(O‘qig‘uvchi.)
Dunyoda ismi jismiga monand kelmaydigan odamlar ko‘p. Shulardan biri - Yo‘g‘onboy. Otasi rahmatli unga nima maqsadda shunday ism berganini o‘zi ham bilmasdi. Bo‘rining yonida yashagan qo‘yni tasavvur qiling-u Yo‘g‘onboyni ko‘z oldingizga keltiravering. Qovurg‘alarini bemalol sanash mumkin, deya olmaymiz, chunki buning uchun u boyaqishni yechintirib ko‘rish kerak. Xotinini bo‘riga qiyoslay olmaymiz, chunki boyaqish Mardonani ko‘rgan bo‘ri ham kasb-korini o‘zgartirib yuborishi hech gap emas. Yo‘g‘onboy shu xotinga uylanib, keyin ozib ketgan, ham deya olmaymiz. Chunki tug‘ilganidan beri uning semirib yurganini birov tushida ham ko‘rmagan. Ajib tomoni shundaki, er ham, xotin ham o‘zini “peshonasi sho‘r” deb atalmish jabrdiyda toifadan deb biladi. Qaysi birlarining peshonasi sho‘rroq ekanini aniqlab bera oluvchi tarozi bo‘lganida edi, biz bu masalaga aniqlik kiritib, aytadiganimizni muxtasar qilib qo‘ya qolardik.
Bir kuni Mardona erining maoshini qoqlagandan keyin “yana berkitib qolgani bordir”, degan fikrda u yer-bu yerini paypaslab ko‘rayotgan edi, Yo‘g‘onboyning xo‘rligi kelib, undan:
-Sen menga nechanchi yilda tegib eding, yodingdami?-deb so‘radi.
-Sakson yettinchi yilda, nega surishtirib qoldingiz?-dedi Mardona ajablanib.
-Sendan bittagina iltimosim bor, xotinxo‘ja, yo‘q demaysan. Ikki ming o‘ninchi yilda ketamanmi bu dunyodan yo yigirmanchi yildami, Xudo biladi. Vaqtiki kelib vafot etsam, go‘rimga tosh qo‘yguday bo‘lsang, o‘lgan yilimni yozdirma. “Shu sho‘rpeshona oltmish to‘rtinchi yilda tug‘ilib, sakson yettinchi yilga qadar odamga o‘xshab yashagan”, deb qo‘yaver,-dedi Yo‘g‘onboy.
Bu gap yurakdan aytilganiga qaraganda Yo‘g‘onboyning dardiga sherik bo‘lsak arziydi. Agar “xotindan kuyganlar jamiyati” tuzilguday bo‘lsa, unga Yo‘g‘onboyning raislik qilishi shubhasiz, deb o‘ylayotgandirsiz. Bizda ham shunday o‘y bor edi, ammo uning taqdiri sal boshqacharoq hal etildi.
Kecha Yo‘g‘onboyning maosh olgani esida. Ikki ulfati bilan bitta “oq bola”ni “ag‘darmoqchi” bo‘lgani ham yodida. Bugun kun yoyilganda uyg‘ondi-yu nechta “oq bola”ni yumalatib, keyin o‘zi ag‘darilganini eslamoqchi bo‘lib, shiftga tikilganicha yotaverdi. Aslida nechta “oq bola” shishani quritganini aniq bilishi shart emas. Uning tashvishi boshqa: maoshini uygacha yetkazib olib keldimi, yo uyga quruq cho‘ntak bilan tashlab ketishdimi?
Xotini indamayapti. Demak, ikkidan biri – yo kecha maosh olganidan bexabar, yo cho‘ntakdagi pulni olib, ko‘ngli tinchigan.
Yo‘g‘onboy ikkinchi to‘xtamga kelib, bir oz xotirjamlik bilan o‘rnidan turib yuvindi. Nonushta so‘rasa, baloga qolishini bilib, ko‘chaga otlandi. Erining harakatlarini jimgina kuzatayotgan Mardona ana shundan keyingina tilga kirdi:
-Ha, yo‘l bo‘lsin?-dedi u.
-Mahallada majlis bor ekan,-dedi Yo‘g‘onboy.
-Qachondan beri majlisga chiqadigan bo‘lib qoldingiz?
-Kecha oqsoqol qattiq tayinlovdi.
-Shunaqami? Men kirlarimni yuvib olay, majlisni ikkovimiz uyda qila qolamiz. Qimirlamay o‘tiring, bir qadam ham jilmaysiz.
-Bu gaping ham ma’qul, majlisga toqatim yo‘q. Mayli, chiqib, sigaret olib kelay.
-Bugun hech qayoqqa chiqmaysiz, dedim-a? Ichmaysiz ham, chekmaysiz ham,-Mardona erining bilagidan ushlab, xuddi bolaga o‘xshatib yetakladi-da, divanga o‘tqizib, gazeta uzatdi.
-Meni qiynama, xotinxo‘ja,-deb yalindi Yo‘g‘onboy,- gazet o‘qisam, miyam suyulib ketadi.
-Voy savil, agar sizda miya qolgan bo‘lsa, allaqachon aroqdan suyulib ketgandir. O‘tiring, o‘qing!
Yo‘g‘onboy ro‘parasida hozir katta general tursa, gapini ikki qilishi mumkin edi-yu, biroq Mardonaga qarshi so‘z aytolmadi. Mardona nari ketdi. Yo‘g‘onboy ishtonini bo‘ktirgan boladay joyida jimgina qoldi. “Bu xotinxo‘ja emas , bu – harxashaxo‘ja!” deb qo‘yishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Uy qamog‘iga bandi etilgan Yo‘g‘onboy xo‘rlik azobidan “uf” tortib yubordi. Chora izlab, atrofiga olazarak boqdi. Uyi ikkinchimi yo uchinchimi qavatda bo‘lganda derazadan tashlab qochardi-ya! Xotini uyni atayin to‘qqizinchi qavatdan olgan. Yo‘g‘onboy yonboshladi-da, xotinining buyrug‘iga ko‘ra o‘qishi lozim bo‘lgan gazetni boshiga yopdi...
Qancha vaqt shu ahvolda yotganini bilmaydi. Bir mahal eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi-yu “ulfatlarim chaqirib kelishgandir” degan umid bilan boshini ko‘tardi. Xotinining dugonasi Arbobxonimni ko‘rib, yana afsus va o‘kinch bilan “uff” tortib qo‘ydi.
Arbobxonim dugonasini o‘pib ko‘rishgach:
-Ering uydami?-deb so‘radi.
Uning bu savoli Yo‘g‘onboyni ham, Mardonani ham ajablantirdi.
-Erimni nima qilmoqchisan?-deb so‘radi Mardona.
-Eringni ikki soatga berib tur.
Bu iltimos yanada ajablanarli bo‘ldi.
-Erimni nima qilasan, o‘zingniki qani?
-O‘zimniki ulfatlari bilan oshxo‘rlikka ketgan. Keyin... bugungi ishga mening erim yaramaydi.
Bu gapdan keyin havotir ham uyg‘ondi.
-Birovning erini omonatga oladigan odating yo‘q edi-ku?-dedi Mardona zardali ohangda.
-Bugun muhim majlis bor. Ering menga ko‘rgazmali qurol sifatida zarur. Qo‘rqma, bu taviyangni shkaladday o‘rab olib, shkaladday qo‘lingga topshiraman.
-Unaqada mayli, olib ketaver, ana yotibdi, og‘ziga pashsha qo‘ndirib.
-Xohlasang, o‘zingni ham olib ketay. Mana, senga ham taklifnoma olib kelganman.
Mardona taklifnomani istamaygina olib, ko‘z yugurtirdi. Keyin ovoz chiqarib o‘qidi:
-“Sizni “Erkaklarni avaylash jamiyati” tuzilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan ta’sis majlisiga taklif etamiz”...-Mardona ajablanib, dugonasiga qarab qo‘ydi-da, taklifnomani uchinchi marta o‘qidi:-Eslaring joyidami?
-Esimiz joyida. Seniki joyidamas. Mening erim qaerda? Maishatda! Sening ering-chi? Sen va sendaqalarda insof yo‘q! Bo‘pti, orqamizdan yetib bor,-Arbobxonim shunday deb Yo‘g‘onboyga yuzlandi: - Aka, tura qoling, ketdik, sizga ozodlik tegib qoldi.
Yo‘g‘onboy vazifasi nimadan iborat ekanini bilmasa-da, Arbobxondan minnatdor bo‘lib, unga ergashdi. Mahalla choyxonasi yaqinidan o‘tayotganlarida shayton vasvasa qilib “shu xotinni chalg‘itib, qochib qolsang – marra seniki”, dedi-yu, biroq, chalg‘itishning yo‘lini ko‘rsatmadi. “Eshak kimniki – minganniki”, deganlariday, ayni damda Yo‘g‘onboy Arbobxonniki edi.
Ular allambalo bir saroyga yetib keldilar. Osib tashlangan turli shiorlarni o‘qib Yo‘g‘onboyning yuragi hapriqib ketdi: “Erkaklar – boyligimiz, ko‘z qorachig‘iday asraylik!” , “Erkakni xorlagan, xor bo‘lsin!”, “Har bir erkakni har kuni bir shisha tekin kon’yak bilan ta’minlashga erishaylik!”, “Choyxonada har kuni oshxo‘rlik qilmagan erkak – erkak emas!” Shiorlarni o‘qib, Yo‘g‘onboy chidolmadi – yig‘lab yubordi. “Bu dunyoda aqlli odamlar ham bor ekan-ku!” dedi u xo‘ngrab. Arbobxon uni ovutib, ichkari boshladi. Vo ajab, saroyga minglarcha odam to‘plangan. Eng ajoyibi – bironta erkak zotidan yo‘q, hammasi ayol! Bunaqasi hali tarixda bo‘lmagan. “Qirqta tovuqqa egaman”, deb keriluvchi xo‘roz nafasini yuta qolsa ham bo‘larkan. Chunki bu yerda mingta xotinga bittagina Yo‘g‘onboy!
Majlis boshlanib, xotinlar birin-sirin minbarga chiqib so‘zlay berdilar. Yo‘g‘onboy ularning nutqlarini yig‘laganicha eshitaverdi. “Dam olish kunlari erlarini uy qamog‘iga hukm qilgan xotinlarning sochlarini bittadan yulish kerak”, degan taklif aytilganda hammaga qo‘shilib, chunon qarsak urdi-ki, barmoqlari yorilib, qon sachrab ketdi.
Nihoyat Arbobxonimga so‘z navbati yetgach, Yo‘g‘onboyni sahnaga yetaklab chiqdi. Erkaklarning ulug‘ zot ekanini ta’kidlab, so‘ng muddaoga o‘tdi:
-Ana shunaqa, muhtarama xonimlar, o‘rtoq xotinlar. “Erkaklarni avaylash jamiyati”ni tuzish ko‘ngillar talabi bo‘lib turibdi. Gapim quruq bo‘lmasin uchun ko‘rgazmali qurol yordamida fikrimni isbot qilishga o‘taman. Siz ko‘rib turganingiz, agar fahmlagan bo‘lsangiz, tirik erkak hisoblanadi. Uni anatomik jihatdan tahlil qilish bizning vazifamizga kirmaydi. Biz “erkak” nomi bilan ataluvchi bu tirik jonning haq-huquqlari qay darajada buzilayotgani bilan qiziqib ko‘ramiz. Bu odam tug‘ilganida otasi yaxshi niyat bilan “Yo‘g‘onboy” deb ism qo‘ygan. Ana endi o‘zingiz qarab ayting: bu odamning nimasi Yo‘g‘onboy? Nega shunday bo‘ldi? Bundaqa Yo‘g‘onboy bittaginami? O‘rtoq xotinlar, ko‘zlarimizni ochaylik! E’tiborsizligimiz, erkaklarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatimiz tufayli yo‘g‘onboylarimiz qiltiriqjonlarga aylanib ketishmoqda. Ana endi ijozatlaringiz bilan ko‘rgazmali quroldan bitta-ikkita gap so‘rab olsam:
-Yo‘g‘onboy aka, siz chekasizmi?
-Ha, oz-oz.
-Oz-oz, deganingiz nimasi, aniq ayting, kuniga necha dona chekasiz?
-Kunigami...-Yo‘g‘onboy “to‘g‘risini aytaversammikin”, deb ikkilandi. So‘ng dangaliga ko‘chib qo‘ya qoldi:- endi... dugonangiz kuniga yigrma dona deb qat’iy belgilab qo‘yganlar. Lekin... tekini uchrab qolsa, o‘ttiztami, qirqtami, farqi yo‘q urib tashlayveramiz. Nos uchrab qolsa, u ham ketaveradi. Endi... bu yog‘ini o‘zingiz hisoblab olaverasiz.
-Ana, eshiting, o‘rtoq xotinlar!-dedi Arbobxon xitob bilan.-Ko‘rgazmali qurolimiz odob doirasidan chiqmay “belgilab qo‘yganlar”, deb aytyaptilar. Aslida esa necha marta chekish noinsof va vijdonsiz xotin tomonidan cheklab qo‘yilgan va bu bilan erkakning erkaklik huquqi qo‘pol ravishda buzilgan. Kuniga qirq va undan ko‘proq sigaret cheka oluvchi erkak bizning boyligimiz emasmi? Ayrim xotinlarga bu boylikni oyoq osti qilish huquqini kim bergan? Xo‘sh, bunday bechora erkaklar dardlarini kimga aytsinlar? Bugun biz tashkil etayotgan “Erkaklarni avaylash jamiyati” shu dolzarb masalani hal qilishi kerak.
Arbobxon gapini tugatmay, rayosatda o‘tirgan chiroyligina juvon unga murojaat qildi:
-Ko‘rgazmali qurolga savolim bor edi.
Chiroyli juvonning ovozi shunaqangi yoqimli ekan-ki, Yo‘g‘onboyda “Shu savolini qulog‘imga shivirlab aytsaydi”, degan shirin orzu uyg‘ondi. Lekin bu yer orzu amalga oshadigan joy emasdi, shu bois savol mikrofon orqali yangradi:
-Ayting-chi, Yugonboy aka, siz ichasizmi?
Boshqa birov ismini shunaqa buzib aytsa, Yo‘g‘onboyning achchig‘i chiqqan bo‘lardi. Lekin hozir chiroyli juvonning “Yugonboy” deyishi juda-juda shirin eshitilib, ichida “tilingga shakar”, deb ham qo‘ydi. Savoldan maqsadni anglab tursa ham, o‘zini go‘llikka solib so‘radi:
-Choymi?
- Yo‘-o‘q, alkogolni aytyapman.
-Ha. endi, el qatori...
-Kuproq qay biridan ichasiz, okidanmi yoki kizilidanmi?
-Tanlagan - nomard! Boriga baraka!
-Yana bitta dopolnitelniy savol: yurasizmi?
-Ie, ana, yurib keldim-ku? Arbobxonim ko‘targanlari yo‘q. Xotinxo‘ja bir narsa desalar, yugurib ham qolamiz.
-Men peshkom yurishni emas. xotinlarga yurishni oytaman. Boshka xotinlarga yurasizmi?
-Endi... erkakchilik... el qatorida.
-Masalan, srazu nishtasi bilan yurasiz?
-Savolingiz qiziq bo‘ldi-ku? Bu sanaladigan narsamas-ku? Uchrashiga qarabda...
-Masalan, v danniy moment nishta yuradiganiniz bor?
-Hozirmi... hozir bittayam yo‘q. Ochig‘i... ilgari ham bo‘lmagan.
-Niga?
-Negaligini Arbobxondan so‘rang. Xotinxo‘ja xabar topib qolsa, sho‘rim quriydi-da.
Shu yerga kelganda gapni yana Arbobxon ilib ketdi:
-Ana, o‘rtoq xotinlar, menga xuddi shu javob kerak edi! Ko‘rgazmali qurolga nisbatan faq-qat xuquq buzilmagan. Balki zulm ham qilingan. Agar ko‘rgazmali qurolni patonomik jihatdan o‘rganadigan bo‘lsak, uning bosh miyasidagi talamus va gipotalamus qismlarida sindromik o‘zgarishlar boshlangan bo‘lishi kerak. Ya’ni unga zulm davom etaveradigan bo‘lsa, yaqin orada xotinlarni ko‘rganida boshi aylanishi, o‘qchishi va qayt qilish hollari kuzatilishi mumkin. Va nihoyat, sakson yoshlarga borganida, hatto erkaklik hususiyatlarini yo‘qotib borishlari ham praktikada kuzatilgan. Xo‘p, endi tabiiy savol tug‘iladi: erkaklarimizni shu holga tushirib qo‘yishimiz insofdanmi? Chekmaydigan, ichmaydigan, yurmaydigan erkakni erkak deyishga tilimiz ham bormaydi. Agar erkak shunaqa bo‘lsa, u uylanishi emas, erga tegishi kerak ekan, shunday emasmi? Har bir ongli oilaga o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Shaxsan men o‘zim erjonimga har kuni uch qutidan sigerat olib beraman. Ikkitasini o‘zingiz cheking, bittasini oshnalaringiz bilan baham ko‘ring, deyman. Har kuni bir shisha aroq, bir shisha kon’yak olib kelib qo‘yaman. Erkakning ko‘ngli o‘zgaruvchan bo‘ladi, bugun oqini tusasa, ertaga qizilini xohlab qoladi. Haftada uch marta choyxonadagi maishatlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajrataman. Choyxonadan qaytib kelishlarida kutib olish uchun bolalardan navbatchi tayinlab qo‘yganman. Har holda yiqilib qolsalar, yoki begonalar suyab kelsa, oilamiz sha’niga isnod bo‘ladi-da! Xotinlar masalasini ham ongli ravishda o‘zim hal qilib berganman. Farroshimiz babka Shura mening erimni homiylikka olganlar. Babka Shurani men o‘zim har tomonlama tekshirib ko‘rganman. U ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqizinchi yildan beri partiya a’zosi bo‘lgan. Eri qirq ikkinchi yilda urushda xalok bo‘lganidan beri boshqa er qilmagan. Ana shunaqa, har bir ongli ayol o‘zi bosh bo‘lib, eriga ishonchli xushtor topib berishi kerak.
-Menda bitta taklif bor,-dedi rayosatda o‘tirgan chiroyli ayol hayajonlanib.-Yangi jamiyatimizda malaka oshirish kurslarini ochsak-da, Arbobxonimni bu kurslarga mudira qilib tayinlasak. Toki ongsiz xotinlar kelib, bu muhtarama olimamizdan aql o‘rganib ketsinlar.
Bu taklif Yo‘g‘onboyga yoqib tushib, chapak chaldi-da, qo‘shimcha qildi:
-Birinchi bo‘lib shu o‘qishingizga mening xotinxo‘jamni yozib qo‘yinglar. Ammo burnini yerga ishqab o‘qitasizlarda.
Yo‘g‘onboy shunday deyishi bilan xotini paydo bo‘lib qolsami?
-Voy savil, bir kamingiz xotinlarning majlisida o‘tirish edi, endi to‘la-to‘kis ahmoq bo‘libsiz,-dedi Mardona.
Yo‘g‘onboyning o‘takasi yorilishiga sal qoluvdi, rayosatda o‘tirgan chiroyli juvon joniga oro kirdi:
-Bilishimcha, siz ko‘rgazmali qurolimizning xotinlari ekansiz? Uyalmaysizmi, xonim?
-Nimadan uyalay?-deb bo‘sh kelmadi Mardona.
-Shunday jonon yigitni xarobgina qilib qo‘yibsiz-ku? Huquqini poyiol qilib tashlabsiz-ku! Sizday xotinga chidab yurgani uchun bu erkakka har haftada bittadan orden berish kerak.
Bu gap zo‘r bo‘ldi-yu, biroq Mardona deganiga ta’sir etmadi. Ikki qo‘lini beliga tirab, chiroyli juvonga tik boqib dedi:
-Shunaqami? Bu odamga chidab kelayotganim uchun menga har soatda bittadan orden berishingiz kerak.
Orani ochiq qilish uchun Yo‘g‘onboy gapga aralashdi:
-Mayli singlim, ordenni shu opangizga bera qoling,-dedi u chiroyli juvonga qarab,-ordenini yuvish bahonasida bizning ko‘krakka ham oftob tegib qolar.
Juvon chiroyli bo‘lgani bilan qaysar ekan, Yo‘g‘onboyning yalinishiga quloq solmay Mardonaga qarab jiddiy tarzda buyurdi:
-Siz, opajon, ana u burchakka turing. Biz sizday xotinga zamondosh bo‘lganimizdan orlanamiz. Bilib qo‘ying, bugundan boshlab hammamiz uchun ardoqli akamizni chekishdan cheklamaysiz. Ishdan kelishlariga bitta oqidan, bitta besh yulduzligidan olib kelib qo‘yasiz. O‘zingiz bosh bo‘lib, ustingizga bitta norasmiy kundosh olib berasiz.
Yo‘g‘onboy bu talablardan quvonsa-da, ko‘ngli to‘lmay, chiroyli juvondan yana iltimos qildi:
-Jon singlim, oqidan ikkita bo‘lsin, deb qo‘yavering, Sotvoldi chiqib qolsa, bitta kamlik qiladi.
Hayriyat, bu iltimos javobsiz qolmadi:
-Bu masalada izohimiz bor: agar uyda bir o‘zlari bo‘lsa, oqidan bitta, ulfatlari kelsa shularga qarab ikkita, uchta yoki to‘rtta olib qo‘yishingiz shart. Va yana bu akamiz uy ishlaridan mutlaqo ozod etilishlari zarur.
Bu talabni eshitgan Mardona dodlab yuborishdan o‘zini tutib:
-Voy, shu odam uy ishga qarasharkanmi?- deb xitob qildi.
-Qarashmaysizmi?-deb so‘radi chiroyli juvon Yo‘g‘onboydan.
-Nega qarashmas ekanman? Non olib kelaman, axlat tashlayman... Tug‘ishdan boshqa hamma aytgan ishlarini qoyillatib tashlayman.
-Hali shunaqami! Hali sizni deb men bu taviyalarning oldida sharmanda bo‘lishim kerakmi! Qani, yuring-chi. oldimga tushing-chi!-Mardona shunday deb Yo‘g‘onboyni chimchilay ketdi.
-Jon xotinxo‘ja, bu yerda janjal qilma, bular jamiyat tuzishyapti, seniyam o‘qitisharkan,-demoqchi bo‘lgan Yo‘g‘onboyning negadir ovozi chiqmadi. Xotini biqinidan chimchilagan edi, jon achchig‘ida baqirib yubordi va... ko‘zlarini ochdi.
Hozirgina xotini majlisda chimchilayatuvdi... bu yer o‘z uyi... divanda yotibdi, boshiga yopgan gazeta tushib ketibdi.
-Turing, turing-e!-dedi Mardona endi uni siltab,- axlat moshina keldi, tashlab keling.
Hali uyqusi yaxshi ochilmagan Yo‘g‘onboy xotiniga ajablanib qaradi:
-Bekor aytibsan, o‘zing tashlayver. Men uy ishlaridan ozod qilinganman. Ishonmasang o‘rtog‘ing Arbobxondan so‘ra.
-Nima balo, kechagi haliyam tarqamadi-mi? Qani, turing-chi!
Yo‘g‘onboy hozirgina ko‘rgani tush ekanidan achinmadi. Har holda tushida bo‘lsa ham yaxshilikni ko‘rdi. “Erkakning tushi o‘ngidan keladi”, deydilar, bu tushda ham bir hikmat bordir.
Yo‘g‘onboy axlatni tashlagani chiqib, avval Sotvoldini keyin Ummatali, Yigitalini uchratdi. Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi bo‘lganda axlat tashlagani chiqqan erkaklar jimgina ketaverarkanlarmi? Xullas, bir chelak axlatni ko‘tarib chiqqan Yo‘g‘onboy uyga Mardonaning hisobi bo‘yicha to‘rt soatu o‘n sakkiz daqiqadan keyin qaytdi. Lekin es-hushi joyida edi. O‘qlov ko‘targan xotinidan cho‘chimadi, dangal shunday dedi:
-Men ozod erkakman, bilib qo‘y! Meni himoya qiladiganlar bor, bilib qo‘y! Sen burchakka tur, erkaklarning huquqini poymol qilganing uchun javob berasan!
O‘sha kuni Mardona ko‘targan o‘qlov singanmish. Nima uchunligini hech kim bilmaydi. Hech kim bilmagan narsani biz ham bilmaymiz. Vassalom.