Qorni och odam sergo‘sht palovu bo‘rsildoq nonni orzu qilgani kabi bo‘ydoqning dardu hasrati momaqaymoq qizlarda bo‘lib qoladi. Ovozi rasta bo‘lgan kundan boshlab to uylanguniga qadar o‘tgan uzoq yillar mobaynida o‘tirsa ham, tursa ham, yotsa ham xayolidagi shaxlo ko‘z, kamalak qosh, kipriklari xanjar, lablari bodom, qomatlari sarv go‘zallar ishva qilaveradi. Ota-onasining og‘zini poylayverib, jigari xun bo‘lgan bo‘ydoqning dardini kim eshitadi? Bo‘ydoq “Sen ham uylangin, bola-chaqa orttirgin”, degan bir og‘iz so‘z uchun hatto jonini berishga ham tayyor.
Qiyin bo‘lganda o‘zbekning bo‘ydog‘iga qiyin. Ota-onasiga qarab: “uylangim kelyapti”, deya olmasa, “kechalari menga yostiq chiday olmayapti”, deyishga tili bormasa... Yevropalik bo‘ydoqlarga oson. Ertalab tanishadi, peshinda nikohdan o‘tib, kechqurun uyiga boshlab kelib: “Mamulya tanish, bu kelining”, deydi. Hikoyamiz qahramoni Shodiqul shunaqalarga havas qilardi. Xayolan shu tarzda, yevropachasiga, ming bir marta uylandiyov. Lekin xayolni haqiqatga aylantirishga qurib ketmagur o‘zbekchilik hayosi yo‘l qo‘ymadi-da! Nihoyat ohu zori Yaratganga yetib borib, otasi “vaqt yetdi, qiz tanla”, deb amr qildi. Shodiqul quvondi. Ko‘p yillardan beri birinchi marta shirin uyquga berildi.
...Bo‘ydoqchilik umriga yakun yasashi kerak bo‘lgan Shodiqulni tong yangilik bilan qarshiladi. Bugundan boshlab sovchilik san’ati barham topadigan bo‘libdi. Ya’ni sovchilarning uyma-uy izg‘ishlariga chek qo‘yilibdi. Endi bo‘ydoq hokimiyatga boradi, yangi tashkil etilgan “xotintanlov” boshqarmasiga uchraydi, suratlarga qarab, kelinni tanlaydi – vassalom! Shodiqulga bu yangilik ma’qul kelib, quvondi. Ertalab kelinni tanlasam, oqshomda to‘y ekan-da, deb hokimiyat sari yugurdi.
“Xotintanlov” boshqarmasining “bo‘ydoqlar” bo‘limida uni bir xumkalla qarshi oldi. Hunuk kallani bezashni o‘ziga or deb bilgan sochlar to‘kilib ketgach, bu odamning basharasini biron bir tuzukroq narsaga qiyoslash ham qiyin bo‘lib qolgan. Ammo go‘zal qalliq orzusidagi Shodiqul bu basharaning xunukligiga e’tibor bermadi.
-Hm, uylanmoqchimisan?-deb so‘radi xumkalla.
-Dadam shunaqa dedilar,-dedi Shodiqul iymanib.
-Dadang yaxshi odamga o‘xshaydi. Skrapkang bormi?
-Ispravkami? Qanaqa ispravka?
-Dadangning “uylan” deganini qanday isbot etasan?
-Dadamning aytganlariga ishonmasangiz, o‘zimning uylangim kelib qolgan bo‘lsa-chi?
-Unda uylanging kelib qolgani haqida skrapka kerak. Mahalla raisi uylanging kelib qolganini tekshirib, aniqlab, keyin mahallaning qarorini chiqarib bersin.
Shodiqul gapni cho‘zsa, yangi spravkalar qaynab chiqishi mumkinligini anglab, indamasdan iziga qaytdi.Dadasiga bo‘lgan gapni uyala-uyala aytdi. Dadasi so‘ka-so‘ka dalolatnoma yozib berdi. Mahallaning raisiga quyuqroq salom berib edi, tekshirib o‘tirmay, u ham qaror chiqardi.
Xumkalla ikkala qog‘ozga uzoq tikildi, oxiri hukm chiqardi:
-Mahallaniki bo‘ladi. Dadangniki o‘tmaydi, muhri yo‘q ekan. Raysabisga borib, tasdiqlatib kel.
Raysobesga peshinga yaqin borib, quyuq salom berilsa, ish oson bitarkan. Lekin xumkallaga bu kifoya qilmadi.
-Dadang biron partiyaga a’zomi?-deb so‘radi.
Shodiqul “partiyaning yordami tegib qolar”, deb o‘ylab “albatta a’zolar”, deb yubordi.
-Unda partiya raisi tasdiqlab bersin-dedi xumkalla.
Dadasi partiyasiz edi, o‘g‘lining baxtini o‘ylab, bira to‘la ikkita partiyaga a’zo bo‘ldi-yu ikkovidan ham dalolatnoma olib berdi.
Xumkalla dalolatnomalarni chetga surib, Shodiqulga tikildi:
-To‘yga tayyormisan, o‘zing?
-Tayyorman,-dedi Shodiqul ishonch bilan.
-Falon ming so‘m qalin puli to‘lab kel. Besh prasan solig‘i bilan ja’mi shuncha ming so‘m to‘laysan.
-Qalin puli yo‘q bo‘lib ketgan-ku?-dedi Shodiqul norozi ohangda.
-Sen qadriyatlarimizning tiklanishiga qarshimisan? O‘ylab gapir, bu siyosiy masala!-dedi xumkalla jahl bilan.
-Soliqni nimaga to‘layman?
Xumkalla unga norozi qiyofada qarab, stoli ustida turgan kitobchani varaqladi.
-O‘qishni bilasanmi, ma, o‘qi! “Za obsluga” degan. Uylanganingdan keyin kelin “obsluga” qiladimi? O‘g‘il bola bo‘lsang, haqini to‘lab qo‘y-da!
-“Obsluga” qilmasa-chi? Pulni qaytarib berasizmi?
-Sen hovliqaverma, chiroq o‘chgandan keyin boshqa tashvishi bo‘lmaydi.
Shodiqul pulni to‘lab keldi. Xumkalla yana bosh chayqadi:
-Sut puli to‘lamabsan-ku? Falon so‘m sut puli, falon so‘m soliq, ja’mi falon so‘m to‘lab kel.
Bu talabdan Shodiqul achchiqlandi. Bir hafta oldin o‘rtog‘i uylanganida bu mashmasha, bu to‘lovlar yo‘q edi-ya!
-Yana nega soliq to‘layman, qaynonam ham obsluga qiladilarmi?-dedi kesatib
Xumkalla kesatiqqa ahamiyat bermay, jiddiy ohangda javob qaytardi:
-Bu peshonangning sho‘riga bog‘liq, uka.
Sut puli to‘lab kelingach, xumkalla yana bosh chayqadi:
-Tug‘ilishda chala tug‘ilganmisan, uka, hamma ishlaring chala-ya!-dedi u norozi ohangda.
-Yana nimasi chala? Bo‘lajak qaynotamga nos puli to‘lamabman-mi?-dedi Shodiqul bo‘g‘ilib.
-Nos puli alohida masala. Hozir ginekologdan skrapka olib kelishing shart.
-Ie, aka, ginekolog xotinlarning do‘xtiri-ku?
-Buni sendan ham yaxshiroq bilaman. Uylanmoqchimisan?
-Ha.
-Demak, xotin emas, erkaksan?
-Ko‘rib turibsiz-ku?
-Ko‘rib turganim yo‘q. Ginekolog ko‘rib, xotin emas, degan skrapka yozib bersin.
Ginekolog bilan ish bir yoqlik bo‘la qolsa koshki edi. Bundan keyin Shodiqul xumkallaning talabi bilan sartaroshga borib xatna qilingani haqida, nevropatologga borib miyasida qurt yo‘qligi haqida, mol do‘xtiriga borib kechasi ma’rab yubormasligi haqida, go‘rkovga borib katta dadasining rostdan ham o‘ttiz yil avval o‘lgani haqida dalolatnomalar oldi. Keyin esa elektrchilarga borib, to‘ydan keyin bir oy mobaynida chiroqni o‘chirib qo‘yish haqida, suvchilardan esa suvni o‘chirmaslik haqida, beshikchilarga borib xotini tuqqan kunlarda ish tashlamaslik haqida, maktabga borib tug‘ilajak bolasini yaxshi o‘qitib berish haqida, institutga borib tug‘ilajak farzandi komilini o‘qishga porasiz qabul qilish haqida majburiyatnomalar olib kelgach, xumkalla unga qog‘oz-qalam uzatdi:
-“O‘g‘limni o‘ttiz yoshigacha uylantiraman”, deb tilxat yoz.
-Qiz tug‘ilsa-chi?
-Unda “o‘g‘il bo‘ladi”, degan majburiyatnoma olib kel.
-Hali kelin ma’lum emas-ku?
-Unda o‘zing majburiyat ol. Agar qiz tug‘ilib qolsa, majburiyatni buzganing uchun qonun oldida javob berasan.
Shodiqul tavakkal, deb yozib bergach, xumkalla: “Ana endi navbatga qo‘yamiz, uch oydan keyin kelasan”, dedi.
Uch oydan keyin o‘ttiz ikkita dalolatnomaning eskirib qolgani ma’lum bo‘lib, yangilandi. Shundan so‘nggina xumkalla Shodiqulga bir albom tutqazdi. Shodiqul suratlarni ko‘rib, chiroyli qizni tanladi. Xumkalla qog‘ozlarini titkilab ko‘rgach, bosh chayqadi.
-Yo‘q, buni senga bera olmayman. Nizom bo‘yicha bu qiz faqat urush invalidlariga ajratilgan. “Imtiyoz” degan narsani bilarsan? Urush invalidlariga kelin navbatdan tashqari beriladi.
Shodiqul “hozir uylanadigan urush invalidi qolibdimi?” deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi-yu tilidan tutilib qolishdan qo‘rqib, indamadi. Boshqasini tanladi. Xumkalla yana qog‘oz titib, so‘ng so‘radi:
-Ispanchani bilasanmi?
-Uylanishimga ispanchaning nima keragi bor?
-Bu qiz ispanchada o‘qiydi. Men uni senga berib yuborsam. Kechasi u sendan ispanchalab bir nimani so‘rab qolsa, sen nodon tushunmay garang bo‘lsang...a? Yo‘-o‘q, men oilaning buzilishiga yo‘l qo‘ya olmayman.
Yana bir qiz raqqosa ekan, Shodiqul childirma chalishni bilmagani uchun u ham nasib etmadi. Do‘xtirlikka o‘qiydigani ham berilmadi: “soppa-sog‘ yigit ekansan, do‘xtirni nima qilasan?” dedi xumkalla. Albomda ko‘zi sal g‘alatiroq qizning surati qoldi.
-Sen bop qiz mana shu,-dedi xumkalla.-Ko‘ziga parvo qilma, yumib yursa sezilmaydi. Xo‘-o‘sh, ma’lumotlarga qaraganda chap qulog‘i eshitmas ekan, o‘ng qulog‘iga gapiraverasan. O‘ng oyog‘i... chap oyog‘idan sakkiz santimetr kalta. Bunga ham parvo qilma. Kecha bir ukaxon o‘n ikki santimetr kaltasini ham jon-jon deb olib ketdi. Bo‘zrayma, agar yo‘q desang, bundan ham quruq qolasan. Xo‘-o‘sh, omading bor ekan-ku, ukaxon! Bu qizning oshqozoni aperaysa bo‘lgan ekan. Senga foyda-da, ovqatni kam yeydi! E uka, sen xotin olmaysan, xazina olasan. Shunga rozi bo‘laver. Bu qiz soqov ekan, o‘lguningcha qulog‘ing tinch bo‘ladi. O‘zi shu qizni senga o‘xshagan ukaxonlarga asrab yuruvdim, suyunchisini begona qilmaysan. Yana uch yil sabr qilsang, pensaga ham chiqadi.
Shu yerga kelganda Shodiqul yig‘lab yubordi:
-Aka, men endi yigirma beshga kirdim. Men buvi olamanmi yo uylanamanmi?
-Xoy yaxshilikni bilmagan tentak! Yigirma besh yosh bo‘ladimi yo ellik beshmi – erga tegmagan qiz bo‘lsa bo‘ldi-da, senga yana qanaqasi kerak! Bor jo‘na! Bu yer onangning uyimi, noz qilasan!
Shodiqul yarim yildan keyin yana keldi. Bu safar xumkallaga so‘zi o‘tadigan odam bilan gaplashib keldi. Avvalgi safar birinchi bo‘lib ko‘zi tushgan chiroyli qizni yana tanladi.
-Buni senga berolmayman, urush invalidlariga atalgan,-dedi xumkalla yana o‘jarlik bilan.
-Asror aka tayinlaganidilar. Yo‘q desangiz qattiq ranjiydilar,-dedi Shodiqul unga xat uzatib.
Xumkalla Asror akasining nomini eshitib, o‘zgardi, xatni o‘qigach, Shodiqul bilan qaytadan so‘rashdi.
-Didingizga balli, ukaxon, shu qiz sizga atalganda,-dedi.
-Urushga bormaganmanda, beraverasizmi?-dedi Shodiqul uning marhamatiga ishonqiramay.
-Bu yog‘ini to‘g‘irlash bizning burchimiz. Adangiz urushga borgandirlar?
-Katta dadam borganlar.
-Bo‘pti, qizni katta dadangiz nomiga rasmiylashtiramiz. Siz dovernost bilan uylanaverasiz. Katta dadangiz “shu qizga uylanishni nevaramga ishondim”, deb yozib beradilar.
-Katta dadam o‘lib ketganlar-ku? Ishonchnomani narigi dunyodan olib kelamanmi?
-Bu endi bizning vazifamizga kirmaydi. Narigi dunyoga borib kelish masalasi bilan boshqa tashkilot shug‘ullanadi.
Shodiqul o‘lib ketgan katta dadasining nomidan ishonchnoma to‘g‘rilay olmagani uchun go‘zal qizga yana uylanolmay qoldi. O‘sha kuni xumkalla shoshqaloqlik qilib, qizni rasmiylashtirib qo‘ygan, ekan, Shodiqul bir marta uylanganlar ro‘yxatiga kirib qolibdi. Endi uylanaman, desa, avvalgisidan ajraganligi haqida dalolatnoma kerak ekan. Buni eshitib, Shodiqul o‘kirib-o‘kirib yig‘lay boshladi...
Ko‘z yoshlaridan yostig‘i jiqqa ho‘l bo‘lay deganda onasi asta turtib uyg‘otdi.
-Voy, bolamey, keyingi kunlarda uyqungda yo baqirasan, yo yig‘laysan, seni o‘qitib yubormasak bo‘lmaydi,-dedi u mehr bilan. Otasi bu gapga e’tiroz bildirdi:
-O‘g‘lingni o‘qitish shartmas. Uni uylantirish kerak. Shodi, sen bugun Tursunmo‘ylovning qizini bir ko‘rib kel, agar yoqsa shu oy ichi to‘yni boshlab yubora qolamiz.
Ko‘rgan tushni ta’siridan hali qutilmagan Shodiqul otasiga qarab turib “hokimiyatga boraymi?” deb so‘radi.
-Qanaqa hokimiyat?-dedi otasi ajablanib.-Kampir, gaping to‘g‘riga o‘xshaydi, o‘g‘lingni oldin bir o‘qitib tashla.
Tohir Malik. Xotintanlov (hajviya)
(Buni o‘qing-u “Xudo o‘zing asra!” deb qo‘ying.)