OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Usmon Azim. Birovning umri (hikoya)

Chaganada g‘aroyib odamlar ko‘p. Ammo Panji polvon g‘aroyiblarning ham g‘aroyibi. Masalan, bayramlarda markazdagi yagona ko‘chadan qulfu yashil kiyinib, alvon tug‘lar ko‘targancha, jamoa-jamoaga bo‘linib, askarlarga xos saflarga tizilgan baxtiyor namoyishchilarning xurram kayfiyatlariga mos tushmagan ishlar qiladi. Ya’ni, taxtadan muvaqqat yasalgan minbarda Moskvadagi rahbarlarga taqlid qilib, qaddini g‘oz tutganicha, dolzarb shiorlarni sidqidildan hayqirib o‘tayotgan odamlarga shlyapasini viqor bilan silkitayotgan rayqo‘m kotibining naq qarshisiga — ko‘chaning narigi betiga turib oladi-da, o‘zicha o‘ylagan xayrli ishini bajarishga kirishadi.
— Pulini sandiqda chiritayotgan Chagananing boylari! Topganini ko‘chaga sochadigan mardu maydon hotamtoylar! Cho‘ntagidagi pulni xotinidan ham yaxshi ko‘radigan aziz qurimsoqlar! Boshimizda soyabon bo‘lib turgan rayqo‘mu ijroqo‘mning xalqparvar xodimlari! Bilib qo‘yinglar, besh barmoq teng emas! Siz bayramda kayfu safo etayapsiz, ammo kimningdir uyida noni ham yo‘q. Siz bayroq ko‘tarib, hayqirib yuribsiz — kimdir qiziga kalish ham olib berolmaydi. Saxovatli bo‘linglar! Himmat ko‘rsatinglar! Hamma topganicha... Mana, Panji polvondan ikki yuz so‘m!..
U qo‘lidagi ikkita yuz so‘mlikni boshi uzra ko‘z-ko‘z qiladida, so‘ng qo‘lidagi qizil alvonga o‘ralgan qutichaning tirqishiga tiqadi. Namoyishchilarning mustahkam safida parokandalik paydo bo‘ladi, kimdir angrayib to‘xtaydi, kimdir unga uriladi, kimningdir oyog‘ini kimdir bosadi, kimningdir tuflisi tushib qoladi, u tuflisini topgani saflarni yorib orqaga harajat qiladi... Qatorlar buziladi, shiorlar besaranjom qalqiydi, qizil bayroq rayqo‘m kotibining yuragiga qo‘rqinch solib, tahlikali egiladi. Ammo kotib, har qanday vaziyatda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan davlat kishilariga xos bamaylixotirlik bilan mehnatkash xalqni qutlashda davom etadi — faqat endi shlyapasini instruktor Mingto‘raevga tutqazadi, shlyapasiz qo‘li bir qanot qushning qanotiday havoda ajabtovur manzara yasab silkinadi. Polvonning chaqiriqlari esa avjga chiqadi. Aralash-quralashgan namoyish uyalinqirab oqishda davom etadi.
— Chaganada saxovat nima qilsin!—hayqiradi Panji polvon. Uning keng ko‘kragidan zavq bilan otilib chiqayotgan zabardast ovozi mikrofonda o‘zicha nimalarnidir sayrayotgan madaniyat bo‘limi boshlig‘i Salomatovning ovozchasini namoyishchilarning qulog‘iga yetkazmasdan, havodayoq parchalab tashlaydi.
— O’taveringlar!.. O’taveringlar! Baribir Chaganani xasislarning yurtiga aylanti-rib qo‘yolmaysizlar! Panji Polvon o‘lmagan ekan...
Endi odamlar chidab turolmaydi. Birinchi bo‘lib Furqatov domla Polvon tarafga yuradi. Liboslari toza — xuddi hozir Parijdan kelganday. Yurishida me’yordan oshiqroq viqor bor. Furqatov allaqanday ta’zimga o‘xshash harakat bilan Polvonning ehson qutisiga qo‘l cho‘zadi. Ammo bu chaganashumul voqeaning tashkilotchisi domlaning xayru sadaqasini butun ko‘chaga e’lon qilmasa ko‘ngli tinchimaydi.
— Odamlar! Ko‘rib qo‘yinglar! Furqatov domladan yigirma besh so‘m!.. Puldorlarni o‘ldirdingiz! Yashang, domla!
Domla ta’zimga o‘xshagan harakatini yana viqor bilan bajo etadi-da, shiorlaru tug‘larini ko‘targancha sochilib qolgan jamoasiga qo‘shiladi. Endi Panji Polvonning o‘yib-o‘yib olayotgan masxarali hayqiriqlariga chaganaliklar chidab turolmaydilar. Odamlar Polvonning qutisini to‘ldirishga, bu atrofda birorta ham bechora qoldirmaslikka qat’iy bel bog‘lashadi: birin-ketin namoyishdan uzilib chiqa boshlaydilar...
— Hasan sartaroshdan besh so‘m! Umar gazchidan uch so‘m! Do‘xtirdan o‘n besh so‘m... Polvon xasislik zanjirlaridan ozod bo‘lgan hamshaharlarining ismu shariflariyu, laqablarini ilhom bilan jaranglatib turaveradi. Uning atrofida odamlar borgan sari ko‘payayotganini ko‘rib turgan rayqo‘m kotibi so‘nggi chorani qo‘llashdan boshqa iloj qolmaganini dono rahbarlarga xos hushyorlik bilan payqaydi. U milisa boshlig‘ini chaqirib, Polvonni ko‘chadan badarg‘a etmoqni buyuradi, deb o‘ylagan o‘quvchilar xuddi shu yerda katta xatoga yo‘l qo‘yadilar. Chunki, Chagana milisasining jami jangovar tarkibi ham Panji Polvonday davralarni boylagan nomdorga bas kelolmasligini kotib yaxshi biladi. Yana... Kotib bo‘la turib el-yurt oldida xasislik qilish sal... uyatlimi-ey! Kotib cho‘ntagini kovlashtirib, instruktor Mingto‘raevga nimanidir cho‘zganini hamma ko‘radi. Ammo chaganaliklar odobli xalq — sezishganini hatto ko‘z qiri bilan ham bildirishmaydi. Mingto‘raev plenumlarda ko‘rsatadigan yengilu chaqqon yurishini mu-kammal namoyon qilib, biroz bukilganicha Polvonning qarshisida paydo bo‘ladi. Sirli jilmayib, polvonga pinhon gapi borligini bildiradi. Polvon pakana instruktorning og‘ziga qiynalib engashadi. So‘ng tavoze bilan qutichani tutadi. Mingto‘raev qutichaga pul tashlaydi-da, minbarda qo‘l silkitishni ham unutib, ularni kuzatib turgan kotibdan imo kutganicha turib qoladi. Kotib instruktorning buyruqqa ishtiyoqmand nigohini bejavob qoldirib, qo‘lini musht qilganicha Polvonga qarab yolg‘ondakam po‘pisa qiladi. Polvon ozroq erkalanib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi-da, kechirim so‘ragan bo‘ladi...
Namoyishdan keyin Polvon uch kishi guvohligida qutini ochadi. Pullarni sanatadi. Akt tuzdiradi. So‘ng qo‘ynidan ikki bukloqlik qog‘ozni olib, o‘zicha tuzgan bechorahol oilalar ro‘yxatini ularga ko‘rsatadi. Demokratiyaga amal etib, boshqalarning takliflarini ham inobatga olib, o‘zgartirishlar kirgizadi... So‘ng pulni tarqatishga jo‘naydilar...
Polvonning bundan ham boshqa antiqa odatlari bor. Xo‘sh... To‘yda kurash bo‘lyapti, deylik. Qoramurutning polvonlari davraning bir chetida ataylab qunishib o‘tirishganini ham tasavvur qiling. Chaganaliklarning «kalish-palish» polvonchalari o‘yin ko‘rsatyapti. Navbat «uloq» polvonlarga tekkanda qoramurutliklarning biri o‘ynab chiqadi-da, chaganalikni olgandan tashlaydi. Biroq dunyo hali chaganalikni behimoya etib qo‘ygani yo‘q! Bo‘z bolalardan biri hovliqmasdan borib, bakovullarning oldiga tiz cho‘kadi. Duo olib, maydon aylanadi. Uch qafas olmasdan raqibining yelkasini yerga tekkizadi. Kurash shunday davom etaveradi — goh u g‘olib, goh bu... Oxiri Panji Polvon qoramurutliklarning «ho‘kiz ko‘targan» pahlavoni bilan obro‘ talashgani Alining maydoniga chiqadi... Ikkovi ham davrani bosiq aylanadilar. Bir necha bor qo‘llarini silkitib, bir-birlariga yaqinlashadilar-da, yana ajralib, jonlari tanlariga sig‘maganday o‘ynoqlab ketadilar. Panji polvon yugurib kelib, xalqning qarshisiga tiz cho‘kadi. Xalq guvillab duo beradi. Pahlavonlar bir-biriga usul ishlatolmay uch-to‘rt bor yoqa ushlashadilar. Birdan xalq polvonlarga qo‘shilib, vujudlaridagi zo‘riqayotgan g‘ayratni bo‘g‘zilarda ushlagancha tosh qotadi.
— YO Ali!..
Xalqning ko‘ksidagi kuvonch gurrosi havoga minglab kabutarlarday uchadi. Panji o‘zini osmonga otadi. O’ynoqlaganicha davra aylanib quvonchini hammaga ulashadi. Mag‘lub yiqilgan joyidan ohista turadi. G’olibning quvonch raqsiga alam bilan qaraydi. Shunda Panji birdan hovridan tushib, uning yoniga samimiy bir jilmayish bilan keladi. Quchoqlaydi.
Kechqurun qoramurutlik polvonlar Panjining uyida mehmon bo‘ladilar.
Chaganaliklar g‘olib chiqishni yaxshi ko‘rishadi. Ba’zan qoramurutliklarning polvoni Hazrati Ali unga ham pir ekanligini ko‘rsatib qo‘yadi. Davra suv sepganday jimib qoladi. Bakovullar g‘aribsinib bir-birlari bilan ko‘z urishtirib oladilar. Tomoshabinlardan biri alam bilan: «Harom!» deb baqiradi. Birdan hamma qoramurutlik polvon halol kurashda yengmaganiga bir zumda ishonadi. Bakovullardan biri Panjining yelkasidagi xas-xashakni bildirmay qoqib tashlar ekan, boshqatdan kurashish lo-zimligiga ishora qiladi... Shunda Panji polvon nohaqlik bo‘layotganidan o‘ksinib o‘tirgan qoramurutliklarning to‘dasiga boradi-da, raqibining qo‘lidan ushlab davraning o‘rtasiga boshlab chiqadi.
— Xaloyiq!— deydi u ovozidagi alamni bosolmay.— Mard bo‘laylik. Bu yigit meni urdi... Haqini beringlar!..
Endi raqibi Panjini quchoqlab dast ko‘taradi...
Kechqurun qoramurutliklar qo‘yarda qo‘ymay qishloqlariga Panjini olib ketadilar.
Polvonning yana bir qiziq odati bor. U Chagananing tevaragidagi yozda jizg‘anak kuyib yotadigan tepaliklarga nihol o‘tqazishni yaxshi ko‘radi. Bahorda niholni ekkach, atrofini sim to‘r bilan o‘raydi. So‘ng yoz bo‘yi suv tashiydi. Ba’zilarining yoniga bochka "qo‘yib, suvga to‘ldiradi. Keragida jo‘mragini buraydi... Nihollarning yayraganini ko‘rsangiz! Biz shundaymiz, o‘rtoq oftob! Kuydiravering! Olovingizni to‘kavering! Hali osmonga yetamiz! Chaganaga kelganlarning og‘zi ochilib, yumilmasdan qoladi!.. Polvon rohat qiladi...
Choyxonalarda odamlar nihollarni so‘rashadi: «Qalay, yaxshimi?» deb. Xuddi kasal bolalarni so‘rashganday. Polvon nihollarini maqtay-maqtay so‘zlaydi. Odamlar quvonadilar...
Bu gaplar Polvon Chaganada qanday umrguzaronlik etgani haqida...
Polvon boshqa joylarda ham bo‘lgan. Masalan, Toshkentda, institutda ikki yil o‘qigan. Yashay olmagan. Buning ustiga Dilorom degan yaxshi ko‘rgan qizini ota-onasi boshqaga uzatib yuborishgach, «hayt» deganu qishloqqa qaytib kelavergan. Yosh ekan-da, chiday olmagan. Asli qizning uyidagilari ham ko‘p norozi emas edilar, faqat Panjiboy shaharda qolsin, odam bo‘lsin, deyishdi. O’ylab ko‘rilsa, bechoralar yomonlik ravo ko‘rishmagan ekanlar. Ammo Polvon qanday qilib shaharlarda yashasin! Xayr, shahar! Alvido, shaharni suyguchi muhabbat! Xush qolinglar, jo‘ralar! Ming afsus, diplomni saqlashga sandiq sotib olmaydigan bo‘ldik...
Shundan buyon Polvon vohadan nariga chiqqani yo‘q. To‘ylarga boradi. Yelkasi, ayniqsa, keyingi yillarda, yer ko‘rmadi hisob. Panji polvon desa, davraga qadam bosgan viloyat odami borki, nomini hurmat bilan tilga oladi. Polvonlar o‘tirishlarda to‘rga o‘tkazishadi. Salt qolgani yo‘q: tagida mashina, tablasida ot... Yana nima kerak?
Hammaning ham so‘z o‘tadigan jo‘rasi bo‘ladi. Chori kassir Polvonning yakkayu yagona so‘zi o‘tar do‘sti. Ammo, aynan shu do‘sti— Chori qurg‘ur Polvonni yo‘ldan urdi. «Yur, Toshkentni bir aylanib kelaylik... Dunyo ko‘rmasdan, davrani ho‘kizday aylanaverib, o‘lib ketganingni bilmay qolasan... Yur!.. Qarigandan keyin...»
Polvon ko‘ndi.
Chori u yoqqa o‘tdi, bu yoqqa o‘tdi, birpasda mehmonxonadan joy undirdi. Uch xonali — ikkita alohida yotoqxona, mehmonxona, yerda cho‘g‘day gilamlar, rangli televizor, muzxona; bejirim, shiftlargacha tutash shkaflar; yumshoq divanlaru oromijon kres-lolar...
— Xo‘sh,— dedi Polvon tevarakka razm solarkan,—endi bu yerda nima qilamiz, Xazinabon?
— Kurash tushamiz,— deb hiringladi Chori kassir xuddi o‘z uyiga kelganday, narsalarini shkaflarning sonsiz qutilariga bemalol joylashtirarkan.— Bu shahri azimda kurash tushadigan narsa ko‘p, polvonlarning g‘ofili! Hozir vannaga tushib, yo‘lni hordig‘ini chiqaramiz, keyin to‘yib uxlaymiz, keyin... Keyin gap ko‘p, nodonlarning polvoni!— U yana kuldi. Kayfiyatida kelajak kurashlarning shavqi, huzurbaxsh oromi, sog‘inilgan lazzat...
Polvon qanday kurash tushsa, boshqa ishlarni ham shunday do‘ndirib bajaradi. Ayniqsa, oppoq choyshablarga o‘ralgan yumshoq o‘rinda Afsar devday qotib uxlab qoladi.
U ko‘zini ochganda, mehmonxonada chiroqlar charaqlab yongan, televizorda qarsu qurs kontsert borar, Chori xazinachi qarsak chalar, kimdir barmoqlarini qirsillatib o‘ynar edi...
— Xazinachi!—deb yotgan joyidan baqirdi Polvon.— Nima qilyapsan, ukag‘ar? Momongni arvohini o‘ynatyapsanmi?
— G’aflat uyqusidan boshingni ko‘tar, polvonlarning uyqu ko‘rmagani! Parilarning podshohini o‘ynatyapman!
Xazinachining qarsagi yana avjlandi, yotoqxonaning ochiq eshigidan bir nozanin musiqa muqomida bellarini bilanglatib, ajoyib jilvalar etib, «lip» etib o‘tdi. Polvon turib kiyindi, oynaga qarab qo‘llari bilan yuzidan uyqu asoratini sidirib tashladi-da, narigi xonaga chiqdi. Xazinachi kresloda jon berib qarsak chalar; harir moviy ko‘ylakli, yelkasiyu qo‘llari yalang‘och bir huru g‘ilmon o‘rtada turgan stolni aylanib, nozu karashmalar bilan raqsga tushar edi. Stolning ustida har xil ichimliklar, gazak bosdi ovqatlar, tansiq taomlar, yana allaqanday, polvon nomini bilmaydigan ne’matlar... Qizning yuzi oppoq, yonoqlari qirmizi: haqiqatan ham osmondan tushgan parilarga mengzar — qishloqda yashayverib, charchagan bu ikki do‘stga jannat farog‘atidan bir shingil namoyish etgani yerga tushganday edi. Qiz ming turfa noz bilan Xazinachining qarshisida unga jonini fido etmoqchiday, kuy mavjida o‘rtanib to‘xtadi. Qo‘llarining nafis harakatlari bilan ishq o‘tida kuyib ketganini izhor qildi. Bu yonishning yagona sababkori Xazinachi ekanligini ham yashirmadi. Chori «do‘st» deb ko‘ksiga urganicha, cho‘ntagidan uch-to‘rt qizil chervonni olib, qizning yo‘q yoqasidan pastga — ko‘ylak deb atalgan libosni tutib turgan ikki balandlikning o‘rtasiga tiqdi. Hayajonlanib: «Voy, dod!» dedi-da, stoldagi nim yarim konyak shishasidan piyolalarga to‘lg‘azdi.
— Panji! Byr o‘ynaylik, do‘stim! O’zing o‘zingni ovutmasang, bu dunyoyi azobda hech kimning sen bilan ishi yo‘q... Ol! Polvonlarning maishat ko‘rmagani, ol!..
Polvon bir piyola ichimlikni bir tashlashda yutdi. Endi qiz o‘ziga qarab ishva qilayotganini ko‘rdi. Uning oppoq yuzi xatarli tarzda Polvonga yaqin kelgan; kumush yelkalari, raqsga monand so‘lqillab titrayotgan bilaklari yurakning to‘ridan aqlga bo‘ysunmas bir shiddatni qo‘zg‘ab kelar edi.
— Polvon! Puling yo‘qmi!— qichqirdi Xazinachi.
Panjining qo‘lida pul ko‘rinishi bilan qiz chaqqonlik bilan uni ilib ketdi, so‘ng sharaqlab kuldi-da, raqs tushishdan to‘xtab, o‘zini divanga tashladi.
— Aka,— dedi u Polvonga hansiraganicha,— menga ham quying... Uf!..
Polvon nozlanib, erkalanib charchagan bu go‘zal mavjudotdan ko‘zini uzolmasdan piyolaga konyak kuyib uzatdi. Qiz piyolani muntazir etganicha, bee’tibor harakat bilan avval ko‘kraklari orasidagi pulni oldi, qo‘lidagilariga qo‘shib, divanda yotgan bejirim sumkachasiga joyladi, so‘ng vujudiga singib ketgan navozish bilan Polvon qarshisiga keldi-da, piyolaga qo‘l uzatdi va ayni shu paytda unga birinchi bor astoydil nazar tashladi.Uning nazarini qaynoq ishtiyoq bilan tutgan yigitning ko‘zlari nogahon qizda kutilmagan o‘zgarish yuz berganini payqadi. Qizning nigohida avval hayrat, keyin quvonch, so‘ng so‘lish jilvalari tez-tez almashib, behollik ichida qotdi, U piyolani ohista stolga qo‘ydi-da, noxos boshi aylanganday peshonasiga qo‘lini bosdi, to‘satdan shapaloq yegan kabi yuzini sekin harakat bilan siladi, keyin shu ko‘yi gandiraklab divanga cho‘kdi. Betlari hamon kaftlari orasida — qaylardandir uchib kelgan g‘ussa ko‘zlarini to‘ldirgan edi. Polvondan nigohini uzolmas, go‘yo Panjiboy dunyodagi eng hurkak qushu — bir zum nazoratdan chetda qolsa, ulkan gavdasini lopillab ko‘targani-cha, borsa kelmas makonlar sari ochiq derazadan uchib ketadiganday... Qizning qarashi asta-asta o‘zgarib, behol g‘ussa o‘rnini sog‘inchu armon, yillab ko‘rishmagan oshiqlar orasida bo‘ladigan begonaligu betoqatlik egalladi. U sumkachasini ochib, dastro‘mol oldi-da, ko‘zlariga bosdi... Bir fasl jismini nogahon zabt etgan g‘ussasi bilan kurashganicha qoldi.
— Asad aka...—dedi u butun vujudi bilan xo‘rsinib,— uchrashgan joyimizni qarang...
Hech narsa tushunmagan Xazinachi Polvonga qaradi. Bu o‘zgarishdan garangsiragan Polvon lol edi. Qiz esa shaxt ila o‘rnida turdi-da, Chori xazinachining qarshisiga cho‘k tushdi.
— Jon aka!—dedi u yolvorib.— Bola-chaqalaringizni yaxshiligini ko‘ring! Meni Asad akam bilan xoli qoldiring. Sizga... Topib beraman...
Qiz javob kutmay, telefon dastagini oldi-da, g‘ayrat bilan raqam tera ketdi.
— Nafis! Bugun uyingda kim bor? Bo‘shmisan? Yaxshilab quloq sol, jonim... Hozir bir odam boradi. Xavotir olma, sinalgan akalarimizlar... Aytganing bo‘ladi... Ming rahmat, Nafisichka!
So‘ng shu shiddatda bir parchaqog‘ozga nimalarnidir yozdi-da, Chori xazinachiga tutdi.
— Mana shu adresga borasiz... Mening uyimning oldida...
U dovdirab qolgan Xazinachini qo‘ltiqlab oldi-da, eshikkacha boshlab bordi:
— Aka! Kechirasiz endi...
— Ie! Bizni haydaysizmi, parilarning g‘azabkori?—dedi o‘zini o‘nglab olish harakatida Choriboy.
— Iltimos qilyapman, akajon! Nafisa kayfingizni chog‘ qiladi, xavotir olmang!.. Xazinachi do‘stiga ko‘z qisdi:
-— Xudo omadingizni berdi, Polvonlarning baxti chopgani! Polvon hazilga hazil ulay olmadi. Negadir:
— Buniyam olib ket!—dedi qizarib.
Qiz birpasda serharakatligini yo‘qotib, eshikning oldida qotib qoldi.
— Asad aka...— dedi ovozi qaltirab.— Keyin... So‘karsiz... Maylimi?—uning ko‘zlari yana g‘amgusor iltijo bilan boqdi.
— Endi muomilani yaxshilab, suhbati jamshid quraverasiz, polvonlarning mada-niyat ko‘rmagani!—dedi tirjayib Xazinachi. Unga yana a’lo kayfiyat qaytgan edi.— Xayr!— u hamon Polvonga mutelarcha tikilib turgan qizga, so‘ng do‘stiga ko‘z qisdi-da, chiqib ketdi.
O’rtaga sukunat cho‘kdi. Qiz hamon mutelik bilan yigitga qarab turar, xonaning havosi titroqqa to‘lgan, chiroq hayron bir qiyofada ziyo taratar edi. Polvon derazalardan ko‘chalarning shovqini bemalol bostirib kirayotganini ko‘rdi. Bahaybat gavdasi bilan shovqinni hurkitib yurib bordi-da, derazani berkitdi. Televizorning ekrani o‘chgan... «Kim o‘chirdi?» o‘yladi Polvon. U tushunib bo‘lmaydigan bu shaharning allaqanday o‘yiniga qo‘shilib qolganini, atrofida hech qachon u bilan kechmagan qandaydir voqealarning sharpalari paydo bo‘lganini bildi.
— Asad aka! — dedi qiz.— Meni bunday holda uchrataman deb o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak?
Nima deyapti? Qanaqa Asad? Nimaga u bu telba xotinni oldida buzoqqa o‘xshab angrayib turibdi?
— Gap bunday... — g‘ijindi Polvon.— Bu enag‘ar Xazinachi ko‘zdan qolgan. Qaysi ishtoni yo‘qni ko‘rsa, pari deb yopishib oladi... Xo‘sh... Yana sizga aytsam, bizga rahmatlik enamiz Qaynar momo Panji deb ism qo‘yganlar, xudoga shukur...
Qiz pirillab yurib Polvonning yoniga keldi. Ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha, kuyib-pishib yolvorishga tushdi.
— Iltimos, meni xudo qarg‘agani ham yetar... Siz ham... Jon Asad aka! Xohlasangiz, oyoqlaringizga yiqilaman... Meni tanimaslikka haqingiz bor... Ammo bugun urishmang!
Polvon qizning iltijolari yuragiga tegayotganini, kechayotgan voqeaning botin bir kuchi uni o‘z yo‘liga sola boshlaganini sezdi...
— Men... Asadmanmi?.. — dedi u zo‘rg‘a jilmayib.
— Ha! Ha!.. Asad akamsiz! Mening Asad akamsiz! Sog‘inishni bilmagan, yo‘qlashni bilmagan Asad akamsiz!
Qiz endi o‘zini unutib, yonib gapirardi. U gapidan to‘xtab, Polvonning ko‘ziga qayg‘uyu quvonch, umidu hadik bilan qaradi. Keyin ohista yurib keldi-da, Polvonning ko‘ksiga bosh qo‘ydi.
— Asad aka... Asad aka...
Polvon birdan, qiz bu so‘zlarni takrorlarkan, unga o‘z hayotini, azoblarini, sog‘inchlarini, armonlarini, hech qachon ushalmaydigan umidlarini, nogahoniy bu uchrashuvning quvonchlarini so‘zlab berayotganini sezdi va o‘zi ham Asad ekanligiga ishonayotganini payqadi. U qizning ikki yelkasidan tutdi-da, ko‘kragidan ajratdi. Kuldi.
— Xo‘sh, — dedi u qizning ko‘ziga termilib. — Bu, ukag‘ar Xazinachini quvib yubording...
Polvon qizni senlaganidan uyalib, gapini yo‘qotdi. Qiz yana boshini uning yelkasiga qo‘ydi.
— Senlayvering, Asad aka... Men hammasining avvalgiday bo‘lishini xohlayman... Polvon birdan o‘zini erkin his qildi.
— Nima qilamiz endi? — so‘radi u jiddiy, tarzda. — Siz raqsga tushib, men yana qarsak chalamanmi?
Qiz qo‘lchasini «jim» deganday Polvonning og‘zigy qo‘ydi.
— E, ukag‘ardi qizi-ya! — dedi yigit qizni erkalagan b,o‘lib... Qiz xursand bo‘lib, ma’yusgina jilmaydi.
— Eski gaplaringizni yo‘qotmapsiz...
Polvon borgan sayin o‘zining Asad ekaniga ishona borardi. U bu qizni qachonlardir ko‘rganiga, hamsuhbat bo‘lganiga, hatto... yaxshi ko‘rganiga iqror bo‘la boshlagandi...
— Yur, — dedi u kutilmaganda g‘ayrati qo‘zg‘ab, — xonaga qamamay, shahringni bizgayam ko‘rsat. Momag‘ar Chori qochib ketdi. Keyin restoranga kiramiz...
U taniga g‘ayratini sig‘dirolmay, stol ustida turgan yarim shisha konyakni dast ko‘tardi-da, qultillatib yuta ketdi. Bo‘sh shishani negadir divanga irg‘itdi. Boshini tebratib rohat qildy. Qiz tutgan bir bo‘lak mandarinni olmasdan:
— O’zing ye, — dedi mehri iyib.
Shaharni mehnatkash xalq tark etgan, tungi ko‘ngil ochish ishqibozlariyu ajralishdan qo‘rqadiganday, bir-birlarini mahkam ushlab olgan ,oshiqlar; to‘p-to‘p kezingan kechki ta’lim talabalariyu milisalardan bo‘lak hech kim yo‘q. Ular «Inqilob» xiyoboniga eltadigan ko‘chaga yurdilar. Shisha devorlaridan nur oqayotgan «Gullar» do‘konining oldida qiz to‘xtadi.
— Esingizdami? — dedi u, — Menga mana bu do‘kondan gul olib bermaganingiz?..
— Ahmoq bola edim-da, — «eslashga tushdi» Polvon. — O’zbek yigiti qiziga gul bersa, o‘rischa bo‘lib ketadi deb o‘ylardim-da...
— Jinni edingiz...
Birdan Polvon bu so‘zni kimdan eshitganini, kimga gul olib bermaganini eslab, dong qotib qoldi... Tovba! Xudoyo tovba! Axir, bu so‘zlarni... Dilorom aytardi-ku! Axir Diloromga gul olib bermagan edi-ku! Qudratingdan! Bu ne sir?
— Asad aka...
Polvon qizning xotiralar tumanida suzib yurgan ovozidan o‘ziga keldi.
— Asad aka, — derdi qiz olis voqeani xotiralar ichidan tortib chiqarayotganday, — esingizdami, «Don Juan»ga kirganimiz?.. Mana bu teatrga kirganimizni aytayapman... Yarmigacha o‘tirib...
— Ukag‘ar Xazinachi «Don Juan»ni yarmini ko‘rgan odamni ham madaniyatsiz deydi-ya...
Kulishdi. Endi Polvon o‘zining Asad ekanligiga aniq ishongan: bu voqealarni aslida qachonlardir Dilorom bilan boshdan kechirganini his qilib tursa ham, o‘sha hayotni mana bu yelkalari ochiq qiz bilan ham yashaganiga ishonar edi. Ular kechki shaharni sayr qilib. yurarkanlar, har muyulishda, har qadamda o‘zlarini qachonlardir bog‘lab turgan voqealarning izlarini topishar, kulishar, bir-birlariga suykanishar, ixtiyor ketgan mahallari bir-birlarining bag‘irlariga tashlanishar va bu kechaning ortida ayriliq borligini sezishib, yig‘lashar edi. Yo‘q! Polvonning ko‘zidan yosh kelgani yo‘q. Birodarlar, dil degan sabil yoshsiz ham yig‘layveradi...
Ular aylanib yana mehmonxona ostonasiga yetib keldilar.
— Endi bu uchrashuvimizni yuvmasak bo‘lmas, — dedi Polvon, — Qani, boshla! Sening shahring.
Qiz unga mehr to‘la ko‘zlari bilan qarab turardi.
— Yo‘q, — dedi u, — endi xayrlashamiz...
— E... Garang qilma-da endi!.. Bo‘lmasa mehmonxonaga yur...
— Asad aka... Hozir... Xayrlashamiz. Xo‘pmi? — dedi qiz va Polvonning kayfiyati buzilayotganini sezib, erkaladi: — O’zimning Asad akam!..
— Endi... Choy ichmasak, qanday bo‘larkan...
Qiz Polvonga butun vujudini baxsh etib termulganicha, oppoq, jajji qo‘lchalarini cho‘zdi:
— Xayr... Xayr, Asad aka!
U yigitning bahaybat kaftlarida barmoqchalarini biroz ushlab turdi-da, boshini bir tomonga xiyol engashtirib, jilmaydi:
— Xayr...
Qiz Markaziy do‘kon tarafga qarab jo‘nadi. Polvon nima qilarini bilmay, hasrat bilan qarab turardi. Birdan u qizning na telefoni, na adresini olmaganini esladi.
— Dilorom! — deb baqirdi u beixtiyor. Qiz ortiga burilmay, yer osti yo‘liga tushib ketdi...
Polvon bu voqyoaning mohiyatini ham, o‘zining kimligini ham o‘ylashga qurbi yetmay uzoq turdi. U o‘zida katta o‘zgarishlar kechganligini, qishloqdagi Panjidan farqi borligini angladi. Shundan so‘ng beixtiyor restoranga qarab yurdi.
Polovon shovqinli notanish kuydan qulog‘i bitib ovqat yegan bo‘ldi. Ofitsiant zo‘rg‘a topib kelgan yarimtani ikki bo‘lib yutdi. Boshida g‘ira-shira xushbaxtlik sharpalari aylana boshlagach, restoranning sozandalar o‘tirgan tarafiga qarab xayolga toldi. Keyin birdan nimadir esiga tushganday burilib, yoniga qaradi. Deraza tagidagi stolda ikki yigit ikki qiz bilan vaqti chog‘liq qilib o‘tirishardi. Polvon ulardan ko‘zini oldiyu yana sachranib qaradi... O’!.. Ana... Qachonlardir uning bag‘rini xun etgan Dilo-romxon kayf-safo qilyaptilar-ku! Yonidagi kim? Erlarimikin yo o‘ynashchalari? Polvon bosiqlik bilan o‘rnidan turdi. Xotirjamlik bilan stollarni aylanib o‘tdi-da, Diloromlarning qarshisiga borib, qizning ko‘ziga tik qaradi. Dilorom unga bir razm soldi-da, hech narsa ko‘rmaganday suhbatni davom ettirmoqchi bo‘ldi. Ammo shu payt yigitlardan biri Polvonga o‘girildi.
— Bizda ishingiz bormi? — deb so‘radi u, ensasi qotib.
— Senda emas... — Polvonning ko‘zi hamon Diloromda edi.—Mana bu qizchada ishim bor.
— Menda? — ajabsindi Dilorom.
— Ha, senda... Tanimay qoldingmi?
— Nima balo, mastmisiz? Hozir milisa chaqiraman. Diloromning achchig‘i chiqqandi.
Ayolning yonidagi yigit qo‘zg‘aldi.
— Janjal chiqarmoqchimisiz? — dedi u bepisand ohangda, zaharxanda tirjayib.
— O’tir-e! Preslab tashlayman!
Polvon uni yelkasidan bir bosib, joyiga qayta o‘tqazib qo‘ydi. Ikkinchi yigit tavoze bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Aka, men sizni tanib turibman. Chaganaliksiz... Yuring, koridorga chiqib gaplashaylik... — u shunday deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
Polvon «Chagana» so‘zini eshitgach, yana bosiq qadamlar bilan yurib kiyimxona oldiga kelib to‘xtadi.
— Gapir!
Yigit odob qoidalarini zarracha ham buzmay, xush jilmayganicha, Polvonni qo‘ltig‘idan oldi:
— Aka, — dedi muloyimlik bilan, — bir maishat qilgani kelgan edik... Iltimos, endi buzmang... Puligacha to‘lab qo‘yganmiz;.. Siz o‘zimizni suygan Panji polvonimizsiz...
— Sening isming nima? — so‘radi Polvon. Endi u jangovar qiyofasini yo‘qotgan, sulh uchun tayyor alfozda turardi.
— Asad, — dedi yigit shirinsuxan hozirjavoblik bilan.
— Nima?!
Polvon hayqirib yuborganini o‘zi ham sezmadi. Kiyimxona atrofida jimlik cho‘kdi. Hamma tomosha ilinjida ular tarafga o‘girildi.
— Asad... — dedi yigit gunohi nimada ekanligini tushunmay jovdiraganicha. Polvon bir daqiqa yigitga og‘ir qarash qilib turdi-da, burilib restorandan chiqib ketdi.
Polvon uyg‘onganida Xazinachi hali qaytmagan edi. U stol ustidagi ma’dan suvni shishasi bilan oldi-da, kresloga yastanganicha xo‘plab, kecha kechgan voqealarni bir-bir xayolidan o‘tkazdi. So‘ng Chaganani, nihollarini, tabladagi otini, kurashga tushayotgan polvonlarning o‘yin ko‘rsatishlarini, xalqning ishqibozlik gashtida goh tosh qotib, goh guvillashlarini esladi va hozir o‘sha dunyodan naqadar uzoqda ekanligini sezdi. Yuragiga sog‘inch to‘lqini urilib, entikdi. Shunda birdan kechagi voqealarning ma’nosiga yetganday bo‘ldi.
YO qudratingdan! Nima o‘yin ko‘rsatding? Aqldan ozgan Panjiboyga ko‘rim qilding-ku! Nahotki, unga kechadan buyon birovning umrini yashatayotgan bo‘lsang?..
Polvon shishadagi suvdan yana bir ho‘pladi. Ayon! Kechadan buyon birovning umrini yashayotgani ayon!
U narsalarini tez yig‘ishtirib, jomadonga soldi-da, tashqariga chiqdi. Taksi olib avtobekatga bordi. Uzoqqa ketadigan mashinalarning shofyorlari uni darhol o‘rab olishdi.
— Qayoqqa? Chaganaga? E-he... Hech kim bormaydi. Dumaloqqina bir shofyor hazil aralash gap tashladi:
— Ming bersangiz...
Polvon indamasdan «Volga»ning o‘rindig‘iga o‘zini tashladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.