Sulton esini tanibdiki, har yili yoz kezlari uch yo to‘rt bola-baqra, goho kap-katta yoshdagi erkak Qichqiriqqa g‘arq bo‘ladi. Kunlab, haftalab butun mahalla-ko‘y oyoqqa qalqiydi, izillab-bizillab qidir ho qidir davom etadi, g‘arq bo‘lguvchi o‘sha kuni yo ertasi topilsa topildi, topilmasa, oradan besh, yetti... o‘n kunlar o‘tgach anhorning kunbotar tomonlarida yo beridan, yo naridan shishib, do‘mbira bo‘lib ketgan jasad suv betiga qalqib chiqadi... Tamoman dom-daraksiz ketganlari ham bo‘lgan... Ana shunday paytlarda necha kungacha, “Qichqiriq qutiribdi!”, “Qichqiriq qonsirabdi!”, “Qichqiriqqa yaqin yo‘lamangle-er!”ga o‘xshash gap-so‘zlar keksayu yoshning, erkagu ayolning og‘zidan tushmaydi. Biroq asov va betizgin Qichqiriq oqimining shafqatsizliklari hayotning oddiy, osuda va bir maromdagi oqimi og‘ushida juda tez unutiladi, qolaversa, inson fe’lining ajab qonuniyatlaridan biri shundaki, bir bora telba girdob komiga tushmagan banda o‘zining g‘arq bo‘lish ehtimolidan holi emasligini sira tasavvuriga sig‘dirolmaydi. Nasha qiladigan joyi shundaki, anhorning azal-azaldan mana shunday serg‘uluv fe’lini binoyiday biladigan kap-katta esli hushli odamlar ham Qichqiriq o‘zanini sokin oqar daryoga o‘xshatadilar. Kim bilsin, bir tomoni, hamisha anhorni to‘ldirib oqayotgan suv yuzasining vazmin va sokinligi ko‘rar ko‘zni aldashi, chalg‘itishi, g‘aflatda qoldirishi ham ehtimoldan holi emas...
Sulton yalang oyoqlari bilan ohistagina suvga tushib, bir-ikki odim tashlagan, muzday suv to‘pig‘iga urib, bir tekisda to‘shalib qolgan bodroq toshchalar oyog‘ining ostini qitiqlagan damlarda bularning hech birini xayoliga keltirmadi. Vaholanki, necha kundan buyon bir o‘y-bir xayol uning oromini o‘g‘irlagan, uning qo‘llaridan yetaklab bot-bot anhor yoqasiga boshlayotgan, hatto yelkasidan itarib-turtkilab qo‘yarda-qo‘ymay uni suvga tushishga undayotgan edi. U bolalik chog‘laridanoq Qichqiriqni yoqtirmasligini, yoqtirmasgina emas, hatto har safar “Qichqiriq” degan nomni eshitganning o‘zidayoq uning murg‘ak bolalik qalbiga muhrlangan nomsiz qo‘rquv va vahima ko‘lagasi ko‘z ochib, seskanib ketishini, bolalik-o‘smirlik kezlari teng-to‘shlariga qo‘shilib Qichqiriqning sayoz sohillarida suzishni o‘rgangan, qulochkashlab suzish mashqini eplashtirdim, endi sira suvdan cho‘chimayman, degan o‘zida ishonch paydo bo‘la boshlagan kunlarning birida to‘satdan oqim uni komiga tortib ketganini, Sulton harchand zo‘riqib chiranmasin o‘zini o‘nglash, qirg‘oq tomon siljish o‘rniga, suvning ostki oqimlariga bas kela olmayotganini, ikki-uch daf’a boshini, kiftini suvdan azot chiqarish epini topganiga qaramay qandaydir yovvoyi kuch xuddi oyoqlaridan bir yoqqa, belidan ikkinchi yoqqa tortib anhorning qa’riga so‘rib ketayotganini sezib qolganini... keyin qanday hodisa yuz berganini eslolmasligini... hushiga kelganida esa qirg‘oqdagi tol ostida oyoq-qo‘llaridan jon chiqib ketgandek bir alfozda shalpayib yotganini, tepasiga yig‘ilgan tumonat biri olib-biri qo‘yib g‘o‘ng‘irlashayotganini, keyinchalik esini tanib, shahar markazidagi suv havzasiga qatnaydigan bo‘lganidan buyon qaytib bu shum anhorga qadam bosmaganini, unda cho‘milish tugul, har safar kun-uzukkun suvdan chiqmay shodon qiyqirishayotgan bola-baqrani ko‘rganda yuragi orqasiga tortib ketishlarini – hamma-hammasini unutdi. Sultonni suvning sehrli jildir-shildiri ham, erta uyg‘ongan qushlarning chug‘ur-chug‘uri ham, xiyla naridagi katta yo‘ldan unda-munda yelib o‘tayotgan avtolarning shovqini ham chalg‘ita olmadi.
Suv Sultonning boldiriga, tizzasiga, zum o‘tmay beliga ura boshladi. U anhorga qaerdan tushishini uzoq o‘ylamadi, yoz keldi deguncha anhor ustidan o‘tgan yolg‘izoyoq temir ko‘prikning yon-atrofi mahalla bolakaylarining, issiqlagan erkaklarining izdihomiga aylanadi, chunki bu yerda suv yanayam yoyilibroq va yanayam sokinroq oqadi, chamasi, ellik-oltmish quloch quyiroqda esa anhor o‘zani tuyqus torayadi, oqim ham bir zum zabtiga oladi. Sho‘rpeshona kelinchak xuddi shu joyda chelakni suvga botirganu...
Sulton anhor o‘zani torayadigan joyga yetar-etmas bir sho‘ng‘ib oldiyu, badani suvning sovuqligiga ko‘nikdi, u oldinda o‘zini qanday holatlar kutayotganini xayolan chamalab ko‘rishga tutingan paytida birdan oqim, aniqrog‘i, oqimning tubi g‘alati tarzda tezlashganini, ikki tomon qirg‘oq dov-daraxtlari quyuqlashganini, o‘zi esa bir qog‘oz parchasidek, gul yaprog‘idek sassiz-nesiz oqib borayotganini payqadi. Sulton oqim shiddatiga moslashishga, qanday bo‘lmasin, suvning tubiga botib ketmaslikka urindi, boshi-beti aralash paydar-pay urilayotgan to‘lqinga parvo qilmay, ravon nafas olish uchun betini dam o‘ng, dam so‘l tomonga burar, shuning barobarida... axir u anhorga sayr etish yoxud suv havzasida orttirgan suzish mahoratini namoyish etish niyatida tushmadi, balki o‘n besh kunlik kelinchakning jasadini topishga ahd qildi u! Kelinchak g‘arq bo‘lgan kunning ertasiga bu haqda Bashoratga gapirib berdi. Qiz, “Voy-y, bechora-a!” deb yubordi joni achishib. Bashoratning sutdek oppoq yanoqlari yanayam oqarib ketgandek tuyuldi Sultonning nazarida, qiz ertasi, indini aftidan atayin qo‘ng‘iroq qildi, kelinchakning topilgan-topilmaganini yana so‘radi-surishtirdi, hayotining mazmuniga aylanib qolgan sevgilisining qiziqishi ortgani sayin qonsiragan Qichqiriq komiga tortib ketgan jasadning topilishi Sultonning sa’y-harakatiga qarab qolayotgandek bo‘laverdi.
Sulton bularning barini bir hafta o‘yladi, har tong uydan chiqayotib, har oqshom uyiga qaytayotib surishtirdi, butun mahalla ahli qatori u ham umidini uzmadi, jigargo‘shalar, tanish-bilishlar, qarindosh-urug‘lar kunu tun Qichqiriq yoqalab zir yugurishdi, Sulton, “G‘avvoslar-chi? Nahotki, ular ham hech narsaning uddasidan chiqmasalar?!” deya noroziligini yashirmadi, bu savoliga hech kasdan tayinli javob ololmadi, g‘avvoslarning kattasiga o‘zi yo‘liqdi, g‘avvosboshi, loaqal uning ko‘ngli uchun gapiga quloq solmadi ham, qo‘y, bizning ishga aralashma, degan ma’noda ensasi qotib qo‘l siltadi-qo‘ydi. Sulton suv yoqalab anhor o‘zanini, qirg‘oqning sayoz-tikligini, dov-daraxtning quyuq-siyrakligini ko‘rib-bilib qo‘yish maqsadida ancha joygacha poyi piyoda bordi, ketgancha ketaverdi, shunda ko‘nglida mutlaqo o‘zi o‘ylamagan-netmagan his-tuyg‘ular paydo bo‘ldi – Sultonning qalbida anhorga, anhorning ilang-bilang ilonizi o‘zaniga, uni to‘ldirib-ayqirib oqayotgan suviga, bir-birini dam sassiz-nesiz, dam ko‘pirib-oqarib, dam beozor-muloyim shovqin solib allaqanday zaruriyatdan quruq qolayotgandek shitob-la quvalashib borayotgan to‘lqinlarga nisbatan mehr-shafqatga o‘xshab ketadigan yaqinlik, iliqlik ko‘z ochdi. Nazarida anhor ham undagi bu o‘zgarishni payqagan, mehrga yarasha mayl-muhabbat izhor etishga shaylangan suluvdek yigitni o‘z og‘ushiga chorlayotgan edi. Ittifoqo Sulton anhor qa’ridan chiqib kelgan g‘avvosga duch keldi. Tevarak-atrof kimsasiz edi, Sulton o‘ylab turmay uni savolga tutdi.
– Bu dunyoda men tushmagan suv qolmagan, illo bunaqasini ko‘rmaganman! – dedi girdig‘umdan kelgan g‘avvos hansirab, so‘kinib. Uning afti suvning sovuqligidanmi yoxud qo‘rquvning zo‘ridanmi – gezarib-ko‘karib ketgan edi. Endi esa... Sulton dam-badam oyog‘iga, beliga allanimalar urilayotgani, ilashayotganini sezgan zamoni g‘avvoslarga oson tutib, chakki qilganini tushundi. Axir qish kezlari u o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ayoz pallasi Qichqiriqning suvi quriydi, yolg‘izoyoq temir ko‘prik ustidan o‘tayotib Sulton anhor o‘zaniga termilganicha beixtiyor to‘xtab qoladi, anhor tubida cho‘kindi bo‘lib yotgan shox-shabba bormi, temir-tersak, suyak-sayoq, xonadon devorlari osha itqitillgan ro‘zg‘or buyumlari, chiqindi qoldiqlari, shisha, sim... qiyofasini yo‘qotgan qoramol, qo‘y, it, mushuk murdalari... Bahor bo‘tanalari ularning barini supirib-sidirib ketaolmasligi aniq! G‘avvoslardan biror-yarimi engil-boshidan temir-tersak yo shox-shabbaga ilinib, hayoti xavf ostida qolsa qolgandir? Kelinchak sho‘rlikning jasadi hafta o‘tib ham suv sathiga qalqib chiqmayotganining sababi ham shundadir?.. Yana... Qichqiriqning suvlari o‘zan tubida cho‘kindi bo‘lib yotgan lash-lushu chiqindilardan poklanish qasdida bu qadar serzarda, asov va telbavori oqayotgandir?..
Sulton oqimga qarshi qulochkashladi, u oqim shiddatini o‘zi kutganidan ko‘ra osonroq yenga olayotganidan quvondi, qirg‘oq yoqalab suvga shox tashlab o‘sgan daraxt ostlarini ko‘zdan kechirdi. Bir payt uning boldiriga uzun tasmaga o‘xshash shilimshiq narsa chirmashdi, u sovuq suvdan-da sovuqroq edi! Ilonmikan, deb yubordi Sulton qo‘qqisidan va boldirini iskanjaga olayotgan muzdek tasmani bir qo‘llab yulqib tortdi. Jonzotga o‘xshamadi, ilon bo‘lsa chaqar edi!.. Suvosti o‘timikan?.. Bunday desa, harchand tortmasin, tasma uzilmadi. Sulton oyog‘idan osilib, boshi oqim tomonga o‘girilib qolganidan burniga suv kirib ketayotganini, ilinib qolgan oyog‘ini tezroq bo‘shatmasa bu ahvolda uzoq qolishi xavotirli ekanini sezdiyu, barcha harakatlarini bas qildi, butun gavdasini oqim izmiga berdi. Bir necha soniya g‘arq bo‘lib oqib borayotgan jasad holatiga tushdi. Chidadi. Zum o‘tmay sovuq tasma sirg‘alib-sirmalib chiqib, oyog‘i sirtmoqdan bo‘shaldi. Sulton o‘zini o‘ngladi, suv betiga azot otilib chiqdi-da, ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib nafas olgach, hayallamay oqimga qarshi suza ketdi. U nigoh tashlolmay qolgan pana joylarni nazardan o‘tkazdi, qo‘l-oyoqlariga dam bermoqchi edi – bo‘lmadi, asov to‘lqin Sultonning dam o‘ng, dam so‘l yonboshidan suv ostiga tortib ketar, u o‘zini o‘nglab, tevarak-atrofga alanglab, qaddini rostlaguniga qadar zumda olislab ketayotgan, shundan oqim shiddatini chamalayotgan edi. Qulochkashlab suzishda davom etdi. U Qichqiriqning bu qadar asovligini o‘zicha taxmin qilar ediyu, u bilan birinchi bor yakkama-yakka yuzma-yuz qolganidan, anhor suvining sarkashliklarini endigina aniq-tiniq his qilayotgan edi!
U ko‘zlarini katta-katta ochib olgan, asov to‘lqinning ustma-ust va ayovsiz “shapaloq”lab urishiga ham, suvning ko‘z ochirmay sachrashiga ham e’tibor qilmas, anhor yoqalarini, qirg‘oqdan qaraganda ko‘z ilg‘ashi mushkul bo‘lgan pana-pastqam joylarni nazardan qochirmaslikka harakat qilar, qaerdadir albatta sariq ko‘ylakning etagi yo bir parchasi ko‘rinib qolishiga ishonchi komil edi. Biroq yo‘l-yo‘lakay u suv ostini ham qadam-baqadam paypaslab o‘tishga ahd qilgan, buning uchun u suzib bora turib, dam-badam suv ostiga sho‘ng‘ir, g‘avvoslar ham ehtiyotkorlikni unutmaydigan o‘zanning tub-tubiga yetishga harakat qilar, qo‘li, boshi, yelkasi bilan allanimalarga urilib ketar, har qancha urilib-surilmasin, hech qanday og‘riqni his qilmas, faqat suv sathidan uning eng tubiga qadar to‘lqin qavat-qavat bo‘lib turli tezlikda oqayotganini butun gavdasi – yelkalari, beli, oyoqlari bilan yaqqol his qilayotgan edi. Shu holat uning suv yuzasida bir maromda muvozanat saqlashiga yoki oqib borishiga yo‘l qo‘ymayotgan edi.
Sulton huddi anhor bilan til topishib olgandek, u bilan “bitilgan” sulhga ko‘ra o‘zaro xiyonatga yo‘l qo‘yilmasligi muqarrardek, ya’ni omonsiz oqim zinhor yigitning yosh joniga qasd qilmaydigandek g‘arq bo‘lmasligiga aniq ishonar, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun qurbi-qurbati yetishini his etib turar, faqat nafas qisib havo yetmay qolgandagina irg‘ib suv betiga qalqib chiqar, yutoqib, ko‘ksini qondirib-qondirib nafas olganicha atrofga, ikki tomon qirg‘oqqa alanglar ekan, ancha-muncha olislab ketganini sezar va e’tiboridan chetda qolgan burchak-o‘ngirlarni qayta-qayta ko‘rib, o‘zida ishonch hosil qilish istagida yana oqimga qarshi quloch ota boshlardi.
Qiziq, kelinchakning g‘arq bo‘lgani haqida kim gapirmasin, albatta uning sariq ko‘ylakda ekaniga urg‘u berishardi. Sulton unga ikki daf’a shekilli, tong saharlab uydan chiqayotib ko‘chani yalaguday qilib suv sepib supirayotganida ko‘zi tushgan, o‘shanda ohori to‘kilmagan kelinlik libosi o‘ziga biram yarashgan, fayzli kelinchak bir zum supirishdan to‘xtab, odob saqlab chekkaga chiqib bosh egib turgan, Sulton hademay uylansa, mana shunday alfozda odob saqlab turadigan Bashoratoyni ko‘z o‘ngiga keltirib etlari jimirlashib ketgan, shunday totli va masrur xayolda kelinchakning ibolarga burkangan eshitilar-eshitilmas salomiga durustroq alik ham olmagan, bolalikdan hamma “Mavla”, “Mova” deb chaqirishga odatlangan qo‘shnisini mana shunday fusunkor va ko‘hlik qalliq bilan oila qurgach, Sulton unga “Mavlon”, “Mavlonbek” deya ismini to‘liq aytib murojaat qilishga o‘zini, tilini ko‘niktirayotgan edi. Mavlonbek ham gap orasida …sariq ko‘ylakda ekan, dedi, ketidan, kalta, yengsiz guldor nimchasi ham bo‘lgan, deb qo‘shib qo‘ydi. Kuyovbola o‘zini harchand bosiq-vazmin tutishga urinmasin, Sulton ikki-uch kunda uning rangi so‘lish olib, xayoli parishon tortib qolganini sezdi.
– Endi qandoq qilaman, aka?.. – dedi Mavlonbek tamomila abgor bir ahvolda. – Tongotar suvning tepasidan ketmayapman, darak yo‘q, jim-jit...
Bu gapdan Sultonning ensasi qotdiyu, kulfatzada Mavlonga sezdirmadi, chunki bunday holatga yo‘liqqan odam aql bovar qilmas cho‘pchakka ham ishonadi, umid-ilinj izlaydi. “Yarim tungi sukunatda anhorda g‘arq bo‘lgan odamning faryod chekishi eshitilarmish!..”
Kuyovto‘raning so‘nggi umid iplari o‘rnida bazo‘r ilinib turgan “darak yo‘q, jim-jit” degan so‘zlari og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuruvchi ayanchli latifaga ishora edi. Demak, Mavlonbek shu qabildagi gaplarga ham umid bog‘lab, tunlari mijja qoqmayotgan, Qichqiriqning tungi shovullashlari orasida o‘ziga endigina qadrdon bo‘lib ulgurayotgan ovozni eshitish ilinjida... “Mavlonbekning o‘zini yordamga chaqirmabman-da” degan o‘y kechdi Sultonning xayolidan. Axir g‘arq bo‘lgan, buning ustiga necha kundan buyon topilmayotgan odamning yordam so‘rab zorlanishiga ishonishdan ko‘ra Mavlonbek yonida bo‘lganida belidan arqon o‘tkazib, bir uchidan qirg‘oqda tutib turar, shunda oqim Sultonga bu qadar zug‘umini o‘tkazmas, suv sathini ham, tubini ham qadam-baqadam qarab chiqishi birmuncha oson ko‘char edi. Yoxud g‘avvoslarga qo‘shilib... yo‘q, ular bunga izn berishmaydi, buyog‘i, Sultonning o‘zi ham o‘ziga yetganicha o‘ylaganidan, jazm etganidan qaytmaydiganlar xilidan!.. U atayin odamlar siyrak paytida anhorga tushib, shu asov Qichqiriq bilan yakkama-yakka olishishga xezlandimi, bas-da, sarkash to‘lqin behisob katta-kichik girdoblarga bas kelayotgan Sultonni kunbotar tomonlarga shiddat bilan oqizib ketmoqchi, Sulton esa undan yengilishni xayoliga ham keltirayotgani yo‘q, qanday bo‘lmasin, bir haftadan buyon topilmayotgan o‘n besh kunlik kelinchakning jismi-jasadani izlab topsa, uni qiyomatli yon qo‘shnisi, o‘n besh kunlik kuyov Mavlonbekning qo‘liga tutqazsa!.. Turtilib-surtilmagan joyi qolmadi, yelkasining sirqirab og‘rishiga, boldiri va to‘pig‘ining achishayotganiga ham e’tibor bermayapti, sovuqni-ku, mutlaqo sezmayapti. Goh qulochkashlab oqimga qarshi suzmoqda, goh o‘zini oqim ixtiyoriga qo‘ymoqda, ora-chora kuch yig‘ib turib, suv ostiga sho‘ng‘ib, o‘zanning tubiga yetmoqda, qo‘liga ilingan matohni tortib-yulqib ko‘rmoqda, nafasi qaytib yo ko‘zlari achishib ketgandagina suv sathiga qalqib chiqmoqda. Shu topda qirg‘oqda Bashorat, Bashoratoy paydo bo‘lsa bormi!.. Qiz uni shu ahvolda ko‘rsa o‘takasi yorilar edi, o‘zini qayoqqa qo‘yishini bilmay shoshilib qolar, o‘zini anhorga tashlaguday iztirobda qo‘llarnini cho‘zib Sultonni, Sulton akasini telba girdoblar qa’riga g‘arq bo‘lishdan ehtiyotlanishga undar, ketidan darhol o‘zini o‘nglab olib, bu tengsiz olishuvda sevgilisiga olamga tatigulik dalda bergan bo‘lur edi.
Ushbu xayolning o‘zi Sultonning kuchiga kuch qo‘shdi. Barcha mashaqqatlarni unutdi. “Bashoratoy dalda bersa, – dedi boshini suvdan azot ko‘tarib, anhorga tepadan qarashga urinib. – Qichqiriqda suv emas, olov oqsa ham kelinni topish ahdimdan qaytmayman!..”
Qirg‘oq yoqasida to‘satdan paydo bo‘lgan bahaybat zotdor it yer tirnab, dumini xoda qilganicha unga qarab irilladi, so‘ng xiyobonni boshiga ko‘tarib vovulladi, itning izidan qo‘ltiqlashgan erkak-ayol ko‘rindi.
– Shu sovuqda nima zaril, cho‘milish! – deb yubordi ayol hamrohining pinjiga battar suqilib.
– Yosh-da, yosh, – dimog‘ida kulib javob qildi erkak, – dard orttirib olishini o‘ylamaydi, bular!..
Sulton o‘zini oqim ixtiyoriga qo‘ydi. Anhorning ikki tomonida quyuq qamish-yulg‘un devor yanglig‘ qoplagan ikki qirg‘oq orasidan oqib o‘tayotib suv havzasida turfa suzish mashqlarini bajarish chog‘ida asqotadigan ko‘zoynagini olish xayoliga kelmaganiga afsuslandi. Oqib kelgan jasad bu quyuq qamishzor orasida ilashib-netib qolgan bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Qamishzor orasiga yo‘lab bo‘lmasa!.. Sulton qo‘l-oyoqlarini emin-erkin harakatlantirolmay qoldi. O‘zanning o‘rtalariga qadar uzun-qisqa o‘sib chiqqan qamishzor bunga yo‘l qo‘mas, Sulton shundan ham foydalanib qolishga urinar, qamish poyalarini tutib-tutib oldinga, orqaga, yon-veriga siljish osonroq edi. Sulton o‘ng oyog‘ining kaftiga jimit baliqchalar tumshug‘i bilan kelib urilayotganini sezdi, har ehtimolga qarshi oyog‘ini siltab tortdi, baliqlar to‘zib ketdi sheklli, oyog‘i holi qoldi. Sulton qirg‘oq tomon ilgariladi. Zum o‘tmay oyog‘ining kafti, barmoqlari atrofida yana baliqchalar g‘ujlashdi, endi ularning orasida yirikroqlari paydo bo‘lgan, ular xuddi Sultonni oyog‘idan boshlab paqqos tushirishga shahd qilgan vahshiy suv jondorlari singari ustma-ust tumshug‘i bilan urilayotgan edi. Shundagina u oyog‘ining osti, barmoqlari, to‘pig‘i achishayotganini, bundan chiqdi, oyog‘i shikstlanganini, undan qon oqayotganini faxmladi...
Sulton quyuq qamishzorni tark etdi, buning ustiga, suv sathiga chiqayotib, temirmi-shoxmi, tirsagiga qattiq botdi, suv sathiga xira qon tusi yoyilganini ko‘rdi. Qamishzor siyraklashgani sayin, oqim tezlashdi, Sulton qirg‘oq tomon suzdi, yer sathiga bo‘rtib chiqib, suv yuvaverganidan qizarib ketgan daraxtning ildiz tomiri ko‘ziga allaqanday yovuz maxluqning panjalariga o‘xshab ko‘rindi. Shu xayolda, jur’at qilib “panja”larga yopishdi. Qirg‘oq tik bo‘lganidan u ko‘ksigacha suvga botib turardi. U ancha vaqtgacha nafasini rostlay olmadi. Boshi aylanayotgan edi. Sulton osmonga qaradi, tobora anhor tepasiga yaqinlashayotgan quyosh nuriga umidvor termildi. Atrofni kuzatdi. Narigi qirg‘oqda qiyshayib o‘sgan qandaydir daraxtning kattagina shohi egilib suvga tegib turar, oqimning zabti ta’sirida dam yuqoriga ko‘tarilib-dam pastga tushar, chetdan qaragan odamga shox suvni bearmon savalayotganga o‘xshab ko‘rinardi. Sulton suv havzasida soatlab suzib charchash-toliqish nima ekanini bilmas edi, bu yerda... hayron qolib bosh chayqadi, anhorning fe’l-atvorini yanayam sinchkovlik bilan o‘rganib-bilib olmoqchidek suvga qattiq va uzoq tikildi. Axir u ozmuncha joydan oqib kelyaptimi, ozmuncha martalab ne umidlarda sho‘ng‘idimi, suvning tubidagi qanchadan-qancha pana-pastqam burchak-surchaklarni qadam-baqadamlab paypaslab chiqdimi!.. Biron daqiqa suvni tark etgani yo‘q va shular asnosida Qichqiriq bilan, Qichqiriqning suvi bilan til topishish, uning diliga quloq solish yo‘lini izladi. Sulton ko‘ksigacha suvga botib turgan ko‘yi holsiz-majolsiz bir ahvolda undan ko‘z uzmas, oshiqib-quvalashib, ko‘pirib-sharqirab, chopqillab-yugurgilab borayotgan o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlarga ko‘nglida tug‘ilgan o‘pka-ginalarini to‘kib solmoqchidek edi. Anhor aql bovar qilmaydigan bir jondor, har banda o‘ziga yarasha fe’l-atvorga ega bo‘lgani singari anhor ham o‘z fe’li-xo‘yiga ko‘ra hayot kechirardi. O‘zanni to‘ldirib, limmo-lim oqib o‘tayotgan suv Qichqiriqning hayot tarzi, zero, uning mavjudligi, qismati ham shitob bilan oqib borishida mujassam, u shundan ma’no-mazmun topar edi.
Sultonning anhorga o‘pka-ginali qarashlari o‘rnini havas, hatto hurmat ma’nosi egalladi. Anhor uni tushunmadi, ayniqsa uning jununvash va tub oqimlari Sultonni ne ko‘ylarga solmadi – o‘ng qo‘l tomonda oqim sustroq tuyulsa, chap tomon oqimi tubsiz o‘pqonga yutib yuborguday tortqilaydi, oyoqlari osuda suzishiga yordam bersa, biqiniga urilayotgan to‘lqin azbaroyi uning sumbatini daraxt novdasidek ikki bukib tashlaguday vajohat bilan urilaveradi. Sulton girdig‘umdan kelgan g‘avvosning gezarib-so‘kinib aytgan iddaosini esladi va... “yo‘q, unday emas” degan ma’noda vazmin bosh chayqadi. Uning fikri, munosabati o‘zgardi, endi u... anhor uni tushunmagan bo‘lsa, u anhorni tushunadi, telba oqim unga dilini ochmagan bo‘lsa, inson telba ko‘ngilga yo‘l topadi...
Sulton boyadan beri boldirini qandaydir mayin-muloyim narsa silab-siypalayotganini sezib qoldi. U narsa uzun edi, Sultonning boldiridan sirg‘alib bo‘shaldi-da, uning beliga beozorgina chirmaldi. Sulton mo‘‘jizaga ro‘para kelayotganini sezdi, yuragi endi mutlaqo o‘zgacha hayajon, o‘zgacha intiqlik bilan dukurlay boshladi. U salgina nojo‘ya harakat qilsa, beliga chirmalayotgan momiq-muloyim narsani yo‘qotib qo‘yishdan xavotirda g‘oyatda ehtiyotlik bilan qo‘lini suvga botirdi. Tag‘in allaqanday jondor-pondor bo‘lmasin, deb yubordi ichida va shu zahoti bu shubhasini unutdi, u fikri, fikrlash tarzi uzilib, uzuq-yuluq bo‘la borayotganini, hech bir narsani adog‘iga dovur o‘ylay-mushohada qilolmay qolayotganini sezdi, sezdiyu, shu haqda ham tugal bir qarorga kelolmadi. Faqat, beliga chirmalayotgan jondor... allaqanday lash-lush yoxud matohga o‘xshayapti, umuman, oqar suv ostida har qanday jonsiz narsaga jon kirishiga va ularning bari ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan jondorga aylanishiga iqror bo‘ldi.
Sultonning suv ostiga botirgan qo‘lining uchlari beli-ko‘kragi aralash belboqqa aylanayotgan o‘sha jonsiz jondorga yetdi. “Nahotki?!” deb yubordi Sulton ovoz chiqarguday quvonib, “Sariq bo‘lsa-ya?!”, “Kelinchakning ko‘ylagi bo‘lsa-ya?!” Sulton yovvoyi jondorning “panja”larini qo‘yib yuborganini butun gavdasi bilan suvning o‘rta oqimiga shaloplab tushganidagina angladi. U oqimning tezob yo‘liga tushganidan emas, qo‘lida tutib turgan... nima, nima u?! Nahotki, Sultonning shuncha sa’y-harakati besamar qolmay, jonini garovga qo‘yib izlagani... sariq ko‘ylak etagini topgan bo‘lsa?!
Sulton oqib ketmadi, u ikki qo‘llab changallab olgan matoni asta va avaylabgina bilagiga o‘rashga tushdi, “Uzilib ketmasa bas!” degan o‘yda qo‘lini silkitib yubormaslikka urinib, matoning “ildizi”ga tomon yaqinlashaverdi. “Sariq!.. Sariq ko‘ylagida edi!.. Sariq!..” Sultonning miyasini shu topda faqat shu so‘z ishg‘ol qilgan, uni topganiga ishonchi komil edi!..
U matoni... bunchalar uzun u? Bunchalar ilingan joyiga – tagiga yetish mushkul?.. Sulton juda-juda avaylab, ehtiyotlik bilan paypaslay-paypaslay uning ilingan mansabiga yetadi, yetgan joyida qo‘liga chirmalgan sarg‘ish mato, yo‘q, sariq ko‘ylakning keng etagi va... o‘n besh kunlik kelinchakning bir haftadan buyon suv ostida yotgan jasa... “Topdim, Bashorat! Bashoratoy, jonim, topdim!” deb yubordi Sulton.
– Ismingiz emas, o‘zingiz sultonsiz, – degan edi Bashorat bir kuni, uning yelkasiga boshini qo‘yib, navozish bilan. – Siz har qanday sultonlikka qodirsiz!...
“Bashoratoyning bashorati, mana, hozir, shu daqiqa, shu telba anhor suvi ostida tasdig‘ini topsa-ya!” Sulton hayajonning zo‘ridan kuchiga kuch qo‘shildi, charchoqlarini ham, og‘riqlarini ham unutdi. Ikki qo‘llab sarg‘ish matoni tutganicha uni kaftiga o‘rashga tutinar ekan, yuz-ko‘zi oldida baliqchalar to‘dasi paydo bo‘lganini, tong sahardan beri oqayotgan loyqa suv tiniqlashib, baliqchalar aniq-tiniq ko‘z o‘ngidan “lip-lip” o‘tayotganini ko‘rdi. Baliqchalar rangli edi! Qip-qizil, sap-sariq, yam-yashil!.. Ular Sultonga yo‘l ko‘rsatayotgan, qaysi tomon siljishi kerakligiga belgi berayotgandek edilar. Yelkasi, ko‘ksi, qorni, tizzalari, oyog‘ining uchigacha jazillab achisha boshladi, “Hechqisi yo‘q, chidayman!” dedi Sulton tishini tishiga bosib, ilgariladi, qirg‘oq tomon siljiyotganini elas-elas payqadi. Qo‘llari, so‘ngra oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotganini payqab qoldi, oyoq-qo‘llariga madad tiladi: “Ha! Ha-a!.. Bo‘sh kelma! Bo‘sh kelma, deyapman!.. H-h-h-o-oy-y!..”
“Bu anhorga g‘arq bo‘lganlar yarim tun sukunatida qichqirib, odamlarni yordamga chorlaydilar...” Sulton ham... yo‘q, u qichqirmayapti, uning hali-veri g‘arq bo‘lib telba to‘lqinlarga taslim bo‘lish niyati yo‘q. Taslim bo‘lmaydi ham, najot ham tilamaydi... U endi anhor va uning suvlari bilan shu qadar qadrdonlashib ketdiki, unga yotig‘i bilan iltijo qiladi, unga toza niyatlarini to‘kib soladi, kerak bo‘lsa, ovozini boricha qo‘yib qichqiradi, shu qadar qichqiradiki, Qichqiriq bir zum bo‘lsa-da, oqishdan to‘xtaydi, suvlari tiniqlashib, o‘zan o‘zini boricha ko‘z-ko‘z qiladi. “Qichqiriq” degan nomi ham g‘oyatda o‘ziga yarashimli, noyob! Tiriklarning gap-so‘zlari g‘arq bo‘lganlarga, g‘arq bo‘lgan marhumlarning sukunati esa tiriklarga qichqiriq bo‘lib eshitiladi. Ana, Sultonning o‘ziga o‘zi dalda berish maqsadida aytgan so‘zlari tashqariga qichqiriq, faryod bo‘lib eshitilyapti. Vaholanki, tun cho‘kishiga allaqancha vaqt bor, tungi sukunatga qadar eh-he-e... Ana, oftob charaqlab turibdi, faqat, faqat u... kimdir silkityapti shekilli, lopillab, alanga olib yonayotganga o‘xshayapti...
Sulton birdan vaznining og‘irligini sezmay qoldi, qo‘l-oyoqlarining madorsizlanishidan tug‘ila boshlagan xavotir ham tarqadi. Hech bir harakat qilmasa-da, oqib ketmayotganiga, nafasi dimiqib havo yetishmay qolmayotganiga hayron bo‘ldi. Oyoqlarining orasida paydo bo‘lgan silliq, mayin va beozor jondor Sultonni ko‘tarib turar, Sultonning fikr-xayoli kaftiga, undan bilagiga o‘ralib-o‘ralib borayotgan matoda edi. Sulton mutlaqo harakat qilmay qo‘ydi, qo‘llarini o‘rab-chirmab, bog‘lab tashlaganidan, o‘sha sariq matoni topib, tortib chiqarish ko‘yida kerak bo‘lsa, qo‘llariga qo‘shib oyoqlarini-da bog‘lab tashlashga hoziru nozirligidan vujudini qamragan hayratni yashirolmay, hayajonlanayotgan edi. Hayajonning zo‘ridan terlab ketdi. A’zoi badanidan suv emas, ter quya boshladi. Boshini ikki-uch qayta suv yuzasiga chiqarib nafas rostlamoqchi edi, bunga zarurat sezmadi, ko‘z o‘ngida suvga qo‘shilib ko‘zga tashlanayotgan va zumda chir aylanib g‘oyib bo‘layotgan xira qon dog‘lariga ham e’tibor bermadi. Oyog‘ining orasiga kirib, uni ko‘tarib turgan jondor... Sulton o‘zini yuvvosh otga mingashib olgandek his qildi, bu holat uzoq cho‘zilmadi, yo‘q, xayol sharpasidek juda tez o‘tdi, ot asta-sekin sirg‘alib oyoqlari orasidan chiqib ortda qola boshladi. Anhor ichida ot nima qiladi?.. Ot emas, baliq, baliq desa, otga o‘xshaydi. Otbaliq!..
Sulton Qichqiriq suvida bunday jonivorlar mavjudligi haqida sira eshitmagan edi, eshitgan taqdirda ham unday oldi-qochdi cho‘pchaklarga ishonmasdi. Lekin, mana, uni o‘zi ko‘rdi, ulardan biri kelib holdan toyib g‘arq bo‘layozgan Sultonni kiftiga mindirib oldi va... Sultonning ko‘ngli halimdek yumshadi. Muloyim, lekin qat’iyat bilan baralla aytdi: “Qayta boshdan boshlayman! Kerak bo‘lsa, o‘n marta tushaman suvga, lekin topmaguncha qo‘ymayman!..”
Sultonning qulog‘iga paydar-pay uzoq-yaqin qichqiriqlar chalina boshladi. Sulton ularga quloq solmoqchi, ma’nosini uqmoqchi edi, diqqatini jamlay olmadi. Suv qizib ketayotganga o‘xshadi. Sulton oyog‘i qattiq zaminga tekkanini sezdi. Boshini ko‘tarmoqchi edi, qurbi yetmadi. Anhor o‘zani kunbotar tomondagi qishloqqa yetgan joyida kengayib, suvi juda-juda sayozlashgan – suv nari borsa, tizzadan keladigan joyga yetgan, bu yerda tumonat bola-baqra dunyoni boshiga ko‘tarib cho‘milishayotgan, shodon qichqiriqlar bilan bir-birini quvalashayotgan edilar.
– Voy, odam! Odam oqib kelyapti!!!
Sulton bu qichqiriqni ham elas-elas eshitdi. Bu topda tikkaga kelgan quyosh olamni charog‘on qilib yuborgan, Sultonning sovuqdan ko‘karib ketgan kiftini ilita boshlagan edi...