OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xayrullo Fayz. Qa’rim (hikoya)

«...tortanak alfoz yashayveribmiz» 
Baxtiyorga


Bahaybat bo‘shliqdan — istakning quturgan bo‘ronlarida oqqanicha bino bo‘lgandi bahaybat bo‘shliq... Shaklga solingan, Qahr, Mehr, Dard, Quvonch shaklli shamollar esardi unda... Ular usta edilar. Hushtak yasashardi shamollar, men o‘sha hushtaklarning bittasi — nomsiz shaklligi edim.
U siyohrang Qayg‘uning ko‘zlarini izlab charchardi, qo‘lansa hidga ko‘nikardi va odatiylikka aylantirishni istardi odatiylikni... Eplolmasdi. Derazaning mo‘‘tadil va sababsiz yig‘layotganini ko‘rib achinardi. Yig‘layotgan deraza emasdi. Yomg‘ir bu. U shunday o‘yladi:
«Yomg‘ir — soniyalarga sochilgan betakror musiqalar yog‘ini...»
Musiqalar yog‘ayotgandi, ko‘lmak musiqaxo‘r...
U ko‘zlarini yumsa, faqat bitta tasvirni ko‘radi, ayni damda dahshatli davomiylik qiynaydi, go‘yo ko‘zlarini hech qachon ochmaydigandek, go‘yo... (oydin tunda sham ko‘tarib ketayotgan rohibsifat ozg‘in zot).
— Sadaqa bo‘lsin yo‘llaringga quyosh nuri, to‘xta!
Sham tugamaydi, yo‘lning oxiri yo‘q,.. to‘xtamaydi, u ergashadi, ketaveradi, ketaveradi, tovonlari, oyoqlari, qo‘llari, boshi yoyilib ketadi — ko‘zlari qoladi, ergashadi.
Qiltiriq savol:
— Qayoqqa?
Ko‘zlar javob berishmaydi, eshitishmaydi ko‘zlar.
Yo‘l esa ravondan ravon, marmardan silliq, hech kim quvmayapti, shoshmayapsan. Rohibsifat zot bir maromda (ezib yuboradi uning oyoq tovushlaridan chiqayotgan sasning takroriyligi) ilgarilayapti.
Chidolmadi, ko‘zlarini ochdi. Qarasa, osmonda... Xo‘rsindi — oy qalqib ketdi, yulduzlar shuvillab to‘kildi. Nahot yashab qo‘ydi mangulikni? Qani rohibsifat zot? Keyin, yig‘ladi... Zaminga qadar tizdi ko‘zyoshlarini va qaytdi ularni bosib. Sadoqatning Xiyonatdan orttirgan yolg‘iz farzandi qimirlamay o‘tirardi. Tilovat ayladi o‘ladigansimon...
«...peshonamdagi yozuv qaysi tilda, Qayg‘u? Qanotlaring nimaga o‘smaydi, nega qirqdim qanotlaringni, o, ket endi, ket...»
— Seni uzoq izlagandim, izlash yolg‘on ekan, seni uzoq topmagandim, topish yolg‘on ekan... bilsang, aytish og‘ir edi, kechir meni... Seni sevaman...
U Qayg‘u sahrosidan dengizga qochadi, u istamagandi buni, ooo! 
Yomg‘ir oppoq qorga, qor oppoq qarg‘alarga aylanadi.
Ko‘zlarini qulflaydi va yana oyning... vidorang nurlari ostida qo‘llarida sham bilan, ortiga o‘girilmay qayoqqadir ketib borayotgan rohibsifat zot ko‘rinadi...
Sukunatning o‘limidan keyin boshlanadi hammasi. Hatto Sukunat ovozi eshitilmaydi, u esa mahtal. Toshday og‘ir Savol — savol beradi:
— Tegirmontoshni qaydan topding?
— Men, axir, tegirmontosh bilan tug‘ilganman.
Savol javob qiladi: 
— Men esa tegirmontoshning ostida tug‘ildim, kechir...
O‘g‘rincha bajaradi endi u odatiy hollarni. Tunday bahaybat hayvon qo‘ynida tegirmontosh haqda o‘ylaydi-aqida. Qo‘liga gugurt olib, shamni yoqadi. Tunning kuygan terisidan hid taraladi — noxush.
Tun tushunadi. Tun chidaydi, tushunsa nimaga chidaydi, o!— hatto, Tun tushunmaydigan tuyg‘u izmida xonasidagi jamiki jamilarni derazadan irg‘itadi. Uloqtiraveradi, uloqtiraveradi — namozshomgullar yig‘laydi, namozshomgullar...
Dengizda dovul ichra qolgan kemaday sarosar chayqaladi.
— Tug‘ilmasimdan avval makonim qaer edi, ayt, birodar?
— Bilmadim...
— Yur, o‘sha bilmadim yurtiga ketamiz.
«...endi nima qilasan, Qayg‘u?»
Hammasini bir so‘zda ifodalab, shuni yanchmoq istaydi. Ifodalaydi: «Dunyo».
— Sen qudratli emassan.
— Shunisi alam qiladi-da.
Oriq tizlari ostidan panoh topgan boshini ko‘taradi — devor-devor-deraza-deraza-shift-devor-devor-er-er-oyoqlari-Dunyo, o! Shuncha o‘qilmagan yozuvi bilan qayoqqa irg‘itsin bu boshni? Namozshomgullar yig‘laydi...
U ko‘zlarini yumsa... (adoqsiz kuy yo‘q-ku, baribir, adoqsiz kuydan og‘riydi — adoqsiz kuy og‘riydi, og‘rimasa nimaga og‘ritadi: qaqshatqich umidsizlikning umidi bor bunda: agar odamning bitta barmog‘i kesilgan bo‘lsa, qanday qilib umidlanish mumkin barmoqning qaytadan o‘smog‘iga?... Qaerdadir, qo‘l yetmas olislikdagi yaqinlikda, oyparastday sham ko‘tarib, to‘rt tomonga birvarakay ketayotgan rohibsifat zot ko‘rinadi).
Qayg‘u savol tug‘adi — kattakon.
— Senga sodiqmikin kimdir menchalik?
Sayyoh xayollarning oxiri bitta — O‘zan.
Xona ship-shiydam. Hammasini irg‘itdi. Uni, o‘ngdami-chapdami o‘tirgan uni irg‘itolmadi. Qayg‘u uvvos solib yig‘laydi: «kimsasiz ekanman!..»
Yig‘lagan sayin ko‘zlarining, ko‘rinmas ko‘zlarining obi hayoti ostida majruh, qanotlaridan hur patlar o‘sib chiqadi...
— Seni uzoq izlagandim — gulda tosh unmas ekan... Men Seni topgandim, qush suti emgan Anqoning urug‘i. Men endi Sen Izlaganga... qul bo‘lgani ketdim...
Qayg‘u ivigan qanotlarini g‘animida qasosi qolgan suvoriy otini yetaklagani kabi sudrab ketadi. Eshik yopilib, derazaning ochiq ko‘zlaridan qanotlari bus-butun Oq uchib kiradi.
— Men Sen Izlaganni tashlab keldim.
U ko‘zlarini...
...oydin tunda-osmonga-yoshlardan-tizilgan-zinalarda sham ko‘tarib chiqib ketayotgan rohibsifat zot ko‘rinadi.
— Tegirmon toshi ostida tegirmontosh bilan tug‘ilmaydilar, Xudoyim!..

«Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil, 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.