OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad. Yoqub izquvarning hiylasi (hikoya)

Yoqub to‘ram kallasini salgina boshqacha ishlatgan edi, hayotida tubdan burilish yuz berdi: kissasi pul ko‘rdi, ro‘zg‘origa baraka kirdi, nomi mahalla-ko‘yning og‘ziga tushdi, hammasidan ham, begonalar tugul, uyidagi bola-chaqalarigacha uning izzat-hurmatini joyiga qo‘yadigan bo‘lishdi! Tilidan ham, dilidan ham “Yetkazganiga shukr” tushmaydi-yu, ba’zi-ba’zida o‘zi kashf etgan yangi kasb-kori o‘ziga malol kep qolyapti. Saraton issig‘ida allakimlarning ketida poyloqchilik qilib yurishning o‘zi bo‘ladimi?! 
To‘rt kun burun bordi, naq peshingacha uyiga kirolmay qolgan laychadek ko‘chada sang‘idi. Qorinning po‘stagi chiqqaniyam mayli, yaqin-atrofda chanqovbosdi qultum suvning anqoligi yomon alam qildi Yoqub to‘ramga!.. Bir ishni eplolmay qanday borgan bo‘lsa, shunday iziga qaytdi. Ertasiga yana o‘sha ko‘chada kunni yarim qildi. Ivirsinib yurdi, soyasi quyuqroq o‘rikning panohida cho‘nqayib o‘tirdi, shu alfozda chimdim-chimdim mizg‘ib oldi ham. Illo ellik-oltmish qadam naridagi qo‘sh qavatli, qizg‘ish tomli hashamdor uyning bahaybat temir darvozasida inson qorasi ko‘rinmadi. Hali ko‘chib kelishmaganmi, nima balo, deb norozilanib g‘udrandi Yoqub to‘ram. 
Ilgarigi zamonlarda uy-joyiga qarab xonadon sohibining kasb-koriyu topish-tutishini adashmay chamalash mumkin edi, endi esa kasbdan ko‘pi yo‘q. Kimga qarasang, paytavasiga qurt tushgandek yelib-yugurib yurganini ko‘rasan, razm sole-eb ko‘rsang, eplab qo‘ygan ishining tayini yo‘q, asasayu dabdabasi esa olamni buzadi! 
Yoqub to‘ram ham o‘zi istar-istamas o‘shalarning biriga aylandi-qo‘ydi. Hammasi hech bir aqli raso bandaning yetti uxlab tushiga kirmagan yangicha kasb-korni kashf etishidan boshlandi. Bunday qaraganda, kasb-kor deyishgayam til bormaydi, ishlaydigan idorasiyam, ishxonasiyam, yangicha aytganda, ofis-mofisiyam yo‘q. Jamoa... jamoani boshiga uradimi! Bir o‘zi! O‘zi topdimi — huzurini ham o‘zi ko‘radi! Sirini doston qiladigan, og‘zidagi nasibasini ulashadigan anoyilardan emas u. Allazamonlar o‘tib ketgan tog‘asining nevarasi kepti, “besh o‘g‘lim, bari bekor, birortasini yoningizga olsangiz”... Qarindosh-urug‘ orasida Yoqub pismiqning ishi yurishib ketdi, degan gap bolalaganki, kelgan. Yoshi oltmishdan oshib birov undan yordam so‘rash tugul, uning holidan xabar olmagan. Endi-endi salgina kallasi bo‘lakcharoq ishlashi tufayli qadamini yerga dadilroq qo‘yadigan bo‘lganida... “Jiyanchalarni yonimga oladigan hunarim yo‘q, opoqi. O‘zim pensadagi odam bo‘lsam...” Opoqi uning aytganiga ishonmadi, shalvirab xayrlashdi. Ichida qarg‘angan bo‘lsa ham ehtimol. Yoqub to‘ram uzoq qarindoshiga achindi, lekin chorasi qancha?! Falon-falondaqa yumush topganman, o‘g‘lingiz shu hunarning boshini tutsin, desinmi?!
Bir narsaning tagiga yetmagunicha uyqusi kelmaydigan iprisqilar bor. Qo‘shnisi Lutfiddin naxalga o‘xshash. “O‘, pismiq, qattan oshib-toshib ketyapsan?” deb so‘rab qolsa bo‘ladimi, ko‘pchilikning orasida! Yoqub to‘ram bunaqangi bema’ni luqmaga bama’ni javob qaytarishni o‘ziga ep bilmadi. 
— Har qalay, o‘g‘ri-kazzoblik qilayotganim yo‘q, — dedi-qo‘ydi. 
Ha-da, u hech kimsani urayotgani, so‘kayotgani yo‘q, muttahamlik qilib o‘zganing cho‘ntagiga qo‘l suqayotgani yo‘q. Ta’maning ko‘chasiga yo‘lamayapti. Odamlarning o‘zlari kelishadi, chaqirishadi, dard-hasratlarini to‘kib solishadi. Iltimos, iltijo, o‘tinch va o‘zlari qo‘yarda-qo‘ymay qo‘liga ul-bul tutqazib ketishadi. Ishi bitmay turib tashlab ketadiganlar bor, hojati chiqqach, Yoqub to‘ramni chorlab chaqirganlar qancha!
Yoqub to‘ram o‘ylab ko‘rsa, endigi zamonda falon kasbning pattasi cho‘ntagimda deganing bilan noning butun bo‘lmas ekan, endi davru davron ishning o‘zini emas, ko‘zini bilganniki!..

Shokarim baraka topgur hunarning ko‘zidagi naq gavharini mo‘ljalga olganlardan chog‘i, ana, uy-joyini ko‘rga hassadek qilib, qoyillatib qurib qo‘yibdi, imorati olmonlarning o‘yinchoq fabrikasidan yangigina charaqlab chiqqan qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi — uzoqdan qaragan odamga kulayotgan, jilmayayotganday. “Menga o‘xshash, loaqal mengayam o‘xshay olmayotgan noshud-notavonlar ustidan qah-qah otayotganday!” deb ming‘irladi Yoqub to‘ram.

U Shokarimning xonadoni yonida atayin qadamini sekinlatib o‘tayotib imoratga saro-sar razm soldi. “Marmar qoplangan poydevori mandan ikki qarich baland... Suvog‘iyam allambalo... Deraza oynasi ko‘zni olyapti, uyning ichiga mo‘ralashning iloji topilmadi-da...”
— Topgan hunaringdan o‘rgildim! — deb yubordi Yoqub to‘ram o‘zidan astoydil achchiqlanib. Achchiqlandiyu, shu zahoti shaytonga hay berdi. Axir umri mehnatdan bosh ko‘tarmay o‘tdi-ya, he, essiz! Ko‘ksiga shamol tegmadi, erkak boshiga do‘ppini yarimta qilib ko‘chaga chiqolmadi. Qarindosh-urug‘, oshna-og‘ayni tugul, bola-chaqasining oldida ham bo‘ynini, unga qo‘shib tiliniyam qisib yurdi. Aslida salgina tiliga erk bersa shunday gaplarni bilardi-ya!.. Qanchadan-qancha tesha tegmagan gaplari, qochiriqlari taxi buzilmaygina yorug‘ olamni ko‘rmay ichida jon berdi, uvol!.. Ahyon-ahyonda tiliga kuchi yetmay qolgan paytlari aytganini eshitganlar esa uni ichidan pishgan pismiqqa chiqarishdi. Mabodo kallasi boshqacharoq ishlab qolmaganida, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan yumushni topmaganida dunyodan “O‘qub pismiq”ligicha o‘tib ketardi. Qarigan chog‘imda uyda o‘tirib qolsam holimga maymun yig‘laydi, deb yurak hovuchlab yurgandi, aksincha Xudo qo‘sh qo‘lladi! Faqat ming bitta hunar bo‘lsa hammasidayam sabr-toqat qilgan odamgina baraka topar ekan. 
Yoqub to‘ramning ichi esa sabr-toqatning koni! O‘zi musichadek yuvvosh, beozor, kamsuqumdan-kamsuqum edi, ko‘pchilik uni nazariga ilmasdi, ochiq-oshkor kamsitishdan ham toyishmasdi. Yoqub to‘ram bundan ozorlanmasdi. Nima bo‘ldiyu... yo‘q, u kishim favqulodda qahramonlik ko‘rsatmadi, yulduzni benarvon urmadi, beliga belbog‘ bog‘lab ajnabiy polvonning yelkasini yerga tekkizgani ham yo‘q — oltmish yildan buyon amal-taqal asrab, ko‘tarib yurgan kallasining ichidagi aql tugmalarini zig‘ircha boshqacha ishlatdi. Shu, xolos!
Avvaliga u haqda hazil-huzul aralash uzun-quloq gap oraladi. Mish-mishga birov ishondi, birov — yo‘q. Buyog‘ini so‘rasangiz, Yoqub to‘ramning o‘zi ham harchand bosh qotirmasin, falon kundan yoki pismadon hodisadan so‘ng o‘zimda shunday noyob qobiliyat alomatini payqadim, degan taxminni aytolmadi. O‘z ismiga qachondan buyon ulug‘lovchi “to‘ram” qo‘shilib qolganiga ham e’tibor bermadi. Odamning otasi qo‘ygan ismi o‘zgarsa o‘zgaradiki, ko‘chada orttirgan laqabi umrbod qoladi deb yurardi. Yoqub to‘ram shu borada adashdi, ya’ni zamon o‘zgarishlariga yarasha miyasi salgina o‘zgacha ishlagandi, yashash tarziga qo‘shilib, laqabi ham yangilanib ketdi...
Yoqub to‘ram shu singari xayollar og‘ushida “ob’ekt”dan uzoqlashmay toqati toq bo‘layozganida umidini bog‘lab turgan hodisa yuz berdi — ko‘cha boshidagi muyulishdan chiqindi tashuvchi moshinning “di-dit”i eshitildi. “Do‘mboqvoy xudo degan yigit ekan!” deb yubordi Yoqub to‘ram shaylanishga tushib. Chiqindi yig‘adigan moshin qaerga kelib to‘xtashini chamaladi.

Besh-olti kun burun qoq peshinda bir choynak choyni miriqib ichib, sel bo‘lib o‘tirgan joyida yonboshlab, pinakka ketgan ekan, qo‘ng‘iroq ustma-ust jaranglasa-da, arang o‘rnidan qo‘zg‘aldi. “Yana bittasi keldi!” — ensasi qotdi Yoqub to‘ramning, hozir chiqib darvozani ochadi, yaqin-atrof ko‘chalik birortasi qo‘l qovushtirib iljayib turgan bo‘ladi, mezbon, qani, ichkariga kirsinlar, deydi, mehmon bo‘lmish go‘yo olamshumul hufiya sirni oshkor etayotganday past tovushda shivirlaydi:
— Qizimizga sovchi kelib qo‘ymayapti...
— E, xayrli bo‘lsin, birodar, — deya Yoqub to‘ram lutf qiladi. Mehmon tagdor jilmayadi. Mezbon shuning o‘zida muddaoni faxmlaydi, lekin mehmon o‘z og‘zi bilan muddaoga ko‘chmagunicha u zinhor sir boy bermaydi.
— Yoqubjon amaki, sizdan fatvo olmay turib to‘y boshlaydigan anoyi yo‘q, — deb maqsadga ko‘cha boshlaydi mehmon bo‘lmish. Yoqub to‘ram o‘zini go‘llikka soladi.
— Men-a? Men qanaqasiga fatvo beraman?.. — U shunday deb hayratini oxirigacha ifoda qilib ulgurmay mehmon dangaliga ko‘chadi:
— Hammasidan xabarimiz bor, otaxon. Siz bir og‘iz “ha” yoki “yo‘q” desangiz bas, ko‘ngil xotirjam tortadi. O‘zimiz ham ul-bulni surishtirdik, lekin sizning yo‘rig‘ingiz boshqa deyishdi. Jon aka, yo‘q demang, oramizda qoladi...
Iltimos qilib keluvchilar ham, o‘rtaga tushadigan vositachilar ham boshida, “oramizda qoladi” deb va’dani katta berishadi, ammo-lekin, mana, Yoqub to‘ramning karomatlari orada qolmayotgandirki, to‘y mavsumida ostonaga iltimos qilib keluvchilarning keti uzilmayapti.

Xullasi kalom, Yoqub to‘ram darvozani ochdiyu, ixcham qaychilangan mo‘ylabchasi o‘ziga xo‘p yarashgan o‘rta yoshlardagi do‘mboqqina yigit ko‘ziga olovdek ko‘rinib ketdi. Yigit mezbon bilan quyuq ko‘rishgach, tavoze bilan qo‘llarini qovushtirdi, uch xonadon narida turgan “ajnabiy” oq ulovi tomon birrov nazarini tashlab qo‘yib, gapni boshlashga qiynalib, g‘udrandi:
— Adashib, narigi qo‘shnining eshigini chaqiribman...
— Hovli qaerda, uka? — dedi Yoqub to‘ram muddaoga ko‘chaqol degan ohangda.
— Qaynamada, — javob qaytardi do‘mboq yigit.
— E, ha-a!..
Mezbon amaki ne boisdan na’ra tortib yuborganini mehmon yigit tushunmadi, albatta, zero, Yoqub to‘ram o‘z dovrug‘i besh-olti mahalla naridagi Qaynamaga yetib borganidan taajjubini yashirolmagan edi. Bu ketishda ahvol nima kechadi? Hozirning o‘zida tinimi yo‘q, mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, undan so‘ng bozorma-bozor izg‘igani-izg‘igan. Naq izquvarning o‘zginasi!.. Shaharda bozor bolalaganini aytmaysizmi! Odamlar bozor qolib, dang‘illama, qimmatsotar do‘konlarga qatnashga odatlanayotganiga kuyasanmi?! Shu ketishda Yoqub to‘ram uch-to‘rt ishonchli shovvozni yoniga olmasa bo‘lmaydigan! U holda... noni yarimta bo‘lishiyam mayli-ya, Yoqub to‘ramning aqli salgina yangicha ishlab, kashf etgan hunari fosh bo‘lishining oqibati nima kechadi?! Buyog‘i, qo‘lidan bir yumush kelgan odamning dovrug‘i o‘rmalab-chopqillab yoyilaverar ekan, Qaynamaga yetgan dovrug‘ erta butun shaharga tarqamaydi, degan kafolat yo‘q!

— Ko‘pni ko‘rgan mo‘ysafidlar maslahat berishdi, — muloyimlik bilan qistovga olishda davom etdi do‘mboq yigit. — Anig‘ini hech kim sizchalik aytolmas emish...
Yoqub to‘ram mamnuniyat bilan tabassum qildi, jilmaydi. Uning eti “o‘lgani”ni sezgan do‘mboq yigitning tili ravonlashdi. U Yoqub to‘ram hozirgina uydan chiqayotib ko‘nglidan kechirgan barcha gap-so‘zlarni qariyb aynan takrorladi. Faqat yigit tushmagur iltimosni quyuq qila turib barmoqlari bukilgan qo‘lini chapdastlik bilan sermadiyu, Yoqub to‘ramning egnidagi oq yaktakning yon cho‘ntagiga o‘rtasidan buklangan... qog‘ozchani solib ulgurdi.
— Yo‘g‘-e, nima qilyaptilar?! — dedi yasama hovliqib Yoqub to‘ram. Hovliqish, o‘ng‘aysizlanish, xijolat chekishni o‘rniga qo‘ydiyu, cho‘ntagidagini olmadi, uni mehmon yigitga qaytarib berish epini topolmadi.
Muomala “uskunasi”ni moylab olgan do‘mboq yigit buyog‘iga o‘zini anchagina emin-erkin tutdi.
— Aka, oiladagi gap-so‘zni har kimga doston qilish odatim yo‘q, lekin sizdan sir saqlamayman...
Yoqub to‘ram “mayli” degan ma’noda bosh irg‘adi, shu topda, “uzatganini olgan zahoting yetti yot begona ham sirdoshingga aylanadi”, degan gap kechdi ko‘nglidan. 
— Katta qizimizdan yomon adashdik, ota, — dedi mehmon yigit dam “aka”, dam “ota”, dam “amaki”lab murojaat qilayotganining farqiga bormay. — O‘rtaga boobro‘ kazo-kazolar tushgandi. O‘ziyam el-yurt taniydigan odam... 
Yigit xomushlanib, boshini sarak-sarak tebratdi.
— Savlatidan it xurkadiyu, ro‘zg‘orda... voy-voy, tiyinni ustida azon aytarkan!.. Birovning ro‘zg‘ordagi ahvolini bilib bo‘lmas ekan, ota!.. Xullasi, qizim bolasi bilan uyimda...
— E, attang!
Yoqub to‘ram astoydil achindi. Mehmon yigit so‘zi yerda qolmaganini sezdi.
— Shunday, og‘zi kuyganlardanmiz, — dedi u ochiqdan-ochiq yolvorib. — Tezlatib berasiz-da, jon amaki, har qanday odamning asl turqi-tarovatiyu sir-asrorini ikki kunda bilib beradi deyishdi, sizzi!..

Yoqub to‘ram chiqindi yig‘adigan moshinning yaqinlashib kelishiga qarab turib do‘mboq yigitning iltijosini esladi. Kimning qanday odamligini bilish oson bo‘lganida, dunyo hozirgidan butkul boshqacharoq bo‘lmasmidi? Nizolar, to‘qnashuvlar, urushlar... Guldek oilalarning to‘zib ketayotgani-chi? Odamzod boshidagi eng mushkul savdolardan biri ham shu, uka — odamni bilish!.. “Ikki kunda bilib berasiz”, deydi-ya! O‘zi esa bir boobro‘ kimsaning ro‘zg‘ordagi a’molini bilgunicha qizining baxtini kemtik qilib ulguribdi!.. Ko‘cha-ko‘ydagi qiyofa aslida chalg‘ituvchi niqobligini har kim ham tushunavermaydi. Niqobga aldanib, qizini beradi, qizini oladi, yor-birodarlashadi. Ro‘zg‘ordagi, yotish-turishdagi ahvolni ko‘rgach esa, qarabsizki, uzoqqa bormay hamma ixlosu sadoqatning uyi kuyadi!..
Yoqub to‘ram o‘zi kashf etgan “hunar”ni eslab, shumlik bilan qiqirladi. Birovning ro‘zg‘ordagi, kundalik turmushdagi ahvolini biladigan bitta joy bor — bozor! Oldi-sotdining ustida niqoblar yirtiladi, yo‘qoladi, yo‘qolmasa-da, odamning ro‘zg‘ordagi, oiladagi ichki qiyofasi yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Nima xarid qilyapti, necha pulligini tanlayapti, qay tarzda savdolashayapti, bozordagi qadam olishlar qanday — ha, uka, odamning ro‘zg‘ordagi qiyofasini bilay desang uni, bozorda kuzat! Bozorda tomosha qil! O‘nta yaqin-yiroqdan surishtirib bilolmaganlaringni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan, o‘z qulog‘ing bilan eshitasan!

Tinimsiz “di-dit”layotgan bahaybat ko‘kish moshin ohista yurib kelib, Shokarimning uyidan o‘ttiz-qirq odimlar narida “langar” tashladi. Ertalabdan buyon suv quygandek tinch-osuda, kimsasiz ko‘cha g‘ala-g‘ovurga to‘lib ketdi. Aksari xonadonlardan ayollar, bolalar qo‘lida bittadan, ikkitadan chelak ko‘tarib chiqishdi.
Yoqub to‘ram temirni qizig‘ida bosadigan payti keldi. Fursat g‘animat! U xuddi yo‘lovchidek o‘tib boraturib Shokarimning darvozasi ochilishini poylab, yetib bordi. Ichkaridan qog‘oz qutini ikki qo‘llab inqillab ko‘targan o‘n yoshlar chamasidagi bolakay chiqdi. “Nevarasi, yuki og‘irgina ekan”, deb taxmin qildi o‘zicha Yoqub to‘ram. Zum o‘tmay taxmini isbot topdi — bolakay o‘n-o‘n besh qadam yurmay qo‘li toldi, qutini oyog‘i ostiga qo‘yib, nafas rostladi. Chelagini bo‘shatib qaytayotgan qo‘shni bola uning yoniga yugurib keldi.
— Ko‘tarishib yubor, — dedi Shokarimning uyidan chiqqan bola tengqur qo‘shnisiga. Qo‘shni bola qutini ko‘tarish o‘rniga uning chala yopilgan qopqog‘i orasidan tumshug‘i chiqib turgan tunukasimon idishchani sug‘urib oldi.
— Voy-vu-u, chiroyliligini! Tashlama, buni man olaman! Ana, boshqasiyam borakan!..
 
Ikki qo‘shni bolakaydan ikki qadam narida o‘tib borayotgan Yoqub to‘ram uchun shuning o‘zi kifoya edi. Qo‘shni bola o‘zining ko‘zini o‘ynatgan-o‘ynatmagan chiqindi idish va yaltir-yultir xaltachalarni titib, ochib tashlaganining o‘zida u kishim zarur xulosalarni chiqarib ulgurdi. O‘zicha, “Unur” do‘koni, “Oloy” bozori” deya ikki manzilni ko‘ngliga tugdi. Yoqub to‘ramning hisob-kitoblaridan birida odamlar shaharning qaysi bozoridan ro‘zg‘orlik qilishlariga qarab tabaqalashtirilgan. Oilalar bozor-o‘charni erlar, ayollar, o‘g‘il-qizlar qilishiga qarab guruhlashtirilgan. Oila a’zolari umuman bozorga qadam bosmaydiganlar ro‘yxati alohida. Bulardan tashqari, Yoqub to‘ram bozorlik olib ketiladigan idishlargacha, kim qaysi mahsulotdan qanchadan xarid qilishlarida ham hikmat ko‘p deb hisoblaydi. Hammasidan muhimi, Yoqub to‘ram mumkin qadar savdoning ustida bo‘lishga, javob-muomalani o‘z qulog‘i bilan eshitishga harakat qiladi. Kimdir o‘ynab-kulib, hazil-mutoyiba bilan bozor-o‘char qiladi, kimdir qovog‘ini uyib oladi, sotuvchi bilan xuddi nari-beri bo‘lib qolgan qudasi bilan gaplashayotgandek so‘zlashadi. Titrab-qaqshab, aldanib qolishdan qo‘rqa-pisa muomala qiladigani bor. Oladigani besh kilo sabzi-yu, bozorni uch karra aylanib, narx-navoni tit-piti qilib surishtiradi. Bularning bari kissadan chiqayotgan — sarflanayotgan aqchaning alami ustida bo‘layotgan ishlar.

Davomi beshinchi betda.
Boshi uchinchi betda.
Tejamli-saramjon bo‘lish ayb emas, lekin to‘rt qadoq go‘shtning narxini kelishgunicha qassob bilan qariyb yoqa bo‘g‘ishishdan toymaydigan qaynona yoki qaynota hademay oshxonasiga, ro‘zg‘origa bekalik qiladigan kelinchakni ne ko‘ylarga solarkin?.. Kelin sho‘rlik tejamning ko‘chasidan o‘tmagan, o‘z uyida misqollab emas, botmonlab sarflashga odatlangan bo‘lsa-chi?
Bir zamon («teng-tengi bilan, tezak qopi bilan» degan maqolnamo gap) yurardi, hozir unutilib ketdi. Zargarning qizini zargarga, qassobning qizini qassobga ber, deydi xalq. Odamlarning og‘zidan chiqqan gapga qarasangiz — biri-biridan dono, o‘zi quda-andachilik qiladigan payt kelganda esa odamni odamdan farqiga bormay dovdiraydi.

Yoqub to‘ram qaynamalik do‘mboq yigitdan manzilini, kasb-korini aniqlashtirib oldi.
— Hovlimiz baland ko‘prikning yonginasida, Dolim do‘xtir desangiz hamma taniydi, — dedi do‘mboq yigit.
— Kasblari do‘xtirlikmi? — deb surishtirdi Yoqub to‘ram.
Dolim do‘xtir kulimsiradi.
— Asli shifokor edik, yaqin sakkiz-to‘qqiz yildan buyog‘iga... zamonaviy hunarlardan nasibamizni terib yuribmiz, otaxon, — dedi.

Oradan uch-to‘rt kun o‘tkazib, Dolim do‘xtir yana keldi. Yoqub to‘ram juda band odam qiyofasida salom-alikni muxtasar qila turib, “Do‘xtirlikdan non topolmagan-da, o‘zini zamonaviy hunarga urgan”, dedi xayolan.
— U tomon shoshirib qo‘ymayapti, amaki, — dedi Dolim do‘xtir.
— Qizi borning — nozi bor, galga soling, — nasihat qildi Yoqub to‘ram.
Yana uch kun o‘tdi, shom qorong‘isida Dolim do‘xtir yana eshik qoqib keldi. Yoqub to‘ramning ayoli chiqib, u kishi yo‘g‘idilar, uch-to‘rt kunda kelib qoladilar, deb javob qildi. Dolim do‘xtirning nazarida Yoqub otaning ayoli sovuqroq muomala qilganga o‘xshadi. Yoqub to‘ramning cho‘ntagiga solib qo‘ygan elliktalikni eslab, “Kamlik qilmadimikan?” deb xavotirlandi.

Yoqub to‘ram birortasiga shuncha berasan demadi, demaydi ham. Ishlab yurgan kezlari ikki oyda, besh oyda... bir yilda olgan maoshidan oshirib berganlar bo‘ldi, lekin u pulning betiga, qaysi davlatning puli ekaniga qaramadi, iltimosni ado etish uchun astoydil yelib-yugurdi. Bir safar qotmadan kelgan, sochlari kumushday oq kampir kelib, falon-falonchidan qiz olmoqchi edik, o‘shalarning uy ichini bilib bering, uka, deb qistovga oldi. Yoqub to‘ram xarchand tushuntirmasin, kampir qo‘ymadi. To‘satdan, “Yo‘l ko‘rasizmi?” deb qoldi-yu!
— Qanaqa yo‘l? — ajablandi Yoqub to‘ram.
Kampir dangalchi ekan.
— Eshitdim, opovsi, bir g‘altak oq, bir g‘altak qora ipni chuvalatib tashlab, yo‘l ko‘rasiz ekan. Shunga o‘n kun, o‘n besh kun ketadimi, aylanay? Mana, o‘zim ola keldim, xo‘p deng, jon uka.
Kampir shunday deb Yoqub to‘ramning qo‘liga ikki g‘altak ip tutqazdi, Yoqub to‘ram miriqib kuldi.

Kulishga kuladiku-ya, lekin... Yoqub to‘ram Shokarimning izini olgunicha hafta ichi qancha yo‘l poyladi, qancha xunobi oshdi — o‘ziga ayon. Odamlar odatda yashash joyiga yaqin bozor-guzardan ro‘zg‘orlik qilguvchi edi, hozir unday emas, uncha-muncha bozorga qadam bosishni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar paydo bo‘ldi — “Olay”ga boradi, “Olay”ni-da nazari ilmay, ajnabiylar rasmga aylantirayotgan ming turli noz-ne’mat to‘la do‘konga tanda qo‘yadiganlar ko‘paydi. 
Yoqub to‘ram ikki tengqur bolakay “in’om” etgan ma’lumotdan xulosa chiqarishda yanglishmadi — Shokarimning uyidagilar ro‘zg‘orni “Oloy” bozoridan, kamiga “Unur” do‘konidan qiladi. Taxmini amalga oshib, izquvarlik amalining bir haftalik besamar izg‘ishlaridan obdon tinkasi qurigan kunlarning birida u “Oloy” bozorining darvozalaridan biriga kiraverishdagi somsaxona yonida ayoli va nevarasini ergashtirib borayotgan Shokarimga ilashdi. Er-xotin va nevaraning rasta oralab qadam olishining o‘zida dimog‘-firog‘, kibr va dasti darozlik siyoqi sezilib turardi. Yoqub to‘ram ulardan dam atayin ortda qolar, dam juda yaqin kelib qolar, biron narsa xarid qilish yuzasidan savdo qizigan paytda esa Shokarimning muomalasi qanday, bo‘lg‘usi qaynonaning tili-jag‘i qanaqa — birontasini eshitmay qo‘ymadi. Er-xotin avval kartoshka, sabzi, piyoz xarid qilishdi, so‘ng xarajat xo‘l meva rasta qatorida davom etdi. Shokarim narx-navo yuzasidan tortishmay, ko‘ziga ko‘ringan olmafurush mo‘ysafidga, uch kilo torting, deb yubordi. Xotini, shoshmang, adasi, narigisiniyam ko‘raylik, deb pishay degan savdoni to‘xtatdi. Shokarim “tortavering” degan ma’noda olmafurush mo‘ysafidga imo qilgandi, xotini, “men bunday olma yemayman” deb oyog‘ini tirab turib oldi. Shokarim ayolining serpardoz yuzidagi tamanno alomatini ko‘rgan zahoti olma xarid qilish shashtidan tushdi.
— Ja, boyvachchalik qilmay, sal savdolashsangiz bo‘lmaydimi?!
Shokarimning xotini zahrini sochib eriga vishilladi, bu gapni, gapning ohangini Yoqub to‘ram aniq eshitdi. Shokarim shu savlatiga xotinidan past kelganini ham sezdi. Boya piyoz xarid qilish chog‘ida ham er xotinning izmida ekanini tasdiqlovchi alomat sezildi. Shokarimning imosi bilan tarozi pallasidagi tog‘ora to‘ldirilgan piyoz qayta joyiga to‘kildi.
— Archishgayam, to‘g‘rashgayam qulay-da, — dedi Shokarim sotuvchining oldida izza bo‘lishdan iymanmay-netmay.
— Atayin archishgayam, to‘g‘rashgayam qulay bo‘lmaganidan oling! Ja, taltaytirib yubordiz, o‘sha suyukli kelinizzi! Uyiga kirib ketganicha kun bo‘yi qorasini ko‘rsatmaydi. Bir mahal ovqat qilganda archsa archibdi-da! Maydarog‘idan oling, gap tamom!
Xotinining dag‘dag‘asidan o‘ng‘aysizlangan Shokarim picha narida beparvo turgan nevarasiga ishora qildi. Lekin xotinining so‘zini ikki qilmadi.
Ana shu yo‘l-yo‘lakay “gurung”ning o‘ziyoq Yoqub to‘ram bir dunyo xulosa chiqarishi uchun kifoya edi. U kun bo‘yi qorasini ko‘rsatmay uyida o‘tiradigan kelinning ahvolini, uning bu qaynona bilan muomalasini tasavvur qilishga urindi. Do‘mboqboyning lo‘ppigina yuzli, xushbichim mo‘ylabli chehrasi ko‘z oldiga keldi. 
Shokarim xarid qilingan narsalarni temir aravachaga orttirib, uni tortib borayotgan o‘spiringa yo‘l boshlab ko‘chaga yurdi. Yuklarni yapon avtouloviga ortaturib xotiniga, “Unur”gayam kirib o‘tamiz” dedi. Yoqub to‘ram Shokarimning nevarasi ko‘tarib chiqqan qog‘oz quti ichida “Unur”dan boshqa joyda topilmaydigan, sotilmaydigan qimmatbaho yaxna sharbatlardan, noyob shirinliklardan bo‘shagan yaltiroq idishchalarni ko‘z oldiga keltirdi.
Nimaiki ko‘rgan, kuzatgan bo‘lsa, ularning baridan chiqadigan xulosaning lo‘ndasini, yana qo‘shimcha mulohazalarini Dolim do‘xtirga aytdi:
— Shokarim o‘ziga to‘q, bag‘ri keng yigit ko‘rinadi. Kundalik ro‘zg‘orini tanlab-tanlab, chertib-chertib o‘tkazadigan odamlar kelinni ham ming chig‘iriqdan o‘tkazib, asilini tanlagan-da!
Dolim do‘xtir og‘zining tanobi qochib mamnun jilmaydi. Yoqub to‘ram davom etdi:
— Kelin bo‘lmish qizimiz qaynona bilan til topisha olsa olam guliston... Qolgan jihatlarida... tenglik, uka.
Dolim do‘xtir hayajonda Yoqub to‘ramning so‘nggi so‘zlariga e’tibor qilmadi. Musht qilgan qo‘lini Yoqub to‘ramning kissasi tomon cho‘zdi. Yoqub to‘ram astoydil o‘zini olib qochdi.
— To‘y bo‘lsin, — deya yaxshi niyat qildi u. Xayrlashishdi. Xotirjam tortgan Dolim do‘xtir zipillab borib moshinasiga mindi. Bosh irg‘ab, jo‘nadi-ketdi. 
Yoqub to‘ramning yuragi uvishdi. Bir kishining emas, butun bir oila a’zolarining ro‘zg‘ordagi fe’l-atvorini bilish osonmi? Kimning yotish-turishi qanday? Ro‘zg‘or tutishlar, sarf-xarajatga munosabatlar? Ozodaligi, kir-chiri, ovqatlanishi... hazil-mutoyibasi, g‘azabiyu mehr-shafqati, injiqligi... shularning barini bir-ikki daf’a bozordagi oldi-sotdi ustida kuzatish bilan aniqlash kifoyamikan? Shu yo‘l bilan chiqargan taxminlari bilan u hozircha nimalardir qilib yuribdi, mabodo bu ham ish bermay, aksincha pand berib qolsa-chi?.. Odamlarning turish-turmushdagi asl aft-basharasini hufyona yo‘llar bilan, ya’ni hech kimga sezdirmay, dilini og‘ritmay bilish: aniqlash choralari bordir? Yoqub to‘ramning yangicharoq ishlagan kallasiga kelmagan yana, kim bilsin, qancha hadislari bor, buning?! Har qalay, odam miyani boshqacharoq ishlatsa yo‘li topilmaydigan jumboq yo‘q deyishadi.
Yoqub to‘ram zimmasiga olib qo‘ygan yana ikki iltimosni ado etishni xayolan rejalashtirganicha bir-bir yurib, uyi tomon yo‘naldi...

R.S. Shom qorong‘isi tushdi. Yoqub to‘ram Qaynamadan ham olisroqdagi mahalladan surishtirib kelgan mo‘ysafidning o‘tinchini ado etishni chamalab o‘tirgan edi, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Yoqub to‘ram odatdagidan-da og‘rinib, istar-istamas ko‘chaga chiqdi. G‘ira-shirada darvoza bo‘sag‘asida qo‘l qovushtirib turgan basavlatgina notanish kishining soxt-sumbatiga, so‘ng betiga qaradi-yu, tuyqus to‘xtab qoldi. Ko‘nglining bir chekkasidan ko‘laga solib o‘tgan xavotirdan tizzasiga qaltiroq yugurdi. 
Uning ro‘parasida turgan kishi — Shokarim edi!
“Aytmadimmi?! Nahotki, qovun tushirgan bo‘lsam?! Qattan uyimni topib keldi bu? Nima niyatda keldi?.. Nima qilib, izimni poylab yuribsan, iskovich, desa nima deyman?! Shu paytgacha biror jo‘yali vaj topib qo‘ymaganimni! He, xomkalla!”
— K-kesinlar, i-ichkariga kirsinlar, — deya oldi Yoqub to‘ram qaltirab.
Qaltirab shunday dediyu, o‘sha zahoti xavotiri aridi. Chunki Shokarim odatdagi iltimos bilan keluvchilar ohangida muddaoga ko‘chdi:
— O‘zlaridan qolar gap yo‘q, oqsoqol, — dedi u iltimosim yerda qolmas, degan ta’kid ohangida qat’iyat bilan. — Kenjamizni uylantiradiganmiz. Ayollarimiz qaynamalik Dolim do‘xtir deganning qizini ko‘rib kelishibdi. O‘sha oilani...
Yoqub to‘ram gapning davomiga quloq solmadi. Shokarim yana nimalardir dedi-da, gap orasida Yoqub to‘ramning kaftiga ikki buklangan qog‘ozni qistirdi. Yoqub to‘ram shoshib qoldimi yoxud boyagi xavotiri arib ulgurmaganmidi “churq” etmadi. Shirinkomani qaytarishga botinmadi.
— Uch-to‘rt kunda xabar olsam bo‘lar-a, oka? Surishtirib qo‘yasiz-da.
Yoqub to‘ram Shokarimning moshinasi uzoqlashayotgandagina hushini yig‘di. Bunaqasi bo‘lmagan edi!.. Qaynamalik Dolim do‘xtirning qizi... Oilasi... Kaftini ochdi. Dolim do‘xtir cho‘ntagiga solib ketgan xilidan, faqat undan ikki hissa ko‘p. Yaxlit yuztalik.
Yoqub to‘ram tirjaydi, qiqirladi, kuldi, xo-xolab yubormaslik uchun labini tishladi. Dolim do‘xtir dastlab kelib ketganidan buyon orada o‘tgan kunlar asnosida u avval Shokarimni, so‘ng... Dolim do‘xtirning o‘zini, oila a’zolarining bozor-o‘char qilish chog‘ida izidan tushgan, shu taxlit ularni ham zimdan o‘rganib ulgurgan edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.