OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Teskari ko‘zlar(hajviya)

(lofchining lippasidan tushib qolgan hangoma)


 Qanday shamol uchirdi, Alqul bilmaydi. Lekin ko‘zlarini yumib ochgunicha o‘n sakkiz ming olamning birida paydo bo‘lib qoldi. U yerdagi odamlarning turqu-tarovati yo‘qqulobodliklarnikidan sal boshqacharoq: og‘iz-burun basharaning oldida, ko‘zlari esa orqada. Quloq esa umuman yo‘q. Qilar ishlari ham mutlaqo o‘xshamaydi. U shunday joy ekanki, aravalari otdan oldin yurarkan, pashshalari fillarga xo‘jayin-u sichqonlari yo‘lbars ovlab kun ko‘rarkan. Alqul «Vo, ajab!» deb turganida teskariko‘zlardan biri kelib, teskari ko‘zlari bilan sinovchan boqdi-da:
 - Shu yurtning tobesi bo‘lib, yayrab yashashni istaysanmi?-deb so‘radi.
 Yayrab yashashni istamaydigan ahmoq bormikin, bu o‘n sakkiz ming olam aro? Alqul savolga javobni o‘ylab ham o‘tirmay “albatta-da!” dedi.
 - Amirlardan bo‘lishni xohlaysanmi?-deb so‘radi teskariko‘z undan ko‘z uzmay. Alqul: «Bekorga so‘ramayotgandir, yana biron shikast yetkazib qo‘ymasin», degan hadikda darrov «yo‘q» deyishga qo‘rqdi. «Amirlik qiyinmasdir, biz tomonlarda kimlar amir bo‘lmadi», degan qarorga kelib «Xohlayman», dedi.
 - Unda ko‘rik-tanlovdan o‘tishing kerak,-dedi teskariko‘z.
 - Saylovdanmi?-deb so‘radi Alqul tushunmay.
 - Saylov keyin bo‘ladi. Avval ko‘rik-tanlovdan o‘tasan, qani yur!
 Alqul unga itoat bilan ergashdi. Qarasa, bir bino atrofi tumonat odam. Hammasi quloqsiz va teskari ko‘zli.
 - Bular ham amir bo‘lishmoqchimi?-deb so‘radi Alqul.
 - Agar tanlovdan o‘ta olishsa,-dedi teskariko‘z.
 Alqul «navbatim bir yilda ham kelmasa kerak», deb yuragi siqilib turuvdi, uni mehmon deb siylashdimi, darrov chaqira qolishdi.
 - Sening qulog‘ing bor ekan, shuning uchun qo‘shimcha saylovdan o‘tasan,- deyishdi unga.
 Xullas, birinchi tanlov - eshita turib, eshita olmaslik ekan. Alqul qiynaldi. Ko‘zni yumsa, ko‘rmaslik mumkin. Lekin quloqni qanday berkitsin? Lekin aqlni ishlatib, ilojini topdi.
 - Biz tomonlarda muttahamlar ko‘p, ko‘rdingmi?-deb so‘rashdi undan.
 Alqul ko‘zlarini javdiratganicha eshitmaganday bo‘lib turaverdi. Bu savolni takror va takror, ja’mi bir yuz sakkiz marta so‘rashdi. U esa gung holini o‘zgartirmadi. Uning bu san’atidan hayajonlanishib, eng yuqori baho - o‘n ball qo‘yishdi. Ikkinchi tanlov gapirmaslikdan edi. Qizig‘i shuki, bu mamlakatning amirlari mutlaqo gapirmasliklari kerak ekan. Alqul shunga ajablanib turganida: «Poraxo‘rlikka qarshi keskin chora-tadbirlar qo‘llash kerak», deb aytgin», deb buyurishdi. Birinchi tanlovda kar bo‘lgan odam endi binoyi soqov bo‘lib berdi. Bir yuz sakkiz marta buyurishdi, bir yuz sakkiz marta tilini tishlab turaverdi. Keyingi tanlov osonroq ekan: bir amr loyihasi ovozga qo‘yildi. Alqul qo‘l ko‘tarib, ma’qullashi kerak ekan, loyihaning yarmini ham eshitmay shart ikkala qo‘lini ko‘tarib ovoz berdi. Teskari ko‘zlar bunaqasini sirayam ko‘rishmagan edi, qoyil qolishdi. Loyiha ming marta ovozga qo‘yildi, Alqul ming bir marta tasdiqlab tashladi. Yana ovozga qo‘yishsa, oyog‘imni ham ko‘taraman, deb turuvdi, yo‘q, shu bilan kifoyalanishdi, ish oyoq ko‘tarishga borib yetmadi. To‘rtinchi tanlov undan ham osonroq ekan. Qonun qabul qilindimi, endi chapak chalish shart ekan. Alqul chunon qarsak urib berdi-ki, imorat titrab ketdi. Atrofda amirlik umidida turganlar bu qarsak zarbidan karaxt bo‘lishib, «endi bizga bu yerda non yo‘q ekan», deb tarqab ketishdi. Qoida bo‘yicha ikki daqiqa qarsak chalish shart edi. Alqul «bu yog‘i ko‘tara savdo bo‘la qolsin», deb uch oyligini bir qilib chalib bera qoldi.
 Alqul amirlar saylovidan ham o‘tdi. Ochig‘i, qanday o‘tganini o‘zi ham sezmay qoldi. Endi Alqul teskari ko‘zlar olamida amirlik ayshini surib yura tursin, gapni uning Yo‘qquloboddagi qishlog‘idan eshiting: erining yo‘qolib qolganidan tashvishga tushgan xotini bir poyi teshik kalishini sudrab, uni izlayverganidan kalishining ikkinchi poyini ham teshib oldi. Nima qilarini bilmay o‘tirganida g‘oyibdan bir ovoz keldiki: «Ey Alqulning xotini! Eringdan tashvishlanma, u o‘n sakkiz ming olamning to‘qqizinchisida amirlik ayshini surib yuribdi». Xotin bu ovozga avval ishonmadi. Keyin sinab ko‘rish uchun: «Amir bo‘lsa bo‘laversin, lekin menga yangi kalish olib bersin»,- dedi. G‘oyibdan kelgan ovoz buni eshitdimi, Alqulga talabni yetkazdimi, biz bilmaymiz. Bizning bilganimiz xotinga hali ham yangi kalish bitgani yo‘q. Xotin eridan ham, kalishidan ham ajrab o‘tiribdi, deyishyapti, lekin bu gapga ishonishimiz qiyinroq.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.