O’zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili Xudoyberdi To‘xtaboev 1933 yilda Farg‘ona viloyatining O’zbekiston tumanida tug‘ildi. Uning bolalik va o‘smirlik yillari urush davriga to‘g‘ri keddi, ota-onadan erta yetim qoldi. Yozuvchi o‘rta maktabni tugatib, ToshDU filologiya fakultetining logika-psixologiya bo‘limiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillaridanoq badiiy ijodga qiziqadi.
Xudoyberdi To‘xtaboev oliy o‘quv yurtini tugatgach, «Toshkent haqiqati», «Qizil O’zbekiston» ro‘znomalarida, «Guliston», «Gulxan», «Sharq yulduzi», «Yosh kuch» oynomalarida, «Kamalak» nashriyotida ishladi, «Oltin meros» respublika jamg‘armasiga rahbarlik qiddi. Adib ijodining dastlabki davridanok hajvga, kulgiga moyil hikoya to‘plamlarini, qissa va romanlarini yaratdi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Shoshqaloq» 1961 yilda e’lon qilindi.
Xudoyberdi To‘xtaboev Hamza nomidagi Davlat mukofoti, «O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» (1982) unvoni sovrindori, O’zbekiston xalq yozuvchisidir (1991).
Asarlari: «Sehrli qalpoqcha» (Bu asarda voqealar qahramon tilidan bayon etilgan), «Sariq devni minib» (1968, jami 24 tilga tarjima qilingan), «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida» (1986), «Mungli ko‘zlar», «Sir ochildi» (1964), «Omonboy va Davronboy sarguzashti», «Jannati odamlar» (1996), «Shoshqaloq», «So‘qmoqlar» va boshq.