Bahouddin Naqshband .
Pillapoya bo‘ldim senga, azizim,
Sen ham gal kelganda pillapoya bo‘l!
Erkin Vohidov.
Odamlarning oqimi xuddi pishqirib oqayotgan daryoni eslatardi. Kimdir qaddini tik tutgan holda o‘rtada gerdayib borar, kimdir egilib-mayishgangancha chetda, pillapoya tutqichiga suyangan ko‘yi arang harakatlanardi. Hamma o‘z kuchi yetgancha ko‘tarilib borardi-da, uzun yo‘lakdan boshlangan qavatlarga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishardi. Ammo ko‘pchilik, baribir, imkon qadar yuqoriroq chiqishga orzumand edi. Atigi bir qavat bo‘lsa ham teparoqqa ilashgisi kelardi ularning. Shuning-chun ham vujudini kuch-quvvat butunlay tark etgunga qadar ko‘tarilib kelib, nihoyat, holi o‘ziga ayon bo‘lgachgina qarshisidan chiqqan qavatga chor-nochor o‘zini topshirardi. “Chekimizga tushgani shu ekan, nimayam qilardik, peshona...”, deya o‘zaro g‘udranishadi odamlar qavatlariga kirib ketisharkan. Ammo yana shundaylar bor ediki, ular o‘z hollarini bilmasdilar: charchab, harsillab, tili bir qarich bo‘lib osilib qolganiga qaramay, ko‘zlari yuqorida olma terar, yonidan o‘tib ketayotgan har qanday bir yo‘lovchining qo‘ltig‘iga bezbetlarcha kirib, tag‘in bir necha zina teparoqqa chiqib olishardi. Lekin “o‘zingda yo‘q, olamda yo‘q” deyishganidek, hatto miskanadek yopishqoq va sur mana shular ham birovning ko‘magida uzoqqa borisholmay, zinada yoki biron qavatning kirishida yiqilib, yerlarda xor bo‘lishardi. Ularga qarab tursang, nigohlaring bulg‘anib ketadi. Yaxshisi, ko‘zni pok tutmoq kerak, deysan o‘zingga o‘zing ulug‘larga ergashib.
Zinalar bo‘ylab ko‘tarilish, bir qarashda, sport musobaqasini yodga solardi: hamma birinchilikni olishni, g‘olib bo‘lishni istab, go‘yo jon olib, jon berardi. Kuzatib qarasam, izdihomning bunday kayfiyati menga yoqmadi. (O’zi shunaqaman: ko‘pchilik istagan narsalardan qochib yuraman. Musobaqa ruhini yoqtirmayman.) Inchunun, oqimning ichidan ayrilib chiqdimu pastga, kelgan joyimga qaytib tusha boshladim...
Tushish yomon bo‘larkan. Chiqayotganda hansirab, toliqib, o‘pkam shishgan ediyu, baribir, ko‘pchilik hosil qilgan katta oqim ko‘magida uncha malollik sezmagan ekanman. Enishda esa nafasim ravon, yengil bo‘lib qolganiga qaramay, oqimga qarshi borayotganim uchun bo‘larim bo‘ldi: hali u, hali bu yelkalaru o‘mganlarga urinib chirpiragim chiqadi. Ayniqsa, odamlarning savolchan nigohlari, “jinnimi bu?”, degandek jirkanib qarashlari serandisha tabiatimni nayzalab tashladi. Lekin nima qilay, tushishdan boshqa ilojim yo‘q, tepadagi talashib-tortishish menga manzur kelmadi. Yana deng, umuman, pillapoyaga duch kelganimdan buyon ixtiyorim o‘zimdadek tuyulgani bilan juda unaqa emasdi. Mening menligim shu bilan, pillapoya bilan tirik edi. Shu ma’noda men unga bog‘liq edim...
Shunday qilib, men zinaning eng quyi qismigacha inishga qaror qildim. Qani, u yerda nima bor ekan?.. Tepadan pastga qarab kelayotganda yakka o‘zim edim. Menga shunday tuyulgandi. Bir necha zina pastga tushganimdan keyin ortimga boqib, menga o‘xshaganlar anchagina ekanligini ko‘rdim. Yana biroz o‘tgach esa “men” “biz”ga, “biz” esa “oqim”ga aylanganini bildim. Demak, oqimga qarshi oqim. Biri tepaga, boshqasi esa pastga qarab oqadi...
Men pastdagi yalanglikka qadar enib bordim va negadir ilkis to‘xtadim. Chunki... chunki yerga tushgandan keyin ortga, tepaga qaytgim kepqoldi. Buning sirini sizga tushuntirib berolmayman. Tepada ekan, birdaniga pastga tushgim kelganidek bo‘ldi hozir ham. Nima qilay, aytdim-ku, hech bir narsa mening ixtiyorimda emas edi deb, shunga. Qolaversa, u yer zerikarli tuyuldi menga. Qiladigan ish ham yo‘q, boradigan joy ham. Ammo men bilan tushganlarning asosiy qismi yalanglikda qolib ketishdi. To‘g‘rirog‘i, bepoyonlikka o‘zlarini topshirishib, ko‘zdan yitishdi. Demak, qismat bo‘lsa, kiradigan teshik hamisha topilaqolarkan-da... Sarsor solsam, ularning orasida qariyalaru betoblar ko‘pchilikni tashkil qilar ekan... Men va yana bir necha kishilargina ortga qaytib, yana o‘zimizni boyagi pillapoyaga urdik...
Endi men ilk safargidek imillamasdim, balki tez va shiddat bilan ko‘tarilardim. Shunchalar tezki, hash-pash deguncha bir o‘zim oqimning ichida oqim paydo qildim. Hech kim men bilan tenglasha olmas, hatto pastdagi yalanglikdan birga qaytganlar ham hu-u-uv qayoqlardadir qolib ketishgandi. Oqimning ichida oqim paydo qilishning ham gashti, ham azobi bo‘larkan. Chunki umumiy katta oqimning sur’ati senikidan past bo‘lgach, istaysanmi-yo‘qmi, u senga xuddi qarshi tomondan kelayotgandek tuyularkan, to‘g‘rirog‘i, shunga yaqin bir to‘siqni yuzaga keltirarkan. Pastga tushib borayotganda yuqoriga ko‘tarilayotganlar bilan qanday to‘qnashgan bo‘lsam, hozir ham shunday, to‘g‘rirog‘i, shunga yaqin tarzda charpishib turdim. Buning oqibatida esa tezligimga putur yetar, yana zo‘r berib avvalgi, o‘z ko‘nglimga uyg‘un sur’atni topishga, topib olgach esa buning adoqsiz gashtini surishga muvaffaq bo‘lardim. Bilasizmi, men mudom hayotning ma’nisini qidirib yurgich odamman. Shu tobda, shu pillapoyadan shiddat bilan yuksalib borayotgan onlarimda o‘sha ma’ni men bilan birga edi. Balki shu odamning o‘zi ma’ni edi. Demoqchimanki, o‘sha ma’ni mendan ayro emasdi yoki men ma’nodan. Xullas, siz meni tushundingiz...
Shu yanglig‘ juda ko‘p yo‘lni ortda qoldirdim. Men atrofga chalg‘imas, aksincha, dadil ko‘tarilib borardim. Odamlarning yuziga qaramas, fikru yodim yanada jadalroq harakatlanish bilan band edi. Galdagi zinani orqaga tashlab, yangisiga oyoq qo‘yishim bilan ko‘zim zinaning bitta poyasiga o‘tirib olgan ayolga tushdi. Uning yuz va ko‘zlarida horg‘inlik alomatini aniq ko‘rdim. U ham allaqanday noma’lum tomonlarga umidsiz boqib, o‘z-o‘ziga “Charchadim, qushga aylangim kelyapti, qushga!..” der va “uh” degancha uzun-uzun nafas chiqarardi. Ayol ikki qavat o‘rtasida o‘tirardi. Nazarimda uning kuchi na yuqoridagi qavatga chiqishgayu va na pastdagi qavatga tushishga yetardi. Ayolning yonginasida, shundoq odamlarning oyoq ostida qo‘l telefoni yotardi. Undan “Alo, tez yordam eshitadi, gapirsangiz-chi!” degan ovoz tinimsiz takrorlanardi. Ammo aftidan ayolga endi ko‘mak kerak emasdi. U chorasiz nigohlari bilan nuqul pastni ko‘zlardi... Shu lahza ortimdan kelayotgan odamlarning qudratli to‘lqiniga dosh berolmay munkib ketdim va yiqilib tushmaslik uchun oldinga odim otdim...
Yo‘lda, pillapoya zahmatlaridan charchagan sho‘rlik ayolning qiyofasi anchagacha xayolimni tark etmadi. Yuzlab zinalarni bosib o‘tgachgina uni unutgandek bo‘ldim. Yo‘q, balki xotiramning allaqaysi g‘aladoniga berkitib qo‘ydim, shekilli. Qachonlardir o‘sha g‘aladonni ochib qolsam, ro‘baro‘mdan tuyqus chiqib qoladi hali...
Yura-yura bulutlarga yondosh joyga chiqib bordim. Hatto parquv bulutlarning qancha-qanchasi poylarim ostida qoldi. Pillapoya bo‘lsa bitay demas, men ham charchashni bilmas, shiddat-la ildamlardim. Yana yon-verimga boqmaslikka, xayolimni bo‘lmaslikka, butun kuch va g‘ayratimni yo‘lga sarflashga tirishardim. Bir vaqt kelib, xuddi anavi ayolni ko‘rib qolganimdek, endi bir erkakning yuziga ko‘zim tushdi va shu zahotiyoq allaqayday sirli-sehrli kuch ostida uning o‘tmishi kinolentadek botinimning allabir kunjida aylanib ulgurdi. Unga ko‘ra, erkak ham birmuncha avval zinalardan yuksaklikka ko‘tarilib ketgan ko‘p muborak zot ekan. Mana, endi safardan qaytibdi. Uning ham qadamidan o‘t chaqnagan ekan o‘sha paytlar. Shiddati haddi a’losiga chiqqan kezlar birgina o‘zi butun boshli to‘lqinni hosil qilgancha oldinlagan ekan. O’shanda uning ortidan yetib yurishga harakat qilgan qanchadan-qancha odamlar bo‘lib, ular ham muborak zotning panasida o‘ziga xos oqimchalar hosil qilgan va bundan bag‘oyat mag‘rurlangan ekanlar. Lekin shu tobda uning bir o‘zi edi. Angoridan xuddi ayolga o‘xshab toliqqan ko‘rinardi. Men uning yuziga qarab, butun o‘tmishini o‘qib-uqib turganim ushbu lahzalarda u ham menga boqib hammasini - kechagi kunimniyu ayni damdagi yurak holimni, yana qolmishiga, ertamni ham tushunib-tuyib turarkan. Keyin men unga yana sinchkovroq tikildim. Negadir uning ma’yus chehrasida o‘sha ma’noni, menga kerak, men talpinayotgan ma’noni uqmadim. Ma’noki, mening nazarimda pillapoya hadya qilishi kerak bo‘lgan va men, siz, u... hamma-hammamiz shoshayotgan, oshiqayotgan. Ma’noki, zinalar bo‘ylab umid bilan yuksalib borayotgan inson zahmatlarini oqlaydigan. Ma’noki... qisqasi, siz meni yana tushundingiz... Erkakning hayot achchiq-chuchuklarini obdon sinagan nigohida boshqa mazmun xira tortib turardi. Men unga tikilib, “qancha yuksaklikka ko‘tarilganing bilan, baribir, u yerda shu tobdagi ko‘ngil holingdan yana-da balandini topolmaysan, bo‘tam. Sen qidirayotgan narsa, aslida, seni manzil sari oshiqtirayotgan o‘sha holingdan o‘zgasi emas” degan hikmatni o‘qidim, xolos. Ajablandim. “Shunday muborak zotning menga aytadigan gapi bor-yo‘g‘i shumi?” dedim o‘zimga o‘zim alam bilan...
So‘ng biz bir-birimizning yonlarimizdan hech nima bo‘lmagandek, xuddi begonalardek o‘tib ketdik. Hatto ismlarimizniyam so‘ramadik, bilmadik. Bizni uchrashtirgan yo‘l mana shunday qilib, bizni yana ayirdi...
Yo‘l yurdim, ertaklarda aytilgandek, yo‘l yursam ham mo‘l yurdim. Endi xayolimni o‘sha zot mashg‘ul aylagandi. Bir vaqtlar ayolning qiyofasidan anglaganlarimni unutganimdek, erkakning nigohidan uqqanlarimni ham unutaman, deb o‘ylagandim. Ovora bo‘lganim qoldi, xolos. Anglaganlarim og‘ir yuk kabi ustimdan bosib keldi. Men esa undan qochish uchun zo‘r berib yuqoriga intilardim. Mana shu tarzda minglab zinalarni bosib o‘tsam hamki, o‘sha zotdan eshitganlarimni unutolmadim. Chunki u menga o‘xshardi, yo‘q, to‘g‘rirog‘i, men unga o‘xshardim. U qachonlardir bosib o‘tgan yo‘lni men hozir bosar, u qachonlardir tuygan tuyg‘ularni men endi ko‘nglimdan o‘tkazardim. Men ham unga o‘xshab shiddadkor edim, mening ham bu pillapoyada o‘z to‘lqinim, o‘z olamim bor edi. Men ham hech kimning ortidan yurmas, kimningdir to‘lqini panasiga yashirinmasdim. Bu mening Tangri ato qilgan tabiatimga zid edi. Yana shuki, vaqti soati kelib, men ham u singari shu pillapoyadan pastga tushishimni bilar, hatto buni ich-ichdan his qilar edim. Shunda mening ham ortimdan odamlar hozirgidek ergashmas, balki bir o‘zim o‘z xayollarim bilan enib borishimni aniq-tiniq tasavvur qilardim. Xuddi unga o‘xshab... Demak, u menga ustoz ekan, deb o‘ylab qoldim navbatdagi zinadan ko‘tarilarkan. Shu choqqacha hech qachon mening ustozim bo‘lmagan edi, u bilan o‘sha birgina, bir zumgina davom etgan nigohlar mubohasasidan so‘ng, to‘g‘rirog‘i, bu haqdagi tinimsiz mushohadalarimdan so‘ng uni o‘zimga ustoz, deb bildim. Hatto uning nomini bilmasam ham. Shunda men ustozning kim va qanaqa bo‘lishini bilib oldim...
Ustozni topganim yaxshi ediyu uning ko‘zlaridan uqqanim o‘sha huzunli ma’no meni qiynay boshlagandi. Aqlim “Unga ishon!” derdi. Chunki men pillapoyaning ilk zinasidan boshlab necha mingtasini bosib o‘tganim bilan hech qaysisida qo‘nim topmagandim. Bas, shunday ekan, netib yana huv osmondagisidan umidvor bo‘lay?! Meni o‘sha yoqqa boshlayotgan kuch ustozim aytganidek, faqat va faqat ko‘nglimning shu ondagi holati, xolos. Bor-yo‘g‘i - shu! Olamning mazmuni bizning o‘z ko‘nglimizdagi mazmun bilan qoimdir! Axir men hozir yosh va g‘ayratliman, umid va orzu ichimda bolalab yotibdi. Ular-chi, ular - o‘sha ayol, ustoz? Ularning tanalari qaridi. Ichlaridagi orzu-umidlar esa qush misol birin-sirin uchib ketdilar. Shuning uchun ham ko‘zlarida tiklab bo‘lmas horg‘inlik aks etgan. Axir, ularning qiyofalaridagi surunkali charchoq, aslida, ko‘ngillarining ifodasi emasmi? Ustozning “yuqorida hech narsa yo‘q”, degani aslida, shu tobdagi bo‘m-bo‘sh ko‘nglidan chiqayotgan sado edi-da!.. Ammo... ammo bilasizmi, ustoz endi pastdan - pillapoya ibtidosidan nimadir kutayotgan edi. Nazarimda, bu uning yuragini tark etmagan yakkayu yagona ilinji edi... Axir, men kuni kecha o‘sha quyiga tushib borganim bilan ko‘pchilik kirib ko‘zdan yo‘qolgan joyga, pardaning ortiga o‘tmadim-da! Ustozning umidi o‘sha pardaning orqasidagi dunyo bilan bog‘liq edi endi... Har holda uning ko‘zlarida shu ma’no ham bor edi...
Lekin, men davom etardim. Aytim-u boya, men hech kimning soyasida namoz o‘qimayman, deb. Yana mingta erkagu ayol yo‘limdan chiqib, nigohlari orqali menga o‘sha birgina haqiqatni uqtirishga urinishsa ham, men, baribir, o‘z yo‘limdan qolmasligimni bilardim. Chunki mening ichim, muborak zotning huvillab qolgan botinidan farqli o‘laroq, orzu-umid bilan to‘la edi. Nazarimda, ular allaqanday, o‘zim ham tuzukroq anglamaydigan g‘aroyib bir mo‘‘jizaga qaratilgan edi. Bu mo‘‘jiza o‘zimgacha mavjud bo‘lgan har qanday haqiqatdan yuksakroq va kuchliroq tuyulardi men uchun. Mo‘‘jizani esa o‘zgalar bosib o‘tgan yo‘l emas (hatto ular ustoz bo‘lsa ham), balki oldimda qaddini g‘ozdek kerib turgan mana shu pillapoyagina hadya qilishi mumkin edi. Garchand u hamma yuradigan, hamma bir-bir bosib o‘tadigan bitta, yagona pillapoya bo‘lsa ham. Kim biladi deysiz, ehtimol, men ustozim chiqib ulgurgan zinalarning yarmini ham bosolmasman, balki undan ikki hissa balandroq ko‘tarilarman. Bunisi nomalum va bilasizmi, xuddi mana shu noma’lumlik meni o‘ziga ohanrabodek tortardi. Shu sabab men ustozim o‘gitini bag‘rimga mahkam bosib, Xudo degancha pillapoya bo‘ylab oldinga - yuqoriga talpindim...
2011 yil, noyabr