Azim Haybarovich ikki yordamchisini ergashtirib auditoriyaga kirganda «Hozir dekan keladi», deb shivirlagan talabalar «guv» etib o‘rinlaridan turishdi va jo‘r ovozda salom berishdi. Alik olingach, hozirgina «205ga kiringlar», degan o‘qituvchi rahbariyatni tanishtirib unga so‘z berdi. Fakultet dekani, avvalo, yig‘ilganlarning barchasini talabalik baxtiga muyassar bo‘lganliklari bilan tabrikladi, ularning kelgusi ishlariga omad tilab, universitetning ichki tartib-intizomlari haqida gapirib, maqsaddan og‘ishmaslikni ta’kidladi. Shundan so‘ng ro‘yxat bo‘yicha ularning har biri bilan tanishishni boshladi. Azim Haybarovich tanisha turib, baland bo‘yli, kelishgan, qosh-ko‘zlari qop-qora, chayir bir bolaning ism-familiyasini o‘qigach unga tikilib qoldi.
— Nazarov, siz qaerdansiz?
— Nurobod tumani, Tim qishlog‘idanman, — dedi iymanibgina yigit.
— G‘olib, ota-onangizning kasbi nima?
— Otam oddiy ishchi, onam uy bekasi… — boshqa talabalardan farqli, G‘olib hech qaerda ishlamaydigan, dehqonchilik va chorvadan kun ko‘ruvchi ota-onasi haqida gapirganda partaning tagiga kirib ketgudek bo‘lmadi. Azim Haybarovich «Nahotki uning o‘g‘li bo‘lsa?» deya qarab qoldi. Auditoriya ichi issiq bo‘lmasa ham, cho‘ntagidan dastro‘molcha chiqarib, bo‘yni va peshonasini artdi. G‘olib ajablandi: fakultet dekani nega bunaqa tikildi?
Ota-onasining ishongan tog‘i bo‘lgan o‘olib ikki yil deganda talabalik baxtiga muyassar bo‘lgandi. O‘g‘lining o‘qishini nomusday muqaddas sanagan otasi va umri qishloqdan nariga chiqmay o‘tayotgan onasining yagona umidi edi u. O‘shanda yig‘lab yuborgan onasi o‘g‘lini bag‘riga bosib:
— G‘olibjon, otangning armonlari haqqi, sening va ukangning o‘qishi uchun bir umr uyda tomorqada ishlab, mol qarashga ham roziman, — degandi. G‘olib bu so‘zlarni bir daqiqa bo‘lsin yodidan chiqarmas, xotirasida bayroq qilib ko‘tarib yurardi. U neki bir ish qilmasin, ortida otasining armonli nigohi, onasining mahzun chehrasi boqib turganini his etar, umri mehnatu zahmatda o‘tayotgan oilasi uchun yorug‘lik bo‘lishga intilardi.
Kunlarning birida Azim Haybarovich G‘olibni qabuliga chaqirdi.
— Kecha yotoqxonaga borgandim, qorovul Toshpo‘lat aka kechki paytlarda bir o‘zi qiynalayotganini, iloji bo‘lsa, yordamchi kerakligini aytdi. Shunga sizni o‘yladim, kechki soat oltidan to o‘ngacha Toshpo‘lat akaga yordam bering. O‘zingiz yashayotgan joy, begonalar kirishiga yo‘l qo‘ymang.
G‘olib avvaliga hayron bo‘lib, biroz g‘ijinib turgan edi, biroq oxirgi gapni eshitganidan keyin o‘ylanib qoldi.
— Mayli…
Buni eshitib, Azim Haybarovichning yuziga tabassum yugurdi.
— Bugundan ish boshlang, ammo bu o‘qishingizga ta’sir qilmasin. Sizdan umidimiz katta…
G‘olib dekanatdan chiqar ekan, yana hayron bo‘ldi. Azim Haybarovich nega unga buncha mehribonlik qiladi? Bo‘lmasa, fakultetda undan boshqa to‘rt yuz talaba bor… U buning barchasini yaxshilikka yo‘ydi va dekan oilaviy sharoitimizni bilgani uchun yordam qilyapti, deb o‘yladi. O‘sha kuni xonadosh kursdoshlariga «Qorovulning oldiga tushib kelay…» deb Toshpo‘lat akaning yoniga keldi va Azim Haybarovich yuborganini aytdi.
Roppa-rosa bir oy to‘lgan kun Toshpo‘lat aka o‘olibga bir bog‘lam pul berdi.
— Bu nima? — hayron bo‘ldi G‘olib.
— Oyliging.
Kunlar, oylar shu tarzda o‘tar, G‘olib universitetda ustozlar e’tiboriga tushib borar, yotoqxonadan oylik olar, uydan bir so‘m ham pul so‘ramas, o‘z kunini o‘zi ko‘rar, qishloqqa borganida ota-onasi va ukalariga sovg‘a berganida onasi ko‘zlarida yosh bilan «Bolajonim-a, o‘zingni qiynab, kechasi qorovullikka turayapsanmi», deb kuyunar, ota esa xuddi bu yerda bir sir borday o‘ylanib turib, oxiri buning tagiga yetolmagach, o‘g‘lining aqlli tadbiri va Toshpo‘lat akaning tantiligiga qoyil qolardi.
— Ishqilib, yegan noningni halollab yurgin-da, bolam… — derdi. So‘ng bir shaharga borib, o‘g‘lining o‘qishi va yashash tarzi bilan tanishishni niyat qilar, ammo darrov fikridan qaytar, «O‘g‘limni xijolatga qo‘yamanmi…» deb o‘ylardi. Chunki bir oyog‘i tizzasidan yo‘q edi. Chap tomonida qo‘ltiqtayoq bilan yuradigan, avtobus va poezdlarda qimtinib, odamlarning rahmini keltirmaslik uchun ham u, odatda, uydan uzoqqa chiqmas, neki yumush bo‘lsa, ayoliga ishonardi. G‘olibni birinchi marta shaharga olib kelgan ham onasi edi…
G‘olib endi universitetda o‘tkazilayotgan ilmiy konferentsiyalarda qatnashar, ma’ruzalar qilardi. Azim Haybarovich esa undan umidi katta ekanini ta’kidlash va ilhomlantirishdan tolmasdi. Uchinchi kursga o‘tganida yana yoniga chaqirdi:
— G‘olibjon, bilasiz, sizni doim kuzatib yuraman. O‘qishlaringiz, yotoqxonadagi Toshpo‘lat akaga qilayotgan yordamlaringizdan xabarim bor. Ilmiy konferentsiyalarda chiqishlaringiz ham yaxshi. Izlanavering. Nasib bo‘lsa, sizni o‘zim fakultetda olib qolaman. Ko‘proq o‘rganing, ilmiy maqolalarni ham o‘qing. Shuning uchun sizga bir taklifim bor. Manavi, universitet gazetasida ish bor ekan. Musahhihlik. Musahhih nima ish qilishini bilasiz-a? — Dekan musahhihlik haqida batafsil tushuncha berib, — Hozir borsangiz, gazetaning muharriri sizni kutib turibdi. Boring, shu ish bilan ham shug‘ullaning, — dedi.
G‘olib dekanatdan oldingidan ham battarroq hayratlanib chiqdi. Ba’zan birovning salomiga alik olmaydigan, qo‘rslanib, baqirib qoladigan dekanning unga bunday yaxshilik qilishlariga tushunolmadi. So‘ng barcha o‘qituvchilar o‘zlariga bir-ikkitadan ishonchli shogird oladi va ularni har jihatdan qo‘llaydi, balki shunday qilayotgandir, degan xulosaga kelib, universitet gazetasi tahririyatiga bordi. Muharrir uni kutib turgan ekan, yaqindan tanishib olgach, ikki-uchta maqolani qo‘liga tutqazdi va xatolarini to‘g‘rilashni buyurdi.
G‘olib keyingi ikki o‘quv yilini fakultet va tahririyat orasida o‘tkazdi. Kechqurun yotoqxonada Toshpo‘lat qorovul yonida bo‘ldi. Endi uning bo‘sh vaqti kam, ammo o‘ylash va o‘qish uchun imkoni ko‘p edi. Yashash tarzida muammosi bo‘lmagan va ikki joydan maosh, tag‘in stipendiya ham olayotgan G‘olib ortgan pullarini ota-onasiga berar, kelajakda magistraturaga ham kirib o‘qish niyatida yurardi…
Mashqda qiynalgan — jangda dovyurak bo‘ladi. To‘rt yil ham o‘qigan, ham o‘zini toblab kelgan G‘olibga magistraturaga kirish qiyin bo‘lmadi. O‘zini magistr talabalar ro‘yxatida ko‘rgan G‘olib bu quvonchli xabarni tezroq ota-onasiga yetkazish uchun qishloqqa qaytdi. O‘g‘lining yutug‘idan quvongan ota to‘rt yildan beri ko‘ngliga tugib yurgan niyati ijobat bo‘lganini angladi va o‘sha kunning o‘zidayoq bir qo‘yni so‘yib, o‘g‘li bilan shaharga yo‘l oldi…
Ota tezroq fakultet dekani bilan uchrashishni orzu qilar, o‘g‘liga qilgan beminnat yordamlari uchun rahmat aytgisi kelardi. Biroq ular shaharga kelgunlaricha qorong‘u tushdi. G‘olibning esa talabalar yotoqxonasidan boshqa boradigan joyi yo‘q edi.
Ular yotoqxonaga kirishayotganda G‘olib Toshpo‘lat akaga xaltadagi go‘shtni muzlatgichga qo‘yishni, so‘ng mehmon kelganini aytib, gurungga chiqishini so‘radi.
— E, bu kishi dadangmi? — dedi qorovul hayratlanib. So‘ng xato qilganini angladimi yoki boshqa narsani o‘yladimi, o‘ziga-o‘zi ming‘irlab «Hamma gap bu yoqda ekan-da…» deb yubordi. G‘olib buni eshitmadi.
— Toshpo‘lat aka, chiqing. Otam bilan gurung qilasiz, — dedi.
— Albatta chiqaman. Meni ham o‘zi otangga aytadigan gaplarim bor.
Ota yaqin orada bunday zinadan chiqmagan edi, charchab hansirab qoldi, ammo o‘g‘lining kitob to‘la xonasiga borgach barcha charchoqlarini unutib yubordi.
— Endi, o‘g‘lim, bitta osh damlanglar. Hademay anuv amaking ham kelib qoladi…
G‘olib yotoqxonadagi qizlarga iltimos qilib osh damlatdi. Xonadosh do‘stini bozorga chiqarib, yana ul-bul olib keltirdi. Orada Toshpo‘lat aka ham chiqdi. U G‘olibning otasi bilan tanishib olgach, o‘g‘li haqida ko‘p iliq gaplar aytdi. Otaning «O‘g‘lim bilan shuncha yil ishladingiz. Qanday bola o‘zi u?» degan savolidan so‘ng to‘rt yildan beri yashirib kelayotgan sirni aytib qo‘ydi.
— Ismingizni Azamat aka dedingizmi, — dedi G‘olibning otasiga qarab. Tasdiq javobini olgach, so‘zida davom etdi. — Azamat aka, bugun bu yerga kelib yaxshi qildingiz. O‘g‘lingizning yashashini ko‘rdingiz, do‘stlari bilan tanishdingiz. Ertaga o‘qish joyini ham ko‘rasiz. Ammo meni qoyil qoldirgan narsa o‘g‘lingiz emas, uning ustozi.
Hamma qotib qoldi. G‘olib bir Toshpo‘lat akaga, bir otasiga qaradi, unga tikilib turgan xonadoshiga ko‘zi tushib, yelkasini qisdi.
— Azamat aka, sizga aytsam, G‘olibning ustozi Azim Haybarovich yaqin do‘stingiz ekan… — dedi. So‘ng G‘olibga qarab: — G‘olibjon, endi yashiradigan sir yo‘q. Bugun dadangga hammasini aytaman. Azamat aka, sizga aytsam, aslida yotoqxonada qorovul bo‘lib ishlagani yo‘q.
— Ie? — deb yubordi Azamat aka. — Qanaqasiga? Axir oylik olgan-ku?
— Hamma gap shunda-da, aka. O‘sha do‘stingiz Azim Haybarovich G‘olib sizning o‘g‘lingiz ekanligini bilgach, menga kelib aytdi: “G‘olib degan bolani sizga yordamchi qilib yuboraman. U endi ishga kirganini, bo‘ynida mas’uliyat borligini bilsin, ammo ishlatmang”, dedi. Nega desam, «Qorovullikda bunaqa «yordamchi» degan shtat yo‘q. Men do‘stimning hurmati haqqi, unga yordam bermoqchiman. Ammo mening yordam berayotganimni u bilmasin. Shuning uchun yoningizga qo‘yyapman. Siz har kuni uni ishlatayotgandek yoningizda olib o‘tiring-da, keyin javob berib yuboring», dedi.
O‘rtadagi noqulay sukunatni G‘olib buzdi:
— Menga oylikni kim berardi?
— Oylik deb dekaning yordam puli berardi… Axir, biror marta oylik uchun biror hujjatga qo‘l qo‘yganing yo‘q-ku?!
— Astag‘furullo! — deb yubordi Azamat aka. G‘olib esa boshidan sovuq suv quyilgandek karaxt bo‘lib qoldi. Endi hammasining tagiga yetish uchun tezroq dekan bilan uchrashish va buning sababini bilish kerak edi.
— Dekaning Azim Haybarovich qaerlik o‘zi? — dedi Azamat aka kutilmaganda.
— U kishi ham Nuroboddan. Ammo qaeridan ekanini bilmayman. Bu bilan qiziqqanim yo‘q. Bilganim, u kishi filolog emas, pedagogika fakultetini bitirgan.
Azamat aka birdan sergak tortdi.
— O‘ng qoshining ustida xoli bormi?
— Ha.
Shundan keyin ota boshqa savol bermadi. Negadir ma’yus tortib, charchaganini aytdiyu, teskari qarab yotib oldi.
— G‘olib, — dedi Toshpo‘lat aka qorovulxonaga qaytish uchun o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, — dadang bilan Azim Haybarovich o‘rtasida bir gap borga o‘xshaydi.
— Men hech narsaga tushunmay qoldim… Balki universitet gazetasidagi oyligim ham aslida yordam pulidir?
— Bunisini bilmayman, — dedi qorovul. — Bilganim, dekaning mard odam ekan. Men ham vijdonimga xilof ish qilmadim, deb o‘ylayman.
U shunday deya chiqib ketdi. G‘olib esa eshikka suyangancha dasturxon boshida hayron bo‘lib o‘tirgan do‘stini ham unutib, karavotda teskari qarab yotgan va negadir yelkalari qimirlayotgan otasiga qarab qoldi… «Otam yig‘layaptimi?», o‘yladi u, ammo borib qarashga yuragi dov bermadi…
Azamat aka o‘sha kech o‘g‘liga boshqa gapirmadi. Uxlolmadi ham shekilli, tuni bilan karavot simlari qitirlab chiqdi. Ertasi fakultetga chiqib borar ekan, negadir hayajonlanar, qo‘ltiqtayoq tutgan qo‘llari dag‘-dag‘ titrar, G‘olib esa otasiga nimadir bo‘layotganini sezsa-da, hech narsa so‘rolmas, faqat «Ota, charchab qolmadingizmi?» derdi. Azamat aka dekanatga yetganida negadir to‘xtab qoldi.
— Avval borib bil qani, dekaning o‘zi shu yerdamikan? — dedi.
G‘olib «lip» etib kirib, kotibadan dekanni so‘radi, xonasida ekanligini bilgach, darrov iziga qaytdi va otasini boshlab kirdi. Kotiba Azim Haybarovichning xonasiga mo‘ralab: «Domla, sizga kelishdi», dedi. So‘ng ortiga o‘girilib, «Kiraverarkansizlar», dedi.
Avval Azamat aka, izidan G‘olib dekan qabuliga kirishi bilan Azim Haybarovich o‘rnidan turib ketdi va ikki qadam tashlagach taqqa to‘xtadi.
— Azamat!..
Azamat akaning tili aylanmas, go‘yo yurishga-da madori yo‘q edi.
— Do‘stim… — Azim Haybarovich Azamat akaga yaqin keldi va uni quchoqlab oldi. Go‘yo bir lahzada ular butun o‘tmishni xotirlab chiqqandek kursiga o‘tirish o‘rniga bir-biridan gina qila boshlashdi.
— Azim, sendan juda qattiq xafa bo‘ldim! Men o‘g‘lim ishlayapti, o‘zi pul topayapti, desam sen yordam berib yurgan ekansan-ku? Nega bunday qilding? Nega unga o‘zingni tanitmading? — dedi Azamat aka dabdurustdan. — Axir, men seni kechirib yuborgan edim-ku?!
— Qorovul gullab qo‘yibdi-da? — dedi Azim Haybarovich. So‘ng uni o‘tirishga taklif qildi. Qarama-qarshi o‘tirib olishgach, tik qolgan G‘olib borligiga qaramasdan, endi yashiradigan sir qolmagani uchunmi, dekan ochiq so‘z boshladi. — Yo‘q. Sen meni kechirganing bilan o‘zimni-o‘zim kechirolganim yo‘q. O‘shanda sen meni qutqarib qolmaganingda balki hozir to‘shakda nogiron bo‘lib yotgan bo‘lardim yoki… — Azim Haybarovich gapining davomini gapirolmay qoldi. — O‘shanda… sevganim tashlab ketgan, dunyo ko‘zimga qorong‘u, xullas dalli devonaday katta yo‘ldan kelayotgan edim. Agar sen ko‘rib qolmaganingda va kelib meni yo‘ldan itarib yubormaganingda holim nima kechardi, bilmayman. Sen esa meni qutqarib, o‘zing mashina tagida qolib ketding. Davolanding, keyin o‘qishni tashlab ketding. Men esa seni yo‘qlab borolmadim. O‘qishlarga, ishlarga chalg‘ib ketdim. Xudo haqqi, oyog‘ingni kestirib tashlaganingni bilmas edim. Meni kechir, Azamat. G‘olibga nima qilgan bo‘lsam, chin ko‘ngildan qildim. Ammo o‘zimni tanitmadim. Sababi, ko‘ngli o‘ksimasin, dedim. U yaxshi bola. Universitet gazetasida o‘zining ham xizmati katta.
— U yerda ham o‘zing oylik berdingmi?
— Qo‘yaver, muhimi bu emas. Muhimi, o‘g‘ling bilimli va umidli mutaxassisga aylandi. O‘z bilimi bilan magistraturaga kirdi. Endi uning yo‘li porloq. Lekin, Azamat, meni bu ishlar uchun kechir. Men nima qilgan bo‘lsam, o‘g‘lingga yaxshi bo‘lsin, deb qilganman. O‘zimni tanitmaganimning yana bir sababi… ba’zan haqiqat va yaxshilik sirli bo‘lgandagina maqsadga to‘g‘ri olib boradi… Do‘stim, men baribir oldingda gunohkorman. Yana bir umidim, shu yo‘llar bilan o‘z gunohimni biroz bo‘lsa-da yuvish edi…
Azamat aka hech narsa deyolmadi. O‘girilib o‘g‘liga qarasa, G‘olib yig‘lab o‘tiribdi. Bu quvonch ko‘z yoshimi, hasratmi bilib bo‘lmas edi. Biroq, otasining qo‘ltiqtayoqda yurish sababini, yigirma uch yillik sirni bugun bilayotgan edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 32-son