Naqorat:
Qanday ko‘z-la boqsa, odam olamga,
Shunday javob aylar olam odamga,
degan ekan donishlar...
I
(birinchi avlod)
Na’matak ikkala dalahovlining qoq o‘rtasidagi ajriqzorga aylangan qattiq yerdan o‘sib chiqqandi. Butani hech kim atayin ekkan emas, u o‘z-o‘zidan, yo‘g‘-e, juda-a bunday desak bo‘lmas-ov, xuddi sirli taqdir yanglig‘, qo‘shnilarning umr yo‘llarida paydo bo‘lgandi... Balki odamlar unga ro‘baro‘ kelgandir, kim biladi, deysiz...
Bo‘lib ham, yillar o‘tgan sayin ko‘kka bo‘y cho‘zib, ayni damda, chor tomonga tarvaqaylab borar, haybatidan naq daraxt deging keladi. Qo‘shnilarning u bilan deyarli ishi yo‘q: na yigitning uydagilari va na qizning ota-onasi o‘simlikka egalik nigohi bilan qarar, aksincha, har safar kuz kelib, bog‘dagi turli-tuman daraxtlarning hosili yig‘ib olinganda, birgina shu, – na u va na bu tarafdagi na’matak mevasi terilmay, – qanday bo‘lsa, shundayligicha shoxlarida qolardi. Yigit tomon “Nega na’matakni terib olmaysizlar? Ertaga qor tushadi. Uvol bo‘ladi-ya!” deya koyinsa, qiz tomon “Nimalar deyapsiz, qo‘shnijon? Axir, butaning shoxlari siz tomonga ko‘proq egilgan, u shubhasiz, sizniki! Nest-nobud qilmay, darrov uzib olinglar-e” deya kishiga xush yoqadigan erkalik bilan javob berishardi. Xullas, ikki o‘rtada na’matak mevalari qo‘l urilmayingina qolib ketaverar-qolib ketaverardi...
Ana shu zaylda fasllar bir-birlarini quvlab o‘taverishdi-o‘taverishdi...
O‘sha kuni yigit shahardan bir o‘zi kelib qoldi. Kela solib qo‘liga ketmon tutgancha bog‘ oralab ichkari yurgan edi, bahor emasmi, qiyg‘os gullagan o‘sha na’matak qarshisida tik turgan oshuftahol qo‘shni qizga duch keldi-da, jilovi qattiq tortilgan otdek, taqa-taq to‘xtadi. Avvaliga xayol egasini cho‘chitib yubormaslik uchun tomoq qirdi, keyin ixtiyoriy-ixtiyorsiz ravishda oldinga ikki-uch odim bosganini o‘zi ham sezmadi. Qiz hushini to‘plab, ortga xiyol tisarilgancha salom berdiyu: “Qarang, qanday chiroyli gullabdi!” deya hayratini oshkor etib, vaziyatdan osongina qutilmoq bo‘ldi. Ammo tutildi: yigit na’matakning chaman-chaman ochilgan oq-qizg‘ish gullariga tikilgan ko‘yi qizga tobora yaqin keldi. Chindanam buta rosa gulga kirgan, uning xush bo‘yi atrofni tutgan, arilar uchib-qo‘nib bol to‘plashardi. Yigit andak engashgan ko‘yi nimpushti gullardan birini avaylab hidladi. Dimog‘iga atirgul va yana allaqaysi chechak, balki daraxt bo‘ylaridan atirlar yetgandek bo‘ldi, ammo, baribir, boshqa hid edi bu: yana-da nafis, yana-da o‘zgacha tarovati bor edi uning!.. Qaddini rostlab olib, xushbo‘y havoni boz, bu safar chuqur-chuqur simirdi, shunda dimog‘iga na’matak hidi aralash yonginasida kiprik qoqmay mahliyolanib turgan tamomila yangi bir gul, bo‘lgandayam, borliqdagi jamiki gullarning a’losiyu ra’nosi – qo‘shni qizning sochlaridan ufurayotgan mushku anbar kelib urildi. Yigitning boshi bir lahza shirin aylandi... Lekin shu lahza uning kelgusi hayotiga tarx bo‘lib tushdi...
– Qarang, butaning o‘tgan yilgi mevalari haliyam shoxida turiptiykan, ular go‘yo manavi gullaru yaproqlarning ortiga berkinib olgandek! – dedi qiz o‘zini tobora mast qilayotgan sehrli olamning to‘ridan xalos etishga behuda urinib. – Bilasizmi, bu nimadan dalolat?..
– Bilganda qandoq: qo‘shnimizning yalqovligidan-da! Ishyoqmaslik qilmay, vaqtida terib olsangiz bo‘lmaydimi? Qiz bola deganiyam shunaqa dangasa bo‘ladimi? – qizning og‘zidan gapini ilib olib hazillashdi yigit.
– O‘zingiz dangasasiz! – Noz aralash javob berdi qiz. – Shu deganizgayam qarab turing, kuzda ikki yillik mevasini terib olaman-da, qo‘shqo‘llab o‘zingizga tortiq qilaman!..
– Ha-ha-ha! – yigit yayrab qahqaha otdi, qiz unga jo‘r bo‘ldi...
Fursat bir dumalab, fasllar tag‘in almashdi. Nihoyat, qiz aytgan kuzak tashrif buyurdi. Kuz!.. Tabiatdan sara oltin terib oladigan palla!..
...Yigit dalahovliga ikkala oila ham kelmaydigan begim kunini tanlab, bir o‘zi shom payti bosh suqdi. Qo‘liga paqircha tutib to‘g‘ri na’matak tomon yurdi. Butaning o‘zlari tomonga egilgan borliq novdasidan mevani bitta-bitta terib oldi. Keyin chelakni ichkarida qoldirib, shaharga qaytdi...
Dam olish kuni har galgidek ikkala oila jamoasi jam bo‘ldi. Yigit idishdagi na’matakka bir qur ko‘z tashlab olgach, “qizni mot qilaman” degan o‘yga cho‘mgan ko‘yi labida nimtabassum bilan chelakni ko‘targancha qo‘shninikiga chiqib ketayotgandi, yo‘lakda xuddi shunday yelim paqircha ushlab olgan alpozda shitob kirib kelayotgan qizga ro‘baro‘ kelib qoldi.
– Assalumu alaykum!..
– Vaalaykum assalom! Xush kelibsiz, qo‘shnijon!..
– Xushvaqt bo‘ling!.. Mana, dangasa qizning sizga va’da qilgani! – Qiz chelakni yigitga uzatdi. Yigit chelakka qarab qotib qoldi: na’matak! Shu asno qizning ham nigohi yigitning paqiriga tushdi va u ham kutilmagan manzaradan chunon ajablandi. So‘ng ikkalasi qo‘llaridagini yerga qo‘yib, baravariga na’matak tomon chopib ketishdi...
Kelib qarashsa, buta shoxida barglar panasidagi yakkam-dukkamini aytmasa, “ana, na’matak!” degulik dadil mevasi qolmagan: ma’lum bo‘lishicha, yigit o‘zlari tomondagisini qiz uchun, qiz esa o‘z hovlilariga egilgan qismini yigit uchun terib, bir-birlariga tutgan ekan. Faqat qiz ertalab tergan esa, o‘sha kuni kechda, shom qorong‘isida yigit bu ishga unnagan, tabiiyki, na’matak mevalarining terilganligini payqamagan ekan...
...Na’matak atrofidagi xushbo‘y voqealardan xabar topib, ko‘ngillarida qudalashish istagi allaqachon kurtak yozgan onalar hammasini oqizmay-tomizmay, balki oshirib-toshirib otalarga yetkazishgan, har ne sirtlariga chiqarmaslik payidan bo‘lmasinlar, ularning-da dillariga yorug‘lik inggan edi... Bu yog‘iga gapni cho‘zib nima qildik, ota rozi xudo rozi-da!..
To‘y ko‘klamda, na’matak avji gulga kirgan fayzli pallada bo‘lib o‘tdi...
Naqorat:
Qanday ko‘z-la boqsa, odam olamga,
Shunday javob aylar olam odamga,
degan ekan...
II
(ikkinchi avlod)
Bu orada na’matak necha o‘n gullab, yana shuncha bor gulini to‘kdi. Yigit va qiz endi o‘sha na’matak kabi yashab, novdalarini hayot kengliklari bo‘ylab baralla yozdilar, meva tugdilar va nihoyat, butadan farq qilib, qaridilar: ulardan ikki o‘g‘il, ikki qiz, farzandlardan esa o‘n bitta nevara tug‘ildi. Yigit va qizning xayrixoh otayu onalari allaqachon boqiy olamga rixlat qilishgan, o‘zlarining ham endi sharti ketib parti qolgan. Inchunin, dalahovlidan shaharga bormay qo‘yishganiga ko‘p bo‘lgan. Boshqacha aytganda, shu yerga mehr qo‘yib, shu yerda umr mazmunini topdilar, desa ham bo‘laveradi. Nihoyat, qazo vaqti yetib, jonlarini Yaratgan Egamizga topshirishganda, vasiyatlariga ko‘ra so‘nggi manzilga shu yerdan ko‘tarishdi, yonma-yon qabrga qo‘yishdi ham...
Ammo na’matak hali-hamon gurkirab o‘sar edi. Cholu kampir uni to hayot shamlari o‘chguncha astoydil parvarish qilishgan: qari novdalari poyidan endi unib chiqqan yosh nihollariga alohida e’tibor berib butashgan, misoli inson bolasiga qaragandek, atrofida parvona bo‘lib, mehr ko‘rsatishgan, kamolga yetkazishgandi. Mana, o‘sha e’tiborning hosilasi – na’matak hozir ham ikkala hovlining o‘rtasida bahaybat qaddini ko‘tarishga chog‘lanib turibdi. Xuddi bir paytlardagidek, xuddi vaqt o‘tmagandek, xuddi hali zamon ikki qo‘shni – o‘sha yigitu o‘sha qiz chopib kelib, na’matak gulini hidlab qolishadigandek, o‘tgan yildan qolgan mevalarini bir-biriga mehr ila ilinishadigan, keyin... keyin nog‘ora qoqib to‘y qilishadigandek...
...Yo‘q. Endi atrofga qarasangiz, fursat degan sirli ne’matning qo‘lida ular - o‘sha yigitu o‘sha qiz allaqachon cholu kampirga aylanib, yoshini yashab, oshini oshab, nihoyat, bu bebaqo olamni tark etib ketganligining guvohi bo‘lasiz. Ketib, o‘rnilariga boshqa, navbatdagi avlod kelib ulgurganligini ko‘rasiz. Bu tomondan cholu kampirning kenja o‘g‘li, u tomondan ham kampirning qarindoshlaridan xuddi shunday o‘rta yoshlardagi bir merosxo‘r dalahovliga yangi ega chiqqanligini bilasiz endi! Ana, qarang, yangi avlod ham na’matak atrofida parvona bo‘lib qoldi. Qiziq, juda qiziq, bu avlod vakillari na’matakka “siz” deb murojaat qilisharmikan va yoki “sen”?..
– Na’matak menga qarashli. Bolalaringga aytib qo‘y, aslo qatilmasin, mevasini men terib olaman! – dedi bu tomon o‘dag‘aylab.
– Tushingni borib suvga ayt! Na’matak ko‘proq mening hovlimga qaragan, demak, u mening mulkim. Agar uning bir donasi olinganini bilib qolsam, o‘zingdan o‘pkala, qo‘shni, naq bog‘ingni payxon qilaman-a! – dag‘dag‘a qildi u tomon...
Shunday qilib, o‘rtada nizo chiqdi. Na u tomon bunisiga, na bunisi u tomonga yon bosdi. Kelishmovchilik bora-bora sovuqchilikka, sovuqchilik esa urushu janjalga evrildi. Natijada qo‘shnilar yuzko‘rmas yovga aylanishdi. Bir qaro kun kelib esa, o‘rtada devor ko‘tariladigan bo‘ldi. Ammo chegarani qaerdan o‘rnatish borasida yana har xillik tug‘ildi: har raqib tomon devorni shunday olishni xohladiki, oqibatda na’matak butasi o‘zi yoqda qolsin! Chuchvarani xom sanagan ko‘rinishadi: u taraf boshlagan devorni bunisi, bu taraf ko‘targanini esa unisi buzib tashlar bo‘ldi...
Ana shunday qutsiz kunlardan bir kun deng, bu qo‘shni o‘z bog‘idagi daraxtlar bargini quruqshay boshlaganini sezib qoldi. Ajab, kasallik tegmasa, qurg‘oqchilik bo‘lmasa, o‘g‘it-parvarishi joyida esa, nega quriydi?.. Qo‘shnilarning bog‘iga razm soldi: ana, hammasiniki birdek gurkirab o‘sib yotibdi. Shunda o‘z bog‘idagi daraxtlar tagini sinchiklab tekshirib qaragandi, ohak yuqini ko‘rib, birdaniga hammasini tushundi. Tushundiyu o‘rtada qiyomat qo‘pti! Borib turgan pastkashlikni jazolamoq bo‘lib, bu qo‘shni ikkita davangir o‘g‘lini ortidan ergashtirgancha, bolta ko‘tarib, u qo‘shnining bog‘iga qarab yurdi. Jon achchig‘ida, ilk, ikkala hovli o‘rtasidan o‘sib chiqqan o‘sha na’matakni chopib tashladi. Shunda qo‘shnining hovlisiga bemalol o‘tib, o‘ylab qo‘yilgan yovuz niyatni amalga oshirish mumkin bo‘lib qoldi. Na’matak butasi chavaqlab tashlangandan keyin go‘yo endi har qanday xunrezlikka yo‘l ochilgandek edi, ajab... Har holda, shu tobda aynan shu hisni tuydi ichida bu qo‘shni... U qo‘shni esa bularni ko‘rib, to hushini to‘plab, “hay-hay”lab yetib kelgunicha bolta tutgan uch erkak bog‘dagi daraxtlarning naq yarmini kallaklashga ulgurgandi. Mazlum qo‘shni kela solib zolim qo‘shnining tig‘ tutgan qo‘liga jon holatda yopishdi. U ham o‘z navbatida yulqinib, boltani ayirib olmoqqa jon-jahdi bilan tirishdi. Ko‘z ko‘zga tushib, jismlar bir-biriga qarshilik ko‘rsatib surtilganda, necha zamondir tomirlarda adovat bilan oqqan qon qizib, yuraklarda vulqondek jo‘sh urdi. Natijada, endigina daraxtlarning qattiq, ammo gunohsiz tanasiga urilib turgan kesgir boltaning bitta zarbi aylanib kelib, insonning yumshoq ammo gunohkor bo‘yniga tushdi...
Bir necha yil o‘tgach esa qamoqdagi qo‘shni ham o‘pka sili bilan og‘ir xastalanib, hayotdan ko‘z yumdi...
Naqorat:
Qanday ko‘z-la boqsa, odam olamga,
Shunday javob aylar olam odamga,
degan...
III
(uchinchi avlod)
Qirg‘inbarot janjalda chopilganu chopgan qo‘shnilarning har ikkalasi ham o‘lib ketishdi-yu, o‘sha yili ko‘klam kelishi bilan na’matak o‘z ildizidan qayta nish urib chiqdi. Oradan yillar o‘tib esa, yuqoriga ancha bo‘y cho‘zib, ko‘zga ko‘rinib qoldi. Endi yana atrof-javonibda uyg‘onish fasli! Qushlar chug‘ur-chug‘ur qo‘shiq aytadi, arilar g‘o‘ng‘illaydi, shaboda ham yana o‘z tilida olamlar o‘tmishidan, odamlar kechmishidan shivirlab nimalarnidir zamzama qiladi. Xullas, ushbu ajib manzaraning shohidi bo‘lgan najib kishining bahri dili xuddi mavsumning o‘zidek qulf urib ochiladi-ketadi... Ammo shabodaning tilini tushungan qayda?.. Yaproqlar shiviridan tuproqlar sirini uqadiganlar hali ham tug‘ilyaptimikan o‘zi dunyoda?!.. Tuproqlar bag‘riga yashirilgan Yaratganning imlosini-chi!?..
Birinchi kun
Ana, olam go‘zalligini kuylash uchun bani odam ham go‘shasini tark etdi: yoshgina qiz shitob bilan ayvondan tashqariga otilib chiqdi-da, negadir boqqa qarab chopdi va na’matakning yonidan o‘tayotib qo‘qqisdan oyoq ildi. Shu ko‘yi butaning gulga kirgan yoshgina novdasiga qiziqsinib tikilib qoldi. Ayni damda deng, narigi hovli tarafdan ham taxminan shu qizchaga tengdosh, – balki bir-ikki yosh kattaroqdir, – mo‘ylabi endi sabza ura boshlagan o‘spirin paydo bo‘lib, to‘g‘ri shu yoqqa odimladi. Kelib, qizchadan: “Nimani tamosha qilyapsan?” deb so‘radi.
– Otini bilmayman. Ammo guli chiroyli ekan, qara! Sen bilasanmi buning ismini? – savolga savol bilan javob berdi qizcha. Yigitcha “Yo‘q” degandek bosh chayqadi. “Lekin chindanam chiroyli ekan” degancha egilib gulni hidladi...
– Chiroylilikka chiroyli, ammo uning dastidan... uning dastidan!.. – Qizcha davom etolmadi, gapi bo‘g‘ziga tiqildi, turgan o‘rnida tebrandi, qalqindi, so‘ng birdan keskin burildi-da, ho‘ngrab yig‘lagancha uyi tomon yugurgilab ketdi...
Ikkinchi kun
Ertasi kun o‘spirin barvaqt ko‘z ochdi. Aslida, u yolchitib uxlaganiyam yo‘q. O‘rindan turmay o‘ylanib yotdi, yotaverdi, ammo o‘ylaganlarining oxiriga sira yetolmadi. Nihoyat, bazo‘r qo‘zg‘alib, hovliga o‘tdi, yuz-qo‘lini muzdekkina suvda yuvdiyamki, ko‘ngli yorishmadi. Oyoqlari negadir buta tomonga tortib ketaverdi, ketaverdi. Qarshilik ko‘rsatishni bas qilib, beixtiyor o‘sha yoqqa odimladi. Kelib, buta qarshisiga cho‘kdi...
Vaqt aylandi...
Onasi necha bor tushlikka chaqirdi, ammo yigitcha qimir etmadi, tizzasini quchoqlagancha qo‘shni qizchani kutib o‘tiraverdi. Ki, ichida kimdir “Kut, u albatta keladi!” der edi. U kutdi: o‘sha ovozga quloq tutib, o‘rnidan bir qarich ham siljimadi. Nihoyat, kun og‘a boshlagachgina daraxtlar orasidan yosh qizning tanish ko‘ylagi ko‘rindi. “Xayriyat!” – chuqur, ammo shirin xo‘rsindi yigitcha.
– Yig‘ladingmi?
Qizcha indamadi.
– Yig‘labsan, juda ko‘p yig‘labsan, – dedi o‘spirin kattalardek salmoqlanib. – Eshitdim, hammasini onam aytib berdi. Men bilmagan ekanman. Ammo otalarimizdan avval bobolarimiz ham yashashgan, ular esa bir-birlarini sevib turmush qurishgan ekan... Bunisidan xabaring bormidi sening?!..
Qizcha indamadi.
– Bunga ham shu buta sabab bo‘lgan ekan... – dedi yigitcha.
Qizcha jim turib quloq solardi. Aftidan, u bobolar qismatidan ham voqif edi. Bir pas burnini shimillatib tortib turdi-turdi-da, so‘ng bir so‘z ham demay iziga burilib, daraxtlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi...
Uchinchi kun
Bu kun ham ular yana na’matak oldida ko‘rishib qolishdi.
– Onangdan butaning ismini so‘radingmi?
– Yo‘q. Sen-chi?
– Esimdan chiqibdi...
Ular bir muddat so‘zsiz qotdilar. Ammo o‘ysiz emas...
– O‘zi shu muhimmi? - Tilga kirdi yigitcha.
– Bilmasam... Muhim, shekilli... – O‘ylanib dedi qizcha.
Ular shu ko‘yi o‘zlari bilmagan, tanimagan buta qarshisida anchagacha turib qolishdi. Olisdan qaraganda, bu ikki o‘spirin – yosh qiz bilan bo‘z yigitcha na’matakka qanday munosabatda bo‘lishni go‘yo bilishmas, ammo o‘zlarini bilishni juda-juda istashayotgandek tutishar, shunga yarasha harakatlar, imo-ishoralar qilishar, o‘simlikning girdida aylanishar, nimalarnidir bir-birlariga tinmay uqtirishar edi... Kim biladi deysiz, ular balki bobolarini eslashayotgandir, balki otalarini, balki yodlarida tamomila o‘zga o‘y bordir...
Naqorat:
Qanday ko‘z-la boqsa, odam olamga,
Shunday javob aylar olam odamga...
(Tamom)
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.