OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un. Alamzadalar (hikoya)

Kechaning oltin chechaklari og‘ochlar orasidan nur sepadi. Tarqalib ketgan keng shoxlar yerlarga ola ko‘lanka tashlagan. Bog‘chaning o‘rtaligidagi gulzor, elektr shu’lasi ostida ajib bir ko‘rinish kasb etgan, mayin yelning qanotiga urilib, tiniq ko‘lning yumshoq mavjlari kabi chayqaladi. Qilli muzikaning yoqimli va jozibador ohanglari toliqqan asablarga rohat bag‘ishlab o‘ynamoqda. Kechaning qo‘yni orom berib allalaganday...
Bog‘ning bir chekkasida ovqatxona, yana bir chekkasiga kino joylashgan. Biz kinoning birinchi seansidan chiqqach, ovqatxonaga keldik. O‘rtog‘im u yoq-bu yoqqa qarab ko‘rdi-da, bir chekkani ko‘rsatdi.
— Yur, hu anovi yerga borib o‘tiramiz.
— U yer juda chet, qorong‘i-ku?
— Yo‘q, yaxshi, tinch, juda ham qorong‘i emas. Qara, juda ko‘rinishlik.
Borib stullarga o‘tirdik. Mahmud xizmatchini chaqirdi.
Kimlardir ovqat yemoqda, kimlardir quruq pivo ichib, suhbat qilishar edi.
Qizargan yuzlar va qisilgan ko‘zlar bir-birlariga so‘z ma’qullamoqda...
— Kecha komsomol majlisi bo‘ldimi? Zarur ishim chiqib qolib, borolmay qoldim.
— Yo‘q, dokladchi kelmagani uchun majlis qoldirildi,— dedi Mahmud va so‘zida davom etdi.— Kecha Firqa tozalashiga bormading, juda qiziq o‘tdi. Hoshimning toza rasvosini chiqardik, butun sirlari ochildi...
— Ha, ha!.. E, attang, bormaganim chakki bo‘libdi-da. Juda qiziq bo‘lgandir-a?
— Qiziq ham gapmi, uning qilgan ishlari ajoyib bir roman!..
— Bunga men aslo rozi emasman! Meni nohaq chiqardilar!.. Muttahamlar!..
— Shish... Sekinroq so‘zlang, sekinroq!..
Bu so‘zlar kelgan tomonga ikkalamiz ham baravar yalt etib qaradik.
Semiz, sermo‘ylov kishi so‘zida davom etdi:
— Men... men nima? Ular kim yaxshi, kim yomon bilmaydilar. Men nima?! Men o‘n to‘qqizinchi yildan beri partiya safida turib, hech kimga yomonlik qilgan emasman!..
Oq kanoppazdan uzun kamzul kiygan, ko‘kragiga yaqinroq qilib eski, kichkina shoyi belbog‘ bog‘lagan, patak soqol, o‘rta yashar yana birovi atrofga ziyrak-ziyrak nazar tashlab qo‘yadi va semizni sekinroq gapirtirishga urinadi.
Oriq, soch-soqollari o‘sib ketgan, devonasifat, eski kostyumli, 27—28 yoshlar chamasida bo‘lgan uchinchisi, qovoq ostiga chuqur kirib o‘rnashgan, xayolchan ko‘zlarini tikkan nuqtasidan uzmay, tinch va jim tinglardi, faqat krujkadagi tiniq, sarg‘ish narsani tez-tez shimirib qo‘yardi.
Bir ozdan so‘ng ikkalamiz sekingina bir-birimizga qaradik. Mahmud «ko‘rdingmi?» degan mazmunda boshi bilan ishora qilib qo‘ydi.
Semiz ancha qizib qolgan edi.
— Bilaman! Ular yetol talashadilar! Mendek bir haqiqiy xizmatchini ularning ko‘zi ko‘rolmaydi. Bo‘lmasa aytingchi, Abdusattor aka, mening birovga zararim tekkanmi?!
— Haqiqat, haqiqat,— dedi Abdusattor aka degani va devonasifat yigitga qarab so‘zida davom etdi: — Sultonboev to‘g‘ri aytadi. Hech kimning mushugini pisht degan emas, ha! Kim bo‘lsa ham, xo‘sh, qo‘lidan kelgan odamgarchiligini ayagan emas. Hali ham shunday! Ha!.. Masalan, axir, o‘zimizning ishimiz bir oz, ya’ni, chatoq «bo‘lib qolganda, xudo xayr bersin, ko‘p yordamlari tekkan. Masalan, yigirmanchi yillar bo‘lsa kerak, mollarni u yoq-bu yoqqa o‘tkazishmas edi... Chunonchi, bir kun shaharga kirish oldidan agentlar, xo‘sh, mollarimizni tutib qoldi. U mahalda Rustamboy akam ijroqo‘m edilar, kelib sekin quloqlariga shipshitgan edik, xudo xayr bersin, o‘elari, xo‘sh, to‘g‘rilab berganlar... Eha, bunaqa yaxshiliklardan bir qanchasini qildilaru, lekin, biz, ya’ni, hech birini qaytara olmadik...
Rustam qo‘liga olgan krujkasini bo‘shatgach, dedi:
— Ha... u vaqtlar o‘tib ketdi... Qani o‘sha vaqtlar qaytib kelsa, istaganingni yer, ichar va nimani xohlasang qilar eding. Birov «g‘ing» demasdi. Endi-chi? Ha, butunlay boshqa! Bir oz noto‘g‘ri ish qilgundek bo‘lsang, darrov bilib olib, boplaydilar. Keyingi vaqtlarda apparatni sog‘lomlashtiramiz degan masala chiqib qolib, bizga o‘xshagan ko‘p mas’ul ishchilarning chetga chiqib qolishiga sababchi bo‘ldi. Hozir raykomda, ijroko‘mda, hatto qishloq sho‘rolarida ham pastdan ko‘tarilganlar... Ular, na odamgarchilikni biladilar va na muomalani. Tanqid deb, qittay aybing bo‘lsa ham ayamaydilar...
— He, esizgina, u vaqtlar o‘tib ketdi. Yigit jim, hamon ularni tinglamoqda. Abdusattor eski vaqtlarni eslab so‘zga kirishdi:
— Rahmatlik otangiz bilan bizning padarimiz juda qadrdon edilar. Otangiz shaharga — do‘konlariga tushganlarida, bizning hovliga juda ko‘p kelardilar. Inchunun, biz ham sizlarning qishloqlaringizga ko‘p borar edik. Shu, men sizga aytsam, Rustamboy aka, Sultonboy akamning xuddi o‘zginasiz-a. Rahmatlik eshikdagi xizmatkor, dalasidagi chorakorlarga, xo‘sh, bir og‘iz bo‘lsa ham yomon gap gapirmas edi-da!..
Ular bizdan uncha uzoq bo‘lmasa ham so‘zlari zo‘rg‘a eshitilar edi. Pastroq tovushda, lekin joni-jahdi bilan so‘zlashar, pakana, sershox sada bizni ularning ko‘zidan yashirar edi.
Mahmud menga qarab sekin kulgach, quloqlarini «ding» qilib, diqqat bilan ularning so‘zini yana tinglamoqqa kirishdi.
Yigit vaqtning o‘tgani bilan ishi yo‘q, atrofda yuz bermoqda bo‘lgan hodisalardan xabarsiz, bir haykal kabi ko‘rinar edi.
— Sultonboev!— Abdusattor maroqlanib so‘zlamoqqa boshladi.— Yigirma ikki, yigirma uchinchi yillari xo‘p yaxshi edi-ya? Savdomiz taraq, hukumat idoralarida o‘tirganlarning bir qanchasi sizga o‘xshagan og‘aynilar edi. Chunonchi, Sa’dullaboev, ya’ni, Sa’dulla boyvachchaning o‘g‘li, esingizdami? Ho‘ ijroqo‘mning, chunonchi, sekretari bo‘lib ishlardi, keyin firqadan chiqib ketdi-ku?
Sultonboev bosh silkib, tasdiq qildi.
— U ham hukumat idorasida ishlar edi, ham ukasi orqali savdogarchilik qilar edi...
Semiz nimanidir eslagandek bo‘ldi va yo‘g‘on gavdasi zavqqa to‘lib ketdi. Qisilgan ko‘zlari kulgidan yana battarroq qisildi, lablari yoyilib, qip-qizil, qontalash va sersoqol yonoqlari shishib chiqdi. Semiz, yumaloq qo‘llari bilan krujkaning dastasidan ushlab, shishaga ura boshladi. Xizmatchini qarshisida ko‘rgach:
— Yana yarim dyujna pivo!— dedi-da, so‘zida davom etdi:—Ammo, to‘g‘ri, u vaqtlarda, siz aytgandek, tegishli joylarda o‘zimiznikilar edi... Har kun bazm... ichkilik... kayfu safo... jononlar... Oh, esiz, u zamonlar o‘tib ketdi.
Boyadan beri tek o‘tirgan majnunsifat yigit uzoq va chuqur bir nafas oldi. Uning lablari sekin qimirlay boshladi:
— Shunday, moziy o‘tib ketdi... Uning etaklariga tarmashib bo‘lmaydi endi...
U yana tindi va qaltiroq qo‘llari krujkaga tarmashdi. Krujkani bir sipqarishda bo‘shatib, stolga qo‘yar ekan, so‘zida asabiy davom etdi:
— O‘tib ketdi!.. O‘tib ketdi!.. Hayotning bahori, lolazori o‘tib ketdi!.. U, millat!.. Millatning holi... he...
U qattiq asabiylashdi, ko‘zlarida yosh ko‘rindi. Abdusattor esa nimalarnidir o‘ylab, ko‘zlarini tez-tez ochib-yumib o‘tirardi.
Rustam bo‘shagan krujkalarga pivo quyar ekan:
— Xafa bo‘lmang, Qurbon afandim,— dedi.
— Yo‘q, men juda asabi mustahkam odam edim. Axir, ilgari jamiyatimiz yaxshi ekanligida, naqadar mahkam odam ekanligim sizlarga ham ma’lum-ku? Faqat turmushning vahshiy to‘lqinlari, zaharli tirnoqlari po‘latdek, tanlarni mo‘mga, olovli yuraklarni qonga aylantirar ekan, na chora?! Men endi avvalgi quvnoq Qurbon emasman! Yo‘q, men endi asablari buzilgan, ko‘kraklari chirigan, jafoli, yurak-bag‘ri ezilgan, hayotdan begona bir shaxsman... Vatan uchun qurbon bo‘lgan Qurbonman! Alamli bir shoirman!..
U jiddiy va shikoyatli so‘zlardi. Bir ozdan so‘ng, hayajonini picha bosib, muloyim ovoz bilan ilova qildi:
— Turkiyadan bekor kelgan ekanman, vatanimning bu ayanchli holini ko‘rmasdim... kuymasdim...
— Unaqangi umidsiz bo‘lmang. Ehtimol, zamon yana bir aylanaru eski qolipiga tushib qolar,— dedi Abdusattor. So‘ng, har kallada bir xayol degandek, o‘ylab yurgan orzularini ayta boshladi: — Ha, o‘sha vaqtlar xuddi tushga o‘xshaydi-ya... Savdolar taraq, yurt o‘rtasida obro‘ katta. Tavba... So‘nggi umid bosmachilardan edi. Yo‘q, u ham bo‘lmadi...
— Yo‘q! — dedi yigit, olovlangan ko‘zlari bilan.— Mamlakatni idora qilish oson emas! Ilm, ma’rifat kerak! Savodsiz, omiy yalangoyoqlar hech qachon, hech qaerda mamlakatni idora qilgan emaslar!.. Tarixda ko‘rilgan ish emas bu!
— Kim biladi. Ishqilib, kambag‘allar, bo‘sh kelmaydiganga o‘xshaydilar. Kundan kunga mustahkam bo‘lib bormoqdalar. Xususan, xususiy savdoni siqib chiqaryaptilar. Ya’ni...
— Nodon!—dedi Qurbon, Abdusattorning so‘zini bo‘lib.— Millatimizning shu ahvolga tushishiga ham sizdek nodonlar sababchi! Bu, yaralangan yurakka tasalli berganingizmi?! O‘rtangan ko‘ngilga olov qo‘yish, xolos!
Qurbon yana asabiylashdi, xafa bo‘ldi, yana ko‘zlarida yosh tomchilari paydo bo‘ldi.
Abdusattor bu so‘zlardan g‘oyatda qattiq ta’sirlandi shekilli, boshini tubanga solib, kipriklarini pirillatib, xomush bo‘lib qoldi. Qurbonning koyishi Abdusattorni juda ezib qo‘ydi.
Qurbon nafasini rostlab olgach, yana so‘zga kirishdi:
— Har narsani payqab, orqa-oldiga qarab gapirmoq lozim. Mening ko‘nglim yarimta bo‘lib qolgan. Uncha-muncha qattiq tegadigan gaplarni ko‘tara olmayman, Abdusattor aka!.. Siz bunga xafa bo‘lmang. Do‘st achitib aytadi, dushman kuldirib.
— Yo‘q, Qurbon afandim, undoq emas... Xo‘sh, men... chunonchi, gapning sirasini aytdim...
— Sirasini ham aslo aytmang!
Rustam, nima uchundir, o‘zidan o‘zi bezovtalandi. Mushtlarini tugib, o‘tirgan yerida tebranib-tebranib qo‘ydi.
— Bo‘lmaydi!.. Shunday qola berish yaramaydi!
— Nimaga endi shuncha diqqatingiz oshmasa!..
— E, siz tushunmaysiz!
— «Dushmanning sirtida bo‘lguncha, ichida bo‘l!» deganlar,— dedi Qurbon.— Rustamboyning firqadan chiqib ketishi yaxshi emas, firqada qolishi kerak. O‘z kishilarimiz orasida ancha e’tibori bor, millat yo‘lida xizmat ko‘rsatib kelayotgan odam!..
Abdusattor ham bir narsani tushunganday bo‘ldi va o‘ziga tikilib turgan semiz yuzlardagi xunuk ko‘zlarga qaradi.
— To‘g‘ri, firqadan chiqib qolishingiz yaxshi emas, albatta. Xo‘sh, chunonchi, bu ish qanday sodir bo‘ldi?
— E, bir falokat bosib qoldi. Yo‘q esa bunchalik bo‘lmas edi. Hamma ishni qo‘zg‘agan Turdimatning o‘g‘li Boymat bo‘ldi... Bizning hamqishlog‘imiz, siz taniysiz.
— Xo‘sh?
— Tozalash vaqtida eski masalalarni qo‘zg‘adi.
— Eshitaylik-chi?
— Ha, ularning hovlisi bizning mahallada edi. Otasi bir vaqtlar bizning yerimizda chorakor bo‘lib ishlagan. Ocharchilik yillari, ota-onasi o‘lgach, u it emgan, biznikida xizmatchi bo‘lib qolgan edi. Keyin, bir oy o‘tmasdanoq, orada janjal chiqib, ko‘chaga haydab yuborgan edik...
— Qanday janjal?
— Qanday janjal?— Rustam savolni qaytargach, bir oz o‘ylanib qoldi. So‘ng, yana so‘zga kirishdi:— Xayr, aytsam aytib beray.—U qo‘liga olgan pivoni ichdi. yo‘g‘on barmoqlari bilan mo‘ylovlarini silar ekan, so‘zida davom etdi:—Uning bittayu bitta o‘rta qo‘lday, o‘n olti yashar singlisi bor edi. Uni Gulasal, der edilar. Shu, oy desa oy, kun desa kun edi. O‘shani, ikki xotin ustiga bo‘lsa ham, olmoqchi bo‘ldim. Lekin, tagi pastni nima qilasan, deb, otam rozilik bermadi. Ammo, shunday bir nozaninni qo‘ldan chiqarish, men sizga aytsam, aslo to‘g‘ri kelmas edi. Axiri, bir kun, unamaganiga qaramay, o‘ldiraman, deb qo‘rqitib, dodi-faryodi, ko‘z yoshiga qaramay, zo‘rlab, mehmonxonada uch kecha tongotar qilib chiqdim...
Rustam so‘nggi jumlalarni g‘urur bilan aytdi. Yo‘g‘on bo‘yniga qon yugurdi. Orqasini stulga tirab, qo‘pol qomatini tiklar ekan, gumbazday qornini siladi. Xunuk lablari yana yoyildi. Voqeani o‘zicha tasavvur qilib, Abdusattor aka ham zavq bilan jilmaydi. Qurbonning qahrli ko‘zlari esa, bir oz yumshadi. Bu qiziq hikoyaning davomiga qiziqqan Abdusattor hikoyaning oxirini eshitishga shoshildi:
— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
— Nima bo‘lar edi, bir-ikki kun yig‘lab yurdi. Voqeani bilib qolib, akasi janjal ko‘tardi. Ammo, u vaqtlarda kambag‘alning qo‘lidan nima ham kelar edi? Ularning yig‘isiga, janjaliga quloq soladigan zamonmidi? Qizning o‘zini buzuqqa chiqarib, aka-singil ikkalasini so‘kib-so‘kib, bir paqir ham bermasdan, ko‘chaga haydab yubordik... Ana o‘sha kunlar xotirasi Boymatning esidan chiqmagan ekan!.. Bundan bir oycha avval, «N» shahrida Boymat rayon partiya komitetining mas’ul kotibi, singlisi esa, o‘sha yerda jenotdelda ishlar emish, deb eshitgan edim. Lekin ular ham qayoqdandir, kimdandir, mening bu yerda ishlashimni eshitishgan ekan. Bundan bir necha vaqt avval, firqa tozalashi oldidan ish berar, deb, ular mening to‘g‘rimda gazetada, xabaringiz bordir, juda yomon maqola ham yozib chiqarishgan edilar.
— E, anovi!
— Ha, muttahamlar o‘z muddaolariga yetishdi, tagimga suv quyishdi. Itvachchalar o‘sha mahallarda ochlikdan o‘lib keta qolmagan ekanlar! Yana, bu mojaro yetmagandek, ustiga-ustak, bultur qo‘yib yuborgan katta xotinim, ikki bolasini yetaklab, menga da’vo qilib, atayi qishloqdan kelibdi. Kooperativda ishlagan vaqtimdagi eski ishlarim ham — hammasi ochildi. Hatto, chet el bilan aloqasi bor, deb chiqqanlar ham bo‘ldi. Ha, gunohlarni yashirib bo‘lmas ekan. Axir, bir kun emas, bir kun sir ochilar ekan.
— Ha, olovning ustiga yopilgan parda yonib ketadi,— dedi Qurbon,— guvohi bor sirlarni yashirmoqqa urinish, daryoga yiqilayotgan kishining sohildagi yakka va baquvvat ko‘katga tarmashganidek ma’nosizdir.
— Bu ko‘rgiliklar yetmagandek, meni millatchi, panturkist deb ham ayblayapti...
— Bu bilan siz faxrlanishingiz kerak, ha!
— Salomat bo‘lasiz! Maslahatlari uchun qulluq,— dedi zaharxanda bilan Rustam.— Meni partiyadan o‘chirib o‘tirsayu, faxrlanishga balo bormi?!
Rustam g‘azabli va alamzada ko‘zlarini krujkadagi tiniq pivoga tikdi. Bularning so‘ziga quloq solib o‘tirgan Abdusattor, navbati bilan, yana o‘z dardini ayta ketdi:
— Keyingi vaqtlarda O‘zbektorgingiz yaxshi ish berib turgan edi-ya. Ha, bir chekkasi, chunonchi, bizga ham yaxshi bo‘lmadi. Xo‘sh, endi, shu bilan bosdi-bosdi bo‘larmikin?
— Bu nima deganingiz?—dedi Rustam hushyor tortib va xavotir olib.
— Ya’ni, firqadan o‘chirish bilan sizni tinch qo‘yisharmikin? Yoki?..
— E, og‘zingizga tosh!..
— Hammasi bo‘lishi ham mumkin...— dedi gapga aralashib Qurbon.— Ularning qo‘lidan har narsa keladi... Qamashlari ham, otishlari ham mumkin...
— Nafasingizni buncha sovuq qilmasangiz, afandim,— dedi jahl aralash Rustam.
— Yo‘g‘-e, unchalikka bormas... Shu jazo bilan kifoyalanishar... Shunda ham  yaxshi bo‘lmadi... Bizga ham... Rizqimiz qirqildi...— dedi Abdusattor. Ammo, xiyol o‘tmay, yana eski mavzuga o‘tdi:—Xo‘sh, o‘zingiz mudir ekanligingizda borsak, xudo xayr bersin, ozmi-ko‘pmi, yuq demas edingiz...
— Qo‘ying endi, u vaqtlarni esga solavermang! U vaqtlar bir keldi ketdi... tushdek... Shunday bo‘lar ekan-da... Omad kelgan, ishlar yaxshi, daromad katta edi... Ha, endi u daromadlar yo‘q. Qo‘ldan omad ketdi... E, bo‘ldi, ularni eslasang, yonib ketasan kishi! Qo‘lingdan kelsa, hamma raqiblarning kallasini sapchadek uzib tashlasang!—dedi hayajonlanib Rustam.
Idroksiz, paytavafahm Abdusattor, Rustamning yongan yuragini yana ham alangalantirib, so‘zida davom etdi:
— Ho‘, bundan besh oylarcha avval bergan bir yashik choyingiz hali ham bor, ish berayotibdi. O‘zi ham juda asl choy ekan, xo‘sh, faqat yoru birodarlargagina sotib, o‘zimiz sizni duo qilib, ichib turibmiz. Do‘konga ham olib chiqqanim yo‘q, o‘sha olib ketganimcha uyda.
Rustam, bo‘g‘ilib ketgandek, yoqasining uchiichi tugmasini ham yechib yubordi. Ko‘zlariga yana g‘azab quyildi.
— Ha, itning bolasi qilar ishini qildi!
— Og‘ir bo‘ling! Ilojingiz qancha? Qo‘lingizdan nima ham kelar edi?! O‘ylab qarang! Shu yurganingiz ham g‘animat!
— Qo‘limdan har narsa keladi!— semiz qo‘llar stolga urildi. Bo‘g‘iq, g‘azabli tovush titradi: — Keladi!.. Nega kelmas ekan? U itvachcha mendan qochib qutulolmaydi! Ilgari o‘ldirmagan bo‘lsam, endi o‘ldiraman! Kallakesarlarga aytib, pul berib bo‘lsa ham o‘ldirtiraman! Ha!
— Kimni?— dedi Abdusattor gapning fahmiga yetmay.
— Tagimga suv quyganlarni! Boymatni!..
— Tiss, tiss... sekinroq! Devorning ham qulog‘i bor deydilar.
Abdusattor atrofga xavfsirab bir necha bor qarab oldi. Ovqatxonada o‘tirganlarning hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora, bularning suhbatiga quloq soladigan hech kim yo‘qdek ko‘rindi.
Qurbon lablarini asta qimirlatdi:
— Bitta kishidan o‘ch olish bilan ish bitarmidi?
— Dushmanning harna biri kam!
— Shundaymi?
— Shunday! Faqat sizlardan yordam kutaman. Tiss... Hozircha shu yerda bo‘lgan gap shu yerda qolsin!.. Sir!..
Gavdalar bir-birlariga qarab engashdilar. Qasoskor ko‘zlar bir-birlari bilan uchrashdilar...
— Rejani bajarish mumkin. Og‘ir emas! Siz yordam bersangiz — o‘ngg‘ay..
— Ie, ie! Nima deyishyapti? Qotillik qilishmoqchimi?!—men hayajonlanib Mahmudga qaradim.
— Jim!—dedi Mahmud qo‘l siltab.
Qurbon ancha o‘ylandi. Nihoyat, bir qarorga kelgan kabi ochiq va ishonch bilan dedi:
— Bo‘ldi, bajaramiz! Hammaning ham boshida bir o‘lim bor!..
Abdusattor ham bosh qimirlatib, qarorni tasdiqladi.
— Ijro etadigan odam topiladi... topamiz... Rustamning semiz qo‘llari pivo to‘la krujkani changalladi. Boshqalar ham krujkalarini ko‘tardilar. Uch par g‘azabli, mast va qon bosgan ko‘zlar yana necha qayta uchrashdilar. Krujkalarning ovozlari jaranglab ketdi. Lablarini yalashib, krujkalarni stol ustiga qo‘ydilar...
Ular qo‘zg‘olganda soat birlar chamasi bo‘lib qolgan edi. Ular qo‘zg‘olishi bilan, biz ham qo‘zg‘oldik.
Pivoxonada odamlar juda siyraklashib qolgan bo‘lsa ham, qilli muzikaning yoqimli unlari hamon to‘xtamagan edi.
Mahmud bir necha qadam narida ketayotgan harbiy kiyimlik odamni ko‘rdi-da, shoshildi, qadamini tezlatdi:
— Xayr, men ketdim, ertaga yana uchrashamiz.
— Nega shoshasan? Qayoqqa? To‘xta, u kim?
— Tanish bir kishi.
— GPUning odami emasmi? 
Mahmud shoshib javob berdi:
— Ha. Jinoyatning oldini olish kerak! Boymatni halokatdan qutqarish kerak! Alamzadalarning dodini berish kerak! Xayr, men ketdim.
Men uning orqasidan bir oz qarab turgach, sekingina uyga yo‘l oldim. «Ha, bu ishga «do‘stim Mahmud aralashsa jinoyatning oldi olinishi muqarrar!»—deb o‘yladim ichimda...
Tun hayajonsiz, tinch uxlaydi. Oltin chechaklar jim, faqat, qum sepilgan yo‘llarga, daraxt va ko‘katlarga nur to‘kmoqdalar. Yumshoq yel sadalarning mayda barglarini tortqilab o‘ynaydi, so‘ng, ipak etaklarini sudrab, bog‘chadagi gulzor ustidan o‘tib ketadi-da, g‘oyib bo‘ladi...

1928 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.