OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umid Ya’qub. Ramaq (hikoya)

...Qo‘tir bosgan davr(as)ining eng avj notalariga chulg‘ongan Buyuk Esh(Shak) erasi xurjunidagi nojins asr karvonida tuya egiz tuqqan yili, o‘sha... qisir ondatra bilan serpusht kalamushni chatishtirishgan (va alal-oqibat temir to‘nni ham kemirib tashlaydigan behisobu behijob... xundoru yoldor... dumsizu ko‘zsiz O‘lat To‘dasi suvaydo bayroqlari ostida fitrat naqoratining tiynat sadolariga o‘rangan ko‘yi qo‘zg‘olgan) oy orasida, o‘sha... jabralari daqiqa aro idrab borayotgan Evaz Balig‘i o‘mganidagi toyg‘onchiq tuyoqlari lahza sayin yedirilib kelayotgan Zerikish Ho‘kizi mazaxomuz samimiyat yuvindisidan to‘yingan xo‘rligu mukarramlik bilan sabil qolgur shoxdor boshini mursalona-maqtulona sarak-sarak qilgan, o‘sha... farishta tun qo‘ynidan bo‘shangan fohisha kun chehrasidagi oydin-oydin Besh Lahzaning harir-haris oniya qanotlari uzra xuddi O‘Zdengizga qaytish uchun samoga safar qilgan o‘ztomchi singari...
...bir paytlar muqaddas mehvarini o‘ynamay boy bergan vatanlariga al-vido ayta-ayta Yara(ti)lmagan Makon izlab yo‘lga chiqqan Ajdarho Avlodlari bir muddat nafas rostlab, so‘ng Ibtido Ramaqining intiho avvalida Baxt va Baxtsizlikning nimxira tumanzori qo‘ynida Borligu Yo‘qlikning mangu muallaq muvozanati yelkasiga o‘rnatilgan sag‘ir tarozi milini ozgina o‘ngga (ehtimol, chapga) burish umidi bilan Yovvoyi Chang Raqsiga evrilgan, oqibatda esa istig‘roqkuy avjida barcha «arg‘amchi»ning tanqaygan tumshug‘idan to‘kilgan zahar tomchilari o‘zagini kuydirib yuborgan Abadiy Bahorkelmastepa poyida hali yashashga ulgurmay sochlariga qirov ingan O‘z mazmun cho‘qqisi tomon boru yo‘q (bema’niyu asosdor, iznli-yu ismsiz) O‘yin ilgarisida hayronu xotirjam (sobitu hadikvor) tikilgan ko‘yi yolqib — chilpinib — titrab o‘tirardim.
Besh tomonimni Hirs qo‘shinining tama suvorilari qamal qilgan, Azalqoyadan yo‘lga chiqqan O‘Zburgut(im) boru yo‘q mador bilan intilsa-da, Abadcho‘qqiga yetolmay tolgan, binobarin, bu behuda daydishning sababu maqsadini topa olmay hayrondarada kezib yurgan, topildig‘u yutqizig‘im qafasga tashlangan yo‘lbars nigohlarida mangu muz qotgan mungga evrilgan edi: ismimning uch harfini yashab bo‘lgandim.
Hali jangga kirmay turib qo‘shini mag‘lub bo‘lgan sarkarda ruhini qamraguvchi karaxtlik yo‘sin tutunvor to‘lqin sochimdan tovonim qadar ohista o‘rmalarkan, olomon oyog‘i ostida ezilgach, oftobda idrab — bijg‘ib — aynib qolgan haqqush loshiday tarklangan badanim jimlik kafaniga o‘ranarkan, Umiddaraxtning chirigan ildiziga bolta urilgach... vaqt chehrasini hali ajin(a) tishlamay turib niyatshoxlarni makon tutgan istakqushlar oilasi Borlig‘u Yo‘qlikni larzaga sola-sola faryod ko‘tarib qochqinlik karvonini tuzarkan, eng so‘nggi nam bilan nafas olishga intilayotgan yaproq kabi ismimning oxirgi harfini yashamoqqa urinardim.
Yamoqlari ham yirtig‘ini berkita olmagan Mavjudlik chiqindi ufunotiga bulg‘angan, suluv-suluv kiyiklar ko‘nglida yo‘lbars orzusi bilan yaltir junli to‘ng‘izlar qo‘yniga shoshil(ayot)gan, hatto qaqnus tuxumidan ham palag‘dalik shaltog‘iga belangan karkas polaponi ko‘z ochgan, taqiq mevasi axlatga evrilgan paytdan xaloskorlikni bo‘yniga olgan Yakka Bo‘ri uyg‘ongach... qopqon qisib qolgan oyog‘ini g‘ajib tashlab... so‘ng Borsa Kelmas vodiysi qa’riga abadulabad uloqib ketgan, hayvon zoti borki, nishxo‘rt talashishdan... bir teri ostida semirib ozishdan... urchishdangina shodumon qiyqirayotgan, bulutlar buloq tomon... chashmalar abr sari intilayotgan, raqam unutgan olam azaldan buyon aylanajak Yagona Tasbeh Rishtasini uzmoqqa jahdlangan, quyoshning sha’mga havasli hasadi qo‘zigan, bir umr o‘z qavmidan masxarayu turtinishdan o‘zga shimiltiriq ham ko‘rmagan Mayna zardobtus ko‘lmak kunjagida BARChAga bir kiyimlik qor iltijo etib ibodat qilayotgan... lahza... O‘Zdaraxt(im)ning hamma yaprog‘i Mangu Tiyramoh qabri ustiga to‘shalar, binobarin qahratonda ko‘z ochayotgan g‘uncha singari o‘zurug‘im uchun hech nimaning ahamiyati qolmagandi. Axir qachonlardir shubha, xavotir, isyon mavjud edi. Ularning aqlim gulxanida so‘na-so‘na... tutay-tutay... gurillab-gurillab... yonishiga mahliyo bo‘lardim: nimadir bordek edi. Ammo o‘sha... zahardan o‘zagi kuyib ketgan Abadiy Bahorkelmastepa poyida ismimning oxirgi harfini yashash ilinjiga o‘ranib pilpillab o‘tirarkanman, necha eradan so‘ng tag‘in o‘sha... Adashgan Ayolg‘u o‘zimni aytib chaqirayotganini tuydim: ko‘zgu chilparchin bo‘ldi. O‘, bu ovozni qancha kutganimni tasavvur qila olasizmi?.. Shu sadoni deb ikki dunyo oralig‘ida qanday tentiganimni tushuna bilasizmi?.. Bu ayolg‘u kul — po‘panak — mox — zax — zang... bosgan O‘Zim tubida milod(i)dan buyon so‘nib borayotgan yagona cho‘g‘ Egasi ekanligini tuya olasizmi?.. Axir... qachonlardir men uchun ham vaqt, farq, dard... mavjud edi: kemtiklikdan O‘zimni qo‘yarga na zamon va na makon topa bilardim. Endi esa hech nima yo‘q. Faqat o‘sha yo‘qlikdan meros qolgan soya, so‘qir tabassum, mo‘ltiroq nigoh...gina bor: yo‘lbars nigohida muz qotgan o‘tmish...
Mana, hozir o‘rnimdan turaman-u, bir lahza ham ko‘z oldimdan nari jilmaydigan o‘sha yo‘lbars qoracho‘g‘iga muhrlangan mungli kecha(m)ni... o‘sha O‘Zim tubida so‘nib borayotgan yagona cho‘g‘dan yaralajak gulxanda... o‘sha hech qachon hech qaerda hech nimadan na xavotirlanmay, na halovatlanmay, na afsuslanmay yo‘nilgan kosov bilan kavlab-kavlab yoqib yuboraman...
Ana, hali yashashga ulgurmay sochlariga qirov ingan O‘Zmazmun cho‘qqisidan berang tutun o‘rlamoqda... Ana, besh tomonimdan asir olish maqsadida qamal qilib kelayotgan Manfaat qo‘shini to‘lg‘ama to‘rlarini men tomon tashlayotir... Ana, qo‘ltiqlarim orasida is bosib yotgan qanotlar mudhish parvoz umidi bilan taranglashib borayapti...
...va o‘sha Ajdarho Avlodlari bir lahzagina nafas rostlagach... Ko‘klam taloq bergan mana shu yetim Zahartepa poyimda enasi chala tug‘ib uloqtirgan mana shu irkit dunyoga qo‘shib... hali yashashga ulgurmagan ismimning mana shu oxirgi harfini xuddi ilon po‘st tashlagandek abadulabad unutib... O‘Zmazmun cho‘qqisini(dan) o‘zimdan(ni) ajratib turgan tabu tumanzoriga singib borarkanman, tirikmidim yo o‘lik... ruh bilan edimmi yoki tan bilan... ismlimidim yoxud ismsiz... — bilolmadim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.