OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xoliyor Safarov. Haydar bobo (hikoya)

Oxirgi paytlarda Haydar bobo juda g‘alati bo‘lib qoldi. Uni goh uy oldidagi omonat kursida mung‘ayib uzoq-uzoqlarga tikilib o‘tirgan holda, goh uyi atrofida qo‘llarini orqaga qilgancha asabiy yurganini, ba’zan esa kun qiyomda bo‘lishiga qaramay peshanasiga chorsi belbog‘ bog‘lab, tomorqasida ketmon urayotganda uchratish mumkin. Harakatlari asabiy, havoni kesgancha yerga shuvillab botayotgan ketmon tutgan baquvvat qo‘llarida achchiq borligi yaqqol seziladi. Yarim soatlar tomorqada unnab, pomidor-bodring tagini yumshatish yoki kuzgi tarvuz-qovunga jo‘yak olib kelishini aytmasa, polizda ham deyarli ish yo‘q. Yarim gektar tomorqa bo‘lgani bilan yarmiga yo‘ng‘ichqa, qolganiga ko‘ngil tusaganda uzib kelinadigan sabzavotlar ekilgan. Aslida, boboga shularni ekish, tagini yumshatish, vaqtida, obi-tobisidan xabardor bo‘lish tugul tomorqa qilishning hojati yo‘q. Kampiri ikkoviga davlat berayotgan nafaqa yetadi. Biroq bobo ichi tang odam, uyda mog‘or bosib o‘tirolmaydi. Keyin kampirning ahvoli chatoq... Shuning uchun doim toriqib yuradi. Uy aylanish, qoq tushda tomorqada ishlash, tong sahar va kechki salqinlarda uy oldida uzoq-uzoqlarga o‘ychan tikilib o‘tirish sabablari ham shundan... 
U o‘rta bo‘yli, yelkalari keng va to‘lagina, istarali odam. Payg‘ambar to‘yini qilib bergandan so‘ng soqolni ham olmay qo‘ydi. Umrini kolxoz ishiga, aniqrog‘i, agronomlikka bag‘ishlagan qariya salkam qirq yil bir kolxozda ishladi. Oltmish yoshida nafaqaga chiqdi va uyda kampiri bilan bolalarining yonida o‘tirib qoldi. Endigi qiladigan ishi to‘y-ma’rakalarda kayvonilik va tomorqaga qarash, og‘ilda bog‘liq turgan to‘rt-besh qoramolini aylantirib yurish.
Haydar bobo shunisiga ham qanoat qiladi. Ro‘zg‘ori tinch, bolalari sog‘-salomat. Biroq ikki qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘lini yoshligidan ko‘p erka qilib qo‘ygan ekan, ancha quloqsiz chiqdi. Katta umid bilan Toshkentga o‘qishga qo‘ygandi, ammo uchinchi kurs vaqtida sho‘xlik qilib qo‘yib, haydalib keldi. Shunda o‘g‘lini kolxozga ishga joylashtirdi va o‘sha qizga majbur uylantirdi. Kelin ham quloqsiz o‘sgan ekan, ularning izzatini joyiga qo‘ymadi. Shunda u eng to‘g‘ri yo‘l shu, deya o‘g‘li bilan kelinini ko‘chirtirib yubordi. Keyingi qizi o‘qimadi, to‘y bo‘lib ketdi. Kampiri ham baquvvat va biroz iddaoli edi, o‘g‘lining shunday qilganiga «Kelinga qarab qolgan kunim yo‘q!» deb uy ishlarini o‘zi qilib yurdi. Kenja o‘g‘li maktabni bitirganda chol-kampir uni ham Toshkentga o‘qishga yubordi.
– Akang meni sondan chiqardi. Hech bo‘lmasa sen tuzukroq odam bo‘lgin. Sizlar yaxshi joyda o‘qib, elning xizmatida bo‘lmasanglar Haydar otim qaerda qoladi? – dedi bobo kenjasini o‘qishga yuborayotganda.
Kenja o‘g‘il o‘qishga ham kirdi, oliygohni a’lo darajada tamomladi. So‘ng otasidan magistraturaga kirishga ruxsat so‘radi. 
– Mayli, bolam, – dedi Haydar bobo. – O’qi, olim bo‘l! Ishqilib, yo oting, yo zoting chiqsin! Lekin aytib qo‘yay, kelasi yil uylanasan!
– Magistraturani bitirib keyin uylansam yaxshi bo‘lardi-da, ota...
– Aytganimni qil, kam bo‘lmaysan, – o‘g‘lining gapini cho‘rt kesdi bobo. – Men ham otamni aytganini qilib, kam bo‘lmaganman. Mana, xudoga shukr, hurmat-izzatim joyida. Sen qulog‘ingni qimirlatmay o‘qiyver, qolgani bilan ishing bo‘lmasin.
Haydar bobo aytganini qildi. O’g‘li bir yil o‘qigandan keyin «Bo‘ldi endi, uylanasan. Har ishda bir hikmat bor, ulim. Shu vaqtgacha Xudo senga bir rizq berayotgan bo‘lsa, uylanganingdan so‘ng buni ikkita qilib qo‘yadi. Faqat o‘zing, so‘zing to‘g‘ri bo‘lsa bo‘ldi. Magistraturam tugagani yo‘q dema, bir yil ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi», deya o‘zlari topgan qizga uylantirib qo‘ydi. O’g‘li bir og‘iz «Ota, mening ko‘z ostiga olganim bor edi» demadi. Kelin ham kelin ekan, qaynota-qaynonasining qo‘lini sovuq suvga urdirmadi. Shunday bo‘lsa-da endi kelindan yolchigan Haydar bobo orzu-umidlarga ko‘milib, sentyabrda kelinini o‘g‘liga qo‘shib, shaharga yubordi.
– Ota, keliningiz xizmatingizni qilsin, hali shaharda uy-joyim bo‘lmasa... – dedi o‘g‘li akasi xotinining chizig‘idan chiqmaganligi uchun ro‘zg‘ori alohida bo‘lgani, jiyanlari qarashib tursa-da, onasi qiynalayotganini ko‘rib.
– Unday dema. Mayli, iloyim boshlaring omon bo‘lsin, – deya ota o‘g‘li bilan keliniga oq fotiha berdi. – Men sening shu qirlar orasida menday noming chiqmay o‘tishingni xohlamayman. O’zing istading, olim bo‘l, ammo ikki qulog‘ing bilan ham eshitib qo‘y, qayda bo‘lsang ham odam bo‘l! Yigit pirlaring qo‘llab, el oldida tiling ustun, sening ortingdan bu yerda bizning ham yuzimiz yorug‘ bo‘lsin. Kelinim ikkovlaring o‘zlaringdan ko‘payib, uvali-juvali bo‘lib yuringlar. Bizdan duo, sizlardan harakat, ulim. Intilganni xudoyim zoriqtirib qo‘ymaydi. Bizdan xavotir olmanglar. Otdaymiz. Sizlar shaharda palak yozib, unib-o‘sib ketsanglar, bizga qilgan xizmatlaring shu bo‘ladi. Hech ikkilanma. Ikkita oliy ma’lumotli bitta shaharda o‘zlaringni eplab ketolmasanglar uyat. Do‘st bor, dushman bor. Bitta uy top. Og‘ildagi mollarni men go‘rimga orqalab ketmayman. Sotib beraman. O’zi bir-ikkitasini anov betayinga bermoqchiydim, o‘zi ixlosimni qaytardi, endi o‘zidan ko‘rsin... 
Shunday qilib, ota-ona duosi bilan kenja o‘g‘il xotinini olib shaharga ketdi. Chol va kampir yana yolg‘iz qolishdi. Kunda, kunora qizlari xabar olib turadi. Ikkinchisining uyi yaqin, har ikki kunda kelib, non yopib beradi. Kampir esa munkillab borib sigir sog‘adi, ro‘zg‘or qiladi. Ularni odamlar Haydar buva, Zaynab momo de-yishadi, o‘sha vaqtda bobo oltmish besh, momo oltmish bir yoshda edi.
– Bir qizdan qaerim kam? Kerak bo‘lsa ular qilgan, ishni o‘tirgan joyimda bajaraman. Xudoga shukr, tani-jonim sog‘, – derdi Zaynab momo bitta-yarim «Momo, sizga zarilmi, qarigan chog‘da shuncha ishni qilib? Ana keliningiz bor. Qisin shular» degichlarning og‘zini yopish uchun. Aslida momo ham o‘zidan o‘tganini o‘zi bilardi. To‘ng‘ichi xotin quli bo‘lib, shahardan topgan ji-blajiboniga yopishdi qoldi. Kelin kelganida yukli edi, bir oy ham tayinli xizmatni qilmadi. O’zini avaylash bahona qo‘lini sovuq suvga urmaydigan, ro‘zg‘or ishlarini o‘z-o‘zidan qaynonaning bo‘yniga tashlab qo‘yadigan, kerak bo‘lsa, «Voy, to‘rtta qo‘lim bormi-a? Qaysi birlaringa bo‘lay?» deya zarda qiladigan, jerkib tashlaydigan odat chiqardi. Valadi zinosini tuqqanidan so‘ng esa tamoman o‘zgardi. Shunda momoning toqati toq bo‘ldi. Har ne bo‘lsa ham chaqaloqning chillasi chiqqanicha oldida olib turdi. Irim-sirimlarini qildirdi. Hatto kelinning injiqligi, uning boshida aylanaverishini istamay «Bolaga qarash sizga qoldimi?» deya jerkishlariga chidadi. Bir og‘iz «Bolada nima ayb? Pok-pokiza yurib, el oldida yuzimni shuvit qilmaganlaringda senlarni boshimga ko‘tarmasmidim» deyolmadi, ammo chaqaloqning chillasi chiqishi bilan choliga yorildi.
– Boboy, bularni nima qilsangiz qiling. Anuv uchastkaga ko‘chirib yuborasizmi yoki undan narigami, ishqilib ko‘zimdan pana qiling. Shu uying kuygurlarga kunim qolgani yo‘q. Bir ro‘zg‘orning ishi bo‘lsa, o‘zim qilaman! Bunday kelinning boridan yo‘g‘i avlo...
Haydar bobo ham bor dardini ichiga yutib yurgan emasmi, qadoq qo‘llarini musht qildi. Muk tushib o‘tirganicha kampiriga uzoq tikildi. So‘ng dedi:
– Ertagayoq izini quritaman. Hayla, tayyor uchastka. Borsin-da, xohlaganiday yashasin. Shunda otaning qadrini biladi.
Tanti qariya shu kuni o‘g‘li bilan keliniga ko‘ch-ko‘roni bilan chiqib, kichikroq uy solib qo‘yilgan uchastkaga borib yashashini buyurdi. Er-xotin «Ie, nega birdan o‘zgarib qoldingiz?» demoqchidek qarash qildi, ammo ota cho‘rtkesarligidan bunaqa savollar ortiqchaligi, barisi o‘zlarining nomuslik ishi uchun bo‘layotganligini bildi. O’g‘il bir og‘iz «Ota, kechiring. O’la-o‘lguncha xizmatingizda bo‘laylik. Axir qanday sizlarni yolg‘iz tashlab ketamiz» deya olmadi. Aksincha xotinining «Qachondir bu jodugar kampirning shunday qildirishini bilardim» degan iddaosi bilan qulog‘ini ham qimirlatolmadi.
Ertasi kuni o‘g‘li miq etmasdan ko‘rpa-to‘shak, taqir-tuqurlarini telejkaga ortayotganda ota chidolmadi. O’pkasi to‘lib ketdi. «Shunday ul o‘stirguncha...» deya davomini gapirishga ham bo‘lmay avvaliga uy aylanib yurdi, bo‘lmadi. Yuragi kuyib, bo‘g‘ziga achchiq bir nima tiqilib ketayotgandek tuyulaverdi. Qarasa, kampiri ham o‘zini qo‘yarga joy topolmayapti. Goh uyga kiradi, goh oshxona tomonga o‘tib ketadi. Boshi egik, ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan. Katta oq ro‘mol uchini tutamlab labiga bosganicha u yoqqa, bu yoqqa yuradi. Bobo xotini ichikayotgani, hozir bir-birlariga bir og‘iz gap aytsa, qaroqlarida qalqib turgan nadomat ko‘z yoshlarini tiyolmay qolishdan cho‘chidi va indamay qirga chiqib ketdi. Adir tepasida shimoldan esayotgan ertalabgi shabadaga ko‘ksini tutdi-yu, chuqur uh tortdi. Shu vaqt eti junjikib, a’zoi badani titrab ketdi. Ko‘zlariga achchiq yosh quyildi.
– Ah, noqobil bola-ya, – dedi cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib yuziga bosarkan. – Sen tug‘ilganda qanchalar quvongan edim. Endi-chi? Jigit o‘lgur, odam bo‘lib, ko‘zga ko‘rinar paytingda qilayotgan ishingni qara?..
Haydar boboning hayot-mamot o‘yini ketayotgani uchun o‘z uyiga qarashga yuragi betlamadi. Teskari qarab o‘tirdi. Tizzalarini quchgancha olis-olislarga ko‘z tikdi. Bolalik damlari o‘tgan adirlarni, Haydar bo‘lib tanilgan keng paxta dalalari va qarshisida yastanib yotgan kolxoz yerlariga qarab turib, battar xo‘rlandi. Kun choshgohga kelib, oftob qizdira boshlagan emasmi, yelkalari qizib, ikki kuragi tagi achishgandek bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da u ancha vaqt, to o‘g‘li bilan kelini ko‘rpa-yostiq ortilgan telejkaga minib, qorasi o‘chguncha ters bo‘lib o‘tirdi. U hech qachon bunchalik xo‘rlanmagan edi. Hatto ota-onasi vafot etganda ham «Qismat ekan-da, endi og‘ir bo‘lishim kerak. Ota-ona o‘lmog‘i meros...» deya o‘zini qo‘lga olgan, yaqinlarining «Xudo sabr bersin» deya yelkasiga qoqishlaridan allaqanday madad topgandek bo‘lgan, biroq bugungi ahvoliga na yuragi, na aql-idroki bardosh berdi. Bu dam yelkasiga urib, madad bo‘lguvchi, hol so‘rovchi ham topilmadi. O’zingdan chiqqan baloga, qayga borarsan davoga...
Haydar boboning yuragi kuydi. Burgutday odam qir ustida chumchuqday bo‘lib qoldi. Esayotgan shabada go‘yo uning quloqlari ostidan abadiyat kuyini chalib o‘tayotgandek, avj pardalar xonishi uning bola tarbiyasida qaerda xato qilganini topolmasdan o‘kinib, qalbini o‘rtayotgan nolishlariga uyg‘unlashib ketayotgandek bo‘ldi. Toki, o‘g‘lining qorasi o‘chdi, keyin qiyalab pastga endi. Uyga kirsa, kampiri yig‘lab o‘tiribdi. Eshikka suyangan kuyi bir zum muk tushib o‘tirgan kampiriga qarab turdi, so‘ng dedi:
– Kampir, sassiq deb burunni kesib tashlab bo‘lmaydi. O’z pushtikamarimizdan bo‘lgan farzand. Faqat qaerdadir xato qilibmizki, tarbiyasi buzuq chiqdi. Mayli, ketsin, o‘zi biladi. Bir kun «taq» etib peshanasi toshga tegadi, keyin odam bo‘ladi. – Haydar bobo shunday deya xotinining yonidan cho‘kkaladi. – Og‘ir bo‘l. Shularsiz ham kunimiz o‘tadi. Oyoq-qo‘ldan qolganimiz yo‘q. O’zingni qo‘lga ol. Eshitgan quloq nima deydi? Og‘zing qonga to‘lgan bo‘lsa ham dushman oldida tuflama, degan gap bor... 
Shundan boshlab chol-kampir achchiq bilan yashay boshlashdi. Bu orada kichkina qizini uzatdi. Keyin yordam berib tursin, deya katta qizining to‘ng‘ichini, nevara qizni olib kelishdi. Kenja o‘g‘li o‘qishni bitirdi. Bir yil magistraturada o‘qigach, uylandi, o‘zlarining ruxsati bilan xotinini ham shaharga ko‘chirib ketdi. Ammo ular biror marta katta o‘g‘li va kelinga qayishmadi. Ular ham betiqalinlik qilib yashayverishdi. Bir marta, qishda pulsiz qolib yordam so‘rab keldi. Bobo o‘g‘lining so‘roviga javob ham bermadi. Uydan chiqib ketdi. Yarim soatlardan so‘ng o‘g‘li ketdi. Uyga kirib, kampiriga «Pul berding-a?» dedi. Zaynab momo esa «Yo‘q, o‘libmanmi?» dedi-yu ko‘zlarini olib qochdi. Haydar bobo bildi, kampiri pul bergan, lekin hech narsa demadi. Tikilib-tikilib turdi-yu, yana tashqariga chiqib ketdi. Mol-holdan xabar oldi. Qish. Og‘ilda ikki sog‘in sigir, bir ho‘kiz va ellikka yaqin qo‘y-echki, bir eshak, bir ot uning qo‘liga qarab qolgan. Kampir uy ishlarini qiladi. 
Haydar boboning bomdodni o‘qishdan boshlangan kuni qishda ertalab bir mol-holdan xabar olish, keyin nonushta va to tushgacha issiqqina sandalning ikki yonida o‘tirib suhbat qurish. Radio eshitishadi, televizor ko‘rishadi. Nevaralari kelib qolsa gurunglashib, hazil-huzul qiladi. Gohi esa o‘g‘lini o‘ylab toriqib ketadi. Chiqib, mol-hol bahona uy aylanib yuradi. Yozda esa mollarni podachiga, qo‘ylarni cho‘ponga berib, kampiri ikkalasi uy oldiga soyaga chiqib o‘tiradi.
Kenjasi magistraturani bitirgan yili qish qattiq keldi. Qor ustiga qor yog‘di. Izg‘irin. Necha kunki yerdagi muz erimaydi. Chol-kampir esa hamon iddao bilan yashaydi. Bir kuni falokat yuz berdi. Ertalab sigir sog‘ib qaytayotgan kampir Haydar bobo qorkurak bilan uydan oshxonaga, oshxonadan og‘ilgacha ochib chiqqan yo‘lakchadan ehtiyotgina bo‘lib kelayotib, oshxonaga chiqishdagi biroz nishablikdan bir oyog‘i toyib ketdi-yu, gursillab yiqildi. Chelakdagi sut yerga to‘kilib, qorda sarg‘ish iz qoldirdi, o‘zi esa qattiq ingranib, cholini chaqirdi.
– Bobo-oyy...
Molxonada kuymalanib yurgan qariya «Ehh?!» dedi-yu, yugurib kelib kampirini ko‘tarib oldi, ammo Zaynab momo oyog‘ini bosa olmadi. 
– Palakat, oyoqni yebsanmi deyman? – dedi-da, kuyov kelinni ko‘targandek zorlanib ingrayotgan kampirini dast ko‘tarib, uyga olib kirdi. Sandal yonidan yotqizdi va voy-voylashiga qaramay lozimini eti qochgan sonlarigacha ko‘tarib, oyoqlarini baravariga uqalashga tushdi. «Sinmaganmikan?» deya qo‘rqqan bobo oyoqni uqalashdan to‘xtab, stol ustida turgan saryog‘ bankani oldi-yu sandalga, cho‘g‘ solingan tog‘ora yonidan qo‘ydi. Yog‘ qiziguncha esa kampirini ovutib turmoqchi bo‘ldi. – Ko‘zingga qarasang bo‘lmasmidi?-dedi hadeganda miyasiga bir jo‘yali fikr kelmay. – Ehtiyot bo‘l-da, kasofat...
Kampir miq etmadi, ko‘zlarini yumganicha labini tishlab o‘tirdi. Qisqa-qisqa ingradi. Haydar bobo isigan saryog‘ni olib, endi kampirining soni va belini uqaladi. Shunda Zaynab momo biroz tinchlandi, yig‘i-sig‘ini yig‘ishtirib, bir choliga, bir sandal ko‘rpasidan yarim chiqib turgan chap oyog‘iga qaradi va: 
– Men sho‘rga bu kunam bormidi... – deb yubordi.
– Hay, o‘zingni tut. Men hozir... – chol shunday deya ichikib tashqariladi va uy yoniga o‘tib, qo‘shnining katta o‘g‘lini chaqira boshladi. – Almardan, hov Almardan?..
Zum o‘tmay uy yonida o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi ozg‘ingina yigitcha paydo bo‘ldi.
– Ha, Haydar buva?
– Tez kelda bu yoqqa.
– Hozir, – yigitcha zipillab yetib keldi. – Tinchlikmi, buva?
– Tinchlikmas. Tez borib, anov Mahmud do‘xtirni aytib kel. Haydar buvamning xotinining mazasi bo‘may qopti. Toyib yiqilibdi de. 
– Mayli.
Qo‘shnining o‘g‘li yarim soatga qolmay qishloq maktabining yonida yashaydigan do‘xtirni boshlab keldi. Kampirning biroz isitmasi ham ko‘tarilgan ekan. Mahmud do‘xtir bir-ikkita ukol qildi, ammo oyog‘i haqida bir ma’nili gap aytolmadi. Bir-ikki «Momo, oyoqqa nima bo‘ldi, oyoqqa?» dedi. Momo esa javob berish o‘rniga ko‘zlarini yumgancha inqillab-inqillab o‘tirdi. 
– Bilmadim, buva, tabibga ko‘rsating. Chiqqan, singanni ular biladi, – dedi Mahmud do‘xtir oxiri nima qilarini bilmay. 
Shundan so‘ng Haydar bobo «Qanaqa do‘xtirsan-e? Bo‘pti, boraver» deya do‘xtirga javob berib yubordi va yana Alimardonga iltimos qildi. 
– Ulim, yaxshiyam sen bor ekansan. Sadag‘ang ketay, men momoni oldida bo‘lay, sen bizni otni min-da, Mardi tabibni chaqirib kelib ber endi.
Narigi qishloqdan bir soatlarda yetib kelgan tabib cholning ijozati bilan momoning sonlarini lozimi ustidan uqalab-uqalab, tizza va bel suyaklarini bosib-bosib ko‘rdi-da, yelka qisdi. 
– Hammasi joyida-ku, buva?
– Qiziq gapirasan, Mardi, – g‘ijindi chol. – Hammasi joyida bo‘lsa, seni chaqirarmidim. Ko‘rayapsan-ku, oyog‘ini bosolmayapti.
Shunda Zaynab momo bir zum jim qoldi-da, sekin eriga dedi:
– Hech narsani sezmayapman.
– Nima? – Haydar boboning rangi oqarib ketdi.  
– Tavba de-e, kampir, tavba de.
Bu gapni eshitib, tabibning ham quti uchdi.
– Buva, unday bo‘lsa, momoni shaharga olib borish kerak. Travmatologiyada o‘n kun yotsa, otday bo‘lib ketadi. 
Haydar bobo tabibning aytganini qilib, o‘sha kuni Alimardonga uyiga ko‘z-quloq bo‘lib turishini tayinladi va mashina topib, kampirini tumanga olib ketdi. Shifokorlar umurtqa pog‘onasi singanini aytishdi va operatsiya qilib, oylab davolashdi, ammo Zaynab momo tabib aytgandek otday bo‘lib ketmadi. Shaharga qay ahvolda borgan bo‘lsa, yana shu ahvolda qaytdi. Endi uning bir tomoni, tanasining chap qismi ishlamas, qo‘l-oyoq hech narsani his qilmasdi. Kampir butunlay falaj bo‘lib, to‘shakka mixlanib qolgan, chol esa goh kampiri yonida, goh mol-holning tagida ovora-sarson. Qizlari shu yerda. Bir kuni o‘g‘li ham keldi, ammo Haydar bobo uni uyga kirgizmadi. 
– Yo‘q bo‘l, ko‘zimga ko‘rinma! Mening senday bolam yo‘q! – deb yubordi jahl ustida. O’g‘il bo‘yni qiyshayib qolgandek orqasiga qaray-qaray iziga qaytib ketdi. Bir-ikki marta «Ota, ota...» deya og‘iz juftladi, ammo Haydar bobo uni gapirishga ham qo‘ymadi.
Ikki katta qiz o‘n kun almashib onasiga qarashdi. Kichkina qizam kunora kelib turdi. Opa-singillar nima qilishini bilmay sim karavotga yotqizib qo‘yilgan volidalari poyida o‘kinib-o‘kinib yig‘lashdi. Shunda ota ularga haq gapni aytdi. 
– Qizlarim, hammasi xudodan. Baring to‘dalashib enangdi yuragini ezmanglar-da, uylaringga boringlar. Sizlarniki ham ro‘zg‘or. – U shunday deya katta qiziga yuzlandi. – Sen to‘ng‘ichingni yana qoldirasan. Kir-chir, ovqat-poqatga qarashib turadi. Qolganiga o‘zim, peshanadan ko‘raman...
– Akamni chaqirsak bo‘lardi, – dedi kenja qizi. 
– Buncha qaysar bo‘lmasangiz,– dedi katta qiz.
– Ota, – dedi-yu, davomini aytolmadi o‘rtanchasi. Onasining oyog‘ini quchoqlab, uvillab yig‘ladi. 
Endi qizlar kunda-kunora xabar olib turar, Haydar bobo esa bilganidan qolmasdi. Kampirining yonginasidan yerga to‘shak soldirib yotar, bir kecha-kunduzda necha bor ko‘tarib hojatiga olib chiqar, yana kiritib yotqizar, bomdodga juda barvaqt turar, tahorat qilib kelgach joynamoz ustida uzoq qolib ketar, Xudoga yolvorib, kampiri dardiga shifo so‘rab o‘tirardi. 
«Ey, Parvardigor, qarigan chog‘imda nega meni bu ko‘ylarga solib qo‘yding? Bu bilib-bilmay qilgan gunohlarim javobimi yoki qaysarligimning sinovimi? Mayli, sevgan qulingga dard berasan, shifosini ham o‘zing bergin. Bandangga yaxshilik qilay desang, birovlarga hojatmand qilib qo‘yasan. Ishqilib, yuzimizni yorug‘ qil. Salkam qirq besh yillik yo‘ldoshimni, qirq besh yil boshimda ko‘targan odamimni yana aziz qilding. Bu sinovlarni yengib o‘tishda o‘zing sabot ber, saodat ber, Tangrim. Sendan o‘zga madadkor, xaloskor yo‘q»!
Qizlarining ketganiga ikki kun o‘tmay, bu xabarni kim yetkazgan, kenja o‘g‘li xotini bilan kirib keldi. Haydar bobo o‘g‘lini ko‘rib ko‘zlariga yosh oldi va bunaqa odati yo‘q edi, o‘g‘lini bag‘riga bosdi. Er-xotin onaning ahvolini ko‘rib, yig‘lashdi. Zaynab momo ham o‘zini bosib turolmadi. 
– Qarigan chog‘da shunday birovga qarab qoldim, bolam, – dedi u karavotdan boshini arang ko‘tarib. So‘ng cholining yordami bilan bolalari battar ichikmasligi uchun turib, bir pas oyog‘ini osiltirib o‘tirdi.
Aslida nima bo‘lganini eshitib, kenjaning esxonasi chiqib ketay dedi.  
– Toshkentga oboramiz, – dedi nima qilarini bilmay.
– Yo‘q, – afsus bilan bosh chayqadi ota. – Foydasi yo‘q, qarichilik.
– Oltmish bir yosh qarilikmi? – kenjaning ko‘zlariga yana duv-duv yosh quyildi. – Sakson, to‘qsonlar qaerda qoldi? Yo‘q, ota, enamni Toshkentga olib ketaman!
– Menam bilmasam gapirmasman... – dedi-yu, Haydar bobo ham hiqillab yig‘lab yubordi.
Kenja o‘g‘il o‘sha kunning o‘zida onasini Toshkentga olib bordi. Vrachlar umurtqa joyiga tushmagan, falaj deb tashxis qo‘yishdi, qayta operatsiya qilishdi, ammo hech narsa o‘zgarmadi. Shifokorlar buni qarichilik va tanadan shijoatning yo‘qolib borayotganligiga yo‘ydi. Shunda o‘g‘il noiloj onasini olib, yana qishloqqa qaytdi. Hech nima qilolmagani uchun qattiq iztirob chekdi. Nachora, osmon yiroq, yer qattiq. 
– Hozircha keliningiz sizga yordam berib turadi. Men ham hafta oxirigacha ariza yozib, ishdan bo‘shab kelaman, – dedi otasiga. – Bunday qarab tursak bo‘lmas. Tabib-pabiblarga oborish kerak. Enam shunday yotsa, mening olimligim kimga kerak? 
O’g‘il o‘zini qo‘yarga joy topolmas, uy ichida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. 
– Ulim, – dedi Haydar bobo o‘g‘lini tinchlantirish uchun. – Xudo dard beribdimi, nasib bo‘lsa, bir kun shifosini ham beradi. Mayli, yuz yil shunday falaj yotsayam o‘zim qarayman. Bo‘pti, kelin qolsin, ammo sen ketasan. Olimliging menga kerak! Senga bu joylarda noming chiqmay o‘tishingni xohlamayman, deganman. Esingda, a? Ulim bo‘lsang, aytganimni qilasan! Faqat tez-tez xabar olib tur. 
Haydar bobo shunday deya kenjasini shaharga qaytarib yubordi. Kelin uch oylik o‘g‘ilchasi bilan yonida qoldi. Shunda qaysar chol katta nevarasiga ham javob berib yubordi. Yana odatiy kunlar boshlandi. Haydar bobo joynamoz ustida uzoq qolib ketar, kelin sigir sog‘ib, choy damlab kelguncha kampiri yonida o‘tirib, so‘ng birga nonushta qilar, ba’zan chirqirab yig‘lab qoladigan nevarasini tebratar, gohida qo‘liga olib, munchoqdek ko‘zlariga tikilib o‘tirar, bir yonida yoshlik ramzi – ko‘zlari kulib turgan, kulgulari olam yorituvchi yosh go‘dak, bir yonida qarilik va dunyo o‘tkinchi ekanligini bo‘yniga olib borayotgan kampiriga qarab turib, yuraklari kuyardi. Zaynab momo qattiq siqilaverganda, hojatga chiqmoqchi bo‘lganda, ko‘tarib tashqariga olib chiqar, so‘ngra alam va iztiroblariga chidamay o‘zini goh ichkariga urar, ko‘pincha uyga kirishga yuragi betlamay nevarasini ko‘targanicha hovli aylanib yurar, qirga chiqar, og‘ildagi mollarga qarab, tomorqada ishlar, kundan-kunga so‘lib borayotgan kampirining tuzalishiga umid bog‘lab yashardi.
Haydar bobo shu tarzda to‘rt yarim yil yashadi. Bu vaqt ichida cho‘kib, butun o‘y-xayoli, orzu umidi, hatto olgan nafasi, o‘zligi ham kampiri bo‘lib qoldi, ammo beshafqat taqdir Zaynab momoga qayta ikkala oyoqni birdan bosib tashqariga chiqishni nasib etmadi. So‘nggi bir yarim yil ichida tamomila to‘shakka mixlanib qoldi. Bir-ikkita tengqurlari Haydar boboga yo‘l-po‘lda uchrashib qolganda «Haydar, senga qoyil. Buncha diydang qattiq bo‘lmasa» deya uning bardoshiga tan bersa, «Bundan ko‘ra, boshqasiga uylansang-chi?» deguvchilar ham bo‘ldi. Bunday paytlar Haydar bobo shunaqa sassiq gap qilib jig‘iga tegayotganlarning jag‘ini qulog‘i orqasiga o‘tkazib, qaytib tilini chiqarolmaydigan qilib qo‘ymoqchi ham bo‘lar, ammo ko‘z ko‘zga tushadi, deb o‘zini bosar, ularga tikilib turib-turib, «Omin» deya davradan chiqib ketardi. Uyga kela-kelguncha ich-ichidan kuyinib yig‘lar, uyga kelgach kampirining etsiz qo‘llarini ushlaganicha kirtayib qolgan ko‘zlariga tikilib o‘tirardi. Shunday unsiz termulish va so‘zsiz muloqotlarning birida, erta saharda Zaynab momo bomdodni o‘qib, yonginasidan kelib o‘tirgan cholining qo‘lini ushlab turib, dedi:
– Sizniyam ko‘p qiynadim-a? Lekin sizday tog‘im borligidan boshim osmonga yetadi. Men baxtli ayolman. Siz mard odamsiz. Meni kechiring. Mendan rozi bo‘ling...
– Kampir? Ehh... bu... – Haydar boboning yuragi shuv etib, gapi bo‘g‘zida qoldi. Zaynab momo uning so‘nggi so‘zlarini eshitishga ham bormadi. Yostiqda turgan boshi «shilq» etib sirg‘alib ketdi. 
Haydar bobo kampirining boshini ko‘tardi-yu, o‘kirib yig‘lab yubordi. Qirq sakkiz yil ardoqlab kelgan kampirini to‘rt yarim yil qo‘llarida ko‘targan inson yana uni o‘z qo‘llari bilan so‘nggi manziliga qo‘yib kelayotganida dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib, o‘zi-da hushdan ketdi. Hamqishloqlar yuziga suv sepib, o‘ziga keltirishdi, ammo boboning ko‘zlari yarim kunda kirtayib, yelkalari cho‘kib qolgandi. Chol judolikdan kuyib, xuddi yongan daraxtdek qorayib, ketayotgandi. Uyga kelib ham o‘zini o‘nglolmadi. Uy oldidagi kursiga o‘tirdi-yu, boshiga kelib, hadeb kechirim so‘rayotgan, onasining o‘limida o‘zini aybdor sanayotgan to‘ng‘ich o‘g‘lining yuziga ham qaramasdan, hech narsaga tushunmay ko‘zlari jovdirab turgan nevarasini bag‘riga bosganicha piq-piq yig‘ladi. Uyga kirishga yoki avvalgidek qirga chiqib, Tangriga tavallo qilishga ham irodasi yetmadi. Shunchalar bo‘shashib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydiki, kelgan-ketgan bilan ham ishi bo‘lmay qoldi. Azadagilar tarqalgach, kenjasi boboning qo‘ltig‘idan tutib, yalinib ichkariga kirgizdi. Haydar bobo ichkariga kirishga kirdi-yu, o‘g‘liga «Bolam, o‘zing ko‘z-quloq bo‘l» deb o‘zini kampiri yotgan karavotga tashladi. Birov uning na uxlayotganini bildi, na nafas olayotganini... Yarim kecha, yig‘i-sig‘i tinganda kenjasi xotiniga issiq choy olib kelishni ta-yinladi va otasini uyg‘otmoqchi bo‘lib engashdi-yu, o‘kirib yubordi. 
Bobo allaqachon o‘zini Haqqa topshirgan ekan... 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.