OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad. Shabada (hikoya)

Baxt ham nasiba, u kimlarnidir zor qaqshab izlab yuradi, ro‘parasidan, oyog‘ining ostidan chiqib quchoq ochib kutadi, kimlarnidir esa kalaka qilgandek mudom chetlab o‘tadi.
Tog‘asi Komronni yomon izza qildi.
– Hayotda noshukrlikdan yomon narsa yo‘q, – dedi u avvaliga muloyimlik bilan, lekin bu muloyimlik-vazminlik portlash arafasidagi sokinlik ekani tog‘aning fe’lini biladiganlar uchun yangilik emas edi. Komron ham o‘sha portlashga shay holda tanbehu nasihatga quloq tutdi. Mirsayyid tog‘a davom etdi: – Xotining – sening nasibang, sen esa — uning nasibasi, oyday-gulday yashab dunyo kezib yuribsan, shu nasibangdan yuz o‘girmoqchimisan? Ayt, yuz o‘girmoqchimisan?! Kiftingda ko‘tarib yurgan yum-yumaloq qovoqning ichida aql-idrok, tog‘dek ko‘ksingda diyonat bormi, o‘zi?!
Komron o‘zini bu gaplardan mutaassir bo‘lgandek tutib o‘tirsa-da, xayoli taqdirmi-tasodifmi unga ro‘para qilgan boshqa bir... nasibada edi. Xo‘p, xotini uning nasibasi ekan, bunisi-chi? Buni ko‘rib ko‘rmaganlikka olsa, qo‘l cho‘zsa yetgulik oraliqda shamshoddek raso qaddini, oqqush bo‘ynidek nozik bo‘yni-dudog‘i, yanoqlari yal-yal nur taratayotgan... nasibadan ko‘z yumib o‘tsa noshukrlik bo‘lmaydimi?!
Komron ko‘nglidan kechgan shu o‘ylarini tog‘asidan yashirmadi. Mirsayyid tog‘a hang-mang bo‘lib qoldi, shunday tanbehlari jiyaniga kor qilmaganidan lol edi u.
– Bir oilaning buzilishi arshni larzaga keltiradi. Eshitganmisan, shu gapni? – Yana bosiq ohangga ko‘chdi tog‘a. Komron tushunmadimi, qulog‘i yaxshi ilg‘amadimi, tog‘asiga savol nazari bilan qaradi. – Arshni larzaga soladi, – deyapman, tushunasanmi, o‘zi, osmonni, ko‘kni ostin-ustun qiladi! Shuni bilib qo‘y, bola!..

* * *
Zinapoya bo‘ylab chiqib-tushayotganlarning hisobi yo‘q edi. Yigitlar qizlarga, qizlar yigitlarga to‘qnashib-netayozgan, quvnoq qah-qahalar, shodon baqir-chaqirlar, salom-aliklaru xayr-xo‘shlar to‘lgan zinapoyada yoshlarning joni ichiga sig‘maydi, oyoq-qo‘llari qanotga aylangan – uchishmaydi, xolos.
 Komron zinapoyaning bir chekkasidan boshini xam qilganicha yuqoriga ko‘tarila boshladi. Ikkinchi, uchinchi... beshinchi qavatga yetdim deganda boshini ko‘tardi. Nega ko‘tardi? Yana uch-to‘rt pillapoyani bosib o‘tganida beshinchi qavat yo‘lagiga yetgan, shundoqqina chapga burilsa, ikki eshik naridagi xonaga bosh suqsa – kelishilgan, uni kutishyapti – zarur yumushini bitirsa, vassalom, kechga dovur mo‘ljallagan ishlari boshidan oshib yotibdi, bozor-o‘char, onasining yolg‘iz jigargo‘shasi bo‘lmish xasta tog‘asini ziyorat qilish, uyga borib jomadonlarni tartibga solish – o‘rab-chirmash, bog‘lash-qulflash, uch haftalik ta’til kunlaring bir kun bemalol diydoringga to‘yolmadim deya xarxashadan tinmayotgan onasini xumordan chiqarish. Hozir esa... Nega u boshini ko‘tardi?..
Komronning boshi aylanib ketdi, boshidan oyoqlarining uchi tomon yoki oyog‘ining uchidan boshi tomon allaqanday to‘lqin shuvillab o‘tdi, ichiga daydi va telba shamol kirib qolgandek, shamol uni shu ondayoq muvozanatdan chiqarib ag‘daradigandek.
Komron rangi o‘chganini beti qizib ketganidan sezdi, ro‘parasida – uch pillapoya yuqorida tek qotgan notanish qizdan ko‘z uzolmay qoldi. Paxtaday, sutga chayilganday, qaymoqday, yo‘q, ularning barchasidan-da o‘zgacha – hushni o‘g‘irlar darajada yoqimli.
– Nega bunchalar oppoqsiz?
Qiz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, begona yigit bergan savolni eshitmadi, eshitsa-da, ilg‘amadi, duv qizarib jimgina bosh chayqadi. Yo‘q, dedi u, yo‘q – shu ma’noda bosh chayqadi, faqat ovozi chiqmadi, shu bois yo‘q deganini hech kim – Komron ham, qizning dugonalari ham... qizning o‘zi ham eshitmadi. Lekin uch odimlik pillapoya shohid – qiz uch karra aytdi: yo‘q, yo‘q, yo‘q!..
– Ismingiz nima?
Kimdir – pastdan chiqib keldimi, yuqoridan tushib kelayotuvdimi – tikkasiga Komronga urildi, Komron jon holatda zina panjarasini tutib qolmasa, pastga qarab koptokdek dumalab-yumalab ketishi muqarrar edi.
– Voy-y!
Ko‘k tomon, oy tomon, arsh tomon uchdi “voy”!
...Komron shu qadar zaif, irodasi mo‘rt edimi?.. Shunchalar ta’sirchan, yuvosh, sodda-go‘l edimi?.. Bularni ham, o‘zining butkul boshqa odamga aylanib qolganini ham bilmadi.
– Ismingiz nima? – deb so‘radi yana Komron.
G‘ala-g‘ovurda ovozi eshitilmadi. Komron savolini takrorladi.
– Nozik!..
Qizning o‘zi aytdimi, yonidagi dugonasimi – Komron payqamadi. U dam-badam vujudidan ko‘tarilayotgan hovurni sovutolmayotgan, sovutish qayoq-da, hovur uni tovaga solib qovura boshlagandi.
– Nozik?.. Nozikoy?..
– Nozik...
Bu safar qizning o‘zi aytdi, sekin va beixtiyor aytdi, istar-istamas, ajablanib aytdi. Yo‘lak, ko‘chaga chiqaverishdagi kenggina chorburchak daxliz gavjum, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi. To‘satdan izdihom oralab yaqinlashayotgan ko‘laga ko‘rindi, kimlar o‘zlarini chetga olishga ulgurishdi, kimlar – yo‘q, ko‘laga Komron bilan Nozikning o‘rtasidan quyundek yelib o‘tdi-ketdi. Quyunning izidan ularning orasida quyuq bulut qoldi. Nozikning shundayiga ham oppoq chehrasi battar oqardi, buni Komron payqamadi, Komronning ham quti o‘chdi – buni Nozik payqamadi.
Yigit ham, qiz ham bu singari ishoralarni ilg‘aydigan ahvolda emasdilar.
– Ertaga ketmayman, – dedi Komron.
– Qaerga ketmaysiz? – Hayron bo‘lib so‘radi Nozik.
– Hech qayoqqa... – Komron shunday deb qo‘lidagi ixcham jomadonnusxa sumkasini titkilab uchoq chiptasini oldi, Nozik bilan uning dugonasi yoniga yaqinlashib chiptani ko‘rsatdi.
– Viy-y-y!
Komron behosdan qizning oyog‘ini bosib oldim degan xayolda o‘zini orqaga oldi.
– Chet elga ketyapsizmi?! – Hayratini yashirolmay qarsak chalib yubordi Nozikning dugonasi o‘zini tutolmay.
– Chet elga, – dedi Komron va zarracha ikkilanmay-netmay chiptaning qoq o‘rtasidan yirtdi. – Nozikoy, sizni ko‘rish uchun ham hech qayoqqa uchmayman!..

* * *
– Keldingmi, bolam, qayoqlarda qolib ketding? O‘rtoqlaring telefon qilaverib holijonimga qo‘yishmadi.
Komron kuldi.
– Ertaga uchmaydigan bo‘ldim.
 Rahima aya tushunmay o‘g‘liga angraydi.
– Tinchlikmi?
– U tomonlarga samolyotlarning uchishi bekor qilinibdi.
Rahima aya o‘g‘li hazillashayotganini tushundi.
– Biror ishing bitmay qoldimi? Tog‘angnikiga bordingmi?
– Ertaga ketmayman-ku, boshqa kuni borarman, aya. Yaxshisi, siz bilan hangamalashib o‘tiraman.

* * *
Kamol darvozani ochib yap-yangi hovliga kirgan akasining ketidan izma-iz besh-olti odim tashladiyu, qariyb hovlining o‘rtasiga bordi, qo‘shqavatli uyning haybatidan, ko‘m-ko‘k hovuzdagi suvning tiniqligidan ko‘zini uzolmay turib qoldi, uy tomon o‘girildi.
– Ichariga kiraylik, – yo‘l boshladi Komron. Kamol unga so‘zsiz ergashdi.
Ravon, uy va yo‘laklar, har qadamda did bilan qo‘yilgan qimmatbaho jihozlar, devorlarga ilingan manzarali suratlar, mahobat, mahobat... ikkinchi qavatdagi mehmonxonaga ilingan qandilni tomosha qilayotgan Kamolning do‘ppisi bexosdan tushib ketdi. U momiq ipak gilamga tushgan do‘ppini qo‘lga oldi-da, tapillatib kaftiga urib qoqdi. Komron kulgisini yashirolmadi.
– Esing joyidami, Kam, shunday uyda chang-g‘ubor bo‘ladimi?!
Kamol akasining istehzosiga e’tibor bermadi, og‘ir va viqorli kursilardan birining chekkasiga omonatgina qo‘ndi-da, tepaga angraydi.
– Uchinchi qavati ham bormi?
– Bor, – dedi Komron, – u yerga faqat yotoq – spalniydan chiqiladi.
– Hm... – dedi-qo‘ydi Kamol. – Shu turishi qanchaga tushdi, aka?.. O‘zingiznikimi, endi, shu uy?
Ukasi hamon ko‘zlariga ishonolmayotgan edi. Komron bir shoda kalitni uning oldiga tashladi.
– Mana, istagan mahal istagan eshikni ochib kiraverasan. Nikoh kuni kelin bilan bolalaringni olib ko‘chib kelasizlar, zinaning narigi qanoti sizlarga, tushundingmi, joy mo‘l, hammamizga yetib ortadi.
– Ishni pishiq qilibsizu, illo...
– Nima, illo? Gaping bo‘lsa, ikkovimizdan boshqa hech kim yo‘q, aytaver.
– Onam ko‘rmadilar-da, bu joylarni...
Suv quygandek jim-jit uyda allaqaysi eshikning qirss etib yopilgani aniq-tiniq eshitildi. Kamol savol nazari bilan akasiga angraydi. Komron birinchi qavatga olib tushadigan zinapoya tepasiga borib pastga qaradi.
– Daxlizniki... – dedi u qo‘l siltab, so‘ng bir muddat jim turdi-da, ukasi bexosdan aytgan gapga javob berishga kirishdi: – Meni o‘ylamaydi deysanmi, uka. Ilgariroq... hayotlik choqlarida rozilik berganlarida, kim biladi deysan, shu joylarda balki uzoqroq yasharmidilar... Oyoq tirab oldilar, sira ko‘ndirib bo‘lmadi...
– Onamizga nasib etmagan bo‘lsa, tog‘amni olib kelsak, ko‘rsalar, duo qilsalar...
– Tog‘am, deysanmi? Nimalar deyapsan, ukajon, qaysar daraxtning yog‘ochidan yo‘nib ishlangan o‘sha tog‘am shu uyga kelib duo qilishiga ishonasanmi?! Shunga ko‘zing yetadimi, Kama?!
– Tushuntirsak, onamning ruhini o‘rtaga qo‘ysak...
– Onam bilan qoni bir odam-da, ikki dunyodayam tushunmaydi, peshanasiga miltiq tirasang ham bilganidan, aytganidan qolmaydi... Kimsan falonchi olim, pismadonchi professor qarigan chog‘ida uyda kasal bo‘lib yotib, bir yumalabdiyu nasihatgo‘y mullaga aylanib qolibdi! Menga aytgan gaplarini aytsam... Arsh nima degani, Kam? Sen bilasanmi? Qaerga joylashgan u? Osmon – kosmos degani bo‘lsa, osmon qayoqdayu mening oilam qayoqda?! Mening osmon bilan necha pullik ishim bor?!

* * *
 “U tomonlar”ga samolyot kunda-kunora uchishdan to‘xtamadi, lekin Komron uchmadi. U erta ketib kech qaytar, qo‘li-ko‘zi internetdan, qulog‘i qo‘l telefondan bo‘shamas, onasining bag‘rida bo‘lishdan ulkanroq baxt-saodat yo‘qligini takrorlashdan charchamas, lekin xayoli joyida emasdi uning. “Tobing qochyaptimi? Mazang yo‘qmi?” deb onasi qo‘yarda-qo‘ymay siquvga oldi, kor qilmadi, kunda-kunora “u tomon”dan Komila qo‘ng‘iroq qilar, eri bilan gaplasha olmayotganidan zorlanar, xavotirlana boshlaganini tushuntirishga harakat qilardi.
– U tomondagi idoramizning bu yerdagi vakolatxonasida nozik vazifa topshirishgan, shuni bitirmaguncha bormasam kerak, – dedi Komron nihoyat.
– Shuni Komilaga tushuntirib ayt, ming xayolga borib xavotirda o‘tiribdi, – dedi ayasi.
Komilani ming xayolga duchor qilgan Komronning o‘zi bir xayol iskanjasidan chiqib ketolmayotgan, qanday bo‘lmasin shu bir xayol girdobi uni domiga tortib ketayotgandek, Komron shu taxlit g‘arq bo‘lishni o‘zi uchun tengsiz baxtiyorlikdek ep bilayotgan edi.
– Ertadan keyin yangam kelyapti, – dedi Kamol akasiga. – Kutib olishga chiqa...
– Kelyapti?! Nega menga aytmay kelyapti? – tutaqib ketdi Komron xuddi uyqudan uyg‘ongandek ko‘zlarini ishqab.
Rahima aya jerkib berdi:
– O‘zing xotining bilan yolchitib gaplashmasang qayoqdan aytadi senga, qachon aytadi?! Ishing ko‘payib ketgan bo‘lsa, unda nima gunoh, bolalaringda nima gunoh?!
Komronning miyasi yashin tezligida ishladi, vaziyatdan betalofat chiqishning birdan-bir chorasini topdi va uni ayasi bilan ukasiga aytdi:
– Vakolatxonadagi ishlarim tugay deb qoldi, bugun yo ertaga javobini aytishadi.
– Aytishsa, u holda Komilaxon kelmay tursin, bir-ikki kun sabr qilsa, o‘zing borsang, ayol boshiga bolalarini surgab ovora bo‘lib yurmasdi.
Komron yana topqirlik qildi.
– Otlangan bo‘lsa kelaversin, uyidagilarini sog‘ingan, – dedi.

 * * *
Uchoq belgilangan vaqtda yerga qo‘ndi, toqati tugab borayotgan Komila yuklarini tezda oldi-da, o‘g‘il-qizini surgaganicha tashqariga oshiqdi. Komila hov naridagi avtoulovlar to‘xtash joyida ko‘ringan Komron bamaylixotir kelayotganini ko‘rdiyu, yuragining bir chekkasi uzilib tushdi. Xarxasha qilayotgan o‘g‘il-qiziga e’tibor ham bermay Komron tomon peshvoz yurdi. U erining avzoyiga sinchiklab qaramoqchi edi, uning ko‘zlaridan juda-juda ko‘p narsani bilib olishiga ishonchi komil edi, Komronning esa ko‘ziga birinchi bo‘lib Komilaning jussasi ko‘rindi. Ha, xotini jussador, semizlikka moyil, tarozi pallasiga qo‘yilsa, eridan hiyla ortiqroq tosh bosadigan ayol edi. Birinchi marta xotini Komronning ko‘ziga jussadorgina emas, beso‘naqay va qo‘pol ko‘rinib ketdi.
Uyga yetib kelishgunga qadar Komron yo‘ldan, Komila erining avzoidan ko‘z uzmadi. Komila ko‘nglining ko‘z va dil ilg‘amas burchaklarida sas-sado chiqarishga jur’at etolmay pusib yotgan shubha-gumonlari endi ko‘z o‘ngida saf torta boshlaganini sezdi.
Komron ilgarigi Komron, eri ilgarigi er emas edi!..
Komron uyga yaqin qolishganidagina yorildi:
– Men erta yo indin u yoqqa ketishim kerak, – dedi xotinini ahamiyatsiz yangilikdan boxabar qilayotgandek beparvo ohangda.
U tinimsiz o‘ylayotgani, miyasida chigaldan-chigal rejalarni pishirayotgani ochiq-ravshan sezilayotgan, o‘zicha u pinhon tutgan sirlarni ustalik bilan yashiryapman deb o‘ylayotgan, Komila esa ayollarga xos ziyraklik bilan erining xayolida pishib yetilmagan bahonayu vaj-karsonlarning ildizu shox-shabbasigacha fahmlab-ilg‘ab ulgurayotgandi.

* * *
Musharrafning kuni rosmana tug‘di. Bir tomonda yosh boshiga, tag‘in kimsan qaynog‘asining yangi qallig‘iga qaynona bo‘lib qoldi, ikkinchi tomondan, yetti uxlab tushiga kirmagan shoxona xonadon bekasiga aylandi. Uy-joylar yaltillaydi, yog‘ tushsa yalab-yulqasang arziydi, hamma narsa yangi! Bolalarni aytmaysizmi! “Detskiy”da odamning jonidan boshqa o‘yinchoqlarning sanog‘iga yetmaysiz! Faqat bola bolaligini qiladi-da, bir-ikki daf’a o‘g‘li amakisini savolga tutib qolsa deng.
– Amaki, Imronni qachon bu yerga opkelasiz? – deya so‘radi ertalabki nonushta mahali.
Dasturxon tevaragida og‘ir sukunat cho‘kdi. Musharraf o‘g‘liga tanbeh bermoqchi edi, kechikdi.
– Nozikoy, choyga qaraysizmi? – deb chalg‘itdi boshqalarni qiyin ahvoldan xalos etish maqsadida.
Dasturxonning popugini o‘ynab nafasini ichiga yutib o‘tirgan Nozikoy “xo‘p” degancha o‘rnidan turdi-da, qo‘shni xona – oshxonaga kirib ketdi.
Komron jiyanining savolini javobsiz qoldirmadi.
– Imronni ham, Go‘zalni ham olib kelaman, jiyan, – dedi baralla. U atayin Nozikoy eshitadigan qilib gapirdi. – Kelishadi, ularni tashlab qo‘ymaymiz...
Kamol akasiga zimdan ko‘z tashladi, shu orada oshxonadan qaytib chiqqan Nozikoy sassiz-nesiz yurib kelib, stol ustida turgan choynakka qo‘l uzatdi.
– Qaynadimi? – deb so‘radi ovozini pastlatib Musharraf.
– Hm, qay...
Shu payt oshxonada nimadir taraqlab ketdi. Dasturxon atrofida o‘tirganlarning barchalari cho‘chib oshxona tomon o‘girildilar. U tomonda qandaydir chinni asbob tushib chil-chil sindi, ketidan oshxonaning ochiq eshigidan quyuq bug‘-tutun burqsib chiqdi.
Oshxonaga birinchi bo‘lib Kamol, uning izidan Musharraf yetib bordi.
– Yonyapti! – deb baqirib yubordi Kamol. – Yorilib ketibdi!
Xotini uning vahimasiga jo‘r bo‘ldi.
– Vahima ko‘tarmanglar, – dedi Komron atayin vazminlik bilan. Kelib oshxona ichiga qarab turdi-turdi-da, ukasi va boshqalarni tinchlantirdi. – Choy qaynab... suvi tugab qolgan... Nu, chort s nim!..
Xijolat va qo‘rquvdan oshxona eshigiga behol suyanib qolgan Nozikoy bu gapni eshitib yig‘lab yubordi.
– Qanday qilib? Hozirgina qo‘ygandim, hozirgina. To‘ldirib qo‘ygandim, – deya oldi u, xolos.

* * *
Komila kelgan kunidan ikki kun o‘tar-o‘tmas Komron yo‘lga otlandi. Rahima aya erta saharlab jo‘nab ketishga shaylangan o‘g‘lini qo‘yarda-qo‘ymay xonasiga qamab oldi. Avvaliga yotig‘i bilan gapni uzoqdan boshladi. Onasining qandaydir muddaoda gapni atayin uzoqdan boshlashi tog‘asining odatlariga o‘xshab ketishini o‘ylab ketdi Komron. Shubha yo‘q, onasi tog‘asiga shikoyat qilgan. Tog‘asi uning ko‘zini moshday ochib qo‘yish qasdida gapni osmondan boshlab, kosmosning... ar... arsh dedimi – Komron ichida kulib qo‘ydi – koinotning chang-to‘zoni chiqib ketarmishmi-ey!.. Buyog‘idan uyog‘i yaqinlashib to‘shakka qadalib yotgan, umri bino bo‘lib tug‘ilib o‘sgan shaharu viloyatidan ikki qadam narini ko‘rmagan odamlar o‘ylab topgan safsatalar...
– Erkakdir-ayoldir, – dedi onasi, – oila taqdiriga hamisha-har kuni hushyor bo‘lmog‘i kerak. Er-xotin o‘rtasida sovuqchilik paydo bo‘ldimi, beparvolik oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Xullas, so‘zimni qulog‘ingga olmasang u dunyoyu bu dunyo rozi emasman, shuni unutma, o‘g‘lim!..

 * * *
Safarga “otlangan” yuklar topshirildi hamki, aka-uka o‘rtasida suhbat qovushmadi. Komron Kamoldan, Kamol Komrondan nimanidir kutayotgan, lekin ulardan hech birlari og‘iz ochishga jazm etolmayotgan edilar. Nihoyat, Komronning sabri tugadi. U Kamolni chetga tortdi.
– Kama, – dediyu so‘zini davom ettirolmadi, soatiga qaradi. Fursat g‘animat edi. Uchoq chiptasini ro‘yxatdan o‘tkazsa, shu zahoti ichkariga kirib ketadi. Vaholanki, uning barcha umidi, ishongani ukasida edi. Shu boisdan u aytadiganini aytib tashladi: – Men juda og‘ir ahvoldaman. Senga aytamanu, jo‘nab ketaman. Ukam bo‘lib, erkak bo‘lib tingla. Menga yordam ber.
Kamol akasining ahvolini tushunib yetgan, lekin unga qanday yordam berishi mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmayotgan edi. Komron davom etdi:
– Yotig‘i bilan onamga tushuntirasan... ko‘ndirasan.
– Nimalar deyapsiz, aka? Bu gaplarni aytish siz o‘ylagandan ko‘ra ancha og‘ir. Oqibati esa undan battar, shularni o‘ylab ko‘rdingizmi?
– To‘g‘risi, o‘ylamadim, ko‘rdimu aql-hushimdan ayrildim... Tamom bo‘ldim...
— Kimni ko‘rdingiz? Kap-katta erkaksiz-a! Kim ekan, qaerda duch kela qoldingiz, aka?!
Komron Kamolning bilagidan tutdi, so‘zsiz uni kuzatuvchilar izdihomi tomon boshladi. Boyadan beri aka-ukadan ko‘z uzmay xavotirda turgan guldek nozik-nozanin... Nozikoy ular tomon bir-ikki odim tashladiyu yerga qaraganicha to‘xtadi.
Kamolning tili aylanmay qoldi. Shu topda aytishi mumkin bo‘lgan so‘zi yo‘q edi uning. A’zoi badani majolsizlanib beixtiyor nari ketdi. Komron unga yetib oldi.
– Komila yangamning ahvoli nima kechadi? Bolalarning-chi?.. – dedi Kamol parishon xayollarini yig‘olmay. Komron nimadir dedi, lekin javobning qizig‘i qolmagandi Kamol uchun. Davom etdi: – Men siz aytayotgan yukni zimmamga ololmayman, qolaversa...
– Nima, qolaversa?!
Komronning tovushi Kamolning qulog‘iga og‘ir botdi. U atayin bir zum so‘zsiz qarab turdi-da, so‘ng gapirdi:
– Hozir siz og‘ir ahvolda ekansiz, agar bundan kechmasangiz, – dedi u Nozikoy turgan tomonga ishora qilib, – hammamizni og‘ir ahvolda qoldirasiz. Onam ko‘tarolmasliklari esa aniq, aka...

 * * *
Komron xashamdor mashinasini darvozaga taqab to‘xtatdi-da, o‘tirgan joyida pult tugmasini bosdi. Yuqoriga yig‘ilib ochiladigan darvoza tiq etmadi. Komron kaftida tutib turgan matohning tugmalarini bir-bir bosib chiqdi, yana natija bo‘lmadi.
– Kichik eshikdan kiring-da, ichkaridan darvozani oching, – u shunday deb Nozikoyga kalitni tutqazdi.
Yaqindagina yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, hovli qorong‘i, uyda hech kim yo‘q, chiroqni yoqish uchun yo‘lakka qadar yetti-sakkiz qadam yurish kerak. Komron xotinining yakka tavaqali kichik eshik yoniga yetib borganiga, kalitni qulfga suqayotganiga qarab turdiyu nimagadir chalg‘ib, undan ko‘zini uzdi. Zum o‘tmay yo‘lak chirog‘i yongani ko‘rindi, ko‘rindiyu... Komron nima voqea yuz berganini anglolmay qoldi, lekin kimdir “V-voy!” deganini aniq eshitdi, yuragi allaqanday noxushlikni sezib, mashinadan otilib chiqdi, yugurib hovliga kirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, Nozikoy devorga suyanganicha bexush yiqilib yotardi.
– Nozikoy! Nozik-k! Menga qarang! Menga qara, Nozik!
Komronning o‘takasi yorildi, nazarida shu tobda suyukli, ardoqli, go‘zaldan-go‘zal arzandasidan ayrilib qolayotgandek edi. Yo‘lak devoridagi jo‘mrakni burab hovuchiga suv oldi-da, Nozikning betiga sepdi. Yana va yana sepdi. Nozik seskanib ko‘zini ochdi. O‘rnidan turishga harakat qilaturib, hush-behush ho‘ngrab yubordi.
– Nima bo‘ldi, Nozik? Ayting, nima bo‘ldi axir?! – Qo‘rqib ketgan Komronning betiga suv sepadigan kimsa yo‘q edi.
– Nariyoqqa, – dedi Nozik qo‘li bilan hovli tomon ko‘rsatib, – nariyoqqa o‘tib ketdi...
– Kim? Kim o‘tib ketdi? – Sapchib qad rostladi Komron. Hovliqib hovli tomonga yugurdi. – Ko‘rdingmi? Senga tegdimi?! Qanaqa?..
– Qop-qora... sharpa... Baland... Betini ko‘rmadim...

 * * *
Komron “u tomon”da turib ham ukasini holijoniga qo‘ymadi. Sen gapni boshlab bersang bas, qolganini o‘zim tushuntiraman deb kunda sim qoqishdan charchamadi.
Kamol mavridini poylagan edi – mavridini onasining o‘zi keltirdi.
Nima bo‘ldiyu, ona-bola yolg‘iz qolishdi, Kamol endi o‘tirgan joyidan qo‘zg‘algan ham ediki, onasi uni to‘xtatdi.
– Kamol, o‘g‘lim, – dedi u vazmin bir tovushda, – ichimda bir xavotir bor, shuni kimga yorilishni bilmay ezilib ketyapman.
Kamol onasiga birrov razm soldiyu, indamadi. Rahima aya esa undan sado chiqishini kutdi.
– Qanday xavotir, aya? – deya savol qotdi u.
– Qanday bo‘lardi, akangning qadam olishi yoqmayapti...
 Komil temirni qizig‘ida bosdi:
– Menga ham, – dedi u xunobi toshib.
Rahima aya o‘rnidan turdi, bir-bir qadam tashlab Kamolning ro‘parasiga kelib to‘xtadi.
– Xavotirim bejiz emasmi?! Xabaring bormi?! Qadam olishi...
– Noma’qul qadamini bosib bo‘lgan, akam!
U shunday dediyu, birdan yuragi orqasiga tortib ketdi. Shu tobda og‘zidan chiqqan gapi onasiga o‘q tekkandek ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini keyin o‘ylab qoldi. Biroq onasi kutilmaganda o‘zini dadil tutdi. Rahima aya bor irodasini jamlab ich-ichidan otilib chiqayotgan g‘azabnimi, o‘kiriknimi, nafratnimi bo‘g‘zida tutib qoldi, o‘zi dunyoga keltirib, o‘zi voyaga yetkazgan o‘g‘lining aftiga ignadek nigohlarini suqqudek bo‘lib qadadi. Kamol bu nigohga dosh berolmadi, ko‘zini olib qochdi. Menda nima gunoh, deya o‘zini oqlash mavridi emasligini tushundi. Rahima aya boshqa churq etmadi, yotoq bo‘lmasi tomon asta-asta odimlab bordi-da, ochiq eshik yonida ortiga o‘girildi, bir zum ravon derazasi orqali hovliga nigohi yetganicha termilib turdi-turdi-da, boshini xam qilganicha ichkariga kirib eshikni ohista yopdi.

* * *
Musharraf ovsinining yonida allamahalgacha qolib ketdi. Keyingi kunlarda qorong‘i tugul, kuppa-kunduzlari ham Nozik ikkinchi qavatga chiqmas, chiqmagani-chiqmagan, Musharrafni yonidan jildirmaslikka ham odatlandi. Musharraf uning rang ko‘r-hol so‘r bo‘lib qolganiga, faqat bu emas, Nozik bo‘lar-bo‘lmasga cho‘chib ketadigan, tiq etgan shovqindan tahlikaga tushadigan bo‘lib qolgandi. Musharraf asta-sekin uning ko‘ngliga qo‘l soldi, hozir ayni o‘ynab-yayrab qoladigan paytingiz, bunday sharoitlar bizdaqalarning yetti uxlab tushimizga kirmagan, o‘zingizni qo‘lga oling, ko‘zga yaqin kelinsiz, sizdaqalarga ko‘z tegishi aniq, shuning uchun unda-munda irim-sirimini ham unutmang, ikki-uch qayta o‘qitvorsangiz qushday yengil bo‘lib yurasiz deb nasihatlaru mehribonchiliklarga ko‘mib tashladi, ko‘mib tashlagani sayin ham Nozikning chehrasi ochilmadi, uning zo‘raki jilmayishlarida burungi tarovatdan asar qolmagandi.
Musharraf Nozikoy qandaydir hurkak bo‘lib qolganini, lekin ovsini undan buni yashirayotganini sezib ulgurgan, Nozikoy ham o‘zidan ko‘ra ancha-muncha dadilroq bo‘lgan Musharrafning qattiq-qattiq gapirishlarida, ko‘z qarashlarida xavotir, tahlika sharpasini ilg‘ay boshlagan edi.

* * *
– Namuncha, – dedi Kamol to‘shakda yonboshlab yotgan joyidan, hovliga chiqaverishdagi eshikni mahkamlab qulflagach ham uni qayta-qayta tortib ko‘rayotgan xotinining harakatlarini kuzatib. – Bunaqa odating yo‘q edi-ku?
– Tunda tashqariga chiqsangiz... – To‘satdan gap boshladi Musharraf. Kamol hiringlab kuldi.
– Tunda tashqariga chiqadigan odatim yo‘q-ku, xotin, ko‘zing ilinmay turib tush ko‘ryapsanmi?
– Kecha kechasi turmadingizmi?
– Kecha kechasi?... – O‘ylab qoldi Kamol. – Tosh qotib uxladim-ku, Mushar.
– Hazillashmang!
– Nega hazillashay, qattiq charchagan edim, yostiqqa bosh qo‘ygancha tosh qotibman...
Musharraf chayon chaqqandek sapchib o‘rnidan irg‘ib turdi. Turasolib xona chiroqlarining barini ketma-ket yoqib yubordi. Uning rangida rang qolmagan, lablari gezarib ketgan, xuddi to‘shagiga begona maxluq kirib qolgandek dag‘-dag‘ qaltirardi. Kamol xotinini bu ahvolda birinchi bor ko‘rishi edi, o‘zini vazmin tutishga harakat qilib, asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Nima bo‘ldi, Mushar, gapir, nimadan bunchalik esxonang chiqib...
– Aniq ko‘rdim!..
– Nimani? Qachon?
– Tunda, qora sharpa! Bo‘yi sizdey... Tepamga kelib qarab turdi!..
– Ishonmayman.
– Bunga ishonmasangiz ichi suvga to‘la choy qaynatkich yonib ketganini ko‘rdingiz-ku! Nozik yonimdan jilmaydigan bo‘lib qoldi, bejizga emas bu! Nazarimda bexosiyatroq uymi, deyman-da...
– Sekin!.. Bu so‘zni og‘zingdan chiqara ko‘rma, axir akam...
Kamol akasi bilan bu xonadonga ilk safar kelishganini esladi. O‘shanda aka-uka yuqori qavatda suhbatlashib qolishdi, shunda to‘satdan pastdagi allaqaysi eshik o‘zidan-o‘zi qisirlab yopildi... Kamol aniq esladi o‘sha hodisani...

* * *
Rahima aya uzukkun uyga qamalib yotadigan odat chiqardi, kampir hech kim bilan gaplashmas, huzuriga boshqalar kirishini xushlamas, kelinlariga so‘zni qisqa qilib, boraqolinglar, deb chiqarib yuborar, Komilaning ko‘ziga qarolmas, Imron bilan Go‘zal nevaralarini ko‘rganida o‘pkasi to‘lib ketar – tarkidunyo qilgan odamdek uning uchun hech narsaning qizig‘i qolmagandi...

* * *
O‘tganlarning ruhlarini shod qilish niyatida lorsillagan qora qo‘chqorning joni baxshida qilindi. Besh-olti nafar qo‘ni-qo‘shni ishtirokida o‘tkazish mo‘ljallangan “is chiqarish” tadbiri kichkina to‘yga aylandi. Xabarlanganlarning bari keldi, tog‘a kelmadi.
– Akang endi menga begona, – dedi Mirsayyid tog‘a, o‘zini arang vazmin tutib, — men-ku, mayli, onasining betiga oyoq qo‘ydimi, guldek oilasining, o‘g‘il-qizining uvolidan qo‘rqmadimi, o‘nta qo‘y atamaydimi! Yuzta qo‘y atamaydimi!..

 * * *
Shom qorong‘isida uyga qaytgan zahoti aya Kamolni chaqirtirdi. Kamol ayasining hech kimni ogohlantirmay ketib qolgani uchun unga tanbeh bermoqqa og‘iz juftlagan ham edi, onasi uni gapirishga qo‘ymadi.
– Telefon qil, – dedi qo‘lini uzoqqa degan ma’noda boshi uzra silkib. — Qaerda bo‘lsayam top.
– Xo‘p... Faqat hozir u yerda yarim tun, hamma uyquda... – taysalladi Kamol. – Uxlab yotgan bo‘lsa...
– O‘lib yotgan bo‘lsayam uyg‘ot!
Kamol onasi to‘nini teskari kiyganini, endi unga hech kimsaning gap-so‘zi kor qilmasligini bildi. Shu asnoda akasi bilan bog‘landiyu, telefonni onasiga uzatdi. Rahima aya kaftidagi telefonni qulog‘iga bosgan zahoti muddaoga ko‘chdi:
– Hm... Ertaga yetib kel!.. Bilmadim!.. Eshityapsanmi, yerning ostidamisan-ustidamisan, oxirgi gapim shu: ertadan qolmay yetib kel!..
 
* * *
– Asal oyi bir oy davom etadi deb kim aytsa aytaversin, bizning umrimiz, hayotimiz asal-l!
Komron o‘rnidan tura solib gulni beli va taqimlari ostidan ikki qo‘llab ko‘tarib oldi, bir-bir qadam tashlab uchinchi qavatdagi xos xonaga yo‘naldi.
– Osmonga, – dedi kulib, – osmondan ham tepaga – arshga olib chiqaman! – Komron shodumon edi, shodligini baralla nishonlashni istayotgan edi.
– Yo‘q, – dedi Nozik, – u yoqqa chiqmaylik.
Komron ahdidan qaytmadi. Gulni bir qo‘lidan qo‘ymay ikkinchi qo‘li bilan uchinchi qavatga olib chiqadigan darcha eshigi ilgagini tushirdi.
– Qo‘rqyapman! To‘xtang, ochmang!
Billur hovuzcha ichiga ikki kishilik par o‘rin to‘shalgan, oppoq choyshab tungi shabadada muattar hid taratar edi.
Hamon gulni bag‘ridan qo‘ymagan Komron bir oyog‘ini ko‘tarib billur hovuz devori osha oshirib o‘tishga ulgurdimi-yo‘qmi, nimadir lop etdi.
– Qoching! – deya nola chekib yubordi Nozik.
Komron oyog‘ini tortib ulgurdimi-yo‘qmi, ko‘z o‘ngida oppoq choyshabning bir chekkasi tutab, dimog‘iga achimsiq is urildi...

* * *
Komronning bu qadar zudlik bilan yetib kelishini hech kim kutmagandi. Biroq o‘g‘liz keldilar deya suyunchi undirish xayolida ayaning huzuriga yugurgilab kirgan Musharrafning faryodini birinchi bo‘lib Komila eshitdi. Komila qaynonasining tepasiga yetib bormay xona o‘rtasida tek turgan ko‘yi kaftlarini betiga bosganicha unsiz, lekin achchiq-achchiq o‘krab yubordi.

* * *
Musharraf erining qulog‘ini tinchitmadi.
– Bilmadim... Bu ahvolda yuragim ado bo‘ladi, dadasi.
– Qo‘ygin, bir narsani gapiraverasanmi, Mushar! — dedi Kamol xotiniga uqdirishga urinib. – Sen aytayotgan narsa odamning nazarida bo‘ladi, hayotda emas.
– Hayotda yo‘q bo‘lsa, ko‘zga ko‘rinyaptiku? Tunda tepamga kelib qaragan kim?! Buyoqda Nozik homilasini tushirib qo‘yganidan xabaringiz yo‘q.
– Homilasini tushirgan bo‘lsayam chidab o‘tiribdi-ku!
– Qayoqda chidaydi! Tiq etsa yonimga kelib oladi, bir o‘zi tepa qavatga qadam bosmaydigan bo‘lgan. Sho‘rlik esdan og‘ib qolmasa deb qo‘rqaman...
– Hozirgina ko‘rdim-ku, tepaga chiqib ketayotuv...
– Opa!!.
Musharraf jim bo‘ldi. Derazadan hovli tomon boshini chiqarib qulog‘ini ding qildi.
– Chaqirdi, – dedi Kamol cho‘chiganday diqqatini jamlab.
– Opa-a! O-opa-a-a!..
Chinqiriqdan shoshib qolgan Musharraf bilan Kamol izma-iz quvalashganday Komron bilan Nozikoy yashaydigan tomondagi ayvon zinasidan chiqishganida ikkinchi qavat eshigi bo‘sag‘asidagi supachada yiqilib qolgan Nozikoyni ko‘rishdi.
– Ana! – dedi Musharraf va yotoq bo‘lmasiga kiraverishdagi eshik yonida holsizlanib o‘tirib qolgan Nozikoyning yoniga oldinma-ketin ko‘tarilishdi.
– Qarang... ichkariga qarang... – deya oldi hamon o‘zini qo‘lga olomagan Nozikoy. U qalt-qalt titrar edi. Musharraf ko‘rqa-pusa hobxonaga bosh suqdiyu, “Voy, o‘la-ay-y!” deb qichqirganicha yoqasini changalladi.
Pardoz-andoz javoni ustida nima bo‘lsa, hammasi uy bilan bitta bo‘lib sochilib yotardi.

* * *
– Onang rahmatli bo‘lishini kutib yurgan ekansan-da?! O‘tgan o‘tdi, tamom-vassalom deb o‘yladingmi?! Tuprog‘i sovumay-a?! Ruhini chirqiratib...
– Qo‘ying, tog‘a, bu gaplar ortiqcha...
– Ortiqcha bo‘lsa, senga – katta ko‘cha! Illo singlimdan qolgan uy-joy Kamol bilan Komilaniki, sen esa... Sadqai o‘g‘il ket-e!..

* * *
Hammasi tunda yuz berdi.
Komron bilan Nozikoy allapallada to‘ydanmi-mehmondorchilikdanmi qaytishganida hali chiroq yonmagan — qomatini g‘oz tutib turgan shohona koshona qora zulmat og‘ushida qaqqayib turardi.
– Yotaqolaylik, ertalab shug‘ullanamiz, – dedi Komron.
Nozikoyning ko‘ngli g‘ash edi, avvaliga uxlolmay, xayolan ming ko‘chaga izg‘idi, nihoyat erining bilagidan tutganicha... ko‘zi ilingan ekan, qattiq shovqindan cho‘chib uyg‘ondi. Uyg‘ondiyu, eshikni ustma-ust taraqlatib jonholatda “Aka! Aka!”lab -baqirayotgan Kamolning ovozini tanidi.
– Yong‘in! Chiqinglar! Aka-a!..

* * *
– O‘t nimadan chiqibdi? – betini ters burib savol qotdi Mirsayyid tog‘a.
– Chiroqni simidan deganmish... – Kamol shunday dediyu, o‘sha tunda uyda chiroq butunlay o‘chganini eslab hayron bo‘lib yelkasini qisdi.
Oraga og‘ir sukunat cho‘qdi, nihoyat tog‘a boshini chayqay-chayqay, ming afsus degan ohangda salmoqlanib gapirdi:
– Guldek oilaning buzilishi arshni larzaga keltirishini aytgandim. Tushunmadi, tushunishni ham istamadi. Aytib qo‘y, chiroyli uyidagi mashmashalarning bari o‘sha men aytgan larzaning shabadasi, xolos... Uqdingmi, shabadasi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 50-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.