Hozir nima ko‘p, shaxsiy korxonalar ko‘p. Kaminaga o‘xshagan noshud bandalar bunaqa ishlarni eplolmaydi. Lekin boshqadan qolsak, qulog‘imizni kesamiz, degan odatimiz bor. O‘ylab-o‘ylab biz ham shaxsiy korxona ochmoqqa bel bog‘ladik. Qaysi bir mamlakatda odamlar g‘alvirda suv tashir ekanlar. Biz ularga taqlidan g‘alvirda gap tashishga niyat qildik. Korxonamizga MishTAG deb nom qo‘ydik. Buning ma’nosi – mening ixtiyorimdagi shaxsiy telegraf agentligi. Demak, biz mish-mishlar, lof-qoyalar, oldi qochdi gapu e’lonlar bilan tirikchilik qilishni boshlamoqchimiz.
Omadimizni bersin, omiyn!
Ishni MishTAG g‘alviriga tushgan dastlabki e’lonlar bayonidan boshlaymiz.
Hokimlikda:
Qish mavsumida shahar ko‘chalariga suv sepuvchi avtomashinalarda ishlash uchun haydovchilar taklif etiladi. (Izoh: haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shart emas.)
* * *
Shahar ko‘chalarida yonmaydigan svetoforlarnining ishlab qolgani haqidagi xushxabarni yetkazgan kimsaga atalgan suyunchi mablag‘i sarf qilinmagani sababli bu pullar kelgusi yil hisobiga to‘laligicha o‘tkaziladi. Qadrli piyodalar, diqqatingizni susaytirmang, suyunchi sizni kutmoqda!
* * *
To‘xtash joyida tushuvchi yo‘lovchilarga qulaylik yaratib, orqa eshikni ochgan avtobus haydovchisi shu mardligi tufayli Ginnes kitobiga kiritildi. Bu mardlik boshqa haydovchilarga yuqmasligi uchun avtobus haydovchisining nomi sir tutilmoqda.
Ishxonada:
Bozor iqtisodiga o‘tish munosabati bilan dekret otpuskasiga chiqadigan ayollar ma’muriyatni kamida o‘n to‘rt oy avval ogohlantirishlari shart.
Restoranda:
Restoranimizga kimyo fakultetini bitirgan oshpazlar, fizika fakultetini bitirgan ovqat suzuvchilar, boshlang‘ich sinf ma’lumotli, ammo arifmetikani biluvchi ofitsiantlar, jismoniy tarbiya fakultetini bitirgan farroshlar va o‘zbek tili fakultetini bitirgan yuk tashuvchilar kerak.
Oshxonada:
Xo‘randalarning istak va talablarini inobatga olgan holda, taomlarning hilma-xilligi va to‘yimliligini ta’minlash uchun kunlar quyidagicha taqsimlanadi: payshanba – baliq kuni, juma – o‘rdak kuni, shanba – tovuq kuni, yakshanba – pashsha kuni, dushanba – chivin kuni. Seshanba va chorshanba kunlari ovqatlarga go‘sht umuman solinmaydi.
Maktabda:
Kundalik daftarim yo‘qolib qoldi. Uni topib olgan odamdan qaytarib bermasligi so‘raladi.
Hayvonot bog‘ida:
Bugun zooparkimizda ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi. Qadamlaringizga hasanot.
Ko‘chada:
Ikki xonali uyni sotaman. Qo‘shnimni kech soat yettidan so‘ng ko‘rishingiz mumkin.
Maydonda:
Besh kishidan iborat talabalar oilasi bir xonali uyni ijaraga oladi. Uy topilmasa, karavotning o‘zini oladi. Buning ham iloji bo‘lmasa, karavotning bir burchagini ijaraga olishga ham rozimiz.
Qabulxona eshigida:
Boshliq 10 dan 100000000gacha qabul qiladi.
Mahallada:
Erim yo‘qolib qoldi. Alohida belgilari yo‘q. Topilganidan keyin alohida belgilari ham bo‘ladi.
Gazetada:
Mashhur olim Ru Safga professor unvoni berildi. Janob Ru Saf besh yil ilgari tuxum tug‘adigan xo‘roz yaratgan edi. Bu yil u tuxum tug‘maydigan tovuq yaratib, jahon faniga ulkan hissa qo‘shdi.
Horijda:
Amerikada “Aysberglarni himoya qilish” harakati ta’sis etildi. Harakat aysberglar erib bitgach o‘z faoliyatini boshlaydi.
Avstraliyada:
Kengurularning bo‘shab qolgan xaltasi fillarga ijaraga beriladi.
Metroda:
Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilar havfsizligini ta’minlash maqsadida metropolitendan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritilganini ma’lum qiladi:
1.Kelgusi yakshanbadan e’tiboran, yomg‘ir yog‘ayotgan kezlari metropolitenga uzun qo‘njli rezina etiksiz kirish man etiladi.
Izoh:
A) Etikning qo‘nji tizzadan past bo‘lmasligi kerak;
B) Mazkur qoida erkagu ayol uchun bir xilda qo‘llaniladi.
2.O‘n olti yoshga to‘lmaganlar uchun cho‘kishdan qutqaruvchi chambarak bo‘lishi shart.
3. Yomg‘irli kunlari metropolitenda baliq tutish qat’iyan man’ etiladi.
4.Yomg‘ir yoqqan kunlari vagonlardan to yuqoriga olib chiquvchi zinalarga qadar bo‘lgan masofada eshkakli qayiqlar xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Xizmat haqi – shartnoma asosida. Chakka o‘tuvchi dunyo metropoliteni tajribalaridan foydanilgan holda yaqin oylar ichida eshkakli qayiq o‘rniga suv osti kemasidan foydalanish rejalashtirilgan (bu xizmatdagi kira haqi alohida e’lon qilinadi).
Izoh: Eshkakli qayiqlarni teshib qo‘yish, eshkak dastalariga ismni o‘yib yozish qat’iyan ta’qiqlanadi.
Kitob do‘konida:
Do‘konimizning peshtaxtalari yangi asarlar bilan boyidi. Kitob muxlislari atoqli o‘zbek yozuvchilari Uilyamjon Kollinzning “Jenshina v belom”, Jekboy Londoniyning “Beliy klik”, Aleksandrxo‘ja Dyumabekning “Tri mushketyora”, va shuningdek, Jonim Steynbek va Jonim Golsuorsi, Ivonjon Turg‘unov kabi ulug‘larning asarlarini xarid qilishlari mumkin.
Teatrda:
“Farhod va Shirin” tomoshasida Farhod ro‘lini uzluksiz oltmish yil badalida o‘ynab kelgan artist vafot etgani munosabati bilan Shirin ma’shuqining bo‘shab qolgan o‘rnini egallash uchun ijodiy tanlov - konkurs e’lon qilinadi. Konkurs shartlari quyidagicha: konkursda ishtirok etuvchining bo‘yi 160 santimetrdan, og‘irligi 65 kilodan oshmasligi va albatta erkak jinsidagi akter bo‘lishi shart.
O‘rmonda:
O‘rmon sudi arslonning qizini zo‘rlashda ayblangan quyonning jinoiy ishini ko‘rib chiqib, quyonni aybdor deb topdi. Sud quyonni yo‘lbars xizmatiga yuborishga hukm qildi.
* * *
“Bulbul-2006” qo‘shiq konkursida Olaqarg‘a g‘olib chiqdi. Unga g‘oliblik nishoni va “Konservatoriya professori” faxriy unvoni berildi. Shu yildan e’tiboran Olaqarg‘a “bulbul navolari” fanidan talabalarga dars beradi.
* * *
Eshak yayrab hangrayotgan paytda Saman ot behos kishnab yuborgani uchun kishnash huquqidan mahrum etildi.
Itlar olamida:
Hammomdagi xotinlar bo‘lmasiga qarab vovullagani uchun To‘rtko‘z o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etildi.
* * *
Hamma tishlari butun Bo‘ribosar it ekanimni ma’lum etib, o‘zimga qalliq izlayotganimni e’lon qilaman. Bo‘lajak xotinimning dumi kesilmagan bo‘lishi shart. Bahor oylarida orqasidan ergashtirib yuradigan itlarning soni o‘ntadan oshmasligi zarur. Kechasi taom topib kelish uchun qo‘shni mahallaga ikki soatga borib kelishga ruhsat etiladi. Men bilan taqdirini bog‘lamoqchi bo‘lgan it kaminani eski molxona yonidagi qurib qolgan zovurdan topadi. Ko‘prik ostida ikki itlik joy hozirlab qo‘yganman. Qulog‘im og‘irlashib qolgani sababli qattiqroq vovullashingizni so‘rayman.
* * *
Daydi it Olapar xonimni Sarimsoqdahadagi bironta urg‘ochi itga barter usulida almashadi.
* * *
Laychaxon it mister Bo‘ribosar bilan ovcharka itlar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarga soliq solinmaydi.
* * *
Tozi itlar tumov bo‘lib qolgani sababli Bo‘ribosar itlar bedana oviga taklif etiladi.
Yangiliklar:
“Balli, qizlar!” klubida qizlar orasida saqich chaynash bo‘yicha musobaqalar bo‘ldi. Musobaqalar keskin, murosasiz va do‘stona ruhda o‘tdi. Musobaqaga mehmon sifatida taklif etilgan yigirma olti yoshli Kimsanboy Merganov barchani hayratda qoldiruvchi yutuqqa erishdi. Hakamlar Kimsanboyni saqich chaynash bo‘yicha mutlaq chempion, deb topishdi. “Balli, qizlar” klubi esa yangi chempionni klubning faxriy a’zoligiga qabul qildi.
* * *
Temiryo‘lchilar yo‘lovchilarni zeriktirmaslikning antiqa usulini o‘ylab topdilar. Endi poezd o‘rnidan jilishi bilan yo‘lovchilar o‘rtasida choyshablarni quritish musobaqasi boshlanadi. “Toshkent – Kitob” yo‘nalishidagi poezd yo‘lovchilari nam choyshab, yostiqjild, sochiqlarni kim tez quritish musobaqasini birinchilardan bo‘lib boshlab berdilar. Mazkur musobaqada choyshablarni Samarqandga qadar quritishga erishgan Sobirov birinchi o‘rinni, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa choyshablarini Qarshi bekatiga qadar quritishga erishgan Alieva va Valievalar egalladilar. Ularga qaytish mahali nam choyshablardan bepul foydalanish huquqi berildi. Bunday musobaqalar hozir barcha yo‘nalishlarda davom etmoqda.
Hurmatli yo‘lovchilar, tanlovda ishtirok eting va baxtingizni sinab ko‘ring!
Vrach maslahati:
Dori-darmonlarning sifatiga ishonch yo‘qolgani sababli sizlarga chiniqishni maslahat beramiz. Chiniqish yo‘llari har xil. Siz kun obdon qizigan paytda yugurib yoki boshqa jismoniy harakat qiling-da, so‘ng so‘ng muzxonada turgan yarim litrli idishdagi suvni nafas olmay, bir ko‘tarishda iching. Agar o‘n ikki soat ichida isitmangiz chiqmasa, bu mashg‘ulotni takrorlang va qo‘shimcha ravishda yarim kilo muzqaymoq yeng. Bu ham ta’sir qilmasa, yana takrorlang va muzlatgich (xolodilnik) ichiga kirib, uch soat o‘tiring. Shundan so‘ng tomog‘ingiz og‘risa yoki isitma chiqsa, o‘zingizcha davolashga kirishmay, albatta, vrachga murojaat qiling.
* * *
Yoz mahali ko‘pchilik qorin og‘rig‘idan noliydi. Buning oldini olish uchun ham chiniqish kerak. Ya’ni pishiqchilik paytida selitraga to‘yingan bodring, xandalak, gilos, qulupnoyni to‘yib yeb, ustidan bir litr qaynamagan xom suv ichasiz. Agar bu ham yordam bermasa, ustidan o‘rik yeb, yana suv ichasiz. Bu ham kor qilmasa, bir kilo bodring yeb, ustidan bir litr mag‘zava ichasiz. Shundan so‘ng agar isitma chiqib qolguday bo‘lsa, albatta vrachga murojaat qiling.
Yangicha taklifnoma
Hurmatli------------------------!
Sizni va oila a’zolaringizni oltmish ikki yarim yillik yubileyim munosabati bilan yoziladigan to‘kin dasturxonga lutfan taklif etaman. Yubiley ziyofati 32 aprel soat 25dan 71 daqiqa o‘tganda «Betayin» to‘yxonasida boshlanadi. Vrachlar kaminaga Italiyada ishlangan poyabzal (45-razmer), Almoniyada ishlangan kostyum (62-razmer), Angliyada ishlangan palto kiyib yurishni buyurishganini ming istihola bilan ilova qilishni lozim topdim, aybga buyurmaysiz.
Kamtarxo‘ja Kattaxo‘jaev
Kimga nima yetishmaydi?
Nima uchun “biri kam dunyo?” deyishadi, bilasizmi? Chunki inson zotining ko‘ngil ko‘chasi g‘oyat keng, shuning uchun u doim noliydi. Doim unga nimadir yetishmaydi. Yo noto‘g‘rimi? Qani, birgalashib mulohaza qilib ko‘raylikchi?
Saxroga suv yetishmaydi. Xotinga bitta gap yetishmaydi. Erkakka bitta xotin yetishmaydi. O‘g‘riga pul to‘la temir sandiq yetishmaydi. Itga so‘ngak yetishmaydi. Gazetachiga qog‘oz yetishmaydi. Talabaga imtihon chog‘i pul yetishmaydi. Haydovchiga benzin yetishmaydi. Laylakka ilon yetishmaydi. Choyxonachiga oshxo‘rlar yetishmaydi. Cho‘ntakka pul yetishmaydi. Go‘rkovga o‘lik yetishmaydi. Ig‘vogarga oltinchi barmoq yetishmaydi. Qizlarga sariq sochbo‘yoq yetishmaydi. Qimorbozga beshinchi “tuz” yetishmaydi. Sutchiga suv yetishmaydi. Zargarga tilla yetishmaydi. Mushukka sichqon yetishmaydi. Sichqonga don yetishmaydi. Sevishganga orzu yetishmaydi. Bojxonachiga chegara yetishmaydi. G‘iybatchiga vaqt yetishmaydi. Imomga tugun yetishmaydi. Doyaga homiladorlar yetishmaydi. Osmonga yulduz yetishmaydi. Ashulachiga to‘y yetishmaydi. Dehqonga yer yetishmaydi. Yalqovga yostiq yetishmaydi. Olimga kitob yetishmaydi. Johilga ilm yetishmaydi. Paxtaga arzon terimchi yetishmaydi. Bozorga insof yetishmaydi. Tarozibonga vijdon yetishmaydi. Qassobga go‘sht orasiga yashirishga suyak yetishmaydi. Choyxonadagi fisqu-fasodchiga chidamli odam yetishmaydi. Baxilga qishda qor yetishmaydi. Televizorga Meksika kinolari yetishmaydi. Radioga javrash yetishmaydi. Avtobusga eshik yetishmaydi. Asalariga gul yetishmaydi.
Eski maqollarga yangicha izohlar:
“Yuz so‘m puling bo‘lmasin, yuzta do‘sting bo‘lsin.”
Izoh: Har biri yeb ketarga yuz dollardan bera oluvchi do‘stlar nazarda tutilyapti.
“Qazisan, qartasan, o‘z naslingga qaytasan.”
Izoh: Qazi-qarta qimmatlashgani hisobga olinmaydi.
“Ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi.”
Izoh: Ayniqsa bitta kalla ahmoqroq bo‘lsa, yanada qiyin.
“It hurar – karvon o‘tar.”
Izoh: Ehtimol karvonning qulog‘i og‘irroqdir...
“Dehqon bo‘lsang, kuz hayda.”
Izoh: Traktor topilsa, yozda haydasa ham bo‘laveradi.
“Oltin aynimas.”
Izoh: Sizning oltiningiz yer qa’rida aynimay yotibdi. Ishonmaganlar, qazib olaversin.
“Til toyganidan ko‘ra, oyoq toygani yaxshi.”
Izoh: Ikkovi toymasa, yanada yaxshi. Chunki har ikki holda ham haq to‘lanadi.
“Do‘st boshga qarar, dushman oyoqqa”.
Izoh: Agar boshda ma’no bo‘lmasa, do‘stning ham oyoqqa qarashdan o‘zga chorasi yo‘q.
“So‘rab-so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”,
Izoh:Otangning puli ko‘p bo‘lsa, sen orlanaver, pulsizlar so‘rab-o‘rganaverishsin.
“Boshiga ursang – tuyog‘i zirqiraydi”.
Izoh: Ovora bo‘lib boshiga urmay, to‘g‘ri tuyog‘iga urilgani ma’qul.
“Ahmoqqa To‘ytepa nima yo‘l”. (“Ahmoqqa Quva bir tosh”,)
Izoh: Samolyot uchib tursa, Amerika ham nima yo‘l?
“Qo‘shning ko‘r bo‘lsa – ko‘zingni qis”.
Izoh: Joy olishda qo‘shnining ko‘ziga qarab olsang, ko‘z qisish balosidan qutulasan.
“O‘ychi o‘yiga yetgunicha, tavakkalchi to‘yiga yetadi”.
Izoh:O‘ychi noumid bo‘lmasin, u ham quruq qolmas, xotin oshiga yetib borar.
“Sochi uzun – aqli kalta”.
Izoh: Ayrimlarning sochi ham, aqli ham kalta bo‘lar emish, vo ajabo!
Reklama uchun tekin stsenariy
1. Eng oliy qimiz - ola buqaning qimizidir. Chanqog‘ingga ishon! O‘zing hal qil!
* * *
2. «Beminnat» firmasi Kanada xo‘rozi tuxumini bozorga nisbatan arzon narxda pullaydi. Kanada xo‘rozlarining tuxumini yemabsiz, dunyoga kelmabsiz. Ishoning: birinchi qoshiqdayoq sevib qolasiz. Murojaat uchun manzil: «Beminnat» firmasi. Mo‘ljal: qo‘shni uyning shundaygina o‘ng biqinida.
* * *
3. Telemuxbir:- Nima uchun xangi eshaklarni sevamiz? Biz shu savol bilan xaridorlarga murojaat qildik:
1-xaridor: -Men eshakning dumini yoqtiraman. U menga sevgan yorimning kokilini eslatadi.
2-xaridor: - Bu eshaklarning qulog‘ini hech bir odamda uchratmaysiz.
3-xaridor: - Narxi ham arzon, xidi ham mazali.
Telemuxbir: - (Hayajonini yashira olmay) Eshak bozoridagi xangilarni sotib oling. Mening shahrim, mening eshagim!
* * *
4. Qiz (ko‘zguga qarab o‘kinib) - Voy o‘lmasam, endi nima qildim? Sevgilimning ko‘ziga endi qanday qarayman?
Dugonasi: - Nima gap dugonajon?
Qiz: - Qaragin, sochimga qazg‘oq tushibdi. Mening yigitim qazg‘oqni sirayam yoqtirmaydi. O‘zing o‘ylagin, o‘pishayotganimizda sochimdan qazg‘oq yog‘ilib tursa?
Dugonasi: - Sen sira qayg‘urma, dugonajon. «Achigan qatiq» qo‘shma korxonasi biz bilan! Ular bizning g‘amimizni yeb qo‘yishgan. Sen boshingni achigan qatiq to‘la chelakka yetti marta botirasanu qazg‘oq balosidan butunlay qutulasan. Keyin shu qatiqdan sevgilingga ichirsang, o‘pishishlaring yanada totli bo‘ladi.
Telemuxbir: - Unutmang: «Achigan qatiq» qo‘shma korxonasi sizning xaloskoringiz.
* * *
5. Beva chollarga: Anzirat kampirning achigan sho‘rvasini ichmabsiz, dunyoga kelmabsiz. Iching va bir qoshiqda sevib qoling!
Tekin stsenariyga qalam haqi olish umidi bilan qoluvchi: Tohir Malik