Omma, ko‘p g‘ashimga tegding-da, sen bola. Nechun qitmirlik qilayotganingni bilib turibman. Sen meni ko‘rolmaysan. Do‘xtirlar seni aperaysa qilib, qorningni ochganida “bu bolaning ichi qorami yo yo‘qmi?” deb so‘rasam bo‘larkan. Shoqos itbozning iti bolalagan kuni men bir yozg‘uvchi birlan tanishdim. Eshitgandirsan, Gurillo Badharfiy degoni yozg‘uvchilikni tozza gurillatgan erkon. Eshitgan bo‘lsang ham, “tanimayman”, deysan. Ichqoralar shunaqa bo‘lishadi. Sendan tuzukroq bo‘lsa kerakki, tan olishni istamaysan. Sekin surishtirsam, mendan ko‘proq harfni bilmas erkon. Oma-lokigin kallasi binoyi! Quling o‘rgulsun, “oq bola”ning ikkitasini yumalatdig-u suhbati jonon qizigani uchun o‘zimiz qulamadik. Oxir-oqibat kelishdikkim, men uning hayotini ro‘mon qilib yozadurg‘on bo‘ldim, u mening hayotimni kino qiludurg‘on bo‘ldi. Yana bitta “oq bola”ning bahridan o‘tduk, mening o‘g‘il bolaligim tutub, aroqning pulini shart to‘lavordim. Shuning kayfida Gurillo bir yig‘lab, bir kulib hayotini aytub berdi. Yarmiga kelgonida kayfi tarqab, ilhomi ham ketdi. Yana bir “oq bola”ni yumalatay desam, pulim qolmabdi. Ertasiga uchrasharmiz, deduk. Ertasiga bilsamki, boyaqish o‘libdi. O‘lgan bo‘lsa bo‘ynimdagi bir “oq bola” qarzidan qutulishim bor-ku, hayotini ro‘mon qilib qutula qolay dedum. Aytolmay qolg‘on chala gaplarini yumaloq-yostiq qilib to‘qidimu ro‘monni “gatop” qilib qo‘ya qoldim. Sen ichqoralik qilmay eshitgin-u, qog‘ozga ko‘chirub kitob chiqaradug‘onlarga olib borib ber. Agar u-bu narsani shama’ qilishsa, aytaver, Gurilloga atalgan “oq bola”dan elliktagina ichganman, qolg‘oni shundayligicha turibdi. Hammasini beraman. Omma zakuskasi o‘zingdan. Ie, to‘xta, gapimning chalasi qolibdi. Qog‘ozga ko‘chirib yozayotganingda juda-a eskichasiga qilib yuborma. Oldingisini choyxonadagilar yaxshi tushunishmabdi. Yangichasiga yoz, hammaning tishi o‘tadirgon bo‘lsun. Kelishdikmi, unda eshit, gap bunday:
Birinchi hangoma
Mashhuri zamon bo‘lmish Gurillo Badharfiy esini qachon taniganini bilmagani rost. Hamma qatori uch-to‘rt yoshlarni chamalab yurgoni ham rost erur. O‘zining aytishicha, bobosining “Olim bo‘lur kishining peshonasi keng bo‘lur”, degan puruhikmat gapini tahminan shu yoshlarida eshitgan chiqadur. Harchand urinmasun, undan oldigilari yodida yo‘qdur.
Gurillo hikmatlarning haqiqatga yaqin erurligini o‘sha yoshida emas, sal kechikibroq payqagan, bu birlan esa o‘zining kelajakda buyuk olim bo‘lishiga ishonch hosil qilg‘on erdi.
Ha, aynan shunday: uning peshonaginasi keng, bo‘yi Jahdi pakanadan tikroq, qarashi Kunnisa shilpiqnikidan ko‘ra mayinroq edi.
Maktab yoshiga qadarli xat chizilgon qog‘ozlarni ko‘tarib yurishini tasdiqlovchi guvohlarning oxirgisi yetti oy avval qazo qilibdur, Xudo rahmat etsun. Kitob ko‘tarib yurgonini tasdiqlovchi ikki guvoh tirik, omma ikkovi ham tildan qolg‘ondir. Zarur topilsa, ko‘z qarashlari birlan tasdiq etib beruvlariga ishonchim ozroq. Uning kitobni o‘qisa-o‘qimasa ko‘tarib yurganini ovora bo‘lib, isbot etish shart ermas ko‘rinadur.
Olim bo‘lish uchun zarur talab – keng peshonani Xudoning O‘zi berib qo‘ygach, nechun o‘zini fan so‘qmog‘iga urmasun? Urdi! Javlon urmoq uchun o‘ziga katta maydon qidirdi. Peshonasi keng bo‘la turib, o‘rta-miyona olim darajasida qolishga ko‘nsa, nodon desakda arzir erdi. Ammo ko‘nmadi! Uning niyati olamni dong qolduradurg‘on ixtiro qilmoqlik erdi. Ro‘parasidan handasa ilmining dengizi chiqib qolg‘on edi, o‘ylab ham o‘tirmay sho‘ng‘idi. Qarasaki, bu dengiz sayozroq erkon, ya’nikim, zo‘r ixtirolarni shoshqaloq olimlar o‘tgan asrlarda yumaloq-yostiq qilib tashlashgon erkon. Yanayam to‘g‘risi, bu dengizda suzishga uquvi yetmasligi bilinib, chetga chiqa qoldi. Xudoning unga rahmi kelub, falakiyotni ro‘para qildi. Lokin Xudoning bu ishiga qoyil qolmadi: osmonga bunday nazar solsa, hamma yulduzlarga ism qo‘yib ado etilibdur. Uning muborak ismi uchun bo‘sh yulduz qolmabdur. Bu bir adolatsizlik-da! Axir osmonda “Gurillo” degan yulduz charaqlab tursa yarashmasmidi? Agar yana bitta bo‘sh yulduz bo‘lsa, Gurilloning hayotini ro‘mon qilgon JO‘RJning muborak nomi ham osmonga chiqib qolarmidi, a? Xo‘p, buni yozmay qo‘ya qol, davomini eshit:
Baxtidan o‘rgulsin, qarasa, kimyo jadvalida bo‘sh kataklar ko‘p erkon. Mendloef degan bir sersoqol olim o‘tganmi? Nima? “Mendeleev” dedingmi? Adashmadingmi? Bo‘pti, qanday yozsang yozaver. Shu kataklardan bittasini to‘ldirsa ham Mendloef yonidagi bo‘sh taxtga o‘tirar erkon.
- Mendloefning yuzta ixtirosi-yu mening bitta kashfiyotim! Kelajakda kimyoning jadvali mening otim bilan ataladi!-deb ahd qildi.
Ahdga besh ketsak arzir: “Mendloef jadvali” degan qayda-yu “Gurillo jadvali!” degan qayda?!
Gurilloning maktabda kimyo fanidan “uch” bahoga o‘qigan, deb yomonlagan odamning o‘zi yomon. O‘sha Mendloef ham “uch”ga o‘qigon erkon-ku? O‘sha dodaxo‘ja olimning zo‘r hislati Gurilloda ham bo‘lsa nimasi yomon? Gurillo ko‘zguga qaraganda o‘sha Mendloefning peshonasida ham o‘xshashlik topdi. Omma, ota-bobosi ko‘sa bo‘lgani sababli sersoqol bo‘lish umidi so‘ndi. Bu ham yaxshi. O‘sha sersoqoldan farqi ham bo‘lishi zarur-da!
O‘ninchi sinfni bitirib, maktab bilan hayrlashayotganida hammaning oldida “Mendloef jadvalidagi 112-katakni men to‘ldiraman!” deb tantanali va’da berib to‘g‘ri qildi. Yaxshi ishni yashirib yurishning nimasi foydasi bor? Hamma ajablangan edi u kamtarlik bilan shunday izoh berdi:
- Men katta ketolmayman. O‘zingizga ma’lum, kashfiyot og‘ir mas’ala. Men institutni tugatib, to kashfiyotga kirishgunimcha hozirgi olimlar jim o‘tirishmaydi. Ular 112-katakkacha bo‘lgan bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirib turishsin, qolganini men o‘zim boplab tashlayman,-dedi baraka topgur.
“Ximfakka kirishim “zanjir reaktsiya” orqali amalga oshdi”, devdi, omma men bunisiga tushunmadim. Balki “oq bola”ning kuchidan shunaqa aljib yuborgandir. Bu yog‘ini o‘zing to‘g‘irlab yuborarsan. Xullas, o‘zining aytishicha, dadasining puli bilan tanishlari uni ikki yil badalida talabalik kursisida mahkam ushlab turishibdi. Boyaqish, shu ikki yilda hamma olimlarning hayotini o‘qib tushirib, ularga o‘xshab qolibdur. Ajdodi ko‘sa o‘tgan bo‘lsa ham, Xudodan umid qilib soqol qo‘yibdur. Xudoning rahmi kelub, birinchi sinf o‘quvchisi sanay oladurgon miqdorda soqol chiqibdur. Omma nechundir mo‘ylab jonivardan ko‘p vaqt darak bo‘lmabdur. Mendloef ko‘zoynak taqar erkon, Gurilloning ko‘zlari baloning o‘qidek chaqnab tursa ham, ko‘zoynak taqaverdi. Mendloef degan nodon bir haftalab ovqat yemas erkon. “Bu nodonlig‘i bekorgamasdir”, deb taomdin o‘zni tortibdur va oqibat o‘qishda ko‘rinmay qolibdur. O‘n kundan keyin eti ustixoniga yopishgan bir avholda o‘qish xonasiga sudrab kelubdurlar. U taom yemagan kunlar nechundir, jadvalning 112-katagi xususinda emas, to‘kin dasturxon to‘g‘risinda o‘ylaganini menga gapira turib yig‘lab yubordi. O‘zimning haqimdan yarim piyola quyib uzatmaganimda ovutish qiyin bo‘lur erdi boyaqishni.
Xudoning mo‘‘jizasini qaragin-ki, “zanjir reaktsiya”ning kuchsizlanib so‘nishi, Gurilloning bu ilmdan sovushiga to‘g‘ri kelib qolibdur. Dodaxo‘ja olimlarning hamma hislatlari o‘zida mavjud bo‘lsa ham, mardlik qilib, o‘sha maydonni tashlab chiqib ketadur. Shu tantiligi uchun ham o‘sha badbaxt jadvalni Gurillo nomi bilan atavorishsa bo‘lardi, nomardlar!
Bobosi bilmagan narsasini gapirmaydi: peshonasi keng qilib yaratilgandan keyin buyuk bo‘lmay qayoqqa ham borsin! Ovozi binoyi, gavdasi kelishgan: quyib qo‘yilgan artist-ku! Peshonasini tirishtirib yuradigan badqovoqlarni ham kuldirish qo‘lidan keladur. Yuztadan ortiq rolni qoyilmaqom qilib tashlasa, buyuk bo‘ladi-yu tarixda qoladi. Mas’ala hal! Dadasining kasbi nimaligini so‘rab olmagon erkonman, omma “dadamning rejisserligida artistlik o‘qishiga kirub o‘qudum”, degani esimda. “Besh pardaga mo‘ljallangon hayotiy fojia rivojlanib ketub, sakkiz pardada ko‘z yoshisiz yakunlanib, diplom kissaga tushdi”, desa gapiga tushunmabman. Gapga to‘n kiyg‘izvoradigan yozg‘uvchi edi-da, boyaqish. Keyin tushuntirib berdi: besh yillik o‘qishga to‘ymay, sakkiz yil o‘qigon erkon.
Baraka topgur Gurillo sakkiz yilni bekorga sovurmay, olamga dong taratgan artistlarning barcha ajoyib hislatlarini o‘zida jamladi. Mendloefga o‘xshatadurg‘on soqolni qirdirib tashladi-yu morj atalmish jonivorni eslataturg‘on mo‘ylab qo‘ydi. Kinoda to‘qson ikki yarimta rol o‘ynag‘on shuhratli artistga yarashgan shunaqa mo‘ylab Gurilloga yarashmas erkanmi? Chorli Choplin degan otlig‘ artist o‘sha mo‘rjmo‘ylovdan shuhratliroq bo‘lgani uchun, xatosini angladi. To‘rt oydan keyin qo‘yg‘on qo‘ng‘izmo‘ylabi pesga hol yapishtirg‘andek yarashdi-qoldi! Bir nodon har kuni ertalab tosh ko‘tarar ekan, Gurillo kunda to‘rt marta ko‘taraverib, mushaklari toshib chiqdi. To‘rtinchi yil o‘quvida ko‘zlari moshdek ochildi. O‘zimizning Tarzanni o‘ynagon artist suzish bo‘yicha jahon chempioni bo‘g‘on erkonmi? U esa hali suzishni bilmasa-ya? Ana, uyat! Suzishni o‘rganaman, deganda ikki marta cho‘kib ketay, dedi-yu Xudo bu erka bandasini asrab qoldi.
Teatruda rejister degan hokim bo‘larkan. Gurilloga shunaqa hokim rejisterning betamizi uchrab qoldi. Sakkiz yil o‘qib, quyib qo‘ygan artistga aylangan Gurilloga arzimagan rollarni beraverib, bezdirib yubordi. Sen meni ko‘rolmaganingdek, o‘sha ham Gurilloni ko‘rolmagan-da, dardingni olay! Gurillo mag‘rur artist edi. Shart teatrudan ketvordi.
Endi nima qilish kerak?
Yozg‘uvchilik! Yuzdan orttirib kitob yozib tashlasa, dunyoni qoyil qoldiradi. Surishtirib ko‘rsa, bir yuz o‘nta ro‘mon yozgan yozg‘uvchi bor erkon. U bir yuz o‘n ikkita ro‘mon yozmoqlikni mo‘ljallab, adabiyot olamiga ot surib qolsami?! Shayton “Sen bir yuz yigirmata, hatto bir yuz o‘ttizta ro‘mon yoza olasan!” deb vasvasa qildi-yu lokin u “har ishning miyonasi yaxshidur”, dedi. Kamtar odamning chegarani bilgoni yaxshi-da. U boyaqish endi ham ro‘mon yozdi, ham ulug‘ yozg‘uvchilarning hislatlarini jamlashga kirishdi. Bittasiga o‘xshab sopol shlyapa kiydi, boshqasiga o‘xshab jag‘ining tagidaga to‘rttagina soqolini o‘stirib yubordi. Yana bittasi tabib o‘tgan ekan, tibbiy kitoblarni olib o‘qidi. Odamning miyasini o‘rgataturg‘on kitobni o‘qiyotganida miyasi suyulib ketay dedi-yu, bu mashg‘ulotini bas qildi. Bittasi teatruda ishchi bo‘lg‘on erkon, u bira to‘lasi qorovullikka kirdi. Bittasi majnunsifat bo‘lib yurib, jini yoqtirmag‘on kishilar ila mushtlashar erkon. U ham majnunlikni kasb qildi-yu, ikki marta chapani yigitlarning qo‘liga tushgach, esini tanib oldi. Gurillo yaxshilikka yaxshi edi-yu, omma bir-ikki xurmacha qilig‘i ortiqchaydi. Esi pastligi ham bor edi. “Men sopol pelada choy ichaman, chunki Qodiriy sopol pela-kosa ishlatg‘on”, deydi. Bo‘lmagan gap! Mening o‘gay tog‘am chinni piyolada choy ichganiga guvohlarim bor. Navoiy bo‘ydoq o‘tgan, deb xotini bilan ham ajrashibdi.
Ochig‘i, men uning ko‘p gaplarini yaxshi tushunmadim. Qorovul bo‘lib ishlayotganida stoli ustida Sheks degan pirining kitobi turarkan. “Otaulla” degan ro‘moni bormi o‘shaning? Nima deding, qaytar-chi? Pirining oti Shekspirmi? “Otello” degani ro‘monmas, “tragediya” deysanmi? Bo‘lsa bordir. “Oq bola”dan ichvolsam, qulog‘im yaxshi eshitmayturg‘on bo‘lib qoladi. Xo‘p, seniki ma’qul, jirillayverma. O‘sha “Otaulla”ga o‘xshatib uchta ro‘mon yozibdi. “Gamlot” degani bormi? Ha, “Gamlet”mi? Bilmadim, har holda o‘shandan o‘tadag‘on qilib sakkizta ro‘mon yozibdi.
Sopol shlyapa kiyib yurganida beshta ro‘mon yozibdi. Xotinini haydagandan keyin “Farhodu Layli” degan o‘n ikkita ro‘mon yozibdi. Ana endi unga “Qoyilman!” demay ko‘r-chi! Kitoblarining bosilib chiqmag‘oni hisob ermas. Muhimi yozishda! Dunyoda sendan ko‘ra insofliroq yozg‘uvchilar ham bor. Shulardan ikkitasi uning to‘rtta ro‘monidan bitta hikoya yasab gaznitda chiqartirib berishgani uchun jannatga tushsalar kerak.
Men birlan “oq bola”ni yumalatganda Gurillo bir yuz o‘n birinchi ro‘monini yozganini aytgon erdi. U qaysidir yozg‘uvchiga o‘xshab yozayotib, o‘lishini orzu qilardi. Lokigin, “oq bola”ni quchoqlab o‘lib qolibdi. Xudoning erka bandasi edi, boyaqish. Uni yangi qabristonga qo‘yishibdi. Go‘riga borib, ziyorat qildim. Go‘rga qadalgan nomirasiga qarasam “112” ekan. Bitta tanishi bilan boruvdim, ko‘z yoshi qila turib “Boyaqish kimyodagi 112-moddani, kinodagi 112-rolini, adabiyotdagi 112-ro‘monini shu yerdan topdi”, deydi. Nimaga shunaqa dedi, tushunolmadim. Sen tushungan bo‘lsang, gapga to‘n kiyg‘izib yozib yuboraver. Endi men charchadim. Ahbor karnayning ulfatida bugun tekin osh bor. “Tekindan kafan bo‘lsa o‘lmoq kerak”, deb bekorga aytishmagandir. Kafani qursin, omma palovxonto‘ra lanj bo‘lmasin, men ketdim...
Ikkinchi hangoma
Ie, jamoa jam-ku! Yalpisiga assalomu alaykum! Birovga borib “Abdumalik akaning o‘g‘li bizlar bilan choyxonada osh yeydi”, desam ishonmasa kerak. Hadeb uyingdaa kitobga muk tushib o‘tirmay, choyxonaga chiqib tursang, obro‘ying oshadi. Tishing tuzalib qoldimi? Oldirib tashladingmi? Aql tishini-ya? Ha, mayli tashvishlanma. Senda aql tishi bo‘ldi nima-yu bo‘lmadi nima, baribir o‘sha-o‘shasan. Tish do‘xtirga nima deding, sen bola? “Jo‘rj tog‘aning tishga tegadag‘on gaplaridan jonim halqumimga keldi”, deganing rostmi? Aql tishini oldirib tashlaganing bilinibdi. Hech zamonda gap tishga tegadimi? Gap quloqqa aytiladi, tishga emas. Agar yana shunaqa valdir-vos gaplarni aytib yursang, orani ochiq qilib tashlayman. Ustozligingni pishirib ye! O‘zimam tuppa-tuzuk yozg‘uvchi bo‘lib qoldim. Endi mustaqil yozib tashlayveraman. Sening maslahatlaring menga kapeyka! Muhimi, tushimda Julqunboy tog‘am og‘zimga tupurganlar. Shunisi glavniy! Sen jag‘ingni ushlab do‘xtirda o‘tirganingda, men Gurillo haqidagi ro‘monimning davomini to‘qib tashladim. “Gurillo Badharfiy o‘lgan edi-ku?” deysanmi? Ro‘monimning ikkinchi kitobi uning o‘lganidan keyingi hangoma-da. Eshit:
Shunday qilib, odamlar Gurillo Badharfiyni 112-qabrga qo‘yishdi-yu tarqalishdi. Xo‘-o‘sh, desang, jamoa tarqalishi bilan, Gurillo o‘zini keng yalanglikda ko‘rdi-yu hayronu lol qoldi. Axir u odamlar orasida yashadi, narigi dunyo haqidagi gap-so‘zlarni u ham eshitgan. Qabrga tuproq tortilishi bilan lahadga Munkar-nakir kirib kelishi kerak edi. Nima, xato gapirdimmi? Munkar boshqa Nakir boshqami? Ikkovi bir emasmi? Sening ustozing kim, bilmaymanu ammo lokigin qisir qolgan sigirimizni qochirishga olib ketayotganimizda dodam menga Munkar-nakir degan odamni gapirib berganlar. Yana nima deysan? Munkar va Nakir odam emasmi? Farishta bo‘lsa farishtadir, bu yog‘ini o‘zing to‘g‘rilab yozavur, bola. Xo‘p, Munkar bilan Nakir kirib “Dining nadir?” deb so‘rashi to‘g‘rimi? Ha, shunaqa bo‘lishini Gurillo ham eshitgan edi. Lekin lahadda so‘roq bo‘lmay birdan yalanglikda paydo bo‘lishidan hayron bo‘lib qolibdur. Atrofga alang-jalang qilub, so‘ng shunday o‘ylarni o‘ylabdur:
“Gunohim kamroq bo‘lsa, so‘rab-tergab o‘tirmay to‘g‘ri jannatga o‘tqazib yuborishdimikin? Yo‘g‘-e, hali qilko‘prikdan o‘tmadim-ku? Agar bu yer jannat bo‘lsa, unda parilari qani? Bir qultum suv bilan yutib yuborsa bo‘ladigan suluvlari qani? Atrofdagilar rosmana odamlarga o‘xshashyapti. Anavi juvonning turqi namuncha sovuq? Menga buncha tikiladi? Yo‘-o‘q... bu yer jannat emas. Uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi, deganlari haqqi-rost. Balki bu tomondagilarning ham zamoni o‘zgarib, ishlash uslubi ham boshqacha bo‘lg‘ondir? Axir Munkar bilan Nakir qachongacha gurzi ko‘tarib sarson yuradi?”
Gurillo shu o‘ylar ila band bo‘lg‘on kezda atrofda jonlanish sezilibdur. Butalar orasidan chuvakkina chol chiqib kelib, gilamchaga chordona qurib o‘tirmishdir. Vo ajab!.. Axir bu Gurilloning gilami-ku? Qorovul bo‘lib ishlab yurganida bir odam bu gilamni idora boshlig‘iga atab, ko‘tarib kelgon erdi. Tili chuchuklik qilib “pora” deyolmay, “sovg‘a” degan edi o‘shanda. Boshliq nimadandir gumonsirab, gilamni olib ketmagan, Gurillo esa “boshliqqa kelmish sovg‘o tabarruk bo‘lur”, deb o‘sha tuniyoq uni tinchitgan edi. Boshliq “gilam qani?” deb so‘rashga ko‘p og‘iz juftladi-yu uyaldi shekilli... Ana o‘sha gilam endi bu yalanglikda paydo bo‘lishi qiziq. Agar Gurilloni oq surpga emas, shu gilamga o‘rab ko‘mishganida ajablanmasa ham bo‘lardi...
Gurilloning gilam haqidagi o‘ylari uzoqqa bormadi. Ikki kishi uning ikki qo‘ltig‘idan olub, gilam ustida o‘lturg‘on cholning ro‘parasidagi qoq yerga sudrab bordi. Gurillo ularning amri ila tiz cho‘kdi.
“Men Munkar-nakirman”,-dedi qariya.
Nima deysan, yana yanglishdimmi? Ha-ya, Munkar boshqa, Nakir boshqa, devding-a? To‘xta, unda ro‘monni boshqacha qilurmiz. Shoshilma, o‘ylab olay... Bo‘ldi, topdim! “So‘roq qiluvchi chol” deb qo‘ya qol. Bu yog‘i ham zo‘r bo‘ldi, eshit:
- Men so‘roq qiluvchi cholman,-dedi qariya.
“Rosayam qaribdi-ku, shuning uchun gurzi ko‘tarolmay qo‘yibdi-da”-deb o‘ylamish erdi Gurillo.
Bu o‘yni o‘ylab ulgurmay boshiga og‘ir bir narsa urilib, hushini yo‘qotdi. Ko‘zlarini ochsa, so‘roqlovchi chol unga tikilib o‘tiribdi.
“Gurzi urishni jamoatchilik asosida bajarishadigan bo‘lishibdi-da”, deb o‘yladi yana Gurillo.
- Sen bo‘lakcha fikrlar ila chalg‘imay savollarimga aniq-tiniq javob qaytar. Qismating og‘ir. Ustingdan ko‘p arizalar yozilmishdir,-Qariya shunday deb bir to‘p qog‘ozlar orasidan birin oldi.-Birinchi ariza bandai mo‘‘mina Qoraboy qizi Nafisadan. O‘qulsun!
Gurzi tushirganlardan biri qog‘ozni chaqqonlik ila olib o‘qimoqni boshladi:
“Arizaginamning asl mazmuni shulki, Gurillo Badharfiy ismliq zot meni badnom qildi. Suyukligimdan ajratdi. Birov bilan bir yostiqqa bosh qo‘ymay, homilador bo‘ldum. Ammo tuqqanimdan keyin Gurillo Badharfiy meni nafaqa bilan ta’min etmabdur”.
Qariya “bas” deb qo‘lini ko‘tardi.
- Xo‘sh, gunohkor banda, aybingga iqrormisan?
Gurillo avvaliga dovdirab qolmishdir. “Birovni urganmisan yo so‘kkanmisan yo haqiga xiyonat qilganmisan?” deb so‘rasa javob topib berardi. Lekini bunaqasi...
- Taqsir...-Gurilloning tili arang gapga aylandi,-Bo‘xton bu. Yumaloq xatchilarning ishi bu. Men xotinimdan boshqaga... bormaganman. Birinchi xotinimga o‘n besh yil olimient atalmish soliq to‘ladum. Pattalari bor edi, faqat... u yoqda qolgan. So‘roq bo‘lishini bilganimda olvolardim. Zarur bo‘lsa, ilojini qilib bir-ikki kunga chiqazvoring, aytgan vaqtingizda olib tushaman.
- Gapni chuvalashtirma! Aybingga iqrormisan?-deb o‘shqirdi chol.
- Yo‘q, bunaqa gunoh qilmaganman.
Boshiga gurzi tushib, yana hushini yo‘qotdi. O‘ziga kelib, ko‘zini ochsa, boyagi xunuk xotin yonida o‘lturibdi.
- Bu muslimani tanirmusan?-deb so‘radi chol.
- Yo‘q,-demish Gurillo.
Yana boshiga zo‘r bir gurzi tushmish. Yana hushini yo‘qotmish. Yana ko‘zlarini ochsa, tumshug‘ining tagida bir to‘p qog‘ozlar turibdi. Qarasa, o‘zi yozgan qog‘ozlar. Tepasiga katta-katta qilib “Bahordagi muhabbat ro‘moni”, deb yozib qo‘yibdi.
- O‘qi!-deb buyurdi chol.
Gurillo yana gurzi yeb qolmay, degan hadikda o‘qiy boshladi:
- Mo‘rchamiyon qizning yuragida muhabbatga o‘xshash allaqandayin his o‘rkach-o‘rkach bo‘lib kuydirardi. Yuragi esa tuyaga o‘xshab lo‘killardi. Birdan u o‘zini yigitning uvada bag‘riga tashladi. Yigitning ko‘kragidagi qalin junlar uni mast qilib qo‘ydi. U hozir yigitning sevmasligini ham unutgan, ertaga falsafadan imtihon topshirishini esidan chiqargan edi. U yigitning quchog‘ida mushuk kabi erkalanar, yigitnng hirsi so‘nmay turib, ko‘kragidagi junlarni mayda qirqkokil qilib o‘rib olmoqlik uchun payt poylar, qiz qilib tuqqani uchun onasiga g‘oyibona rahmatlar aytardi. To‘g‘ri-da, onasi adashib o‘g‘il qilib tug‘ib qo‘yganida, bu lazzatlar qayda edi!? O‘ttiz uchinchi kokilni o‘rayotganida yigitning qo‘llari kutilmaganda g‘alati harakatlar qila boshladi. U juvonga aylanganini sezmay ham qoldi.
- Bas!-dedi chol asabiylashib.-Endi tanidingmu bu muslimani?
- Axir bu... bu... badiiy to‘qima-ku? Hamma shunaqa to‘qiydi...-deb o‘zini oqladi Gurillo.
Lokigin chol uning gapini eshitmadi:
- Da’voyingni ayt, Qoraboy qizi Nafisa.
Xunuk juvon yig‘lab turib, dardini to‘ka boshladi:
- Men bu kishining asarlariga kirganimdan mingdan ming pushaymon erurman. Bundan ko‘rasi oqibati fojia bilan tugayturg‘on biron atala asarga kirub, zahar ichub o‘lg‘onim afzal erdi. Ilojim qancha, sho‘rpeshona erkonman. Ro‘monlarining o‘n uchinchi sahifasida mo‘rchamiyon erdim. Yigirma birinchi sahifadan yigirma ikkinchisiga o‘tar yerida qaddim “kelishgan dol” bo‘lib bukchaydim. Avvaliga mujgonlarim qayrilma edi. Keyin kamon o‘qiga aylandi. Qo‘y ko‘zlarim shahlo bo‘ldi, uchar otnikiday bejirim oyoqlarim semiz sonlarim dastidan yurolmay ham qoldi. Xullas, o‘zimning qanaqaligimni bilolmay, haligacha hayrondurman. Teshavoyni yaxshi ko‘rardim. U ham meni sevardi. Lekin Teshavoy birdaniga raisning qiziga uylanib oldi. Meni institutdagi O‘roqvoy degan domla ilib ketdi. Qirq to‘rtinchi bobda erimning oti Boltavoy, kasbi domla emas, qamalib ketaturg‘on magazinchi bo‘lib qoldi. Homilador bo‘lganim mayli, lokigin bolamni boshqalarga o‘xshab to‘qqiz oy qornimda ko‘tarib yursam bo‘lmasmidi? Yo‘-o‘q, uch oyda tug‘ib qo‘yganimni o‘zim ham keyin bildim. Besh kiloli bolani qanaqasiga qiynalmay tug‘dim, o‘zimam hayronman. Tug‘ruqxonada yotganimda bolam qiz edi. Bog‘chaga borayotganida Alpomishday o‘g‘il bo‘lib qoldi. Bolamning otasi O‘roqvoymi yo Boltavoymi, aniq emas. O‘zimning afti-angorimni kishi tanimas qilib yubordilar, bunisiga chidayman. Omma bolani qanaqasiga orttirdim, shunisiga javob bersinlar. Agar bu kishi zo‘rlamaganlarida bunaqa ishlar bo‘lmas erdi. Men “Bahordagi muhabbat” degan ro‘monga kirgan barcha qahramonlar nomidan da’vogar bo‘lib keldum. Yuzta da’vogarni Gurillo Badharfiy aro yo‘lda chala yozganlari uchun ular bu yerga yetib kelolmadilar. Mening Teshavoyim... yettinchi bobda chimildiqqa kirganicha haliyam chiqqani yo‘q...
- Shu gaplar rostmi?! Qizni badnom qilganingga iqrormisan?-deb o‘shqirdi chol.
- Yo‘q, taqsir, axir yemagan somsaga...
Bu joyda savol berilarkan-u javob oxirigacha tinglanmas ekan. Boshiga gurzi tushgach, gapi tilida qoldi. “Yemagan somsaga pul to‘lash bu yerda ham bor ekan-da”, degan o‘y xayoliga keldi-yu hushidan ketdi.
E... Abdumalik akaning o‘g‘li, soatingga qara-chi? Obbo... rosa chaynalibman-ku, a? Endi qanot chiqarib uyga uchishim kerak. Samovor palov senga buyura qolsin. Harxasha xolang beshik to‘yidan qaytgunicha shirguruch qilib qo‘yish bo‘ynimga tushgon. Harxasha xolang hozir parhezda, to‘ydan och keladi. Aytmoqchi, shirguruchga tuz solinarmidi, bilmaysanmi? Obbo... Tavakkal, bir chimdim solarman. Yana nima deysan? Ie! Ro‘monim rostanam yoqdimi? Kalaka qilayotganing yo‘qmi? O‘ylab topmadim, bu gaplarni, Xudo berdi, men to‘qidim-qo‘ydim. Yana davomini to‘qib qo‘yganman. Ertaga aytib berarman-a?
Uchinchi hangoma
“Choyxona ham bor bo‘lsin!” deydigan xotin mavjudmikin, bu dunyoda. Quyosh g‘arbdan chiqib, mabodo shunday xotin topilib qolsa, meni aytdi deyaver, dunyodagi barcha choyxonalarda unga haykal qo‘yiladi. Hozircha biz bevaqt tug‘ilg‘onmiz shekilli, choyxona borligi uchun Xudoga shukr qiladirgon xotin topilg‘onicha yo‘q. Mana, kecha salgina gapga berilibman. Shoshib-pishib shirguruch qilibman. Tamomiy baloga qoldim. Harxasha xolang beshik to‘yiga ketishdan oldin menga shirguruch emas, shirchoy buyurgan ekan. Xullas, shirguruch pishirgan men-ku, lokigin qarg‘ishga choyxona qoldi. Shu insofdanmi? Ana, Tolib bedarvozaning choyxonasini qarg‘asin, Dunyodagi itpashsha-yu xira pashshalarning hammasi o‘sha yerda. Bizning choyxonada nima ayb? Ayniqsa, sen endi chiqib o‘rganayotganingda bu choyxona xotinimning qarg‘ishiga qolib bir nima bo‘lsa, men bu dunyoda qanday qilib bosh ko‘tarib yuraman? Ha, ha, gaping to‘g‘ri, nomard odam xotinidan shikoyat qiladi. Bo‘pti, damim ichimda. Faqat shu choyxonaga bir nima bo‘lsa, xotinimdan ko‘rib yurmalaring. Maqsadga o‘taymi? Xo‘p, kecha nimalarni aytib beruvdim? Gurillo Badharfiyga bir xunuk xotinning dav’o qilgoninimi? Unda bugungisi meravoy gap bo‘ladi. Eshit:
Shunday qilib, narigi dunyodagi so‘roq qilg‘uvchi chol ikkinchi arizani chiqordi. Harflarga ko‘z yugurtirdi-da, Gurilloga “ahvoling chatoq, omma battar bo‘lmasang rozimasman”, deganday qarab qo‘ydi. Keyin baland ovozda baqirdi:
- Sulton Murod ibn Ma’mur ibn Ahmad!
Olomon orasidan ko‘rinishi darg‘azab, yurishi esa mayinroq bir odam chiqib ta’zim qildi. O‘zi erkagu, lokigin ta’zimi erkakcha bo‘lmadi.
- Xo‘sh, ro‘yxatda ko‘rsatgan barcha xotinlaring shu yerdami?-deb so‘radi chol undan.
- Ha, taqsir, ana ular.
Podshoh shunday deb narida to‘p bo‘lib turgan qirq nozaninni ko‘rsatdi. Chol ularga qaragan edi, nozaninlarning o‘n yettitasi ishva bilan jilmayib qo‘ydi. Cholning o‘zi qari bo‘lgani bilan ko‘ngli yosh edi, oyog‘ining tirnog‘igacha zirillab ketdi.
- Demak, Gurillo Badharfiyda da’voing bormi?-deb so‘radi nozaninlarga to‘yib qarab olgach.
- Shunday.
“Men shohlar zamonida yashamagan bo‘lsam, ularga yomonlik istamagan bo‘lsam, menda qanaqasiga da’vosi bo‘ladur?”-deb o‘yladi Gurillo.
- Xo‘sh, Badharfiy, sen bu oliy zotni taniysanmi?-deb so‘radi so‘roqlovchi chol.
- Tanimayman,-dedi Gurillo dadil.
- Hoy, mal’un, endi tanimay qoldingmu? Boshimga shunchalar kulfatlar solib-a?-deb nola qildi sulton.
- O‘lay agar, tanimayman,-deb qasam ichdi Gurillo.
- O‘lib bo‘lgansan, qasaming o‘tmaydi,-dedi chol.-“Shoh borki, xotin bor” degan ro‘monni sen yozganmisan?
- Ha, bir paytlar yozuvdim... lekin bosilib chiqmagon.
- Sulton Murodni sen yaratganmisan? Uning qirqta xotini bor edi, endi esingga tushdimi?
- Tush...di,-Gurilloni behos hiqichoq tutib, dadil javob qaytara olmadi.
- Ana, tanishib oldinglar. Ishni o‘zaro tushunish yo‘li bilan hal qilamiz. Qani, podshoh hazratlari, da’voingizni lo‘ndaroq qilib bayon eting.
- Podshoh bo‘lib yaralish hammaga nasib etavermaydi. Toleimdan o‘rgulay, deb dunyoga keldum. Besh yoshumda podshoh bo‘ldum. Otamning kimligidan, qanday yo‘q bo‘lgonididin bexabar erurman. Sen otamning kimligin bilarmiding, mal’un!?
Gurillo huquq ilmidan ham boxabar erdi. Shu bois dangal dedi:
- Men norozilik bildiraman. Da’vogar jamoatchilik orasida obro‘yimni to‘kyapti!
- Bu yerda obro‘ degan gap yo‘q. Jamoatchilik ham yo‘q. Da’vogarning savoliga aniq javob ber.
- Otangning kimligini, nima bo‘lganini men qaerdan bilaman? Kerak bo‘lsa, urug‘-aymog‘ingdan so‘rab-surishtirb olaver!
- Ana ko‘rdingizmi, taqsir, bu muttaham shunaqa tonib turadi. Xo‘p, bunisiga chiday. U menga dastlab yetti qasabali mamlakat bergan erdi. Yerlarimning u boshida kun chiqib, bu boshida botardi. Ro‘monining yarmiga bormay, qasabalarim uchta bo‘lib qolibdi. Xo‘sh, mal’un, to‘rtta qasabamni nima qilding?
- Yettitaligicha turibdi, ana, qo‘lyozmamga qara, ko‘chirg‘uvchi xotunning aybi birlan “uchta” deb ko‘chirilgan.
- Ana, yana tonyapti bu mal’un! Bir go‘zal jononga ishqim tushgan erdi. Mulozimlarim uni haramga kiritishib erdi. Qani o‘sha jonon? Nima uchun meni haramga kiritmading, mal’un?
- Qanaqa, podshohsan, esing joyidami o‘zi?-dedi Gurillo g‘azablanib.-O‘sha kuni chet el delegasiyasini qabul qilishing kerak edi. Haramda balo bormi senga? Bittasiga kirmagan bo‘lsang, ana, qirqtasini berib qo‘yibman-ku?
- Qirqtasini bermay o‘l, sen juvonmarg! Qirqta jononning ko‘nglini ola bilishim uchun meni qaroqchilar to‘dasida tarbiyalashing kerak edi. Sen meni kimning hovlisida katta qilding, mal’ungina?! Maydaqadamlarni qaerdan topa qolding, baloginaga uchragur!
- Feodal jamiyatda bo‘lgan bunaqalar, men o‘ylab topmaganman...
- Huv, ovozing o‘chsun! Bu qirq jonon menga nasib bo‘lmadi,- podshoh shunday deb peshonasiga qarsillatib urdi.-Hammasi mulozimlarim bilan don olishadur, uchragan erkakka qosh qoqadur. Ana, hozir ham ishva qilishyapti.
- Hay-hay!-so‘roqlovchi chol siri oshkor bo‘lganday sapchib ketdi.-Mavzudan chetlashmang!
- Muddaoga o‘tsam, u begunoh odamlarning daryo-daryo qonini oqizishga meni majbur qildi.
- Bu mening istagim emas, jamiyat...
- Jim bo‘l! Sen meni qirqta xotinga uylanishga majbur qilding!
- Hamma podsholarda qirqtadan xotin bo‘lgan...
- Axir menga bittasi ham yetardi!
Podsho shunday deb yig‘lab yuborgon erdi, so‘roqlovchi chol unga validol berib, tinchlantirdi. Bu yerga validol qanday tushib qoldi, Gurillo bilmaydi, ochig‘ini aytsam, o‘zim ham bilmayman. Tinchitishning boshqacha yo‘li bo‘lsa, o‘zing to‘g‘rilab yozarsan.
- Yaxshi, yaxshi,-dedi chol podshohni tinchitgach,-talabingizni ayting, do‘zaxda kuydiraylikmi?
- Yo‘q, yo‘q, kuydirmang taqsir! Ana, ko‘ryapsizmi, xotinlar imlashyapti. Hammasini o‘zi nikohlab olib, jabrini ham o‘zi tortsun. Meni shu xotinlardan xalos qilsangiz bas...
Podshoh shunday deb hiqillab yig‘lay boshladi. Gurillo “Shuncha xotin menga ham kerakmas”, degan edi, boshiga gurzi tushdi...
Nima deysan, Abdumalik akaning o‘g‘li, Gurillo Badharfiyning u dunyodagi hayotini qotirib to‘qibmanmi? Endi menga tan berasanmi? Xohlasang, yana to‘qib tashlayveraman. Xohlamaysanmi? Shuning o‘zi ko‘nglingni alag‘da qildimi? Voy, naynov-e! Kecha maqtayotuvding-ku? Bo‘pti, senga yoqmasa ham ana, choyxonadagilar eshitib ikki marta kulishdi. Menga shunisi hisob. Aytganlarimdagi bittayam harfni o‘zgartirmay, qog‘ozga yozgin-u gaznitga ber. Ha, aytib qo‘y, ularingga, qalam haqidan urib qolishmasin. Beradigani bir kilo go‘shtga yetmasa, yozg‘uvchiligingni ham tashlayman. Kecha baqqollikka o‘tsam, sheriklarim birni birga urishtirib, o‘nni olishyapti. Manim fidoyi ekanlig‘imni bilib qo‘y. Uka, ha!
JO‘RJ tog‘amizning aytganlarini aslicha qilib qog‘ozga tushirdim-u yana o‘ylab qoldim. To‘qigan hangomalari nashr qilinmasa, qalam haqi olmasa yozuvchilikni tashlar ekan. Shunday qilgani sizga ma’qul. Adabiyot maydonida ivirsib yurganlarning bittasi kamayadi, deb quvonarsiz. Lekin menga qiyin. Mahallada bosh ko‘tarib yurolmayman. Ko‘chib ketishimga to‘g‘ri keladi. Qayoqqa ko‘chaman? Agar uch qavatli, bir yuz o‘n ikki xonadan iborat, hovlisi o‘n ikki sotixdan kam bo‘lmagan ortiqcha uyingizni menga beradigan bo‘lsangiz, mayli, shuning evaziga JO‘RJ tog‘amizni adabiyotdan bezitib, chetlatish bizdan. Kelishdikmi?
Tohir Malik. 112-qabr (hajviya)
(uch hangomadan iborat dahshatsiz bayon)