Boshliq qilgan hazilni hamkasbingga qaytarma, ustidan kulgan bo‘lasan.
* * *
Do‘stlik qarimaydi, lekin o‘lishi kuzatilgan.
* * *
Pulga obro‘ni topib bo‘lmaydi, lekin sotish mumkin.
* * *
To‘g‘ri, ular bir qorindan tushgan, lekin zoti boshqa.
* * *
Sevib yashashdan sevilib yashashning farq o‘rtanishda.
* * *
Boylikni qancha emas, qanday topishingni o‘yla. So‘roq so‘ngisida.
* * *
Aldashda insondan o‘tadigan mavjudod bo‘lmasa kerak. U, hatto o‘zini aldaydi.
* * *
Inson hayotini o‘y-xayollarsiz tasavvur etish qiyin. Faraz qiling… Yo‘q, xayol bo‘lmasa faraz ham qilolmaysiz. Qanday dahshat!
* * *
Davrada faqat gapirgan emas, gapirmagan ham e’tiborni tortadi.
* * *
Gul qanchalar chiroyli bo‘lmasin, qadrini ifori oshiradi.
* * *
Yolg‘iz farzandning yaxshi tomoni - meros talashmaydi.
* * *
Musoboqada halollik bo‘lsa tomoshabinning yutgani.
* * *
Ba’zilar san’atni pulga sotishardi, endi pulga topishyapti.
* * *
Sud elektr korxonasi da’vosini to‘g‘ri deb topdi. Endi san’atkorlar oladigan foydaning bir qismini mazkur korxonaga o‘tkazishga majburlar.
* * *
Pul qistirish bu hali san’atni tushunish emas. Aks holda san’atshunoslar buncha kam bo‘lmasdi.
* * *
Umr o‘tayotganini hisobga olmasa, xayol surish yaxshi.
* * *
Zo‘riqish faqat zararli emas. Ortiqcha kuchanib, hatto uyalib qolganlar bor.
* * *
Qarindosh ikki toifaga bo‘linadi. Birinchisi xotinniki, ikkinchisi erniki. Mazkur tartib rioya etilgan oilada xotirjamlik ustivor.
* * *
Pul hamma narsani hal etmaydi. Lekin qolganiga ham pul kerak.
* * *
Yordam so‘raganga nasihat qil, eshitishga majbur.
* * *
Taksida vaqt, avtobusda pul tejaladi, qay biri afzal o‘shani tejang.
* * *
Yurak chapda, chapga e’tibor shundan.
* * *
Aqli kalta degan ibora bor. Aqli uzun yo‘q.
* * *
Quyosh yer atrofida aylangandek bo‘lsa ham, aksincha ekani bizga ma’lum. Kim biladi, ayni damda ayrim narsalarni teskari tasavvur qilayotgandirmiz.
* * *
Sun’iylik aslidan ham uzub ketdi.
* * *
Yolg‘onning umri qisqa bo‘lsa ham, xotirada uzoq yashaydi.
* * *
Do‘stni sotib olib bo‘lmaydi, lekin sotish mumkin.
* * *
Maqsad bo‘lmasa, umidning xayoldan farqi yo‘q.
* * *
Yurishni o‘rgatishgan. Yashashni o‘rgan.
* * *
Ham ishonib, ham gumonsirash beburdlik.
* * *
Birovlar suhbatiga qo‘shilib, ularni xijolatga qo‘yma.
* * *
Itoat huquqdan ayirmaydi.
* * *
Ko‘pchilik ko‘p biladi, ular bilan hisoblashish shart.
* * *
Ko‘z ilg‘amagan narsani so‘qir e’tiborga oladi.
* * *
Ishonmasang rost gapirishni talab qilma.
* * *
So‘ralganda berilgan maslahat malolsiz.
* * *
Aqlli gap hammadan chiqishi mumkin, Hatto axmoqdan ham.
* * *
Tashvishlardan qutilish yo‘li bitta, unga yetguncha yashash kerak.
* * *
Inson boyiguncha ezgu ishlar qilishni o‘ylaydi.
* * *
O‘rtacha bo‘lishni faqat pakana bilan naynov istaydi.
* * *
U uzoqni ko‘rish uchun ko‘zini yumardi.
* * *
Yaxshi tarbiya olganning xulqi yaxshi bo‘lmasligi mumkin.
* * *
Suhbatning cho‘zilishi mulohazaning yo‘qligi.
* * *
Qiz bilan o‘g‘ilning farqi faqat jinsidamas, ko‘nglida ham.
* * *
Davrada yolg‘izlik hissini tuyushdan yomoni yo‘q.
* * *
Yolg‘ondan rangi o‘zgarsa, odamlar mudom qizarib yurishardi.
* * *
Rahbar safsata sotganda jo‘yali gap ortiqcha.
* * *
Ajin tushishini kechiktirish mumkin, to‘xtatib bo‘lmaydi.
* * *
Aqlli bo‘lishdan ko‘ra o‘zni aqlli ko‘rsatish oson.
* * *
Birovga yoqishning zamonaviy usuli unga sovg‘a berish, sevishi uchun qimmatrog‘ini tanlash kerak.
* * *
Vasiyat qiladigan narsa bo‘lmasa, aka-uka va opa-singilning ko‘p bo‘lgani yaxshi.
* * *
Hayotda uchraydigan sarob cho‘ldagidek ko‘zga tashlanmaydi.
* * *
Dam olish uchun minglab odamlar toqqa borishadi, lekin cho‘qqiga chiqadigani sanoqli.
* * *
Axmoqona gapini bo‘lishga mansabi yo‘l bermasdi.
* * *
Duoni ko‘p ol, avlodingga ham yetsin.
* * *
Erkinlik - imkoniyat mavjudligi.
* * *
Tabiatning ibtidosini ham, intihosini ham bilmaymiz, bilolmaymiz ham. Oraliqni o‘rganaylik.
* * *
Mastlik – tuman bosgan idrok.
* * *
Muhabbat emas, odam qariydi.
* * *
Sevgi, ko‘pincha sog‘inch bilan boshlanib, armon bilan tugaydi.
* * *
Tilning jilovi aqlning qo‘lida.
* * *
Munosabatlarning ilishiga ko‘pincha pulning tafti sabab bo‘ladi.
* * *
Tutib turadiganing bo‘lsa, baland dorga osil.
* * *
Yotib yeganga tog‘ ham chidamasligi rost ekan. Oxiri u otani qulatdi.
* * *
Katta davrada xizmatda bo‘lgandan, kichik davrada izzatda bo‘l.
* * *
Qaynota bilan qaynona oldida xotinga qo‘l ko‘tarish odobdan emas.
* * *
Ochiqda yurgan itdan bog‘liqda turgani xavfli.
* * *
Tasodifga ishonsang, folbinga ham ishon.
* * *
O‘zing haqingdagi maqtovlarga quloq os, lekin qo‘shilma.
* * *
Yonimizda bo‘lsa ham bir umr izlaganimiz – do‘st.
* * *
Tortish qonunidan bexabar, yerni tepkalab yuribmiz, deb o‘ylardim. Oyog‘imizdan osilgan ekanmiz.
* * *
His-tuyg‘ularda ovoz bo‘lganda, eng baland asabning tovushi bo‘lardi.
* * *
Qo‘rqish tuyg‘usi insoniyatni asrab kelmoqda.
* * *
To‘g‘ri so‘zni aytish qiyin bo‘lmaganda yolg‘on bunchalar ishlatilmasdi.
* * *
Barcha o‘zi aytmagan yolg‘ondan nafratlanadi.
* * *
To‘g‘ri gapni aytish tugul, uni eshitishdan qo‘rqadiganlar bor.
* * *
Manmanlik kasali amaldorlarda ko‘p uchraydi.
* * *
Ijozatsiz yordam favqulotda o‘rinli.
* * *
Soxta samimiyat muomala san’atining salbiy ko‘rinishi.
* * *
Ulug‘ odam saxiylik qilishga ehtiyoj sezadi.
* * *
Kambag‘allarni tushunishganda boy bo‘lishmasdi.
* * *
Davrimizning kelgani – yashayotganimiz.
* * *
Unutgan gapingni boshqalar esda tutishi yodingda bo‘lsin.
* * *
Bunday chora qo‘llashga chorasizlik sabab.
* * *
Ixtironing mevasi zarurat daraxtida pishib yetiladi.
* * *
Sir – og‘ir yuk, hamma ham ko‘tarolmaydi.
* * *
Uying ko‘nglingdek ochiq bo‘lmasin.
* * *
Oliftalikdan oliftagarchilik yomon.
* * *
Shayton yo‘q narsa. Aks holda to‘hmat qilgani uchun insonning yoqasidan olgan bo‘lardi.
* * *
Haqoratdan tahqirning asorati og‘ir.
* * *
Iltifotga moyillik laganbardorlarga rag‘bat.
* * *
Tashvishlar qo‘shini mashq uchun asab maydonini tanlaydi.
* * *
Fazilatlari o‘zi maqtaganchalik bo‘lganda, yetuk odamlar ko‘p bo‘lardi.
* * *
Va’z nishaldo emas, ko‘pirtirishdan foyda yo‘q.
* * *
Yolg‘iz qolishga shoshilmaylik.
* * *
Kimsasiz qoldirilgan xonani tez chang bosadi.
* * *
Daraxtning yiqilishiga shamol sababchi bo‘lganda, bari yiqilardi.
* * *
Taqdir bor bo‘lsa, tasodif yo‘q.
* * *
Sukut saqlashning rizo ekanligi ko‘pincha nochorlik yoki qo‘rquvdan.
* * *
Bola qo‘rqmasin, xijolat cheksin.
* * *
Hasadchi boshqalarning ezilmaganidan eziladi.
* * *
Umid emas, umidvorlik toliqtiradi.
* * *
Noshukur odam baxtni tushunmaydi.
* * *
Shunday samimiy bo‘lingki, soxtaligi sezilmasin.
* * *
Yigit uylansa aqli kirishiga ishonmang, aqli kirganda uylansin.
* * *
Chiroyli va aqlli qizlar ko‘p. Tanlaganda chiroy o‘tkinchi, aql esa umrbod berilganiga e’tibor bergan yutadi.
* * *
Xato hamisha afsusdan oldinda yuradi.
* * *
Odamlar bir-birining ko‘nglini yaxshiroq bilishganda bunchalar yaqin bo‘lishmasdi.