Oy sutdek yorug‘, yulduzlar xira miltillaydi. Tun qo‘ynida hasharotlarning chirillashiyu, onda-sonda itlarning g‘ingshib hurgani quloqqa chalinadi. Chang ko‘chada shirakayf ikki kishi ko‘lankadek lapanglab kelyapti. Novcharog‘i Boymurod, alami qo‘ziganidan tez-tez qoqinib-surinib ketadi. G‘o‘la gavdalik To‘xta, oshnasini suyamoqchi bo‘lib qo‘lini cho‘zsa, Boymurod siltab tashlaydi. – Men uning arog‘ini ichishga o‘lib turganim yo‘q, bilsang. Boy bo‘lsa o‘ziga, kuni kecha u ham bir bechora edi. Yana qarindosh emish. Chet eldan to‘rt tanga topib kelib, tumshug‘i ko‘tarilib qolibdi, hay nomard-ey, to‘y qilyapsanma, odam ajratishingga balo bormi? Kuni bo‘yi xizmatini qilib tengimiz vino bo‘ldi-ya.
To‘xta ko‘ngliga qarab gapirgani sayin, olovga moy sepgandek oshnasi battar alanga olar, bir shisha aroqqa o‘tmadim, deya o‘zicha o‘ksinardi.
Dasturxonga aroq qo‘ydimi, vino qo‘ydimi, To‘xta ahamiyat bergan emas. Ammo Boymurod jonimni garovga qo‘yib bo‘lsa ham bir boyishim bor, dang‘illatib to‘y berib hammasining oldidan o‘taman, bilib qo‘y, oshna, aytgan gapimning ustidan chiqmasam, otimni boshqa qo‘yaman, deya hamon aljirardi. Uning xurmacha qiliqlari joniga tekkan To‘xta kayfing tarqagandan keyin hammasi esdan chiqadi, dediyu oshnasidan baloga qoldi. Bu gap Boymurodning miyasiga tig‘dek botdi. Jahli chiqqanidan qanday qilib oshnasining yoqasidan ushlaganini o‘zi bilmaydi. Ammo darrov shashtidan tushib, achinish bilan qo‘l siltadi.
– Hay oshna-ya, oshna… sen meni qattiq xafa qilding. Ko‘ra-bila turib meni kayfi borga chiqarib o‘tiribsan-a... Eh, afsus. Qulog‘ingda tut, oshna. Men bir gapirdim. Aytgan gapim gap. Hali ko‘rasan. Ammo sen... shuyam oshnachilikma...
Boymurod hafsalasi pir bo‘lganicha uyi tomon burildi. Xavotirda o‘tirgan onasining bemahalda qaerlarda sanqib yuribsan, deya yozg‘irishi o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi.
– Qaerda bo‘lardi... to‘y maslahatidan kelayapman. Hurmatli amakingiz Qarshiboynikida xizmatda edik.
– Chorining botinkasi nima bo‘ldi? – onasi g‘o‘ldirayotgan o‘g‘lidan jahl bilan so‘radi. – Gapirsam o‘dag‘aylama-da tanangga bir o‘ylab ko‘r. Ichishni kim qo‘yibdi o‘zi senga...
– Xurram pul olmabdima? G‘isht quyib bo‘lgandir, – Boymurod cho‘ntagida borini sovurib qo‘yganidan botinkani Xurram olib bermasmikin, degan umidda shunday dedi.
Xurram haydovchilik guvohnomasini olaman deb kecha-kunduz odamlarning g‘ishtini quyadi, tomorqasida yumushi bormi, qosh qaytarmay bajarib akasiga og‘irini tushirmoqchi emas. O‘g‘illari birin-ketin uylantiradigan yoshga kirganini o‘ylayverib, onaning el oldida yuzi shuvit. Otasi bo‘lganda allaqachon nevara suyib o‘tirgan bo‘lardim, deya o‘z-o‘zicha kuyunadi. Bularni Boymurod bilmaydi, deb o‘ylaysizmi? Biladi, lekin ichiga yutadi. Ana shu dard-alami bir shisha aroq bahona ochildi. Ochildi-yu, Boymurod halovatidan ayrildi.
Onasi hozir mavridi emasligidan uf tortgancha, boshini chayqay-chayqay yotog‘iga kirganida, kichkinasi ko‘rpani tepib tashlagan ekan, uning ustini yopib qo‘ydi. Mana kenjasi ham beshda o‘qiyapti, hali zamon bu ham yigit bo‘ladi. Oldida ikki akasi bo‘ydoq. Yolg‘iz qizi Qizlargul katta sinfga o‘tgan, hademay sovchilar eshigiga kelib qolsa, nima deb javob aytadi. Kutib turinglar deydimi? Onaning uyqusi qochdi.
Hali saratonning tafti sezilib turgan tiyramoh havosi kishiga xush yoqadi, osmonda son-sanoqsiz yulduzlar jimirlaydi. Boymurod ichiga chiroq yoqsa yorishmaydigan ahvolda taxta so‘riga sudralib chiqib, uzala tushdi. Bir yo‘lini topib men ham xorijga ketaman, keyin ahmoq boyvachchalarga o‘xshab puli borlarni emas, o‘zimga o‘xshagan faqirlarni siylayman, kerak bo‘lsa... Boshi lorsillashiga qaramay uzoq o‘ylanib yotib, esnay-esnay qo‘lini og‘ziga qo‘yganicha uxlab qoldi.
Uyqudan boshi zilday bo‘lib turdi. Achchiq ko‘k choy ichganida biroz yengil tortdi. Kechga tomon bisotidagi birgina ohorli libosini egniga solib ko‘chaga otlandi. Onasi o‘g‘lining bu qilig‘idan hayron. Boymurod to‘g‘ri otasining to‘n yopishgan oshnasi Normo‘min bobosining uyiga bordi. U otasi tirikligida eng qadrdon do‘sti edi, keyin ham orani uzib ketgani yo‘q. O‘ziga to‘q, juni quruq odam.
Boymurod bobosini-ku bir amallab ko‘ndiradi. Biroq onasi rozilik bermasa, uyni qanday sotadi. O‘ylab ko‘rsa buyog‘i chatoq. Tog‘asini orqa qilib borib, dakki eshitdi:
– Menga qara, ho‘v bola, bira-to‘la kafangado bo‘lmoqchimisan. Ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang bo‘lmaydima? Amakingning oldidan o‘tdingmi, yo‘qmi, bilmadimu, hovli-joyda uning ham haqi bor, ota hovlisi axir. Ustiga ustak bechorahol beva ayolga uyingni sot, deyishdan og‘iri bo‘lmasa kerak. Bu hovlig‘ishingga ilon po‘st tashlaydi-ya, jiyan.
– Tog‘a, indamay yuraversak, hali zamon odamlar oyog‘i bilan ko‘rsatadi, – dedi Boymurodning ham fig‘oni chiqib.
– Odamlar bilan nima ishing bor.
Boymurod rejasini ochiq aytaversa, tog‘asi badtar ajigadi. Nochor holatda turganlarini ro‘kach qilishga o‘tdi:
– Faqatgina o‘zim uchun kuyib-pishayotganim yo‘q. Bir boshimga shuncha tashvishni bo‘ynimga olish zaril keptima? Meni ham tushuning axir. Uylanishim kerakma, ukamlar ham katta bo‘lyapti, ularni ham uyli-joyli qilish mening gardanimdama? Hozirdan harakat qilmasak, keyin kech bo‘ladi-ku.
Yosh bo‘lsa ham o‘z aravasini o‘zi tortmoqchi ekan, deya tog‘asi shashtidan tushdi. Qarasa, jiyaniga yon bosmasa bo‘lmaydigan, birga amakisi oldiga maslahatga jo‘nadi.
Bu gapni eshitib betob yotgan amakisi inqillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Ko‘rpaga o‘ranib o‘tirgancha uzoq o‘ylandi... lekin biron og‘iz churq etmadi. Qaytadan o‘rniga cho‘zilar ekan, Boymurodga qarab onang mening oldimga kelib-ketsin, deb tayinladi.
Onasi to‘shakda yotgan odamning gapidan emas, Boymuroddan xafa bo‘lib, xuddi eri o‘lgan paytdagidek motam tutib:
– Sen bolaning shu uyga kuning qoldima, boshqa ish qilsang bo‘lmaydima? Odamlarning sen tengi bolalari dehqonchilikdan ham pul topayapti-ku. Qayoqdan chiqdi shu xorij degan gap o‘zi, – deya tumtaydi.
Boymurodning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, faqat va faqat qanday bo‘lmasin xorijga ketishni o‘ylardi. Shundan boshqa gap uning qulog‘iga kirmasdi. Rozilik olgach, bir-ikki kun ichida Boymurod uydagilarni tog‘asinikiga ko‘chirib o‘tkazdi. O‘zi tuman markaziga bo‘zchining mokisidek zuv-zuv qatnayverib, roppa-rosa uch oy deganda xorijga ishga jo‘nab ketdi.
Bu orada Xurram ham haydovchilik guvohnomasini oldi-yu, biroq biron bir tashkilot uni haydovchilikka ishga qabul qilmagach, noiloj qurilishda ishlaydigan usta qo‘shnisiga yordamchi bo‘lib yollandi. Qurilishda ish bo‘lganda bo‘lib, bo‘lmaganda oylab bekor yurardi.
* * *
Oradan uch yil o‘tib, Boymurod uyga qaytdi. Uni tog‘asinikida quvonch bilan kutib olishdi. Kulchali mehmon suymali, bu yog‘i sog‘inch, orada bo‘lib o‘tgan gina-kudratlar eslanmadi. To‘shakka mixlangan bittayu bitta amakisi ham bir yil oldin vafot etgan ekan. Shodlik-qayg‘u aralash Boymurod bir-ikki kun qanday o‘tib ketganini ham sezmay qolibdi. Biroz o‘ziga kelganidan keyin Normo‘minboyning uyiga bordi.
Ko‘rishib-so‘rashib dasturxon boshiga o‘tirishgandan so‘ng:
– Bobo, baxtimga ishim yurishdi. Va’daga binoan mana kelib turgan joyim, – deya kuldi Boymurod.
Gap avzoyidan bildiki, uning shashti baland. Demak, yigitcha bir dunyo pul topib kelgan. Rosti, shu o‘tgan uch yil davomida bir nodon o‘g‘lining ahmoqligidan boshpanasiz qolgan oshnasining oilasiga yuragi achishib yurdi. Hatto oshnachilik hurmati hovli-joyni tekinga qaytarib bersam, degan fikrga ham bordi. Biroq himmat qilishga kelganda qat’iyatsizlik qildimi, har qalay orqayin yuraverdi. Boymurodning kelayotganini eshitganda esa mabodo u molu-mablag‘ bilan kelib qolsa, bergan pulimni qaytar-da, uyingga egalik qilaver, demoqchi edi. Afsuski, pulning daragini eshitganida shayton qitiqladi. Agar bir begonaga sotganda Boymurod uning yaqiniga ham borolmasdi, deya o‘z-o‘ziga dalda berdi. Men oshnaning arvohi hurmatini ham joyiga qo‘ygan edim. Xudoyilarida mayda-chuydasini beminnat ko‘tardim. Aminmanki, qorindoshlari yaxshiligimning o‘ndan birini ham qilgani yo‘q. Bugun oshnaning bolasi boyib kelibdimi, bir belog‘rimasga beradigan pulni olsam olibman-da, aslida uyini ushlab turganim o‘zi ularga yordamim-ku, buning ustiga o‘zi lafz qilib ketgan, deya xayolidan o‘tkazardi. Boymurod bo‘lsa bobosining o‘ylanib qolganidan xavotirlanib, shosha-pisha pulni chiqarib ko‘rpacha ustiga qo‘ydi.
Kalovlanib qolgan Normo‘minboy bir pulga, bir Boymurodga qarab iljaydi.
– Nima desam ekan nevara, dunyo ko‘rib kelyapsan, oradan uch-to‘rt yil o‘tdi. O‘zingga ma’lum, pul ham qadrsizlandi, bu yog‘i narxlar ham o‘sdi, – dedi chaynalib, ovozi qaltiraganidan xijolat chekayotgani bilinib turardi. – Hozir men bu pulni olsam sudxo‘rga o‘xshab qolaman, qiyomatlik oshnamning bolalariga shunday qilsam, keyin odamlar nima deb o‘ylashadi?
Boymurodning xavotirlari tarqalib, birdan yuzi yorishdi. Nimalar deyapsiz, sizga uch hissa bersam ham kuymaydi, deya minnatdorlik bildirishga o‘tdi. Bu bilan ikkilanayotgan bobosini quvvatlantirdi.
Kimlardir vaqtincha yashab hovlini qorovsiz qoldirgan ekan: hamma tomonni o‘t bosgan, tomorqadagi tizza bo‘yi makkajo‘xori ola-chalpoq sarg‘ayib yotibdi. Daraxtlarning shox-shabbalari tarvaqaylab, changalzor holiga tushgan hovli-joyning egaligini qayta ixtiyoriga olgan Boymurod ukasi bilan tozalashga kirishdi. Xurramning ustasi uyni bir haftada qo‘g‘irchoqdek bezatib qo‘ydi. Pul bo‘lsa changalda sho‘rva ekan.
Otasi tirilib kelgandek Boymurod o‘zida yo‘q xursand. Ochig‘i, esi-dardi uyni qaytarib olishda bo‘lib, yaqinlariga tuzukroq e’tibor bermabdi ham. Ko‘rsaki, singlisining ham bo‘yi yetib, o‘n to‘rt kunlik oydek to‘lishibdi. Choriboy ukasi ham ovozi do‘rillab, yigit bo‘lib qolibdi. Biroq ota o‘rnini bildirmaslikni gardaniga olgan onasining sochlariga oq oralab, yuzidagi ajinlar xiyla quyuqlashgan...
Oilasini ko‘chirib kelib, tomorqa girdida nurab-to‘kilib qolgan devolni buzdirib, ustalarga bir odam bo‘yi ko‘tartirdi. Shu bilan hovli misoli qo‘rg‘on tusini oldi. O‘z uyi o‘lan to‘shagida onasi go‘yo yosharib ketgandek, ukalarining shodligini-ku asti qo‘yavering. Uy-hovli dang‘illama to‘y o‘tkazishga tayyor, shu safar kelganida qishloqdoshlarga bir-bir salom beraman, yoshu qarining esidan chiqmaydigan to‘y bo‘lsin, degan xayolda ich-ichidan yayraydi.
Ta’til kunlari oxirlaganida qarindosh-urug‘, yor-do‘stlarni chaqirib, qishloqdoshlar qoyil bo‘ladigan ziyofat berdi. Dasturxonga qush sutidan boshqa taom tortildi. Albatta, maqtab-maqtab yeb-ichayotgan Qarshiboy bir paytlar to‘yida Boymurodni xo‘rlaganini qaydan ham bilsin? Boymurodni oldindan bilganman, ota o‘rnida ota, o‘g‘il o‘rnida o‘g‘il, asl yigit shunday bo‘ladi, deya ko‘klarga ko‘tarib maqtar ekan, joyidan turib borib quchoqlagancha tabrikladi. Soatboy oldiga borganida zo‘rg‘a yordam qo‘lini cho‘zganini esdan chiqargandek, og‘zidan bol tomib Boymurod sha’niga maqtovlar yog‘dirdi. Bir paytlar ko‘cha-ko‘yda ko‘rishib qolsa, kinoyali gap tashlaydigan qishloqdoshlari ham mum tishlagan, oldiga qo‘yilgan taomdan bosh ko‘tarmaydi. Boshqalarning ham sidqidildan yoki til uchida noilojdan maqtab aytgan gaplari yog‘dek yoqib, ko‘ngil chigilini yozgan Boymurod esa mamnun, hali boshlanishi, deb qo‘yadi.
Kechga bori oshnasi bilan yolg‘iz ulfatlashdi. Shunda uyning to‘rida yonboshlab olgan To‘xta havasi kelayotganini aytib Boymurodni hayron qoldirdi. Boymurod sir boy bermagandek salmoqlab:
– Hey oshna-e, bir tasodif tufayli, qulay joyga tushib qoldim, qoldim-da. Albatta bu pullar osongina kelayotgani yo‘q... joyi kelganda hayoting ham ko‘zingga ko‘rinmay qolarkan... Xorijda pul topish oson deganlar adashadi. Faqat buni uyga qaytganida bildirishmaydi. Misqollab yig‘ib boy bo‘lgan korxona egasi oldinga pulni to‘kib tashlaydimi? Har bir tangasini ham osonlikcha bermaydi. Barini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelyapman. Ayrimlar tuzuk joy topolmaganidan chiqindilarni tozalash ishlariga joylashgan. Borib olgandan keyin uyiga quruq qo‘l bilan qaytishga yuzi chidamaganidan qishloqda or qiladigan ishlarga ham o‘zini urganlar bor.
Oshnasi oldida izza bo‘lgan To‘xta gapini hazilga yo‘ydi.
* * *
Oradan bir yil o‘tib, Boymurod navbatdagi ta’tilga keldi. Negadir shashti ancha past, shijoat olovi so‘ngandek. Kutilmaganda tomorqaning boshidagi ochiq joydan yangi uyga poydevor tashlab, pishiq g‘isht keltirishni boshlab yubordi...
Shu orada unashib qo‘yilgan singlisini uzatishdi. To‘y tashvishi bilan bo‘lib, birov-birovdan ko‘ngil so‘rashga imkon ham bo‘lmadi. Qizini uzatib, onasining el oldida yuzi yorug‘ bo‘ldi. Ammo kelgandan beri o‘g‘li loaqal o‘rtoqlarini so‘roqlab ko‘chaga chiqmaganidan o‘ylanib qoldi. Ustiga-ustak Boymurodning ukamni uylantiramiz, deyishi onasining badtar taajjubini oshirdi. El nima deydi, deya gap boshlasa, el og‘ziga elak tutib bo‘larmidi, deb qo‘ya qoldi pinagini buzmay. Onasi yana nima desin, buyog‘i erta-indin safarga otlanaman, deb turgan bo‘lsa. Ke-qo‘y, degancha o‘g‘lini ortiqcha qistamadi.
Boymurod yildan-yil ko‘proq pul topa boshladi. Ammo bu endi uni quvontirmas, hali og‘riq zo‘raymagan bo‘lsa ham, ammo bir dardga chalinganidan ichini it tirnaydi. Atrofdagilarning gap-so‘zlariga ham loqayd, diqqat bilan eshitayotgandek ko‘rinsa ham, qulog‘iga gap kirmas, boshini irg‘ab-irg‘ab qo‘yadi. Birgina taskini va ilinji onaning beg‘ubor va begidir duoi jonini o‘ylab ichi yorishgandek bo‘ladi.
Bir kuni Boymurod ko‘cha tarafda ustalarga qarashayotganida qo‘shni bobo qo‘lida o‘roq ushlagancha kelib qoldi. Salom-alikdan keyin:
– Ishlar unsin, charchamanglar bo‘zbolalar, – degancha hol so‘rashib chetroqda yotgan xorining ustiga mardosh qurdi. Qo‘shni bobo barmoqlari bilan soqolini tarab-tarab:
– Qani dunyoda nima gaplar. Yurt ko‘rgan odamga o‘xshab yaxshi-yomondan gapir. Kelganingdan beri hech o‘tay ham demaysan? Ilgari o‘tib turarding. Shunga xabar olay deb chiqdim. Yegan-ichganing o‘zingniki bolam, ko‘rgan-bilganlaringdan eshitaylik.
Boymurod nima deyishini bilmay qoldi. Bir binoning ichiga kirib ishlaymiz, chiqib yotoqqa boramiz, berganini yeb yotibmiz-da, desinmi. Tayinli gap aytolmaganidan keyin kulib qutildi.
– Burungi zamonlarda chigirtka degan balo bo‘lardi. Bundan boshqa bunday ofatni ko‘rgan emasmiz. Hozir bo‘lsa qovun-tarvuz, pamidor-bodring... nima o‘ssa bariga balo dorigan. Tuynakligida qurtlab boryapti. Odamlarning aytishiga qaraganda, bu qurt degan balo gulga tuxum qo‘yarmish. Shuytib odamlar gulga o‘tirgan ziroatini dorilab yotibdi. Dori sepmasang, ikki qo‘lingni burningga tiqib qolaverasan. Hozirgina tomorqadagi qovun-tarvuzning palagini tozalab chiqdim, hech umid yo‘g‘ay. Endi joyiga beda-meda sepib qo‘ysammi, deb turibman. Necha yildan beri qishloqda yashab qovun-tarvuzni bozordan sotib olib yotibmiz, eshitsang. Shu qurt balosi qachon arir ekan, bilmay qoldim. Biz-ku qarib qoldik, yoshlarga og‘ir-da, ularning taqdiri nima bo‘ladi? Shuni o‘ylasam kechalari uyqum uchadi..
– Bobo-ey, o‘tolmaganim uchun uzr. Qishloqdagi ko‘p o‘zgarishlardan bexabar qolibman. Bunday qarasam hamma puldan gapiradi, qurt-chigirtka ko‘payganini sizdan eshitib turishim, – deb qo‘ya qoldi Boymurod.
– Bobong ko‘p sinchi odam edi-da bolam, bir ko‘rib gaplashgan odamining necha pulligini adashmay aytardi. Sen shu bobongga tortgansan, tez lovullab ketishing ham.
Boymurod xorijda ham negadir qo‘shni boboning gurungini sog‘inardi. Qandaydir boshqacha gurung beradi. Hozirgi gurunglarda maza-matra yo‘q. Ikkovning biri puldan gap ochadi, qaerga borsa, qancha to‘laydi. O‘v bunday bir o‘ylab ko‘r, pul hamma narsani hal qilmaydi-ku, deydigan mard yo‘q.
* * *
Boymurod keyingi yil kelganida onasining ko‘zlarida baxt jilvalarini ko‘rdi. Ancha o‘zini tutib olibdi. Kelinlik uy yanada fayzli, osuda hayot, ro‘zg‘or ishlari butunlay kelin qo‘liga o‘tgan. Niyat qilganidek onamga xohlagan narsasini muhayyo qil, biron joyga piyoda yurmasin, deb ukasiga mashina kalitini tutqazdi.
Endi ularning oilasiga odamlar achinib emas, balki havas bilan qarashayotgani gap-so‘zlar, salom-aliklardan bilinib turibdi. Oila o‘mganini ko‘tarishda o‘zining katta hissasi borligidan faxr tuyadi. Faqat...
Qadrdon oshnasi mehmonlar tarqalganidan keyin ham odatdagidek allamahalgacha gurunglashib o‘tirdi. U Boymurodning shashti pasayganini bilmoqchi bo‘lib ko‘ngliga qo‘l soldi:
– Oshna, qarasam hech to‘yga taradduding sezilmaydi, xolamga-ku kelin olavering, deb yaxshi qilding. O‘zing ham uylan, ne-ne qizlar yo‘lingga mushtoq, faqirlar ham bir yayrab qolaylik. Qachongacha yurasan, uy-joy deding, mol-dunyo deding, hammasiga erishding-ku. Qishloqning oldi boylaridan biri bo‘lding. Yana nima kaming bor?
Boymurodning ichi muzladi, tili tutilib gapni boshqa tomonga burdi. Oshnamga gapim yoqmadi, shekilli, degan xavotirga borgan To‘xta boshqa bu mavzuni ochmadi.
* * *
Kutilmaganda o‘g‘lining odatdagidan ertaroq kelishi onasini xavotirga soldi. Boymurod qattiq betob edi, lekin dardini ichiga yutar, sir boy bermas, uni birgina onasi tushunadi, lekin onasiga dardini yorsa, og‘irlashib qolishidan cho‘chirdi. Ammo dard dardligini qildi, ikki oy oldin dunyoning bir chekkasidagi shifoxonada hushiga kelganida umr daraxtining yaproqlari qovjirab to‘kilish arafasida turganini bildi. Shifoxonadan davolanib chiqqach, umrining sanoqli kunlarini ona bag‘rida o‘tkazishga oshiqdi.
Dard qiynayotganiga qaramay o‘zini bardam tutib uyga yetib keldi. Begona yurtlarda emas, judolik arafasida yaqinlarining mehriga to‘yib olishni istadi. Onasining qo‘liga bir o‘ram narsani tutqazdi.
– Katta pul... o‘z qo‘lim bilan sizga topshiriy dedim-da.
Bu gal pul salmoqliroq edi. Nimadandir hadik olgan ona yuragi shig‘ etib ketdi.
Boyvachchaning kelganidan xabar topgan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar ertalabdan kelib-ketib Boymurodni rosa toliqtirdi. Yaqinlarini ko‘rib biroz g‘ami tarqagandek bo‘lsa ham, ammo uzoq yo‘l darmonini quritganidan xoliroq xonaga o‘tib yotdi.
Ko‘ziga uyqu kelavermadi, o‘z yog‘iga qovrilib uzoq to‘lg‘ondi. Bir payt onasining hovlida Xurramga tez bor, deyayotgani qulog‘iga chalindi. Xurram onasiga:
– Men hozir g‘ir etib borib-kelaman, ammo bilib qo‘ying, qizingiz akam kelsa, pul so‘rayman, deb yuribdi. Tag‘in siz pul olib berishga rozi bo‘lib qo‘ymang, uningiz akamni ham aldab eritishi mumkin. Akamdan xavotir olmang, bizga berganidan ikki-uch barobarini ish joyida bankkami, biron hisob raqamiga o‘tkazib yurgandir. Iltimos ona, tuman markazida hovlining savdosi pishgan, narxidan ancha past berayapti, savdogar odam, savdosi kasod bo‘lganga o‘xshaydi. Mendan olgan pulining vaqti yaqinlashganidan oyog‘i kuygandek tipirchilab yuribdi. Akam kelguncha birontaga arzonroq berib yubormasin, degan xavotirda edim. Bizga nasib qilgan shekilli, o‘zi-ku mening narximga boshqalar ko‘targani ham yo‘q, yaxshi joy, qo‘ldan chiqarishni hech ko‘zim qiymayapti, shuning uchun jonim halak edi. Ishim yurishganini qarang-a, akam barvaqt kelib qoldi...
Tasodifan qulog‘iga chalingan bu gaplardan Boymurod titrab ketdi. A’zoi badanidagi og‘riq badtar kuchaygandek, endi ko‘ksiga ham tosh osib qo‘yilganga o‘xshardi. O‘rnidan qo‘zg‘alay desa madori yetmadi.
Hormang-salomat uchun kelganlarning aksari pul haqida gurunglashadi. Lekin birovi ahvoling qalay, deb uning dardini so‘ragani yo‘q. Boybobo qancha keltiribdi, endi nima qilmoqchisizlar, degandek ilmoqli savollar Boymurodni taajjubga qo‘yar, nahotki qishlog‘imiz shu qadar o‘zgarib ketgan bo‘lsa-ya, deya hayron bo‘lib ularning gaplariga quloq tutdi. O‘zining holiga achinib ketdi. So‘nggi umidi ham sarobga aylandi. Bu yerda ortiq qololmaydi...
Tashqariga chiqmoqchiligini bahona qilib, bir amallab o‘rnidan turdi. Hovlida jildirab oqib o‘tayotgan ariqqa engashib bet-boshini yuvdi. Yaxdek suvdan biroz huzurlangach, tetiklashib tomorqaga oraladi. Quyosh qizdira boshlaganida bobosidan qolgan yong‘oq soyasiga kelib o‘tirdi. Quchoqqa sig‘mas yong‘oqning bir-ikki shoxi qurib, dikkayib turibdi. Baribir, hali soyasi quyuq. Rahmatli otasining aytishicha, bu yong‘oq bobomeros, uzoq zamonlardan ko‘z qorachig‘idek asrab kelingan, hosili ham tuzuk. Har yili ikki-uch qop hosil olishardi. Oilaning ko‘p xarajatini shu yong‘oq ko‘tarardi. Pullari ko‘payib yong‘oqqa qaramay qo‘yishibdi. Shularni o‘ylar ekan, oftobda ko‘proq yurganidanmi, g‘alati holga tushdi, o‘pkasini to‘ldirib havoni yutar, lekin havo yetib bormasdi. Suyaklari zirqirab, iligini qurt kemirayotgandek g‘imirlab bezovta qildi. Titroq tutganida shosha-pisha cho‘ntagidan dorini olib og‘ziga soldi. Birozdan so‘ng og‘riq o‘tib xiyol o‘ziga keldi. Hovlidagilar unga ahamiyat bermas, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Chindanam charchabdi. Negadir sog‘lom paytlar esiga tushib, soyada yonboshlab yotganlarini ko‘z oldiga keltirdi. Ajriqqa tirsaklagancha cho‘zilganda yong‘oq tanasiga qurt tushganini ko‘rib qoldi. Shunda qo‘shni boboning gapi lop etib esiga keldiyu bir qalqib oldi, bobo hayot ko‘rgan ekan-da, eh, o‘sha payt nega tushunmabman-a, deya o‘zini yozg‘irdi...
Boymurod yong‘oq ostida o‘tirarkan, yildan-yil uydagilardan begonalashib ketayotganini his etar, rang-ro‘yi siniqqan bo‘lsa ham, lekin yuzidan et qochgani yo‘q. Uyiga kelgan mehmonlar bir-bir tarqaldi. Quyosh qishloq ustida lovullagancha osilib qolgan. Boymurod kelib supaning bir chetiga omonatgina cho‘kkaniga ko‘zi tushgan kelin ko‘rpacha-yostiq keltirdi, dasturxon yozdi.
Boymurod choyni hafsala bilan qaytarib, endigina kelib o‘tirgan onasiga bir piyola choy uzatdi.
– Tani-joning sog‘ma, bolam. Xayol surganing surgan. Bir emas, ikki uy bo‘lsa, ukangga mashina olib berding, singling oilasi tinch, yana nimani buncha o‘ylaysan. Ichingda bir darding borga o‘xshaydi, sen bolaning. Bunday yoril, biz ham eshitaylik, qani nima ekan u? – deya so‘roqqa tutdi onasi.
Boymurod miyig‘ida kuldi.
– Nimaga vahima qilasiz, ona. Dengiz bo‘yida shamol odamning so‘lini opqo‘yarkan. U yoqlar bizning chang ko‘cha, bog‘-rog‘larga o‘xshamaydi. Hamma tomon dengiz, sho‘r suv shamoli biram yoqimsiz-ey, shuning uchun odamlari rangpar bo‘lishsa kerak. Men ham shuncha yildan beri ularning nonini, suvini yeb-ichib, havosidan nafas olganimdan keyin ularga moslashdim, nimasiga xavotirlanasiz, – dedi xuddi onasining gaplaridan xafa bo‘lib arazlagandek, keyin gapini davom ettirdi. – Uyda qolsam-ku, yaxshi bo‘lardi. Ammo o‘rtamizda kelishuv qog‘ozi bor. Shu qog‘ozga qo‘l qo‘yganim uchun menga ish berdi, pul berdi. To‘satdan onam uyda qolasan deyapti, endi ishlamayman deya olmayman-ku.
Bu gapdan keyin ona ko‘nglidan xavotir ko‘lankasi tarqalgandek bo‘ldi. Shu zahoti yuziga tabassum yoyildi.
– Yo‘q bolam, nimalar deyapsan. Shukrki... boshing omon bo‘lsin. Qanday ona o‘z farzandidan rozi bo‘lmasin...
Boymurod onasining mehr ufurib turgan so‘zlaridan tomog‘iga nimadir tiqilgandek, zo‘rg‘a yutindi. Keyin damini rostlab:
– Ochig‘ini aytsam, ona sizlarni, ukamlarni, hovlida shuytib o‘tirib choy ichishlarni sog‘inibman. Shunga tomorqani aylanib xumor bosdi qilib yurgandim, – deb yana yolg‘ondakam jilmaydi. Onasiga tik qarolmay yuragi ezilib ketdi.
Shu payt kelin bolasini ko‘tarib kelib qoldi. Gurung uzildi.
– Amaki, pulingiz ko‘p-ku, menga bir ukacha olib keling, amakvachcham bilan o‘ynaymiz, deya Kelin bola tilidan gapirib, go‘dagini Boymurodga tutqazdi-da: bilyapsizma aka, bolakay to‘g‘ri aytayapti, yolg‘iz so‘ppayib o‘tirishingiz nimasi, qancha ko‘p bo‘lsa ham pul joni yo‘q narsa, baribir xotinning joyini bosolmaydi, mana shunday qorako‘zni pulga sotib olib bo‘ladimi-ya, o‘zingiz ayting. Tag‘in ko‘nglingizga og‘ir botmasin… Yaxshida-ey ovsinim bo‘lsa, gangir-gungir hovlini to‘ldirib yurardik, deya nimadandir xabar topgandek ayyorona qiqirlab kuldi.
Amakisi unga o‘yinchoqlar olib beradi, – deya Boymurod hech narsa eshitmagandek kichkintoyni erkaladi.
Hazil ma’nosida aytilgan bo‘lsa-da bu gap ona dilini og‘ritdi. Kelinni ayaganidan emas, o‘g‘lini o‘ylab:
– Bu to‘g‘ri gap, bolam, senga qayishganidan gapirdi kelin ham, – deya orada dilxiralik paydo bo‘lmasligi uchun kelinning noo‘rin qilig‘ini yuvib-chayib qo‘ydi, xolos. Boymurod esa kichkintoyni erkalash bilan mashg‘ul. Xumori bosilguncha u bilan o‘ynab keyin onasiga uzatdi. Biroz toliqqanidan soya-salqinlarni yana bir aylanib kelay, kechga borib yo‘lga chiqaman, deya yuragi achishgan holda tomorqa oraladi.
Onasi uning ortidan g‘amgin qarab qoldi, ko‘ngli alag‘da. Boymurod kelinning gapidan xafa bo‘lmadi. Ertalabdan beri shuncha odam nima uchun kelib-ketyapti? Bir paytlar tilaganiga berolmaganlar shular emasmidi? Bir qarashda hamon o‘sha-o‘sha Boymurod-ku...
Suv oqayotgan ariqlarni hatlab o‘tib, soyaning quyuqroq joyida to‘xtab ajriq ustiga oyoq uzatib o‘tirdi. Ariqda suv jildirab turibdi. Boymurod suvga tikilib xayolga cho‘mdi: suvda oqib borayotgan yong‘oq qurtini ko‘rib, engashib olmoqchi bo‘ldiyu juda mittiligidan u qo‘liga ilashmadi... Bu suvlar bizning bog‘imizdan oqayapti. Bog‘ o‘zimizniki bo‘lib qolaveradi... suv jildiraydi... Bobomning hovlisida nevara-chevaralari o‘ynab-kulib shodu xurram umr o‘tkazadi, deya o‘ziga taskin berdi.
Boymurodning joni qiyoq ustidagi shudring kabi omonatgina qiltirardi. Jigar-bag‘ri ezilib borayotganiga qaramay onasining ko‘z o‘ngida kulib uydan chiqdi. Botib borayotgan quyosh yanglig‘ za’faron qalbi tobora zulmat qa’riga singib ketmoqda. Qishloqdan uzoqlasharkan, u juda g‘amgin, tevarakka horg‘in boqardi.