OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Usmon Azim. So‘ngso‘zlar

Bu kitob noilojlikdan yozildi.
Oltmishga kirganimdan keyin, bir kun o‘tirib, faqat men biladigan dunyo borligi haqida o‘ylab qoldim. Axir, bu dunyoni hamma o‘zicha ko‘radi-ku! Mening boshimdan o‘tgan savdolarni ham hech kim men kabi his qilmaydi. Ular bir kunmas bir kun bu dunyodan o‘tsam, men bilan ketaveradimi?
Oqibat, ko‘rganim, his qilganim dunyo va uning jonhalak hamrohi Adabiyot haqidagi o‘ylarim, menga aziz bo‘lgan do‘stu birodarlar, ustozlar haqidagi xotiralarim bu olamda yodgor bo‘lib qolishini juda istadim va, natijada, “” — mana shu tartibsiz sochilib yotgan kitob qog‘ozga tushdi. Kitob rosmana esselardan, mittigina esselardan, parcha-purcha xotiralardan va ikir-chikir o‘y-xayollarning qog‘ozga tushgan matnidan iborat.
Bu kitobdan birgina esse – “Rauf Parfi” “Jannatmakon” jurnalida chop etilgan edi.
“Kitob dunyosi”ga esa o‘zgacharoq parchalar ilindim.
Usmon AZIM,
O‘zbekiston Xalq shoiri
 
O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim o‘zining yangi — “” asari ustida ijod qilmoqda. Ushbu kitob ma’lum ma’noda, umr kitobidir. Adabiyot, she’riyatning sirli olami, ijodkorning turmush tarzi-yu ijodiy yo‘li xususidagi o‘ziga xos iste’dod egasining bu kabi fikrlari o‘quvchida qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. Muhimi, bu kitobdagi har bir voqelik va mulohaza barcha-barchasi SHE’R bilan, ADABIYOT bilan kesishadi. Quyida kitobdan ayrim parchalarni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

* * *

Muxtor Avezovning “Abayning yo‘li” romanini tasodifan qo‘lga olib, to‘g‘ri kelgan joyidan o‘qiy boshladim. Bir-ikki sahifa o‘qigach, ko‘nglim birdan yorishib ketdi. “Mening bilishimcha, ilhomni faqat shodlikdan olmay, elning alam-armonlari va g‘ariblarning hayotidan ham olish kerak, — deb yozadi Abayning tilidan Muxtor Avezov. — She’r agar haqiqat bilan birga tug‘ilsa... olislarga ketadi”.
Bu gaplar adabiyotni qismatim deb biladigan hamma ijodkorlar uchun dasturulamalday tuyuldi menga.

* * *

Mumtoz adiblardan kimdir tushunmagan so‘zini yozgan yozuvchini otish kerakmi-ey, dorga osishga lozimmi-ey – ishqilib, shunga yaqin bir fikrni aytgan.
Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Ammo yozish jarayonida ba’zan shunday hollar bo‘ladiki, dor tagiga borishingni ham, nima deb izohla¬shing¬ni ham bilmaysan.
Mana, “Tazarru bog‘lari” turkumining muqaddimasidagi birinchi she’rni yozayapman. Odatdagiday, xira-shira mavzudan nimadir meni yetaklab ketmoqda. Qaerga boraman, navbatdagi satrda qaerga burilaman, yolg‘iz Ollohga ayon. Faqat yozyapman... “...Yetmoq og‘irlashar – yuraging teran, Unga cho‘kib ketar zirqirab jisming. Gaplasha boshlaysan samovat bilan...” Nimani gaplashaman? Nimani? Nogoh satr paydo bo‘la boshlaydi: “Tilimga keladi og‘ir so‘z...” Bu “og‘ir so‘z” nega keldi? Qaerdan keldi? Nima uchun u “og‘ir so‘z”? Hayajonda tipirchilayotgan ruhim har tarafga o‘zini urib, lahzada paydo bo‘layotgan savollarga munosib javob izlaydi...
...va bir zum o‘tmasdan allaqaydan besharpa uchib kelgan so‘zning shakli miyamga uriladi. Men o‘qib ulguraman: “Bismil”...
Men bu so‘zni hech qachon ishlatmaganman va hatto... nimani anglatishini ham bilmayman. Ammo uning o‘rni ushbu she’rning aynan shu jo¬yida ekanligini negadir aniq his qilaman. Endi to‘rtlik quyidagi ko‘rinish oladi:

 “Yetmoq og‘irlashar – yuraging teran,
Unga cho‘kib ketar zirqirab jisming.
Gaplasha boshlaysan samovat bilan –
Tilingga keladi og‘ir so‘z: “Bismil...”
 
Men ichki sezgim(intuitsiya)ga juda ishonaman. U bu to‘rtlikda xato ko‘rmayapti. Demak, hammasi joyida...
Hozir nima uchun bu so‘zni lug‘atdan qaramaganim esimda yo‘q. Qandaydir bir parishonlik kechgan bo‘lsa kerak. Xullas, bu to‘rtlik o‘rin olgan she’r “Yoshlik” jurnalida chop etildi. Oradan bir-ikki oy o‘tib, Do‘rmondagi ijod bog‘ida Matnazar Abduhakimov bilan uchrashib qoldim. Matnazar chindan hurmat etadigan shoirlarimdan. Quchoq ochib ko‘rishdik.
— Jurnaldagi she’rlaringizni o‘qidim, — dedi Matnazar, kulib. — Juda yoqdi. Ayniqsa, “bismil”ni juda zo‘r qo‘llabsiz. Juda o‘rnida!..
Men do‘stim maqtovining tagi zil emasmaskan, deb talmovsiradim:
— Rostdanmi?
Matnazar yana qandaydir maqtov so‘zlar aytdi.
Ammo endi ichimga g‘ulu tushgan edi.
Xudoyim, sharmanda qilma! “Bismil” degani nima o‘zi? Nimaga ma’nosini bilmagan so‘zimga bunchalar ishondim?
Uyga keliboq lug‘atni qaradim va... Ko‘nglim yorishib, quyoshday charaqlab ketdi! So‘z o‘rniga aniq tushgan, bosh¬qa so‘z qo‘llash mumkin emas edi.
Lug‘atni qayta o‘qidim:
“Bismil – qurbon bo‘lgan, so‘yilgan.”
Men birdan bu so‘z Xudoyimning she’rga betinim intilganim uchun yuborgan mukofoti ekanligini tushundim.

* * *

O‘zing yozgan bir fikrni o‘tgan ulug‘larning kitoblarida uchratmoq negadir yoqimli. Demak, bu dunyoda necha-necha asrlar avval ham sen kabi o‘ylagan, qiynalgan – bu azoblarini qog‘ozga tushirishga harakat qilgan yurakdoshing bor ekan! Qaday yaxshi!
Men o‘ttiz yoshlarimda bir she’r yozganman. U shunday boshlanadi:
 
Moviy havo to‘lqinlarida
O‘ynab uchdim quyoshga tomon.
Ikki ko‘zim ammo zaminda,
Ochman – Yerda don bor, don bor... Don!
 
Qushman!
Ruhning tirik shoniman!
Ammo ochlik – la’nati qiynoq...
Yerda don bor!
Garchi yonida
Ot yolidan eshilgan tuzoq....
 
Mana hozir Mavlono Jaloliddin Rumiyning Jamol Kamol tarjimasidagi “Masnaviyi ma’naviy”ning beshinchi kitobini o‘qiyotib, yetib kelganim bobning so‘zboshisiga ko‘zim tushgach, lolu hayrat ichra qoldim: “... CHUNONCHI HAR BIR TUZOQDA DON BORDIRKIM, TUZOQ YASHIRINDIR. SEN TUZOQDA TURIB, O‘ZGA DONLARNI ORZU ETARSAN. AMMO O‘SHA DONLAR ORTIDA HAM TUZOQLAR BORLIGI XAYOLINGGA HAM KELMAS”...
Bu fikr va yuqoridagi she’riy parcha o‘xshaydi-ya! Demak, Mavlono Rumiy bilan Vaqtning allatovur girdoblarida fikrlarimiz kesishgan, ikkalamiz zamonlar osha bir dardda azoblanganmiz, qariyb mushtarak xulosalar chiqarganmiz...
Hozir shu xayollarda lazzatlanib o‘tiribman.
Rumiyning bu boshso‘zdan keyin keladigan hikoyati benihoya ibratlidir. Haqiqatdan ham donni havas qilib, tuzoqqa tushmoq – yo nodonning, yo ochko‘zning yoxud pastkashning ishidir.
Mening she’rim esa fojealiroq ko‘rindi o‘zimga. Chunki ochlikdan – beilojlikdan — tuzoqqa ilinmoqni xudo o‘zi asrasin! Qancha-qancha qush ruhli odamlarning umri, tirikchilik sabab, bu dunyoga asirlikda o‘tadi. Odamlar bilib-ko‘rib turib, asirlikka boradilar. Bechoralik – bu dunyoning eng ulkan fojeasidir... Qorin (tirikchilik, jism) tashvishlari va ruh urinishlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik – og‘ir musibat. Juda uzun, tinkani quritadigan hasrat.

* * *

Dunyo qayoqqa og‘ayotganini, adabiyot va san’at qay tarzda uni aks ettirishi lozimligini Parvardigor daholar ko‘ngliga soladi. Ular asar yaratishda shunday bir yo‘llardan boradilarki, bu yo‘lning ma’nosini asrlardan keyin chaqiladi.
Barcha daho asarlar kabi “Urush va tinchlik”ning ham siru asrori juda ko‘p. Romanning qurilishi ham zamonasida ko‘rilmagan tarzda: xuddi kinomontajni eslatadi. Parallel tasvirlanayotgan voqealar biri ikkinchisini almashtirib turadi.
Keyinchalik, ovrupadagilar asarni bu tariqa qurishni ilk bor Dos Passos kashf qilgan (“Manxetten”) deb ko‘p yozishdi. Ammo ulug‘ Lev Tolstoy bu tarzda asar yaratgan birinchi adib ekanligi, shubhasiz!
Tavba, “Urush va tinchlik” yozib bo‘lingandan keyin, qarib-qartaygan chog‘ida paydo bo‘lgan “sinema”ning “hunar”i Buyuk Adib xayoliga qaerdan tushdi?
Ehtimol bu avliyo mo‘ysafid olloh sirlarini ochib, ilgarilab borarkan, san’atda nimadir ruy berishini – parvardigorning niyatini! – fahmlab qolgandir?
Axir, u hatto otning nima haqida o‘ylayotganini (“Xolstemer”) sezgan edi-ku!

* * *

Adabiyotda “nogahon” paydo bo‘lgan iste’dod, qalblarida xuddi shunday noyob yuksaklik bor zotlarni behad baxtiyor etadi.
Dostoevskiyning “Oydin tunlari”ni o‘qib, Nekrasov va Belinskiy ana shunday betoqat baxtga sazovor bo‘lgan edilar. Ular hozirgina o‘qib chiqqanlari — yosh adibning qo‘lyozmasi baxshida etgan saodatning betoqat girdobida Piterning izg‘irinli oydin kechasini oralagancha, qaysidir bir tupkanda istiqomat qiladigan muallifni izlab topib, bag‘irlariga bosgan ekanlar.
Men ikki bor shunday iste’dodlarning paydo bo‘lishidan Adabiyotimiz baxtiyor bo‘lganini guvoh bo‘lganman.
Abdulla Oripov va Rauf Parfi daholari Adabiyotimizda porlaganida ham, muxlislar o‘zlarini baxt¬li his qilgan edilar.

* * *

Adashmasam, 1995 yillari Stars¬burg shahridan kelgan o‘zbek adabiyotining bir frantsuz tadqiqotchisi bilan suhbatlashib qoldim. Gap o‘zbek nasri haqida ketdi.
— Bir zo‘r asar bor... — dedi u muallifning ham, kitobning ham nomini eslay olmay. — Juda yaxshi asar...
U qo‘lini osmonga cho‘zib ko‘rsatdi:
— Baland...
 Unga yordam berib, adiblarning nomini sanay boshladim:
— ... Abdulla Qahhor...
Frantsuz quvonib ketdi. Men ham ham behad quvondim.
Gap “O‘tmishdan ertaklar” haqida ekan.
Biz bu qissadagi esse-hikoyalar haqida ancha gaplashdik.
Shunga o‘xshash yana bir voqea.
Bundan yigirma yilcha avval poezdda bir latish yigit bilan suhbatlashib qoldim. Adabiyotga qiziqar ekan. U yoshligida bir o‘zbek muallifining asarini o‘qiganini, bu kitob juda qiziq ekanligidan gapirib qoldi. Ammo na yozuvchining, na kitob qahramonining ismini eslay olmadi. Men yozuvchilarimizni ismu sharifini bir-bir sanay boshladim. U “yo‘q” deganday bosh chay¬qar, men esa navbatdagi yozuvchini ismini ovoz chiqarib aytardim.
— ... Xudoyberdi To‘xtaboev... — dedim nihoyat.
— Vo! Vo!.. Xuddi o‘zi! — dedi latish quvonib. — Zo‘r yozuvchi ekan!
U shu zahotiyoq Xudoyberdi akaning qahramoni ismini ham topdi:
— Xashimdjan! — dedi battar quvonib.
— Hoshimjon! — dedim men ham xursand bo‘lib va darhol kitobning nomi ham yodimga tushdi: — “Sariq devni minib”!...
Kasbining adabiyotga aloqasi yo‘q bir latish bu kitobni eslaganidan ko‘nglim tog‘day o‘sdi. Bu kitob orqali o‘zbeklarni ham ozmi-ko‘pmi bilganidan g‘ururga to‘ldim. Jonkuyar, bolalar adabiyoti uchun kuyib-pishib yuradigan Xudoyberdi aka uchun xursand bo‘ldim. O‘smir bolalarim bu kitobni talashib-tortishib, hayajonlanib o‘qishganini esladim.
Adabiyotda o‘zimizdan boshqalar ham o‘qiydigan kitoblar bo‘lgani qanday yaxshi!
Ha, latish yigit bilan suhbatdan paydo bo‘lgan mulohazalarni o‘sha paytda do‘stlarga gapirib yurganim esimda: “Biz g‘arb bolalar adabiyoti klassiklarini asarlarini o‘qiganmiz va ularni mumtoz asarlar sifatida qabul qilamiz. Bizda ham shunday asarlar bor. Masalan, Xudoyberdi To‘xtaboev asarlari...”.
Xudoyberdi To‘xtaboevning bolalar uchun yozgan kitoblarining saviyasi juda baland.

* * *

Pasternak Andrey Voznesenskiyga ijodkor o‘z o‘limini karomat qilmaslik kerakligini, shunday karomatlar tufayli adabiyotda qanchadan-qancha ijodkorlar ajalidan avval halok bo‘lganlarini aytib, yosh shoirga zinhor-bazinhor baxtsiz o‘tmishdoshlarining xatosini takrorlamasligini tayinlaydi.
Bir yaxshi shoir ukamiz bu gapni ulug‘ haqiqat sifatida adabiyotimizda tarqatgandan keyin, bizda hech kim o‘lim haqida yozmaydigan bo‘ldi. Axir, qanday qilib yozsin, o‘lib-netib qolishsa, nima bo‘ladi! Bu odamlarning joni shirinligini...
Sharq adabiyotida – dunyoga musulmoncha qarashda esa hayot va o‘lim doim yonma-yon kelgan. Menimcha ham, dunyoni chuqur anglash uchun hayotni qanchalar tadqiq etilsa, o‘lim haqida shu barobar o‘ylamoq zarur. Chunki o‘lim dunyoni muvozanatda ushlab turuvchi eng sirli haqiqatdir.
Xitoyga borganimda, bizni qandaydir (hozir qandayligi esimda yo‘q) bir muzeyga olib borishdi.
U yerda yettida cholning suratlari osilgan ekan.
Men ularning kimligini surishtirim.
— O! Ular daho odamlar!
Xitoyning katta rassomlaridan Gao Man va tarjimon Lyu biri qo‘yib, biri tushintira ketishdi:
— Ular daholarning ham buyugi!..
Xitoylik do‘stlarning aytishlaricha, bu yetti daho chol mangu barhayotlikning asrorini topishgan ekan.
Men bu ma’lumotdan keyin o‘z-o‘zidan tilga keladigan mantiqni shartta aytdim:
— O‘lib ketishibdi-ku!..
— Shuning uchun ham ular buyuk-da!
Bu javobning mag‘zini chaqqach, ko‘nglim yorishib ketdi. Bu yetti cholning haqiqatdan yashaganiga, mangu barhayotlikning asrorini haqiqatdan ham topganliklariga, bu ulug‘vor sir-asrorning egalari bo‘la turib, o‘limni afzal bilganlariga chindan ishondim va... negadir behad quvondim.
O, bu xitoyi chollar qanday aqlli! Qanday mard!
O‘lmaslikning iloji borligini bila turib, o‘lishni ma’qul ko‘rishgan!
Ehtimol bu donishmandlar hozirgacha tirik yashaganlarida, insoniyatning og‘rini yengil qiluvchi nimalarnidir ixtiro etgan bo‘lishardi. Ammo, deylik, Neron, Gitler, Stalin mudom tiriklik maqomini olganlarida-chi? Insoniyatning ahvoli ne ko‘yga tushardi? Tirnoqday manfaatlari uchun dunyoni yondirishga tayyor yana qancha odamchalar ko‘z oldimdan o‘tdi.
Bu dunyoni Olloh juda nozik muvozanatda yaratgan. Yaratilmishning sarvari bo‘lgan inson hayotning zavqini surar ekan, mana shu muvozanatni qalbida teng ushlashi uchun o‘limni ham eslab turmog‘i shart.
Hech bo‘lmasa, Bahovuddin Naqsh¬bandday Balogardon hazratlari ayt¬gan bu tarzda:

Hech narsamiz yo‘g‘u hech kamimiz yo‘q,
Hechimiz yo‘qlikdan hech g‘amimiz yo‘q.
Jandamiz yelkada, yelkada — go‘riston,
Gar o‘lar ersak, hech motamimiz yo‘q.

 * * *

Asarlaridagi bag‘ishlovlarga qarab, yozuvchiyu shoirlarning shaxsi haqida bemalol xulosa chiqarsa bo‘ladi. Kim butun odam, kim xushomadgo‘y, kim yaltoqi, kim tilanchi, kimning or-nomusi bor...
Hech kimga asarlarini bag‘ishlamaganlar ham bor. Ularning ko‘pchiligi ich-ichidan o‘zlarini tanho o‘ylaydilar. Yoxud yaxshi ko‘rgan do‘stlari yo‘q yolg‘iz odamlardir.

 * * *

Bizda tushunilishi qiyin deb e’lon qilingan Joysning “Uliss”ini Tomas Vulf o‘qish uchun o‘smirlarga tavsiya etadi.

* * *

Ilgari erkaklarning ham allasi bo‘lardi. Eslayman: chordona qurib o‘tirgan qariyalar junjikkan nevarasini keng to‘nining bag‘riga olgancha, tebranib alla – “hu-yo, hu” aytadi.

Bobosining erkasi,
Bu dunyoning serkasi.
Poshsho bo‘lsin shu bolam –
El-yurtini tergasin.
Hu-yo, hu-yo,
hu-yo, hu!
Hu-yo, hu!

“Hu-yo, hu”ning ma’nosini hech kimdan so‘ramaganman. Hech kim aytmagan ham. Ehtimol o‘sha qariyalar ham ota-bobosidan qolgan ohangu so‘zni o‘ylab o‘tirmay, aytib yuborishavergandir. Yoki ertagu xalq dostonlarida “Yo, hu!” deb savashga kirib ketibdi!”, yoxud “Yo, hu” deb yo‘lning tanobini tortib jo‘nabdi” qabilidagi gaplarni ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Ammo bu lafzning ma’nosini ham chaqib ko‘rmasdan o‘tib ketganmiz.
Bu jumlaning ma’nosi esa juda teran va uzun. U so‘fiylar, darveshlar zikr tushganda, aytadigan nashu na’moning naqorati – parvardigori olamga murojaatidir. “Hu” arabiydan o‘zbekchaga ag‘darilsa, “U” degan olmoshni bildiradi. Demak, “hu-yo, hu” “U, faqat U”, ya’ni “Olloh, faqat Olloh” degan ma’noni beradi. So‘fiylikning ba’zi (masalan, Jaloliddin Rumiy) tariqatlarida raqsu samo amali bor. Raqsu samoda, bu jumla – “yo, hu!” – ko‘ngilni jo‘sh urdirib, ilohiy nurga qorishtirayotgan holning ritmini belgilaydi; takror-takror buralib, raqsu ohang aro ko‘kka o‘rlayotgan ruhga undov – madad beradi! Silkitib-silkitib, mudroqlikdan uyg‘ota-uyg‘ota falakka – yaratgan sari boshlaydi. Bu dunyoda Undan boshqa narsaga intilmoqlik bekor ekanligini ta’kidlaydi – “Hu, yo, hu!” – “U, faqat u”!
Bolalikda eshitganim o‘sha bobolar allasidagi “Hu-yo, hu” ham nevaralarga aytilgan tilaklarni Ollohga yo‘llash – “Sen! Bu niyatlarni bor etadigan faqat sen!“ degani; “Yo, hu”, deb doston qahramonining yo‘lga tushgani esa, “Yo rab! Sen, faqat sen – panohimsan!” deb, Ollohni madadga chaqirganidir.
Farzandlarga ham “faqat U – Parvardigor bor – qo‘rqma!” deb ruhu qalbiga quyilgandir.
Bundan qirq yillar avval boysunlik san’atkorlar qadimgi – hozir butun O‘zbekiston biladigan – “Yaqqu yaq” – “Yaqqu-ya” degan bir qo‘shiqni, raqsi bilan qayta tiklab, ijro etishganini hamma biladi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida yoshi kattaroq san’atkorlar shunday bir “o‘yin-ashula” borligini eslashdi – elas-elas xotirada qolgan bu ohang qayta tirilgach, butun o‘zbekiya bo‘ylab yoyildi. – “Yaqqu-ya”ning ma’nosini so‘rashganda esa, har kim bilganicha, javob berishga urindi. Kimdir: “Bu jangovar qo‘shiq – “Yaqqu-ya” ma’nosi “Yov quv-a!” ham deb yubordi. Aslida esa bu qo‘shiq o‘sha “yo, Hu,yo!, yo, Hu, yo!” ya’ni, “U, faqat U”ning – “Yo, xudo-ya!”ning o‘zginasidir. Ammo xotirasizlik zamonida so‘fiylarning bu raqsu samosi kimningdir qulog‘iga (xayriyat!) “Yaqu-ya” taxlit qolib ketgan. Darhol yangicha so‘z yozilgan, allaqaydan darveshona shiddatli mastona kuy oqib kelgan. Bu raqsu samoning ijro shakli ham san’atkorlarlarning ko‘ngliga xuddi xudo solganday – o‘sha qadimgi zikr tushish tartibida kechgan. To‘yu tomoshalarda endigina ijro etila boshlagan-da, “yaqqu”chilar jo‘rlikda ashula aytgan ko‘yi, egilib, bukilib o‘ynayotgan raqqosni o‘rab olishar; g‘ayrat ila jo‘rqarsak urishib, yarim raqs tushgancha, jazava maqomida dunyoni shiddatga to‘ldirishardi.
Men “yaqqu-ya”ni Ahad aka degan san’atkorday ijro etgan odamni ko‘rmaganman. Aytishlaricha, uning otasi ham to‘yu davralarni qizdiradigan sarkor va raqqos bo‘lgan ekan. Ahad aka nihoyatda chapdastlik bilan raqsga tushar, uning shiddatga to‘lgan a’zoyi badani tasavvur etib bo‘lmaydigan darajada g‘aroyib mardona harakatlar bilan to‘lib-toshgan bo‘lardi. Avval tik turib raqsni boshlagan raqqos “Yaqu-ya”ning hayqiriqlari ostida go‘yo o‘zini unitib borar; ikki tizzasida cho‘kkallab – qaddini goh yerga tashlab, goh ilkis ko‘tarib – ajib bir to‘lg‘onishda davraga olov yoqardi. Ahad aka, albatta, “yaqu-ya”ning ma’nosini bilmagan. Ammo, nazarimda, bu so‘zdagi o‘zini (“ehtimol, bilib turib” degim keldi) pinhonlikka cho‘ktirgan ma’noga raqqosning ruhi yetib borgan va uning vujudi shu asnoda ajdodlarni yoqqan o‘sha qadim ilohiy jazavada alangalagan. Bu davra olib raqsga tushish, o‘zini unutib to‘lg‘onayotgan raqqos – hammasi qachonlardir bu joylarda gurkiragan raqsu samoni o‘zi ekanligini endi-endi tasavvur qilaman. Go‘yo Boysunning havosidami, tuproqdami, tog‘u dashtlaridami omon qolgan olis xotira – bor-yo‘g‘idan kechib, Ollohga intilish – o‘zini negadir bu san’atkorlarning yuragiga tashlaganday...
Hu-yo,Hu! – U, faqat U!
Yo, Hu! – Faqat U! – Parvardigor!
Yo, Hu-ya ! Yo, hu-ya! – Faqat U! U!
Ha, aytganday, onalarimizning allasida ham farzandiga baxtu iqbol tilash bor. Allada ham Ollohning nomi yashirin. Buni ko‘pchilik biladi. Ona farzandiga ezguliklar tilab qo‘shiq aytadi-da, Parvardigorga munojot etadi:
Alla-yo, alla! – Olloh! Yo, Olloh!
Xudoyim! So‘zlaringda qancha sir yashirin! Har birini topganim sa¬yin senga yaqin borganday tuyulaveraman.
Surxondaryoning deyarli butun o‘zbek qavmi gapiradigan, ota-bobolarimdan, momolarimdan eshitganim yana bir so‘zning ma’nosini yaqinda tushundim.Mehmon kelib, tezroq turishga otlansa, bobom:
— Ollag‘aytib kelibsiz, endi shoshmang, — der edilar, izzat-hurmat ko‘rsatishga hozirlanib.
— Mehmon allag‘aytib kelibdi, — der edi momom, mehmondorchilik uchun qo‘radagi qo‘ylardan so‘qimga qo‘y tanlayotgan o‘g‘illariga, — dadilrog‘ini so‘yinglar.
Bu so‘zni “Arpali qishlog‘ida” hikoya¬sida Shukur Xolmirzaev ham ishlatgan. Men mana shu so‘zni – “allag‘aytib”ni – hozirgacha “bir kelib qolibdi” ma’nosida tushunib yurgan ekanman. Bir necha oy avval bu so‘z negadir esimga tushdi. Uni bir necha bor, xuddi ta’mini bilgim kelganday takrorlab ko‘rdim va... birdan uning ma’nosini tushundim. Anglaganim ma’noning go‘zalligidan va teranligidan yuragim hapqirib ketdi. Qichqirishdan o‘zimni arang tiyib qoldim. Chunki “mehmon, allag‘aytib kelibsiz” – “mehmon, Olloh aytib, kelibsiz” degani edi. Ha, xuddi shunday! O‘zingiz kelmagansiz, sizni Olloh chaqirib kelgan! O‘rtada Olloh bor! Siz aziz mehmonimizsiz!
Allag‘aytib – Olloh aytib...
Faqat bor-yo‘g‘ini mehmonga baxsh eta oladigan xalqqagina bunday chiroyli va mardona lafzlar nasib etadi..

* * *

— Endi adabiyot nima bo‘ladi?
Bu savol adabiy jarayonda vaqti-vaqti bilan takrorlanib turadi.
G‘afur G‘ulom, Oybek, Shayxzoda va Abdulla Qahhor oldinma-keyin vafot etdi.
Men adabiy davralarning bir chetida o‘tirib bir xavotirli savol qayta-qayta aytilganiga guvoh bo‘lganman:
– Endi Adabiyot nima bo‘ladi?
To‘qsoninchi yillar o‘zgarib ketayotgan dunyomizga qarab, allaqanday joni achigancha – yuqoridagi savolning yuzidan pardasini yulib tashlagan tariqa, kimlardandir Shukur Xolmirzaev qattiq so‘ragan edi:
– Adabiyot o‘ladimi?
Men dunyoga kelmasdan avval ham shunday savollar berilgan bo‘lsa kerak. Yigirmanchi asrning boshlarini tasavvur qiling: o‘zbek she’riyati aruzdan kechib, ona ohangimiz bilan lim to‘lgan barmoq vazniga ko‘chayotganda, “qadim”chilarning ko‘nglidan qanday tahlikalar o‘tmagan deysiz!
— Bu nimasi?.. Endi Adabiyotning holi ne kechadi?
Hozir ham shunga o‘xshash savollar berilyapti. Chunki zamon o‘zgarmoqda. Vaqt tezlashgan. Odamlar, voqealar, kashfiyotlar — yoningdan milt etib o‘tib ketyapti. Go‘yo ko‘ngil o‘rnini axborot egallayotganday. Suhbatdoshning vazifasini esa internet bosayotganday... Odamlar vahimada.
Men esa hozir xavotirga tushmay qo‘ydim. Chunki internetdan xotinlarning gurungi sifatida ham foydalansa bo‘ladi; ammo deylik, Tols¬toy yozganlari bilan ham suhbatlashish mumkin... Hamma vaqt shunday bo‘lgan: kimdir ulfatlari bilan choyxonada o‘tirgan ko‘yi (“ijtimoiy set” deyavering) oldi-qochdidan gap sotib o‘tkazgan, kimdir Navoiyni o‘qib... Internetdan ham hamma istaganini topadi. Bo‘yiga yarasha, o‘yiga yarasha...
Adabiyotning taqdirini esa faqat va faqat iste’dodlar hal qilgan.
Parvardigorning inoyati bilan ular bu dunyoga nimanidir aytgani kelib turar ekan, adabiyot hech qachon o‘lmaydi. Adabiyotning yaralish jarayonining mohiyatida ilohiylik bor. Agar bu dunyoga adabiyot kerak bo‘lmasa, Tangri taolo adabiyotni iste’dodlardan marhum qiladi. Tamom-vassalom! Bu hol yuzaga kelmayotgan ekan, xavotirga tushishning hojati yo‘q.
Adabiyot — Ollohning umrboqiy mo‘‘jizalaridan! U yo‘qolsa, san’atning (demak, yaralmishning) nozik bir muvozanati buziladikim, bu hol butun dunyo bardavomligini yo‘qqa chiqaradi.
Insoniyat qandaydir bir sababga ko‘ra Parvardigorga kerak bo‘lmay qolgandagina, uni adabiyotdan marhum qiladi. Xullas, Adabiyot o‘lmaydi. Iste’dod yog‘dusiga cho‘lg‘onib tursa, o‘lmaydi.

* * *
Kecha boshqotirmani yechayotsam, shunday bir jumla paydo bo‘ldi: “Haqiqat xoslarning emas, mardlarning yo‘lidir”. Bu fikr kimga tegishli ekanligini bilmadim. Ammo juda yoqdi. Lazzatlandim.
Siz ham lazzatlaning, deb yozib qo‘yyapman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.