytib yig‘labdi. O‘shandan buyon monastirga tomoshaga kelguvchilarga ana shu aytib yig‘lashni eshittirib turar ekanlar.
Men o‘ylay-o‘ylay, ana shu aytib yig‘lashni esladim. Hozir eshitayotganim... o‘sha aytib yig‘lashga juda-juda o‘xshab ketdi!
Shovullash yurakni ezgandan-ezdi. Ko‘ngilga qayg‘u soldi. Ko‘ngilga tahlika soldi.
– Nimaga anqayib qoldi? Borsin, yuz-qo‘lini yuvsin. Nima, dunyoni endi ko‘rayaptimi? Radio har saharda chaladigan soz-da.
– Unda, nimaga men eshitmaganman?
– Bu kishi qaerdan eshitadi, tong yorimay dalada bo‘lsa...
Shovullash orasidan ovoz keldi:
...Serquyosh o‘lkada ko‘rmasdik ziyo,
Daryolar bo‘yida edik suvga zor...
Endi bildim, o‘ylab-o‘ylab topdim. Bu o‘zimizning el-yurt qo‘shig‘imiz bo‘ldi...
Uyquni yarim o‘lik deydilar. Odam tong saharda uyqusirab turadi. Dunyoni endi ko‘rayotganday bo‘ladi. Dunyoga uyqusirab qaraydi, bosinqirab qaraydi, iltijo bilan qaraydi. Dunyodan najot istaydi. Dunyodan ilinj istaydi...
Dunyo tagi oqarib-oqarib kelaberadi.
Tong yellari yuzlarni silaydi. Tan-jonni huzurlaydi. Ko‘ngilni to‘ldiradi. Ko‘zni to‘ydiradi.
Dunyo shunday bir vaqtda... tong deya atalmish xushro‘y bir vaqtda... birov qayg‘uli ashula aytib boshlasa nima bo‘ladi? Odam uyqudan uyg‘onganlariga pushaymon bo‘ladi! Ko‘ngil tunday biryon bo‘ladi! Tong – tun bo‘ladi!
...Serquyosh o‘lkada ko‘rmasdik ziyo,
Daryolar bo‘yida edik suvga zor...
Radio el-yurt qo‘shig‘ini aytayaptimi, yo aytib yig‘layaptimi? Aytib yig‘lasa, nima deb yig‘layapti? Ay, Dehqonqul, boya olam zim-ziyo edi, qop-qora tun edi, sen yorug‘ shu’laga zor eding, qultum suvga tashna eding, xokisor eding. Ana, endi tong berdim, endi senga suv berdim. Bor, endi meni sharafla-da, endi meni ulug‘la-da, olti million tonna paxta terib ber, deya aytib yig‘layaptimi?
Qaysi bir yili Termizga bordim. Bekatda o‘g‘lim bilan avtobus qarab qoldim. Somsa olib yedim. Shunda bir burchakdan qo‘shiq eshitildi. “Yalt” etib, qo‘shiq eshitilmish tarafga qaradim. Bir bo‘zbola magnitofon qo‘ydi. Odamlar lash-lushini ko‘tarib, qo‘shiq oldiga borib turdi.
Somsani qog‘ozga o‘rab, men-da qo‘shiq oldiga bordim. Magnitofon tevaragini odam bosdi. Qo‘shiq eshitib maza qildim. Ammo so‘zlarini tushunmadim. Boisi, qo‘shiq bir ajnabiy tilda bo‘ldi. O‘zimcha, ishq- ko‘ngil qo‘shig‘i bo‘lsa kerag-ov, deya o‘yladim. Boisi, qo‘shiq ko‘nglimga zig‘ir moydek yoqdi. Yaxshilab eshitib olayin deya, somsamni yemay turdim. Bo‘zbola magnitofonini qo‘ltiqlab jo‘nadi. Somsaxonaga bordi. Magnitofonini devorga suyab qo‘ydi. O‘zi panjaraga suyanib, somsa yedi. O‘g‘limni ergashtirib, bo‘zbola ketidan bordim. Bo‘zbola tag‘in magnitofonini qo‘ltiqlab jo‘nadi. Suvxona oldiga keldi. Magnitofonini suvxona peshtaxtasiga qo‘ydi. Bir qo‘lini beliga tirab suv ichdi. Bir menmikan desam, boshqalar-da qo‘shiq ketidan ergashib keldi.
Qo‘shiq nihoyaladi. Birov bo‘zboladan: bu qanday qo‘shiq, deya so‘radi.
Bo‘zbola yelka qisdi.
– Otini bilmayman. Afg‘oniston gimni, – dedi. – Ahmad Zohir aytadi.
– El-yurt qo‘shig‘i deysiz-da?
– Shul-shul!
Xayolimga o‘sha qo‘shiq keldi. Qo‘shiqni deb, begona bo‘zbola ketidan ergashib yurganlarimni esladim.
Gap ochilib qolsa... afg‘on hamsoyalarimizni kamsitamiz. Qoloq deya burnimizni jiyiramiz. Osmondan kelib kulamiz! Ana, el-yurt qo‘shig‘i qanday bo‘ladi!
Tong saharda el-yurt uzra shunday bir qo‘shiq taralsa... El-yurt qo‘shig‘ida yurtimiz suvrati bo‘lsa... elimiz ruhi bo‘lsa... el-yurt sozi bo‘lsa... el-yurt qo‘shig‘ini eshitib, odam yashagan sayin yashagisi kelsa... paxta tergan sayin tergisi kelsa...
El-yurt qo‘shig‘ini eshitib, ajalga-da borsa odam.