Qamoqxonaning temir eshigi avvaliga yurakni ezadigan darajada g‘ijirladi, so‘ng shiddat bilan sharaqlab yopildi. Erkinning nazarida temir eshik sharaqlamadi, balki mog‘or hidi anqib turgan bu zah bino tars ikkiga yorilib, ajralib, keyin shu ondayoq uni yutib yuborganday bo‘ldi. Uzunasi uch qadam, eni ikki qadam keladigan sovuq, nimqorong‘i xonada yolg‘iz qolgan Erkinning badanida titroq turdi. Titroq sovuqdanmi yo qo‘rquvdanmi - buni avvaliga o‘zi ham bilolmadi.
Eshikning sharaqlab yopilishi so‘nggi umid uchqunlari ustiga kul tortdi. Qamoqxonaning uzun dahlizidan qo‘lini orqasiga qilib yurib kelayotganida ham undagi umid uchquni olisdagi yulduz kabi miltillab turgan edi.
Endi... tamom! Demak, bu shunchaki po‘pisa emas! Demak, bu anglashilmovchilik ham emas!
Erkin ostona hatlab bir qadam qo‘yganicha qotib turardi. Ko‘z oldini qorong‘i parda qoplagan, nazarida oyoqlaridan ham jon butkul chiqib ketganday edi. U o‘zi bilmagan holda asta cho‘ka boshladi. Avvaliga cho‘nqaydi, so‘ng cho‘kkaladi. Tizzalari muzladi. Titroq kuchaydi. Baqirmoqchi bo‘ldi - ovozi chiqmadi.
...Qorong‘i xonaga chaqmoq nuri yopirilib kirganday birdan yorishib ketdi. Shunday yorishdiki, hatto ko‘zlariga hech nima ko‘rinmay qoldi. Nazarida chaqmoq qamoqxonani shart ikkiga ajratib tashlaganu o‘tkir nuri bilan ko‘zlarini qamashtirib yuborganday edi. Dam o‘tmay xona asta qizara boshladi. Oxiri qondek to‘q-qizil tusga kirib, atrof chayqala ketdi. Qamokxona toshbino emas, balki ulkan qon dengizida qalqib turgan kema edi uning xayolida. Mavjlar bora-bora po‘rtanaga aylandi. Tiz cho‘kkanicha qaltirayotgan Erkin o‘roq solingan bug‘doy poyasiday shilq etib yonga quladi. Chakkasi betonga tegib, ko‘z oldini qoplab turgan qip-qizil qon dengizi qop-qora zimiston chohga aylandi. U zimiston chohga go‘yo uchib tushdi. Qaltiroqlari ham qolgan, badandagi zirqiroq og‘riq ham ko‘tarilgan edi. U o‘zini yengil his qilar, qushday uchardi...
Beliga enli kamar bog‘lagan soqchi ichkaridagi yigitchaning jimib qolganidan xavotirlanib, eshik tuynukchasini ochib qaradi:
-Yerga yotib olibdi-ku, biron nima bo‘lmaganmikin?-dedi u sherigiga qarab.
Rangpar sherigi tuynukchadan bir oz qarab turgach:
-O’lmaydi, yotaversin,-deb hotirjam ravishda nari ketdi.
Erkin qancha yotganini bilmaydi. Hushiga keldi-yu, sukunat jarangidan dahshatga tushdi. Jimjitlikning bu qadar dahshat ekanini u bilmas edi. Shu sababli hushiga kelgan-kelmaganini avvaliga anglamay yotdi. Bir payt onasi sukunatni parchalab: “Turgin bolam, shamollab qolasan”, deb shivirlaganday bo‘ldi. Erkin seskanib, boshini ko‘tardi. Quloq tutdi -onasi boshqa gapirmadi. U atrofga alangladi: to‘g‘rida temir karavot qorayib turibdi. Tepada xira chiroq. Bir tomonda temir panjarali darcha. Orqada temir eshik. Boshqa hech narsa yo‘q.
U qaddini rostladi-da, muzlab qolayotgan o‘ng qo‘lini, o‘ng biqinini siladi. Majolsiz oyoqlarini bir-bir sudrab bosib karavotga borib o‘tirdi. Ko‘rpa bo‘lib ko‘rpamas, junchoyshab bo‘lib junchoyshab bo‘lmagan bir uvadani olib, o‘randi. Badaniga sal issiqlik yugurdi. Sovuq chekingach, ochlik xurujqildi.
Yigitchani uydan olib chiqishganda subhi kozib edi. “Enkevede*” desa joni halak qo‘shnilar eshiklari tirqishidan mo‘ralab qolaverishgan, nola qilayotgan onasini yupatguvchi zot topilmagan edi. Erkin kun bo‘yi tik turganicha so‘roqlarga javob berdi. Qosh qoraya boshlaganda keltirib, bu xonaga tiqishdi.
Erkin nimqorong‘i, zax xonaga ham, sukunatga ham asta ko‘nika boshladi. Bir yil ichida avval akasidan, so‘ng otasidan ayrilgan, otasining do‘stlari ham birin-ketin qamalayotganini eshitib dovdirab qolgan o‘n yetti yoshli yigitcha uchun o‘tgan kecha va kunduz kutilmagan sinov edi.
Uch kun avval maktab direktori uni chaqirtirdi. Cho‘qqi soqolli bu odam g‘oyat sertakalluf, hatto bolalarni ham sizlab gapirar, birovdan ranjiganini sira sirtiga chiqarmas edi. Ana shunday hilm egasi bo‘lgan odamni rangi oqargan holda ko‘rib, Erkin ajablandi.
-Kechqurun Nozimxo‘ja akangizni ham olib ketishibdi,-dedi u sarosima bilan.-Bittadan terishyapti. Siz hoziroq uyingizga boring. Dadangizning kitoblarini, kundaliklarini, maktublarini, xullas, yozilgan qog‘oz borki, berkitib tashlang. Julqunboy bilan Cho‘lponning kitoblari zinhor yuzada qolmasin. Ehtiyot bo‘ling, bolam, bora qoling.
-Nimaga, muallim?-deb e’tiroz bildirdi Erkin.- Dadam... yo‘qlar-ku? Shunda ham kelishadimi bizlarnikiga?
-Kelishlari mumkin... Ular uchun hozir tirigu o‘lik odam - bari bir.
Erkin muallimining qo‘rqoqligidan bir kulib, bir hayron bo‘lib, uyiga bordi. Uning gaplarini onasiga aytdi. Onasining rangi o‘chib, “Voy, o‘lmasam...” deb ikki yuziga kaftlarini bosdi. Uch oydan beri nafaqa puli berilmay qo‘yilganining boisini shu topda angladi. Bir oz sarosimada turdi-da, keyin tokchalardagi kitoblarni saralay boshladi. Uning qo‘li ishda, lablari esa: “Voy, xudoyim, endi nima qildim, bularni qaerga yashirdik?!” deb pichirlardi.
-Erkinjon, bolam, bularni qaerga yashiramiz? Yoqmasak bo‘lmaydi shekilli?-dedi onasi to‘plangan kitoblargaqarab.
Erkin “onam hazillashyaptilarmi?” deb unga tikildi. Keyin onasi hozirning o‘zida o‘t qo‘yib yuboradigandek qo‘llariga yopishdi.
-Yo‘q,- dedi u qat’iy,- yoqmaysiz! Bu dadamning kitoblari!
Dadasining qo‘llari tekkan kitoblarni yoqishga yo‘l qo‘ya olmasdi. Kitob yonsa, dadasining xotirasi ham kuyib, kul bo‘ladiganday edi. Oqibatda bu uyda tabarruk hech nima qolmas edi. Erkin xotirasiz yashamoq, tuyg‘ulardan mahrum bo‘lmoq - vahshiylik ekanini hali durust tushunib yetmasdi. U hozir bir narsani aniq bilardi - otasining qo‘llari tekkan buyum
tabarruk, muqaddas. Muqaddas narsani esa yoqib bo‘lmaydi. Onasining qo‘llarini ushlab, ko‘zlariga tikildi. Uning bu qarashida “o‘lsam o‘laman, biroq yoqtirmayman!” degan qaror zohir edi. Ona o‘g‘lining qalbida portlagan, biroq tilidan uchmagan bu xitobni yuragi bilan eshitdi.
-Nima qilamiz bo‘lmasa?-dedi yig‘lamsirab.
-Ko‘mibqo‘yamiz.
Oshxonada odam bo‘yi keladigan katta xum bo‘lardi. Erkin esini taniganidan buyon bu xumga donu dun to‘latilganini bilmaydi. Hozir Erkinning xayoliga daf’atan shu bo‘sh xum keldi. Tashqariga chiqdi-da, itining yog‘och uychasini nari surib, o‘ra qaziy boshladi. Onasi esa hamon yig‘lamsiraganicha maktublarni, hujjatlarni to‘p-to‘p qilib tugar edi.
Erkin xumning og‘zini mahkamlab, ustiga tuproq tortib, so‘ng itining yog‘och uyini surib qo‘yganida tun yarmidan oqqan edi.
Ertalab maktabiga borgan Erkin direktorning “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinganini eshitdi. Direktorning kechagi qiyofasi ko‘z o‘ngidan ketmay, o‘zining ham sarosimaga bandi bo‘lib borayotganini xis qildi.
Oqshomda esa... uylariga bular - kutilmagan, chorlanmagan, xushlanmagan mehmonlar kelishdi. Boshqalarga buyruq berayotgan charm kurtkali kishini Erkin bir ko‘rishdayoq tanidi. Javlon ismli bu odam avvallari ham uylariga bir-ikki kelgan edi. Bu mehmonni ko‘rishdayoq dadasining peshonasi tirishganini Erkin sezgandi.
Dadasining bir odati bo‘lardi: biron-bir yaxshi odam mehmon bo‘lib ketgach, oila davrasida uning fazilatlarini sharaflab o‘tirardi. Mehmon xush ko‘rilmaydigan, ko‘ngliga o‘tirmaydigan bo‘lsa, indamay qo‘ya qolardi. Shu tufayli charm kurtkali Javlonning asli kimligi Erkin uchun noma’lum edi.
Dadasining janozasida bu odam ham kelib: “Mirabbosov bolshevik edi, bolshevikchasiga ko‘mamiz”, deb hammaning boshini qotirgandi. Shunda Erkinning buvisi chiqib: “Bolam bolshavoy bo‘lgan, to‘g‘ri, lekin ota-bobolariday yotaversin. Bolshavoy taxta qutida yotsin, degan qonuningni ko‘rsat!” deganidan so‘ng: “Unda yuzini ochinglar, xayrlashaylik”, deb tiqilinch qilgan, odamlar: “Kafanlab qo‘yilgan, ochib bo‘lmaydi”, deb koyib berishgach, janoza o‘qilishini ham kutmay, bir nimalar deb to‘ng‘illaganicha ketib qolgan edi.
Qorong‘i tushganda aynan shu odamning kelishi Erkin uchun jumboq edi.
Javlon hatto etigining changini ham qoqmay uyga kirib keldi. Avval namatni, so‘ng to‘shalgan ko‘rpachalarni bosib o‘tib, tokchaga yaqinlashdi.
-Hm-m... Marks, Lenin... yaxshi...-dedi u kitoblarga qarab.-O’rtoq Stalinning kitoblari qani?
Erkinning onasi kalovlanib, javob bera olmadi.
-Qanaqa bolshevik ekan, u Mirabbosov, uyida dohiyning kitobi bo‘lmasa... Mana bu yerda dushmanlarning kitoblari turar edi, qani ular?
Erkinning onasi yana javob qaytara olmadi. Savol takrorlangach, arang: ”qaysi dushmanlar?” deya oldi xalos.
-Qaysi dushmanlar?-Javlon “ularni rostdan ham bilmaysizmi?” deganday bir zum tikilib turdi:-Qodiriy, Cho‘lpon degan dushmanlarni eshitmaganmisiz? Eshitgansiz. Kitoblarini ham bilardingiz. Hech bo‘lmasa tokchaning changini artayotganingizda ko‘zingiz tushgandir, a? Shuning uchun meni laqillatishga urinmang. Men sizdan so‘rayapman: kitoblar qani?
Savol bu safar yanada keskinroq, yanada balandroq ovozda so‘raldi. Erkinning onasi bu ohangdan cho‘chib ham tushdi. Javlonning qahrli nigohiga dosh berolmadi. Nima qilsin: dod deya olmasa, qo‘shnilarini yordamga chaqira olmasa, ko‘chaga qochib keta olmasa... Javob qaytarmoqdan o‘zga chorasi yo‘q.
-Ularmi... ularni yoqib yuborganmiz.
Shu javob bilan qutulib qolmoqchi edi, biroq Javlon yo‘l qo‘ymadi:
-“Yoqib yuborganmiz”? Nimaga?
-Shu... nimaydi...
Onasining o‘rtanishiga chiday olmagan Erkin uning o‘rniga javob qaytardi:
-Xalq dushmanlarining kitoblariga bolshevikning uyida joy yo‘q!
Javlon zaxarli jilmayish bilan Erkinga tikildi:
-Shunaqami? Yaxshi... Lekin sendan so‘raganim yo‘q, tirrancha, sen gapga aralashma... Xo‘-o‘sh, demak, kitoblarni yoqqansiz? Eringiz qaerda, uni yoqmagandirsiz, a?
Erkin ham, onasi ham hangu mang bo‘lib qolishdi. Bu odam hazillashyaptimi yo chin gapiryaptimi - farqlay olishmadi.
-Bu nima deganingiz...-dedi onasi yig‘lamsirab.-Axir dadasini... axir o‘zingiz ko‘rgansiz...
-Ko‘rmaganman! Ko‘ray deganimda meni yulib tashlagansiz, chunki kafan ichida boshqa odam bo‘lgan. Mirabbosov - xalq dushmani! U adolat hukmidan qochib yuribdi.
-Xaqqingiz yo‘q bunday deyishga! Dadam halol odam edilar!
-O’zingni bos, tirrancha! Dadangni sendan ko‘ra men yaxshiroq bilaman. Mirabbosov Buxorodagi tintuvda topilgan bir xum tillaning yarmini davlatga topshirmagan. Arxivni ko‘tardik, dalillar bor. Xo‘sh, qolgan tillani qaerga yashirgan? Yo uni ham yoqib yubordilaringmi? Mayli, Mirabbosov xalq dushmani bo‘lmay qo‘ya qolsin. U hatto shu nomga ham arzimaydi. Mirabbosov - oddiy va pastkash o‘g‘ri. Biz esa o‘g‘rini izlab topishimiz kerak.
Inson bolasi o‘zining haqoratlanishiga chidashi mumkindir. Biroq, vafotiga hali bir yil ham to‘lmagan otasining xotirasi bulg‘anishiga qanday chidasin?! Erkinning nazarida bu tuhmat so‘zlar uchishi hamon zamin larzaga kelib, silkinishi, osmon esa g‘azabdan qoq ikkiga bo‘linib ketishi kerak edi. Ehtimol moziyda, ming yillar ilgari shunday bo‘lgandir. Keyin odamlar tilidan uchayotgan tuhmatu ig‘volarga ko‘nikib yuvosh tortib qolgandir. Ehtimol... ehtimol... Yer-u osmon chidagan narsaga Erkin toqat qila olmadi:
-O’zing o‘g‘risan!-Erkin o‘zini tutolmay shunday deb baqirdi-da, Javlonga tashlandi. Onasi yo‘lini to‘smaganida uning kekirdagiga chang solishi aniq edi. Javlon bir imlagan edi, ostonada turgan askar Erkinning qo‘llarini qayirib, hovliga sudrab olib chiqdi.
Qosh qoraydi, kech kirdi. Atrofga sokinlik cho‘kdi. Go‘yo butun shahar, butun o‘lka oromga berilgan edi. Erkin shu onda boshqa xonadonlar ham tashvish o‘tida qovrilayotganini, eshiklarining taqillashini xavotir bilan, yurak hovuchlab kutayotganini bilar edi. “Balki uch-to‘rt uyni tintishayotgandir,-deb o‘yladi u,- lekin o‘lgan odamni topib berasan, deb tiqilinch qilishmayotgandir?..” Erkin ichkarida nima gap bo‘layotganini bilmasdi. U odamning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushini, onasining yig‘lamsiragan ovozinigina eshitardi. “Ko‘milgan qog‘ozlarni, kitoblarni ko‘rsatsam, qorasi o‘charmikin, bularning”, deb ham o‘yladi. Keyin qog‘ozlardagi biron-bir satr otasining “xalq dushmani” deb qoralanishi uchun asos bo‘lishi mumkinligini anglab, o‘zini tiydi. U dadasining kundaliklarini o‘qigan, ayrim satrlar yod ham bo‘lib ketgan:
Otasini badnom qilib yuborishlari uchun shu baytning o‘zigina kifoya. She’rning inqilobdan avval yozilganiga qarab o‘tirishmaydi. Erkin otasining qamoqqa olingan do‘stlarini eslab, “Tirik bo‘lganlarida dadamni ham qamashar ekan-da...” deb o‘yladi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Otasining charm kurtkali bu odamga bosh egishiga, uning oldiga tushib ko‘llarini orqaga qilib uydan chiqib ketishiga Erkin chiday olmagan bo‘lardi. Boshqalar qanday chidayapti ekan, nima uchun ularning yuraklari alamdan tars yorilib ketmayati ekan?
Erkin kechasi bilan shunday o‘ylar iskanjasida to‘lg‘andi. Tiz cho‘kib o‘tirgan onasini ko‘rib, unga talpindi. Charm kurtkali odam yo‘lini to‘sib, bilagini mahkam siqdi:
-Onangga achinsang, oltinlar bilan qog‘ozlarning qaerdaligini ayt,-dedi hukmdor ohangda.
-Bizda oltin bo‘lmagan, qog‘ozlarni yoqib yuborganmiz.
-Ha, yaxshi. Bu yerda bir gap chiqmaydi shekilli. Sen men bilan birga ketasan. Suhbatni idorada davom ettiramiz. Senlar “enkevede” nima ekanini hali bilmas ekansanlar. Ko‘zlaringni ochib qo‘ymasam bo‘lmaydi.
-Biz o‘rtoq Stalinga shikoyat qilamiz. Siz hali javob berasiz!-dedi Erkin qat’iylik bilan.
Javlon “Ilonning bolasi - ilon, chayonning bolasi - chayon”, deb ijirg‘andi-da, Erkinni siltab, nari itardi. Onasi uyda dod deganicha qolaverdi.
Idoradagi suhbat eski eshikning bir me’yordagi g‘ijirlashi kabi davom etib, Erkinning asab torlarini burdalab tashladi.U odam uydagi o‘sha savollarni erinmay, bir xil ohangda takrorlayverdi. Erkin ham bir xilda javob qaytaraverdi. Oqshomga borib ikkovi ham o‘larday charchadi. Oqibat - Erkin qamoqxonaga, Javlon esa uyiga yo‘l oldi...
“Oyim nima qilishlarini bilmay o‘tirgandirlar,-deb o‘yladi Erkin.-Og‘zim quriyapti, suv so‘rasammikin? Nima deb so‘rayman? Shulardan so‘raymanmi?..”
Erkin uvadaga o‘ranib, ochlikdan sillasi qurib, tashnalikdan entikib o‘tirganida onasi qamoqxona atrofida zir qaqshab yurgan edi. Kunduzi ichkaridan tayinli bir gap chiqmagach, uyiga qaytib, osh pishirib, tog‘orachaga suzib kelgan, bir “insofli odam” bu oshni Erkinga berib qo‘yaman, deb olganicha dom-daraksiz ketgan edi. Ona bechora “endi o‘g‘lim och qolmaydi”, deb bir oz ovungan, shu devor ortidagi xonada uch azamat bir bo‘lib tog‘orachadagi oshni ishtaha bilan yeb tashlaganidan esa bexabar edi.
Qosh qorayganda Javlon chiqdi. Onaning “bolam qani?” degan savoliga “so‘roq tugamadi”, deb to‘ng javob qaytardi-yu, avtomobilga o‘tirib jo‘navordi.
Ertasiga ertalab Javlon qo‘ng‘ir binoning sovuq devoriga suyanib, mudrab o‘tirgan onani ko‘rib, uni chaqirdi:
-“Enkevede” bilan o‘ynashma, devdim-a?-dedi po‘pisa ohangida. Uning birdaniga sensiray boshlagani onani sergaklantirdi. Ko‘ngli bir shumlikni sezib, “yana nima derkin?” degan xavotirda gapining davomini kutdi.
-O’jarlik qilma. Bolang meni haqoratladi. Ilonning bolasi - ilon, dushmanning bolasi -dushman. “Uchlik”ning hukmi bilan uzo-oqqa ketadi. O’ylab ish qil. Esingni yig‘sang bolangni qutqarib qolarsan, bo‘lmasa, o‘zingdan ko‘r.
-O’g‘limni bir ko‘ray...-Ona talab ohangida gapirmoqchi edi, lekin titroq ovozi o‘ziga bo‘ysunmadi.
-Mumkin emas. Qog‘ozlarni qaerga yashirgansan, oltinni-chi?
-Axir aytdim-ku?
-Sening bu laqillashingni onang ko‘taradi. Men emas. O’yla, kechgacha o‘yla. Bolani tuqqan ham o‘zingsan, o‘ldiradigan ham o‘zingsan, bilib qo‘y!
Bu gaplarni aytgandan ko‘ra onaning ko‘ksiga bir-ikki o‘q qadaganda mushtiparning qalbi bunchalar poralanmas edi.
Ona ikki o‘t orasida qovrilib qolaverdi. Axir u nimani o‘ylaydi? Eri qaro yer bag‘rida yotgan bo‘lsa... Uni tiriltirib olib kela olmasa... Tiriltira olganida ham bu mal’unning ko‘liga topshiradimi? Nima uchun topshiradi? Nima gunohi bor ekan u sho‘rlikning? Oq podsho zamonida necha o‘limdan qolgan edi. Bu zamonda o‘lib ham qutulmasa... “Oltinni topib ber”, deydi. Oltinning nomini eshitgan, o‘zini esa umrida ko‘rmagan bo‘lsa... Ortiqcha besh-o‘n tangalari bo‘lganda to‘ng‘ichlarini omon saqlab qolishmasmidi. Yigit yoshida bu dunyodan hech nima ko‘rmay ketdi bechora. Paxta terimiga chiqib, o‘pkasini shamolga oldirib qo‘ydi-yu,
o‘nglanmadi, qiynala-qiynala jon berdi. Ota boyaqish “yurtim, xalqim”, deb yuravergan ekan. Boladan ajraldi-yu, yurti, xalqi u yoqda qolib, o‘z joni ham ko‘ziga ko‘rinmadi. Ustidagi motam libosini yechmay, bolasi ortidan ketdi...
“Erkinjon bolam, onang men bilan turmush qurib ro‘shnolik ko‘rmadi, sen uni o‘ksitma”. Uning ketar chog‘idagi vasiyati shu bo‘ldi. Ana endi onasini boshida ko‘tarib yurishi, noxush shamollardan asrashi, bu mushtiparga baxt nima ekanini anglatishi zarur bo‘lgan farzand shu sovuq g‘ishtin bino ichida o‘tiribdi. Nima qilyapti u yerda, uni qiynashyaptimikin, yo...
Shu fikrning o‘zidanoq ona yuragi potirlab, yorilib ketay dedi.
Kechgacha o‘ylashi kerak... Ko‘milgan qog‘ozlarni, kitoblarni berib yuborsa qutularmikin? Yo “nimaga berkitgansanlar, bir ayblaring bor”, deb battar qilarmikin?
Ona nima qilarini bilmay turganida, katta eshik ochilib, bir askar ko‘rindi. U yoq-bu yoqqa alangladi-da, so‘ng unga yaqinlashdi.
-Mirabbosova senmisan?-dedi u dag‘dag‘a ohangida.
-Menman...-dedi ona siniq ovozda.
-Uyingga jo‘na. Hali kechqurun borishadi. Jilmay o‘tir. Buyruq shunaqa.
-O’g‘lim... O’g‘lim-chi?- deb so‘radi ona, umid chinnisi singan odam ovozida.
-O’g‘lingni bilmayman. Bor, jo‘na.
Ona uning ma’nosiz ko‘zlariga umidvor nigoh bilan boqib, jindak bo‘lsa ham mehr izladi. Yo‘q, mehr topmadi. Bu askarning qarashlari sovuq, ko‘z kosasiga ikkita muz parchasi solib ko‘yilgandek edi.
Ona undan uzoqlasha boshladi. Oyoqlari toshday zil, bosishga majol yo‘q edi. U ancha vaqtgacha orqadan ovoz kelib: “To‘xtang, ana, o‘g‘lingiz chiqyapti. Birga ketasizlar”, deyilishini ilinj bilan kutdi. Ozgina yurgach, hali so‘nmagan umid uni to‘xtab, ortiga o‘girilishga majbur etdi. Qaradi: muz ko‘zli askar ko‘rinmadi.
“...nimaga borishadi? Nimaga kechqurun borishadi?..” degan savol uni xayolning turli xavotir ko‘chalariga boshladi. Uyiga yaqinlashgach, “bolajonimni qo‘yvorishgan bo‘lsa uyda kutib o‘tirganmikin?” degan umidli xayol chaqmoq singari yarq etib, zulmat ko‘ngliga yorug‘lik berdi. Zil-zambil oyoqlari hatto yengillashganday tuyuldi. Shoshib eshikni ochdi. Hovlidan Erkinning “Oyijon!” degan ovozi eshitilganday bo‘ldi. Onaning yuragi yana potirladi. Nafasi qaytib, ko‘zlari tindi. Erkini, Erkinjoni yana bir marta “Oyijon!!” dermikin, deb kutdi. Yo‘q, hovli huvillab yotardi. Ona uyiga sig‘may, ko‘chaga chiqdi. O’zi bilmagan holda akasinikiga qarab yurdi. Akasi uyda ekan. Uni sal cho‘chibroq qarshi oldi.
-Nimaga kelding, bunaqa paytda uyda o‘tirish kerak. Orqangdan odam tushgan bo‘lsa...-u shunday deb ko‘cha eshikni qiya ochib, tashqariga mo‘raladi.
-Oyimni olib ketaman. Anavilar...kechqurun kelisharkan. Yolg‘izman... qo‘rqaman...-dedi ona siniq ovozda. Bu yerga u dalda ilinjida kelgan edi. Akasining ko‘rqayotganidan bildiki, daldaga umid qilish - cho‘kayotgan odamning xasga yopishishiday bir gap. O’z akang shunday deb tursa...
Kampir qizini bag‘riga bosib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi.
-Kecha oqshom eshitganimdan beri adoyi tamom bo‘ldim, boray desam, akang omon bo‘lgur ko‘ymaydi. Zamon og‘irlashib ketganmish, nima qilay, qon yutib o‘tiribman.
-Anavilar kechqurun kelisharmish, yolg‘izman...
-Boraman, bolam, boraman. Bu yerda qon qaqshab o‘tirishga boshqa toqatim yetmaydi.
Onasining bu qaroridan keyin akasi yon bosishga majbur bo‘ldi, biroq, shart qo‘ydi:
-Sen ketaver, birga yurganinglarni begona ko‘z ko‘rmasin, orqangdan o‘zlari yetib boradilar.
***
Muz ko‘zli askarning buyrug‘iga itoat etgan ona qamoqxonadan uzoqlashayotgan damda qo‘llari orqaga qayrilgan Erkin Javlonning xonasiga kirib kelgan edi. Javlon bu o‘jar yigitchaning ko‘zlaridan nimanidir uqmoqchi bo‘lganday qattiq tikildi. Erkinning ko‘zlarida uyqusizlik, ochlik azobi zohir edi. Javlonga huddi shu kerak: bola azobga bandi bo‘lganmi, yo‘qmi - shuni bilish istagida tikilgandi. Izlaganini topib, yuziga g‘olib odamning masrur kulgusi yugurdi.
-O’tir, onang ovqat olib kelibdi, yeb ol,-dedi u muloyimlashib.
Erkin stol ustidagi tunuka kosa, bug‘i ko‘tarilib turgan sho‘rva, bir burda nonni ko‘rib, yutindi. Lekin sir boy bergisi, bu odamning marhamatidan foydalangisi kelmadi.
-Qornim to‘q.-deb yuzini chetga burdi.
Javlon unga yaqinlashib bo‘ynidan ushladi-da, stol tomon itardi.
-O’tir, yeb ol, tirrancha! Senga kim qo‘yibdi arazlashni. Qorningni to‘yg‘azib, bitta savolimga javob bergin-u, jo‘nab qol, onang kutib turibdi ko‘chada.
Erkin o‘tirib, qo‘liga qoshiq oldi. Sho‘rva tomog‘ini kuydirib o‘tdi. Sho‘rva nihoyatda sho‘r edi. “Mayli, bir-ikki qoshiq ichay, yana sulayib chiqmay ko‘chaga...” deb o‘yladi u. Shu payt askar yigit qaynab turgan samovar olib kirib ko‘ydi. “Choy ham berarkan”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi Erkin. “Yana bir qoshiq... keyin ichmayman...” deb o‘tirib, kosani bo‘shatdi. Shundan keyin ichi yona boshladi. “Bu odam nega choy damlamayapti?” deb kutdi. Javlon esa samovarga hatto qarab hamqo‘ymadi.
-Qorning to‘ydimi? Endi ayt: otangning qog‘ozlari, kundaliklari qaerda?
-Yoqib yuborganmiz.
Kechagi savol-javob, kechagi tomosha qaytadan boshlandi. Yo‘q, tomosha aynan kechagiday emasdi. Kechagi dadilligi endi Erkinni tark etgan, aksincha, uyqusiz o‘tgan ikki tun, ochlik azobiga qo‘shilgan tashnalik hukmini o‘tkaza boshlagan edi. U o‘zini arang tutib turardi.
-Dadangning kundaliklarini o‘qiganmisan?
-Yo‘q...
-Unda nima uchun yoqding?
-Keraksiz qog‘ozlar deb o‘ylabman.
-Bekor aytibsan! O’qigansan. Bu kundalik otangni xalq dushmani sifatida fosh qilib qo‘yishidan qo‘rqqansan.
-Dadam dushman emas edilar! -Erkin shunday deb baqirib, shart o‘rnidan turdi. Lekin Javlon uni yelkasidan changallab, joyiga bosib o‘tqazdi.
-Men o‘qiganman, otangning kundaligini. Dushmanlik ufurib turgan satrlari hali yodimdan ko‘tarilgani yo‘q: “Xalq nochor, xalq yupun, xalq o‘lim to‘shagidagi bemor. Bunga sabab: yumshoq o‘rindiqda kekirib o‘tirgan o‘rtoqlarning o‘zlari dumba chaynab, chandirni xalqqa otishi, qaymoq yalab, shildir suvni xalqqa berishi, palov oshalab, yuvindini xalqqa ravo ko‘rishidir...” Shularni otang yozgan, a? Ha, yozgan. Sen esa o‘qigansan, o‘qib turib fikring zaxarlangan. Bunaqa gaplarni faqat dushman aytadi. Qani o‘sha kundalik, qaerga yashirding? Yoqib yuborganingga ishonmayman. Baribir topaman. Sening esa teringni shilib, ichiga somon tiqaman. Onangni esa oyog‘idan osaman. Ayt!
-Yoqib yuborganmiz...
“Hozir sen bolani shunday sayratayki...”
Javlon samovor qopqog‘ini ochib, tomizg‘ichga qaynoq suv to‘ldirdi-da, Erkinning orqa tomoniga o‘tdi. Yigitchaning boshiga bir tomchi qaynoq suv tomizdi. Kutilmagan og‘riqdan Erkin sakrab tushdi. Qaynoq tomchi miyasidan kirib, tovonidan chiqqanday bo‘ldi. Javlon uni yelkasidan bosib, joyiga o‘tqazgach, boshiga yana bir tomchi qaynoq suv tomizdi. Erkin bu safar dod deb yubordi. Dahlizda kutib turgan askar ichkari kirib, Erkinning qo‘llarini qayirib, stul suyanchig‘iga bog‘ladi. Javlon bir necha nafasdan so‘ng yana qaynoq suv tomizdi. Erkin bu azoblarga uzoq dosh bera olmadi - hushidan ketdi.
Erkinni ikki askar suyab olib chiqdi. Javlon uning orqasidan qarab zaxarxanda bilan “Tirrancha!” deb so‘kinib qo‘ydi-da, telefon dastagini ko‘tardi:
-Vadim Akopovich, tergovni tugatdim. Mirabbosovning xalq dushmani ekani tasdiqlandi. Ha, uzoq yillar mobaynida bolshevik niqobida yurgan. O’n to‘qqizinchi yilda Buxoro amiri bilan shaxsan uchrashgan. Shundan beri Sovet hokimiyatiga qarshi pinhona ravishda kurashib kelgan. Siri fosh bo‘ladigan paytda o‘zini o‘zi o‘ldirgan. O’g‘lining ozodlikda qolishi sovet hokimiyati uchun g‘oyat xavfli. Dunyoqarashi aksilinqilobiy... Ha, ashaddiy millatchi! Fikrimmi?.. Qamoq muddatini kamida yigirma besh yil deb belgilash. Ha, ikki soatdan keyin “uchlik”ning qarorini tayyorlab, huzuringizga kiraman.
U telefon dastagini qo‘ygach, chuqur tin oldi. “Bir paytlar mening urug‘imni quritmoqchi edi. Sal vaqtliroq o‘ldi-da, urug‘ quritish qanaqa bo‘lishini ko‘rib ketardi”, deb o‘zidan o‘zi quvondi-da, “millatchi unsur Erkin Mirabbosovni yigirma besh yil ozodlikdan mahrum qilish” haqidagi uch kishidan iborat hay’atning qarorini yoza boshladi.
Erkin muzday xonada o‘ziga keldi. Qaddini ko‘tarib, boshini ushlab ko‘rdi. Nazarida boya charm kurtkali odam boshiga o‘tkir mixlarni qoqib tashlaganday bo‘lgan edi. Hozir negadir og‘riqni sezmadi. Ammo tashnalik azobi burovga oldi. Ko‘kragini muzday toshga berib yotdi -halovat topmadi. O’rnidan turdi. Yuzini devorga bosdi - orom ololmadi. Soqchini chaqirib, suv so‘ramoqchi bo‘ldi. Bir qadam bosdi-yu, to‘xtadi. “Bularga yalinmayman!” deb joyiga qaytdi. Shunda... quloklari ostida suvning mayin va yoqimli jildirashi eshitilganday tuyuldi. Hovlilarining naq belini kesib o‘tuvchi ariq ko‘ziga ko‘rindi: suvi tip-tiniq... ariq tubidagi qizg‘ish o‘tlar xuddi qizlarning qirqkokiliday bilanglaydi. Hozir... onasi tandirdan uzgan nonni suvga tashlab, oqizoq qiladi, so‘ng ariq labiga ko‘kragini berib yotib olib, suvni simirib-simirib ichadi...
Tasavvuridagi suv tashnalik azobini battar oshirdi. Erkin ko‘zlarini chirt yumib, quloqlarini kaftlari bilan berkitib oldi. Shu ahvolda uzoq o‘tirdi. Azoblarni eslamaslikka, boshqa voqealarni o‘ylashga harakat qildi. O’ylari aylanib kelib, so‘roqqa taqalaverdi.
Shuncha azoblar yetamaganday ko‘ngli behuzur bo‘lib o‘qchidi. Qorni burab og‘rib, bukchayib qoldi. Ko‘z oldiga, xuddi kechagiday, yana qonli daryo kelib, qamoqxona shu daryodagi pachoq kemaday chayqala boshladi. Erkinni bag‘riga olgan bu pachoq kemani bir ozdan so‘ng zimiston yutdi. Shunda o‘zini sal yengil xis qilganday bo‘ldi. Ammo bu hol uzoq cho‘zilmadi. Ko‘zlarini ochib yana sovuq devor, temir eshik, temir panjarali darchani ko‘rdi. Ichaklarini bir nima ayamay yondiraverdi. Qulog‘i ostida shildirayotgan suv endi sharshara kabi shovulladi. Tasavvuridagi ariq kengayib, anhorga aylandi. Anhor suvi ko‘pirib, toshib, qamoqxona tomon oqa boshladi. Darvozalarni buzib kirib, temir panjarali darchaga yetib keldi. Erkin beixtiyor ravishda tepaga qarab, og‘zini ochdi. Ko‘ziga ko‘ringan suv anhordan oqib kelgan emas, balki xayolidan toshib chiqqan edi. Buni anglab, alamdan dod deb yuboray dedi. Devorga musht urdi. Tiz cho‘kib o‘tirib oldi. Keyin ichi kuygandan kuyib, bir oz orom olarman degan maqsadda yalang‘och ko‘kragini sovuq toshga bosdi. Ichidagi olov alangasi pasaygandek tuyuldi. Endi yuzini ham toshga qo‘ydi. Nazarida tosh namdek edi - tilini chiqarib, toshni yaladi. Bu chora ham ozgina muddatgina foyda berdi. Ichidagi otash toshdagi muzdan g‘olib keldi. Erkin endi soqchini chaqirib yordam so‘rashni o‘ylamas edi. Charm kurtkali odamning tergovini ham eslamasdi. U azob to‘lg‘og‘iga butkul bandi bo‘lgan edi. U tosh ustida tipirchilay-tipirchilay holdan ketdi. Tashnalik ham, ichaklarining burab tortishi ham barham topganday tinchidi. Ma’nosiz boqayotgan ko‘zlarini temir panjarali darchaga qadadi. Uning lablari yemish kutayotgan polopon og‘zi kabi ochiq edi. Og‘ir mehnat qilib horigan odamday kalta-kalta nafas olar edi.
U darchaga qarab najot kutar edi. Temir panjaraga parvo qilmay yorib kirayotgan yorug‘lik bilan nahot najot ham kirmasa, nahot bir tomchigina suv tushmasa? Onasi ko‘chadamikin? Baqirsa eshitarmikin?
Erkin baqirmoqchi edi - ovozi zaifgina xirqiradi. Boshi aylanib, ko‘zlarini yumdi. Ko‘zini ochib... temir panjara ortida akasini ko‘rdi. Qaldirg‘och mo‘ylov yarashib turgan o‘sha mehribon chehra. O’sha mehribon jilmayish...
“Ukajonim, senga nima bo‘ldi?”
“Akajon, suv bering, yonib ketyapman...”
“Bir hovuchgina suv qolibdi, ma, ich...”
Derazadan sochilgan suv tosh ustiga to‘kildi. Erkin og‘zini ochganicha qolaverdi.
“Nimaga keldingiz, aka? Axir siz...”
“Seni qiynashayotganini bilib keldim yoningga. Kiynalsang ham chida, aytib qo‘ymagin. Dadamni badnom qilishmoqchi bular. Kundalikdagi gaplarni bilasan-ku?”
“Bilaman. Odamlar bekordan-bekorga quloq qilinyapti, odamlar bekordan-bekorga azobga tortilyapti”, deganlar. Bular meni o‘ldirishsa o‘ldirishsin, lekin sir olisholmaydi”.
“Ha... o‘lsang - o‘l, lekin ayta ko‘rma. Sen erkaksan. Senda kuchli iroda bor. Ular irodali odamlardan ko‘rqishadi. Shuning uchun qiynashyapti. Sen chida. Men yana suv olib kelaman...”
Akasi ko‘rinmay qoldi. Erkin ko‘zlarini yumdi. Akasining ovozini yana eshitib, ko‘zlarini yalt etib ochdi. Akasi hovuchidagi suvni to‘kdi. Suv pastga yetib kelmadi, zarralarga bo‘linib, sochilib ketdi.
“Aka, sizlarning oldingizga borgim kelyapti, nima qilay?”
“Kela qol, ukajonim. Dadam ham aytib yubordilar, seni sog‘indik. Sen bilagingdagi tomirni tishlab uz. Shunda bizning oldimizga hur qush bo‘lib uchib kelasan. Bo‘la qol, seni sog‘inib-sog‘inib kutyapmiz...”
Erkin ko‘zini yumib-ochdi, akasi ko‘rinmadi. Bilagini asta tishladi. Joni og‘rib, qo‘lini tortib oldi. Badanidagi og‘riqlar yana qo‘zg‘olib, tosh ustida tipirchilay boshladi. Akasining gaplari quloqlari ostida qayta jaranglagach, jon achchig‘ida bilagini tishladi - bu safar og‘riq sezilmadi.Tishini qattiqroq botirdi. Aql-hushini yo‘qotayozgan Erkin bilagini shartta-shartta tishlayverdi. Tomiridan otilgan iliq qon yuziga tegib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Tasavvuridagi daryoda suv emas, qon mavj urdi. Qon mavjlari ustida qamoqxona, qamoqxona ichida esa Erkin chayqaldi. Chayqala-chayqala hushidan ketdi. U akasi aytganiday yengil uchdi.
Ucha-ucha dadasi tomon yo‘l oldi.
***
Ayni bu damda Javlon ularning hovlisida itning yog‘och uyini surdirib, xumni kavlatib oldirdi. Qog‘ozlar ichidan keraklisini topib, ko‘ngli ravshanlashdi. “Javlon Jabborov unsurlar to‘dasi bilan yashirin til bog‘laganini bo‘yniga oldi. Aybini qon bilan yuvishga ont ichdi. Hay’at uning qasamini inobatga olib, bolsheviklar safida bir yillik sinov muddati bilan qoldirdi. Majlis raisi Mirabbosov... 1919 yil”.
-O’g‘lim qachon keladi?-dedi ona Javlonga umidli nigohini qadab.
-Kut, keladi,-dedi Javlon e’tiborsiz ohangda. Keyin qog‘ozlar, kitoblar bog‘lamini ko‘targan askar yigitlar orqasidan yurib, ko‘chaga chiqdi.
Ertasiga hovli huvilladi: tongda onani ham olib ketdilar.
______________
*Asl nomi “NKVD” - “Narodniy komissariat vnutrennix del”. Keyinchalik “SSSR Ichki ishlar ministrligi” deb nomlangan.