Yerto‘laning achimsiq havosi dimoqqa urilib, kishini behuzur qiladi. Bu yerga ilk bor tushgan odamning zax va bo‘g‘iq havodan nafasi qaytib, qorong‘ilik ichida yuragi siqilishi mumkin. Yerto‘laning bir burchagida kichkina tuynuk bo‘lib, kun peshindan og‘a boshlaganda quyosh nurlari shu tuynukdan yo‘l topib kirar va bu yerni bir muddatgina g‘ira-shira yoritganday bo‘lardi. Lekin boshqalar uchun qanchalar yoqimsiz bo‘lmasin, Sayram Sayilboy o‘g‘li uchun bu joy anchagina qulay edi. U ko‘cha-ko‘yda odamlarning gap-so‘zlaridan, kunjak-kunjaklarda bir-birlariga shivirlashib, kinoyali kulishlaridan bezib, asablari qaqshagan, yoxud alamzada bo‘lgan kezlarida va ba’zida poyoni yo‘q orzular girdobiga g‘arq bo‘lganida mana shu yerto‘laga sho‘ng‘ib ketishni xush ko‘rardi. Bunday lahzalarda u hech kimni ko‘rishni ham, gaplashishni ham istamas, hatto yig‘ma karavotini ham yerto‘laga tushirib olib, yolg‘iz o‘zi zimistonda nafas olgisi kelar edi. U xuddi mana shu yerda halovat topar, o‘zini mutlaqo erkin va xotirjam his etardi.
Uning bunday fe’lini deyarli butun qishloq bilib qolgan va ular toki Sayramning o‘zi ostona hatlab chiqmaguncha uni aytarli bezovta qilishmas edi. Faqatgina hali maktabda o‘qib yuradigan jiyani har kuni birrov xabar olib ketar (chamasi onasi holi-joniga qo‘ymay yuborsa kerak, yigitning uyga xushlamay qadam qo‘yishidan buni payqasa bo‘lardi), ayniqsa, ramazon kunlari bir piyolada nisholda, bir kosada ovqat va kulcha nonni olib kelib, dahlizga qo‘yib ketar, Sayram bilan esa ko‘pincha tuynuk orqali gaplashib qaytar edi.
Har yili ramazon oyini u hammadan bo‘lakcha o‘tkazardi. Har holda yerto‘laga butunlay qamalib olmasa ham, lekin bir oy davomida o‘zini chillaga solgan kabi hovlisidan bir qadam chiqmas, hatto tirikchilikni ham unutgan ko‘yi, ro‘za tutib, besh vaqt namozni o‘qib, uyida o‘zini u-bu yumushlar bilan ovuntirib yurardi. Uning boshiga baxt qushi bir qo‘nib, qochgan va hayotini butunlay ostin-ustun qilib yuborgan o‘sha alamli voqea ham aynan ramazon oyida ro‘y bergan edi-da. Mana, endi har gal ramazon eshik qoqqanda Sayram Sayilboy o‘g‘lining qalbini iztirob farishtalari chertib o‘tadi.
O‘sha voqea bundan roppa-rosa o‘ttiz besh yil muqaddam ro‘y bergan edi va lekin cholning xotirasida bu xuddi ikki kun oldin sodir bo‘lgandek tuyular, shu boisdan ham uning yuragidagi umid uchqunlari batamom so‘nib ulgurmagan va kelayotgan har bir kundan qandaydir xushxabarni kutib yashar edi, garchi odamlar uni allaqachon telbaga, amalga oshmas istaklar daryosiga sho‘ng‘igan ovsarga chiqarib qo‘yishgan bo‘lsa ham.
Sayram yerto‘ladan chiqarkan, uy derazasidan ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh shu’lasidan ko‘zlari qamashib, bir muddat boshi aylandi. Shunda birinchi bor o‘zini go‘yo qabrdan chiqib kelayotgandek his qildi. "Men o‘lgan odamman, bunga ko‘p yillar bo‘lgan, — deya o‘yladi u. — Faqat o‘zimcha tirikman, xolos. Odamlar o‘lganimni allaqachon payqashgan, faqat hammalari ko‘misholmay halak. Shuning uchun ham meni ko‘rganlarida tirilgan murdani ko‘rgandek ajablanib qarashadi, ustimdan kulishadi. Mana, bugungi kun ham o‘tdi — qizg‘anchiq va mazmunsiz kun. Ammo ana u bo‘zarayotgan oftob ertaga yana charaqlab bosh ko‘taradi. Ana o‘shanda istaymanmi, yo‘qmi, mening umidlarim yana uyg‘onadi. U qaytishi kerak. Ungacha men o‘lmayman, ona yer meni o‘z qa’riga tortib ketmaydi. Toptalgan g‘ururim, yigitlik sha’nim tiklanishi kerak. G‘urursiz, sha’nsiz o‘lib bo‘lmaydi. Ularsiz o‘lib ketsam, u holda kaltaklangan itdan, bo‘g‘izlangan qo‘ydan qanday farqim qoladi? Axir, men inson bo‘lib dunyoga kelganman-ku".
Keyin u dahlizdagi stol ustida turgan dasturxonni nari surdi-da, peshonasini bilaklari ustiga qo‘yib, uzoq xayolga cho‘mdi. Har galgidek yana o‘sha manzara, o‘sha xotiralar quyilib kela boshladi...
Sayram ayni yigitlik quvvatiga to‘lganda otasi bu dunyoni tark etdi. Shunda mushtipar onasi boshi gangib, xavotirga tushib qoldi: o‘g‘li va qizini ko‘zi tirikligida uyli-joyli qilib ketmasa, ertaga bu bechoralarning holi nima kechadi? Shu tashvishda qizini birinchi kelgan sovchilarga uzatib yubordi-yu, lekin Sayramning uylanishi biroz cho‘zildi. Yigitning ishqi Ozod muallimning qizi Muharramga tushdi. Shunda hali beg‘ubor bolalik xayollari bilan yashab yurgan qizning ham ko‘nglini muhabbat nasimlari siypalab o‘tdi. Ular ahdu paymon qildilar. Biroq bu paytda Muharram shahardagi texnikumda o‘qiyotgan edi. (U davrlarda qishloqdan sanoqligina qizlar shaharga borib o‘qir edilar). Layli-yu Majnunlarni unashtirib qo‘yishdi, biroq to‘yni qiz o‘qishni bitirganidan keyin qilishga kelishib olishdi. Shu tariqa ikki yilni sabr-toqat bilan o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.
Ishq-muhabbat hayotga ham, insonga ham go‘zallik baxsh etadi. Muharramning go‘zalligi kundan-kunga ta’riflarni ojiz qilib borardi. Sayramning ham kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilib bormoqda edi. U kolxozda nimaiki yumush bo‘lsa bajardi, bariga ulgurdi, kuch va matonat topa oldi. To‘y kunini qizg‘in mehnat bilan yaqinlashtirib borardi.
Ammo to‘y kuni yaqinlashgani sayin Muhar¬ramning avzoyida o‘zgarishlar uchqunlana boshladi. Chamasi, qiz qalbini kishi bilmas, ko‘z ilg‘amas bir iztirob iskanjaga olmoqda edi. Sayram ham buni salgina payqagandek bo‘ldi, lekin to‘ydan oldin hamma qizlar ham shunday holatga tushadi, deb o‘ziga taskin berib qo‘ya qoldi.
Nihoyat bir kuni Muharram ich-etini tirnayotgan o‘sha dardni yuzaga chiqardi.
— Sayram aka, — dedi Muharram sokin tunda oy nurlari jimirlab turgan soy bo‘yida uchrashib turganlarida yigitning yelkasiga kaftlarini qo‘yib. — To‘yni tezlashtiring, agar iloji bo‘lsa.
— Xo‘p, juda soz, — dedi Sayram ajablanib uning ko‘zlariga tikilarkan, lekin nima sababdan?
U sezib turardi — qiz qandaydir muhim gapni unga aytolmay qiynalayotgan edi.
— Nima gap, Muharram? — dedi u dardini ichiga yutayotgan qizni yupatarkan.
— Men...
— Hech kimdan va hech narsadan qo‘rqma.
— Meni... Meni bir yigit haddan ortiq yaxshi ko‘rib qolgan.
— Meni nazarda tutayapsanmi? — kuldi Sayram.
— Yo‘q, boshqa yigit.
— Boshqa yigit? Kim ekan u, bilsam bo‘ladimi?
— U shaharlik. O‘qish joyimizga tez-tez kelib turardi. O‘zi anchagina badavlat xonadondan, lekin juda bama’ni, oddiy va samimiy yigit.
— Ismi nima?
— Ismi... Mansur.
— Sen-chi, sen ham uni yaxshi ko‘rasanmi? — dedi Sayram lablari titrab. Qiz sukut saqladi. — Nega javob bermaysan?
— Biz unashtirilganmiz, Sayram aka, buni hamma biladi. To‘yimiz qachon bo‘larkan, deb shu paytgacha kun sanab yashab kelayapmiz. To‘yni tezroq o‘tkazaylik. U hademay bu yerga kelib, meni axtarib qolishi mumkin. Agarda u kelgudek bo‘lsa, meni olib qololmasangiz kerak.
— Oralaringizda hech gap bo‘lmaganmi?
— Yo‘q, hech gap bo‘lmagan. Olloh va vijdonim oldida pokman. Unashtirilganimizni unga ham aytganman. Lekin baribir holi-jonimga qo‘ymayapti. Tinchimni o‘g‘irlayapti. Tezroq to‘yni qilaylik. Shundagina u umidvor bo‘lmaydi, shundagina u ham, siz va men ham tinch yashaymiz.
— Ramazon oyi boshlandi, bu oyda deyarli hech kim to‘y qilmaydi. Bunga oqsoqollar ham ko‘nishmas, ehtimol. Hech bo‘lmasa shu oy o‘tsin.
— Qaysi zamonda yashayapmiz? Eskicha udumlarni o‘ylab o‘tiradigan paytmi hozir. Vaqt ziq dedim-ku, nahotki tushunmayapsiz?
— Bo‘ldi, ertagayoq to‘y taraddudiga kirishaman. Men seni hech kimga berib qo‘ymayman. Seni hech kim tortib olib ketolmaydi.
Sayram to‘yni boshlashga yeng shimarib kirishib ketdi. Uning bunchalar shoshilayotganligini ko‘pchilik odamlar istehzo bilan qabul qilishdi. "Ikki yil bir amallab chidagan ekan-da, endi ikki soat ham sabr qilolmay zirillashini qaranglar", — deb orqavorotdan kulishardi ular. Odatda haddan ortiq sevgi domiga tushib qolgan yigitlar mana shunday besabr bo‘lishadi.
To‘y kuni ham tayin qilindi — ramazon oyining o‘n beshinchi kuniga belgilandi. Sayram oyog‘i kuygan tovuqdek erta-yu kech tinim bilmasdi. Hamqishloqlar ham qarab turishmadi, kimdan nima so‘rab chiqilsa, borini olib chiqib berishardi.
— Bolam, — dedi Ozod muallim Sayramga nasihat qilarkan, — to‘yga ko‘pam katta xarajat qilib yuborma. Holingga yarasha, ixchamgina o‘tkazsang ham hech kim o‘pkalamaydi. Nega bunchalik shoshilayotganingni tushunmadimu, lekin mayli, har nima bo‘lganda ham sizlar baxtli bo‘lsalaring bas. Rahmatli Sayilboy muallim qadrdon do‘stim edi. Birga o‘sib katta bo‘ldik, hayotning achchiq-chuchugini birga totdik, birga ishladik, urushda ham birga jang qilganmiz. Afsuski, farzandlarimizning baxtini birga ko‘rish nasib qilmagan ekan. Biz bir-birimizga har doim suyanch bo‘lganmiz. Sizlar ham, bolalarim, bir-biringizga suyanch bo‘linglar.
— Ota, men ham baxtli turmush quraylik, deb shoshilayapman. Peshonamga Muharramni yozgani uchun taqdirimdan mingdan-ming roziman, — dedi Sayram.
Ramazonning o‘n beshinchi kunida butun qishloq ahli to‘yxonaga to‘plandi. Kelinni olib kelish uchun Sayram kuyovjo‘ralari bilan yo‘lga otlandi. Kelinning uyida ham to‘y avjida, hamma xursand. Tuy marosimlari-yu irim-sirimlar hammasi o‘rnida bo‘ldi. Kelin zamonaviy urf bo‘layotgan oppoq libosga o‘ranib, farishtadek bo‘lib kuyovning yoniga keldi. Mulla nikoh o‘qidi. Keyin keksalar ikki yoshga oq fotiha berishdi. Oy desa oydek, kun desa kundek kelinchak bilan uyi tomon yo‘l olarkan, Sayramning quvonchi ichiga sig‘mas edi. Ammo bunday hayajon va quvonchni u Muharramning chehrasida ko‘rmadi. Uning yuzida tushunib bo‘lmas xavotir va iztirob hamon hukmron edi.
— Mana, nikoh qiyildi, — dedi Sayram sekin shivirlab, — endi hech narsadan tashvishlanmasang ham bo‘ladi.
— Ha, biz nikohlandik, ammo hali chimildiqqa yetib borganimiz yo‘q. Agar u shu vaqt ichida yetib kelgudek bo‘lsa, meni olib qololmaysiz, — dedi Muharram qat’iy ohangda.
Shunda Sayramning ham ichiga g‘ulg‘ula tushdi va vaqtning tezroq o‘tishini istab, qadamlarini ham tezlatdi. Ular hovliga kirib borganlarida karnay-surnaylarning ovozi yanada balandroq yangradi. To‘yxonaga to‘plangan odamlar ularni kuta-kuta sabrlari chidamagan va tantanani allaqachon boshlab yuborishgan, shu bois hozir bazmu jamshid ayni avjida edi.
Kun bo‘yi maydalab yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, hozir yomg‘irdan keyingi achchiqqina izg‘irin esardi. Pag‘a-pag‘a bulutlar ortidan qizaribgina ko‘rinish berayotgan quyoshning ufq ortiga asta bosh qo‘yayotganini kuzatib, Sayramning yuragidagi g‘ulg‘ula battar g‘alayon qila boshladi. May simirib sarxush bo‘lgan odamlar biri olib, biri qo‘yib gapirishar, chapaklar, qiyqiriqlardan quloq qomatga kelardi. Kelin-kuyov esa to‘yxona to‘rida bir juft kabutardek o‘tirishardi.
Shunda hovli oldiga bir mashina kelib to‘xtadi. Undan barvasta uch yigit tushib, hech kimdan taklifu takalluf ham kutmasdan ichkariga salobatli qadam tashlab kirib kela boshladi. Ularning qishloq yigitlari emasligini saxtu summatining o‘ziyoq aytib turardi. Qiyofalari nihoyatda jiddiy, hushyor va bu yerga shunchaki to‘y bilan qutlash uchun kelmaganliklarini anglash mushkul emas edi. Hammaning nigohi ularga qadaldi va to‘yxona suv quygandek jimib qoldi.
— Mansur! — dedi Muharram hayratdan entikib va sekin o‘rnidan turdi. — Omadingiz yo‘q ekan, Sayram aka, baxtingizni quchishga ulgurolmadingiz.
Mansur hech narsadan tap tortmay, to‘g‘ri kelinning oldiga keldi.
— Mana, nihoyat seni topib keldim, Muharram, — dedi u. — Mana bu shodiyonalarning senga daxli yo‘q. Endi yur, ketamiz.
U qo‘lini uzatdi. Shunda Muharram ham unga qo‘lini tutqazib, asta yoniga o‘tdi. Boyadan beri haykaldek qotib turgan shirakayf kuyovjo‘ralar vaziyatni tusmollab, o‘rinlaridan irg‘ib turishdi. Shu holatda ular kutilmagan bu mehmonlarni yerparchin qilib tashlashga chog‘langan edilar.
— To‘xtanglar, — dedi Sayram stolga musht urib. Hamma yana joy-joyida qotdi.
— Muharram, biz nikoh o‘qitib bo‘ldik.
— Kechiring, Sayram aka, — dedi Muharram Mansurning pinjiga tobora mahkamroq kirib borarkan.
— Men senga majburlab uylanayotganim yo‘q. Seni jonimdan ham ortiq sevganimni yaxshi bilasan-ku. Sen ham o‘z ixtiyoring bilan menga tekkansan.
— Hamma gapingiz rost, Sayram aka. Shuning uchun ham, biron sharmandalik ro‘y bermasidan, tezroq turmush quraylik, dedim. Lekin nailoj, ulgurmadik, bo‘lar ish bo‘ldi. Endi men sizniki bo‘lolmayman.
— Xo‘p, mayli, u seni shunchalar sevar ekan, lekin sen-chi?
— Men ham unga bee’tibor emasman. U yonimda turganida ko‘zimga muhabbatdan boshqa hech narsa ko‘rinmay qoladi. Sizdan o‘tinaman, mendan ranjimang.
— Ko‘zingni yolg‘on sevgi ko‘r qilib qo‘yibdi, — dedi Sayram ovozi xirillab. — Hozir hushing joyida emas. Bir kuni ko‘zing ochilsa, albatta pushaymon qilasan. Bilib qo‘y, men sendan boshqa hech kimga uylanmayman, shuning uchun uch taloq ham qo‘ymayman. Bu gapni, mana, xaloyiqning oldida aytayapman.
Mansur Muharramni mashinaga tomon yetakladi. Kuyovjo‘ralar darg‘azab bo‘lib, ularning ustiga yopirilib bormoqchi bo‘lishdi. Sayram qulochini keng yoyib, hammani to‘xtatdi. Muharram mashinaga o‘tirishga chog‘lanarkan, so‘nggi bor ortiga o‘girilib qaradi va shu zahoti nigohi boyadan beri hamma voqealarni sabr-toqat bilan kuzatib, rangi bo‘zday oqarib turgan otasiga tushdi.
— Meni kechiring, otajon, — dedi Muharram iltijo bilan.
— Oqpadar! — dedi Ozod muallim titrab-qaqshab.
Xaloyiq oyoqqa qalqidi va ''guv'' deya ovoz berdi. Qizning yonoqlari uzra ikki tomchi yosh dumaladi. Keyin u mashinaga o‘tirdi va ortiga boshqa qayrilib qaramadi. Mashina yeldek uchib ketdi. Bolakaylar esa uning ortidan tosh otib qolishdi. Shundan so‘ng to‘yxonadagi muzday sukunat ham buzildi, g‘ala-g‘ovur boshlandi va asta-sekin odamlar ham tatimagan bazmdan hafsalalari pir bo‘lib, uy-uylariga tarqa¬lishdi.
Bu ko‘rgilikni Sayramning onasi ko‘tarolmadi va ko‘p o‘tmay hayotdan ko‘z yumdi. Sayram esa aytgan gapida turib oldi, qishloq ahli yillar mobaynida har qancha urinishmasin, uni uylanishga ko‘ndi¬risholmasdi.
Chol qorong‘i tushishini kutib, hovlida ivirsib yurdi. Keyin pechkaga o‘tin qalab, namoz o‘qib oldi va dasturxonni hafsalasizlik bilan ochib, sovub qolgan ovqat bilan iftorlik qildi. Shundan so‘ng moychiroqning piligini ko‘tarib, uning shu’lasi bilan biroz o‘ynadi. Bu ham siqilib borayotgan yuragiga dalda bo‘lolmadi shekilli, uy ichida u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Shunda ko‘zgu yonidan o‘tayotganida bexosdan o‘z qiyofasiga ko‘zi tushib, jirkanib ketdi va apil-tapil axtarib eski-tuski buyumlar orasidan bir necha tishlari singan ko‘hna taroqni topib oldi-da, ko‘pdan beri tarashlanmagan soch-soqolini taradi. Yana oyna oldiga borib, o‘ziga obdon razm solarkan, ich-ichidan xo‘rligi kelib, unsiz yig‘ladi. "Yo‘q, nazarimda hammasi tugadi,-dedi u mushtini devorga urarkan.-Nahotki hamma umidlarim puchga chiqdi? Tole menga neki bergan bo‘lsa, bari omonat bo‘ldi. Dunyoga kelib nima topdim? Boshimga qo‘ngan baxt qushi ham hali kaftimda tutib ulgurmay uchdi-yu ketdi. Omonatga berilgan birgina jonim qoldi, xolos. Hademay, mana, sohibi qudrat¬ning elchilari keladi-yu, so‘nggi omonatini ham olib ketadi. Mendan na bir zurriyot, na nom-nishon qoladi. Shuncha yil odamlar og‘zida ermak bo‘ldim. Endi ana shu mog‘orlagan afsonalar ham, umrimning so‘nggi lahzalarigacha hamrohim bo‘lgan ishq-muhabbat ham o‘zim bilan tuproqqa qorishib ketadi. Hoynahoy anavi shitirlayotgan ajal sharpasi bo‘lsa kerak. Hozir u kirib keladi-yu, giribonimdan oladi. Ha, uning changalidan qochib qutulib bo‘lmaydi. U to‘siqni ham, shafqatni ham bilmaydi. Shu bilan armonlarga to‘la umr nihoyasiga yetadi".
U yuzini changallab, shu ko‘yi allamahalgacha o‘tirdi. Bir payt, hovlidan qadam tovushlari eshitil¬ganday bo‘ldi. Qorong‘i tushgandan keyin kuzning izg‘irin shamoli esa boshlagan, u xazonlarni shitirlatib, tomlarning tunukalarini taqillatib, asta-sekin kuchaymoqda edi. Birozdan so‘ng yana qadam tovushi eshitildi va bu safar u shamolning guvillashiga ham, xazonlarning shitirlashi-yu tunukalarning taqillashiga ham o‘xshamadi. Odatda bemahalda hech kim Sayramni yo‘qlab kelmas edi. Shuning uchun ham u sergak tortdi.
Sayram vujudi quloq bo‘lib, indamay o‘tiraverdi. Bir mahal deraza ohista chertildi. Sayram shunda ham qimirlamadi. Tashqarida kimdir derazani chertib-chertib, oxiri qattiq taqillata boshladi.
— Sayram, och eshigingni. Eshigingni och, Sayram, — dedi qaltiragan va yig‘lamsiragan ovoz. Bu ayol kishining ovozi edi.
Sayram hayratdan entikib, deraza oldiga bordi. Osmonni qop-qora bulut qoplagan, tashqari zim-ziyo, bo‘ron tobora qutura boshlagan edi.
— Kimsan? — dedi Sayram tez-tez nafas olarkan.
Tashqaridagi ayol deraza oldiga yaqinroq keldi. shunda chiroqning xira shu’lasida uning jussasi ko‘rindi. Yuzlarini ajin bosgan, sochlari to‘zg‘igan, juldur kiyimli, alvastimonand bir ayol Sayramga iltijoli termulib turardi. Sayram dastlab cho‘chib tushdi, keyin ayolning ko‘zlariga sinchkovlik bilan tikilib, yuragi "shuv" etib ketdi.
— Muharram! — baqirib yubordi chol. — Nahotki, bu sen?!
U ayolni tanidi, bir paytlar yuragiga nashtar urgan o‘sha quralay ko‘zlaridan tanidi. Ajab! Tabiat Muharramga bergan barcha go‘zalliklarini yana qaytarib olib qo‘yibdi, ammo ofatijon ko‘zlarini tortib ololmabdi. Mana shu ko‘zlar Sayramning yuragining tub-tubiga kirib borgan edi. Mana shu ko‘zlarda bir paytlar lovullab yongan ishq alangasi hali butunlay so‘nib ulgurmabdi.
— Men keldim, Sayram, ostonangga bosh urib keldim, — dedi Muharram yig‘lab. — Qari alvastini kechirolsang, kechir. Kechirilmas gunohlarimdan o‘t. Eshigingni och, meni bag‘ringga ol, Sayram chol.
Sayram hovliqqanidan qoqina-surina eshikni ochdi. Shunda ayol jon haybatida o‘zini uning quchog‘iga otdi. Chol bag‘ridagi kampirning to‘zg‘igan sochlarini siladi. Kampirning bir tutam jussasi dir-dir qaltirar, chanqab-pishnab nafas olar edi.
— Bag‘ring bunchalar issiq bo‘lmasa, Sayram, — dedi ayol va cholning quchog‘iga yanada mahkamroq singib ketdi.
— O‘ttiz besh yildan beri kutaman seni, — dedi Sayram. — Shu yillar ichida yuragim muzga aylanib ketsa kerak, deb o‘ylagan edim. Ammo toki muhabbat uni butunlay tark etmaguncha yurak qurg‘ur muzlashni xayoliga ham keltirmas ekan.
— Xayriyat, tirik ekansan.
— Ha, o‘lmadim, Muharram, o‘lolmadim. Sen kelmasang, yuz yilda ham o‘lolmay qiynalar edim.
— Nahotki, shuncha voqealardan keyin ham, shuncha yillar o‘tsa ham meni unutmagansan?
— Ha, seni kutib yashadim.
— Qaytishimni bilarmiding?
— Umidvor edim.
— Nahotki?
— Biz nikohdan o‘tganmiz. Sen betaloq ketgan eding.
— Eshitdim, sen boshqa hech kimga uylanmabsan. Meni kechir, Sayram, va’dangda bunchalar sobit turishingni o‘ylamabman.
— Sen-chi, borgan joyingda baxt topdingmi?
— Baxt mening peshonamga bitilmagan ekan. Ehtimol, otamning qarg‘ishi urgandir. Mansurni xiyonat ustida ushlab, uydan quvdim. Keyin boshqa erkakka turmushga chiqdim. U ham begona bir ayolga ilakishgach, ikkovlashib meni quvib-solishdi. Nihoyat, qariganimda yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lim ham meni ko‘chaga haydadi. Odamlardan surishtirib, sening hali ham yolg‘iz yashayotganingni bildim. Shunda o‘lsam, faqatgina sening qo‘lingda o‘lishim adolatdan bo‘lishini tushunib yetdim. Meni jazola, Sayram, istasang hoziroq o‘ldir.
— Odam o‘z baxtini ham o‘ldiradimi, shayton qiz.
— Nega bunchalar mehribonsan-a, Sayram?!
Sayram chol chuqur xo‘rsindi. Keyin Muharramni yanada mahkamroq quchoqlab, jilmaydi:
— Meni mehribon qilib qo‘ygan — sening muhabbating, farishtaginam.