OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xolmuhammad Karimiy. Qaytish (hikoya)

Tong yorishgan mahal qishloqdan ayg‘irning depsinib kishnagani, itning g‘ingshib hurgani, sigirning iyib mo‘‘ragani eshitildi. Kim o‘zarga basma-bas kekirdak cho‘zayotgan xo‘rozlar qichqirig‘idan cho‘chigan chaqaloq big‘illay-big‘illay, ko‘krak so‘rib yutoqib jimib qoldi. Bog‘ tarafda erkak yo‘taldi. Go‘yoki yonarqurt yanglig‘ uchib-qo‘nayotgan yulduzlar duv-duv to‘kilib darchalarga qo‘ngancha porlay boshladi. O‘choqlarda olov yolqinladi. Kelinchaklar sarishtasiga belgi bergan g‘uborlar hovlilardan osmonga o‘rlardi...

* * *

Quyosh bosh ko‘targanda odatdagidek Obod kelin loysupaga joy tashladi. Kosadagi qaymoqdan xom sut hidi taralib ishtahani qitiqlar, dasturxon boshida o‘tirgan Suluvmomo og‘ir xayolga cho‘mgan, he yo‘q, be yo‘q uydan chiqib ketgan o‘g‘lining yo‘lida ko‘zi qotgan. Yegani ichiga tushmay, dardi sirtiga chiqmay, shum taqdir dastidan odamlar ko‘ziga ko‘rinishdan bezillab, hovlida o‘z dunyosiga ko‘milib o‘tiradi: «Bu bolasi tushmagur kimdan arazladi ekan-a? Umri bino bo‘lib birovning betiga tik qaragan emas. Kim nima aytsa qosh qaytarmay bajarib yurgan bo‘lsa. Shuytiblar xizmatdan bezdi-yov, ay taqdir-a, uni mehnat uchun tuqqan ekanman. Eh bolam-a, qani o‘sha mardaklardan birovi otingni tutib eshikdan bosh suqqan bo‘lsa... Mabodo xotini biror achchiq-sovuq gap aytgandir desam, o‘libdimi, kelinning fe’li undaymas. Kelin yumshoq fe’l, jo‘jabirdek to‘rtovning onasi. Shu kungacha erining ortidan ham g‘iq etib nolimadi.
Bir kechada ketdi-qoldi. Ketganiniyam o‘zi bilan opketgan lash-lushidan bildik, tovba. Bu bolaning xabari chiqmadi, uncha-munchani og‘ir oluvchi bo‘lmasa, qaysi qahri qattiq uni ranjitgan ekan-a? Xudoyim-a, bolamni eson-omon bag‘rimga qaytar».
Obod kelinni ham bir dard o‘rtaydi. Eri daraksiz ketib qolgan damlarda avvaliga bir yengil tortib, shu latta kesmasning boridan yo‘g‘i deb o‘yladi. Lekin kunlar o‘tib asta-asta qadri bilindi. Uy huvillab qolgandek, yeb-ichishda ham, yotib turishda ham halovat yo‘qoldi. Egasiz yaloqqa sayoq yurganning bari suqlanarkan. Ustiga-ustak go‘daklari otasi poytaxt ketganini, hali ko‘p pul olib kelishini chuldirashib bir-biriga maqtanishganida Obod kelin qafasga tushgan qushdek pitirlab qoladi.
— Dugonamga achinaman, bechoragina yesir qolib ne ko‘rgiliklarni ko‘rmadi. O‘lmas oting o‘lgur yigit ham mushtiparlarni cho‘lu biyobonlarda qoldirib ketdi, — degancha urchug‘ini yana aylantirishga tutinadi Suluvmomoning qadrdoni. — Bir bo‘sh-bayov, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bolasining qilig‘i quyushqondan chiqdi. Yuvosh qochag‘ondan qo‘rq deb yaxshilarimiz topib aytgan ekan. Asli erkagining bari shu kampirning sho‘riga bitgan ekan, egachijonlar-ov. Yerga ursa, osmonga sapchiydigan er «jonivor» ham o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib, Suluvni boshqorasiz qoldirib o‘ldi-ketdi. Arslondan ko‘ppak deganlari chin ekan, bo‘lmasa shunday olov erkakdan o‘ngirini sudragan bir mullamishiq yodgor qolarmidi?
Kampirlar urchuqlari kalavalansa hamki, o‘zlari to‘qiyotgan ehtimollarni bir-bir sanamagunlaricha xumorlari bosilmasdi.
Elakka borgan xotinning ellik og‘iz gapi bor deganidek, Obod kelinning tengqurlari ham biror sabab-bahona eshik qoqib borgandami, hasharu oshardami hasratlashar ekan, gap aylanib shu O‘lmasga kelardi.
— Ko‘rgan kuni birovlarning xizmatini qilib yurgan lapashangga-ku Oboddek xotin hayf edi, — deydi O‘g‘iloy o‘ktamona. — Shunday er menga ro‘para bo‘lmaydi-da... Bu dardisar erkakka o‘xshab chirpinib yurgan bo‘lganda ham bir go‘r edi. Turgan-turishi bir po‘choqqa joy-u, yana nimasiga dovruq soladi, hech tushunmayman.
Uning gapini boshqalari ham quvvatlagandek ko‘rinsa-da, ammo har biri o‘z bilganlaricha ichini bo‘shatishadi.
— Dovruq solib nima qilibdi. Birovga ozori tekkan bo‘lmasa, bolam-chaqam deb yurgandir-da. Erta-indin o‘g‘il uylantiradi, qiz chiqaradi. Bir og‘iz aytmay ketgan bo‘lsa, osmon uzilib yerga tushmas. — deya O‘g‘iloyning so‘zini bo‘ladi Gulsum.
— Men Obod egachimni o‘ylab aytayapman, ming qilsa ham boshida qora edi. Mana, tomorqasi ham cho‘llab yotibdi, — deydi O‘g‘iloy kurk tovuqdek hurpaygan juvonlarga suv sachratgandek qilib.
Xotin-xalajning ko‘zidan nari deb Qo‘shbuloqning chollari ham o‘zlariga makon qilib olgan Jo‘rajuvozning chaylasida ertayu kech gurung urib yotadi.
— Jo‘raboy, boqqa qarov yaxshi bo‘lmayaptimi, yildan-yil fayzdan ketyapti? Bu ketishda chaylangiz ham boyo‘g‘li qo‘nog‘iga aylanadi-ev, — deydi chollardan biri.
Jo‘rajuvoz bog‘iga achinish bilan razm solarkan, bog‘ devorlari nuragani, omonatgina qadab qo‘yilgan tol dastaklari orasidan mol kirib-chiqib payhon qilgani, singan shoxlar qurigani, bir chetdagi uyulib yotgan shox-shabbalarda arilar uyalab uchib-qo‘nib g‘ujg‘on o‘ynashayotgani, ola-quroq soya solgan daraxt ostida o‘tlarning mol tuyog‘idan tuproqqa qorilib yotganiga qarab turib, peshonasi tirishgancha:
— Nimasini aytasiz, O‘lmas amak ketib qolgandan beri qo‘l solishadigan bo‘lmayapti, mardifaqir bir og‘iz aytishim bilan kelib tongni shomga ulab qora terga botib ishlardi. Manov kokildor oliftalarning qishloqda salanglashdan boshqa ishi yo‘q, necha aytdim bir qarashib yuboringlar quruq qo‘ymayman, deb, gapim havoga uchgani qoldi. Ay, ay, shu O‘lmasning qadri bilindi.
— Jo‘raboy, odamning farqiga bormas ekansiz, kim biladi u pismiq nima hunarlar ko‘rsatib yuribdi. Bir kuni bir qalamqoshni yetaklab kirib kelsa, nima deysiz? — deydi bir Safar bobo quvlik bilan.
Chollar bu gapdan bulkillab kulishadi.
— Hay, hay, boladek nodon bo‘lmanglar, burungilar xotin-xalajning mish-mishiga beparvo bo‘lardi, — deydi chollarning gapidan ensasi qotgan Do‘stmurod oqsoqol.
— Ho‘-o‘o‘ oqsoqol, bu gapingiz bilan chollarni ojizalarga tenglayapsizmi? — deya darhol ginalagan O‘rozboyni bir-ikki chol qo‘llab bosh irg‘agan bo‘lishadi.
Shu tariqa gurung boshqa tomonga burilib, chollar bir-biriga uzun-quruq gaplar aytishga tushadi. Dalig‘uli Egamberdi chol ham yonboshlab yotgan o‘rnidan qo‘zg‘olib, odatidek tizzasiga qo‘lini tirab do‘rillaydi:
— Ho‘ chollar, bunchalik maydakashlik qilmanglar, gurunglaringni eshitib o‘tirib bildim. Oqsoqol aytgan gap chippa-chin chiqayapti. Bunday erkakka o‘xshab yurt so‘raganning, dunyo kezganning orqasidan visirlashim nimasi, qani, ayt-chi, qaysing qishloqdan bir qadam nari chiqqansan, yana baringning karillashing boshqacha.
Egamberdi cholning gapidan keyin sovib qolgan gurung Jo‘rajuvoz keltirgan choy bahona yana qiziydi.
Bir tomoni baland tog‘lar, adog‘ida bepoyon kengliklar yastanib yotgan Qo‘shbuloq qishlog‘ida tomorqaga suv olish uchun oqar suvga eski-tuskidan band solaverib, endi odamlar ichar suvni Gulbuloqdan tashiydigan bo‘ldi. Buloq qishloqdan xiyla olisda. Bolalar eshakka ortilgan bidonlarini daranglatib katta buloq sari quvlashib-qiyqirishib qirlardan o‘rlab borishadi. Saraton sillasini quritgan qirlarda eshak tuyog‘idan ko‘tarilayotgan chang-to‘zonlarga bepisand yalangto‘sh bolalar uchun o‘yin-kulgi avjida.
— Jovli, sen Erkinni otasi tashlab ketgan deb o‘ylayapsanmi. Odamlarning gapiga qaraganda, hali O‘lmas amaki ko‘p pul ishlab kelarmish, — deb Boymirza eshagini buloqboshidagi butaning to‘moriga bog‘lay boshladi. Tirik yetimcha deb Erkinni yoqtirmaydigan Jovlining g‘ashi kelib, senga uyga vazifani ishlab berganidan bo‘lar-bo‘lmasga uning tarafini olasan, deya o‘smoqchiladi.
Mo‘ylabi sabza urmay turib oilaboshi bo‘lib qolgan Erkin, tengdoshlaridan barvaqt ulg‘ayganidanmi, tengqurlariga sal g‘alati ko‘rinardi. Ammo unga o‘zini chin oshna deb bilgan Boymirza so‘zlandi: «Yetimcha bizdan oldin kelib-ketibdi deganing uchun aytaman-da. U bizga qo‘shilib yursa, uyidagi ishini kim qilib beradi-a? Ayt-chi?».
Erkin haqida gap ochilishi bilan bolalar taraf-taraf chuvillashib ketishadi.
— Boymirza, sen bilmabsan, Erkinning otasi pul uchun ketgan emas, maqsadi boshqa ekan, — deydi Jovli ovozini baralla qo‘yib. Shu barobarida Erkinning tarafini olayotganlarni mot qilishni mo‘ljalga oladi.
Ammo Boymirza ham bo‘sh kelishni istamasdi.
— O‘zing aytding-a maqsadi boshqa deb. To‘g‘rimi? Hali oqsoqollarning gapini eshitmabsan-da. Bilasanmi, Davlaboyning ham hobboni qilig‘i ko‘p edi. O‘z boshini o‘zi yedi. Shu otaning bolasi deb O‘lmas amakini yomonlagan O‘rozboyni oqsoqol urushib beribdi. Qishloq suruviga oralagan jondorni quvib, Davla bechora jardan uchib o‘ldi-ku, bilib-ko‘rib ham iymondan ketmanglar-da endi, debdi.
Oqsoqolning gapini aytgan Boymirzaning so‘ziga ishonmayroq bir-biriga qarashgancha bolalar hayron qolishdi.
Dedi-dedi, mish-mishlar qishloq odatiga kirgan, hattoki kimningdir echkisi egiz tuqqanigacha bir maydon gapirilardi. Boshqa bir yangi mish-mish tarqalishi bilan oldingi gaplar unutilardi. O‘lmasning qishloqdan lom-mim demay chiqib ketgani ham allaqachon esdan chiqqan bo‘lsa-da, xizmatiga ehtiyoj tushgandagina onda-sonda eslanardi, xolos. Har kim o‘z tirikchiligi bilan andarmon.
Aslida, O‘lmas ham qishloqning hamma qatori bir yigiti edi. Bolalikdan bo‘sh-bayov bo‘lib o‘sdi. O‘rtoqlari biror bahona bilan futbol-mutbolda qolsa ham, O‘lmas uyga tez qaytardi. Uyga, onasiga mehri bo‘lakcha edi bolalikdan. Hamma tengqurlari qatori maktabni bitirgach, o‘qishga ham bormadi — o‘zi qiziqmadi. Sinfida birgina Botir o‘qigan bo‘lsa, uyam shu yerda — muallim. Maktabni bitirgan yilning kuzida uni uylantirib qo‘yishdi. Shu. Na shahar, na harbiyni ko‘rgan bu bo‘z yigit ko‘z ochib yumguncha mana to‘rtta ko‘zmunchoqday bolaning otasi bo‘pti. Endi ularning ham, keksayib borayotgan onasining ham, tashvishi gardanida. Shaharga borishga sira ko‘ngli chopmasdi uning. Ammo odam bolasining ichini bilib bo‘lmas ekan. Turib-turib shu O‘lmas-da toriqdi, ko‘ngli bir sanqishni tusab ketdi. Bir joylarga borgisi, begona birovlar bilan o‘zi bilmagan narsalar haqida suhbatlashgisi keldi. Ayniqsa, uni yanib o‘tirsada qishloqdan bir qadam jilmagan jufti halolining keng fe’lligiga ko‘nib, shundan totli bir qanoat tuyuvchi, lekin bu holni O‘lmasning o‘ziga aslo sezdirmaslikka urinuvchi Obodning, Obod kelinning chimrilibgina yumilgan qoshu ko‘ziga termulgan o‘sha kechani O‘lmas safarda ko‘p esladi. Xuddi onasiga achchiq qilgan yosh boladay, hazil qilayotganday turdi va ketdi. Vokzalga piyoda, choshgohda bordi, birovning yukini ortishib shahargacha tekin ketdi. Shaharda esa borishi hamon bir novvoyga yo‘liqdi. Novvoy ham o‘ziday, birovning xizmatida, ammo oilasi yonida edi. Shu ikkisi bir bo‘lib non yopib, sotib yuraverdi. Lekin har yengilning bir og‘iri bor-da, Usta O‘lmas bilan shartnoma tuzib oldi bir yilgacha faqat ish — pul so‘ng beriladi. O‘lmasday bo‘yni bo‘sh mardifaqirni qaydan topaman, degan gap ustaning xayolidan yil to‘lishi bilan tez-tez o‘taverdi. Lekin yil to‘lganda O‘lmas ham yorildi: ketaman aka, pulimni bermasangiz ham ketaman. Enamni sog‘indim.
Usta notantilik qilmadi, albatta uning qaytishini iltimos qilib ish haqini berdi. Bo‘lgan gap shu. O‘lmasvoyning zerikkan ko‘ngli taskin topdi.
Devorlari yerga birlashib, sho‘ra, g‘umay bosgan tomorqa o‘rtasida uch-to‘rt yuzaki tortilgan jo‘yak pushtasida pomidor, bodring palaklari sarg‘ayib turishi, daraxtlarning qurigan tanalarida qurt-qumursqa in qurib olganidan bu hovliga erkak qo‘li tegmaganligi bilinib turardi. Bundan tomorqa oralab kelayotgan kishi achinishmi, hayratmi holatida bir katta tashvishda qolgandek atrofga nazar tashlagan ko‘yi vazmin odimlaydi. Yantoq, sho‘ralarni oralab, daraxt shoxlari ostidan engashib-engashib o‘tib kelayotgan odamga jav-javlab tarmashayotgan it nimagadir dumini likillatib, g‘ingshib-erkalanganidan Obod kelinning yuragi shig‘ etdi. Xavotir bilan qarab, qo‘lidagini joyida qoldirib o‘rnidan turar ekan, keluvchi ko‘ziga issiq ko‘ringanidan momo deb baqirgancha turgan joyida serrayib qoldi.
Tomorqa oralab keluvchi yaqinlab ovoz berganida Obod kelinga jon kirib, bazo‘rgina momo... momo... keldi deganicha supa tarafga yugurdi. Suluvmomo ham kelinning dovdirashini xayrga yo‘yib, shoshib-surinib yoqasiga tuflab-tuflab, tavba-tavbalagancha oyoq ilmay supadan tusharkan, hovlida turgan erkak kimligini tanib bir zum kalovlangach, bolajonim, joning omonmi deya yetmish ikki ustixoni shovshab joyida to‘xtadi. Qarshisida turgan o‘zining shu O‘lmasimi? Yo‘q, bu turgan o‘zi bilgan O‘lmasimas, yovqur, haybatidan ot hurkadigan Nurali bobosining quyib qo‘ygandek o‘zginasi-ya. Urug‘-aymog‘ining ori-nomusi, gapirgan gapi kesilmagan qaynotasi o‘sha-o‘sha viqor va salobat, o‘sha-o‘sha haybat bilan go‘yoki saman-to‘rig‘ini yetaklab ro‘parasida turardi. Lahzada o‘sha-o‘sha zavqu shavqqa to‘la kelinlik davridagidek tuyg‘ular qamrab olib, xuddi qaynotasi tirilib kelgandek, Suluvmomoning yuziga qizillik yugurdi; bir hadik, bir hayo, bir qanoat egallagan vujudi titrab ketdi. O‘z-o‘ziga yo pirim, yo pirim, tavbangdan, o‘ngimmi-tushimmi deya hayajonda qaltirar, ro‘parasida soppa-sog‘ turgan o‘g‘li ekaniga ishonib-ishonmay, yillar bo‘yi yutgan qon-zardoblari ich-ichdan toshib kelib, qay go‘rlarda botining chiqib yuribsan, sen nodon bola, deya zorlanar ekan, sog‘inchu alamlar bo‘g‘ziga tiqilib, xo‘rsinib-xo‘rsinib, keng yenglari bilan yuzini to‘sgan ko‘yi madori quridi. Suluvmomo bir zabardast qo‘l himoyaga kelganini payqaganda o‘g‘lining tiyrak ko‘zlariga tikilib-tikilib quvonishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmay hushidan ajraldi. O‘lmas epchillik bilan onasini suyagancha supaga olib chiqarkan, shosha-pisha uning yuziga suv sepdi. Ona bir xirillab, chuqur nafas bilan hushiga keldi-yu, ko‘zlarini yirib ochgancha o‘g‘liga qarab qoldi. Suluvmomoning uch yuz oltmish tomiri bo‘shashib, suyangan tog‘i, qo‘rg‘oni qaytganiga ro‘y-rost ishonganidan keyingina kirtaygan ko‘zlarini salqigan qovoqlari yopib tushdi. Girdikapalak bo‘layotgan Obod kelin esa qaynonasining xo‘rsina-xo‘rsina nafas olib, ona bag‘rida orom topgan go‘dak singari uyquga ketganiga qaragancha turgan joyida horg‘in cho‘kkaladi. O‘lmas bu so‘lg‘in chehraning har bir qatida dunyo aksini ko‘rgandek, musofirchilikda kechgan umrini go‘yo ona yuzidagi qatma-qat bitilgan hayot kitobidan o‘qirkan, ko‘zi tindi. Shu tuproq, shu qiccago‘y aziz devorlar, otamning ko‘zini ko‘rgan uy peshtoqlari, eh qurib ketcin-ey, shundan, shu odmi, lekin muqaddac go‘shadan yaxshici bormi dunyoda. Dunyo degani o‘zi shul-da. Odam degan shu to‘rt devor ichiga ko‘ngil qo‘ymaca, dunyoni kezcayam halovat topmac ekan, — jim, totli bir o‘yga cho‘mardi O‘lmac.
Hovli ham o‘z egasi, erkak kishi kelganidan o‘zgacha tus olgandek, allanechuk g‘arib qaddini ko‘targandek. Obod kelin choy damlashga shoshilgan, shu erimi yo boshqami degandek har zamon-har zamon ko‘z ostidan qarab qo‘yar va hali bolalari ko‘rganda qanchalar quvonishini o‘ylab mamnun xo‘rcinib olardi.
Suluvmomo olam-olam quvonchga ko‘milgan ko‘yi xotirjam pish-pish uxlar ekan, o‘qtin-o‘qtin xo‘rsinib qo‘yardi. O‘lmas ham loysupada onaning mehridan bahramand o‘tirarkan, hovli-joyni, o‘t bosgan tomorqasi va shoxlari har tomonga tarvaqaylab butalmagan daraxt novdalariga qarab hali qilinadigan ishlar yig‘ilib qolganini xayolidan o‘tkazardi. Obodning uchib-qo‘nib pildirayotganiga nigohi tushganda bir entikib, tana-to‘shi jimirlab ketardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.