OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To'liboyev. Ko'z (hikoya)

Kun sovuq edi… Qahraton qishning qotil qilichi – ayozbobo tinimsiz izzillar, yuz, aft-angorni bir tilib o‘tardi. Ne umid bilanki yo‘lga otlandim. Manzil unchalik olis emas – azim Kentga. Ilm istab yurgandan keyin vaqtdan unmli foydalanmoq maqsadida bir-ikki xujjatlarimni qo‘l papkamga soldim-da, yo‘lga chiqdim. Marmar zinani bir-bir bosib pastga enarkanman, xayolimda nimalarnidir pishitib borardim chog‘i, birdaniga esimga hujjat – pasportim tushib ketdi. Cho‘ntagimni paypasladim – u yo‘q edi. Yana tepaga otilib chiqdim. Xonamni tanballash ham esimdan chiqibdi. Xayol qayoqda edi, xayol? O’z-o‘zimni koyiy boshladim shu tobda. Bir zum tek turganimcha barcha kerakli narsalarimni titkilab chiqdim. Endi ko‘nglim bir-oo-oz joyiga tushgach yana yo‘limda davom etdim. Bola emasmanmi, oyim aytardi hu baxtiyor chog‘larimda: “O’g‘lim, safarga chiqqanda hech narsangni unutma, agar bordiyu yana izingga qaytib, uyingga kirsang, safaring baroridan kelmasmish… Menga momom aytib bergandi…” Menga esa bularni bundan yigirma yil ilgari oyim aytib bergandi. Endi nima qilaman. Irim-sirimni deb muhim ishimdan qolib ketaymi bir kun. Ustiga-ustak ustozning ishini bitirib kelishim va o‘zimning ishlarimni ham tinchitishim kerak deya yuragimdan o‘tkazdim. Yaxshi niyat yarim mol deya niyatimni pok qildim. Xullasi besh-o‘n minut o‘tar-o‘tmasidanoq katta keng yo‘lga chiqib oldim. Kunning sovug‘i anchayin pasayib ham qolibdimi? Obbo, havoga xam tushunish qiyin. Shiddat bilan turlanib, tuslanib turaveradi. Ikki soatcha vaqt oldin muzlab qolardi badan. Endi bo‘lsa, bulut orqaga chekinib, quyosh hovursiz jilmayib turardi ko‘k uzra…
Hamma qatori bekatda avtobus kuta boshladim. Chamasi o‘n minutlar turib qoldim shekilli, shu orada yo‘lakchadan tanish-bilishlar ham o‘tib qoldi.
…Shunday qilib, avtobus kelib to‘xtadi. Naq peshonasiga 60 deb katta yozuvda bitib qo‘ygan edi. Avtobusdan tushayotganlarni bir-bir kuzatib turdim. Shofyor yordamchisi – chiptachi bola bor ovozi bilan qichqira boshladi:
– Bozor, vokzal, 1-tug‘ruqxona, aroq zovod, infektsionniy, med kollej, ped kollej, yangi bozor, eski bozor, avtovakzal… 
Bekatning ola-g‘ovur shovqinlariga qo‘shilib, avtobusga bir eplab chiqib oldim. Yo‘lovchi unchalik ko‘p emas edi. Odam siyrak edi. Men ham chekkaroqdagi bo‘sh o‘rindiqlarga, haydovchiga yaqinroq joyga borib cho‘kdim. Kimi ishdan, kimi o‘qishdan qaytardi yo‘lovchilarning. Men qo‘l telefonimning soatiga qarasam – naq to‘rt bo‘libdi. Demak, shoshilish kerak. Aftobus shaharni kezib avtoshohbekatga yetgunicha yarim soatlar vaqt o‘tadiyov… Besh daqiqa turib qolgan avtobusni kimdir xaydashga unnadi: «Bolam kech qolyapmiz, haydagin bosib-bosib tezroq». Haydovchi unga javoban «Xola, bu sizga taksi emas, avtobus, xohlasangiz shu! Bo‘lmasa ana, katta yo‘l…» dedi. Orqaroqdagi onam qatori ayol gapiga javoban u. shu so‘zlarni eshitarkanman, bir seskanib ketdim… «Tavba», dedim ichimdan, o‘zing insofini ber Tangrim… Xullasi, bir payt avtobus g‘imirlay boshladi. Men qancha shoshsam, avtobus shuncha sekin yurardi… Istar-istamay g‘imirlayotgan avtobusning oynasidan tashqarini tomoshalab borarkanman, atrof oppoq qorga burkangan, qish qishligini qilib, ajib bir go‘zallikni namoyish etib turardi. O’zimni ming chalg‘itishga urinmayin, baribir xayolim azim Kentga ketadigan so‘nggi reys avtobusiga qarab tortib ketardi… Shoshganing bilan bo‘lmas ekan. Undan ko‘ra taksiga chiqqanimda bunday tipirchilashga ne hojat deng. Bu yog‘ini taqdiri azaldan ko‘ramiz… 
Shunday qilib, chamasi yarim soatlar vaqtni orqada qoldirib, yangi bozor biqinidan chiqdik. Aylanma yo‘ldan burilib, ko‘prikdan sal o‘tib to‘xtadik. Kimdir bozorga shoshardi. Kimdir bozordan qaytardi. Avtobuslar safi tiqilib ketgan. Hammasi bir-bir navbat bilan siljir, yo‘lovchilarni tushira-tushira, ketguvchilarni mindira-mindira yana o‘z yo‘nalishida davom etardi. Oradan shu payt yana besh daqiqa o‘tdi. Har bir avtobusda chiptachi bola bor emasmi, chor tomon o‘shalarning ovoziga to‘lib ketdi… «Qani ketdik, qani keldik», xullasi turli xil shevalar yangrardi. Endgi navbat bizlarga yetdi. Eshigi ochilishi bilanoq avtobusdan haligi bolakay sakrab tushdi. Avval chiqayotganimda aytgan gaplarini plastinka yanglig‘ qaytala boshladi. Bir payt avtobusimizning oldiga kesarib oq rangli matiz kelib to‘xtadi. Shu payt chiptachi bolakay harakatlaridan sezishimcha:
– Aka, sal chekkaroqqa olib turasizmi, mashinangizni hozir biz chiqib ketishimiz kerak? – dedi boshini xiyol egib matiz eshigiga. Matizdagi haydovchi ham bo‘yi bir qarich ekanmi, oldingi o‘rindiqdan boshi sal-pal ko‘rinib turardi. U ham qo‘lini siltab tashlab, nimalarnidir do‘q urdi.
– Bor-e ishingga, keng yo‘l, o‘tavermaysanmi bu tomonimdan, - degan mazmunda chiyillab…
Avtobus haydovchisi o‘zimiz tengi yigit ekan, rul chambaragini ohista aylantirib, og‘ziga mum tishlagandek o‘tiraverdi.
Bola chorasiz edi. Hamma o‘z ishi bilan ovora. Bozordan chiqardi, bozorga kirardi. Chor atrof turfa xil baqiroq ovozga to‘la. Bolaning sasi chiqmay qolardi ba’zida. Shu damda avtobusdan kimdir so‘z qotdi. 
– Shofyor uka o‘zingiz tushib, mashinani olishini tayinlang, axir biz shoyapmiz.
– Tushundim xola, tushundim. Nima qilay, eshshak miyalar qaerda to‘xtab, qaerdan yurishini bilmasa? Borib peshonasiga musht tushiraymi?
– Nima qilsang qil, lekin bizni manzilga elitgin. Axir qosh qoraya boshladi. Nevaram kasal, shifoxonaga boryapman… – kuyindi boshqa bir opa.
O’sha matiz hali ham avtobusning oldiginasida qaqqayib turganicha, uning haydovchisi telefonda nimalarnidir valdirab gaplashardi…
Sabr kosasi to‘lgan haydovchi yigit eshigini «sharq» etib ochdi-da, pastga sakrab tushdi. Jahli chiqqan ko‘rinadi. To‘g‘ri matizning xaydovchisi oynagini chertdi:
– Uka, sal chekkaroqqa olib tur, chiqib ketaylik, xalq kutib qoldi.
Matizdagi tirrancha ham bo‘sh kelmadi. Qo‘lini avvalgidek silkib tashlab, – bu tomondan o‘tavergin, dunyo tormidi, ishorasini qildi.
Bu tomonda avtobus sig‘adigan yo‘l bo‘lsa mayli edi, arava ham o‘tolmasdi…
Xullasi, ikkisi ham kelisholmadi. Matizning haydovchisi oxiri chidamadi shekilli, «sharq» etib eshikni ochdi-da, g‘oz yurish bilan o‘rtaga chiqdi. Yon tomonidan bir qora kiyingan barzangi tushdi. Ikkisi xam xuddi kinolardagi telexlarga o‘xshab, ko‘kragiga qo‘lini qo‘yib, «Qo‘lingdan nima kelardi gapir» degan mazmunda kerrayishib turardi.
Chorasiz qolgan avtobus haydovchisi hech nima deyolmadi. Chiptachi bolakayning yoniga o‘tdi. Ular ham bir-ikki oldinga qarab bosdi. Bir payt haligi matizni boshqarayotgan tirrancha chiptachi bolaning oldiga keldi. Men ham faqat kuzatib turmayin deb qo‘limdagi sumkani yonimdagi ayolga berdim-da, pastga endim. To‘g‘risi, har ikkisiga ham ichim achirdi…
Men chiqqan paytimda har ikki juftlikni begonalar xuddi tsirk tomosha qilayotgandek chor tomondan o‘rab olishgandi. Hammasiga tomosha kerak edi u yerdagilarning. Kap-katta soqollari serraygan, boboylardan tortib, dinu dindorlar ham bor edi chamamda. Bozor-da, bozor… Sotadigan ham shu yerda, oladigan ham. Men ich etimni yeb-tirnab, tomoshatalab olomonga kelib qo‘shildim. Qo‘llarim tugildi. Mushtumimni qisirlatib, matizdagi tirranchaning naq peshonasiga tushrmoqchi bo‘lardimu ammo, lekin, olomondan o‘tib bo‘lmasdi. Urilib, surilib, bir to‘da odamlarning orasiga kirib oldim. O’zim ham tekin tomoshachilarning atigi bittasiga aylandim qoldim. 
Bir payt, haligi matizning egasi – bo‘yi bir qarich tirrancha chiptachi bolaning e’tiborsiz turganini payqab turibmi, naq peshonasining ustiga tirsagi bilan tushirdi… Tomoshatalab olomon esa xuddi ringdagi jangni tomosha qilayotgandek «ur, sur…» ovoz bilan ko‘kka sapchishardi… Qani endi men ularning oldiga chiqib, o‘z qahramonligimni ko‘rsatib qo‘ysam edi… Afsus, ming afsus!..
Shu payt avtobus haydovchisi olomondan sitilib chiqdi. Olomon qoq ikkiga bo‘linib ketdi. Bu dahshatli manzara – bundan besh yuz yil ilgarigi jangu-jadallarni esga solardi… haligi chiptachi bolaning og‘zi-burni qip-qizil qonga belandi. Qo‘lidagi chiptadan yig‘ilgan pullar atrofga sochilib ketgan, ba’zi mingtaligu besh yuztaliklarga bolaning og‘izdan tomayotgan qon sachrab ketgandi. Haydovchi gung edi. Haydovchi lol edi. Shu tobda ikki safda turgan tekin tomosha olomonga bir pahlavon kelib o‘shqirdi: «Sizlarga bu yer tomosha joyimi? Tur, surlarlaring bu yerdan… Bo‘lmasa…» gapi ichida qoldi pahlavonning. Matiz haydovchisi mashinasiga o‘tirib, sal chekkaroqqa o‘tdi. Yonidagi esa qaergadir g‘oyib bo‘lgan ko‘rinadi. U sherigini izlay boshladi. Chiptachi bola ho‘ngrab yig‘lar, ko‘z soqqalaridan tomayotgan chak-chak yoshga qo‘shilib, og‘zi-burnining qoni yerga tomardi. Bir qarasam orqamda – avtobus ichida hech kim yo‘q. Faqatgina men sumkamni bergan ayol bejo ko‘zlarini tikib, meni imlayapti. Bordim. Qo‘lidagi papkamni olarkanman, menga bir so‘z aytdi: «Uka, bu hammamizga saboq bo‘ldi», dedi. Keyin o‘shib qo‘ydi: «Bozordaga keldimmi yoki boshqa joyga keldimmi bilolmay qoldim» dedi. Odamlar ham shunchalik o‘zgarib ketganmi? Boyagi shoshilib turgan xola esa norizo bo‘lib tushib ketdi. Omon bo‘lgin», dedi-da u ham bozorga kirib-chiqayotgan yuzlab odamlarga qo‘shilib singib yo‘q bo‘lib ketdi…
Bir zum kalovlanib qoldim. Qani besh daqiqa ilgarigi haydovchining vajohati? Yoshi ulug‘ opani sensirab, dilini og‘ritmaganmidi? Mard bo‘lganida o‘z hamrohi – bolakayni himoyasiga olib, unga yordam bermasmidi… Tili bir qarich edi-ku, tili? Nega mushtdekkina bolani borib bir tushirmadi? Yoniga borib hech bo‘lmasa «yuzini» silamadi? Nega? Negadir shu payt ko‘nglim aynidi. Bolaga bir achinsam, o‘zimni ming koyirdim. La’nati bolaning yoniga hech kim borib, «uka nega uni beayb urding?» deb aytolmadi… Nega? Axir odammiz-ku biz? Aka-ukachilik, o‘zbekchilik degan rishtalar qaerga uchib sob bo‘lgan o‘zi? Yoki boyagi opa aytganidek odamlar shunchalik o‘zgarib ketganmi? Ming turlanib, o‘zgarmasin, baribir odam-ku, odam? Shu tobdagi savollarim qanchalik ko‘p bo‘lsa ham, shunchalik javobiz edi. Kun sovuq edi… Bozordagi o‘sha manzara… undan besh badtar sovuq edi… 
Men esa ikki yo‘l aro: na ketarimni, na bir qolarimni bilardim shu tobda. Keyin azim – Kentga ketishim esimga tushdi. Bir o‘tkinchi taksiga chiqib, yo‘limni davom ettirdim. Avtoshohbekatga kelgan edim, yaxshiyamki, hali so‘nggi reys joyidan qimir etmay turgan ekan. Qosh qoraya boshladi. Kunning sovug‘i endi-endi huvvillab yotgan avtoshohbekatda sezila boshladi. Chaqqonlik bilan avtobusga chiqib oldim. Menga oxirgi o‘rindiqda o‘tirish nasib etdi. Keyin avtobus sekin g‘imirlay boshladi. Endi men orqada o‘tiribmanu oldimda bitta yo‘lovchi shofyorga qarab «Aka tezroq haydang Toshkent olis shahar vaqtliroq boraylik», dedi. Mening esimga hali bo‘lganiga o‘n-o‘n besh minut vaqt o‘tmagan o‘sha manzara tushib ketdi. 
Unda bola bor ovozi bilan olamga jar solardi:
– Vokzal, bozor, yangi bozor, eski bozor… tug‘ruqxona… Va, va… shunday manzara qayta ko‘z o‘ngimda jonlandi: bolaning og‘zi-burni qonga belangan, qo‘lidagi bir siqim g‘ijimlangan pulga ko‘z yoshlari aralash «chak-chak» qon tomardi… Buni ko‘rgan olomon «ur…sur… lab olamni boshiga kiyardi, kiyardi… va yana kiyardi… 
  
05.02.2012

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.