Oppoq, toza dasturxonga yo‘rgaklangan chaqaloqni tizzalari orasiga yotqizib-tebratib o‘tirgan juvon ayvonning lang ochiq derazasidan bo‘ynini cho‘zib hovliga qaradi. Quvalashayotgan bir juft musichani ko‘rdiyu yo‘rgakni avaylab ko‘rpachaga yotqizdi, o‘rnidan ildam turib kalishini oyog‘iga ilganicha hovliga tushdi. Musichalar qanotini parillatib oldinma-keyin tomga ko‘tarildi.
Juvon ayvon qatoriga solingan oshxonadan o‘tdi, devor poyiga suyab qo‘yilgan xokandozni ko‘tarib, uning ostidagi supurgini oldi, xokandozni qayta joyiga qo‘ydi. U musicha qo‘ngan joyga keldi-da, oyoqlarini keng yoyib ikki bukilganicha go‘yo yo‘qolgan ignani qidirayotganday yerga tikildi, shu alfozda bir nafas turgach, tuproqdagi musicha izini topdi. Ko‘ylagining etagani orqaga sirmab, o‘sha yerni supurdi.
Hovli top-toza edi, supurgi kesak uvog‘ini tirnab chiqardi. Juvon kesakni barmoqlari uchida avaylab ushlab ko‘chib chiqqan joyini izladi. Topdi shekilli, uvog‘ni joyiga qo‘ydi, avval barmog‘ining uchi, ketidan kalishining tumshug‘i bilan tekisladi, supurgini yana bir sirmadi-da, oshxona tomon yurdi, borib xokandozni ko‘tardi, supurgini joyiga qo‘yib, ustidan xokandozni devorga suyadi.
Juvon ayvonga qaytayotib vodoprovod yoniga bordi, bosh va ko‘rsatkich barmog‘i bilan jo‘mrakni burab suvni jildiratdi, qo‘lini sovunladi, yuvdi-sovunladi, sovunladi-yuvdi, so‘ng tirsagini jo‘mrak chambaragiga botirib uni burashga unnadi. Suv kamaysa-da, to‘xtamadi, ko‘ngli joyiga tushmagan juvon tirsagi bilan jo‘mrakka tayangan ko‘yi vodoprovod tevaragida gir-gir aylana boshladi: bir, ikki, uch... nihoyat, jo‘mrak qotdi — suv to‘xtadi. Juvon suv yuqi selgishini kutib qo‘llarini yoniga osiltirdi, keyin boshi barobar ko‘tarib quyoshga tutdi.
Botib borayotgan quyoshning laqqa cho‘g‘dek tilimi yashirinib ulgurmagan, uning haroratsiz, qizg‘ish nuri atrofni yoritib turardi. Juvon shafaq yorug‘ida yanayam oqarib ko‘rinayotgan, tob tashlagandek qiyshiq va oriq barmoqlariga tikildi, qon talashganday qizarib ko‘rinayotgan zich panjalari orasidan ko‘z uzmay, panjalarini yeydi, so‘ng kaft va barmoqlaridan suv selgib bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, shipillaganicha ayvon tomonga yurdi, kalishini yechib kavshandozning bir burchagiga tekisladi-da, ayvonga o‘tdi, hovli sahniga ko‘z yugurtirdi, xotirjam tortib, boya turib ketgan joyiga qaytib o‘tirdi. U yo‘rgakni tizzasiga yotqizib dasturxonning qayrilgan uchlarini tekisladi, qayta-qayta siypalashiga qaramay, bir chekkasi qayrilaverdi. Juvon ko‘rpacha ostidan qaychi olib dasturxonning yig‘ilib-qayrilib qolayotgan parchasini qirqtsi, osilgan iplarni ham qaychiladi. Shundan so‘ng ko‘ngli taskin topib, yana yo‘rgakni avaylab tebratishga kirishdi. U nimalardir deb pichirlar, dam-badam bo‘ynini cho‘zib hovliga razm solar, dasturxon chetlarini tortib-tortib chaqaloqning yuzini yashirishga tirishar, hovli jimjit, ayvon jimjit, ba’zan juvonning shiviri quloqqa chalinmasa, hovli ham jimjit edi.
Nogahon yo‘lak tomonda nimadir «shapp!» etdi. Juvonning yo‘rgakni siypalayotgan qo‘llari asabiy qaltiradi. To‘satdan hushini yo‘qotgan odamday rangi quv o‘chdi, lablarini kimtib birpas tin oldi. So‘ng qaychini ko‘rpacha ostiga yashirdi, yo‘rgakni tizzasidan tushirib ohista ko‘rpachaga yetqizdi, qaddini rostladi. Kalishini oyog‘iga ildi-da, zinadan chaqqon tushib oshxona tomonga yurdi. Oshxonani yonlab borib supurgi bilan xokandozni ikkala qo‘liga oldi, zipillaganicha qaytib, yo‘lakka o‘tdi. Yo‘lakda nimadir «sharpp! shirpp!» etdiyu juvon u yoqdan chiqdi — xokandozni tutgan qo‘lini oldinga cho‘zgancha burnini jiyirdi, xokandozda esa yangi kelgan gazetalar bor edi.
Shu alfozda juvon hovli etagiga bordi. Oshxonaning orqa tomoniga burilib ko‘zdan yo‘qoldi. U talay fursat kaytib ko‘rinmadi, sharpasi ham sezilmadi. Hovliga xavotirli sukunat cho‘kdi.
... Uyning yopiq derazasi go‘yo shu sukunatga xalal bermoqchi emasdek «qirs... s...» etib jur’atsizgina ochildi. Tavaqalar yarim-yorti ochilib ulgurmay...
Oshxona muyulishida juvonning qorasi ko‘rindi. U supurgi bilan xokandozni avvalgi o‘rniga qo‘ydi, keyin... vodoprovod yoniga keldi. Bosh va ko‘rsatkich barmoqlarining uchida jo‘mrakni burab suvni ochdi, qo‘lini ikki-uch qayta sovunlab, erinmay yuvdi, jo‘mrakni tirsagi bilan qotirdi, so‘ng kaftlarini boshi barobar ko‘tarib botib borayotgan quyosh nuriga tutdi. Yoyib turgan panjalariga uzoq tikildi. Kaftlarini yuz-ko‘ziga yaqinlashtirdi-uzoqlashtirdi, yaqinlashtirdi, yana uzoqlashtirdi. Ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh nuri kaftlarining sirtidan singib ich tomonga sitilib o‘taetganday, kaftlaridan o‘tib ko‘zlarini battar qamashtirayotganday bo‘laverdi.
Shu payt uning nigohi ro‘parasiga qadaldi. Ravish-holatini buzmay uzoq, sinchkov tikildi, so‘ng birdan qo‘lini quritayotganini unutib ayvonga yugurdi. Sarosimadan ko‘zlari olayib, yo‘rgak tepasiga keldi, qontalash shafaqning qirmizi nuri ravon romining yuqori ko‘ziga tushib turar, oynadan sinib o‘tgan bir tutam nur chaqaloqning ustini yoritgan edi. Juvon yo‘rgakni dast ko‘tarib uni narigi ko‘rpachaga yotqizdi, so‘ng o‘sha tezliqtsa ayvondan tushib hovli etagiga yugurdi, u yerda omborxona tomiga suyab qo‘yilgan uzun narvonni yelkasiga qo‘yib, iziga qaytdi. Chayqala-chayqala ayollarga xos bo‘lmagan g‘ayritabiiy kuch bilan og‘ir narvonni lapanglatib ko‘tarib keldi. Narvon uchini ravonning yuqorisiga qadar ko‘tarib qo‘yganida deraza ko‘zi qarsillab ketdi. Juvon bunga parvo qilmadi, indamay-netmay zipillab narvondan ikki-uch pog‘ona ko‘tarildi. Narvonning uchi g‘iyqillab bir yonga qiyshaydi.
... boya yarim-yorti ochilgan uy derazasi shiddat bilan, lekin shovqinsiz lang ochildi.
Juvon pog‘onada turgan joyida bir siltanish bilan narvonni joyiga qaytardi. Shoshib-pishib yuqoriladi-da, ravon romining eng tepasidagi - shafaq nuri tushayotgan ko‘zini kattiq-qattiq arta boshladi. Biroq oynaga hamon nur tushaverdi, juvon harchand artmasin, uni ketkazolmadi, to‘xtab bir muddat tikildi — oynada xuddi suv yuzasida yeyilganday moy dog‘lari ko‘rinib turar — unda quyosh nuri jilvalanayotgan edi.
Juvon nurga shu qadar jon-jahdi bilan tikildiki, oynadan qaytgan shu’la uning ko‘zlariga ignadek qadaldi, og‘riqqa dosh berolmaganidan boshini siltab orqaga tortdi. Nogoh siltanishdan muvozanatni yo‘qotgan juvonning gavdasi orqaga og‘di — uch-to‘rt quloch tepalikdan boshi bilan tikkasiga ag‘darilib tushayotgan asnoda ham u ola-kula ko‘zlarini oynadagi dog‘dan - shu’la aksidan uzmadi. U yiqilishidan emas, balki o‘sha qizg‘ish-qirmizi nurdan sarosimaga tushgan, vahimadan o‘zini o‘nglolmay qolgan edi.
... lang ochilgan derazadan xovliga bir yigit irg‘ib tushdi. Tushdiyu oyog‘i yerga tegayozganida munkib ketdi, o‘zini bazo‘r o‘nglab yugurgilaganicha narvonga yetib keldi va jon holatda unga yopishdi. Yigit dag‘-dag‘ qaltiragan qo‘llari bilan narvonni tutgan chog‘ida juvon muvozanatini tikladi, hech narsa yuz bermagandek tik turganicha boyagi-boyagi — oynani artaverdi, oyna esa top-toza, gard-g‘uborsiz, hatto quyosh yanayam ufq ortiga cho‘kkanidan kirmizi shu’la ancha yuqoriga siljigan, deraza ko‘ziga tushmayotgan edi.
Juvon oynani hali uzoq tozalaydigandek bir maromda harakat qilayotganida yigitni ko‘rdi. Rangi quv o‘chdi, oyoq-qo‘li bo‘shashib, narvonga holsiz suyandi, oyna artayotgan lattasi cho‘zilib osilib qoldi. Keyin o‘zi imillab tusha boshladi.
Yana vodoprovod jo‘mragi buraldi, qo‘llar yuvildi, tirsak bilan jo‘mrak qotirildi-da, juvon kaftlarini quyosh botib ketgan tomonga tutdi. Uning uzun-uzun, qoq suyak barmoqlari ola-chalpoq yorug‘da jonsizdek ko‘rinar, o‘zi kaft va barmoqlaridagi naqshin chiziqlardan asabiylashar, o‘jar nigohi bilan ularni silliqlagisi kelar, ayni chog‘da narvon yonidagi yigitga g‘ijinib ko‘z qirini tashlab qo‘yardi.
...nimjon, maykachan, sochlari to‘zigan rangpar yigit miq etmay unga mo‘ltayib turaverdi.
Tahlika va xavotirdan gezarib ketgan juvon qo‘lini orqasiga yashirdi, yugurib ayvonga chiqdi, yo‘rgakdagi chaqaloqni dast ko‘tarib bag‘riga bosganicha o‘zini ichkari uyga urdi.
... narvonga suyangan ko‘yi juvonni kuzatayotgan yigit yurishga chog‘landiyu, o‘rnidan jilmadi. U, juvon eshik tirqishidan o‘zini kuzatayotganini sezmaganday ko‘rsatib boshini ham qildi. Xiyol fursat o‘tkazib, ehtiyotkorlik bilan eshik tomonga ko‘z qirini tashladi. Juvon ko‘rinmadi. Yigit yalang oyoqlarining uchida bir-bir qadam bosib ayvonga chiqdi. Bo‘sag‘aga yetgan joyida nimaningdir «g‘irch, g‘irch»lashini eshitib, taqqa to‘xtadi...
— Seni mendan olib qo‘yishmoqchi!
— Men sening bolangman-ku.
— Ne-echta tug‘dim-a!.. Tug‘aman — ular olib qo‘yadi, tug‘aman — olib qo‘yaverishadi. Ozmunchasini yo‘qotdimmi?! Seni bermayman!..
— Meniyam tortib olishsa-chi?
— Unda yana tug‘aman. Agar endiyam erga berishmasa-chi, o‘zimmi mana bunaqa qilib qiyib tashlayman! Ko‘ryapsanmi?..
...yigit jon xalpisida eshikka yaqinlashib ko‘zini tirqishga bosdi...
Xona to‘ridagi taxmonga o‘girilib o‘tirgan juvon tizzasidagi chaqaloq o‘ralgan dasturxon — yo‘rgakni buydaladi, silab-siypaladi, bir yo‘la yuzi yopiq chaqaloq bilan gaplashaverdi:
— O’zingni qiysang meni kim boqadi?
— Voy, tilingdan aylanay, ularga qolsang yonboshiga bosi-ib o‘ldirib qo‘yadi. Berib bo‘libman!
— Bo‘lmasa, ularning o‘zini qiyib tashlay qol!
— Damingni chiqarma, yashshamagur! Qiyaman! Hammasini qiyaman. Hovlida yolg‘iz qolsam-chi, darvozani tambalab ko‘yib tug‘averaman, tug‘averaman. Hammalaringni qator-qato-or yetqizib jonimni bo‘li-ib-bo‘li-ib beraman, qoqindiq!.. Hu-uvv!.. Hu-uvvv!.. Ulardan — zolimlardan qachon qutilaman? Qutilamanmi?!.. Hu-uvv!.. Hu-uvvv!..
Yo‘rgak ustiga duv-duv ko‘z yosh to‘kila boshladi. Lekin juvon yig‘idan tez to‘xtadi. Ulg‘ayib qolgan farzandini ro‘parasiga o‘tkazib olib unga xotirjam nasihat qilayotgan onadek vazmin gapirdi:
— Sen ko‘p vaysama. Yuzingni ochma. Xo‘pmi?.. Ular ovozingni eshitsa, seni olib qo‘yishadi. Sensiz holim nima kechadi? Seni qaerdan topaman yana?
— Bo‘lmasa, yashirib qo‘y.
— Tovushingni chiqarma deyapman! Izimdan yuradi ular, meni o‘z holimga qo‘yishmaydi... Eshitib qolsa uyim kuyadi, vayron bo‘laman!
— Yashir, tezroq! Shoshilsang-chi!
— Menga o‘rgatma, deyapman! Nima, yashirishga aqlim yetmaydimi? Yetmaydimi!.. Mana!.. Mana!..
Juvon o‘rnidan dik etib turdi-da, uy ichida charx urib, gir-gir aylanishga tushdi. Birdan to‘xtadi, izlaganini topdi shekilli, tokchaga to‘shalgan oq qog‘ozning chekkasidan ushlab qattiq tortdi. Ustma-ust terilgan piyola, choynak va likobchalar oyoq ostiga sharaqlab tushdi.
...poygakda turgan yigit uy ichiga otilib kirishdan o‘zini bazo‘r tiydi. Holsizlanib, eshik kesakisiga suyandi. Uning oyoq-qo‘lidan majol ketgan, asabiy qaltirar, lekin ko‘zlari hamon sergak, hushyor ham mehrli boqar edi...
Yo‘rgak ustiga sochilgan chinni parchalarini kafti bilan surib tashlayotgan juvon birdan cho‘g‘ga botirib olganday qo‘lini siltab tortdi va ko‘ziga yaqinlashtirdi. Kaftining qirrasida qon ko‘rindi. Juvon dam kaftiga, dam qon tomchilariga mengraydi, shunda ... eshik «tiqq» etdi...
Juvon bukchayib o‘rnidan turdi, asta eshik tomonga o‘girildi
... eshik ortidagi odam sharpasini... sezdi. U apil-tapil yo‘rgakni qog‘ozga o‘ray boshladi. Shu asnoda eshik va deraza tomonga qarab xuddi badbo‘y isdan nafasi qaytganday «Huvv!..» deb labini cho‘chchaytirar, qo‘llari shiddatli harakatlanib chaqaloqni o‘rab-chirmar edi. U yo‘rgakni bag‘riga bosganicha yugurgilab eshikdan chiqar-chiqmas taqqa to‘xtadi.
... yigit ayvondan tushib ulgurmagandi... Juvon o‘sha zahoti orqasiga qaytdi. Eshikni taraqlatib yopdi. Yo‘rgakni yashirish maqsadida uning ustiga ko‘rpacha tortdi. Keyin derazadan tashqariga qaradi, boshini chiqarib engashdi. Aftidan deraza oshib hovliga tushishga chog‘landi. Jur’at etolmadi chog‘i, chiroqni yoqib ko‘rpacha ostidan yo‘rgakni oldi, shokila-shokila bo‘lib ketgan dasturxonga qo‘lidagi qon yuqlarini artdi. Arta turib zich yopilgan eshikka qarab og‘ir tin oddi. So‘ng hamon xavotirli nigohini eshikdan uzmay unga yaqinlashdi. U bolani bag‘riga bosganicha eshikka peshonasi tekkudek oraliqda to‘xtadi...
...narigi tomondan esa yigit ichkariga mo‘ralab turardi...
Juvon allakimlar eshikni buzib uyga bostirib kirishga hozirlanayotganini payqab qolganday dahshatga tushgan, a’zoyi-badaniga yugurgan qaltiroqni bosolmayotgan edi. U ancha vaqtgacha shu ahvolda turdi. Titroqni bosishga chiranganidan peshonasi va yuzlarida sovuq ter tomchilari paydo bo‘ldi.
Birozdan so‘ng u ancha xotirjam tortdi. Endi uning harakatlaridan hadik, pala-partishlik aridi, aksincha, favqulodda bamaylixotirlik bilan taxmondagi ko‘rpalarning yarmini zumda ag‘dardi. So‘ng qogozga o‘ralgan yo‘rgakni taxmonda qolgan ko‘rpaning ustiga qo‘ydi-da, uning ustidan yiqitgan ko‘rpalarni qayta yig‘ishga tushdi. Shunda u oyog‘ining ostidagi ko‘rpani olayotib etagini qo‘shib ko‘targanidan uning zangori ich ko‘ylagi ko‘rinib ketdi
...eshik ortidagi yigit ko‘zini olib qochdi...
Ichkaridan juvonning bo‘g‘iq va zardali ovozi keldi:
— Endi topib bo‘lishibdi! Topadi-ya, topadi! Taxmonga yaqinlashsin-chi! Bittalab qiyaman... Qo‘limga tushganini qiymalayman!
— Meni qiyma!
— Seni qiymayman, qoqindig‘im! Tag‘in o‘lib-netib qolmagin, xo‘pmi?.. Yo‘qolmagin... Tug‘ishda qiynaldim-ey!.. Yana qachon bola ko‘raman. Yana qachon erga berishadi meni... Sen o‘lmagin, seni yashiraman!.. O’lib qolmagin!.. Uvv!.. Xih, uvvv!! Huvv, ket! Huvv, ket! U-uvvv!..
Juvon achchiq-achchiq ho‘ngrab yubordi.
...eshik ortidagi yigit ikki bukilib kalit uyasidan mo‘ralab qarar, bir lahza bo‘lsin juvondan ko‘z uzmas edi...
Uydan alla tovushi eshitildi. Juvon alla aytayotib gapdan to‘xtamas, dam o‘zi, dam chaqaloq bo‘lib savol-javob qilar, «bolasi» yoqimli gap aytguday bo‘lsa, «Voy, aylanay-ey!» deb taxmonga talpinar, lekin qo‘lini cho‘zar-cho‘zmas yig‘lab yuborar, yana allalashda davom etardi.
U shu alfozda uzoq yurdi. Keyin to‘xtab, uyning o‘rtasida bir nuqtaga qadalgancha qaqqayib qoldi, uzoqdan elas-elas quloqqa chalinayotgan shovqinni eshitmoqchidek sergaqlandi. Uning shu turishida yana ne balolarni boshlashini bilib bo‘lmasdi...
Allaqancha vaqt o‘tdi. Juvon o‘y surib o‘yiga yetgan odamday shoshilmay taxmondagi ko‘rpaning ikki-uchtasini tushirdi. So‘ngra yo‘rgakdagi chaqaloqni devorga taqab uning ustidan ko‘rpalarni qaytadan yig‘di. Yiqilgan ko‘rpalarni kafti bilan itarib-surib tekisladi, tekislanmagan joylarini qiydi. Shundan so‘nggina ko‘ngli tasalli topdi chog‘i, qo‘llarini ikki yonga osiltirganicha yelkasi bilan ko‘rpaga horg‘in suyandi...
...yigit kalit uyasidan tikilib turaverdi...
Nihoyat juvonning ko‘zlari yumildi, sirg‘achib tushib gilamga o‘tirib qoldi.
...yigit eshikdan chekinayotib sezilar-sezilmas entiqdi, yengil nafas olib yonginasidagi stulga ohista cho‘kdi...
Tun yarmidan og‘ib, tong otishiga picha qolgan, uyning chirog‘ida hovli sahni, qorayib ko‘rinayotgan narvon, ayvon yuzasida sochilib yotgan dasturxon qiyqimlari qandaydir sirli-bezovta manzara hosil qilgan
...maykachan, yelka suyaklari turtib chiqqan uvoqqina yigit stulda suyanganicha tizzalarini quchib qunishib mudrar edi...
Juvon g‘ira-shira tong ota boshlaganida uyg‘ondi, o‘tirgan ko‘yi ostin-ustin bo‘lib ketgan uyning ahvoliga razm soldi, o‘rnidan shoshilmay turib sochini, ko‘ylak yoqalarini tuzatdi, so‘ng taxmondagi ko‘rpalarni tushirdi, boya o‘zi qo‘ygan yo‘rgakni olib qon dog‘lari qotib qolgan qog‘ozga, qaychilab tashlangan dasturxonga angraydi, chuqur, so‘lg‘in uf tortdi. Qog‘ozni, dasturxonni ochdi-da, unga o‘ralgan chaqaloq-yostiqni olib taxmonga qo‘ydi, oyoq uchida yurib kelib eshik tirqishidan ayvonga mo‘raladi.
...yigit stulda g‘ujanak bo‘lib o‘tirgancha uxlayotgan edi...
Juvon taxmondan tushirgan ko‘rpalardan birini keltirib eshikni ohista ochdi, yigitning tepasiga yaqinlashib ko‘rpani ikki qo‘llab yoyib baland ko‘tardi. Eshik shovqinsiz ochilgandayoq kush uyqusida yotgan yigit cho‘chib uyg‘ongan edi. Juvon uning ko‘ziga qaramay, yuzini ko‘rpa bilan panalab turib gunohkorona va chorasiz bir iztirobda gapirdi:
— Joyingga kirib uxla, ukam. Men tuzukman... Men yaxshi bo‘lib qoldim...