Haybatali oftobning kuchsiz nuriga yelkasini toblab o‘tirgan kampiriga parvo qilmay to‘g‘ri otxonaga kirib ketdi. Pastki tomoni yer chizadigan bo‘lib qolgan omonat eshikning xunuk g‘ijirlashini eshitgan kampir “keldingizmi?” deganday otxona tomon qarab qo‘ydi. Ichkaridan otning pishqirishi, keyin unga urilgan shapatining, so‘ngra cholning “ha, jonivor!” degan ovozi keldi. Kampir tizzasini ushlaganicha asta o‘rnidan turib, pastak bostirma tomon yurdi. Bir tutam g‘o‘zapoya olib qirs-qirs sindirdi-da, o‘choqqa tashladi. Hali qo‘ri so‘nmagan o‘choqda g‘o‘zapoya bir oz tutab turdi-da, keyin alanga oldi. Otxonaning eshigi yana g‘ijirladi. Cholning bo‘g‘iq yo‘tali eshitildi. Ovqatning tuzini totayotgan kampir unga qarab:
-Muncha hayallamasangiz, sho‘rva bo‘tqa bo‘lib ketdi-ku,-dedi.
-Samovorxonaga chiqsam Shonazir, Mamayusuf, Abdulatiflar o‘tirishgan ekan. Biroz hangoma qildik.
-Hangomangiz ham qursin. Uchta chol yig‘ilsa xotinlardan battar ezma bo‘lb ketadi.
-Ezmalikda uloq xotinlarda ketgan. To‘rtta gapimiz ham ezmalik bo‘ldimi? G’iyos tikkaning o‘g‘li to‘yga aytib ketdimi?
-Eski raisning o‘g‘limi? Ikki kun burun aytgan.
-Ertaga uloq berarkan.
-Uloqbersa menga nima?
-Eski chopon bilan paxtalik shimni olib qo‘y.
-Nima?!
-Telpakniham...
Haybatali shunday deb uyga kirdi. Kampirning qoshiq tutgan qo‘li muallaq turib qoldi. “Chol esini yeb qo‘yibdi”, deb o‘yladi. Eski chopon, shim, telpak bekorga olinmaydi. Demak, yana uloq chopmoqchi. Ikki yil burun-ku, oyog‘i sinib qancha azob chekkan edi. Ko‘cha-ko‘yda birovga so‘zini bermay yurgan odamning to‘shakda yotishi oson ekanmi? O’zigina azob cheksa mayli-ya, injiqlik qilaverib kampirini qancha qiynadi. Baribir adabini yemabdi. Oyog‘ida hali ham og‘riq bor-u, biroq kampiriga sezdirgisi kelmaydi. Shu yoshga kirib uloq chopmasa kimning ko‘ngli qolarkan? Yoshligida boshqa gap edi. Qamchin o‘ynatib ot choptirishini kampirning o‘zi ham yaxshi ko‘rardi. Dovyurakligi yoqib qolmaganida bu uloq jinnisiga u dunyo bu dunyo turmushga chiqmasmidi... Bir ko‘zini ham o‘zi yedi. Uloqda menga teng keladigani yo‘q deb yurgan odam ko‘zidan qamchi yeb ko‘r bo‘lib qolsa-ya! Kampir “endi uloqni tashlar”, desa bir ko‘z bilan yana yigirma yil uloqchopdi.
Kampir cholining izidan qarab turib shularni xayolidan o‘tkazdi-da:“Yo‘q, unga bir balo bo‘lgan. Yo gap talashgan, yo kerilib qo‘ygan...” degan to‘xtamga keldi.
Kampir ikki kosaga ovqatni suzib olib kirdi. Haybatali uloq haqida boshqa gap aytmadi. Ovqatlangach, otxonaga chiqib yana oti bilan ovora bo‘ldi. Kampir uning izidan qarab: “gapi rostga o‘xshaydi”, deb qo‘ydi-da, cholining qaytib kirib, xotirjam o‘tirishini kutdi. Kiravermagach, televizorni qo‘ydi. Sochini beo‘xshov turmaklagan qizni ko‘rdi-yu, qarg‘anib, murvatni burab bo‘lak tasvirga oldi. Bunisi ham yoqmagach, “shiq” etib o‘chirib qo‘ydi. Bu orada chol kirib o‘tirdi.
-Ha, nega o‘chirding?-dedi televizorning pardasini tushirayotgan kampiriga.
-O’laqolsin, ko‘radig‘on narsasi yo‘q. Gapirishgani gapirishgan. Tuxumdan chiqishganu dono bo‘libqolishgan.
-Senga hadeganda o‘yinu ashula bo‘lsa...
-Gap kerak bo‘lsa, qo‘yib ko‘ravering.
Kampir shunday deb joyiga omonat o‘tirdi. Ko‘rinishidan choli bilan arazlashib hoziroq onasinikiga jo‘nab qoladiganday edi.
“Qarigani sayin fe’li nozik bo‘lib ketyapti,-deb o‘yladi Haybatali.-Yoshligida neppa-nozingina edi. Sho‘x edi, ko‘nglida kir to‘planmasdi. Xotin kishi qarimasin ekan-da... “Olamni lobar qizlar bosib ketganu vaysaqi xotinlar qaydan paydo bo‘larkin?” deb bekor aytishmagan. Oldinlari uloqning daragini eshitsa, narsalarni o‘zi tayyorlab qo‘yardi. Borib tomosha qilishni qo‘ymasdi. Tomosha qayda! U boshqa xotinlar oldida maqtangani borardi. Eri uloqda tengsiz chavandoz bo‘ladi-yu, maqtanmaydimi! O’sha damlar o‘tib ketdi-da! Bu kampir tushmagur bir pasda aynib qoldimi? Yo men qaridimmi? Menga achinyaptimi? Yo‘g‘-e, qarish yoshga qaraydimi yo kuchgami? Yoshga qarasa, to‘g‘ri, men taslim. Kuchga qarasa... buni kampirning o‘zi ham yaxshi biladi. Biladi-yu, lekin sir boy bermaydi. Kampirning dardi boshqa. Ikki o‘g‘ilni ko‘z tikib o‘stirdig-u, ikkovi ham shaharda yashashni orzu qilib ketdi. Shaharning nimasi yaxshi ekan, hayronman. Kasaldan boshi chiqmaydi. Qachon qarasang javoni to‘la dori. Topgan-tutganining yarmi shu dori-darmonga ketsa kerak. Kampir mana shunga toqat qilolmaydi. O’g‘illariga kuchi yetmaydi. Alamini mendan oladi. Boshqa chorasi yo‘q bechoraning. “Shaharda turmay, bag‘rimizga qaytib kelinglar!” deb qattiqroq ayting”, deydi. Hozirgilarga qattiqroq gap aytib bo‘larkanmi? Qaerda tursa ham boshi omon bo‘lsa, nonini halollab yesa bas. Kampir yolg‘izlikdan xafa, ha, mendan emas. Yolg‘izlik qiynab yubordi boyaqishni. Endi... menda ham iloj yo‘q-da! “O’g‘illar ko‘nishmasa qizimizni ko‘chirib kelaylik”, deydi. U dunyo-yu, bu dunyo aklga sig‘maydigan narsa bu. Ichkuyov bo‘lishga ham, ichkuyov qilishga ham toqatim yo‘q. Kampir buning farqiga yetmaydi, gapiraveradi...
Yoshligida boshqacha edi... Uning o‘tirishini qara-ya! Yulishga shaylangan mushukning xuddi o‘zi! Ertaga uloqqa chiqishimni bilib, to‘nini teskari kiyib oldi. Nodon kampir-a... ertaga uloqqa oxirgi marta chiqaman. Buni hozircha hech kim bilmaydi. Bilmagani ham durust, bo‘lmasa iltifot qilib qolishadi. Yo‘q menga siylov-u, iltifotlar kerakmas. Sovrinni o‘z kuchim bilan olaman. Ha, hali uloqda Haybatalidan ustun keladigani yo‘q. Yana besh-o‘n yil ot choptirib yurishim ham mumkin. Lekin izzat borida etakni yopgan ham ma’qul. Ertaga uloqni solimchining oyog‘i ostiga tashlaymanu “birodarlar, endi uloq yoshlarniki, bizga uzr”, deyman. Ertaga Homidbek yonimda tursa, ko‘nglimni to‘q tutardim. Yordamiga muhtoj bo‘lmasman-ku, har holda yonimda hay-haylab ot choptirib yursa, mador bo‘ladi. Ammo bu bola ancha pishiq chiqdi. Otasiga o‘xshamaydi. Otasi birovning haqidan hazar qilmaydi. Yulishdan uyalmaydi. Bu bola boshqacha. Mendan keyin uloqning oldi yigiti shu bo‘ladi. Sovrinni olib, hammaning oldida shu bolaga topshiraman. “Homidbek ot o‘ynatsa, Haybatali uloqqa kelibdi, deyaveringlar”, deyman. Mening shogirdim kim ekanini bilib qo‘yishsin.
Darvoqe, bu bola tushmagurning uloqdan xabari bormikin? Aytishganmikin? Kelib-ketay ham demaydi... Yo ertalab kelarmikin? Har holda,”menga yaqinroq bo‘l”, deb qo‘yishim kerak... Obbo... kampir judayam shumshayib oldi-yu... ko‘nglini olmasam bo‘lmaydi shekilli...”
Haybatali shularni xayolidan o‘tkazib kampirini gapga solmoqchi bo‘ldi.
-Hali raisni ko‘ruvdim,-dedi salmoqlab.
-Ahmadalining ishini gaplashdingizmi? “O’g‘limni chaqirtirib, biror durustroq ish ber”, demadingizmi?
-Yo‘q, buning mavridi bo‘lmadi. To‘yning tashvishi bilan yurgan ekan. To‘yni kattaroq qilsamu uloqbersam, deydi.
-O’zingizning dardingizmi?
-E, nega mening dardim bo‘larkan. Men u kuni uloq chopmayman. Solimchi bo‘laman.
-Nechuk?
Kampirning bu savolida pichingdan tashqari ajablanish ma’nosi ham bor edi. Chol keyingi uloqqa chiqmasligi haqidagi sirni o‘zi bilmagan holda aytib yubordi. “Endi gapni qanday davom ettirsam ekan?” deb o‘ylab o‘tirganida hovlida sharpa sezildi.
-Qarang, Homidbegingizmi?-dedi kampir.
Haybatali orqasiga o‘girilib, ot yetaklab hovliga kirib kelgan shogirdini ko‘rdi. Homidbek etigining changini qoqqan bo‘ldi-da, ichkari kirdi. Salomlashgach, poygakka omonatgina tiz cho‘kdi.
-Ertaga uloq bo‘lishini eshitdingmi?-deb so‘radi Haybatali.
-Ha, shu kelishimda to‘yxonadan kelyapman.
-Odam ko‘pdir?
-Juda. Narigi qishloqlardan ham chavandozlar kelishibdi. Bazm boshlanib ketdi.
-Mana shunisi chatoq-da! Uloq beraman, deb ham o‘zini, ham otini ikki-uch kunlab boqsa. Beli baquvvatlarga-ku, hech gapmas. Bizdaqalar to‘y qilib, uloq berishni o‘ylamasa ham bo‘ladi. Bunaqada to‘y to‘y emas, kim o‘zar olishuviga aylanib ketadi.
-Sizga nima-ya!-deb gapga qo‘shildi kampir.-Bordir-ki, qilyapti. Otasi raisligida mol-dunyoni xo‘pam bosib olgan. Mana endi orzu-havas bahonasida bir shishib olyapti-da. Sizdaqalar uning ulog‘iga uchishadi. Tekinxo‘rligi bilan ishlaring yo‘q.
Haybataliga kampirining bu gaplari yoqmadi. Tomoq qirib, qovog‘ini soldi. Kampir buni sezib, “e”, dedi-yu, teskari qarab oldi.
“Hech tilini tiymadi-tiymadi-da. Odam bor, gapim unga ham tegib ketadi, deb istihola ham qilmaydi. Yo bu gapini atay Homidbekka tekkizib aytdimi? Homidbekka aytgani bilan nima foyda? Otasini yo‘lga sola olarmidi? Otasi savdoga aralashibdi-ki, odamlarni aldaydi. Unga ham qiyin-da.Topgan foydasining hammasi o‘z cho‘ntagiga tushmasa. “Ber-ber” deydiganlarning sanog‘i bo‘lmasa. Bir so‘m ishlasa yarmi ularning og‘zini moylashga ketadi. Bularning bari zanjirga o‘xshaydi. Esini yegan kampir buni tushunarmidi? E... so‘raydigan gapimni ham esimdan chiqardi...”
-Bu... o‘g‘lim, Iroqdagi to‘palonlar jimib ketdimi, xabaring yo‘qmi?-Haybatali to‘satdan bergan bu savoliga o‘zi ham hayron bo‘ldi-yu, lekin sir boy bermadi. Xayolini to‘zitib yuborgani uchun kampirini ichida koyib qo‘ydi.
-Bilmasam...-Homidbek shunday deb yelka qisdi. Cholning bu savolidan ajablansa-da, u ham sir boy bermaslik uchun mujmallik bilan dedi:-Kam gapirishyapti shekilli...
Oraga sukut cho‘kdi. Haybatali suhbatni qovushtiruvchi gapni o‘yladi-yu, topolmadi. Kampirining gapga suqilib, suhbatni buzishiga aqli yetgach, Homidbekka ruhsat berdi. Bir narsa aytish ilinjida u bilan tashqariga chiqdi. Lekin “Ertaga so‘nggi marta uloqqa chiqyapman. Menga yaqinroq bo‘l, zarurat tug‘ilsa - yordamlash”, deyishga tili bormadi. Xayrlashar chog‘i, faqat “ertaroq kel”, deb qo‘ya qoldi.
Homidbekning gapi ham ichida qoldi. Aslida u to‘yxonadan emas, temiryo‘lning naryog‘idagi fermadan kelayotgan edi. To‘yxona xususidagi gaplarni yo‘l-yo‘lakay eshitib, ustasiga aytgandi.
Uning fermaga serqatnovligi Haybataliga ham ma’lum. U yerda Mohira satangning qizi ishlaydi. Ismi Nasibamidi, Nafisamidi... Ko‘rinishidan onasiga o‘xshamaydi. Onasi pastdagi kanal qazilayotganda san’atkorlar bilan kelib, Mahmud polvonni yaxshi ko‘rib qolgan ekan. Mahmud polvon ham shaharga serqatnov bo‘lib yurib, oxiri shunga uylanib oldi. Homidbek ko‘ngil qo‘ygan bu qiz o‘sha yillari maktabga borarmidi yo keyinroq bordimi, buni chol eslolmaydi. Aniq biladigani - bir yilning nari berisida shogirdining tinchi buzilgan. Homidbek bir marta maslahat ham so‘radi. Haybatali unga nima ham derdi, “o‘zingga yoqsa bo‘ldi-da. boshqa gaplarga quloq solma”, deb gapni kalta qildi.
Qiz-ku, Homidbekka yoqadi-ya, lekin Homidbek qizga yoqmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Homidbek ko‘proq shundan havfda edi. Mana bugun ham shartta-shartta gaplashgani bordi. Lekin har galgiday gapirolmadi. Yonida jimgina yuraverdi. Oxiri:
-Ertaga kunduzi bo‘shmisiz?-deb so‘radi.
-Nimaydi?
-Uloqqa kelasizmi, demoqchiydim.
-Kelsam kelaveraman, siz ham chopasizmi?
-Ha...
-Hech yutganmisiz?
-Endi... har xil bo‘ladi. Bir unday... bir bunday...
Qiz kuldi. Homidbek o‘ng‘aysizlandi.
-Bilaman, yutmagansiz,-qiz shunday deb yana kuldi.-Eski zamonlar bo‘lganida uylanolmay o‘tib ketarkansiz.
Homidbek “nega?” demoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tutdi. Qizning gapiga achchiqlandi. Biroq, qiz buni sezmay, gapini davom ettirdi:
-Haybatali amaki xotinlarini uloqda yutgan ekanlar, shu rostmi?
-Bilmadim... unaqamasdir.
-Nega bilmaysiz? Hamma biladi-ku? Oydin buvi o‘sha paytlarda juda chiroyli bo‘lgan ekanlar. Hadeb sovchilar bosavergach, “kim uloqda zo‘r kelsa, o‘shanga tegaman” deptilar. Haybatali amakining ko‘zlari u paytlarda yaxshi ekan, uloqda yutib chiqibdilar. Xuddi ertakka o‘xshaydi-ya?
-Odamlar to‘qigan gap bu.
-Oydin buvi Haybatali amakini tanlab to‘g‘ri qilgan ekanlar.
-Ertaga Haybatali amaki ham tushmoqchilar.
-Voy, rostdanmi, unda albatta boraman.
Homidbek har gal qiz bilan xayrlashganida yuragida bir cho‘g‘ qolganday bo‘lardi. Bu safar cho‘g‘ o‘rnini sovuq bir narsa egalladi. Qizning gaplari uning izzat-nafsiga tegib, o‘ch olishga -o‘zini ko‘rsatishga undadi. U faqat uloqdagina o‘zini ko‘rsatishi mumkin edi. “Ertaga qanday bo‘lmasin uloqni yutishim kerak. Keyin o‘zi yalinib keladi. Oydin buvining yoshligini nega esladi? Yo menga shartini bildirib ko‘ymoqchi bo‘ldimi? Qizlar ayyor bo‘lishadi. Lekin baribir men o‘zimni ko‘rsatib ko‘yaman. Haybatali amakimga aytaman: “menga yaqinroq bo‘ling, yordam bering, albatta yutishim kerak”, deyman. Ustam-ku, yordam beradilar...”
Homidbek Haybatalining uyiga kirganda bu gaplarni aytolmasligini sezdi. Qiz bilan bo‘lgan uchrashuvni ham yashirdi. Xayrlashuv chog‘ida cholning “ertaroq kel”, deganiga “xo‘p, uyingizga kirib o‘taman”, deb otga mindi-da, yo‘rttirib ketdi.
...Chavandozlar temir yo‘lga yaqin katta maydonga to‘plandilar. Ularning aksari to‘pga yaqinlashgan Haybatali bilan quyuq so‘rashdilar. To‘dada “chol ham tusharmishmi?” degan shivir-shivir boshlandi. Ko‘pchilik uning eski kiyimda kelganidan “tusharkan”, deb ko‘ydi. Lekin qariyaning uloq tashlanadigan joy -pakkadan sal nariga o‘tganini ko‘rib, “shunchaki chiqqandir”, debqo‘ydi.
Solimchi echki tulupini o‘rtaga tashladi. Maydonni chavandozlarning qiyqirig‘i bosdi. Uloq yerdan uzildi. Bir necha uloqchi to‘pdan ajrab, otini surdi. Shundagina Haybatali otiga qarsillatib bir-ikki qamchi bosdi. Ot dupurlari orasida uning “Ol, ha, ol!” degan qichqirig‘i eshitildi. Uloqni taqimiga bosgan otliqqa yaqinlashgach, qamchinni tishlab, engashdi.Tizginni chap qo‘li bilan ushlab, o‘ng qo‘lini uloq sari cho‘zdi. Bu orada otliqlar ko‘ndalang bo‘lishib, ularning yo‘lini to‘sishdi. Orqadagi dupurlar ham yaqinlashdi. Vaqt boy berilishi mumkinligini sezgan Haybatali tizginni qo‘yib yuborib, ikkala ko‘li bilan uloqqa yopishdi-da, siltab tortdi. Ololmadi. Yana tortdi. Shu paytda kimdir uning otini qamchiladi. Ot o‘zini chapga oldi. Haybatali uloqni qo‘yib yubormay yana siltab tortdi. Otliqlar “iyuv, iyuv!” deb qiyqirishib ularni o‘ray boshladilar. Haybatali bu safar juda keskin siltab uloqni tortib oldi-da, otni niqtadi. Ot tezlashdi. Haybatali uloqni taqimiga bosib, qamchinni qo‘liga oldi.
“Ol, ha, ol!” deb qichqirdi. U qamchi bilan otning goh u sag‘risiga, goh bu sag‘risiga urar, bu harakati bilan yaqinlashmoqchi bo‘layotgan chavandozlarni bezitib turardi. Shunda ham bir-ikki dovyuraklar uloqqa chang solishga jur’at etdilar.
Yo‘lning yarmi o‘tilganda to‘dada o‘n-o‘n besh chog‘li chavandoz qoldi. Ko‘pchilik ularning qaytishlarida yo‘llarini to‘sish maqsadida to‘xtab, qulay joylarni tanladilar. Haybatali otga qamchi urayotgan paytida yon-atrofga qarab Homidbekni ko‘rmadi. “Yo‘l poylayapti shekilli”, deb achchiqlandi. U yoshligidan yo‘l poylovchilarni yoqtirmaydi. “Halol uloqchi pakkadan marragacha olishishi kerak, tayyorini tortib olish nomardning ishi”, deb Homidbekka necha aytgan edi.
Chavandozlar marraga yaqinlashganlarida to‘da yanada quyuklashdi. “Iyuv, iyuv!”, “Ol!”, “Bos!” degan qichiqriqlar, otlarning pishqirishlari kuchaydi. Ayniqsa marra atrofida oyoq qo‘ygani joy topilmadi. Chavandozlar to‘dasi ko‘lanka singari chayqalar, otlar og‘zidan oppoq ko‘pik sochar, qamchinlar sharaqlar, qiyqiriq bir zum tinmasdi.
Haybatalining yo‘li butkul to‘silgan, ot faqat burnini kerib pishqirar, sakrashga chog‘lanardi. Bir necha qo‘l baravariga uloqqa yopishar, lekin Haybatali taqimini bo‘shatmasdi. Uloqning bir qo‘l, bir oyog‘i allaqachon yulib olingan, uni ushlab tortib olish ancha qiyinlashgan edi. Haybatali bu ahvolda marraga o‘tib bo‘lmasligini bilib, otni qaytardi. To‘da soya singari unga ergashib biroz siyraklashdi. Haybatali otni temir yo‘l tomon soldi. Keyin boshqalar uchun kutilmaganda shart orqaga burildi. Uni yana o‘rab ola boshladilar. Marraga yaqinlashganida kimdir yana uning otini qamchiladi. Yuziga ko‘zi aralash bir narsa “shilt” urilib, jon achchig‘ida ingrab yubordi. Birdan bo‘shashib, oyog‘idan kuch ketdi. Kimdir bir siltashda uloqni tortib oldi. Shundan keyingina Haybatali uloqni taqimiga bosib olib, otini qamchilayotgan Homidbekni ko‘rdi. “Yaxshi, endi undan o‘zim olaman”, deb o‘ylab ot surmoqchi bo‘ldi. Ammo uni endi yaqinlashtirmadilar. Marraga juda oz masofa qolgani uchun u shoshilar, lekin harakatlari foydasiz edi. Chavandozlar bir qiyqirishdi-yu, jim qolishdi. Haybatali uloqni marraga kim tashlaganini avvaliga bilolmadi.
Otliqlar asta tarqalishdi. To‘yboshi Homidbekka to‘n kiyg‘izayotganda Haybatali g‘alati bo‘lib ketdi. Otini burib, yengil qamchi urdi. U boshqalar kabi to‘yxonaga ham bormadi, ikkinchi marta tashlangan uloqqa ham qaramadi. U otni o‘z holiga qo‘ygan, oyog‘ining zirqirab og‘rishiga ham, qamchin zahridan yuzining lovillashiga ham e’tibor bermas edi. Qaerlarda yurganini, nimalarni o‘ylaganini o‘zi ham tuzuk-quruq bilmadi.Bir payt qarasa, ot boshini egganicha hovlisiga kirib boryapti. Hovlida kampiri, qo‘lida katta tugun.
-U nima?-deb so‘radi Haybatali otdan tushmay.
-Homidbegingiz tashlab ketdi, mukofotingiz emish.
Haybatali engashib, tugunni kampirining qo‘lidan oldi-da, otni orqaga burdi. Kampir “yana hayallab ketmang”, deganicha qoldi.
Haybatali Homidbekning uyiga kelib ham otdan tushmadi. Qamchin dastasi bilan eshikni taqillatdi. Yigitning otasi chiqib, odaticha tilla tishlarini ko‘rsatib kuldi-da, yoqimsiz bir mulozamat bilan ichkariga taklif qildi. Haybatali qulluq ilib, tugunni uzatdi.
-Nima bu?
-O’g‘lingizning mukofoti, uloqda yutdi.
-O’zi qani?
-To‘yxonada. “Buni dadamga berib qo‘ying”, dedi.
-Obbo azamat-e, yutibdi-da, a? Sizning sabog‘ingizni olgan-da.
-Bunaqa mukofotni... ota o‘g‘il yutadi,- Haybatali shunday deb ot tizginini tortdi.
U kechki ovqat payti ham taomga qaramadi. Barvaqt joy soldirib yotdi. Sandiqni ochib, eski kiyimlarini taxlayotgan kampiriga qarab:
-Solmay tur,-dedi. Keyin orqasini o‘girib, ko‘rpaga burkanib oldi-da, qo‘shib ko‘ydi:-Rais to‘yida beradigan uloqqa boshqa solimchi topibdi. Men uloqqa tusharkanman, qattiq iltimos qildi. Shunisi oxirgi marta bo‘ladi... Aytganingday, salgina qaribman...