Ayriliqlardan shikoyat aylagay.
Mavlono Rumiy
Olis-olislarda chalingan hazin nay sasi nihoyat yaqinlashib, shundoq quloqlari ostida yangraganda A. cho‘chib uyg‘ondi. Uyg‘ondiyu negadir bu safar nay sadosi uyqusi bilan birga o‘chmadi: aksincha, endigina u ko‘z ochgan xobxonani, dahliz va yo‘lakni, hatto tashqarini, boringki, butun olamni to‘ldirib chalindi, chalinaverdi. A.ning ko‘ngli sust ketib, xotirasiga bolaligi... rahmatli bobosiyu momosi, eski, kungay devori nuragan, tomi loysuvoq uylari qalqib chiqdi. Tug‘ilib o‘sgan ko‘chasini, otasiyu onasini, rahmatli akasini, ukalariyu jo‘ralarini qo‘msab ichiga allatavr titroq kirdi. Qani endi shartta jomadonini qo‘liga olsayu hayyo huyt deya xeshu toborning qoshiga qaytsa, qayta olsa... Biroq borgan bilan nima, ularning qay birlari hayot, qaybirlari yo‘q endi... Yurtga do‘nish bilan bolaligiyu unga tegishli huuuv sehrli olamni ham qaytarib bo‘lsaydi...
A.ning o‘pkasi to‘ldi, ich-ichidan alamli xo‘rsiniq otilib chiqdiyu zum o‘tmay unsiz yig‘iga, yig‘i esa zo‘r ichikishga aylandi...
- Chto s toboy? – xotini ajablanib qaradi.
- ...
- Nu, chto sluchilos-to?.. – ayol o‘rnidan turib, karovat chetida derazadan tashqariga – shovurli ko‘chaga g‘aribona ko‘z tikib o‘tirgan erining qoshiga bordi.
- Postoy, ne shumi... Slishish? – dedi quchog‘ini ochib ayolini bag‘riga olmoqqa tutingan A.
- Chego slishit-to, ulichn?y shum chto-li? – rosmana hayron bo‘ldi rafiqasi.
- Chego-chego, nay!.. Kak eto po russki b?lo, a-ga, fleyta kajetsya, fleyta igraet…uzbekskiy... - ko‘zlaridan oqib tushayotgan shoshqator yoshlarni artib oldi A.
Xotin bu gal indamadi, eriga sinch ila qarab o‘tirdi-o‘tirdi-da, nimalarnidir his qilgannamo salmoqli qo‘zg‘aldi, oshxonaga o‘tib bir stakan suv keltirdi.
- Na, v?pey, legche stanet...
A. xotinining tanbehlariga quloq osmay, nonushta ham qilmasdan malul va zabun bir alfozda kiyinib tashqariga chiqdi. Axir, ichkarida haligi nay navosi bardavom yangrab turgan bo‘lsa, qanday qilib tomog‘idan luqma o‘tsin? Yo navo yo g‘izo-da! Ikkalasini birdaniga, bir paytning o‘zida hazm qiladigan zot... vallohu alam, qanday jins ekan? Ammo uning ins bo‘lishi dargumon...
Moskva ko‘chalari ko‘cha emas, naq gavjum sharq bozorlari deng – na oldinga yurib bo‘ladi va qo‘l siltab orqaga survorish. Ixtiyoringni tamomila avtolar oqimiga topshirmoqdan o‘zga chorang qolmaydi. Kirmoqda tashabbus qo‘llaringda bo‘laru tark etmoqda aslo. Javonib turli-tuman rusum, hajm va tusdagi zamonaviy arobalaru ulardan taralayotgan baland-past tovushlarga to‘lib ketgan. Shunda A. botinida subhi sodiqdan beri tinimsiz chalinayotgan nay navosining qayoqqadir g‘oyib bo‘lganini sezib qoldi. Ajablanib, yuragini tingladi: shaharning badga urib ketgan hissiz guvillashi eshitilgandek bo‘ldi... “Tav-ba-a-a,” dedi cho‘zib...
Lof emas, bir oshni pishirib yegulik fursatda A. ishxonasiga diltang bo‘lib kirib keldi. “Yayov yursamam shunchalar vaqt ketar-oov...” deb qo‘ydi u mashinani ofis binosi tumshug‘iga tirab to‘xtatarkan...
Kechgacha qog‘ozlarga ko‘milib, kotibasiga achchiq-achchiq qahva damlatib ichib, bosim o‘tirib ishladi... Bir mahal, xodimlari xayrlashib chiqishayotgan palladagina yumushdan bosh ko‘tardi va kun qaytib, shom tushganini, qornining bo‘lsa po‘stak bo‘pketganini his qildi. Hamma uyiga oshiqayotgan tig‘iz payt bo‘lgani bois tirband yo‘lni o‘ylab go‘shakni oldi, kotibani chaqirib, unga har doimgidek ovqat buyurishini tayinlab, “potom mojesh idti” dedi-da, divanga yaslangancha televizor tugmasini ezdi. “Xabarlar”dan yuragi toriqib, kanallarni aylantirishga tushdi. Nihoyat, “National geografice” da to‘xtadi. Hayvonlar shohi - sherlar hayotidan lavhalar ko‘rsatilayotgan ekan. Ayniqsa bir nar arslonning achchiq qismati A.ning e’tiborini jalb qildi. Uning to‘shidan quyiroq - chap oyog‘ining boshlanish qismi yirtilib, chak-chak qon oqar-da, boyaqish yo‘lida to‘xtab-to‘xtab damodam yarali bag‘rini yalar, so‘ng yana chor-nochor odimlardi. “Nima jin urdiykan buni?” xayolidan kechdi A.ning. “Bironta o‘ziga o‘xshagan bilan maydon yoki laxtak go‘sht talashdimikan... Darbadarligining sababi moda shermi yo...”
“Sherbachchalar o‘sib ulg‘ayib voyaga yetgach, o‘z taqdiriga yuzma-yuz bo‘lish uchun ota-onasining qarorgohini tark etib chiqib ketishadi, - deya gap boshlab qoldi sharhlovchi. – Bular ham xuddi ota-onalari kabi o‘zlariga tayinli qo‘nimgoh qidirib boradilar. Taqdir nasib, shunday saodatga erishsalar, o‘zlariga vatan tutgan makonlariyu juftlarini jonlarini jabborga berib qo‘riqlashadi. Agar bunday maskanni barpo etisholmasa va yoxud uni jangda boy berishsa, tag‘in yakka-yolg‘iz qolishadi. Yosh, baquvvat chog‘larida ular boz o‘z go‘shalariga qaytib, yo‘qotilgan mavqelarini qo‘lga kiritishga va yoxud boshqa juft topib, yangi masnad barpo etishga urinadilar. Keksayib, kuchdan qolganlarida esa, afsuski, na unisi va na bunisiga muyassar bo‘lishadi. Bunday so‘qqaboshlarni ko‘pincha bexayr taqdir kutib turadi...”
Arslon savannaning bepoyon kengliklarida besamar yura-yura axiyri holdan toydi chog‘i, qulayroq joy topib asta yonboshladi. Suvsizlikdan, charchoqdan bo‘lsa kerak, harsillagancha tez-tez nafas olardi. Dam o‘tmay u paxmoq boshini egib, qonli yarasini yaladi, so‘ng atrofga olazarak boqdi. Hayvon-da, sezgan ko‘rinadi: nariroqda g‘ingshuv va chiyillash o‘rtasida allaqanday tovush chiqargancha sirtlonlar galasi mo‘ltirab turishardi. “Aftidan sirtlonlar sherning o‘mganidan silqiyotgan qon hidini olishgan ko‘rinadi” deya izoh berdi sharhlovchi.
Sirtlonlarning old qatordagilari makkazor ichidan endigina chiqib kelgan hervaygan kuchuklardek quloqlarini ding qilgancha arslonga qiziqish ila serrayib qarab turishardi. Sher avvaliga pinagini buzmadi, hatto javoban tashrifchilarning yuraklariga qo‘rquv solaroq qisqa na’ra ham tortdi. Lekin sirtlonlar bir gala edi: to‘da yengil bir qo‘zg‘alib qo‘ydiyu tiraqaylab qochib ketmadi. Bir pas o‘tib esa yarador sher pajmurda holini, yolg‘izligini eslab qoldimi, o‘zi turib hafsalasiz odimladi... har na, balodan uzoq...
Ertasiga ancha o‘ziga kelib qolgan och arslon suv bo‘yida tashnaligini qondirish uchun paydo bo‘lgan antilopalar podasiga hujum qildi va kichikroq, nimjonroq kiyikni tutib oldi. Alhol, sayyod saydning yumshoq bo‘g‘ziga o‘tkir, baquvvat tishlarini botirgancha qimir etmay kutdi, so‘ng tanani jon tark etishi hamon bo‘shatib, qaddini tikladi. Yirtqich jon holatda chopganidan tili naq bir qarich osilib yutoqib nafas olar, shu barobari tegrasiga xavfsirab qarardi. Nafasini rostlab, tin olvolgach, kiyik loshini tishlab panaroq joyga sudrab ketdi va shu asnoda iziga tushgan kechagi sirtlonlar to‘dasini payqab, ortiga o‘girilib irilladi. Sirtlonlarning peshqadamlari andak hadiksiragandek, ilkis to‘xtab, o‘zlarini u yon - bu yonga tashlab taysallashdiyu xiyol o‘tmay yana to‘p bo‘lib, bir-biridan yurak va quvvat olib ilgari bosishdi. Arslon ko‘rdiki, ulardan o‘ljani olib uzoqqa borib bo‘lmaydi, inchunun, “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir” sulloh g‘animlariga hamla qildi. Sirtlonlar galasi tirqirab qochishga qochdiyu, lekin olislab ketmadi, yana surbetlarcha, endi har tomondan mo‘r-malaxday yopirilishdi. She’r na’ra tortib tag‘in hamla qildi, shunda boshqa yoqdan pusib yovuqlashayotgan sirtlonlar o‘ljaga yopishishdi... Alqissa, arslon vaziyatni boshqara olmay ojiz qoldi: antilopa qoni ta’mini tuygan sirtlonlar endi sherning o‘ziga tap tortmay chovut solishga jur’at etishardi...
“... oradan bir necha kun o‘tdi. Janob arslonning ahvoli esa ancha xarob ko‘rinadi. Sirtlonlar orasidan omon chiqishga chiqdiyu, lekin avvalgi bitta jarohati o‘n bo‘lgan hayvonlar shoxi endi oyog‘ini arang sudramoqda. O’z go‘shasidan, yaqinlaridan, himoyachilaridan ayrilgan, ustiga ustak, ochlik va jarohatlardan sillasi qurigan abgor sherning bundan keyingi qismati yanada ayanchli kechishi shak-shubhasiz...” deb bidillardi sharhlovchi...
A.ning hayvonga rahmi keldi, ko‘rsatuvning davomini ko‘rishga yuragi dov bermay televizorni o‘chirib qo‘yishni istab turgandi, eshik taqillab, ostonada “Vash zakaz” degancha hamishagi mutavoze garson yigit hoziru nozir bo‘ldi...
- Postav na stol, - dediyu o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi A. va beixtiyor ravishda barmog‘i bilan pultni bosib yubordi. Ekranda musiqa kanali paydo bo‘ldi va ne ajabki, unda nay sadosi yangrar, nay cholg‘usining o‘zi ham turli rakurslardan namoyish etilardi. A. tap etib o‘rniga cho‘kdi, qo‘li bilan esa laganbardorga “eshikni yop” ishorasini berdi.
Bu o‘sha kuy edi, ha!..
“Vo darig‘, bu nimasi? - tiliga bodroqdek toshdi savollar A.ning. – Men bilan kim berkinmachoq o‘ynayapti, kim? Nega yana nay? Tag‘in tushimdagi nag‘masi bilan? Buning sirru sinoati nedir?..”
Ko‘p o‘tmay A.ning o‘ziga o‘zi berayotgan so‘roqlari tindi. Tindi, chunki, yuragi naydan taralayotgan dilo‘rtar, hazinu sohir musiqa ta’sirida erib suv-suv bo‘lgan, xayolida yana devorlari qor-yomg‘iru jaziradan nuragan pastqam ko‘hna uyu uning atrofida, negadir, oftobshuvoqda har-xil yumushlar bilan kuymalanib yurgan bobosiyu momosi, otasiyu onasi, akasiyu ukalari...ning mukarram siymolari gavdalandi. Nay navosi juda uzoq yangradimi, bu kuy umri davomida A. o‘zi bosib o‘tgan, shu kungacha va shu yergacha bo‘lgan butun hayotini xotirlab ulgurdi. Qo‘y boqib, bolalik do‘stlari bilan quvlashmachoq o‘ynab chopgan beg‘ubor, begidir kezlaridan tortib, maktabga, birinchi sinfga borgandagi tuyg‘ular, ilk bora qo‘shni qizga sevgisini maktub orqali izhor aylagandagi unutilmas kechinmalar ham tashrif buyurdi uning shu ondagi holu ruhiyasiga. Keyin talabalikning oltin damlari, qo‘shni qizga... o‘sha mahbubaga uylangani, zum o‘tmay esa askarlik safiga chaqirilgani va... mana shu “va”dan so‘ng A.ning hayotida tub burilish sodir bo‘lgani... Ha-da, xizmatdan qaytib kelgach, ne quloqlari bilan eshitsinki, sevgani o‘sha oyjamol boshqa bir yigit bilan gap-so‘z bo‘lib turibdi-da. Oriyat g‘olib, xotiniga bir so‘z ham demay, shartta uydan chiqqan-ketgan. Taqdir shamoli, - endi ko‘ring, - bizning qaxramonni qaylarga keltirib tashlabdi. O’ kun bilan bu kun orasidan, o‘h-ho‘o‘, qanchadan qancha achchiq-chuchuk suvlar oqib o‘tmadi, deysiz. Ammo-lekin nega yana shularni o‘ylab qoldi ekan u, - o‘zi ham bilmay turibdi A.ning. “Yelkamning chuquri ko‘rsin bu sotqin qishloqni!”, deb qasam ichib ketganini unutdimi yo?..
Yigitning rizqi ko‘chada bo‘larkan, o‘qishini Moskovda davom ettirdi, ta’lim poyoniga yetgach esa megapolisda qoldi, tirishqoqligidan yo‘llari ham sekin-asta ochila bordi. Endi qarasangiz, zavqingiz keladi, kechagina chekka bir qishloqda qo‘y-mol boqib, shimi tushib yurgan o‘spirin bugun kurrai zaminning eng uzuqara shaharlaridan birida kattakon idora rahbari. Nasoro bo‘lsayam o‘ttiz yillik turmush o‘rtog‘i bilan ikki farzandni voyaga yetkazishib uchirma qilishdi. Aytaversak gap ko‘p. Alqovlarimiz shu darajada sarbalandki, oqko‘ngillarning havasi, qorako‘ngillarning hasadi keladi-ya... Faqat... faqat shu nay balosi qaydan chiqib qoldi?.. Chiqqani bir go‘r, nega u A.ning botinida hadeb chalingani chalingan? Nima uchun u chalinganda A.ning butun o‘tmishi, tug‘ilib o‘sgan yurti, o‘sha yerning yaxshi-yomon, katta-kichik odamlari yodiga qalqib chiqaveradi, chiqaveradi? Yana o‘shalarni qo‘msab, sog‘inib ichikkaniga o‘lasanmi...
Bir mahal eshik yengil tiriklab, qiya ochildi va boyagi laganbardor yigitning sermulozamat chehrasi ko‘rindi. Ammo u stol ustida qo‘l urilmagan ovqatga ko‘zi tushgach, bir zum dovdirab turdi.
- Mne popozje podoyti, da?
- A-a! – xitob qilib yubordi cho‘chib hushiga kelgan A. - Da, net, s?nok, mojesh zabrat yedu, chto-to appetit propal. Skolko s menya? – yonini kavladi A.
Garson bilan hisob-kitob qilgach, ezgin bir holatda o‘rniga cho‘kib, boshqa narsalarni ko‘rsatishga o‘tgan TV ga dam berdi-da, ko‘zlarini yumdi. Faqat... faqat kuy uning botinida yangrashda davom etaverdi...
Allamahalda qo‘l telefoni asabiy jiringlab sapchib turib ketdi.
- Allo! Privet. Gde nosishsya? S toboy vse v poryadke? – rafiqasining tashvishmand ovozi keldi.
- Privet... – so‘ng bir pas sassiz qoldi A. – Izvini, seychas priedu. Vzdremnul naverno...
***
Shu-shu A.ning xayoli qochdi. Yursa-tursa, uxlasa-uyg‘onsa... ich-ichida hech tinmas nay navosini eshitadigan, uning jo‘rligida bolaligiga, tashlab chiqib ketgan yurtiga, u yerda qoldirib kelgan qarindosh urug‘iga, do‘stlariga talpinadigan bo‘ldi. Yeb-ichishidan, turish-turmushidan, ish-kuchidan maza-matra qochdi...
O’ylay-o‘ylay megapolisdagi yurtdoshlarining doimo to‘planib turadigan restoraniga yo‘l soldi. Hamyurtlarining tandirdan endi uzilgan nondek issiq, tansiq chehrasini ko‘rsa-dillashsayu, zora ko‘ziga nay qiyofasida ko‘rina boshlagan ins-jinslarning hujumidan xalos bo‘la qolsa....
Uch-to‘rttasi burchakda to‘planib olib tosh tashlashib o‘tirishgan ekan. Oralariga suqilib kirdi. O’z ona tilida ko‘ngillashmoqqa urindi. Negadir gaplari qovushmadi. “T? naverno ochen ustal, davay v banyu sxodim, tam otdoxnesh kak sleduet” deyishdi pirovard natijada millatdoshlari muruvvatona. A. bir pas o‘tirib u yerdan ham homushu aftoda bir ko‘yda chiqdi. Nazarida bu ulkan shahardagi millatdoshu yurtdoshlarning hammasi – o‘zi doxil - yog‘i ado bo‘layozgan pilikdek tutab borishayotgandi. Chunki o‘zlaridan keyin... tamom - nuqta. Farzandlari - boshqa olam, boshqa odamlar! Ular shu tuproqning fuqarolari, tilidan tortib ruhigacha...
Balki...
Ha, A. nihoyat yengildi – ko‘ngliga yon berdi... Uchoqqa bilet oldiyu O’zbekistonga uchdi. Botinda chalina boshlagan nay navosi uni Vatanga boshlab ketdi...
***
Ukasining uyiga tushdi. Ha, endi bu uy inisiga qaraydi. Ko‘p avval hammalariniki edi. Rosa umrguzaronlik qilgan buvasiyu buvisidan o‘n yillar o‘tib, birin-sirin ota-onasi ham dorilbaqoga rixlat qilishgandi. Oxirgi marta A. o‘shanda, marosimlarda kelgandi. Shundan beri yillar turna qatorlaridek ko‘k yuzini to‘ldirib uchishdi, uchishaverdi...
Tashrifidan ukasining boshi osmonga yetgani oftobda kuygan qoramag‘iz yuz ifodalaridan, his-hayajonga, mehrga to‘la jondek aziz so‘zlaridan shundoq bilinib tursa-da, kelinning sira ochila qolmagan qovoq-tumshug‘i A.ning ta’bini xira torttirdi. Kelgan kuni uni ko‘rgani kirgan uzoq-yaqin qarindosh-urug‘u qo‘ni-qo‘shni bilan rang ko‘rib, hol so‘rashdi, ertasiga ertamandan atrof-tevarakni aylangani piyoda jo‘navordi.
Avvaliga o‘zi o‘sib ulg‘aygan ko‘chani u boshidan bunisiga go‘yo bolaligini qidirgan kabi bir necha marta borib keldi: yo‘q, bu ko‘chani uning tamizi tanidi, xolos, ko‘zlari, hislari emas. Ko‘cha butunlay o‘zgarib ketgan, begona uylar, begona chiroq ustunlari, begona daraxtlar... qo‘yingki, uning qarshisidagi manzara tamomila yot edi. Hatto ro‘parasidan chiqib, unga “notanish odam nima qilib yuribdi bunda?” degandek allatovur qarab, salomni kanda qilib o‘tayotgan yosh-yalanglar ham begona edi. Xayolida bolaligi jonlandi: tuproq yo‘lda to‘p tepishayotganda yoxud u yoqdan bu yoqqa turfa yumushlar bilan chopib yurishganda kattalarga duch kelinsa, bir qo‘llarini ko‘krakkacha ko‘tarib, “Assalomu alaykuuum!” deya cho‘zinchoq takalluf ila so‘rashishar edi-ku! Qayoqqa ketdi o‘sha odamlar? Qirg‘iyqarash qilib, A.ning yuziga bezbetlarcha tikilib o‘tib ketayotganlar o‘sha sermulozamat avlodning jujuqlarimi?..
A. bularni xayolidan o‘tkazdi, xolos, yuragidan emas. Zero, sovuq Moskovning beti qalin fuqarosiga bu yerdagi ilmiliqning ta’siri chikora...
A. shu ko‘yi anchagacha kezinib-to‘zdi-da beixtiyor yo‘lni suvbo‘yiga burdi. Dalalar oralab bir muddat kezingach, manzilga dordi. Voh, qishloqdagi o‘zgarishlar holva ekan: suv qani? Uning ikki bo‘yida xatosiz qator o‘sgan gur tollar-chi?.. Tollar-ku kesilib ketibdi, lekin mahobatli kanalning o‘zi ham butunlay boshqa manzara kasb etibdi: uning betidagi o‘t-o‘lanu yulg‘un-yantoqlar qirilib, ustiga silliq qilib beton yotqizilibdi. Endi kanalning hamma joyi bir xil! Suv ham o‘zanning tagida shildirab oqib turibdi...
A. “oyoqning chigalini yozish”dan qaytganida shom tusha boshlagandi. Dalayo‘ldan mahallaga kirishda, to‘rt ko‘cha kesishgan chorraha bor edi, shuning kunjagidagi choyxona gavjum – ko‘zi tushib bir entikdi A. va shu yoqqa asta odimladi.
- E-e-e, kesinla, kesinla! – uch-to‘rt kishi qo‘zg‘alib quchoq ochishdi. Ko‘pchilik esa notanish kishi bilan ilk daf’a ko‘rishayotgandek anchayin beparvo qo‘l cho‘zishdi.
- Qaysi shamollar uchirdi, domdaraksiz yo‘q bo‘pketuvding-ku? - so‘radi A. bilan bitta maktabda, ikki sinf yuqorida o‘qigan, o‘sha paytlarda qo‘shni bo‘lgan miqti, shopmo‘ylov odam. A. shuncha tirishib ham uning ismini eslay olmadi. – Yo ot aylanib, qarib-churiganda qozig‘ini izlab keldimi, ha-ha ha!.. – qahqaha urdi miqti shopmo‘ylov. – Vey, nega lom-mim demaysan, o‘zi o‘zbekchadan qolganmi yo o‘rischa so‘ylaylikmi, voh-ha-ha!.. – mo‘ylov ham gapirar, ham kular, hamda A.ni yetaklab choyxona ichiga, davraga boshlab borardi... - shuncha vaqtdan keyin qishloqni adashmay topib kelganingga qoyilman, ha-ha-ha!..
A. guldavrada alla-pallaga dovur ochilib-sochilib o‘tirdi. Lekin oradan ancha-muncha achchiq-tizziq gap-so‘zlar ham bo‘lib o‘tdiki, bundan A.ning kayfiyati tushdi. Nima emish, burgaga achchiq qilib ko‘rpaga o‘t qo‘yilmasmish. Ha, qurmag‘ur hamqishloqlari A.ning qo‘liga gugurt tutqazib qo‘yishdi. Bir pasdan so‘ng qalovini topib, uni xiyonatda, qishloqqa, yurtga xiyonatda ayblashdi. “Tavba, - dedi o‘ziga o‘zi A. – aslida, o‘zlari meni sotishdi-ku!..” Davra shirakayf edi, shuning uchun A. bu gaplarni yuragiga yaqin olmaslikka urindi. Qolaversa, bu qachongi gaplaru, eh-he!.. Lekin A.ni sotqinga chiqargan davra ko‘p o‘tmay undan “bizniyam o‘zing bilan olib ket, ish topib ber”ga tushdi... Shundan keyin A.ning ko‘ngli rosmana og‘ridi, uzr so‘rab turdi...
Ikki kunda ko‘rgan-kechirganlari A.ni ko‘p mutaassir etdi. Ammo qalbiga quloq tutganda, nedir fursatdan beri ichida tinimsiz chalinayotgan nay sasi qayoqqadir g‘oyib bo‘lib, o‘rnida g‘aroyib bir farog‘at osudalikka chulg‘anib jimirlab yotganini sezdi. “Xudoga shukur” dedi qoniqish bilan pichirlab...
Kechasi allamahalda A. boshqalarga bildirmay, imi-jimida bittagina inisi bilan aeroportga chizdi.
Bag‘irlashib xayrlashisharkan:
- Bir hafta turaman degandingiz? – nomanzur ish qilib qo‘ygandek hijolat chekib so‘radi jigargo‘shasi.
- Idoradan so‘rab qolishdi dedim-ku, ukajon, - chinni yashirdi A. Lekin berkitilgan chin nimadan iborat ekanligini o‘zi ham tuzukroq fahmlay olmasdi. Har holda kelinning badqovoq suratiga yoxud ayrim tuturiqsiz hamqishloqlarining baland-past gap-so‘zlariga qarab qolgan odammas-ku u! Xohlasa, olisroqdan - rayon markazidagi mehmonxonadan shartta joy olardi qo‘yardida...
Samolyotga o‘tirish boshlanganda ham A.ning xayolida shoshib ketishining asl sababiga yo‘nalgan taxminlar charx urardi. Urishga urardiyu, hech birida qo‘nim topmasdi.
Nihoyat, uchoq havoga ko‘tarilganda A.ning yuragi yengil hapqirdi. Chuqur- chuqur nafas olishga tirishdi, ko‘zlarini yumdi. Yumdiyu ularning ichidan - zulmat qa’ridan yorishib nayning suvrati paydo bo‘ldi. Shu hamono botinida kuy yangradi!..
A. bir zum dovdirab qoldi, shoshib qoboqlarini ochdi. Yuragi orziqib, orqaga tortdi. Kuy esa tobora avjlana berdi. Shunda... shunda A. g‘ayrishuuriy ravishda ko‘ngliga bo‘ysindiyu uchoq darchasidan pastga qaradi: vo ajab! Ortda, huuuv pastlikda qolgan, milion-milion chiroqlarga burkangan shahar va qishloqlar uzun mash’ladek tovlanib yotar hamda u samolyotning tobora yuqoriga o‘rlashi barobarida eshilib, nayga, ha-ha, aynan nayning qiyofasiga aylanib borardi...
A. o‘z botinida chalinayotgan navoning qaydan kelayotganini nihoyat topgan, hayratdan toshdek qotgandi... Faqat... faqat vujudini ko‘tarib begona yurtga uchib ketayotgan temir qushga ko‘ngil nidosini - “to‘xta, tushib qolayin!” degan kuchli istakni demas, deyolmasdi...