OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xayriddin Sultonov. G'ulomgardish (hikoya)

— E, bo‘ldi-da, ota, odamni nomuslarga o‘ldirdingiz-ku! Shu yerdan ko‘chib ketsam qutulamanmi sizdan?!
Dadamatov axiyri shunday dedi. Sanoqul bobo majbur qildi. Dadamatov jahl ustida shunday dedi-yu, endi pushaymon bo‘lib o‘tiribdi. Pushaymon bo‘lgani sari esa battar achchig‘i chiqmoqda. 
Aslida, nega shunchalik tutaqqaniga o‘zi ham xayron. 
Sanoqul bobo unn urmagan bo‘lsa, so‘kmagan bo‘lsa, tuhmat-malomat qilmasa, undan bir ta’ma tilamasa... Aybi — kanda qilmay har kuni salom berganiyu duoi jonini qilib turganimi?
Nainki shuning uchun kishi birovdan ranjisa?Ayniqsa, Dadamatovdek zuvalasi loydan emas, mumdan yasalgan muloyim bir odam, shuning uchun birovni ranjitsa? U nahot shu umidda yurtiga ko‘chib kelgan bo‘lsa?
Aql bovar qilmaydi. Mening, masalan, bunga sirayam ishongim kelmaydi. Chunki Begmat Dadamatovni besh qo‘lday yaxshi bilaman. Bilganim uchun ham shu gaplarni yozib o‘tiribman. Keling, uning kimligi haqida sizga ham ancha gapirib beray. 
Xo‘sh, Dadamatov Begmat Ermatovich, urushdan avval, o‘ttiz oltinchi yili bizning qishlog‘imizda tug‘ilgan. Hamma qatori o‘qib, hamma qatori mashaqqatu dard-alamlar tortib, kon texnikumi, keyin shu sohaning institutini tugatib, qishlog‘imizga qaytib kelmadi — Sharg‘unga, ko‘mir koniga ishga ketdi. Kishloqqa kam kelardi, ahyon-ahyonda — May bayrami yoki Yangi yil arafalarida tili bizning lahjalarga o‘xshamaydigan, ko‘zlari katta-katta, chiroyli xotini bilan past-baland ko‘chalarimizda paydo bo‘lib qolardi. Begmat Dadamatov marjon shodasidek tig‘iz qishlog‘imizdan uzilib ketgan birinchi dona edi, shu boismikan, ko‘pchilikning nazarida allanechuk g‘alati, juda oqpadar bo‘lmasa hamki, har qalay, darbadar bir kimsa bo‘lib ko‘rinardi. 
Begmat Dadamatov, tabiiyki, bu gaplardan bexabar, shuning uchun ham parvoyi falak yurar edi. Keyin-keyin, u keksa otasiyu qari onasini ko‘rgani kelarkan, xotini bilan birga bejirim kiyimlar kiygan o‘g‘il-qizlarini ham ergashtirib keladigan bo‘ldi. Bolalarining tiliyam bizning lahjalarga o‘xshamas, binobarin, begona edi. 
U birinchi marta qishloqqa sutrang «Volga»da kirib kelganida, har turli mish-mishlar tarqadi. Birovlar: «Ko‘tarilib ketibdi, mashina olib yurarkan», dedi, birovlar esa: «Ermat sariqning o‘g‘li ko‘mir emas, pul konida ishlarkan», dedi. Kimlardir suyundi, kimlardir kuydi. 
Bir kuni Dadamatov, qaysidir bayramda, chol-kampirni ziyorat qilgani kelib, otasini kasal holda ko‘rdi, onasi boshida suv tomizib o‘tirardi. O’rtada qanday gap-so‘z o‘tgani bizga noma’lum, ammo bir haftadan so‘ng Dadamatov qishloqqa ko‘chib keldi. Endi «Volga»si yo‘q edi. Yana mish-mish tarqadi: «U ishdan haydalib ketibdi», «Balo ekan, hovli-joyning umidida... hah, moli dunyo o‘lsin shirin bo‘lmay... »
Teshik quloq, Begmat Dadamatov, tabiiyki, bu gaplardan endi xabar topmay qolmadi, lekin baribir parvoyi falak yuraverdi. Hatto bepisand kulib qo‘yganini ham birov ko‘rmadi. Xullas, qishloq unga ko‘nikdi — ortiq nomini saqich qilmay qo‘ydi. 
Dadamatov ozroq muddat chol-kampirning katalakdek uyida yashadi, keyin, kuzga borib, Dalamahalladan anchagina badastir hovli-joy sotib olib, ko‘chib o‘tdi. Rayon markaziga — elektr idorasiga ishga kirdi. Tili bizning lahjalarga o‘xshamaydigan o‘g‘il-qizlari qishloq bolalari bilan bir maktabda o‘qiy boshladi. Xotini hamshira ekan, kasalxonaga joylashdi. 
Dard boshqa — ajal boshqa, shiftga boqib umri o‘tgan Ermat bobo ko‘klamga chiqib ko‘rmagandek bo‘lib ketdi, kutilmaganda otga, bedanaga mehr paydo qildi, tagida bulutdek ayg‘ir, ustida pochapo‘stin, qo‘ynida bedana, qaerda uloq, qaerda poyga bo‘lsa, barida hoziru nozir. Orada uning og‘ziga suv tomizib o‘tirgan kampiri birdaniga omonatini topshirdi. Chol hozir sakson uchda, qaysarlik bilan hamon o‘zining hovlisida, o‘n oltiga kirgan nevarasi Shermat bilan tirikchilik qiladi, ahyon-ahyonda nega menga kampir topib bermaysan, deb Begmat Dadamatovga g‘alva qilib qo‘yadi. U esa bunga javoban kuladi, xolos. 
Begmat Dadamatov haqidagi gapga shu o‘rinda nuqta qo‘ysak ham bo‘lardi, lekin Sanoqul bobo... Darvoqe, Sanoqul bobo! Agar Sanoqul bobo bo‘lmaganida, hikoyamizning ham hech bir hikoyalik yeri qolmasdi. 
Sanoqul bobo, Begmat Dadamatovning hayotida ham, xuddi shu hikoyadagidek, mutlaqo to‘satdan paydo bo‘ldi. 
Sanoqul boboni men ham tanirdim. Kutubxonadan kitob olgani borganimda ko‘rardim. Ko‘cha boshidagi xarsang toshda, hassasini iyagiga tirab, ko‘zlarini chala yumib, nosning kayfini surgancha oftobshuvoqda mudrab o‘tirardi. Salom bersangiz, xafa bo‘lardi, kayf qochsa kerak-da. 
Dadamatovning olgan hovlisi kutubxonaning orqasida, shundoqqina soy bo‘yida edi va achchig‘ichakday tor bir ko‘chadan yurib, Sanoqul boboning qo‘hna yog‘och darvozasi oldidan o‘tib, asfalt yo‘lga chiqilardi. 
Hamma mashmasha Dadamatov ko‘chib kelganining ikkinchi haftasidan boshlandi
Seshanba kuni ertalab shoshib ishga borayotsa, nimdosh ko‘k yaktak kiygan, chuvak yuzli, pishshiq bir chol tavoze bilan salom berdi:
— E, assalomu alaykum, to‘ram!
 Dadamatov gangib to‘xtadi, garchi atrofda o‘zi va ro‘parasidagi choldan bo‘lak kimsa bo‘lmasa-da, yonveriga alangladi, so‘ng hayronlik bilan, muztar va xoksor qo‘l qovushtirib turgan qariya tomon yurdi, so‘rashgani qo‘l cho‘zdi:
— Assalomu alaykum, ota. 
Shunda chol yoshiga yarashmagan abjirlik ila chaqqon yugurib keldi, uning kaftini qo‘shqo‘llab kaftiga oldi, ko‘ziga surtgudek bir alfozda tovushi tovlashib dedi:
— Bardam-baquvvat yuribsizmi, to‘ram tani-joningiz sog‘mi?
Dadamatov battar dovdiradi, so‘ng yuzi yorishib jilmaydi:«Qarilik-da!»
— Meni birov bilan adashtiryapsiz-a ota, — dedi Hushhol kulimsirab. 
Chol undan battar taajublandi: 
— E, nega adashtiray, to‘ram? Shukr, hali es-hushdan ayirgani yo‘q. Yaratgan egam o‘zi adashgulik qilmasa adashmayman, to‘ram. Ha, hovlilar muborak bo‘lsin endi? Ko‘p suyundim, to‘ram, ko‘p suyundim. Ilohi omin, yaxshi to‘ylarga buyursin, tup qo‘yib palak yozing!
— Rahmat, — dedi Dadamatov, — rahmat, aytganingiz kelsin. 
— Muni qarang, to‘ram, falakning gardishi deb shuni aytarkan-da, bo‘lmasa kim o‘ylabdi sizning bizga qo‘shni bo‘lib qolishingizni? Shukr, ming shukr, yaratganning inoyati buyam bo‘lsa!
Dadamatovning vaqti benihoya ziq edi. 
— Hay, ota, — dedi uzr so‘rab, — mayli, omonlik bo‘lsin. 
— E, to‘ram, qani bir piyola choyimiz bor-a? Ertalabki nasiba-ya, to‘ram?
— Boshqa safar, — deb Dadamatov gapni qisqa qildi. 
«Otamning oshnalaridan, — deya ishonch bilan o‘yladi yo‘lda borayotib, — lekin nega buncha «to‘ra»laydi — hayronman... »
Kechqurun ishdan qaytib taajjubi battar ortdi: kimdir bir tog‘ora somsa tashlab ketibdi.
— Kim berdi? — deb kunduzi uyda qolgan sakkiz yashar qizchasidan so‘ragan edi, u:
— Bir chol, oti... oti Sanoqul bobo, — dedi. Hayronlik bilan somsa yeyilib ketdi. Ertasiga yana odatdagidek ishga borayotgan edi, xuddi kechagi muyulishda o‘sha cholga duch keldi. Dadamatovga, u kechadan beri joyidan jilmagandek tuyuldi. U xarchand oldin salom berishga o‘zini chog‘lasa-da, baribir ulgurolmadi — chol epchillik qilib qoldi:
— E, assalomu alaykum, to‘ram! Qalay, bardam-baquvvatgina? Uy ichilar, bola-chaqa omonmi?
«To‘rasiga balo bormi?!» — Dadamatovning birdan ensasi qotdi, biroq cholning yuz-ko‘zida hech qanday hazil-mazax ifodasiii ko‘rmadi. 
— Rahmat, — dedu u quruqqina qilib va shu zahoti: «E, somsani shu yuborgan bo‘lmasin tag‘in?» — degan fikr xayolidan o‘tdi. 
— Kani, to‘ram, o‘tsinlar, o‘tsinlar! — chol ikki bukilib, qo‘l qovushtirgancha unga yo‘l bo‘shatib turardi. 
— Menga qarang, ota, — dedi Dadamatov, — nega meni «to‘ra» deysiz, men tushunmadim. Umuman, sal g‘alati bo‘lyapti, meni otim Begmat, otimni aytib chaqiravering. 
Cholning nursiz, chayir ko‘zlari vahimaga to‘ldi:
— Yo‘g‘-e! Yo‘g‘-e! — deb shivirlagandek bir ovoz chiqardi u. — Xudo saqlasin, nega otingizni aytar ekanman, ayb bo‘ladi, to‘ram. Qani, o‘tsinlar, o‘taversinlar, bahuzur. 
Dadamatov bo‘g‘ilib ketdi:
— «To‘ra» demang, pltimos. 
Chol ko‘zlarini pirpiratdi:
— Nima deyin?
— Otimni ayting, qo‘shni deng, ha, ana, o‘g‘lim deng. 
— Yo‘q, — dedi chol, qat’iyan bosh chayqab. — Siz to‘ramning avlodlari bo‘lsangiz-u, men qanday qilib... 
— Qanaqa to‘raning? — deb so‘radi Dadamatov qichqirgudek bo‘lib. 
— Dadamat qozining-da, — dedi chol va uning bu qadar nodonligiga achingandek, bosh tebratib qo‘ydi. — Rahmatli buvangiz mening to‘ram edilar, men u kishining eshiklarida qarol edim, yoyilmada mollarini boqardim, juvoz ham haydaganman, mola ham bosganman. Meni joyi jannatda bo‘lgur qozi buvam odam qilganlar. «E, Sanoqul, — der edilar rahmatli, — dunyoda odam ko‘p, lekin odamiysi kam». O’zlari qandoq odam edilar-a. Har oqshom g‘ulomgardishga o‘z qo‘llari bilan go‘jami, atala-umochmi, xudoning buyurgan nasibasini ko‘tarib kelar edilar. Bir marta deng, taxtasoyda yerlari bo‘lardi, bahori bug‘doy ekkan edik, tizza bo‘ii bo‘lib qolganida, meni chaqirib aytdilarki... 
Dadamatov ko‘chaning qoq o‘rtasida merovsirab, ro‘parasidagi eski kavushdek ko‘rimsiz choldan ko‘z uzmay angrayib turardi. 
«Yopiray! Nimalar dyoydi-ya, bu?! Tosh asridan qolganmi o‘ziyam, nima balo?!»
— ... hayitning ertasi to‘ram bilan Norjovtolga, Mirali qozoqning ovuliga bordik. Borsak, tumonat odam, bir to‘y bo‘lgan ekan, Miralining ukasi uloqda otdan yiqilib o‘libdi, qiy-chuv, qiyomat... 
— Ota, — dedi Dadamatov betoqat, — qachongi gap bularingiz?
Ko‘zlari qisilib, zavqu shavqqa cho‘mgan Sanoqul bobo o‘ylanib qoldi. 
— Qachongi deysizmi? E, ko‘p bo‘lgani yo‘q axir, Nikolay podsho ag‘darilgan yilimikin, vallohu a’lam, undan keyingi yilimi... Ishqilib, mulla Abdurahim qullar yashaydigan joy. 
 G’ulomgardish — o‘zining kenja o‘g‘li Qorabozorda otxona bosib o‘lgan yili edi. Rahmatli Abdukarimning muchali ho‘k edi, mana shunday muchal ag‘daradigan bo‘lsak... kechagina bo‘lgan gaplar-da, bari, to‘ram. 
Dadamatov, go‘yo uni birov boplab laqillatgandek, jahli chiqdi, arang o‘zini bosib, Sanoqul bobo bilan xayrlashdi. 
Indiniga yana o‘sha hol takrorlandi. Dadamatov bu safar achchig‘lanmadi-yu, vazminlik bilan shunday dedi:
— Endi, bizni izzat qilganingiz uchun rahmat ota, lekin bundan keyin meni «to‘ra» demang, iltimos. Chunki... 
— Ie, nega? — dedi Sanoqul bobo. 
— Chunki, — deya davom etdi Dadamatov uning savolini eshitmagandek, — men siz aytayotgan qozi boboni ko‘rgan ham emasman, u kishi biz dunyoga kelmasdanoq ko‘karib chiqqan ekanlar. Keyin, ilgari nima gaplar bo‘lsa bo‘lgandir, ammo hozir unaqa «qarolu» «to‘ra-po‘ra» degan gaplar qolmagan ota. Shuning uchun bunaqa deb, meni xijolatga qo‘ymasangiz. Axir bitta-yarimta eshitgan quloqqa ham xunuk. Yo‘lni ham bahuzur kesib o‘tavering, yoshingiz ulug‘!
— Yo‘q-yo‘q, — dedi Sanoqul bobo, — bunday demang to‘ram, ayb bo‘ladi, sizning martabangiz ulug‘. 
Dadamatov qovog‘ini soldi:
— Ota, hozirgina kelishdik-ku?
— Ko‘ying-e, — dedi Sanoqul bobo bo‘sh kelmay. — qozi boboning arvohi-chi, to‘ram?!
— E, juda «to‘ra»lagingiz kelsa, otamga boring! Zerikib, nima qilarini bilmay yotibdi. 
Sanoqul bobo siniq kulimsirab, boshini quyi soldi. 
— Mayli, to‘ram. 
— Axir men partiyniy bo‘lsam, katta bir idorada ishlasam, siz esa bundoq qilib tursangiz. Gap tekkizib qo‘yasiz ota, menga bunaqada. 
— Xudo saqlasin, to‘ram, — dedi Sanoqul bobo cho‘chinqirab. — Sizga qasd qilganlar past bo‘lsin. 
— E, boring-e! — Dadamatov qahrlanib qo‘l siltadi va shart burilib jo‘nadi. Ikki yuz qadamlar yurib borgach, birdaniga kulib yubordi. 
Kechqurun otasidan xabar olgani bordi. Otasi ayvonda, tullak bedanasining patiga suv purkab o‘tirardi. Bir oz gurunglashgach, u asta so‘radi:
— Sanoqul bobo otangizning qaroli bo‘lganmi?
— Qaysi Sanoqul? Sano tentakmi? — Otasi bedanani ko‘tarib, chiroq shu’lasiga soldi. — Otamning qaroli ko‘p edi. Sanoyam ishlagan. Tentak u, — deya otasi ichkari uyga qarab qichqirdi: — Hoy Shermat, bormisan, tokchadagi xaltada tariq bor, olib chiq!
Dadamatov o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 
Ertasiga yana Sanoqul boboga duch kelishini o‘ylab, yuragi bezilladi — rost ko‘chani qo‘yib, past ko‘chadan yurdi, soy yoqalab aylanib o‘tib, ishga kech qoldi. 
Yakshanba kuni mahallada to‘y bo‘ldi. Dadamatov ham chiqdi. To‘y egalari qo‘yarda-qo‘ymay uni ichkari uylardan biriga sudrashdi, Dadamatov salom berib kirganida bir uy odam choy ichib chaqchaqlashib o‘tirardi, hamma unga o‘girilib qaradi. U poyabzalini yechib, poygakdagi bo‘sh joyga cho‘kmoqchi edi, tuyqus yuqoridan:
— Qani, to‘ram, bu yoqqa, bu yoqqa o‘tsinlar, — degan chiyildoq ovoz eshitildi. 
Dadamatov, yuragi shuv etib, to‘riga qaradi. Sanoqul bobo, ikki bukchaygancha, burchakka qisilib unga xokisor termulib turardi. 
— O’tiravering, — dedi u g‘ijinib. 
— Yo‘q, yo‘q, to‘ram, men... qandoq haddim sig‘adi axir qo‘ying endi, odamni xijolat qilmang, to‘ram, odobsizlik bo‘ladi-da, e!
Dadamatov hamma tomoshatalab bo‘lib turganini sezdi va bazo‘r shaytonga hay berib, Sanoqul bobodan yuqori o‘tib o‘tirdi, u esa pildiragancha kelib uning joyiga cho‘kdi. 
Ko‘pchilik bir-biriga ajablanib qaradi. 
Dadamatovga to‘y tatimadi. 
Bir kuni olti yashar o‘g‘li shunday deb qoldi: — «Dada, to‘ra degani nima degani?» «Ha, nega so‘rayapsan?» «Yo‘q, ayting, yaxshi gapmi, yomon gapmi?» Dadamatovning boshi qotdi. «Sanoqul bobong aytdimi? Hazillashgan, parvo qilma!» «Menam Sanoqul boboni to‘ra desam bo‘ladimi?» «Yo‘q!» «Nega?» «Bas endi, ezma bo‘lma», deb darg‘azab jerkib berdi u. 
Aslida-ku, endi Sanoqul boboga ko‘nikib, taqdirga tan berib qo‘ya qolsa bo‘lardi, lekin qaysarlik bobida u ham Sanoqul bobodan zarracha qolishmasdi, ya’ni ularni o‘xshatmasdan uchratmagan edi. 
Dadamatov hammasidan ham ko‘ra, bu g‘alati munosabatning el-chorga oshkor bo‘lishidan qo‘rqardi. Qo‘rqib yurgani sodir bo‘ldi. Quruqsoy qishlog‘idagi podstantsiya nochor edi, hadeb kuyib qolaverardi. Quruqsoy ahli ham ismi-jismiga mos xalq ekan, tayini surishtirmay, tinimsiz yozgani yozgan edi. Qo‘li qichigan ekan, mayli yozaversin, lekin koshki arizadan transformator yasab bo‘lsa! Axiri bo‘lmadi — rayon gazetasi urib chiqdi. Ergashev degan muxbir, bilibmi-bilmay: «Rayon elektrlashtirish idorasi (boshlig‘i o‘rt. Dadamatov B.) tokaygacha mehnatkashlarning haqli talablariga to‘ralarcha munosabatda bo‘ladi?!» deb darg‘azab savol qo‘ydi. 
Maqola juma kuni chiqqan edi. Dadamatov ta’bi xira bo‘lib kechqurun uyiga qaytarkan, o‘tgan-ketganning bari qo‘lini bigiz qilib uni ko‘rsatayotgandek tuyulardi. Echki o‘lgisi kelsa, qassob bilan o‘ynashadi, degan gap rost. Rost bo‘lmasa, xuddi shu payt Sanoqul bobo Dadamatovga ko‘z og‘rigidek ro‘para kelib qoladimi?
— Assalomu alaykum, to‘ram... 
Dadamatov birdan portladi:
— E, bo‘ldi-da, ota, odamni nomuslarga o‘ldirdingiz-ku! Shu yerdan ko‘chib ketsam, qutulamanmi sizdan?!
Sanoqul bobo hangu mang bo‘lib qoldi. 
Dadamatov shu jahl ustida borib hovli-joyini tekinga bo‘lsayam sotishga tayyor edi, baxtiga, uyda mehmon bor ekan — xotinining urug‘lari kelishibdi, shular bilan chalg‘ib hovuridan tushdi. 
U shu bo‘yi Sanoqul bobo bilan salom-alikni yig‘ishtirdi. Ko‘cha-ko‘yda duch kelib qolgudek bo‘lsa, teskari qarab o‘tadigan bo‘ldi. Chol esa, yuzida hanuz o‘sha xoksor tabassum, qo‘l qovushtirib ne gunohi borligini bilmay garangsib turardi. 
Qish kunlarining birida Sanoqul bobo olamdan o‘tdi. 
Dadamatov el qatori ta’ziyada qatnashdi. Qabristonga borganda ham, qaytayotib ham o‘ziii benihoya gunohkor sezdi. 
Ertasiga Sanoqul boboni esidan chiqardi. Odatdagidek, shoshib ishga jo‘nadi. 
Biror hafta chamasi o‘tib, Sanoqul boboning darvozasi yonida cholning o‘ttiz yoshlar yoshargan qiyofasini— kuya yegan telpak kiygan o‘g‘lini ko‘rdi. U qo‘liga kuh-kuhlab, labidagi papirosini chetga uloqtirdi-da, Dadamatovning istiqboliga yurdi:
— Assalomu alaykum... — yigit bir oz taraddudlanib, takrorladi. — Assalomu alaykum... to‘ram... 
Dadamatov seskanib tushdi. 
«E, tavbangdan ketay! Bular o‘zi avlodi bilan jinni ekanmi, nima balo?!»
Uning rangi olinganini sezib, yigit shosha-pisha gapirdi:
— Endi aka, nima qilay, bobomning vasiyati... 
— Kanaqa vasiyat? — dedi Dadamatov gangib. Yigit alamzadalik bilan aftini burishtirdi. 
— Otam kasal bo‘lgandan beri yakkash bir gapni takrorlardilarki, shu Begmat akangni hammang hurmat qilasan, u kishi to‘ramning avlodi, sizlar ham shunday deb chaqiringlar... Endi, aka, ota rozi — xudo rozi, axir... 
— E, qo‘ysangiz-chi! — dedi Dadamatov va shart burilib jo‘narkan: «Bu chol o‘lsa hamki qutulmas ekanman-da», deb o‘yladi achchiqlanib. Ko‘chaning boshiga yetgach, allanarsa esiga tushgandek, jadal yurib iziga qaytdi, Sanoqul boboning darvozasini qoqdi. Keyin eshik darvozadan qo‘lida panshaxa ushlagan boyagi yigit chiqib keldi:
— E, keling, keling, — dedi u ortiga chekinib. 
— Menga qarang, — Dadamatov ostona xatlab ichkari o‘tdi: — Endn bir kelishib olsak: mayli, otangizning vasiyati o‘z yo‘liga, lekin ikkinchi meni bunaqa deb sharmanda qilmang. Ma’qulmi? Bobo rahmatlining shuncha azob berganlari ham yetar. 
— Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, aka, sizga azob berib... 
— Agar bungayam ko‘nmasangiz, — deya Dadamatov boya o‘ylab qo‘ygan gapiga ko‘chdi — men chindan ham sizga to‘ra bo‘ladigan bo‘lsam, mening amrimni bajaradigan bo‘lsangiz, bundan buyon meni Begmat aka deb chaqirishingizni buyuraman. Tushundingiz-a? — U tahdid bilan ko‘zlarini yigitga tikdi. 
— E, men bir narsa deyapmanmi, aka, o‘zim ham... 
— Bo‘pti, omonlik! — Dadamatov yengil tortnb, yo‘liga ravona bo‘ldi. 
U kechqurun yana shu ko‘chadan uyiga qaytadi. Kechgacha esa hali ancha bor.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.